Avliyoxon Eshon (1957)

O‘sh viloyatining Laylak tumanidagi Andarxam qishlog‘ida tug‘ilgan. 1978 yili Leninobod Davlat pedagogika institutining tarix-filologiya fakultetini bitirgan. “Tungi tilovatlar” (1991), “Qayg‘u guli” (1995), “Tilsim” (2006), “Ko‘zgu ichida” (2008), “Sirli pardalar” (2009), “Yaxshilik” (2011), “Rayhoniy rangli suvratlar” (2012), “Tavba eshigi” (2014), “Mahjub” (2016), “Ikki mahal gullaydigan olmalar” (2018) nomli kitoblar muallifi.

VAZIFA

Men o‘zimni yengishim kerak!
Buning uchun yetarli asos –
Bu yorug‘ dunyoga
O‘zgani emas,
O‘zimni yengmoqqa
Kelganman,
Xolos.

MUHABBAT

Ko‘ksimga sezdirmay kirgan oqqushlar
Ko‘zlar kosasida eltadilar suv.
Oppoq bulutlarni kiygan yuragim,
Sog‘inch daryosida yuzlaringni yuv,
– Muhabbat kelmoqda,
muhabbat – Suluv.

Shafaqrang qadahga cho‘milgan bulbul
Oqshomgul bargidan yozar dasturxon.
Shamollar silkitgan ko‘k daraxtining
Tillo sandig‘idan to‘kiladi don,
– Muhabbat kelmoqda,
muhabbat – Darmon.

Suvi qochib ketgan quduqlar ichra
Eriydi gurkirab o‘sayotgan tosh.
Tunning shoxlariga o‘zini osar,
G‘amzada  armonlar ko‘zlarida yosh,
– Muhabbat kelmoqda,
muhabbat – Bardosh.

Mehribon parilar tegrangda uchar,
Gul sochib samoviy surmarang taxtdan.
Ko‘zimda chaqinlar yuklagan kema
Umid sohilida ko‘tarar yelkan,
– Muhabbat kelmoqda,
muhabbat – Vatan!

OChUN

1.
Bu islimiy ikki chiziqni
Qo‘ymayin deb to‘satdan buzib,
Bu ayolning qoshiga hattot
Qilqalamni olgan yurgizib.
Biram nozik barmoqlar bilan
Eshilgan tun – qora sochlari.
Chiroyini lafzida sharhlab,
Uchar ko‘klam qaldirg‘ochlari.
Yuzlaridan ulgu o‘g‘irlab,
To‘lishadi osmonda oylar.
Ko‘zlarida aksim ko‘ray deb,
Ko‘zgu tutib oqadi soylar.
Oftob har kun yolg‘iz uni deb
Er-falakka ulashar husn.
Bu ayolning qorachig‘ida
Uyg‘onadi qadimiy afsun.
Yuragimni sehrlaydi ishq –
Mulkni talar hijron qo‘shini.
Qafasidan ayro jon qushi
Oyinaga urar to‘shini.
Ko‘zlarimdan qora bog‘ichni
Echib bo‘lmas – ayol talabi.
Unga taslim bo‘lurman, birdan –
Buziladi yurak qolabi.
Barmog‘iga jonimni o‘rab,
Etaklaydi, uning quliman.
Ko‘kragimni to‘ldirgan havo
Jismim yerdan uzar, kulaman.
Bu ayolga ko‘nglimni bog‘lab,
Tortiladi sanoqsiz rishta.
Bu ham endi mag‘lub bo‘ldi deb,
Oh chekadi qirqta farishta.
Endi ayol – g‘olib malika,
Yoyib tashlar sarvat, sepini.
Suvga sho‘ng‘ib toshlar teraman,
Mahkam tishlab qarmoq ipini.

2.
Bu ayol dor ostida
O‘ynab, tizadi marjon.
Marjon toshi tosh emas –
Ip tishlagan qirqta jon.
Bormi malham istagan
Yuragin yamog‘iga,
Kelsin, xino qo‘ymoqchi
Bu ayol barmog‘iga.
Bo‘lsa agar xaridor
Tolim-tolim sochiga,
Dil qonin surtib qo‘ysin
Avval dor og‘ochiga.
Kimdir boqib ko‘ziga,
Qolmoq bo‘lsa yodida,
Ikki qabog‘in sitib,
Maydalasin jodida.
Bor bo‘lsa talab ahli,
Kirmasin olov-o‘tga,
Jismin kafanga o‘rab,
Solib kelsin tobutga.

