A’zam Rahim (1971)

A’zam Rahim (Abdurazakov) 1971 yili O‘sh shahrida tug‘ilgan. Farg‘ona Davlat Universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
1991 yildan buyon maktabda o‘zbek tili va adabiyotidan dars beradi. Qirg‘iziston maorifi a’lochisi. Qirg‘iziston yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
«Sabr chechaklari» (1995), «Yaldo karvoni»(1999), «Shahsuvor tuyg‘ular» (2005) she’riy to‘plamlari muallifi. Shavkat Ramon nomidagi mukofot laureati (2005). Turkiyzabon shoirlarning xalqaro o‘ninchi anjumanining ishtirokchisi (2013).

ShUKRONA

Evrilar,
Evrilar,
Evrilar ko‘ngil.
Buyuk kengliklarning ufqida mudom.
Go‘dakning g‘unchaday labida ko‘rdim
Hayratning sathiga sig‘magan orom.

Endi
Muvozanatin yo‘qotib qo‘yar
Erkin havolarda muallaq o‘ylar.
Chirkin tashvishlarim o‘zini so‘yar.
Umidim bo‘ylari osmonni bo‘ylar.

Kunlarning tilida muqaddas oyat.
So‘zimga ko‘chadi shukrona kalom.
Tunlar oromida faqat munojot,
Tazarru bog‘larin kezib bardavom.

Har bir qarich yerga ekib ketaman
Xokisor ilinjim urug‘larini.
Ochiq qo‘llar qazgan ariqchalarda
Oqizib ko‘zimning sho‘r suvlarini.

Hidoyat nuridan talpinib qalbim
Osoyish yurtida kezadi masrur.
Oraliq olamning hayratlariga
Ko‘zini chirt yumib ketadi mag‘rur.

Rizolik qidirgan ilinjim tili
Butun vujudimni turar titratib.
Yo‘qotgan kitobim topib oldimku,
Bag‘rimga bosaman gardini artib.

Endi fikru o‘yim sarhadlarida
Ilohiy shukuhdan yurak parvona.
Garchand tilim lolu hayron tursa-da,
Undan taraladi sado – shukrona…
2006.

EVRILISh

Azobin, tolein dune deganlar
Iztirob totini bilmay ketarlar.
Ko‘ngilning g‘amini tanho deganlar
Manzilga nur ila birga yetarlar.

Manzil.
U yo‘llarning intihosimas,
Ko‘ngilning tozargan oppoq libosi.
Dunyoning tashvishi yengil, go‘yo has,
Iblis nag‘masiga jo‘r bo‘lar sozi.

Dune azoblari tirmashgan ruhim
Parchalab horiyman,
etmaydi kuchim.
Chilvir sochlariga osilib qolgan
Qo‘llarim kesaman,
kesaman tilim.

Xayolan bu majruh jismim ko‘tarib,
Uzoq yuguraman,
ko‘zim tinadi.
Behush yiqilaman,
hushimda ko‘ngil
yurak yarasiga malham suradi.

Qushday yengil bo‘lib uchib yuraman,
Simobiy tovlangan kengliklar aro.
Tepamda bir qasr ravoqlari oq
O‘ziga chorlaydi munavvar ziyo.

Butun tashvishlarim unutgan kezi,
Esladim.
Darchalar qolgandi ochiq.
Bir marta ortimga qaradim, afsus,
Hammasin yo‘qotdim.
Xayolim sochiq.

Men endi ikki qutb iskanjasida
Darbadar kezaman qari musofir.
Oraliq olamning sirlari endi
Taajjubga solmaydi.
Hammasi zohir.
1997.

IQROR

Ajab,
o‘tkazibman oltin chog‘larim,
Shamolga oldirib telba dilimni.
So‘yla, desalar ham,
ichimga yutib,
Shakarga belabman achchiq tilimni.

Shinniga qorishmay shakarlar bukun,
… Zaqqum, zardoblar-la evrilar butkul.
Xushhol damlarimning so‘ngidani kelar
Og‘ziga tosh solib kunlarim majhul.

Malomat toshlari bag‘rimni ezib,
Nadomat chohiga tashlagan kezi.
Bir qatim nur ishqi kuydirsa qalbim,
Noumid qo‘ymas-ku xudoyim o‘zi.

Men endi,
men endi sinovdan o‘tgan,
Ko‘hna tug‘yonlarga sodiqman,
eshman.
Tap-taqir chehralar g‘iybatim qilsin,
Kulsinlar,
kuysinlar,
mahkamroq bo‘shman.

