Davlatjon Polvonov (Davlat Polvon) – 1981 yilda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tavallud topgan. O‘zbekiston Milliy Universitetining jurnalistika fakultetini 2008 yilda tamomlagan. Talabalik yillarida “XXI asr” gazetasida, keyinchalik O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Assalom O‘zbekiston” dasturida adabiy muharrir lavozimida ishlagan. Hozirda Bag‘dod tumanidagi mahalliy telekanalda bosh muharrir lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
JO‘NATILMAGAN MAKTUB
(Qishda yozilgan she’r)
Salom, ona! Omon bormisiz,
Yo‘l kutib,
Ko‘z tutib, menga zormisiz?
Bu yerda boshimni silagan qo‘l yo‘q,
Mehringiz – izimga yoqqan qormidi?
Sog‘indim deyman-u, bora olmayman,
Tosh kentga dilimni yora olmayman.
Qishloqda o‘zimni to‘raday sezib,
Shaharda bemalol yura olmayman.
Bo‘ynimda galstuk, qo‘limda popka,
Ishimga shoshaman qo‘ltiqlab o‘pka.
Bilmadim, har holda o‘sib boryapman –
Ishonib o‘zimga va yolg‘on gapga.
Sovuqdan qo‘llarim qotib qolyapti,
(Ammamning uyida yotib qolyapman).
Uchragan kimsaga she’r o‘qiyverib,
Shoir degan nomni sotib olyapman.
Emog‘im, ichmog‘im bir me’yorida,
Sog‘lig‘im Egamning ixtiyorida.
Ko‘ksimga mushtlayman. Axir ustozim
Kimsan – O‘zbekiston xalq shoiri-da!
Hozirdan yog‘ bosib ikki ko‘zimni,
Qo‘rsayib maqtabman o‘zim-o‘zimni.
Akamlar holini hali so‘rmadim,
Yolg‘iz opam qalay? O‘zi tuzukmi?
Loysuvoq tomlardan o‘tgandir chakki,
(Shu yozda amallab shiferlasak-chi?)
Hozircha qishloqqa bormasam kerak,
Kitobim chiqqanda borarman balki…
Nomimdan salom deng suyanchiqlarga,
Men uchun kuyungan kuyunchaklarga.
Sog‘inib qolganda yo‘l kutib turmay,
She’rimni yodlating jiyanchalarga.
2
Salom, ey, qishloqlik mehribonlarim,
Sog‘inchim uzildi yana tandirdan.
Hamon yodimdasiz, qadrdonlarim,
Men ham esingizdan chiqmagandirman?
Past-baland ko‘chalar ko‘zga surtguday,
Hammasiga boshim suqmagandirman.
Xudo xayringizni bersin, o‘rgulay,
Eslang, esingizdan chiqmagandirman.
Sizga qo‘l uzatsam esnayapsizmi,
Balki so‘zingizni uqmagandirman.
Axir men o‘shaman – eslayapsizmi,
Axir esingizdan chiqmagandirman?
Birga o‘gtanida shomlarimiz ham,
Kimga yoqib, kimga yoqmagandirman.
Tutashib ketgan-ku tomlarimiz ham,
Endi esingizdan chiqmagandirman.
Sizdan yuz burmadim, kechmadim, illo,
Sig‘masam, dunyoga sig‘magandirman.
Insof bilan ayting, xolisanlillo,
Ayting, esingizdan chiqmagandirman.
Kecha oshno edik – tonayapsizmi,
Ko‘zingizga cho‘pak tiqmagandirman.
Axir men o‘shaman – taniyapsizmi,
Birdan esingizdan chiqmagandirman?
Esda tutmoq kerak eski do‘stlarni,
Garchi esdaliklar yig‘magandirman.
Faqat titkilamang “vedemost”larni,
Zero, esingizdan chiqmagandirman.
Ana!
Ana, tilingizdan otildi ismim,
Endi haydamassiz ostonangizdan?
Ming bor sadag‘angiz bo‘layin o‘zim,
Bitta o‘pib qo‘yay peshonangizdan.
Cho‘lpillatib o‘pay peshonangizdan…
SOG‘INCh
Tongga quchoq ochib turgan
ul ayvonni sog‘inganman,
Shirin ifor sochib turgan
gul – rayhonni sog‘inganman.
Qo‘llariga xino qo‘ygan,
chiroyiga bino qo‘ygan,
Soyamdan ham qochib yurgan
nigoronni sog‘inganman.
Qaysi ona bolam, deydi –
o‘shal mening onam bo‘lgay,
Tillaridan to‘kilgan bol,
asal mening onam bo‘lgay.
Bu dunyoda hammadan ham
go‘zal mening onam bo‘lgay,
Kecha-kunduz duo qilgan
mehribonni sog‘inganman.
