Abdunabi Boyqo‘ziyev (1954)

Abdunabi Boyqo‘ziyev 1954 yil 15 noyabrda Andijon viloyatining Izboskan tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan (1983). Turli yillarda G‘afur G‘ulom nomli Adabiyot va san’at nashriyotida xodim, “Mushtum” jurnalida adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “Sovet O‘zbekistoni” gazetasida muxbir, “Xalq so‘zi” gazetasida katta muxbir, bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xodimi, “Oila va jamiyat” gazetasida muxbir, O‘zbekiston OAVni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Sharq haftanomasi” gazetalari bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
“G‘uboringni yozgayman”, “Seni izlab keldim”, “O‘zbeknavo yulduzlari”, “Judolig‘ dashti”, “Ko‘zlari daryoyim!..”, “Dilxiroj tuyg‘ular”, “Besh navo”, “Besh so‘mlik kekkayish”, “Cho‘li irog‘im” nomli she’riy, hajviy-yumoristik va publitsistik kitoblari chop etilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.

Qamchiq dovoni. Xayol ikkimiz

Simillab og‘riydi tumanning bag‘ri
Qaydadir ihlaydi tog‘lar, qiyalik.
Yuzimga urilar unggirning qahri
Shundoq tepamizda havotir, hadik.

Boshini har yoqqa urib borar yo‘l,
O‘ngi qir, so‘li choh, orti malolat.
Hayratning ko‘zi ko‘r, tafakkur malul,
Bu so‘zlarda faqat yashar xayolot.

Menda azmu qaror, pokiza niyat,
Senda shijoat bor Xayol, Xayoljon!
Bizni kutayotir Poytux, Jonobod,
Ayniqsa intizor otam — Andijon.

Uyaver qovog‘ing, ranjimam — Dovon
Ming shukur, har tugul bag‘ringda bormiz.
Eson-omon o‘tib olsak… ikkovlon
Qaynoq bag‘irlarga singgib ketarmiz…
Simillab og‘riydi t…umanning bag‘ri,
Junjikib emranar yo‘llar, qiyalik

Ehtirom

O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymonga

Sirdaryo bo‘ylari soz
Lochin, turna, g‘oz bilan.
Dala-dashti, qo‘y-qo‘zi
Cho‘pon, dili roz bilan.

Ellarda yolqin yolli
Yildirim do‘nonlari.
Ovullarda yangraydi
Ming yillik o‘lanlari.

Qizlari sho‘h, cho‘h qaysar,
Jo‘q, dedimi, jo‘q, tamom.
Chinozdan o‘tolmaysan
Boshqa yo‘li yo‘q, tamom.

Vodiylarda izg‘ima
O‘xshashini topmaysan.
Suruv-suruv qo‘yli bo‘l,
Suluviga yoqmaysan.

Bu yoqlarda «siz-biz»ing
Kekkayishing ketmaydi.
Qirq qozonda «jiz-biz»ing
Bir ovulga yetmaydi.

To‘y bersa to‘rt polvoni
To‘qqiz to‘qli yeb ketar.
Ko‘pkariga Kesh, Surxon,
Xorazm ham keb-ketar.

Yurtlar kezdim bir jozib,
Bug‘day so‘z, tuz, noni bor.
Sirdaryoga taraf yo‘q
To‘ra Sulaymoni bor.

Uzun umrim arqoni
Tuyangizga tuk bo‘lmas.
Borim: yozgan, yiqqonim
Qirchang‘izga yuk bo‘lmas…

Ustoz, bizni alqabsiz,
Sizni Xudo alqasin!..

Yor ibosi

Ibrohim Musaxon g‘azaliga muxammas

Yor ibosi aqlu-xushimni oladi,
Boqishi bag‘rimga o‘tlar soladi.
Nega yodi yodima chulg‘onadi?
Nega jismim zulfidek to‘lg‘onadi?
Nega qalbim hajr o‘tida yonadi?

Yonginamda yursa ko‘zga ilmasa,
Kunda yuz bor ko‘rsa parvo qilmasa.
Iltifotsiz o‘tsa, bundoq kulmasa,
Sevgiga har dam huquqim bo‘lmasa,
Nega mudroq hislarim uyg‘onadi?

