Bektemir Pirnafasov (1975)

Bektemir Pirnafasov 1975 yilda Navbahor tumanidagi Kavobi qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1998). «Tong yoqasi» (1996) nomli she’riy kitobi nashr etilgan.

* * *

Sen qarib qolayapsan…
Mening imkonsizligimni yuzimga solib,
Mangulik haqidagi barcha she’rlarimni tahqirlab
Sen qarib borayapsan tobora…
Onajon…

* * *

Birin-ketin,
Hamma begonalashib boraveradi.
Umr o‘taverdi barchasining
Ustidan kulgancha
Ko‘zda yosh bilan.
Yo‘l chetida
Bir toshni ustiga o‘tirib olib
Yo‘ldan o‘tayotgan umrni kuzatar odam.
Boshini chayqaydi, kuladi, yig‘lar
Qarab begonalar bosib ketgan dunyoga.
ota-ona ketdi olis safarga.
Aka, uka – bari qoddi mung‘ayib,
Umr bosib o‘taverdi barini.
Ko‘nglini o‘ynadi, olmaday, gulday
Havasini o‘g‘irladi barining
Har birini o‘zga-o‘zga manzillarga
Olib ketaverdi.
Orziqsa, ko‘nglini chalg‘itdi kami,
Sog‘insa tashvishlar bo‘ynini egdi.
Bir chetda
Bir to‘yib yig‘lashga hatto
Bermadi bir lahza hech kim,
hech qachon!
Bolalarni bosib o‘tdi umr.
Ko‘ngillari turfa,
Orzulari ayro
Garchi tomir ham bir,
qon ham bir.
Hamma begonalar
Borgan sari
Ko‘proq qarar o‘kinib
Quyoshga, quyoshga, quyoshga…

* * *

Devorda o‘sgan gullar
Bolaligim hovlisining paxsalarida
Yoriqlardan o‘sib o‘tar edi
qo‘shni qizning xayoli bo‘lib…

hech unutib bo‘lmas voqealar kabi
qayta-qayta kelaverar yodimga
devorda o‘sgan gullar…

Men ularni juda ko‘p holatlarga
o‘xshatardim o‘sha damlarda
Bir orzumning bo‘yi bo‘lib ko‘rinsa,
Bir armonlarimning isyoniga o‘xshab ketardi ular…

O‘sha damlarda men
Hech qachon, hech narsaga yon bermayman deb o‘ylardim,
Taqdirim mening izmimda bo‘ladi deb o‘ylardim,
Agar nimadir yo‘limda to‘siq bo‘lib chiqsa
Devorda o‘sgan gullar kabi –
Uni teshib o‘taman deb o‘ylardim o‘sha damlarda…

hech unutib bo‘lmas voqealar kabi
qayta-qayta kelaverar yodimga
devorda o‘sgan gullar…

* * *

Ketayapman xiyobon bo‘ylab
Nigohimda parishon yellar.
Tongta qadar visolni o‘ylab
Atrofimda qizargan gullar.

Nafasimdan titragan maysa
Chehrasida toblanar gulob.
Shivirlar to‘kilar g‘amgin: –
Sog‘inchlar – men ko‘nikkan azob…

Olislarga chirmashar nigoh,
Xayolimda dunyodan gina –
Bu dunyodan maysalar kabi
O‘tib ketsam, indamaygina…

* * *

Nigohimda ezilgan so‘qmoq
Olislarga tutashib ketgan.
Kimsasizlik hokim xiyobon
Barcha tovushlarni unutgan.

Qo‘zg‘aladi qadamdan cho‘chib
Atrofimda za’faron sharpa.
Besarishta kezinar ko‘ngil
Go‘yo endi oxirgi marta…

Arguvonlar chaqirar shamol,
Teraklar yo‘l ko‘rsatar oyga.
Ovozini yashirib jimlik
Yuzlarini yuvadi soyda.

Mag‘rur xazonlarni telba yel
Suvga cho‘kkan tunga botirar.
Derazadan kuzatar meni
Sochlari oqargan xotira…

* * *

Sochlarimning kora rangi tugadi,
Kaftimda qolmadi kelajak izi.
Manglayimga qismat yoziqlari ustidan
Umrim tortib chiqdi chuqur-chuqur chiziq.

So‘qir kabi boqib qo‘yaman atrofga,
Hidlari unutilgan gullar so‘ladi.
Ko‘ngilni yuvolmay aylanar fasllar,
Umidlar to‘lgokda bugilib o‘ladi.

Olislarga qochib ketgan xotira,
Xayol boshini urar dunyoning to‘rt tomoniga,
O‘z qoniga belanib yotar qafasda.

Xech qanday ayriliq iztirobga solmas meni,
Faqat ko‘zlarimning ochiqligi qiynaydi
Aldanib ketishga kelgan hayotda…