1946 yilda tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetida tahsil olgan. Shoirning “Favvora”, “Moviy osmon”, “Zamin ko‘rki”, “Tolbargak”, “Ko‘ngil kabutari”, “Sirlar” nomli to‘plamlari nashr qilingan. U tarjimon sifatida Yevripidning “Medeya”, Esxilning “Qabr oldidagi qurbonlik” asarlarini o‘zbek tiliga o‘girgan.
Shoir 1986 yilda vafot etgan.
Uyg‘onish
Bo‘lsamki, u chog‘ hali rasida,
Keldim bahorga misli qaldirg‘och,
Uzala tushgan yerga ko‘z solib.
Borliqdan go‘zal nash’alar olib,
She’riyat oldi – bo‘sag‘asida
Dedim men: sim-sim, eshigingni och!
U ne koshona, u ne saroyki,
Zimni yaralmish shoir qonidan,
G‘ishti qayg‘udan, rangin hislardan.
Bobolar solib ketgan izlardan
Ko‘rdim gumbazda bir xipcha oyki,
Sochma yulduzlar jilmas yonidan!
Pag‘a bulutlar monandi oqqush
Qasr ustidan uchib o‘tganda,
Anhor bo‘yidan yalpiz bo‘ylari.
Esib turardi… To‘p-to‘p bolari
Nafis gullardan istabon og‘ush
U ham yashashni etmasdi kanda.
Tip-tiniq edi o‘sha kez samo,
Yam-yashil edi o‘sha kez yaproq.
Kunday yoyilib borliqqa ishqim.
Nechundir unga keldi qotishgim!
O‘sha ondanoq xuddi Qaysnamo
Sevdim seni men, ey, ona tuproq!
Tilak
Yuksakda, undan-da, avjlansang sal nari
Er sathi ko‘rinar g‘oyat keng.
O‘lkalar jimjima xarita singari,
Dengizlar yapaloq toshga teng.
Shu onda jonlanar ko‘ngilda tilak,
Orzuki beqiyos, muqaddas,
Zaminni yashnatmoq ishqida bu yurak!
Ulug‘ yer tinch-omon bo‘lsa, bas!
Yomg‘ir
Bugun havo boshqacha,
Chunon og‘ir, zil-zil.
Ertadan to kechgacha
Er uzra suv mil-mil.
Birin-ketin tomchilar
Sinar go‘yo chil-chil.
Goh suv betin chimchilar,
Goh tovlanar xil-xil.
Uzilgan umidlar
Suv uzra ra’nomi, suv uzra gulmi,
Maylini oqimga topshirgan?
Chindanam daryomi, chindanam suvmi,
Bir dasta chechakni girdobda shopirgan?
Sohilda mo‘ltirab turgan ey, maysalar,
Gapiring, tilingiz bor bo‘lsa!
Chechaklar qirg‘oqqa chiqolmay chayqalar…
Nahot, gul shunchalar xor bo‘lsa?
Suv ichra tentirash jonga ozordir,
Xalos et gullarni, ey, shamol.
Axir, gul ko‘rk erur, garchi xazondir,
Biri yo‘q ersa, yo‘qdir bu jamol…
Suv uzra ra’nomi, suv uzra gulmi,
Maylini oqimga topshirgan?
Chindanam daryomi, chindanam suvmi,
Bir dasta chechakni girdobda shopirgan?
Chorlash
Yomg‘ir tindi. Yuvildi bog‘lar,
Endi shodon o‘ynaydi sabo.
Tomchilarga to‘ygan yaproqlar
Chapak chalib, kuylar dilrabo.
Shu asno, sen ko‘rgizib himmat,
Baxsh aylagin tabiatga zeb.
Tushun, yorim, bu damlar qimmat,
Ko‘rk yaraldi senu meni deb.
Sochlaringni kiftingga tashla,
Mayli, o‘yna, mayli xirom et.
Bu istig‘no, bu ko‘zgu qosh-la,
Ko‘nglimni och, aqlimni rom et.
Senga alvon lolalarimdan
Tikib bergum xil’ati jannat.
Hijronzoda nolalarimdan
Ko‘rgizayin anvoyi san’at.
Gar istasang: oyu yulduzni
Qadamingga tutdek to‘kaman.
Gar istasang: kecha-kunduzni
Kokilingga aylayman kamand.
Faqat, qo‘l ber, kel, men bilan bo‘l,
Istiqboling etayin ta’min.
Bizga ilhaq biyday dashtu cho‘l,
Bizga ilhaq shu qutlug‘ zamin.
Birodarlik orzusida
Keng Vatanni quchib olishga,
Qo‘lim kalta, yetmas qulochim.
Eng shimarib tushilgach ishga,
Bormi deya mening ilojim,
Kechalari o‘yga tolardim.
Kecha-kunduz zikrimda Vatan,
Suratini saqlar ko‘zlarim.
Qit’alar ko‘p, agar hurmatan,
Qo‘lni-qo‘lga bersa do‘stlarim,
Er sharini quchib olardim.
O‘tinch
Seni ta’rif etayin,
Gapga quloq sol-sol.
Qaro zulfing dilbarim,
Eshilibdi tol-tol.
Har bir tola sochingga
Etmas dunyo mol-mol.
Oy yuzingni bir ko‘ray,
Gajagingni ol-ol.
Qora tunim eslatdi
Chakkangdagi xol-xol.
So‘z o‘rniga labingdan
Topmoqdaman bol-bol.
Oshig‘ingdan bir yo‘la
So‘ra sharhi hol-hol.
Og‘ishmasdan yur birga,
Dema, yaxshi qol-qol.