Boboqand Mirzo (Boboqand Umarov) 1980 yil Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Navoiy pedagogika institutini tamomlagan. 2004 yili ilk kitobi “Ko‘nglingiz topsam” nomi bilan chop etilgan. 2016 yili “Ikkimiz ikki olam” kitobi chop etilgan.
O‘ShANDA
O‘shanda qor yog‘di. Bu olam oppoq,
Men sizni izladim oppoq qizlardan.
Qalbimiz bo‘zladi bo‘lgan uchun toq,
Yashagim kelmadi tog‘u muzlarda.
Qorni tepkiladim, g‘irchillar yurak,
Bugun ham qor yog‘di. Alamim keldi.
O‘zimni qarg‘ashim, avrashim kerak,
She’r yozmoq istadim, qalamim keldi.
Asrab-avaylaysiz, yuvib taraysiz,
Ko‘nglingizda qolgan nigohlarimni.
Yo‘limiz duch kelsa ma’yus qaraysiz,
Men gunohkor etdim gunohlarimni.
Sizni sog‘inmoqni chindan xush ko‘rib,
Bugun makon tutdim, yolg‘izlik – g‘orni.
Uyqumda uyg‘ondim qorni tush ko‘rib,
Siz ham eslaysizmi birinchi qorni?!
O, Vijdon!…
Bugungi qor yog‘di sochimga…
NILUFAR
Dengizning tubida o‘sgan qiz,
Gul to‘shab yo‘limni to‘sgan qiz,
Umidim uzumdek uzgan qiz,
Nilufar…
Qaqrasam, suv tutgan ko‘zida,
Faslning bahor, yoz, kuzida,
Bir gul bor, dengizning yuzida,
Nilufar…
Men suvga tosh kabi g‘arq bo‘ldim,
Goh Shimol, goh Janub, Sharq bo‘ldim,
Iforing tuydimu barq urdim,
Nilufar…
Dard kelsa goh o‘ngu so‘limdan,
Qo‘rqmayman, hayot va o‘limdan,
Tunu kun tushmaysan qo‘limdan,
Nilufar…
YoDINGDAMI…
Yodingdami, o‘n yil ilgari,
Ishqim senga bayon etganman.
Sen olislab ketganing sari,
Bilmam, men ham qayon ketganman.
Yodingdami, do‘stim to‘yida,
Tanishgandik. Noz qilgan eding.
To‘ydan keyin soyning bo‘yida,
Suvlar sepib soz qilgan eding.
Yodingdami, sirli edi tun,
Qo‘llaringga gul tutganlarim.
“Roziman…” Shu bitta so‘z uchun,
Yillab kutib qon yutganlarim.
Ikkimizni Farhod va Shirin
Singari sen faraz qilarding.
Lablaringdan o‘psam… yashirin
Erkalanib araz qilarding.
Qo‘llaringga qo‘g‘irchoq tutib,
Yodingdami… Ona bo‘lganing.
Visol onin intizor kutib,
Men bilan hamxona bo‘lganing.
Yodingdami…
YIG‘LATIB QO‘YDINGIZ
Kulishni bilmaydigan odam baxtsiz odam,
yig‘lashni bilmaydigan odam
ikki hissa baxtsizdir.
O‘tkir Hoshimov
Xazondek supurdim o‘zimni,
Bu dilga nelarni tuydingiz.
Men sizdan yashirdim ko‘zimni,
Siz meni yig‘latib qo‘ydingiz.
Daryoga cho‘kkandek tangacha,
Bu dilga cho‘kdim men. To‘ydingiz.
Yomg‘irdek yog‘dingiz tonggacha,
Siz meni yig‘latib qo‘ydingiz.
Bu ne g‘am, bu ne dard, ne zulm,
Kul esam, cho‘g‘ kabi kuydingiz.
Sevgilim, sevgilim, sevgilim,
Siz meni yig‘latib qo‘ydingiz.
Baxt va’da etar bu ko‘zingiz,
Ko‘zingiz yolg‘onga yo‘ydimmi?
Erkalab chaqirsam ismingiz,
Men sizni yig‘latib qo‘ydimmi?
Xotima. Tugar ishq ertagi,
Bir jismu bir tanga sig‘maymiz.
Kim aytar, ne bo‘lar ertaga,
Biz qachon bir bo‘lib yig‘laymiz.
QIZ QO‘ShIG‘I
Eslamasman, endi hoynahoy,
Qo‘msamasman, yo‘q-yo‘q, sizni hech.
Lek holimga qayg‘uradi oy,
Mijja qoqmay zorlanib har kech.
Umidlarim tul qolsin, mayli,
Dard dashtida kezaro ko‘ngil.
Meni hargiz atamang Layli,
Hijron…Meni bekafan ko‘mgil.
…Sog‘inasiz, million yil beshak,
Tushingizni suvlarga aytib.
Gul umrimga g‘am bo‘ldi bezak,
O‘tinaman, kelmang, yo‘q, qaytib.
Men simlari uzilgan torman,
Fig‘onimdan kuy chalar firoq.
Men hayotman, hali men borman,
…Yuragimni…
Qiynar…
Ishq…
So‘roq…
ARMON
(Muhammad Yusuf xotirasiga)
Mendan nima qolar ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob, bir uyum tuproq.
Muhammad Yusuf.
Sizdan nima qoldi, ikki misra she’r,
“Ikki sandiq kitob, bir uyum tuproq”.
Zamin, elga bugun xalq shoirin ber,
Sog‘ingan qalblarni bosadi titroq.
Bahor… Qabringizni maysalar o‘rar,
Qalamlarda qoldi barmoq izlari.
Sizni Qizg‘aldoqdan, Rayhondan so‘rar,
“Kuyovga chiqmagan o‘zbek qizlari”.
Derlar hikmat bo‘lar tonggi saboda…
Shoir zotiga kim do‘stu kim ag‘yor.
Bir qo‘shiq yangraydi yeru samoda:
“Qo‘ynimda bir yoru ko‘nglimda bir yor”.
Yurtni, muhabbatni kuylamoq uchun,
Sizning qalbingizdek dardli qalb kerak.
Shoirlar armondan tug‘ilar nechun,
Armondir shoirga hatto Oq terak.
Yo‘lingiz, o‘rningiz boshqa edi-ku,
Mushoiralarda juda bilindi.
Mening yuragimni bir g‘am yedi-ku,
Va qancha shoirning bag‘ri tilindi.
So‘zning mas’uliyatin, sehri va kuchin…
Bilsang, ulg‘ayadi yurakda o‘sib.
Bir dasta she’rimni ko‘rsatmoq uchun,
Sizga borayapman, Muhammad Yusuf.
SIZNI BAXTLI QILAMAN
Yuragimni tilsangiz,
Qandoq chidab bilaman.
Meni baxtli qilsangiz,
Sizni baxtli qilaman.
Ey, ko‘zlari jayron qiz,
Sevishimga hayron qiz,
Qilmang dilim vayron qiz,
Sizni baxtli qilaman.
Diydor-ishqning saylimi,
Ismingiz kim? Laylimi,
Rozi bo‘ling, maylimi,
Sizni baxtli qilaman.
Oling, mayli, jonimni,
Shoirligu shonimni,
Hatto xonumonimni,
Sizni baxtli qilaman.
Chiroylisiz, nega siz,
Qachon boshiz egasiz,
Menga erga tegasiz,
Sizni baxtli qilaman.
Sizni baxtli qilaman.