Abdunabi Hamro (1961)

Abdunabi Hamro 1961 yilda Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat madaniyat institutini tugatgan. O‘tgan asrning 80-yillaridan beri badiiy ijod bilan shug‘ullanib keladi. 1995 yildan beri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
“Xiyonat” (1993), “Oq alvasti” (1994), “Otam aytgan qo‘shiqlar” (2002), “Yirtqich” (2003), “Unutilgan qo‘shiq” (2005), “Olis manzillar sari” (2006), “Bolalikka sayohat” (2007), “Qishda ochilgan gul” (2008), “Vaqt daryosi” (2010) kabi she’riy va nasriy kitoblar muallifi.

IFTIXOR

Siz desam, quyoshlanar ko‘zda yoshim, Navoiy,
So‘zyulduzim, so‘zoyim, so‘zquyoshim, Navoiy.

Qay lahza degum Sizni bag‘rimga bosib so‘zni,
Ko‘zim ko‘zlar yulduzni, ko‘kda boshim, Navoiy.

Siz borsiz olam aro, mag‘rur Hirot, Buxoro,
Samarqandu Xorazm, Keshim, Shoshim, Navoiy.

G‘arib ko‘nglim hur bo‘ldi, ruhimda surur bo‘ldi,
Siz borsizki – nur bo‘ldi ichim-toshim, Navoiy.

Turku Turonyurt bo‘lsam, intiq, ko‘zi to‘rt bo‘lsam,
Koshkiydi shogird bo‘lsam, dilnaqqoshim, Navoiy.

Yo‘lingiz bo‘ldi yo‘lim, qo‘lingizdadir qo‘lim,
Assalomu alaykum, zamondoshim Navoiy!

VATAN SURATI

Ba’zan kitoblar ham aldaydi, do‘stim,
Fikrlar tumtaroq, so‘zlar yaltiroq…
Sen Vatan suratin ko‘rmoqchi bo‘lsang,
Bobolarning o‘ychan ko‘zlariga boq.

Bu ko‘zlarda millat tarixi bordir,
Bu ko‘zlarda yashar xalqning qismati.
Yuz ellik yil sendan yashirilgan sir –
Oqsoch Turkistonning muqaddas xati.

Er bo‘lib ot mingan jasur To‘maris,
Qurbonjon dodholar yashar bu ko‘zda.
Hazrat Sohibqiron, Navoiy, Feruz,
Boburday podsholar yashar bu ko‘zda.

Bu ko‘zlarda chaqnar Cho‘lpon yulduzi,
Qodiriy bitgan cho‘ng tarix aksi bor.
Ibrohim Mo‘minning bo‘g‘ilgan sasi,
Shu ko‘z qarog‘idan hayqirar takror.

Momolarning o‘ychan ko‘zlariga boq,
Sen unda minglarning dardin ko‘rasan.
Urushlar, qirg‘inlar, qatag‘onlarning
Azobli kunlarning gardin ko‘rasan.

Bu teran nigohda qorishib ketgan
Xalqning dardu g‘ami, quvonchu baxti.
Ildizlari zamin qa’riga yetgan,
Bu ko‘zlarda o‘sar Iymon daraxti.

Vatan – tarix asli, tarix – Vatandir
Agar egilmasin desang shu bayroq.
Shukrona aytgin-da bugungi kunga,
Keksalarning mag‘rur ko‘zlariga boq.

Ruhingga iliq bir nur to‘lar shunda,
Qadding ham bayroqday tik bo‘lar shunda!

TO‘MARIS. JANG ARAFASI

Boryapman, yuzimni siypalar shamol,
Boryapman, tulporim uchadi yelday.
Hadsiz sahro to‘lg‘anadi bemajol,
Ortimdan bir qo‘shin keladi selday.

“Erk!” – deb pichirlaydi bunda har giyoh,
“Vatan!” – deb shivirlar qadrdon cho‘llar.
“Ozodlik!” – deb barxan asta tortar oh,
Yurtimning tuprog‘in o‘padi gullar.

Boryapman, qalbimda qasos – o‘t yonar,
Mening bir o‘g‘limmas, ming o‘g‘lim o‘ldi.
Shamshirim endi yov qoniga qonar,
Sabrimning binosi quladi, bo‘ldi!