Vah, alamjon, yondirub ichu-toshin,
Sovchilar bog‘lab ketibdu, olar boshin.
Ashklari eriblar oqqan qo‘rg‘oshin,
Ko‘zlarida sezdim ishqning otashin,
Nega tilda tan ololmay tonadi?

Bir zamon entikdi, ohi urdi jo‘sh,
Titrab dedi: «Tangridanmu har ne ish?
Yo‘q ekan taqdirda o‘ynab-kulish».
Istagim zulfi bilan chirmash bo‘lish,
Tashna ko‘ngillar qachon, ayt, tonadi?

Yomon otlig‘ Intizoringning oti,
Aybi shulkim: andisha borliq ismati,
Javonmardlikda unvonu-xislati,
Kori xijronmush, muhabbat qismati,
Chun Shifoiy ishi o‘tida yonadi.

Ketsa-ketibdir

Hofiz Sheroziyga tajabbu

Kuyingda bir mug‘anniy ado ketsa-ketibdir,
Vaslingni mudom izlab xato ketsa-ketibdir.

Xato savti barqidin bu ochunda talotum,
Oy yuzidin abri sharm-mato ketsa-ketibdir.

Chin yor uldir, munosib, til yorsa labni xiyol
Bir oy yuzlig‘ tili bol tota ketsa-ketibdir.

Dilim aytur tilim-a, ma’shuqlik lofin urma,
Ishq sirdir Turku Ajam, Xito ketsa-ketibdir.

O‘zidan behabarlar osiy bildi, injima,
Sidqi iymon muborak, itob ketsa-ketibdir.

Badgumonlar jazzasi yaxshilik qil, yaxshilik,
Yaxshi dildan bu yanglig‘ xitob ketsa-ketibdir.

Vasfing asli Mirzo ham intizor muddaosi,
Bu yo‘lda ikki sho‘rlik shitob ketsa-ketibdir.

Ko‘ngilga haj

Jaloliddin Rumiyga nazira

Yo‘lga chiqdim izlabon, asli sen ko‘nglimdasan,
Vaslinga yetguncha yuz qoyani yiqmak oson.

Buncha sohir bitmasang bag‘rima jamolingni
Jamolingni topg‘uncha jon bahridin o‘tmak oson.

Shayton kuyi avjlanur fikratimda tunu-tong,
Bu dilni poklamakdin Nilni qatron etmak oson.

Robbimo, ruhi bastim qil muzayyan, hil’ating
Etsa shoyad qarzimni dargohingga eltmak oson.

Yo‘lingda Intizoring, garchi Sen ko‘nglidasan,
Ko‘nglina yetguncha ming bor Ka’baga yetmak oson.

Abstraktsiya

Ko‘zim, ko‘zlaringda kim bor?
Kimdir ko‘zlarida zorsan o‘zing?
Nigohdan nigohga tortib dor
Uchqur so‘zlarimni uzding-a, uzding…
So‘zlarimning boshi yo‘q, endi
Qoniga belanib yotar unlarim.
Unlarimdan yuraklar undi,
Muhabbatlar undi, qaragin.
Ko‘zim, ko‘zlaringda kim bor?..

TUN

Oynamda jovdirab oy botdi,
Keldingmi, kulbamga, jonim — Tun!
Sen-la yolg‘iz sirlashmoq uchun,
Men butun qishloqni uxlatdim.
Keldingmi, sokinam, charosim,
Nasim nafaslig‘im — tim Zebo.
Dilda qancha aytimlarim bor,
Bormi, ayt, ayturning chorasi.
Bo‘zlamoq istarman, bo‘zlamoq,
Kelarmi, bir bora xonasi.
Men axir oshiqman — olovman,
Yonasim keladi, yonasim.
Bordi-yu, men yonsam, men yonsam,
Dardimga, vaslingga munosib.
Uyg‘onib ketmasmi bu osmon,
Ketmasmi, dunyoni nur bosib.
Izlarman
Bo‘zlamoq chorasin,
Yondirmay sokinam, chorasim,
Borlig‘i bokiram… Yo nasib!..