OQShOM TAShBEHLARI

Oqshomgul yoqadi chiroqlarini,
Qop-qora ko‘ylakka sachrab ketar cho‘g‘.
Daraxtlar tushirar bayroqlarini,
Shamolning qo‘lida yarog‘lari yo‘q.

Qumg‘onlar ayolday olovga kirar,
Bo‘ynidan to‘kilar durri marjoni.
Sho‘x suvlar ildizga qarab yugurar,
Barmoqlar taftidan yayraydi joni.

Ustunlar o‘ranib olar choponga,
Hovlini aylanib so‘z yurar – iliq.
Sachratib isini hamma tomonga,
Xokandoz ichida o‘ynar isiriq.

Boshiga yoqutni qadar osmonlar,
O‘t-o‘lan yashirar oqqushlarini.
Supalar ustida o‘tirgan jonlar
Duoga to‘ldirar hovuchlarini.

Suzmalar xaltasi olma shoxidan
Tuproqqa to‘kadi qayg‘ularini.
Hurlari gul terib ko‘ngil bog‘idan,
Qiyiqqa tikadi tuyg‘ularini.

Oqshom o‘tib ketar. Tushib kelar tun.
Fichirlab bo‘shaydi eski so‘rilar.
O‘choqlar boshidan haydalar tutun,
Odamday qorayib turar mo‘rilar.

IShQ

Shabnam bilan yuvib qorachig‘ini,
Ayol keltiradi ko‘ngil cho‘g‘ini.

Ul cho‘g‘ni dur kabi terib yetti hur,
Yurak rishtasiga tizib o‘tkazur.

Bir qatim nur tishlab muloyim qushcha,
Ishqin izhor aylar bor tovushicha.

Barmog‘ing tegadi, falak chiltori
Chalinar – eriydi ufqlar qori.

Farishtalar yoqib tun chirog‘ini,
Gulga to‘ldiradi oy quchog‘ini.

Chaqmoqlar muzlagan ko‘ksini yopib,
Cho‘g‘ so‘rab keladi izingdan chopib.

Dahri dun ichinda odamsan, o‘tlug‘,
Ko‘ksingda bir yalov, qadaming qutlug‘.

Yurak ishqdan o‘zga og‘riqni tuymas,
Olovni ushlasang, qo‘llaring kuymas.

KUY

Tillo tumor ko‘kragimning
Devoriga qoqilgan.

Dil yorishar – jon iplari
Sham misoli yoqilgan.

Sir qolmadi – ko‘zlarimning
Insholari o‘qilgan.

Kuy tomchilar – musiqaning
Qo‘shiqlari to‘qilgan.

Oy – siymtan, qulog‘iga
Isirg‘alar taqilgan.

Nur to‘kilar – yulduzlarning
Chanoqlari chaqilgan.

QISh. DALV

Zamharir qish – borliq tasvirin
Chizayotgan mohir musavvir,
Bir kechada rayhoniy rangli
Suvratlarni ayladi tahrir.
Daraxt kecha quyoshga tutib,
Ol-qirmizi yonoqlarini,
Uqalaydi bugun sovuqdan
Og‘riyotgan barmoqlarini.
Poda chimdib ketgan maysaning
Eshitmasdan shivir-shivirin,
Qordan chiqib turgan tug‘larin
Sindiradi achchiq izg‘irin.
Odam yurmas ovloq yo‘llarda
Charx uradi qorlar quyuni.
Otxonaning tuynugidan ot
Cho‘zib-cho‘zib qo‘yar bo‘ynini.
Qirga tutash bog‘larga qarshi
Boshlanadi shamol hamlasi.
Oqshomlari cho‘g‘day chisirlab,
Yoriladi tutlar tanasi.
O‘choqlarda yongan ho‘l o‘tin
Tutunlari qoplar xonani.
Qizlar nozik barmoqlariga
Qo‘ndiradi angishvonani.
Peshayvonga sepilgan donni
Cho‘qib yurar chumchuqlar – insiz.
Eshik sovuq, molxonalarda
Qolar bo‘ldi sigir sog‘insiz…

BIR HOVUCh ChO‘F

Hayot – gulxan, yuzlarimga
Tushdi issiq soyasi.
Vujudimni chirmab-chirmab,
O‘ynadi o‘t tolasi.