Endi Jayhun bo‘lib boraman, ey Kir,
Qumdaryoday enib borgum, dushmanim.
Vaqt borida qochib, katagingga kir,
Onaning qahridan qo‘rqqin, ey g‘anim!

Boryapman, tulporim uchar chaqmoqday,
Qasos onlarini kutib, shavq olib.
Zarqatim yollari porlar bayroqday,
Egarda bir mesh qon, borar chayqalib.

Barini tiqaman yerning qo‘yniga,
Tangrim, jangdan chiqay yuzim oq bo‘lib.
Endi tushajakdir yovning bo‘yniga
Har bir tola sochim – bir sirtmoq bo‘lib!

TILAK

Men sizni avvaldan yaxshi ko‘rardim,
Faqat, aytolmadim buni bir umr…
Mohi Ramazonda Haqdan so‘rardim:
Dilingizga bersin beadad surur.

Men sizni avvaldan yaxshi ko‘rardim,
Faqat, aytmoqlikka topmadim jur’at.
Mohi Ramazonda Haqdan so‘rardim:
Iymoningizga baxsh aylasin quvvat.

Men sizni avvaldan yaxshi ko‘rardim,
O‘zingizni chetga tortdingiz faqat.
Mohi Ramazonda Haqdan so‘rardim:
Sizga ato etsin jinday qat’iyat.

Men sizni avvaldan yaxshi ko‘rardim,
Faqat, qarolmadim ko‘zingizga tik.
Mohi Ramazonda Haqdan so‘rardim:
Boshingizga nurday yog‘sin yaxshilik.

Men sizni hozir ham yaxshi ko‘raman,
Yashirdim bu ishqning ovozasini.
Mohi Ramazonda Haqdan so‘rayman:
Keng ochsin muhabbat darvozasini.

Men sizni judayam yaxshi ko‘raman,
Ey mening tanishu notanish do‘stim.
Sizni har dam duo qilib turaman:
Ko‘ngil bog‘ingizda baxt guli o‘ssin…

AYoL ChEHRASIDAY PORLAYDI QUYoSh

Xayriyatki, u bor ko‘hna ochunda –
Tillar yomon so‘zdan tiyilib turar.
Bir botin harorat, ilhom bor unda –
Qalamdan satrlar quyilib turar.

Ming shukurki, uning tabassumi bor –
Bot-bot kulib qo‘yar xo‘mraygan dunyo.
Qo‘shig‘i bor, bahor kabi beg‘ubor –
Mudragan dillarni uyg‘otar navo.

Sarhadsiz zulumot saltanatida
Bir tola nur bo‘lib yaralgan ayol.
Tangrining ilohiy muhabbatidan
Farishta, hur bo‘lib yaralgan ayol.

Odam Atoning bir nigohi uchun
Jannatdan voz kechgan Momo Havvo u.
Ba’zan o‘zgalarning gunohi uchun
Bag‘riqon, dilpora, umri ado u.

Zaminda o‘xshashi topilmas bugun:
Tongday yuz, yulduz ko‘z, hilol kabi qosh.
Ayolning zulfiday qop-qoradir tun,
Ayol chehrasiday porlaydi quyosh!

BOBURNING TUShLARI

Bir paytlar tushimga ranglar kirardi,
So‘zlar tovlanardi misli kamalak.
Sal keyinroq nuqul janglar kirardi,
Jangdan iboratday edi kelajak.

Keyin parivashlar ayladilar band,
Kunduzi hushimni, tunlar tushimni.
Qismat gohi zahar, goho berdi qand,
Beqanot qildi u omad qushimni.

So‘ng yurtni tark etdim, dil to‘la armon,
Taxtaqorachaday dovondan oshib.
Poyimda tiz cho‘kdi Afg‘on, Hindiston,
Ammo qayga borgum o‘tmishdan qochib?!

Endi ta’qib etar qovunning isi,
Turkistonning yodi tortib turadi.
Hukmdorman, yoniq tole yulduzi…
Tushlarimga har tun Vatan kiradi.