OYLAR TO‘LINI

Jonim,
Endi ortga qarama,
Sen bir armon, armon! Ketaver!
Shamol, sochlarini tarama,
Ko‘cha, xayr! Bizlarni ayir.
Diydirama,
Qo‘y, ipak ro‘mol.
Sen titrama yelkalarida.
Uni kutar bir laziz visol,
Yuragimdan… uch kun narida.
Sen so‘rama
Ko‘cha, ko‘chajon,
Baxtlimi, deb oyning to‘lini.
Sendan bitta o‘tinch, iltijom,
Ketmasang bas yo‘lda bo‘linib.
O, oydin tun,
Oydin lahzalar,
Tunga do‘nib to‘smang yo‘lini.
Xotiralar yetkizmang ozor,
Ketar mening oyday to‘linim.
Ketsin-ay, ay-y oylar to‘lini…

YoNAR SO‘Z

Bir dilrabo kuydirding,
Bir otashin yondim men.
Bir jonfizo suydirding
Sevdim, seni jon-jondin.
Kuyar, yonar xonumon,
Nurga do‘nar bor-borim.
Yonib qolar izimdan
She’rlarim — yolqinlarim.
She’rlarimda yonaman,
Bundan boshqa yo‘lim yo‘q.
Yonar so‘z bo‘p qolaman,
So‘zga aslo o‘lim yo‘q.
Bir dilrabo kuydirgil,
Bir otashin yonay men…

YoShLIGIM

Bir hasrat bor munglig‘ ko‘zingda,
Bir hasratki, jonni o‘rtarlik.
Bir buyuk g‘ofilot to‘yib o‘zimda
Yonodir bu vujud, yonodur borliq
Endi sen qaytmaysan, yo‘limiz ayro,
Ko‘zlaring mungranur keto-ketguncha.
Yoshligim-yoshligim, o dili vayron…
Senda o‘tkinchi-yo, men-da o‘tkinchi.
Eh, hay-y, balolarga qildim giriftor,
Sha’nu shavkatlarga seni sovurdim.
Garchand yog‘dirmaysan va na ginang bor,
O‘zimni ko‘zingda gunohkor ko‘rdim.
Bir hasrat bor qarochig‘ingda,
Ne balo qismat bu? Orqaga yo‘l yo‘q.
Oldinda g‘ofilat, sarson kezingay,
Qaytar yo‘llar vayron, ko‘priklar buzuq.
Xayr, o-o Yoshligim,
… vido-o-o Yoshligim!..

SEN YO‘G‘INGDA

Bizning ko‘cha sog‘indi seni,
Dov-daraxtlar ketdi ichikib.
Ko‘tarolmay hijron yukini,
Simyog‘ochlar qoldilar cho‘kib.
Yo‘ling poylab qushlar sayradi,
Tentiradi soylar telbavor.
Loylar kechib bahor oylari,
Yig‘lab o‘tdi senga intizor.
Eh, meni qo‘y,
Qo‘yaver meni,
Ichikmadim daraxtlar kabi.
Simyog‘ochday cho‘ka bilmadim.
Sayrolmadim qushlar singari
Loylar kechib bahor fasliday,
Xun-xun yig‘lab o‘ta bilmadim.
Menmi,
Men… Eh, qo‘yaber meni…
Ko‘chalar ham sog‘indi seni.

TILAK

Yurtim,
Seni yashartirib yashasam,
Mehrim unsa har bir maysa, giyohda.
Qancha suysam,
Qancha kuysam shuncha kam,
Shuncha kamdir, shuncha kamdir, shuncha kam.
Yurtim,
Ko‘zim!
Yoshing artsam, yashartsam,
Vola bo‘lib qolsam, volang o‘zim ham.
Seni suyib, quchog‘imga aylab jo
Ko‘zing bo‘lib ko‘zin-ga nur qo‘sholsam.
O‘zing bo‘lsam,
O‘zim bo‘lsang, o‘zlashib,
Bir dil bo‘lsak,
Bitta dilday yashasak.
Va sevishsak, sevishsalar shu qadar,
Muhabbatga ishqqa do‘nsa Kelajak.
Xayolarga do‘nib qolsa havolar,
Xayolarni qona-qona simirsak.
Telbalanib bizning dalli navolar
Osmonlarda uchib yursa havolab.
Ezgulikka aylansa huv bulutlar,
Jolam bo‘lib armonlaring yuvsalar.
Quyosh misol charaqlasa umidlar,
Umidlarda unsa shirin bo‘salar.
Dunyo,
Seni yashartirib yashasam…