Olov bosib kechdi umrim,
Fam keldi kul titgani.
Bir hovuch cho‘g‘ topilmadi
Ko‘nglimni isitgani.

IMOM FAZZOLIY

1.
Odam haqiqati – ma’noi botin,
Dil – podshoh, musallam tutmish badanni.
Doril najotiga intilgan ruhning
Dargohi Ahadiyat asl ma’dani.
Vujud – shahar bo‘lsa, qo‘l va ayog‘ing
Uning fuqarosi – hunarmand ulus.
Fazab ila shahvat xanjar ko‘tarib,
Har tun xaloyiqqa bo‘lur yuzma-yuz.
Ul omili xiroj, rohzan va yog‘iy,
Hech taslim bo‘lmasdan podshoh – dilga,
Shahar ahlin talab, ko‘zlarin bog‘lab,
Etaklab keltirar tungi qatlga.
Ul chog‘da ko‘ngilning vaziri – aql
Tadbir ko‘zi ila boqib atrofga,
Podshoh g‘animlarin ibodat sori
Etkazib, chek qo‘yar bor ixtilofga.
Zero aql birla kengashib ko‘ngil,
Shahvat va g‘azabni tutsa ilkida,
Saodat yo‘llari ochilib, dilning
Nizomi hukmron bo‘lur mulkida.
Odam o‘z vujudi mamlakatiga
Podshohlik qilsa, Allohga banda –
Bo‘lmoqqa shoyista bo‘lg‘ay, Yor yuzin
Ko‘rmoq nasib etar unga o‘shanda.

2.
O‘zining nafsini tanimay hanuz,
Banda tanimagay Hazrati Haqni.
Saodat tuxmini qo‘lga kiritmay,
Bilmog‘ing maholdir o‘zgani, xalqni.
Gar rizo emassan bunday da’voga,
Bo‘lursan el ichra kulgi, uyatlig‘ –
Egani non topmay, shahar ahliga
Osh va’da aylagan gado sifatlig‘.

3.
Dunyo misli soya, yaqinroq borsang,
Sendan qocha boshlar… Bisyor xatari –
Yuziga qizlarning niqobin tortgan
Kampirday yetaklar halokat sari.
Dunyoning ahlini Hazrati Iso
Sho‘r ummon suvini ichaverib, boz –
Chanqog‘i ziyoda bo‘lgan bir guruh
Tashna odamlarga etgandi qiyos.
Dunyo – karvonsaroy, musofir uchun
Tayyor qilib qo‘yar yo‘lning ozig‘in.
Faqat ablah odam taom ulashgan
Oltin tabaqqa ham qadaydi ko‘zin.
Garchi bu olamning bor lazzatidan
Qo‘l yig‘moq ravomas, aylasang fikr.
Lekin bori a’mol faqat Allohga
Ibodat qilmoqdir, ma’rifat, zikr.

SEVGI

Er eriy boshladi…
Oy to‘shab qo‘ydi
Oyog‘im ostiga zangor poyandoz.
Ochko‘z bo‘shliqlarning yelkalariga
Ekilgan yulduzlar gullaydi qiyg‘os.

Oqbadan bulutning mayin sochlari
Ilonday o‘ralar bilagimga jim.
Osmon eshiklari yuragim yanglig‘
Ma’yus nigohingdan ochilar sim-sim.

Bir ulkan yurakning yolg‘iz kulbasi
Menga vatan bo‘lur, senga – manzilgoh.
Ufq tandiridan uzilgan patir
O‘rtada ushalar, qayg‘ursang – gunoh.

