Amirqul Po‘lkan 1948 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini (hozirgi O‘zMU) tamomlagan. Shoirning “Poyga”,”Buloq”, “Izhor”, “Ohang” kabi she’riy to‘plamlari, “Mangulikka suiqasd”, “Shaytonning o‘limi” dostonlari nashr etilgan. U 1982 yilda vafot etgan.
INTIZOR ChEChAKLAR
Qish kuni bulbulni sog‘indim juda,
Ko‘zimni to‘rt qildi sayroqi qumri.
Aslida, bahorni qo‘msash behuda,
Zeroki, uch oydir qishning ham umri.
Bilaman, shu fasl o‘tmasdan qolmas,
Shu yolg‘iz bir umid ko‘nglimga qanot.
Lekin, u qalbimga taskin berolmas,
Baxsh eta olmaydi menga halovat.
Dunyoda bahordan suluvroq ne bor,
U menga so‘zlagay ezgu cho‘pchaklar.
Do‘stlarim, hademay keladi bahor,
Doim qor ostida yotmas chechaklar.
* * *
O‘n to‘rt kunlik bo‘lganida oy,
Tun qo‘yniga kirganda falak,
Tingla, meni, ko‘nglimni aytay,
Derazangni ochib qo‘y, malak!
Yiroqlarga ketganim chog‘da,
Qilganida hijron jonhalak.
Raqiblarni qoldirgan dog‘da,
Derazangni yopib qo‘y, malak!
BOTIRLAR
Necha bor zaminni kuydirdi otash,
Necha bor moziyning aylandi charxi.
Va lekin, yo‘lidan toymadi quyosh,
Va lekin, tushmadi botirning narxi.
G‘animlar yurtimga qildilar yurish,
Muqaddas tuproqda tutdilar chodir.
Intiqom olmoqqa chorladi urush,
Yovlarga o‘q bo‘lib sanchildi botir.
Botirlar jon berdi mardona turib,
Tulporlar qon kechib chopdilar sarson.
O‘q yegan burgutdek, nogoh, charx urib,
Ularning ko‘ksiga yiqildi osmon…
Ular ham hayotni sevardi jondan,
Ular ham yashardi tole axtarib.
Botirlar ko‘ksidan sachragan qondan
Ko‘kdagi yulduzlar qoldi qizarib.
Eh, ular sharob ham ichmadi qonib,
Umr ham bermadi janggi beomon.
Shoirlar qudratni kuyladi yonib,
Ularning sha’niga bitdilar doston.
Zotan, men ulardan olgayman saboq,
Shul uzoq o‘tmishga solgayman nazar.
Bugun ham qaydadir pisgancha qo‘rqoq,
Botirning ortidan urmoqda xanjar.
Men qanday chidayin bunday jafoga,
Ne qilay go‘daklar qolsinlar sag‘ir?
Umrimni bergayman balki da’voga,
Men ham botirlarga zuryodman, axir.
Va, lekin, bu bilan o‘zgarmas tarix,
To‘kilib bitmagay kiprikdagi gard.
Baribir, ularni bo‘lmas qaytarib,
Jazoga mustahiq bo‘lmagay nomard.
Mayda gap qilsam gar kechiring, biroq,
Do‘stlarim, botirlik emasdir oson.
Ko‘z yumgan botirlar bugun ham uyg‘oq,
Ularning kiftida turibdi osmon.
* * *
Shodligimning poyoni yo‘qdir,
Olam yashnar quyosh nuridan.
Bu dunyoda parilar ko‘pdir,
Sen yaxshisan ammo baridan.
Shodligimning poyoni yo‘qdir,
Olam yashnar quyosh nuridan.
Bu dunyoda oshiqlar ko‘pdir,
Men yaxshiman ammo baridan.
MAQSAD
Odamlar hayotda o‘tarkan burchin,
Erishmoq istarkan sobit bo‘lmoqqa.
Maqsad kerak ekan yashamoq uchun,
Maqsad kerak ekan hatto o‘lmoqqa.
Men uning ortidan yugurdim yillab,
Gohida oyog‘im toyildi toshga.
Allakim pand berdi tushsin deb qulab,
Birovlar og‘amdek ko‘tardi boshga.
Garchi, men yulduzni ko‘zlaganim yo‘q,
Havoyi ishqni ham qilmadim odat.
Yo Humo qushini izlaganim yo‘q,
Maqsadim ketidan intildim faqat.
Oh, urib yotmadim fursatni kutib,
Qo‘rqmadim kelgay deb bevaqt zavolim.
Gohida dehqonning qo‘lidan tutib,
Egatdan suv bo‘lib oqdi xayolim.
Mehribon xalqimni sevdim har qachon,
Boshiga g‘am tushsa, g‘am chekdim ming bor.
Men uchun yurtimdek azizdir jahon,
Men uni kuylarman behudud, bisyor.
Shu bois, o‘yimning yo‘q erur keti,
Shu bois, bo‘lolmam andak beparvo:
Ketmasin uylardan hech vaqt non hidi,
Insonga hamisha baxt bo‘lsin ravo.
Matlabim, zahmating chekdim ko‘p g‘oyat,
Maqsadim, men uchun o‘zing bo‘l daho!
Sen bo‘lsang, manguga boqiydir hayot,
Sen bo‘lsang, menga ham yo‘qdir intiho!
* * *
Sen mening orzum bo‘l,
Qo‘shiq bo‘lib yangra qalbimda.
Muqaddas bo‘y bo‘lgin,
Umri uzun bo‘l,
Armon bo‘lib qolma qalbimda.
Zangor bo‘shliqlarga sho‘ng‘i,
Yulduz bo‘lib porla, quvonay.
Sabo bo‘lib esgil tonggi –
Go‘zalliging shavqiga qonay.
Seni kuylab o‘tay…
Hur bo‘l,
Yoniq qalbim bo‘lib qol, gulim!
Umrimga mezon bo‘l,
Maqsad bo‘l,
Ko‘zlarimga nur bo‘l, sevgilim!
* * *
Nur etagin yig‘ib olib,
Shom talpingach yer tomon,
Xona ichra tanho qolib,
Sirlashamiz ikkovlon.
Xayol meni sarxush etar,
O‘y suraman suyunib.
Tongda arang chiqib ketar,
Tun xayoli kiyinib.
* * *
Men seni sevaman,
Olis fazoni,
Yorqin yulduzlarni kuylayman yonib.
Dengizga lab tutgan ulkan daryolarning
Hayotbaxsh suvidan ichgayman qonib.
Men seni sevaman,
Kuylab, madh etib,
So‘ylarman bu dunyo odamlariga.
Gullar unaverar,
Baxt ko‘karadi
So‘ngsiz dalalarning etaklarida.
Men seni sevaman,
Yuksak tog‘lardan
Shoshilgan shovvadek bilmayman tinim.
Senga talpinaman butun umr bo‘yi,
Bobolar Vatani – O‘zbekistonim!