Qishlog‘imdan qadam uzib,
Tosh shaharni panoh qildim,
Diydam qotib ketdi bunda –
diydorimni uzoq qildim.
Bitta savob ishni qilmay,
qancha-qancha gunoh qildim,
Qaroqchitol degan otlig‘
gul makonni sog‘inganman.
Peshonamga bitik bitgan
qahri qattiq taqdirmidi,
Bir kun do‘stsiz ichgan oshim
achchiqmidi, taxirmidi?
Bilmam, meni sog‘intirgan
o‘choqmidi, tandirmidi –
Tandirning og‘zida pishgan
kulcha nonni sog‘inganman.
Kaftlarimda mayda toshlar –
bundan ortiq qadoq bo‘lmas,
Qancha malham surib ko‘rdim,
lekin sira adoq bo‘lmas.
Bundan ortiq sog‘inch yo‘qdir,
bundan ortiq firoq bo‘lmas,
Bostirmada qolgan o‘shal
loy ketmonni sog‘inganman.
Deydilar, yon qo‘shni bo‘lsa,
bolangga ish topilmaydi,
Qozoning ham turar qaynab,
biror tashvish topilmaydi.
Kunda mehmon kelsa hamki,
darvozalar yopilmaydi,
Yon qo‘shni – jon qo‘shni bo‘lgan
qadrdonni sog‘inganman.
Mendan keyin yana qancha
maysalar ham o‘roq ko‘rgan,
Omonat deb shu maysalar
izlarimni o‘rab qo‘ygan.
Qo‘nib o‘tgan har qushchadan
kaminani so‘rab qo‘ygan,
Etim qolgan dala-dashtni
va shiyponni sog‘inganman.
Bilolmayman, nima xohlab,
yana neni istayapman,
Qishlog‘imga eltib qo‘y, deb
xayolimni qistayapman.
Onam isi kelib turgan
har narsani qo‘msayapman,
Yo chovdishni sog‘inganman,
yo qumg‘onni sog‘inganman.
IQROR
Men qo‘shiq aytaman dardimga doir,
O‘zim kuy bastalab, o‘zim she’r yozib.
Har o‘nta odamga bittadan shoir –
Mendan chiqarmidi Muhammad Yusuf?
Ko‘k osmon boshimdan yomg‘ir eladi,
Bulutlar quyoshning yuzini to‘sib.
Qo‘limdan tappining isi keladi –
Mendan chiqarmidi Muhammad Yusuf?
Kechalar uxlayman nochor. Ko‘ksimga
Gazetda chiqmagan she’rimni bosib.
Sekin pichirlayman tongda do‘stimga –
Mendan chiqarmikin Muhammad Yusuf?
She’r to‘qib tashlayman o‘ylamay-netmay,
Duch kelgan har qizga ko‘zimni qisib.
Qofiya degandan nariga o‘tmay –
Mendan chiqarmidi Muhammad Yusuf?
Gohida qiynalib topolmay ilhom
Qalamni otaman asabim qo‘zib.
Bo‘yimga barobar kitob yozsam ham –
Mendan chiqarmidi Muhammad Yusuf?
Poyimga yiqilsin mayli dildorlar,
Qishloqqa qaytaman umidim uzib.
Poytaxtda bor axir yalovbardorlar –
Mendan chiqarmidi Muhammad Yusuf?
Me’yordan oshsa gar beqadr bol ham,
Qismat hisobini bo‘lmaydi buzib.
Qaytadan tug‘ilmas axir Iqbol ham –
Mendan chiqarmidi Muhammad Yusuf?
QAYTISh
Bugun seni sog‘inib, ona,
Bormoqdaman qishlog‘im tomon.
O‘zing mening uchun yagona,
O‘zing mening uchun qadrdon.
Ko‘kka uchgan anov qirg‘iydek,
Xayollarim besabr, uchqur.
Bir oy o‘tdi huddi bir yildek,
O‘yga cho‘mib boraman chuqur.
Uzoqlarga eltadi xayol,
Qani ko‘nglim quvonchga to‘lsa.
Sochlarimni silaydi shamol,
Unga hadya etaman bo‘sa.
Jonga tegdi shahar shovqini,
Yurakkinam siqildi bunda.
Qo‘msab qo‘yar qishloq zavqini,
Yurakkinam bunda har kunda.
Hozir seni sog‘inib yana,
Bormoqdaman poytaxtni tashlab.
Kentga bilib meni begona,
Qishloq quchoq ochar, qarshilab.
…Mana o‘tdi oradan uch kun,
Uzr, ona, qaytmasam bo‘lmas.
Kechalar tinch uxlashim uchun
Bitta alla aytmasang bo‘lmas.
