Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyatidagi Nukurt qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1997). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1977). Dastlabki she’riy to‘plami — «Mening osmonim» (1978). Shundan so‘ng shoirning bir qancha she’riy majmualari («Zarb», 1979; «Zamin taqdiri», 1981; «Xayolot», 1984; «Ziyo yo‘li», 1986; «Javzo», 1987; «Olis tonglar», 1989; «Kuyganim — suyganim», 1992; «Qora ko‘zing sening», 1994; «Saylanma», 1997; «Sharq xikmati», 2000; «Ey do‘st», 2005) va bir nechta dostonlari («Sarbadorlar», 1981 va boshq.) nashr etilgan.
EY DO‘ST
(Qayirmalar)
* * *
Ey do‘st!
Odam Atoni, Tangrim, odam yaratdi,
Momo Havoni unga hamdam yaratdi.
O, aslida aklu kuch egasiga
Ilohiy muhabbatu ilhom yaratdi.
* * *
Ey do‘st!
Gulsiz meva tutar anjir degani,
Yor gulsiz bo‘lsa ham bir kelsa qani?
Chechakni yelkada tutgan qoyadek
Boshimga ko‘tarib yurardim uni.
* * *
Ey do‘st!
Tabiblar ko‘p erur, dorilar bisyor,
Ular na darkordir, garchi men bemor.
Yolg‘on kulib, yolg‘on yig‘lab netaman,
Kifoya yonimga kirib kelsa yor.
* * *
Ey do‘st!
Tunda chorlagandik biz yorimizni,
Ko‘zdan nihon tutib xumorimizni.
Yor chikqach, o, zulmat ketdi yorishib,
Oshkor kilib qo‘ydi asrorimizni.
* * *
Ey do‘st!
Dunyo noraso jang-jadallar bilan,
G‘amu anduhlaru ajallar bilan.
Dam g‘animat, jonon bilan suhbat qur,
U raso bo‘lgaydir go‘zallar bilan!
* * *
Ey do‘st!
Yursa yo‘li yorug‘, tursa – dil-ko‘ngil,
Umri – daryolarda oqmas besamar,
Uyg‘oq turib tushlar ko‘rmas, kimgaki –
Sevish va sevilish saodati yor.
* * *
Ey do‘st!
Olamda bormikin sizdan go‘zalroq,
Olamda bormikin bizdan go‘zalroq.
Ko‘zimiz ko‘zgudir, bas, ko‘rmadik biz
Hech kimsani go‘zal qizdan go‘zalroq.
* * *
Ey do‘st!
Jahon ayvonida erur jamuljam
Bu Zamin, bu Osmon, bu turfa Olam.
Ko‘nglimga na xushdur, yonimda agar
Bo‘lmasa ko‘nglimni olg‘uvchi sanam!
* * *
Ey do‘st!
Ishq jodusi qilgan meni mubtalo,
Qurbon qilay shaksiz balo, bu balo.
Ko‘rib keladurman, ko‘rgumdir illo,
Ko‘z ochgan kunimdan qabrimgacha to!
* * *
Ey do‘st!
Bir boqmas bu gulro‘, har kun shu sazo,
Qaysi bir gunohim uchun bu jazo?
To‘yarmi oshiklar xilxonasi, ayt,
Tag‘in bir oshiqqa yetsa gar qazo?
* * *
Ey do‘st!
Go‘zallik beqadr bo‘lmagan aslo,
Uni bilmas kishi o‘lgani avlo.
Korako‘z jononim bo‘lsa gar hamroh,
Bu Shoshdan ketardim mahshargacha to!
* * *
Ey do‘st!
Qaragil, biz tomon jonon kelmoqda,
Xushxandon chechaklar nim egilmoqda.
Uning tashrifini qutlab, poyiga
Olchaning gullari sho‘x to‘kilmoqda.
* * *
Ey do‘st!
Mana qomat, ana qomat, bu na qomat,
Tik qo‘yilgan naymi yo sham – tana-qomat.
Ko‘r emasman, na qilayin, ko‘zim ketar,
Ranj chekmasin va qilmasin ta’na qomat.
* * *
Ey do‘st!
Ishq – vafo, ishq – jafo, jondan kechasiz,
Hilol u – oy bo‘lib to‘la-to‘lguncha.
Ishq – chashma, ishq – sharob, har kun ichasiz
Va lekin to‘ymaysiz o‘la-o‘lguncha.
* * *
Ey do‘st!
O‘n to‘rt kunlik oyni osmonda uchratdim,
Unga yetmoq – orzu, ummonda uchratdim.
Visol debon o‘zni otdim quchog‘iga,
Har yon sochildi u, har yonda uchratdim.
* * *
Ey do‘st!
Sahar chog‘i barcha ko‘zdan go‘yo nihon,
Soy bo‘yida cho‘milardi bitta jonon.
Bilgaydir u: jonli ko‘rsa jon bergaydir,
Bilgaydir u: jonsiz ko‘rsa kirgaydir jon.
* * *
Ey do‘st!
Bir qoshiq tuzdirman, taom bo‘lmasman,
Bir jonga arzirli in’om bo‘lmasman.
Lekin yor taomi mensiz bo‘lmagay,
Pok dasturxonida tamom bo‘lmasman.
* * *
Ey do‘st!
Qaydandir jononlar kulgusi kelar,
Kishi bundan ketmay turgisi kelar.
Ularning ichida bizning yor bormi,
Oh-oh, sabolardan gul isi kelar.
* * *
Ey do‘st!
Ko‘ngal bir musofir, siylagan uni,
Men siyladim jonon bilan bir kuni.
Vo ajab! O‘shandan buyon tinchim yo‘q,
Goh uni istaydi, goh istar buni.
* * *
Ey do‘st!
Ko‘rdimki, bul kecha tongda uyg‘onib,
Yor yuzi otashday turardi yonib.
Dedim: «Atirgulday cho‘g‘lanmoq nechun?»
Dedi: «Atirgulim suv ichgan qonib».
* * *
Ey do‘st!
Ma’shuq bag‘ridagi oshiqdek xushman,
O, chindan ham shunday, sarxush, behushman.
Huzurimga kelgan yorim bu oqshom,
Ket! Ket! Gulzor aro bir poshsho qushman.
* * *
Ey do‘st!
Qo‘l siltadim bu dunyo g‘urbatiga,
Qalbi kesak raqiblar g‘iybatiga.
Ketdim-ketdim bir qadah may simirib,
Pari-paykar, jononlar suhbatiga.
* * *
Ey do‘st!
Muhabbatning jodulari dog‘ulidir,
Lutfu karam, makrlari og‘ulidir.
Lekin meni o‘ldirsa ham o‘ldirsin ul,
Garchi o‘lim yo‘li doim qayg‘ulidir.