Chorsham’ (1955)

Chorsham’ 1955 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining junalistika fakultetini tamomlagan. “Sharqiy qutb”, “Mahak tosh”, “Afandi aldamaydi”, “Ayro yo‘llar”, “Sevgini sog‘indim”, “Oshiqlik”, “Saylanma” kitoblari chop etilgan.

YaShASh FALSAFASI

Yashash falsafasi juda ham sodda,
Ko‘zingda porlasin hamisha uchqun.
Yoshing yettidami yoki yetmishda
Ko‘ngil qarimasa – yashamoq mumkin.

Yurak urib tursa gupillab, yonib,
Umringda qolmasa yechilmas tugun.
Dunyodan zavq olib, shuurga to‘lib
Mehru-muhabbat-la yashamoq mumkin.

Tag‘in hayotingda bo‘lsin bir ma’no,
Elgin ona Vatan, xalqu-yurt uchun
Donolar aytgani kabi, ey oshno,
Qadring bor go‘shada yashamoq mumkin.

Yo‘qsa, yashamoqdin ne erur ma’ni,
Behuda yemagu-ichmakmi yana?
Yashash falsafasi shu erur, ya’ni
Ko‘ngil qaridimi yashash befoyda.

* * *

Bu qiz muncha go‘zal, muncha orasta,
Soatday yuradi, qushday turadi.
Hammayoq saranjom bo‘lar bir pasda,
Torgina hovlida jannat quradi.

Keyin zimdan boqib so‘zlaydi nozli
Vujuding yondirib ketadi bu sas.
Shunchalar sirliki, shunchalar nurli,
Uni sevmasliging sira mumkinmas.

HAR KUNI

Har kuni yo‘lingga ko‘zim nigoron,
Sog‘inchda yonaman sog‘inib nolon,
Ketgim kelaverar tonglar sen tomon,
Bormasam bir armon, borsam ming armon.

Hayot bu hayotdir, xayol bu xayol,
Qachon nasib etar bizlarga visol.
Husni-jamoliningni, ey sohibjamol,
Ko‘rmasam bir armon, ko‘rsam ming armon.

Ishq soldi jonimga yolqin, alanga,
Yuragim mushtoqdir gulzor, chamanga,
Ozorlar yetkazib bu jonu-tanga,
Sevmasam bir armon, sevsam ming armon.

O‘ZGARISh

Ko‘z o‘ngimda o‘zgardi shahar,
Ko‘z o‘ngimda o‘zgardi bog‘lar.
Olislarga qarasam hatto
O‘zgarganday purviqor tog‘lar.

Hech bir narsa emasdir turg‘un,
Bunga ishonch hosil qildim men.
Hamma narsa o‘zgardi, lekin
O‘zgarmading faqat sen, ko‘nglim.

* * *

Har nima bo‘lmog‘i mumkin bu kecha,
Oy kulib to‘lmog‘i mumkin bu kecha.

Yor tikib osmonga oydin ko‘zlarin
Men tomon kelmog‘i mumkin bu kecha.

Vasli ishq sog‘inchi to‘lgan ko‘ngil ham
Oxiri iymog‘i mumkin bu kecha.

Ikki dunyo unut bo‘lib chunonan
Bizga baxt kulmog‘i mumkin bu kecha.

Ming kecha kutdi bu tunni Chorsham’-ey,
Ishq uchun o‘lmog‘i mumkin bu kecha.

* * *

Ayollar muhabbat uchun yaralgan,
Ayollar nazokat uchun yaralgan.

Kechmishi boshlanib Momo Havodan
Ayollar nafosat uchun yaralgan.

Oqqushga o‘xshaydi gul badanlari,
Ayollar malohat uchun yaralgan.

Har jigarbandiga mehrini berib
Ayollar tarbiyat uchun yaralgan.

Siz uni qiynamang yumushlar bilan,
Ayollar saodat uchun yaralgan.

Zirqirab ketar goh qovurg‘alarim,
Ayollar sadoqat uchun yaralgan.

Kuylashni qo‘ymagil hech qachon Chorsham’,
Ayollar she’riyat uchun yaralgan.

