Bahodir Bahrom (1990)

Bahodir Bahrom 1990 yilda tug‘ilgan. O‘zMUning jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 2008 yilgi “Zomin” yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. “Eng suluv armon” nomli she’riy to‘plami chop etilgan. Hozirda “Sog‘lom avlod” gazetasida faoliyat yuritmoqda.

MANZARA

Olovning bag‘rida yongan bu yaproq,
Qachondir yam-yashil bo‘lib yashnagan.
Bulbul nafasidan ajib bir titroq
Tuygancha, mag‘ruru masrur yashagan.

Shamol bilan lazzat oshlashgan ham shu,
Chaqmoqda vujudin toblagan talay.
Qo‘ynida sel bo‘lib oqqan ming tomchi,
Shu – quyosh qo‘lidan simirgan ham may.

Harqalay yashagan tuproqdan baland,
Harqalay uzoqni ko‘ra olgan u.
Biroq, nechun uni olov yamlagan,
Ne uchun siqim kul bo‘lib qolgan u?!.

ChO‘P ODAM

Bir odat bor Palandarada,
Balki rusumdir hammayoqda ham.
Miq etmaydi uzumzorlarda,
Hilpiratib yengin Cho‘p odam.

Insonlar bor, ishonar unga,
Bog‘dan ketmas yog‘sa ham toshlar.
U qo‘rqadi kuz kelishidan,
Kuz. Do‘stlari ketadi tashlab.

SEVGI YaPROG‘I

Sariq yaproqlarni ilding devorga,
Yulduzga o‘xshaydi deding, jilmayding.
Shu kuni jilmayib hayotimizga
Kuz olib kirganing, nahot, bilmading?

Tashlab yubor dedim, kulib-shivirlab,
Yo‘qot dedim, so‘ngra… so‘ngra hayqirdim!
Badjahl atading gulim bilmasdan,
Azobda ko‘zingga yoshday qalqirdim.

Qalqirdim hayotning to‘fonlarida,
G‘ashlik yuragimga ko‘tarib isyon.
Yomg‘irday ko‘ksingga urildim, so‘rdim,
Dunyo zulumotmi, dunyo nuriston?

O‘rtamizdan o‘tdi rohatbaxsh yel,
O‘rtamizdan o‘tdi jannatiy visol.
Tashqarida kimdir kutyapti seni,
Kutib qoldi, balki, baxt u, boraqol.

Jonim, sariq gulli ro‘moling o‘rab,
Shu-shu ketganingcha yo‘qsan, kelaqol.
Hijronda quridim, guvohsan, yo, rab,
Lek, sariq yaproqlar topmadi zavol.

Sen ketding, umrimni ko‘mdim xazonga,
Tanimda muzlarning ayozi zohir.
Armon deb atalmish sovuq makonda,
Kimdir ismim aytdi, ko‘kar Bahodir!

Ko‘kardim armonning quchog‘ida dast,
Orzuga qo‘l siltab, yaxshi bor, dedim.
Shu dam yangi tufli kiyib o‘tdi vaqt,
Eski tuflilarday teshildi etim.

Kuzak yomg‘irlari so‘rdi madorim,
Etolmayman senga bo‘lsa ham qanot.
Men ojiz, kuzlarga ko‘mdim umrimni,
Seni bahorlarga berkitdi hayot!

Seni bahorlarga berkitdi hayot!

QAMIShLAR

Dunyodagi turfa xil ishlar,
Ko‘ylak qilib kiygan gardini.
Nayga aylanmagan qamishlar
Zovurlarga so‘ylar dardini.

YoMG‘IRLI KEChA

Yuragimda armon ko‘tardi isyon,
Osmon saltanati ketdi yemrilib.
Seni qanday quchay, topib ber imkon,
Nechun yomg‘ir bo‘lib kelding sevgilim?

Yuragim sukutning bag‘riga otdim.
Sukut – armonimga tor kelgan tobut.
Hijron hovlisida daraxtday qotdim,
So‘ng, olovga do‘ndim, chaqmoqlar shohid.

Tilim aylanmadi, kel, demoqlikka,
Derazam ochmoqqa yaramadi qo‘l.
Bizni bo‘g‘izladi shafqatsiz taqdir,
Sen – tomchi suv bo‘lding, men – bir siqim kul.

Qamarni qayd qildi ochofat bulut,
Chala qolgan tushday yo‘qolding, nogoh.
Yuraging oynamda holsiz jon berdi,
Nahotki, yuragim o‘ldi gulimoh?

TAQDIR

O‘xshar, to‘nkarilgan kemaga bu qir,
Ming yilki, manzilga yetaolmaydi.
Ming yilki, bag‘rida yashirin ne sir,
Bariga qo‘l siltab ketaqolmaydi.

Uning ham manzili olis edi-ku,
Juda ulkan edi orzulari ham.
Kim bilsin, yo‘lidan adashgandir u,
Mayoq kerak joyda yoqishganda sham.