Dilora Xoliqova (1985)

Dilora Xoliqova 1985 yilda Navoiy viloya­tida tug‘ilgan. Navoiy davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Yosh ijodkorlarning «Zomin seminari» ishtirokchisi.

* * *

Osmon manim, demasman,
Oy o‘g‘risi emasman.
Yuragimga yog‘ilgan,
Bir nurni izlayapman.
Ko‘nglim nurdek yoritgan,
Kimnidir eslayapman.
Yomg‘ir manim, demasman,
Bulut tanim, demasman.
Tomchi dilim ilitgan
Navoni izlayapman.
Ishqni tanigan sarim
Xudoni eslayapman.

* * *

Ko‘zlarimda, ko‘zim ichida,
O‘y suradi tilga ko‘chmas sir.
Faqat sizga sevgi haqida,
O‘qib bergim kelaverar she’r.
Ko‘zlarimda, ko‘zim ichida,
Sho‘r tubiga qulaydi dengiz.
Sog‘inishning alam, o‘chida,
Sochlarini tarar pari qiz.
Ko‘zlarimda, ko‘zim ichida,
Ayriliqdan ma’no to‘qir vaqt.
To‘kilolmay kiprik uchida,
Umid izlab umidlanar baxt.
Ko‘zlarimda, ko‘zim ichida,
Allaqachon boshlangan so‘roq.
Ishq bosh egar iymon kursida,
Umidlarning tanida titroq.
Ko‘zlarimda, ko‘zim ichida,
Oy kezinar tunlari yolg‘iz.
Er sharining mensiz burchida
Oyga boqib o‘ltirasiz siz.

O‘LMAYDIGAN HIS

Arqoni chirigan sog‘inchning,
Hajrlar hukmida uzilar.
Osmonga ko‘z tiksam umidvor,
Tomoshatalab oy suzilar.

Mohtobim, holimni bayon et,
Bulutlar to‘sgan ko‘k ko‘zini.
Qulog‘i bitgan oy erta-kech,
Oynaga soladi o‘zini.

So‘kilar tikilgan ishonchlar,
Yana dor tomonga sudrashar.
Osmonning ko‘ksini to‘ldirib,
Najotsiz yulduzlar mudrashar.

Bu kech dor uzilmas, sezyapman,
O‘qilgan bu hukm – so‘nggisi.
Ruh cho‘kib boraru, umidning
O‘lgisi kelmaydi, o‘lgisi…

* * *

Kundan-kunga to‘lishar hajr,
Har tun ko‘kni kezadi besar.
Sog‘inganing sezyapman, axir,
Sog‘inganim his etsang agar,
Kel…

Tun ko‘ksida yiltirar umid,
Ko‘kni oqqa chulg‘ar yolg‘iz sham.
Sabrlarning bilgani – sukut,
Sukutlarning tilini bilsang,
Kel…

Lablarimni yelimladi tun,
Chigirtkalar qiladi bayram.
Yonarqurtlar jilmayar mahzun,
Telba buloq yig‘laydi sim-sim.
Kel…

Tun ko‘zingdan bo‘lsin xijolat,
Tong dilingda ko‘rsin oqlikni.
So‘ng men uchun bir fursat ajrat,
O‘rgatib ket unutmoqlikni
Kel…

* * *

Sabolarda sochin tarab sir keladi,
Tegirmoni tosh yo‘nar taqdir keladi,
Payti kelsa, dardu shodlik bir keladi,
Shu yo‘llardan meni so‘rab she’r keladi.

Qir bag‘riga chopib borar qizg‘aldoqlar,
Qish gardini yopib borar qizg‘aldoqlar.
Tovonimni o‘pib borar qizg‘aldoqlar,
Ko‘ngil degan tog‘larimdan sel keladi,
Shu yo‘llardan meni so‘rab she’r keladi.

Har tong quyosh yo‘llariga boqqanim bor,
She’r suydirdi, Xudoyimga yoqqanim bor.
Ona tuproq darsin dilga uqqanim bor,
Bu diyorga bir yilda yuz pir keladi,
Shu yo‘llardan meni so‘rab she’r keladi.

Osmonimga turnalar xat bitib ketdi,
Ginalarni soyga otdim, yitib ketdi.
Sog‘inchlarning shamolida huvillar tong,
Maysalarning ko‘zyoshini yutib ketdi.
Umr bir kun alamlarga tor keladi,
Yuragimni uyg‘otguvchi she’r keladi.

SARLAVHA

Shunchaki, ko‘zimga nimadir tushdi,
Shunchaki, ko‘nglimni etolmadim tosh.
Bu kech barcha yulduz bir yo‘la uchdi,
Bugun yuragimga qo‘l soldi quyosh.
Yonyapman, muz qotgan sabrlar seli,
Ko‘zimdan yo‘l ochdi mendan ketgani.
Yulduzdek million yil kutgandim seni,
Bag‘ringda bir lahza yonib o‘tgani –
Osmonim!