Baribir shamolga ko‘ksimni qo‘yib,
Yurakni isyonga yedirgan qulman.
Adog‘i ko‘rinmas,
manzili buyuk,
Umidlari changga belangan yo‘lman.
1997.

* * *

Bir xilqat izlayman,
xayoliy xilqat.
Ko‘zimga termulib o‘tirsa ko‘zim.
Hoyu havaslardan yiroqroq uzlat.
So‘zimga evrilib tursa, bas, bo‘zim.

Do‘st hiyonatidan yoqilgan olov
Taftida toblanib turmasa g‘anim.
Ko‘ngil maslagiga qo‘yilgan tushov –
Iblislar hamlasi bukmasa qaddim.

Bir xilqat izlayman,
xayoliy xilqat.
Eru osmon uzra taralsa ifor.
Tovlanmasa bunda suratu siyrat.
Nohaqlikdan yurak topmasa ozor.

Bir xilqat izlayman,
xayoliy xilqat.
Ezgu o‘ylar bo‘lsa faqat tashvishim.
Suhbatdoshing bo‘lsa oq samimiyat.
So‘zlanmasa so‘zlar soxta, otashin.

Bir xilqat izlayman,
xayoliy xilqat.
Ko‘ngil tubidan-da chuqurroq tilsim.
Izlab-izlaganim bilaman faqat,
Yaratgan amrida topish, topmasim…
2006

* * *

O‘ttizni qoralab umrim oqardi,
Bir tutam nur ila o‘ynashdi ko‘ngil.
Goh sokin , goh sarkash kunlar selida
Oqdi,
oqaverdi majnunsifat dil.

Kunlarning o‘zimas,
ko‘ziga boqib,
Xayol ummonidan durlar izladim.
Tizimlab ulgurmay durlar sochildi.
Yorug‘ hasratlardan ertak so‘zladim.

Ertagim cho‘zildi,
cho‘zildi chunon.
Ko‘zim qorasiga joylandi olam.
Bag‘rimga botgan quyosh olovrang
Taftidan ko‘ngilda yasharar ko‘klam.

Ko‘klamning umriga umrlar tilab,
Vaqtning qabog‘iga termulib toldim.
Dune charxpalagin g‘ichirlariga
Men endi anchayin ko‘nikib qoldim.

Jaydari so‘zimning aksu sadosi
Ko‘ngil sarhadlarin turar tebratib.
Qashqirlar ovozi qoplagan tunda
Kichrayar so‘zimning bo‘yi, kelbati.

Bundayin xorlikka dosh berish mushkul.
Tishlarim qisirlab ketar ushalib.
Tunlar adog‘iga aytilgan tilak.
Oyning dudog‘ida qolar to‘shalib.

Endi oylar, yillar silsilasiga,
Ulanib ketadi mo‘ysafid yoshim.
Baribir ko‘ngilni yoritib turar,
Ohoriy so‘zimning avvali, boshi…
2001.

* * *

Qashqirlar galasi,
kulrang sukunat.
Yolg‘izlik dahshati solmagan qo‘rquv.
Ishonchning siyratin sog‘inib yashab,
Ko‘zimni elitar kutmagan uyqu.

Ko‘zlarni kattaroq ochish istagi
E’tiyoj mulkiga borar aylanib.
Qashqirlar ovozi qoplagan kunlar
Og‘riqdan ko‘zlarim ketadi tinib.

Yurakning qatiga berkingan tonglar
Uyqusin ochmoqqa yetar madorim.
G‘alat kuch sehridan vujudim sohir,
Tubdan qimirlashga yo‘l bermas korim.

Men endi o‘zga bir tariqat izlab,
Zahmat hirqasini yopingan solik.
O‘zga bir tuyg‘ular muqaddas joyda
Rizolik izlayman ta’madan holi.

Qashqirlar galasi,
kulrang sukunat.
Karvon etagida jasadim yolg‘iz.
Qalbda mohim,
to‘la hurjunimda nur.
Ortimdan qoladi faqirgina iz.

Qashqirlar galasi,
kulrang sukunat.
Karvon etagida vujudimda nur.
Qum sathiga botib ketmaydi butim.
Siyratda zahmatim,
ko‘nglim esa hur…
2001.

QOR YoG‘AR

Qor yog‘ar,
qor yog‘ar,
oppoq qor yog‘ar.
Qarg‘alar qishlaydi yurak dashtida.…
Zamharir kunlarga hokim sukunat,
Taltayar tosh qotgan so‘zim gashtida.

Nogoh hokim tinchin buzar qarg‘alar,
Chulg‘ab olar noxush sas yiroqlarni.
Endi butun dashtni larzaga solar,
Uyg‘ongan so‘zimning hansiroqlari.

