Baxshulla Rajab 1950 yilda tug‘ilgan. Buxoro pedagogika institutining (hozirgi BuxDU) filologiya fakultetini tugatgan. Shoirning “Xayolimda yulduzlar”, “Rangin chaqmoqlar”, “Yurakka sig‘magan dunyo”, “Sog‘inch suratlari”, “Tong tarovati”, “Orzularning oydin osmoni”, “Gullayotgan O‘zbekiston bu” kitoblari nashr etilgan. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
ShARShARALAR ShEVASI
Sharsharalar shevasida so‘ylaganda ishq dardin
Saratonning gulbog‘lari xushbo‘y atrin sochdilar.
Daraxtlarning sochlaridan taralguvchi gul atrin
Sipqorganda, dil qushlarim dilginamni ochdilar.
To‘lib ketdi umr bo‘stonim sirli olam sehriga,
Dalayu dasht ufqlari bo‘ldi gohi jizg‘anak.
Xayollarim tulporlari to‘ymas hayot mehriga,
Qo‘rqaman-ey, portlab ketsa dardga to‘la mo‘rt yurak.
Quvgum gohi dardga to‘la tuyg‘ularim karvonin,
O‘ylarimning kaptarlari tor kulbada patirlab.
Turmush degan to‘qmoq urar gohi ojiz sarbonin,
Bol o‘rniga zahar yutar adashgan go‘l erktalab.
Tunlar aro tinim bilmas xayollarim tulpori,
Kimdir baxtli, kimdir baxtsiz, kimdir mehrga tashna, zor.
Kimga bag‘rin keng ochgusi ko‘hna dunyo bozori,
Kimdir esa parcha nonga kunda, tunda intizor.
Sog‘inaman sharsharalar shevasida ishq bolin,
Nozik-nafis tuyg‘ularim boshin gulga o‘rsam ham.
Muhabbatning gultojiga qo‘ndirib baxt xayolin,
Ko‘hna dunyo bozoridan izlayman dilga malham.
Sharsharalar shevasida so‘ylaganda ishq dardin…
TUN
Yulduzlar ko‘zimga qadaydi hayrat,
Xayol qushlarini chorlaydi osmon.
Oyning qadahidan sipqorib lazzat
Ko‘ksimda quvonchlar ko‘tarar tug‘yon.
Farishta oy nurin icharkan xayol,
Bo‘yniga osilar yulduz marjoni.
Bunchalar farahbaxsh ilohiy visol,
Sehridan mavjlanar yurak ummoni.
“Zuhro”ga ko‘z qisar “Etti qaroqchi”,
“Tarozi” “Cho‘mich”ning shu’lasin o‘lchar.
Kokilin silkitib keng Somon yo‘li
Tong yulduzining qoshida o‘char.
Yulduzlar olami – yozilmagan bayt,
O‘qilmay samoda qo‘yilgan kitob.
O‘zining bergani har kun tonggi payt
Avaylab yashirar barchasin oftob.
Bu sehru sinoat zavqini tuyib,
Tunlarni tonglarga ulab yashayman.
Xayol tulporida yulduzni quchib,
Uyg‘oq qalb umidin Haqqa ulayman.
DILIM DUNYo AKSIDIR
Muhabbat o‘tidan yurakda isyon,
Quyoshdek lovillab yonar jismu jon.
Dovdirab poyingga tiz cho‘ksam, gulim,
Majnundek holimdan bo‘lma hech hayron.
Telbavor bu dilim dunyo aksidir,
Ishqimning maskani o‘zin qasridir.
Ruhim yulduzlardan sipqorar yog‘du,
Umrimning har kuni sevgi asridir.
IFTIXOR
Qalbim qushlariga qanot bu xilqat,
Ustozlar ruhidan olgayman quvvat.
Mo‘tabar zotlarning yoniq ovozi
G‘oyibdan baxt sari aylagay da’vat.
Hayot, qalb, muhabbat timsoli bo‘lib,
Haqiqat qo‘rg‘oni nurlarga to‘lib.
G‘oliblik tug‘ini ko‘targay baland,
G‘urbatu mijg‘ovlik tikonin yulib.
Moziy sasidir: Rumiy, Naqshbandiy,
Navoiyu Bobur, Mashrab, Muqimiy.
Qadr topib Oybegu Abdulla Qahhor,
G‘afur G‘ulom yanglig‘ Zulfiya boqiy.
Tongda ham, shomda ham bergay aks-sado,
Ijod bulog‘idan oqqan sas, nido.
Har qarich tuproqdan buyuklar izin
Izlagay ko‘zimda mavjlanib ziyo.
Charx urar tegramda ulug‘lar sasi,
Qalb torin siypalar hayrat nafasi.
O‘zbegim sha’nini ko‘kka ko‘targan
Zotlarga kelgaydir dunyo havasi.
Oydin baxt cho‘qqisin ko‘zlagan avlod
Shiddatkor ruh ila etmoqda ijod.
So‘nmagay bobolar yoqib ketgan sham,
Muqaddas makonda yangi ruh bunyod!
TAShNALIK
Ruhim ko‘kka sapchir asov tulpordek,
Majnunning ohiday titraydi osmon.
Dardlar azobidan qo‘rqqan bemordek,
Ko‘nglim xobgohini tark etar tug‘yon –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.
Sog‘inch belanchagin tebratar firoq,
Iztirob qilichin ko‘targay hijron.
Qalbim qo‘rg‘oniga tosh otar qiynoq,
Sahrodek sarg‘ayar darddan jismu jon –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.
Otashin ishq mayin tutmangiz darig‘,
Tuyg‘ular torini chertsin orzular.
Takdirlar tilsimin yechgan baxt yanglig‘
Istiqbol ko‘shkidan soching yog‘dular –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.
Yayrasin dilginam xayoliy nurdan,
Tafakkur lochini etsin tinch parvoz.
Malaklar orazi sochgan sururdan
Hayotim gulshani gullasin qiyg‘os –
Mehru muhabbatga tashna lahzalar.