Dilfuza Komil (1975)

Dilfuza Komil 1975 yili Namanganda tug‘ilgan. Namangan davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. “Asotir”, “Ko‘kdan kelgan ko‘ngil” to‘plamlari muallifi. “Ma’rifat gulshani” gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlagan.

* * *

Qish yig‘laydi bag‘rim bahorlarida,
Bahor dilga sog‘inch suratin solar.
Izingizda ezgin qolgan ko‘nglimni ,
Binafsha bo‘ylari nikohlab olar .
Nechun siz emas

Yurakrang hinolar qo‘lga kirgaylar,
Bardosh tikanlari dilga kirgaylar.
Tavonim qonidan ishq ta’min totib
Taqdirning toshlari tilga kirgaylar .
Nechun siz emas

Ilinjlar zavoldan asrar umrni,
Zorimni zor qolgan kunga bermaslar .
Ko‘z yosh islariga cho‘mgan parqular
Meni g‘am titragan tunga bermaslar
Nechun siz emas

Oydinning qo‘llari ko‘ksimga etar,
Oyning nigohlari kelmoqda malol .
Sog‘inch cho‘g‘larini labida tutib ,
Meni quchog‘ida kuydirar hayol.
Nechun siz emas

***

Kuygulari mo‘l ko‘ngil,
Ko‘z yoshlardan ho‘l ko‘ngil ,
Azob ungan so‘qmog‘im ,
Haq qoshiga yo‘l- ko‘ngil .
Tavonlarim tilikdir ,
Dilda ilinj tirikdir –
Jon potragan bo‘g‘zimda
Kuylaringni tiriltir .
Dil so‘ragan suygulim,
Anduh tutdi kuygulik.
Shahid ketdi tuyg‘ular,
Muhabbat ber tuygulik.
Oq yomg‘irlar boshimda ,
Oy qoraydi qoshimda .
Bir jonimda ming yamoq-
Ne savdo shu yoshimda
Qismat –no‘noq chechagi
Yamar ishonch tegrasin –
Ishonchga tosh otmishlar
Yuragimni egasi …
Ko‘nmoq nima- bilmayman ,
Kulmoq nima- bilmayman .
O‘zinga boshla, ko‘ngil ,
Sendan qaytib kelmayman .
Befoyda dard uqmog‘im ,
Bunda yig‘lab o‘tmog‘im .

VATAN DESAM

Qochib ketar vaqtning ortiga ,
Vatan desam ,
Yig‘laydi yurak .
Qodiriyni qabrin izlamay
Sevmoqlikni bilmaydi yurak .
Qochib ketar moziyga dilhun
Cho‘lponlarga baytlar aytadi .
Sibirlarning tuproqlaridan
Usmon Nosir bilan qaytadi .
Tushlarimda berolmaydi jon
Qonlar kelib Botu og‘zidan .
Vatan desam ,
Vaqt ham tislanar –
Stalinnning olar bo‘g‘zidan .
Vatan desam,
Gullaydi yurak ,
Gullar tanning har bir suyagi .
Ko‘zlarimda hilpirar mag‘rur
Fayzullo Ho‘janing ko‘ylagi .
Vatan desam jilmayar dunyo .
Vatan
Dunyo oshig‘ing sening .
… Hurosonni sevib o‘tgandi
O‘ris bo‘lsa hamki Esenin .

* * *

Dunyoda toshlar ham og‘riydi ,
Tavba deb yig‘laydi kesaklar.
Tuproqdan emgan oq sutuni ,
Tuproqqa qusadi ko‘saklar .
Tog‘larning ko‘z yoshi daryodir,
Daraxtning muglari beadoq .
Qirlarni yig‘latar ingranib
Labidan qon sizgan qizg‘aldoq.
Qaldirg‘och tilida valfajir ,
Shamollar tilida tavallo.
Hushidan ayrilib bulutlar
Haq- do‘st,
Haq -do‘st ,
Haq –do‘st,
Yo ,Alloh..
Shams ,qamar ko‘ksida alanga ,
Eru ko‘k giryondir barobar .
Shu cheksiz qayg‘ular dahrida
Sen nechuk hushnudsan ,
Birodar .

* * *

Men dunyoga keldim axtarib
Bir ayolni –
Qayg‘ular tengi…
Yo‘qlatdilar uni sog‘inib
Hudo
O‘lim va …yana
Sevgi .
Tanimasmish uni hech kimsa ,
Ko‘rmaganman men ham ,
Ne deyin .
Omon qolganmikin bechora
O‘ttiz yillik yomg‘irdan kiyin .
Biroz yig‘loqi,
Biroz mahzun
Biroz injiq va achchiq tilli ,
Arshda yaxshi bilarlar uni-
Anduh urgan shoir shekilli …
Hullas ,uni izlang ,
Topinglar ,
Sizga ajib ajirlar tegar
O‘sha tentak sohib qalamga
Ko‘kdan ko‘ngil kelibdi denglar.
Nikohimga olarman uni ,
Dil ahlida shunday taomil.
U baribir sizdan emas-ku ,
Odam emas ,Dilfuza Komil.

* * *

Jon nodirim ,
Mendan qo‘rqqulik,
Suyishingni ko‘nglimga aytma .
Ket ,
Ketaqol …
Ketolsang agar
Qayta meni dardimga qaytma .
Yuragimni ikki qo‘li qon –
Yurak meni o‘ldirib qo‘ydi .
Ko‘z ostiga oldi-yu seni
Qosh ostiga qabringni o‘ydi .
Jon nodirim ,
Mendan qo‘rqqulik –
Lablarimda joning ta’mi bor .
Rost emasdir rahimdilligim ,
Bo‘lolmaysan sen ham baxtiyor .
Kulgum –Ilonparidan ehson ,
Ko‘zlarimda qurbon talabi .
Atrofimda to‘zg‘ir tuyg‘ular
Qo‘hiqofning devlari kabi .
Yo‘llaringa tashladim taroq –
Qucholmaysan endi hech meni .
…Jonim ,
Ishqdan azizmi joning ,
Endi meni chaqirmaysanmi .