Quyoshni kutamiz taxtiravonda,
Gullar kosasida kuy chalar boda.
Qushlarin kaftiga qo‘ndirgan daraxt
Uzun ildizlarin yozar havoda…

Bizdan baxtiyor yo‘q, yig‘laysan, malak,
Muhabbat gullarin mahkam  quchoqlab.
Poyandoz ustidan yurib boramiz,
Yurakni eng baland parvozga chog‘lab.

AZIZ SAIDGA ARZI HOL

Peshonamni tilkalar Omoch.
Chaqaloqqa nom qo‘ydim – Armon.
Uchib ketar yashil Qaldirg‘och.

Qo‘shchi botib borar tuproqqa.
Tizzasini kuydirar qayg‘u.
Yurak tushar birdan titroqqa.

Boshog‘idan qulab tushar don.
Erdan sizib chiqqan suv – qaynoq.
Dasturxonda tishlanmagan non.

Baxtning muzlab borar tanasi.
Ko‘zi ochiq katta g‘alvirda
Qovurilgan bug‘doy donasi.

***

Kim yomonlik qildi,
Uni kechirdim –
Tindi ko‘ksim ichra g‘amlar quyuni.
Duoga qo‘l ochdim,
Raqibim tag‘in
To‘ldirib olguncha toshga qo‘ynini.
Rabbim, meni kechir,
Gumroh bandani
Uyg‘ota olmadim g‘aflat xobidan.
Bilmadi –
Bo‘yniga gunohim olib,
Ayrilib qolganin
Bor savobidan.
Ul hanuz yig‘maydi qo‘lin yoqamdan,
Hamon buzolmaydi yomon ahdini.
Men deyman –
Yuragim bir umr tuysin,
Kimnidir kechirib yashash baxtini.
Xudoyim,
Ul ojiz banda ko‘ksida
Yonayotgan samum olovin o‘chir.
Unga
Bor qilmishi uchun qaytargan
Shuncha yaxshiligim oz bo‘lsa,
Kechir…

TO‘RTLIKLAR

1
Dil – nuroniy javhar, emas obu gil,
Ilohiy asrorga maxzandir, manzil.
Ul xomush bo‘lsa ham, faqat tinimsiz
Alloh zikri bilan go‘yo bo‘lur dil.

2
Ko‘nglim – qul, aqlimdir uning podshohi,
Goh aqlim qulaydi, bo‘ldim guvohi.
O‘tmishda qiyos ko‘p – isyon ko‘tarib,
Qul ham shoh taxtiga o‘tirgan gohi.

3
Dunyo deb, bir lahza och o‘lmading, dil,
Jumboqsan, tugunday yechilmading, dil.
Yusufning ko‘ylagi yuzingda, biroq
Hamon ko‘zing yumuq, ochilmading, dil.

4
Botinni anglamas zohid lof urgay,
Hech qachon poklamay dil g‘uborini.
Siyrat ko‘zin ochgan ishq ahli ko‘rgay –
Bu olamda pinhon Haq asrorini.

5
Dilni gohi o‘tga solib tobladim,
Goh suvda sovutdim, kelmish o‘ziga.
Tandir ichra cho‘g‘da pishar mahali
Suv sepib turganday nonning yuziga.

6
Ruhim – ipak arqon, tan-vujudimni
Mahkam bog‘lab, tutib turgay, uzilmay.
Kunu tun qaynatib tursang ham, shakar –
Novvotga evrilmas ipga tizilmay.

7
Ahli dunyo sarxush, g‘aflat ichinda,
Nafsini tizginlab solmagay izga.
O‘z holini bilmas, go‘dak singari
Qo‘liga ne tutsa, solar og‘izga.

8
Ikkisini bog‘lab turar bir rishta,
Uzilsa, bu dunyo kuyar ohidan.
Ruh vujudga bandi, balki shu sabab –
Ul azobda yashar tan gunohidan.

9
O‘z ilmiga amal qilmay, munofiq –
Lof urgay, qulog‘ing tutma naqliga.
Ummon o‘rtasida shamol bo‘lmasa,
Elkandan naf yo‘qdir kema ahliga.

10
Ey Eshon, tafakkur ko‘zi ila boq:
Mo‘jiza paydodir bori odamda.
Vale, kim maqsudga yetgaydir, Ishqsiz –
Hech ma’ni qolmagay edi olamda.

