Chori Avaz (1957-1992)

Chori Avaz 1957 yil 11 dekabrda Qashkadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1985). «Hayotiylik chog‘ida», «Tortilgan kamon», «Uyg‘onishdan o‘zga tole izlama», «Kuz ertasi» (1992), «Saylanma» (2003) kabi asarlari nashr etilgan. Fin eposi «Kalevala»ni hamda I.Takuboku, R. Akutagava va boshqa shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1992 yil 29 noyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

KUZ ERTASI

Tong yeli badanga o‘rmalar,
Vujudim bir shirin junjikar.
Men kutib turibman quyoshni,
Qizarib bormoqda kunchiqar.

Kun nafis va iliq kafti-la
Sap-sariq barglarni silaydi.
El ko‘zim o‘ngida o‘zini
Oftobning rangiga belaydi.

Tabiat qaytadan jonlanar,
Lahzalar ardoqli kechadi.
Ufkqa termulgan tiriklik
Quyoshni – olovni ichadi.

Ko‘ksimda umidlar yonmoqda,
Ketayapti yuragim gupirib.
Nigohim bilanmi quyoshni
Olganday ufqdan sug‘urib.

ERTA

Meni qushlar uygotar erta,
Erta kutib olaman tongni.
Bahor erta aytadi ertak,
Men tinglayman hovuchlab jonni.
O‘n oltiga to‘lgan boladay
Unutaman erta o‘tmishni.
Erta meni kuylay boshlar nay,
Kuzataman ertaga qishni.
Qushlar erta yelkamga qo‘nar,
Chah-chahlashar yoqimli, mayin.
Kadarlarning qaddin yo qilib,
Tong ertaga boshqacha otar.
Men yonurman tongning muzdayin
Havosidan bot-bot yoqilib.

«YoRILTOSh» ERTAGINI O‘QIB

Nozik vujudingni titroq silkitar,
Ona Yer shoshirar – tuproq silkitar,
Faqat bir yo‘l menda – ko‘nglim zil ketar,
Elan, tosh yorilgay: «Yoriltosh, yorim!»

Lahza-lahza ot dupuri yovuqdir,
Jisming muzlab borar – olam sovuqdir,
Singilginam, toshga dardingni uqdir,
Yorilgan tosh, yorilgai tosh, yoriltosh.

Otlarning shiddati balanddir, barkdir,
Seni unga duchor etarkan taqdir,
Toshlarni uyg‘otgil, degil: «Men – faqir!»
Yorilgay tosh, yorilgay tosh, yoriltosh.

Ipakdek ovozing toshni kesdimi?
Ola-tasirlardan tosh ham bezdimi?
Toshdanmikin erk epkini esdimi?
Yorildi tosh, yorildi tosh, yoriltosh.

Bu sirli qudratga bo‘ldim guvoh men,
Tiriklik darsidan bo‘ldim ogoh men,
Angladim kimda haq, kimda gunoh men,
Haq qal’asi, xalq qal’asi yoriltosh.

SO‘Z

Yuraklardan kelar hamisha,
Vohalarni, qirlarni qo‘msab.
Ammo yurak sog‘inchlariga
Doimo ham qo‘ya olmas lab.

Sho‘rlik, goho sayyoddan cho‘chib
Suvsab yurgan ohular misol.
Tilning o‘tmas qirralarida
Kun kechirar jim, aftodahol.

Mijg‘ilasa shubha va gumon,
Yuksaklikni qo‘msab qolar u.
Goh yurakda qo‘zg‘ar g‘alayon,
Goho esa soladi g‘ulu.

Lekin ortga qaytganmi sira,
Bo‘lsa shunday aziz makoni.
So‘z – muzaffar insoniyatning
Quyosh yanglig‘ sodiq imkoni.

* * *

Qadamda duch kelaverasan
Bir nokasga yoki yomonga,
Toshmi, kesak otaverishar
Pinhon, oshkor pok bir odamga.
Ayb taqashar begunohlarga,
Aldashadi, tuhmat to‘qishar.
Agar shular bo‘lmagandaydi,
Qanday ozod yashardi bashar.
Nogoh tanda qon to‘lqinlanar –
Uyg‘oqmisan, bormisan, isyon!
Qani, sen ham turgin, ey dunyo!
Qani, sen ham, ey dunyo, uyg‘on!
Biroq dunyo sokin, Shunchalar sokinki,
Yoqasidan tutib dunyoning –
Silkitging kelar…
Toki Yomonlari to‘kilgunicha.

* * *

Tun kechadi.
Ufq ortidan
Yoyiladi borlikqa sahar.
Qo‘ng‘irog‘in yangratib qayta,
Yana yo‘lga tushadi shahar.

Tun kechadi.
Ufq ortidan
Bir parivash tong otar oppoq.
Podalarin qirga haydaydi,
Ko‘zlarini uqalab qishloq.

* * *

Tark et, orom, avrama.
Avrama, ey yorug‘ dard.
Sen ko‘z nurim, yolg‘izim.
Ammo tark etgil faqat.

Ko‘ngil sog‘inchli, axir,
Axir, sog‘inch ham ozor.
Ket, ko‘ngilda yoshini
Yashab bo‘lgan sabr bor.