ChORYoRLARIM

1
Boyning
Puli
Doim
Og‘iroyoq.

2
Tungi
Mashvaratiniyam…
Mashvaratiga
Solsa…

3
O‘z
Ko‘nglida,
Hammaning
Ko‘nglida.

4
Po‘stakda
Qolsayam,
Mirpo‘stin-da,
U.

5
Odmilik
Odamiylikdan,
Ko‘proq
Tariqat!

6
Solim
Kuz
Sokinot…
Og‘ushida.

7
Asarlarining
Bari
Asirga
Tushgan…

8
Yozdan
Yozg‘iradi,
Kuzdan
Kuyunadi…

9
Esini
Tanibdi-ki…
Esini
Eydi.

10
Kunbotar
Yurtlarning
Kunlari
Tug‘di?

11
Izdoshlari
Izini
Supurib
Ketdi.

12
Nolalari
Nahrida
Oqibatlar
Ingraydir!..

13
Zafarniyam,
Quchaverib…
Bezor
Qildi.

14
Otasini…
Ona
Qornida…yoq
Tepdi.

15
Elning
Og‘zida
Elak
Eskirdi!..

16
Astag‘firullolab,
Shaytonga
Shilt
Beradi.

17
Bir
Ohorli
Ohlar
Urdi-ki!..

18
Chuchvarani
Xomidayam,
Pishig‘idayam
Sanayveradi.

19
Unmaydigan
Joyni…
Oyog‘i
Iskamaydi!..

20
Amalga
Minguncha,
Otasini…
Tanirdi.

21
Ezoplarga
Ezop
Tilini
O‘rgatamiz.

22
Iqtibosniyam
Faqat
O‘zi…dan
Oladi.

23
Dunyodan
Xovliqib…
O‘tib
Ketdi.

24
To‘ng‘iz
Ko‘-o‘p,
To‘qaylar
Yo‘q!..

25
O‘zi
Dam,
Zavjasi
Tam-tam.

26
Tavallud
Kunlari…
Tasodiflarga
To‘la.

27
Ta’nalarini…
Tanasiga
O‘yla-ab…
Qiladi.

28
Urug‘
Aymog‘i
Bilan
Aymoqiydi.

29
Telpakniyam,
Tepalab-
Tepalab
Kiydi.

30
Eru
Xotin,
Qo‘sh…
Bigiz.

31
Usta
Ko‘rgan,
Ustasi
Farang.

32
Bayroqni
Endi
Boylar
Hilpiratsin!

33
Qo‘ynidan
To‘kilgani…
Qo‘njimni
Teshdi.

34
Miltig‘i
Doim
Do‘sti
Qangsharida.

35
Ehrom
Kiyib,
Errayimlanib
Yursa.

36

Yuzi…
Sedana
Surtilgan
Kulchatoy.