* * *

Umrdin ne xato o‘tdi, o‘zimdin izladim doim,
Ko‘ngildin ne balo yetdi, so‘zimdin izladim doim.

Barorim borida bildim, muhabbat jonima oro,
Firoqdin ne nido yetdi, ko‘zimdin izladim doim.

Visol menga mahol erdi, mahollik ko‘p malol erdi,
Sanamdin ne jazo yetdi, bo‘zimdin izladim doim.

Kezarman gohi bog‘-gulzor, gohi sahroyu cho‘l, yo, Rab,
Yo‘limni kim ravo etdi, izimdin izladim doim.

O‘zimga yolg‘iz u ravshan nechun Chorsham’ga moyilman,
Tunimni ravshan etmoqni, ro‘zimdin izladim doim.

* * *

Borimni berardim gul pari uchun,
Uning bir mehrli nazari uchun.

Bu nazar men uchun shifoi nurdir,
Nechun o‘rtanmayin har zari uchun.

Zarlarki, ruhimni obod aylagay
Va hayot baxsh etur men g‘arib uchun.

Shodlanib yurarman, zavqlar tuyarman
Ko‘nglimning ul shamsu qamari uchun.

G‘azallar to‘qigum, she’rlar o‘qigum
Bulbulning tonggi xush xabari uchun.

Yor yo‘lin men tomon bursa ajabmas,
Shod etay deb bergan kadari uchun.

Chorsham’, ishq bobida lof urmay, jon ber,
Farg‘onaning go‘zal gavhari uchun.

* * *

Nazar tashla, nazar topsin nazarlar,
Chekinsin g‘am, alam, qayg‘u, kadarlar.

Xijolat aylasin osmon-falakka
Chiqolmay ko‘shkidan shamsu-qamarlar.

Labing bosgin atirgullar labiga,
Uyalsin or etib bulbuli zorlar.

Yiqilsin poying ostiga egib bosh,
Necha oshiq bo‘lib zeru zabarlar.

Sabr-toqat etolmasdan firoqda
Chamanda qolmasin ko‘ngli digarlar.

Muhabbat o‘tida kuydim, faqirga
Pisand ermas endi xavfu xatarlar.

Visolga chiqdi yor deb tong-saharda
G‘arib Chorsham’ga yetsin xush xabarlar.

* * *

Keldi jonim bo‘g‘zima qaddi rasoning dastidan,
Damba-dam to‘lg‘onaman nozik adoning dastidan.

Na ko‘ngul ochgay manga, na bir ko‘ngilga bo‘ylagay
Telbadek yolvoraman jabru jafoning dastidan.

Suhbati shirin qurib o‘tkan aziz dam qaydadur,
Eslanib ko‘ngil qora ko‘zi qaroning dastidan.

Kelsa umrim yashnatib olamni ravshan aylagay,
Kelmasa bo‘lgum ado har ne baloning dastidan.

Dardi yo‘q janon seni holingni qaydin bilg‘usi
Muncha ko‘p o‘ksima dil ul mahliqoning dastidan.

Sal yiroq ketsam unut bo‘lgaymu deb hijronlari
Har kecha chog‘lanaman ohu nidoning dastidan.

Shosh qolib Chorsham’ Samarqand sori yo‘lga tushaman
Yo Buxoro boraman ul bevafoning dastidan.

* * *

Gohi doston, gohi ertak, masal Vodil,
Bitib aslo ado bo‘lmas g‘azal Vodil.

Oh dilim deb, voh dilim deb o‘tib ketgan
Qay valiydan qolgan noming azal Vodil?

Chinoringga boqib tarix o‘qiydurman,
Keksa-yu yosh uchun boqiy tamal Vodil.

Huvaydoyu Muqimiy, Xo‘ja Ahmadning
Diliga ishq solibdur bir mahal Vodil.

Duo ketgan tabarruk sarzamindursan,
Soyu anhorlarning suvi asal Vodil.

Oshiqingman Buxoroi Shariflik bir,
Kelib shaydo bo‘lurman har hamal Vodil.

Seni ta’rifu tafsif aylagay Chorsham’:
Go‘zal Vodil, go‘zal Vodil, go‘zal Vodil!