O‘ynoqlab yog‘ayotgan qorning shashtiga,
So‘zimning parvozi ketar qo‘shilib.
Oppoq olam uzra yoyilib ketar,
Nurli qanotlari asta eshilib.

Endi yer ham,
ko‘k ham birlashib ketar,
Oraliq to‘ladi ohoriy mavjga.
Bu onlar ko‘zlarni yummoqlik – dahshat.
Kuchli nigohlardan rang chiqar avjga.

Tug‘yonlarim uchqur qanoti bilan,
Falak og‘ushida suzadi masrur.
Bedor hislarimning shalolasida,
Oqlik olamida qolaman mag‘rur…


QO‘ShIQ

Hayot, sening ko‘zlaringni
Aro yo‘lda ko‘rmadim.
G‘aflat, sening so‘zlaringga
Faqat ba’zan kirmadim.
Lekin qalbim buyurganin
Qaltis yo‘lga burmadim.
Shundan mening peshonamning
Kengligi ham torligi.…

Ko‘kdan esa bir nigohning
Og‘ushiga talpindim.
O‘shal go‘zal chekkan ohning
Bir ohiga aylandim.
Tutqich bermas xayolotning
Tushoviga boylandim.
Shundan mening peshonamning
Kengligi ham torligi.

Balkim mening peshonamning
Kengligi ham torligi.
Emish balki bu yurakning
Pok hislarga yorligi.
Qalbda ungan bir tuyg‘uning
Bir tuyg‘uga zorligi.
Shundan mening peshonamning
Kengligi ham torligi.
1994.

MINNAT

Tasqara minnatning ko‘ziga
Tik qarash mushkuldir, bilaman.
Ko‘p og‘ir, zalvorli yukini
Bemajol yelkamga olaman.

Chirpirak toshlari ko‘ksimni
Majaqlab yanchiydi, o‘yadi.
Bir qarich tili ham ko‘ksimni …
Baribir bir kuni so‘yadi.

Charchadim iljayib boqishdan.
Nafrat-la yo‘lingni to‘saman.
Minnat, sen zo‘r bo‘lsang, men endi
Qisilgan tilimni kesaman.
1995.

ERKINLIK

Har kun kiyadigan oppoq yaktaging
Egningga ilasan andisha bilan.
Ko‘ylakka ham sening keladi rahming.
Ranjitib qo‘yishdan juda qo‘rqasan.

Yolg‘iz dardlaringga hamdard xonangga
Hayr, deb chiqasan,
eshik g‘ichirlar.
… Ortingdan ergashib qolar yo‘qchilik.
Soyang qulog‘ingga asta pichirlar.
To‘yib-to‘yib erkin nafas olasan.

Vujuding ezilar,
ko‘ngling to‘lmaydi.
Yuraging orziqar,
kutib tolasan.
Ichingda o‘lmasing – umid o‘lmaydi.
Atrofga qaraysan,
taskin izlaysan.

Qo‘llaring shalvirab tushar bo‘shliqqa.
… Izg‘ib yelayotgan darbadar shamol
Ovozi o‘xshaydi mungli qo‘shiqqa.
Daraxtning uchida qolgan yaproq-chun
Iltijo qilasan,
bardosh tilaysan.

Sovuqda tentirab yurgan kuchukning
Boshini mehr-la sekin silaysan…
…Qaytasan qadrdon xonangga oxir,
Elkangga osilib umid uxlaydi.
Umidni ko‘tarib yurmoqlik og‘ir.
Ko‘cha-ko‘yga tashlab ketib bo‘lmaydi.
1993.

YaLDO

Tundayin kun bo‘ldi, tundayin.
Yaldoga ulandi peshlari.
Parishon xayollar vaqt sayin
Aylanib boradi teskari.

Erk berib dilafgor hislarga,
Yotibman ilkimda ostona.
Hatlasam, betayin saslarga…
Zulumot tebrangay mastona.

Qoshlari chimirilgan g‘ururning
Yarasi aylangay isyonga.
Kechagi aldangan sururning
Xotiri evrilgay ilonga.

O‘ylarim yaldoga mushtarak,
Uzayib boradi bo‘ylari.
Yilt etgan nur kabi jon halak,
Umidning yorishgay ro‘ylari.

KO‘ZLAR

Og‘ushiga tortgan rangning ko‘ksida
O‘sha sening ma’yus jamoling tumor.
Oppoq xotirjamlik bo‘sag‘asida
Titroqqa yukinib yig‘laydi xumor.

Kuzakning shamoli pardalar tortgan…
Anduhlar qa’rida so‘lg‘in qorachiq.
Asabiy attanglar erta qaritgan
Tim qora sochlarning soyasi ochiq.

