Bashorat Omonova 1964 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olgan. “O‘n olti yosh iztiroblari” nomli hikoyalar to‘plami chop etilgan.
QIShLOQ
Qishloq bolaligim o‘tgan adirlar,
Sog‘indim shekilli iforingizni,
Ariqlar bo‘yida o‘sgan yalpizlar,
Shiviri tutgandek xumorimizni.
Yolg‘iz chinor. Ana undan narida,
Qator teraklarning ko‘rgum bo‘y-bastin,
Yolg‘izlik chinorga yarashibdimi,
Uni mendan so‘ra, bo‘lsang gar do‘stim.
Yana nigohlarim qamashib ketar,
Ko‘kka ko‘z tashlasam — kabutarlarim,
Ular juda baxtli. Armonlarimdan
Sarg‘ayib ketadi dil daftarlarim.
Jim ketayotirman. Yillar o‘tganda,
Meni tanimaydi, o‘tar odamlar,
Sog‘ingan yuzlarni izlab behuda,
Sekinlashib borar chopgan qadamlar.
Qay so‘zlar ochayin hayot yo‘limga,
Qo‘sha olganimmi hissalarimdan.
Nimani axtardim — o‘zimdan bugun
Mashhur bo‘lolmagan qissalarimdan.
Mung‘ayib turibdi ana qalamim,
Go‘yoki she’rlarim yozilib bitgan.
Go‘yo akam kelgan qaytmas dunyodan,
Menga qog‘ozlarni yetkazib ketgan.
Endi xotiralar yozaman to‘lib,
Goh akam, goh do‘stu birodarlardan,
Goh ko‘ngil olibu goh ololmagan,
Yuragim toliqqan nomsiz dardlardan.
OLIS KETDING…
Sen juda olislab ketding, azizim,
Xuddi yo‘ling kabi, manziling kabi,
Gurkirab ketyapti umiddan tongan,
Mening yuragimda sog‘inch maktabi.
Sen juda olislab ketding, azizim,
Ba’zan toqat tugab sabr qulaydi,
Eshigim chertadi yarim tun ochsam,
Qiyomatga qolgan diydor yig‘laydi.
Sen juda olislab ketding, azizim,
Yupatar yuragim goh zor, goh nolon.
Taqdir eltayotir manzillarimiz,
Shoshilib ketyapmiz chin manzil tomon.
Sen juda olislab ketding, azizim,
Ilk bora inondim — taqdir bir so‘zlik,
Ko‘ndim she’rlarimga qo‘yib sarlavha,
Yo‘llarimiz nomi ekan ayriliq.
OLIJANOB INSON
Akam deymi sizni, do‘stimmi deyin,
Bugun dardlarimga dard qo‘shar armon,
Mehr odamiylik darsini o‘tib,
Qalbga muhrlangan qadrdon inson.
Omonat dunyoni sarsari kezib,
Turfa yumushlaridan horib-tolibman,
Qay paytki loqaydlik libosin kiyib,
Sizning ketganingiz bilmay qolibman.
Hech kimda yo‘q edi bundayin o‘ktam,
Saxovat sochishga tayyor u ko‘zlar,
Bizdan nima yordam, balki o‘nlarga,
Balki yuzlab dilga aytilgan so‘zlar.
Joningiz omonmi, so‘rardingiz goh,
Oldinda ko‘p yaxshi kunlar daragi,
Yurdim bosh egmayin g‘amlar bossa ham,
Sizdek insonlarga munosib kabi.
Ne deb ta’rif beray bunday insonga,
Ezgulik, saxiylik edi bilgani,
Debochasi erur ushbu she’rlarim,
Yuragimda qolgan ulkan Sevgining.