Davron Rajab (1967)

Davron Rajab (Radjapov Davronbek Djabbarovich) 1967 yilda Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini 1984 yilda bezakchi rassom sifatida boshlagan. Shu yillar ichida viloyat markaziy kutubxonasida bezakchi rassom, “Badiiy dizayn” to‘garagi rahbari va tasviriy san’at o‘qituvchisi va respublika gazetalarida muxbir lavozimlarida ishlagan. 1982-83 yillarda Benkov nomidagi rassomlik bilim yurtida va (2001-2003) O‘zbekiston Milliy universitetida O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tomonidan joriy etilgan Oliy Adabiyot kursida tahsil olgan. “Bir tomchi yulduz” Urganch: “Xorazm”,1995. ilk to‘plami nashr etilgan. Uning she’rlari va adabiy maqolalari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Mohiyat”, “Turkiston”, “Jamiyat”, “Huquq” , “Ma’rifat”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “Zvezda vostoka”, “Yosh kuch” gazeta va jurnallarida muntazam chop etilib turadi. Turkum she’rlari “Uch tomir”. Nukus. “Qoraqalpog‘iston”, 1990; Toshkent.: “Vatanim deb seni uyg‘ondim”, 2003; “O‘zbek modern she’riyati”. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2003; “Osiyo ovozi”.Toshkent.Yangi asr avlodi (ing.til.2004); 2001, Yoshlar ovozi. Toshkent. “Sharq”, 2008 (hikoyalar); “Anor-Granat”. Moskva. Novaya Yunost, 2009(rus va o‘zbek tilida); Shuningdek hind tilida chop etilgan kollektiv bayozlarga kiritilgan.
Grafik-rassom sifatida Xosiyat Rustamovaning “Rido”, “Devor”, Tursun Alining “Oy yaprog‘i”, O‘ktamoyning “Oqayotgan ko‘ngil”, Usmon Azimning “Fonus” kitoblarini , shuningdek, ko‘plab nasr va nazmda chop etilgan atoqli o‘zbek shoir va adiblarining kitoblarini bezagan.
2008 yildan O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi.

* * *

Sohil suv bo‘yoqda ishlangan suratga o‘xshar
qum g‘ijirlar oyog‘im ostida

Manzaradan yo‘lga tushaman
ko‘prikning ostida zarg‘aldoq quyosh
yolg‘iz yonib turgan manzil kabi

Ufqda boshqa yo‘l yo‘q
binafsha rangga bo‘yalgan osmon

MANZARALAR

Gulbarglarni yeldirib uchayotgan nasim
Navosi bilan
Buzib yuborarar
Po‘stlog‘iga sig‘magan daraxt jimligin
Manzaraga qo‘shilar
Yashil rangda un bergan chim
Va xiyobondagi nurlar tovushi

QO‘ShIQ

Hujramning o‘ng derazasida
Musicha — ovozidan taniyman
Chap tomonda shahar chumchug‘i,
Va chinor barglari ichida
Men ismini bilmaydigan qush sayrog‘i

BOLALIKDAGI UY
(turkumdan)

Qaytishni eslayman
Bu uyga
Olis — olis-da

Boshqa shahar
Boshqa uy
Eshik tirqishidan
Qo‘limni uzataman
Bolalikdagi kiyimlarim
Nur taratib turar
Olis — olis-da

* * *

Bolaligimdagi palto
Juda kiygim kelar uni
Biroq sig‘may qolaman.

Dardlarim
Qarzlarim
Gunohlarim
Ko‘payib ketgan
Unga kira olmayman

* * *

Ikki do‘st
Ko‘rishishdan oldin
Bir-birini tavof qilarlar

Ikki do‘st
bir-birini mazax qilgandek
Ko‘rinar

Ikki do‘stning samimiyligi
Kulgisini qistatar boshqalarning

* * *

So‘zlardan to‘kilib oldim
Qutulgandek ko‘p darddan
Hech nima qilganim yo‘q

SOG‘INCh

Boshqa shahar
Yarim tunda
Maktabdosh do‘stim
telefon orqali buyurtma berar

Men yaxshi ko‘rgan suratni chiz, deb

Keyin birdan jim bo‘lib qolar
Hayajonli nafasi eshitilar
Mayli chizib ham o‘tirma
O‘zim boraman deydi u
Chizishimni istar
O‘ttiz yil oldingi manzaralarni
Men u yoqqa o‘ta olmayman.