GULIM
Bunchalar xira deb bo‘lmagin xunob,
Axir xiralikdir sevgi, sevgilim.
Ishqsiz yashamoqlik eng og‘ir gunoh,
Shul sabab sevilgin yoki sev, gulim!
Bugun ketayapsan mendan yiroqka,
Bugun qiyma-qiyma bo‘ladi dilim.
Tashlab ketayapsan meni firoqqa,
Shul sabab erta qayt, indin qayt, gulim!
O-o, mening sevgilim – quyoshning qizi,
Senga yeta olmas uzatgan qo‘lim.
Sensiz hayotimning yo‘qdir ma’nisi,
Shul sabab sevmoqqa izn ber, gulim!
SENSIZ TATIRMIKAN
Sensiz tatirmikan men uchun Toshkan,
Axir yo‘llarimiz bitta – tutashgan.
Bugun sog‘inchlarim yuz hissa oshgan,
Men seni Xudodan tilab qo‘yganman,
Joningga jonimni ulab qo‘yganman.
Mening osmonimda yo‘q edimi joy,
Sening yonog‘ingga yashirinmish oy.
O‘zing ham bilarsan shaksiz, hoynahoy,
Men seni Xudodan tilab qo‘yganman,
Joningga jonimni ulab qo‘yganman.
Qara, sochlarimga tushayapti nur,
Umrim adog‘iga o‘xshayapti nur.
Hijron to‘lg‘og‘ida yashayapman-u,
Men seni Xudodan tilab qo‘yganman,
Joningga jonimni ulab qo‘yganman.
Qoshing o‘rog‘idan jigarim yara,
Yillar so‘rog‘idan beholman, yo Rab.
So‘ra, ishonmasang, onangdan so‘ra,
Men seni Xudodan tilab qo‘yganman,
Joningga jonimni ulab qo‘yganman.
Shuncha yil ichida shuncha qiz tanib,
Yashadim bir seni qo‘msab, qizg‘anib.
Boshimga uraymi sendan o‘zgani,
Men seni Xudodan tilab qo‘yganman,
Joningga jonimni ulab qo‘yganman.
Sensiz tatimagay men uchun Toshkan,
Chunki yo‘llarimiz bitta – tutashgan.
Bugun sog‘inchlarim yuz hissa oshgan,
Men seni Xudodan tilab qo‘yganman,
Joningga jonimni ulab qo‘yganman.
ShUKUR
Shukur, mening yelkamdan tog‘ quladi, birodar,
Endi qaro dilimdan dog‘ so‘ladi, birodar.
Mayli, o‘shal bag‘ritosh olib qochsin o‘zini,
Omadim goh kulmasa, goh kuladi, birodar.
Xudo suygan bandaman – peshonamda muhri bor,
Tushda ko‘rgan parini o‘zimga sayladim yor.
U qiz juda chiroyli, u qiz bitta, yagona,
Xuddi Kumushbibiday, Barchinoyday sehri bor.
Tunlar uning yuzidan tinmay ziyo taralgan,
Sochlariga yulduzlar bitta-bitta qadalgan.
Ko‘zlaridan sevgini o‘qib oldim, vo ajab,
Ana shunday nozanin faqat menga atalgan.
Biz ham endi tushindik, teng – tengniki, birodar,
Mayli senga beray men – ol, neniki, birodar.
Xo‘p desang jonimni ol, xohlasang ko‘zimni o‘y,
Shu qizni tinch qo‘y faqat, u – meniki, birodar.
ONA TUPROQ
Shu tuproqqa qonim tomgan kindigimdan,
Har zarrasin asragayman kiprigimda.
Gar bexabar bo‘lsang mening kimligimdan,
Temurlarga beshik bo‘lgan chinordan so‘r.
Bilsa, faqat zargar bilar zar qadrini,
Er ko‘targay yelkasida el dardini.
Ko‘ksi qalqon, yovga egmas tik qaddini,
Samolarga qo‘l uzatgan minordan so‘r.
Gumbazlarning peshtoqiga taqib sirg‘a,
Qaldirg‘ochlar o‘z iniga qaytib kirgan.
Donalari salovatlar aytib turgan,
Bobodehqon kaftidagi anordan so‘r.
Bu daryolar avvalgimas, boshqa daryo,
Har yon go‘zal – Farg‘onayu Qashqadaryo.
Jamoliga mahliyodir butun dunyo,
Rayhonlarning iforiga xumordan so‘r.
Xalqning o‘zi tanlar yurtning egasini,
Bugunidek aniq anglar ertasini.
Quchog‘idan sira qo‘ymas erkasini,
Ko‘zi munchoq, o‘zi misli tumordan so‘r.