Cho‘lpon Ergash (1937-2010)

Cho‘lpon Ergash 1937 yil yozida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan. Toshkent san’at institutining aktyorlik fakultetini tamomlagan (1960— 65). Birinchi she’riy to‘plami — «Tong yulduzi» (1970). «Bizning uyimiz» (1972), «Umid chirog‘i» (1979), «Bahor orzulari» (1980), «Tong otar sadolari» (1982), «Sehrli qo‘ng‘iroq» (1984), «Oy chodir tikmoqda» (1985), «Eng baland qasr» (1986), «Karvon kelar», «Orzuning og‘ir kipriklari» (1990) kabi she’riy asarlar muallifi.

MEN

Sochlarimning uchlaridan to
Oyoqlarim tirnog‘igacha –
Meniki, deb aytaman, hatto
Butun umrim, naryog‘igacha…

Ustun kelib kimdandir, dadil
Deyman doim: «Bu – mening so‘zim!..»
Menligimga ammo kim kafil,
Qani o‘sha «Men» degan o‘zim?

Allaqanday yo‘q bir «Men – hokim»
Ovoz berib yo‘q yerdan «gur-gur»,
Qanday dahshat: «Bu – mening xalqim…
Vatan!..» deya jar solsa, mafur!

Yashirmayman, rost, bu – qo‘llarim,
Mening qornim, og‘zim, yuz-ko‘zim.
Anov uzun, silliq – yo‘llarim,
Ammo, ayting, qani men o‘zim?!

Oh, tabiat, nechun bu suvrat,
El-yurt, boylik, dono so‘zligim?
Kerak emas bu baxt, bu qudrat,
Bergin avval menga o‘zligim!

MAShRABNING DOR OSTIDA AYTGANLARI


Tamosho qilguchi ersang, mozorimni tamosho qil.

Mashrab

Mendek motamsaro yo‘q,
Yovlarimga qazo yo‘q.
Nolib shunday besamar,
Men ko‘rmagan balo yo‘q.

Yolg‘iz panoh nafsimiz,
Ham bu harom lafzimiz.
Haqgo‘y odam – javobgar,
Qasamxo‘rga jazo yo‘q.

Etim qizdek bedavo,
Kulgi bo‘ldi sharm-hayo.
Orsiz ketdi – tavoqda,
Ta’rifiga imlo yo‘q.

Halol noni – minnatli,
Qilgan ishi illatli.
O‘g‘ri to‘rda – mo‘htavo*
Hech gapida xato yo‘q.

Aqli kullar* – devona,
O‘z elida begona.
Yurt og‘asi – sotqinlar,
Xoindan zo‘r daho yo‘q.

G‘aru kazzob, qaroqchi
Yurtimizga poyloqchi.
El-ulus deb kuyganlar
O‘lib ketsa, da’vo yo‘q.

Talab mol-mulk, jonimiz,
Yurar yallo har iblis.
Eb-yutmagan bizni hech
Ya’juj-ma’juj, tarso* yo‘q.

Oldi to‘ymay sarvarim
Hatto bor-yo‘q javharim.
Oppoq Xo‘jam qo‘llari
Etmagan joy – halo yo‘q.

Tillarida madh-sano,
Chanog‘ida* hech vaqo.
Darveshlar biz bevatan,
Qo‘limizda aso yo‘q.

Bas endi, os, ey jallod,
Mangumas hech istibdod!
Kelmasa u qasos kun,
Men kelurman, fano yo‘q!

____________
* Mo‘htavo – e’zozli
* Aqli kul – buyuk aql
* Tarso – g‘ayri din
* Chanoq – darveshlar yoniga osib yuradigan (odam bosh chanog‘idan yasalgan) kashkul.

JAVZO KEChASI

Deraza pardalari uchadi.
Deraza pardalari
ko‘tarilib tushadi.
Oynadan boshimni chiqarib,
Oqayotgan bulutlarga qarab qolaman.
Muzdek shamol urar ko‘kragimga.
Ko‘ksim ko‘tarilib tushadi.
Deraza pardalari uchadi.
Yomon issiq bo‘ldi kun bo‘yi,
Doim shunaqa:
Bulut bosar ko‘kni shamol bilan,
Birdan sovib qolar havo kechga borib,
Yomgir bo‘lar,
Dovul bo‘lar kuchli
shunday issiqdan keyin.
Miq etmay turardi boyagina
qoqqan qoziqdek, Endi qara,
Yayrashini qara daraxtlarning!
Ular ham go‘yo
Peshindagi issiq yodiga tushib,
Boshini tebratar shamolda.
Doim shunaqa…
Bir shamol tursami,
Sel quyib bersami dovul bilan…
Onasining kelar payti yetgan
semurg bolasiday Entikaman,
yuragim hovliqa.
Qaydadir osmonning chetida
Nimadir yarq etdi,
Gumburladi keyin.
Deraza pardalari uchadi qattiq,
Ko‘tarilib tushadi.
Oqayotgan bulutlarga qarab turibman,
bir ilinj bilan.
Yulduzlar xuddi
Soy toshlaridek
Goh ko‘rinar, goho ko‘milar.
Bulutlarning ixtiyori kimda ekan?
Bulutlarning ixtiyori shamoldamikan?
Shamollarning ixtiyori kimda ekan?..
Eh… qo‘lim kalta-da, qo‘lim kalta-da!..
Negadir yuragim hovliqar.
Ko‘ksim ko‘tarilib tushadi,
Deraza pardalari uchadi…

ChIGIRTKALAR

Aylanadi charxpalak,-
Kecha-kunduz chir-chir,
Kechar ne-ne savdolar
Boshimizda gir-gir.

Rizqimizni terib jim,
Yurganday biz – g‘ir-g‘ir,
Har qadam xavf-xatardan
Qaqshar yurak zir-zir.

Ana biri – yirtqichlar,
Bir tulki deb, xirr-xir,
Yirtib-yirtdi tipglashib
Bir-birini shirr-shir.

Tomoqlari takkillab,
Darrandalar “chirr-chir”,
Poylab yurar bizni ham
Og‘iz ochib qirr-qir…

Sal boshimiz ko‘tarsak,
Uchib kelib pirr-pir,
Changal urar och arvoh,
Parrandalar birr-bir.

O‘t, ushoq yeb, yalang‘och,
O‘rnimiz loy, kirr-kir.
Oyoq osti umrimiz,
Aytishamiz jirr-jir.

Bosh bo‘lmasa bir boshda,
Yursak titrab dirr-dir,
Bosib o‘tar har hayvon,
Temirlar ham “tirr-tir”.

Nur tovlanar bir, ana,
Bu ne balo sirrsir?..
Joning bo‘lsa, qochib qol,
In-inigga kirr-kir!..