37
Yuragiga
Buldozerda
Kirib
Keldi.

38
Izquvarday,
Izlarni
Quvib
O‘tdi.

39
Bir
Oshami,
Oshing
Xomi.

40
Yolg‘izlik,
Yolg‘izligim
Yoqadimi,
A?

41
Yulduzlarim,
Olislarim
Chiroyi…
…dirsiz!

42
Kuchala
Egan
Joyida…
Tirisholmadi.

43
Qora
Torti-ib,
Kelmaydi-ya,
Qizzig‘ar!

44
Qosh-
Ko‘zlari,
Qoshu
Ko‘zida.

44
Qish
G‘amida
Yoz
Yayradi.

46
Otarchining
Aravasi…
…da…
…miz…

47
Qoshlariyam…
Qovog‘iga
Qarab
Keriladi.

UCh OG‘AYNILAR

1
Erking,
O‘zganiyam
Erkidir.

2
Og‘zida,
So‘zing
Mog‘orlaydi.

3
Odamiylikda,
Odamiy
Emas!..

4
Katta
Baliqchi-yu,
Chavaqxo‘rroqda-a…

5
Shixti
So‘xta,
G‘o‘rasha.

6
Poraxo‘rlikdayam
Maktab
Yaratdi!

7
Tupugiyam…
Tosh
Bosadi.

8
Ulfatlari
Faqat,
Ulamolar…dan.

9
Inqillab
Yurib…
Maqtanadi.

10
Kulishlaring
Biram
Hasratli-ki!..

11
Quchoqlarning
Quliga
Aylandi.

12
Ezgulikniyam
Ezg‘ila-ab
Qiladi.

13
Zamonim-a,
Toshoynang…
…dayman!

14
Sadog‘dan…
Sadolar
Qoldi.

15
Semizligi…
Qo‘yga
Yarashaydi.

16
Ko‘nglida
Qo‘tirlari
Bor.

17
Nishob
Yashab
O‘tdi.

18
Navolari
Bir
Navhali!

19
Fikrlari
Chuqur…
Avaxta.

20
O‘zgarmagim
O‘zgarmagingmi,
Dunyo?

21
Qushning
Miyyasiyam…
Miyya!

22
Aravasida,
Qo‘shig‘ini
Aytvoldi!

IRMOQChALAR

1
Safsatasiniyam…
Sotadi.

2
Ichi
Ko‘mirkonmi-ya!..

3
Qari
Qurchoq…

4
Cho‘nqayvoli-ib,
Chovalanardi.

5
Guldon…
Kuldon.

6
Istansasi
Yo‘g‘roq.

7
Qasamxo‘rning
Qasidaxoni.

O‘ZIMDA O‘ZIM…

Sen – o‘zingsan, o‘zga hech kimsa…
GYoTE.

Mendan
Izlayvermang… raso odamni,
O‘zimda o‘zimdan o‘zga kimsa yo‘q.
Izlasangiz izlang kiroyi g‘amni,
Dardlarim g‘amguzor, dardlarim yorug‘…

Menda bani dardlar hur va shavqivor,
Havaslarim kelar hatto o‘zimning.
Dilimda g‘am uchun barcha imkon bor,
G‘amlarga bandargoh qildim o‘zimni.

O‘zimda o‘zimdan o‘zga kimsa yo‘q!..
2012

SO‘Z SOG‘INChI

Azmu ixtiyorim
Ilkimdan olib,
Fe’limni jismingga qilvolib engil,
Meni o‘tdan olib, o‘tlarga solib,
Qaylarga ketyapsan, devona ko‘ngil?

Mundoq
Dilingni yor. U qanday makon?
Kim u navolalarda chorlayotgan zot?
Sen borsang, navo hur bo‘pketarmikan?
Emin bo‘pketarmi? Bo‘larmi ozod?!

E hay, yo‘q,
U ma’vo shunchalar sha’nki,
Erksizligi hurlik. Yo‘q, undan afzal.
Unda saltanatning erki kishan, ki
U So‘zdir, u She’rdir, u Ash’or – G‘azal!..

So‘zga zor qilibsan, shukr, bariga.
Nolalar qilarmiz – ohi zohido.
Bizku, borovramiz so‘zning soriga,
So‘z ham keptursin-da, gohi-gohida!
2015

IYK OTA ZIYoRATGOHIDA

Qani dovlik, do‘lvorliklarim?
Oshar-to‘sharimiz tamom madaniy.
Hoyu-havaslarda bitar kunlarim,
Tuzim dasturxoni shohona g‘aniy.

Kechagi muztarlik bugun o‘ksuruk,
Alvon quyuqlashdi sizu bizimiz.
Bilmadik, ertaga qolarmi tirik,
Dunyoni titratgan “ur-ho!” so‘zimiz!

Mayli, istilo, deb qurol tutmaylik,
Bosqin janglariga kirmaylik, mayli.
Jangsan’at kerakdir, bugun Vatanga.
Tomosha xarblarda yurmaylik laylib,

Eslang, hiy bobolar jasoratini,
Nomusi, qismati… Tirik alanga!
Sanjaqlarni sermab kirardik janga,
Er-ko‘kni titratib, urho gurillab!..

Jangda… san’at kerak, kuyik Vatanga!
Jo‘mard harb kerakdir biyik Vatanga!
Jangmardlar kerakdir bu iyk Vatanga!
2014

NOYaBR

(Manzara)

Bir kechada
Qaridi daraxt,
Nafarmonga do‘ndi hislari.
Havo so‘nik, o‘t-o‘lan karaxt.
Kuz siniqib kuzar qish sari.

Tegajoq nar cho‘qir modani,
Moda yanir: “Chug‘urchuqlar bor!”
Izg‘irinlar kelar modalib,
Hademay, uyquga ketadi shudgor.