* * *

Shunday so‘z topsam
o‘zgarmaydigan,
vaqt ham daxl qilmasa unga

Shunday so‘z topsam
ma’nolar yo‘qotmasa ifodasini

Shunday so‘z topsam
shakli o‘zgarib qolsa-da
hayotimdan iborat bo‘lsa

* * *

Qish uyqusiga ketib
hamon uyg‘ongani yo‘q

Daraxt gapirmayapti
Endi bu daraxt yog‘ochga aylanganini
Anglab turibman

Derazamdan ko‘rinib turgan shunday daraxtdan
Sulaymonning hassasi yasalgan

Balki bu daraxt tik turganicha
Tark etmas derazam manzarasini
Buni bilib bilmaydi

Atrofda
Daraxtning do‘stlari shoxlarida
yashil sado un berar

Xiyobon larzaga tushmoqda
Maysa o‘smayapti
Bu Bahor kelganiligi
Haqidagi So‘z
Ana shivirlab
Nish urib borar:
“Daraxtjon,
Nahot yetib kelolmading…”

* * *

Yarim tunda
Nurli so‘zlarni
Yozaman uchsiz qalam bilan.

GUJUM
(uchbitik)

1

Ranglari olisda qolgan
Yaprog‘ini ko‘rishim uchun
Bolalikka
borishim kerak
Manzil o‘tmishda

2

Bu daraxt osmonda o‘sar
Xayolimda in qurgan
qush singari
shox-shabbadan
ranglarini yig‘ishtiraman

3

Qo‘lim yashillanib qolar
Surat chizsam
Surat chizsam
Bolalikka yuqib qolgan
Bu yaproq rangi

Men endi qaytib borolmayman
Uyg‘onganda
eslayman
Gujumning izlarini

* * *

Maqsadsiz jiddiylik
Maqsadsiz jilmayish
Kezib yurar qirq yildan beri

* * *

Yonimdan bir yaproq uchib o‘tdi
So‘zlarini sig‘dirolmagan
Kuzning so‘nggi maktubi

* * *

Sening nigohingda bo‘lsam
Jamlana boshlaydi barchasi

Sening nigohingda aks etib
Yodimga tushadi kimligim

Sening nigohingga kelsam
Kuchim yetmay qolar qaytishga

* * *

(1983 yil)
Onajon
Siz bu suratimda
sumka ko‘tarib turgan bo‘lasiz
unda tiqilinch olomon orasida
ko‘zlaringiz nimanidir sotib olishni
unutganingizni aks etib turadi…
yodingizdan chiqqan narsa
mening hozirgi sog‘inchimdir
mana men sizsiz yillar ichida
ko‘tara olmayapman
og‘ir yuklaringizni
vaqt o‘tgan sayin
vazni oshib borayotgan
bu tugunlarni ko‘tararkanman
sizga og‘ir botib ketayotir
men emas
siz meni yo‘qotib qo‘ygandaysiz
tiqilinch olomon orasida
meni izlab
men tomonga
o‘ta olmaysiz
Onajon
Bu suratda
sizni odamlar orasida
yana ko‘rgandayman
1995 – 2008

* * *

Uning yonida bo‘sh joy bor
Biroq hech kim sig‘mas u yerga

Bu joy u doim suhbatlashishi
lozim bo‘lgan odam uchun ajratilganday
Tashqaridan qarasang unga hech
kimning keragi yo‘qday

Uning yonida doim bo‘sh joy bor
Faqat o‘zi sig‘ar o‘sha joyga!

* * *

Tushimda o‘rik gullabdi
Atrofni tutganmish ifori
Bog‘larda bolari ovozi
Qo‘shiqday uyqumni buzganmish

Tushimda olxo‘ri ukpari
Qor kabi yog‘armish boshimga
Bayramga bormagan boladay
Ko‘zimga yosh olibman

Tushimda chor atrof yo‘l emish
Men esa yuribman adashib

* * *

O‘zingdan tashqariga chiqsang
Er ostida yashayotgan
xasta yurak yorug‘likka chiqqanday

Ichingda
Paydo bo‘lasan boshqatdan
Boshqa odam siyratida

Tashqaridan qarasa
Shu qiyofa
Asling niqobdek
qaerdadir unutib qoldirilgan.

JIYDA GULLARI
(xoykular)

* * *

Gulbarg to‘kilar
Tomda o‘sgan qizg‘aldoq
Kuylar ol rangda

* * *

Bahor boshlandi
Kurtak otgan novdalar
Shivirlab qo‘yar

* * *

Jiyda gulidan
Sariq ifor taralar
Yashirib bo‘lmas

* * *

Bolari uchar
Gulzor ichra taralgan
So‘zdanda mitti

* * *

Gulga qo‘nganda
Asalari sasidan
Taraldi ifor

* * *

Gullab qo‘yganidan
Ichi qora lolaning
Yuzi qizardi

* * *

Men bir qumlikman
Quchma singib ketasan
Sen axir shabnam

* * *

Kutsam so‘nggi yo‘q
Olisda chiroq yonar
Muhrlangan vaqt

* * *

Daraxt shoxi
Samoga tomir tortgan
Chaqmoqqa o‘xshar

* * *

Meni tashlab ket
Meni sevib o‘ldirib qo‘yma
Qo‘lingdan kelsa

* * *

So‘z muzlab qoldi
Endi tomosha qiling
Xayollarimni