Taniqchi hajvchi, shoir va yozuvchi Abdurazzoq Obro‘y 1956 yili Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan.
1985 yili Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligida, “Mushtum” jurnalida, “Vatanparvar” gazetasida xizmat qilgan. Nafaqadagi podkolkovnik.
U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvonini olgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
Abdurazzoq Obro‘yning “Xo‘plam-to‘plam”, “Huring-hiring”, “Tuxumning qudrati”, “Ayolning qulog‘i”, “Ruxsat bering sh’er o‘qiyman”, “Sen avayla, asra O‘zbekistonni” kitoblari nashr etilgan.
Bobolar va momolar
Bobo sevar momoni,
Momo sevar boboni,
Odam Ato sevganday
Go‘zal Momo Havoni.
Qadri baland bobolar,
Aziz bizda momolar.
Azaldan kampirlarga
Chol yoqar soqoli bor,
Hozirgi bobolarning
Har gapda maqoli bor.
Oppoq bo‘lsa soqoli,
Yarashgaydir maqoli.
Bobo ekkan bug‘doyning
To‘qdir doim boshog‘i,
Omon bo‘lsa kampiri,
Uvol bo‘lmas moshog‘i.
Xirmonlar donga to‘lsin,
Dasturxon nonga to‘lsin.
Kampirlarning kim aytar
Og‘zida bir tishi yo‘q,
O‘zlariga qarashdan
Boshqa biror ishi yo‘q.
Uyulmasin qovog‘i,
Oshga to‘lsin tovog‘i.
Cholu kampirlar, mayli,
Bo‘lishsin Majnun-Layli,
Umrlari uzaygan xo‘b,
Mustaqillik tufayli.
Shunday baxtli zamonda,
Hamma bo‘lsin omon-da.
Bekobodlik qiz
Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi “Taqachi” qishlog‘ida qizil g‘ishtdan barpo etilgan qabr bor. Rivoyat qilishlaricha, bu qabrni Bobur qurdirgan ekan. U xalq orasida “Qizil mozor” deb ataladi.
Bunga bo‘lib o‘tdi bir qancha zamon,
Andijondan kelib, yursa bu tomon,
Dushmanlari qo‘ygan unga zo‘r qopqon,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
O‘ziga xos edi sharmi, ibosi,
Juda yarashgandi jangchi libosi,
Lashkar bo‘lishgan-da, ota-bobosi,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
Lashkar bo‘lishga ham zarur zo‘r talant,
Mardlarning doimo g‘ayrati baland,
Qilichni serpagan Alpomish monand,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
Quyosh nurin sochib Sharqdan chiqadi,
Vafodorlar oddiy xalqdan chiqadi,
Aslida, barisi Haqdan chiqadi,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
Boburni oldinda bog‘, bo‘ston kutgan,
Taxt kutgan, baxt kutgan, guliston kutgan,
Yarat deb, yashnat deb, Hindiston kutgan,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
Bugun g‘alat dunyo, sevgi bozorda,
Romeo, Jul’etta rosa ozorda,
Qanday tinch uxlaydi “Qizil mozor”da,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
O‘rnidan turdiyu shartta ketdi u,
Yana jangga, yana harbga ketdi u,
Hayoni yetaklab, G‘arbga ketdi u,
Boburni qutqazgan bekobodlik qiz!
Askar yigit
Xalqqa xizmat sharafli burchdir,
Yigit borki, shu burchga o‘chdir,
Yurtni sevgan yengilmas kuchdir,
Askar yigit bu, askar yigit.
El-yurt sha’ni oliy nomus, or,
Mardga bo‘lar yuksak tole yor,
Postda turar doimo hushyor,
Askar yigit bu, askar yigit.
Harakatda o‘tar har oni,
Tomirida ajdodlar qoni,
Tinchligimiz menin qalqoni,
Askar yigit bu, askar yigit.
Kalavaning topildi uchi,
O‘n ot kuchi – bir posbon kuchi,
Uning uchun muqaddas burchi,
Askar yigit bu, askar yigit.
Barcha qizlar kulib boqar shu,
Bittasiga juda yoqar shu,
Bir kun unga uzuk taqar shu,
Askar yigit bu, askar yigit.
Bir qiyo boq
Qadam bosib kelasan,
Yorim, asta-astagina.
Gullar sovg‘a qilayin,
Borim, dasta-dastagina.
Sening ishqing o‘tida
Kuysam nima, kuysam nima?
Senday go‘zal jononani
Suysam nima, suysam nima?
Toshga yomg‘ir kor qilmas,
Yoqqan bilan, yoqqan bilan.
Kam bo‘lmaysan bir qiyo
Boqqan bilan, boqqan bilan.
Bor yukingni ort menga,
Ot bo‘layin, ot bo‘layin.
Bir umrga sen bilan men –
Shod bo‘layin, shod bo‘layin.
Qadam bosib kelasan,
Yorim, asta-astagina.
Gullar sovg‘a qilayin,
Borim, dasta-dastagina.