Kuz junjikar chumchuq patida…
Bog‘lar isi omborlarga tot.
Barglar yotar loyga chapilib –
Ular yozdan kelgan vido – xat.

Yupun dala –
Sokin sarhisob,
Ajinlari – kuzning bayozi.
Uni uqmoq bunchalar azob,
Qiyin imlo – manglayi yozuq.

Havo chatnar,
Eting junjikar,
Izillatar bir fasli avr.
Shudgor to‘nib qorga ichikar,
Erbag‘irlab sirg‘alar hovur…

Ay, sezdirma-ay kep qoldi-ya, kuz?!
2015

GUZARLAR YO‘Q

Oshiqsang…
Manzillar ko‘p,
Sog‘inar bir guzar yo‘q.
Boshingga bir ish tushsa,
Hol so‘rar g‘amguzor yo‘q.

Yoshlik ham guzar ekan,
Nurarkan, kuzar ekan!
Unda bag‘ri ezilib,
Kutar bir intizor yo‘q.

Endi huv guzarlar yo‘q,
Izhori uzorlar yo‘q!
Ortiga bir qayrilib,
Ko‘nglingni buzarlar yo‘q.

Bolalik qishlog‘iga
Uchib-qo‘nib borsangu,
Chilvir sochlarin o‘ynab
Ko‘zlarin suzarlar yo‘q!

Yo‘qday bo‘pqoldik, ay do‘st,
Borligingga borlar yo‘q.
Biz dardi bedavoga
Ko‘zi uchgan zorlar yo‘q!

O‘-o‘x, ish tushibdi boshimga!..
2016, Do‘rmon

* * *

Vaqt,
Bunchayam
Sirpanchiqsan?
Tutib qololmasman
Biron lahzangni!
U yondan
Bu yonga uyrilgunimcha
Sen yo‘qsan,
sen yo‘qsan,
sen yo‘qsan!
2016

* * *

Qachon
Qaramay,
Chorlaganing chorlagan,
Men esa
Intilganim intilgan, sengga.
Biron kun, biron daf’a
Tinchlik bormi o‘zi, sendan,
Hay, qurmag‘ur Deraza?
2016

QULASh

Abdulla Oripovga

Mana,
So‘nggi chinor… Quladi.
Qarsillab quladi, ulug‘vor!
Ichingdan bir ingroq keladir:
Qulab ketdi, qancha ulug‘lar!..

Xuville-eb qoldi bu o‘rmon,
Dovrug‘i dov… Bari kuladi.
Tuvaki gullarga tegar endi son,
Archashlarning baxti kuladi.

Ay, so‘nggi chinor ham quladi,
Qulamaydi endi, daraxtlar.
Qulaydigan daraxt qolmadi,
Qolmadi qulaydirgan daraxtlar! 2016

* * *

Yurt sha’ni,
Erki deb, erlar entiksa,
Er qizlarni tug‘sa shaddod juvonlar.
Ayollar nomusdan sovutlar tiksa,
Haqqu or zavqidan guvransa chollar!..

Bu elning ulimas, quli bo‘lay, men!
2017

SOG‘INCh QARIMAYDI

Ukam Dilmurodjonga

Andijon,
Bir paytlar
Dilkashroqmiding…
Ginalar qilarding jigarimday xush.
Nechundir, siyrakroq yo‘qlaysan endi,
Mehring ham bir qadar olganday so‘lish?..

Bir paytlar,
Sog‘insam, shitob jo‘nardim,
Endi shaylanaman ikki, uch oylab!
Ne bir mulohaza, ming bir andisha,
Va yana, imkonning ra’yiga qarab!..

Ko‘klam kelsin,
Shu qor erisin,
Havolar ilisin, deyman, kutaman.
Dovon havfli – yo‘llar qurisin…
Sog‘inchning mahriga sabr tutaman.

Sog‘inch…
Qarimaskan,
Yuzga kirsa ham,
Yasharib borarkan keksaygan saring.
Andijon,
Garchi sen yo‘qlamasang ham,
Ketib qolaverar senga O‘YLARIM!
2017

* * *

Men –
Yozg‘utning
Jonli qalami.
Yozaman, umrimni, umrim yetguncha.
Men ham
Bitta xalqning bitta alami,
Yashayman, shu alam tugab bitguncha.