Tasodif nigohdan o‘ylarim karaxt.
Ko‘zimga sig‘magan ko‘zlar baland dor.
O‘tinch bor, senga ey,
Hazonrez sayyod –
Men bilgan ko‘zlarga bermagin ozor.
1995.

YoR-YoR

O‘zini qo‘yarga joy topolmasdan,
Izg‘ib yelayotgan darbadar shamol.
Qo‘shni mahalladan yor-yor sadosin
Hovlimga tashlab ketar bemajol.

Ko‘chaga yetaklar, yetaklar yor-yor,
Oyoqlar o‘zimga bo‘ysunmay qolar.
Yurakning tubidan joy olgan ozor,…
O‘rnini xayollar egallab olar.

Xayollar, xayollar, beor xayollar,
Har turli yo‘llarga ketar yetaklab.
Yo‘d chetida uvvos soladi tollar.
Go‘yo borliq hamdard menga ataylab.

Tushadi bir tomchiyomg‘ir yuzimga,
Xayol o‘zga , o‘ngimda evoh.
Sen bo‘zlab ketyapsan, yor-yor avjida
Andisha yo‘limga qo‘yadi tuzoq.

Shamollar yelkamga qo‘lini qo‘yib,
Bas yetar, ortga qayt , deya yolvorar.
Sen ketgan yo‘lakni jalalar yuvib,
Osmonni ham mening faryodim yorar.

Qaytaman ortimga, qadamlar og‘ir,
Darvozam oldida kutar munisam.
O‘ychan ko‘zlarida ming bir xavotir,
Qaniydi bir so‘z-la uni aritsam.

– qayda qolding bolam, ovqat sovidi,
Degan so‘zlariga men emas yo‘q, yo‘q,
Botiniy g‘alayon javob beradi,
Ko‘ksimga otilar eng oxirgi o‘q.

-Oyijon nimaydi ovqat sovisa,
Ko‘nglim soviganda butun dunyodan…
1994.(“Konspekt daftar hoshiyasidagi bitiklar”dan)

KUZ

Abrning ko‘ksida ilon bolalar,
Ufq ham qizarmas, kuymaydi labi.
Elvizak tillari har yon oralar,
Jimlikni ko‘tarmas tabiat ta’bi.

So‘kibmi yo shu dam kimnidir qarg‘ab,
Qag‘illab o‘tadi daydi qarg‘alar.
Zaminga baxmaldan poyondoz to‘shab,…
Daraxtdan to‘kilar tillo sirg‘alar.

Uzuq-yuluq eslab qolar daraxtlar,
Dalli shamollarning ertaklarini.
Go‘yo tabiat ham unutib qo‘yar,
Bahorning tilagan tilaklarini.

YaPROQ

To‘kilar poyingga kuz yaproqlari,
Sen bemalol uni bosib o‘tasan.
Qiziqtirmas seni chekkan ohlari,
Borliqni titratib o‘tib ketasan.…

So‘nggisi sochingga osilib qolar,
Bo‘yingga mast bo‘lib tebranar telba.
Sen yulib olasan,
olmasang agar,
U yurak ostiga urar bir zarba.

Qo‘lingda g‘ijimlab ezasan asta,
Ming bitta bo‘lakka bo‘linar yaproq.
Bir daraxt qoladi – yuragi xasta,
Sochlarini yulib qoladi bir bog‘.
1995.

SUNBULA

Sunbula ezg‘ilar xayollarimni,
Sokinlik bag‘riga qulab boraman.
Jonsarak o‘tkazgan har onlarimning
Bittalab-bittalab sabrin yoraman.

Junjikib, mudragan salqin tunlarni
Uzoqqa oqizib ketar o‘ylarim.
Tashvish soch taratgan oq soch kunlarning…
Dardini yoyadi mahzun kuylarim.

Majnuntol sochlarin silab ohista,
Esin yig‘ib olgan suv oqar sokin.
G‘ubor yaproqlarga tikadi kashta,
Olislarda uxlar gulduros epkin…

Evrilgan yuragim tongni alqaydi,
Qutqarib qolgan-chun azob qa’ridan.
Ellar daraxtlarni yalab-yulqaydi,
Qo‘rqmayin sokinlik- hokim qahridan…

Osmonda karnaychi sayyoh turnalar,
Sog‘inchning dardlarin to‘kib ketadi.
Sunbula yurakni ezib tirnalar,
Ortingdan ohlarim quvib yetadi

Sunbula ezg‘ilar xayollarimni…
1993 yil.

