Asqad Muxtor (1920-1997)

Asqad Muxtor 1920 yil 23 dekabrda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston xalq yozuvchisi (1980). O‘rta Osiyo universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1942). Dastlabki dostoni — «Bizning avlodlar» (1939). «99 miniatyura» (1962), «She’rlar» (1966), «Sirli nido» (1984) va boshqa she’riy to‘plamlar muallifi. «Bo‘ronlarda bordek halovat» (1976) qissasi hamda «Davr mening taqdirimda» (1964), «Chinor» (1969), «Amudaryo» (1986) kabi romanlari bor. «Mardlik cho‘qqisi» (1948), «Chin yurakdan» (1956), «Dunyo bolalari» (1962), «Ildizlar», «Jar yoqasidagi chaqmoq» (1984), «Kumush tola» (1988) singari asarlari bolalarga bag‘ishlangan. «Tong bilan uchrashuv» (1987) pesalar to‘plami nashr etilgan. Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1972). «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan (1995). 1997 yil 17 aprelda Toshkent shahrida vafot etgan.

* * *

Ikki narsa og‘ir ko‘ngaimga asli,
Ikki narsa uchun yo‘q menda bardosh:
Biri – dushmanimning shodon qahqahasi,
Biri – do‘st ko‘zida miltillagan yosh.

* * *

Daraxtlarni burkab
Oq tuman suzar.
Eshitilmas qushlar navosi.
Nega muncha g‘amgin…
Nega dilni ezar
Erta bahor kuni bu kuz havosi?
Men nega yuribman
Bog‘ni aylanib,
Uyda axir ishim oz emas:
Stolda yotibdi chala satrlar…
Men nega yuribman,
Ko‘nglim yozilmas?..

Bir qiz,
bir yigitni ko‘rdim shu damda.
Ular shoshib kelib,
tez qo‘l olishdi.
Shumshaygan daraxtlar tagida, namda
Uzoq,
uzoq turib qolishdi…
Baxtliman.
O, mening toleim ko‘rkam.
Ko‘nglim quvonchlarga to‘ldi limmo-lim,
Chunki, qayerdadir,
uzoqda bo‘lsa ham,
Er yuzida sen borsan, jonim.

* * *

Kuzgi yellar, xazonrez yellar,
Bog‘lardan bog‘larga ko‘chasiz.
Gullar xushbo‘yini,
Oltin barglarini
Qayoqlarga olib uchasiz?

Yalang‘och shoxlarda izg‘ib,
Ko‘chib ketgan
Qushlar uyasini titasiz.
Ko‘z oldimda tortqilab, yulqib,
Yoz husnini olib ketasiz.

Ammo men bilaman –
Olib ketolmaysiz
Umrim bahorining bir yaprog‘ini.
Ko‘klam shabbodasi bo‘lib qaytarsiz
G‘arq pishgan bog‘larim sog‘inib.

UMR

Kuni kecha shu so‘rida yotganimda
Oy shu’lasi tushmas edi yuzlarimga:
Yaproqparning titroq, yashil sharpalari
Orom olib kelar edi ko‘zlarimga.
Bugun bo‘lsa tanga-tanga nur tushipti.
Mijjam horg‘in, uyqu bermas yorug‘ yulduz.
Birdaniga yuragim shuv etib ketdi:
Kuz kelipti, kuz…

* * *

Men ko‘p yo‘llar yurdim,
Ko‘p narsani ko‘rdim,
Goh sog‘inib,
Goho
Shodlikdan jo‘shib;
Qanot chiqqan qushday
Uyasiga sigmay,
Yuragimda talpinar qo‘shiq.

* * *

Men seni o‘ylayman,
o‘ylarim cheksiz,
Shunday cheksiz bo‘lsin baxtli kezlaring.
Men seni o‘ylayman.
o‘ylarim tengsiz.
Shunday tengsiz sening tiniq ko‘zlaring.
Men seni o‘ylayman,
o‘ylarim uzun,
Ki undan shundayin bir arqon o‘rsam,
Chirmab tutib bersam sevgan yulduzing
So‘ngra sen ko‘ksingda porlatib yursang
Men seni o‘ylayman…

* * *

Oradan gap qochsa, yaraday qiynar.
Shunday iz qoldirar so‘zning qamchisi
Goh tun sukutida eshitib qolaman –
Gurs etib tushadi ko‘z yosh tomchisi.
Nima gap o‘zi?

Nahot ko‘qtsan uzilib tushgan bo‘lsa
Nikoh yoshimizning yorug‘ yulduzi…

GULLAR

Lola gulxanlari yo‘l yoqasida…
Umrimda juda ko‘p yo‘llar bosdim men
Bahor epkinidan yurak orziqadi,
Yo‘llardan ham ko‘proq gullar bosdim men.

Ko‘ksim bilan bosdim,
ezdim poshnam bilan,
Chamanlar, chamanlar toptadim!
Balki shuning uchun
yigirma yil izlab,
Gulgun yuzlaringdan orom topmadim.

Balki o‘sha yillar
dil xazinasidan
Qandaydir javohir yo‘qotdim.
Yovga o‘q otishim kerak edi mening,
Gullarni ko‘rmadim.
Yovga o‘q otdim.

Shoshish zarur edi,
shoshish, otish zarur,
Men o‘lim girdobi bo‘lishim kerak.
Tunlar sozliqlarda o‘rmalarkanman,
Gullarning infashin tinglardi yurak.

Ha, ko‘p gul bosdim men.
O‘rni to‘larmikan
Gul bo‘lib ochilsa har qalb tepishi?
Qirda lola fasli chalqancha yotib,
Borliqni unutging keladi kishi.

Meni nafratlamas lolam, jonginam,
U hamon mehr ila menga boqadi.
Men quloq solaman:
tomirlaridan,
Mangulik sharbati silqib oqadi.

Gulgun yonog‘ida shabnam qatralari…
Negadir eslayman bolalarimni.
Borliqni unutish kerak emas, yo‘q,
Ardoqlayman lolalarimni!

Etik poshnasidan ardoklayman, o‘kdan,
Dovul tursa – qalqon bo‘laman!
O‘lsam, faqat Beloyanis kabi
Tishimda gul tishlab o‘laman.
Tishimda gul tishlab o‘laman…