11
Dunyo manim dedi, nafsi qo‘pganlar,
Dunyo g‘anim dedi, qo‘rqib chopganlar.
Biz-ku, arosatda yuribmiz hamon,
Bu dunyodan ketdi aql topganlar.

12
Meni yengish uchun tarafkash izlab,
El-ulus ichinda qo‘zg‘amang nifoq.
Meni mag‘lub etish juda ham oson,
Faqat o‘zim bilan tuzib ittifoq.

13
Nafsi balodir ul, itob aylamish,
Bizni g‘ulom bilib, azob aylamish.
Olamga bir nazar solmoqchi edik,
Dil ko‘ziga o‘zin hijob aylamish.

14
Ko‘klam shoxlaringga tashlab ketdi cho‘g‘,
Yoz bo‘yi porlading – yashil alanga.
Sen qaysi hikmatga izohsan, daraxt,
O‘t ichra kuymasdan o‘sding balandga.

15
Bizda ne gunoh bor, etmayin ogoh,
Yor yuzin niqob-la yashirdi nogoh.
Tahlika ichinda g‘am chekma, ko‘ngil,
Gohi falakda ham tutilgaydir moh.

16
Men dunyoni suydim, ul esa meni,
Garchi o‘t-otashga soldi jonimni.
Bir marta oh ursam, aks sado yanglig‘
Yuz bor takror etgay oh-fig‘onimni.

17
G‘ussani qulatdik, yurakni ochib,
Sovg‘a-salom bilan chiqdik tashqari.
Choparlar yetmadi yoki adashdi –
Hamon ko‘rinmaydi quvonch lashkari.

18
Tasavvurda ko‘rdim dunyo aksini,
Tafakkur mahali qildim bahsini.
Faqat tazarruga yetgan chog‘imda,
Angladim dunyoning asl mag‘zini.

19
Zolim va havoyi nafs bo‘lsa g‘olib,
Tan ila ruhingni gunohga qorgay.
Zikr-la isloh et, pok bo‘lur, chunki
Kunduz uzayganda, kecha qisqargay.

20
Do‘stdan shafqat yetar, g‘animdan – ozor,
Anglab yet, bu hikmat falsafasini.
Zero dimog‘ingga keltirar shamol,
Gohi gul, gohida tutun isini.

21
Zahmatsiz muroding bo‘lmagay hosil,
Bir hovuch suv ichmay, qolursan tashna.
Tayyorin kim ko‘rmish, hatto Ayyub ham,
Erga oyoq urgach, ko‘z ochdi chashma.

22
Ruhim, meni kechir, topmading qadr,
Ters ma’no ko‘rindi dunyo ishida –
Bir umr aylanib tushibman sadr,
Tuproq bo‘ladigan tan tashvishida.

23
Saodat istasang, taslim bo‘l, ey dil,
Libosing almashtir Ishq jomasiga.
Zero to‘fon chog‘i Alloh amri-la,
Hech zarar yetmadi Nuh kemasiga.

24
Dayr ichra boshimga tegdi g‘am toshi,
Bo‘g‘zimda bir fig‘on tinmadi uzoq.
Tili mis devorga qattiq urilib,
Baland sado bergay sokin qo‘ng‘iroq.

25
Dil ozoda guldir, nozik va latif,
Chaman ichra sochgay anbar bo‘yini.
Avayla, o‘t-alaf o‘rnida ko‘rib,
Necha hayvon o‘tgay cho‘zib bo‘ynini.

26
Ey g‘ussa, do‘st bo‘ldik, shodlik esh emas,
Mendan ayru tushmoq senga xush emas.
Goh quvonch kelganda, o‘girdik yuzni –
O‘z do‘stidan kechmoq bizning ish emas.

27
Habibdan so‘radim: “Nufuzing baland,
Xudoga xush kelmish qaysi bir ishing?”
Ul dedi: “Men dilni oqartdim, sening
Qog‘oz qoraytirmoq bo‘ldi yumushing”.

28
She’rimda gavhar oz, tuprog‘i ko‘pdir,
Buzilgan vazniyu turog‘i ko‘pdir.
Yam-yashil daraxtga qarab tushundim –
Uning mevasidan yaprog‘i ko‘pdir.