Yashayman, alamlar tugab bitguncha!
2017

* * *

O‘ylarim – uylarim.
Istalgan zamon,
Istalgan makonda,
Qo‘nqaytirib yashayveraman.
Qani, kirib ko‘rsin, biron kimsa…
Buzolmaydi, biron, sohibi qiron.
Soliqqa tortolmas qallob polislar.
2017

OTAJON

Ha Ota,
Mendan, rosti…
Nima avzum topdingiz?
Har qadamda adashdim…
Yashirdingiz, yopdingiz.

Gohida, haddan oshsam,
Arazlab ham qoldingiz.
Sal o‘tmay, yana borsam,
Yayrab kuta oldingiz.

– Bu yoqqa chiq, yonimga, –
Derdingiz, yolvir boqib.
Mehringiz daryosida
Ketardim suvday oqib.

Zeyn solib rang-ro‘yimga,
Chamalab bir shirin so‘z.
Buyam cho‘kib qopti, deb
Cho‘karmidi, ko‘nglingiz.

Hay,
Mayli-da,
Cho‘ksak ham,
Tirikmiz-ku, har qalay!
Olislarda yursak ham,
Yuribmiz-ku, har qalay!

Siz borsiz
Shu uy – makon
Jannatning bir go‘shasi.
Siz borsiz bor, Andijon,
Toshkan… jigargo‘shasi.

Shukr, toki siz borsiz,
Qarilikka yo‘l bo‘lsin.
Umringiz, imoningiz,
Uzun bo‘lsin, mo‘l bo‘lsin!

Otam bor, deb biz dovon
Oshib yurib xoriylik.
Sizda esa yasharib,
Boraversin, qarilik!..
2017

* * *

Borayapman
Yo‘lning tanobin tortib,
Tanobimni tortib kelyapti u ham.
Bilmadim,
Kimning sabri oldin tugarkin!

Har qalay, men yo‘l bersam kerak!
2017

* * *

Nafing tegib tursa
Jonsan, jigarsan,
Har kasga g‘oyibdan yetgan atosan.
Nafing tegmay qolsa, yuzing qarodir.
Qatordan xatosan – hassan, gadosan!
Qora tortib borsang o‘zin tortarlar,
Qora tortganlaring motamsarodir.

Yo, Xudo,
Bunchalar bebaqo, oqibatlaring!
2017

UMR YO‘LI

Ay yo‘l,
Ay, ilon,
Meni avrab, qayon eltursan?
Oltmish yilki,
Men bilan birgasan,
Bilmadim,
Qayoqqa ketyapmiz sen bilan.
Aytmaysan, aytmaysan…
Bilaman,
Yo‘lingdan ham qaytmaysan,
Qaytmaysan!..
2017

* * *

Hafaqonroq otdi tong,
Salqib qovog‘i,
Quyosh chiqdi – ko‘zi to‘la g‘am.
Bu hol kunning ko‘ngliga botdi,
Qovog‘i ochilmay o‘tdi bugun ham.

Qovog‘i ochilmay
Oqshom yoyildi,
Quyoshni kutgali chiqmadi ufq.
Menimi, so‘ramang,
Ming yildan buyon
G‘imirsib yuribman. Kayfiyotim yo‘q!..
2017

* * *

So‘lib qopti
Atirgulning dudog‘lari,
So‘liydi-da, Yozarlar hidlamasa.
Yorongulning dudog‘lari quvrapti,
Quvraydi-da, yellar parvo qilmasa.
Do‘rmongulning dudog‘lari quvrapti,
Quvraydi-da, ko‘zlar o‘pib turmasa.
Do‘rmondilning butog‘lari quvrapti,
Quvraydi-da… so‘zlar o‘pib turmasa!
2017, Do‘rmon.

TO‘RTLIKLAR

***

So‘zim va yuzimni yorug‘ qil, Egam!
So‘zimda yuzimni yorug‘ qil, Egam!
Bu yoqda so‘zimning yuzlari qora,
U yoqda yuzlarin yorug‘ qil, Egam!

***

O‘trik xayollarim, o‘tdi, kim bildi,
Kimning yaqosidan tutdi, kim bildi?
Kelarning hukmiga ehtisob*ku yo‘q,
Kelarga ne bitik bitdi, kim bildi?!
________
* Nazorat.

