A’zam O‘ktam (1960-2002)

A’zam O‘ktam (A’zam Xudoyberdiyev) 1960 yil 4 oktyabrda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini bitirgan (1985). «Kuzda kulgan chechaklar» (1989), «Kuzatish» (1990), «Ziyorat» (1992), «Taraddud» (1993), «Ikki dunyo saodati» (1998), «Qirqinchi bahor» (2000) she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Bola dunyoni tebratar» (1988), «Xabar» (1995) kabi nasriy asarlar muallifi. Rabindranat Tagor va Nikolay Rubtsovning turkum she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2002 yili Toshkent shahrida vafot etgan.


TARADDUD

Aniq hech narsa yo‘q, har narsa tusmol,
Ayblarim o‘ylasam – hushdan ozarlik.
Qizlarning yuziday ochilgan osmon
Bulut kelishiga ko‘rar hozirlik.

Bitta sham o‘chgaydir shabboda yelsa,
Kulga libos balki, asli u qayg‘u.
Bosqinchi birovning yurtiga kelsa,
Bir kun quvilishga hozirligi shu.

Ko‘zni sovuq ko‘rdim, yuraklarni muz,
Shaylandim o‘t ila o‘ynashmoq uchun.
Muhit bo‘lsa qishni boshlab kelar kuz,
Yuzma-yuz chiqmasang – yashamoq nechun.

Yo‘l aniq, qaytish yo‘q.
Men ketdim endi.
Kechgan narsam – jonni o‘ylamam hecham.
Bitta maydon kerak – kurashgim keldi:
To‘shakda yotgulik qilmasin o‘lim!

ORALIQDA

Jonimga tegmoqda barchasi bir-bir,
Jon esa halqumga kelar oxiri.
Bitta men yo‘q bo‘lsam ne bo‘pti axir –
O‘zbekning kamayib qolmas shoiri.

Na Toshkent, na Qo‘qon biladi meni,
Axir o‘z-o‘zimni aldab, netaman?
Shu oppoq qog‘ozdan yashiray neni –
Bir o‘lib ko‘rmadim, xolos. Ketaman!

Bir qaltis quladi kech kuzgi oftob,
Cho‘qqidan cho‘qqiga urilib sindi.
Kunning siniqlari bunchalar serob –
Ular yulduz bo‘lib miltirar endi.

Yana begonalar yanglig‘ turarman,
Mezbonlarga o‘xshar otam ham onam.
Qishloq ko‘chalarin kezib yurarman,
Tanimas do‘stimning bolalari ham.

Qiynagay har narsa yurakni ezib:
Shoxi sinib qaytdi qo‘chqor podadan.
Ayanchli g‘ingshiydi ko‘nglimni buzib,
Itim yaralanib keldi to‘dadan.

So‘ng tongda jo‘narman yana qaltirab,
O‘z holim o‘ylayman achchiq jilmayib.
Shaharda bolalar kutar mo‘ltirab,
Qishlokda volidam qolar mung‘ayib.

SO‘ROQ

Talpinding, yig‘lading – yelding dunyoga,
So‘ylagil, sen nechun kelding dunyoga,
Buzildi, ayt, nima qilding dunyoga,
O‘zingni kim deya bilding dunyoga?

Tilingni tiymaysan – besharm so‘ylar,
Ko‘zingni tiymaysan – buzukqa bo‘ylar,
O‘zingni tiymaysan – nelarni o‘ylar,
Hech jazo yo‘qmikan bunday zinoga?

Malomatning toshi tegmagan boshing,
Mag‘rur tutmoqlikdan tiymagan boshing,
Hattoki onangga egmagan boshing –
Berding bu havoyi, puchak safoga.

Tengsiz ta’riflarni o‘qigan ko‘zing,
Ulug‘ tarixlarni o‘qigan ko‘zing,
Qutlug‘ harflarni o‘qigan ko‘zing –
Ne uchun tikding bu yuzi qaroga?

Qishda qushlarga don sochgan qo‘lingni,
Nopok luqmalardan qochgan qo‘lingni,
Olloh, deb duoga ochgan qo‘lingni –
Uzatding yeyishi, ishi haromga.

To‘ydirib o‘t, qonga to‘ygan yurakni,
O‘ldirib haq deya to‘lgan yurakni,
So‘ldirib ishq ila kulgan yurakni,
Sen qandoq sig‘yapsan yorug‘ dunyoga?

NEGA?

Kun uzun, kun issiq – malollar kelur,
Tunlari qop-qora savollar kelur,
Tong chog‘i musaffo xayollar kelur,
Aqlim mening tiniq tortmadi hanuz.

Etti oq-qorani ajratish oni,
Bu umr, bu o‘lim kimning ehsoni?
Har lahza shu qarzni uzish imkoni,
Bildim, chin sarvatni yig‘madim hanuz.

Eng ulug‘ so‘zdan-da titramas yurak,
Ko‘zimga yosh kelmas – bu nedan darak,
Xalqimga ne berdim va’dadan bo‘lak,
Ekkan niholim yosh, mevasiz hanuz.

Mahkam bog‘lasam-da rost yo‘lga belni,
Ko‘ngil ravshan emas, dog‘i bor dilning,
Yurtimni tanidim, bildim-ku elni,
Biroq unutmadim o‘zimni hanuz.

QANOAT

Asl aybim –
Tekis yo‘lda qoqinmokdir.
Asl baxtim –
O‘zing ko‘rmay sog‘inmokdir.
Eru ko‘kdan mudom izlab
Xato qildim.
Seni topmoq yo‘li
Doim topinmoqdir.

IBODAT

Tog‘lar some’ bo‘lib o‘tirishar jim,
Takbir aytgan chog‘i guldurab samo.
U yanglig‘ munojot qila olur kim,
Yomg‘ir bu pichirlab qilingan duo.

El yig‘lar yer tirnab. tuproq seskanar,
Maysalar qaltirab qilurlar sajda.
Duolar ijobat bo‘lgan sanachar,
Kun nurlari bundan keltirar mujda.

IShQ HAQQI

Ajab, dil shod bo‘lur tinglab
Qiyomatdan xabarlarni.
Tobora shavqim ortgaydir
Sezib kelgich xatarlarni.
Na rohat, na azob bois
Sen aytgan yo‘lga kirmishman.
Shu ishq haqqi, xatarsiz qil
O‘zing sori safarlarni.

YO‘L

Yil yiqilar yilning ustiga,
Xotiralar tipirchilar xit.
Elkam og‘rir, qaqshar ustixon,
Yuk ostida siltanar umid.

Beraymikan taqdirimga tan,
Nahot bari tugadi yohu!
Yildan yilga yetaklab o‘tgan –
Orzularim ushapmadi-ku?!

Sergak qadam tashlayman, axir,
Yurar yo‘lim – qalin tikanzor.
Benihoyat uzundir umr,
Bittagina oq ko‘ylagim bor.

Yuksaklarga cho‘zibman qo‘lni,
Omon yetay unga ishqilib.
Tanladim sal og‘irroq yo‘lni,
Sal yengilroq jon berayin deb.

Kadam bosish tobora qiyin,
Umr kiftda. Qaqshar ustixon.
Olg‘a qarab yurganim sayin
Yil yiqilar yilning ustiga.