Davron Hotam (1981)

Davron Hotam – 1981 yil Jalolobod viloyatida tug‘ilgan. 2004 yili O‘sh Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
Shavkat Rahmon nomidagi mukofot sohibi. O‘shda o‘tkazilgan yosh ijodkorlar seminarining g‘olibi.
“Iqtidor” yoshlar gazetasining bosh muharriri.
O‘shdagi O‘zbek gumanitar pedagogika fakultetida adabiyot fanidan dars beradi.
“Ikki dil bayozi”(2002), “Ko‘ngulga yo‘l”(2009) she’riy to‘plamlarining muallifi.
Yoqtirgan shoirlari: Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Abduvali Qutbiddin, Asqar Mahkam, Rislig‘oy Hotamova.

M.GA

Go‘zal edi bizning onimiz,
Go‘zal bo‘lsin vidolashuv ham.
Sirqirasin, og‘rib jonimiz
Lek, tantana qilomasin g‘am.

Hayratlarda qolsin myhabbat,
Ojizlikdan xo‘ngrasin hajr.
So‘nggi tilak – ko‘ngila toqat
Taqdir uchun Tangridan ajr.

…Yana ozroq qilaylik sayr,
Bir umrlik xotira uchun.
Yuraklara yozaylik – SABR
Bir tomchi yosh xotima uchun.

BIR KATTANING DEGANI

Oqni oq, qorani demagin qora,
Har ne ham nisbiydir, har rang o‘zgarar.
Shohlar o‘zgaradi, ko‘chgay idora
Bugun tund, ertaga qora jilvagar.

Oqni oq, qorani demagin qora.
Bo‘lmasa muttaham yolg‘onchi zotsan.
Ranglar o‘zi seni aylagay pora,
Sen “rangin” dunyoga butunlay yotsan.

Oqni oq, qorani demay tur qora,
Oq-oppoq bo‘lguncha indama!

* * *

Ostonadan kuzatib qaytdim,
Mulozamatetmadim…aytdim –
Qaytib keting…

Derazamni sindirar shamol,
Yuguradi yuragim…behol
Eslab bir kuyni…

Xorib o‘tar kunlarim tunga,
Jonim qurbon ahir bir unga…
Men ham ko‘chay
endi kechamdan.

…Anglolmayman bugungi holim,
Kayfiyatim o‘g‘irlar yolg‘on.
Kimga uvolim.

O‘ksib, o‘ksib ketar yuragim –
“Mening axir yo‘qmi, keragim?”
…Ostonada ko‘zlarim undi
Men sevaman – jonu tan ko‘ndi.
Endi qayting…
Iltimos
Yuragim bilan.

* * *

Sen bahor tongiga o‘hshaysan,
Nigohing uyatchan, titroqli.
Oq bulut – ro‘moling o‘raysan,
Sen xali ma’suma, hayoli.

Sen yashil rangdagi tushimsan,
Quyoshga nur bergan hayolim.
Maysalar sharobi yoshimsan –
Shabnamga aylangan ayolim.

* * *

Bu olam meniki,
Meniki faqat.
Nima deysiz,
Tan olasizmi?
Bu gul hazon emas,
Sarg‘aygan toqat.
Toqatning toqiga chiqolasizmi?
Mening olamimda kulmasa Bahor,
Siz mening Kuzimni sevolasizmi?
Shalabbo tashvishga
Mazah otib yor
Isyonkor ko‘zimga cho‘kolasizmi?
Har tong jangoh erur Vatanim.
Dilimning BADRida turolasizmi?
Dushmanning izmiga tushsa gar tanim
Qilich yalon’ochlab urolasizmi?
Bu olam bizniki,
Bizniki faqat!
Ko‘ngulni ko‘ngulga
Qo‘sholasizmi?
“Bu olam bizniki,
Bizniki faqat” deyolasizmi?

* * *

Tushlarimga kirib chiqasan.
Rosti shirin bo‘lar bu tushlar.
Miyig‘imda kulib yuraman
Hayollarim cho‘qilar qushlar.

Tosh otaman qushlar uchadi.
Sen suvga ham aytilmas tushim…
Armon qushi bola ochadi
Zumda mijib qochadi qizim.

* * *

Ko‘nguldek yashagin ko‘ngulda,
Hislarim suvratin tanigin.
Do‘st bo‘lgin Hudoyim yo‘linda,
Sen mening yonimda qarigin.

* * *

Gul qoshida kapalak,
Dardin aytolmay halak.
Umrim qisqa deyolmas
Egnida go‘zal kuylak.

* * *

Gandiraklab qoldi chumoli,
Majaqlandi beli, oyog‘i.
Ajal bo‘lib kelgan ekanda
Kelinchakning harir ro‘moli.

QASIDA

Ozg‘in edi Mehr
Qaltriroq qo‘li.
Uzatsa yetmasdi
Tokchaga…
O‘yladim
bu holda kampirsho
Etmaso-o
Tonggacha.

* * *

Tun – hijobga kirgan go‘zal qiz,
Oy yuzini bulut to‘sadi.
Kanizagi hurliqo yulduz,
Ishq haqida kuylab beradi.

… Shakkok shamol hijobni tortib,
Sochlarini to‘zgitar yorni.
Ko‘nglim ingrab, qoldi dil og‘rib,
Ko‘rgim kelmas endi hech tongni.

* * *

Sudimmi suymadim
Kuydimmi kuymadim
Bilmadim
Tuydimmi tuymadim
Mehrni

Kuymidim kulmidim
Kunmidim kulmidim
Bimadim
Ko‘rmadim ko‘rmidim
Mehrni

Zo‘rmidim zormidim
Yovmidim yormidim
Bilmadim
Yodida bormidim
Mehrni

Qushmanmi tushmanmi
Qishmanmi hechmanmi
Bilmadim
Kechikkan kechmanmi
Mehrni

Tutdimmi tutmadim
Kutdimmi kutmadim
O‘ynadim
Men sira yutmadim
Mehrni