BO‘SAG‘A

Hayrat ko‘zlariga qon to‘lar bugun,
Bugun gupiradi sokin hayajon.
Go‘yoki zulmatni yenga olgan nur
O‘lik sukunatga baxsh etadi jon.

O‘sha ko‘hna tolning pahmoq sochlari
Qora rangga emas,
oq rangga do‘nar.…
Yaltoqlanayotgan muzning haybati
Erkin xayollarning taftidan so‘nar.

Guvala devorning kovaklaridan
Asriy g‘uborlarning gullaydi bargi.
Yolg‘on ertaklarin aytib charchagan
Tunni uyg‘otadi notanish sezgi.

Siymu zar taqadi qontalash ro‘yo,
Yo‘yilgan ta’biri kengliklar alvon.
Shiddat-la qorishiq ruhlar sasidan
Eng zarra giyohning tili ham biyron.

Faqat lol chehralar mudraydi uzoq,
Ming bir titrog‘idan chiqmaydi kori.
Faqat quvvat berar,
quvvat berar tong,
Yorqin yomg‘irlarning o‘ynoqi tori.

KAYFIYaT

Hali xayolimda orzular tirik,
Bardoshning boshiga yoqqan emas qor.
Yurakning qatiga qadalgan gulning
Yugurik o‘ylari to‘qiydi ash’or

Otayotgan tongning harir pardasi
Mudroq tuyg‘ularni turar silkitib.
Tunlar sochlarini taratib oyga…
Intizor ko‘zlar-la turadi kutib.

Farah oy yuzidan bo‘salar olib,
Roviylar ko‘shkidan keltiradi nur.
Demak, umidimning yo‘llari ravon,
Tongning nasimida tug‘ilajak hur.

Demak, ko‘zlarimga surur bahsh etgan,
Kunlarning safiga safdoshdir shukuh.
Orzular rahida o‘sguvchi gulning,
Buguni so‘limdir, ertasi yorug‘.

ANNA AXMATOVA

Avradi aldamchi bahorlar,
Visolni boqiy deb bir umr.
Sho‘ralar bargida shudringlar –
Hijronning rangiday shaffof dur.

Tosh yo‘ldan o‘tmadi oq izvosh,
Sinmadi nastarin shoxlari.
Oq qayin taniga qo‘yib bosh,…
Yig‘ladi bardoshning mohlari.

Taqdirga yonmog‘i bitilgan,
Daftarlar kul emas o‘t bo‘ldi.
Falakning charxiga otilgan,
Palaxmon toshlari yot bo‘ldi.

Kuzakning xayoli bir sidra
Echildi. Aldandi bahorlar.
Sochini taraydi asira
To‘kildi xotirjam oq qorlar…
1995.

QOP-QORA ChEChAKLAR
(Shoir vafotiga)

Sokinlik yoyilgan zulumot
Bukchayib boradi tobora.
G‘amboda yulduzlar qiyomat
Yashirgan noma’lum sayyora.

Baroko‘h toshqalbi – parishon,
Jimlikdan yuragi yorilmas.
Alamdan uzayar bu hufton,
O‘lchovi vaqtga qorilmas.

Sokin suv o‘zanin buzmaydi,
Tubiga yashirar shiddatin.
Har bitta girdobga berkitar,
Isyonga o‘ralgan hayratin.

Qop-qora chechaklar ingroq-la,
Bu kecha barq urib ochilgan.
Qismatga aylangan tashbehlar
Sirlari hal bo‘lgan, yechilgan…
1996.

ShAVKAT RAHMONNING ENG SO‘NGGI TUShI

Yulduzlarga to‘ladir osmon,
Nurlarida ming bitta jilva.
Oy suzadi, tanho farishta.
Jildiraydi qadrdon jilg‘a.

Devor orti chorbog‘ tomonda…
Chigirtkalar sayraydi tinmay.
Oy nurida salobat bilan
Sulaymontog‘ turadi jilmay.

Chekka uyda chiroq nurida
Alla aytar onasi xushhol.
Butun borliq qotib qolganu
Sal shovillab qo‘yar edi tol.

Barchasini kuzatib yotgan
O‘spirinning xayoli misol.
Butun borliq birdan jonlanar,
So‘ri tomon yeladi hilol.

Yulduzlar ham endi yonida,
Qo‘l uzatsa ushlab olguday.
Qulog‘ining ostida alla,
Barchasini kuyga solguday.

Ortda qolar salobatli tog‘,
Tanish daryo shovillashi ham.
Tark etmaydi qadrdon alla.
Kun yoyilib borsa-da taram…

Tong otadi.
Munavvar oq tong.
Nafasida abadiy alla…