***

To‘larsa paymona, to‘lorimiz bor,
Harchand oh urmaylik, o‘lorimiz bor.
Bo‘l, dedi Haq, bo‘ldik, bo‘la bo‘lguncha,
Bo‘larda bo‘lguncha bo‘lorimiz bor!
***

Otash arobaykan bu dosh aroba,
Bir lahza soyabon gumbaz, sardoba.
Iymon otlarin qo‘sh manzil soriga,
Chobuk* chavandozga chobuki doba*.
___________
Chobuk – chaqqon. Doba – hayvon.

***

So‘z desang so‘zingda so‘z yayrab tursa,
Har so‘zda bahor, yoz, kuz yayrab tursa.
Bir jayron ko‘zli so‘z axtarganingda,
Seningman-ku, degan ko‘z yayrab tursa.
2017

***

Qalbim yig‘lar chorasiz…
Rauf Parfi

Kechir, og‘a,
Kechir, Rohinja,
Seni yo‘qlab borolmadim!
Qoningdan loy qorganlarni
Qonidan loy qorolmadim.

Yangi yilda holing ne kechdi?
Yangi yiling omon qoldimi?
Qirg‘inbarot sarhadlaridan,
Go‘daklaring chiqa oldimi?

Meni kechir, kechir Rohinja,
Jilla najot yetmadi mendan!
Chegaradan o‘toldingmi, yo,
Tikon simlar o‘tdimi sendan!

Xunbatiga, nima ravodir?
Bilolmasdan tanglar qolyapman!
Qo‘limdan kelgani, havotir,
Faqat, faqat, yig‘lay olyapman.

Meni kechir, kechir, Rohinjon!
2018

***

Sen yashagan uyning
Ko‘zlari moviy,
Feruza rangida so‘zlaydi, borsam.
U – sen uchun bir uy,
Menga – mug‘anniy,
U sening chehrangdan kuylaydi, boqsam.

Yo‘q-yo‘q,
U binomas,
U bir – atrdon,
Bo‘yidan chor taraf bo‘ylar taralar.
U tomon entikib-entikib oqsam,
Undan ham, orziqqan o‘ylar taralar.

Sen yashagan uyning
Oynasi – ko‘ngil,
Biron ko‘zning yo‘qdir bo‘yla munglari.
Shu uy ko‘chasiga muztarin ko‘nglim,
Qachon yovuq kelsam, tilim gunglanur.

Sen yashagan uyning ko‘zlari… shoir!
O‘tgan har kas-nokasga sendan so‘zlaydi.
Bu uyda, neki bor, vasfingga doir,
Tegrasida mening rashkim bo‘zlaydi.

Xudoyim, bu uyni ko‘zlardan yashir!
Xudoyim, shu uyni, so‘zlardan yashir!
2018

***

Qushlar
Bizdan rostgo‘yroq shoir,
Chug‘urida o‘zlik rutbasi.
Har bir sasi hurlikka doir,
Erk der, qancha erkli bo‘lmasin.

Qumri quvrar qumrichasiga,
Qarg‘alarga el ham bo‘lmaydi.
Hamma yoqni zog‘lar bossayam,
Zog‘larga hushomad qilmaydi.

To‘rg‘aychalik emasmiz, biz,
To‘rg‘ay zog‘lik qilmagay?
Tiliga kun qolmasayam,
O‘z tilidan qolmagay?

Menmi?
Men ham, shoirman!..
Biroq… Chittak dadilroq!
2018

HAMON TO‘KILYaPMAN

Kuz,
Ajoyibsan-da o‘zing!
Yana qaytib kebsan-da?
Daraxtlarni za’faron
O‘ylataman debsan-da!

Sog‘inaman, bilasan…
O‘taversin, bahorlar.
Bir ma’suma kulasan,
Ko‘zing to‘la izhorlar.

Yaratganing ranghislar!
Bu til lol, bu til ojiz?
Tosh ko‘ngilni hech fasl,
Sen kabi yumshatolmas.

Tikilib o‘tiribman, hazonlar yog‘ishiga!
To‘kilib o‘tiribman… hazonlar og‘ushida!

Kuz, ajoyibsan-da o‘zing!…
2018