Abdulhay Nosirov 1946 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Respublika radiosining adabiy-dramatik eshittirishlar bosh redaktsiyasida ishlagan.
Uning «Ko‘zgu», «Urug‘lar» nomli to‘plamlari bosilib chiqqan.
* * *
Kezmayin ne yurtni — dengiz, bog‘, chaman…
Oy o‘tmay o‘rtaydi sog‘inch jonimni.
Qanot paydo bo‘lar go‘yo
Uchaman,
Intizor qilmay deb mehrnbonimni.
Ko‘z oldimdan o‘tar mushtipar onam,
Nazdimda, qutlaydi oppoq tongimni.
Qanot paydo bo‘lar go‘yo
Uchaman,
Aslo zor qilmay deb onajonimni.
Notinch tushlarimda soy bo‘yi, dalam…
O‘t-xazon qoplamish hovli-tomimni.
Qanot paydo bo‘lar go‘yo
Uchaman,
Hor — mozor qilmay deb gulistonimni.
Orziqib bag‘ringga o‘zni otaman,
Er, ona, Vatanim, omon bo‘l abad!
Olamga hayqirib ohim aytaman,
Ko‘nglim,
Ayirmagil sog‘inchdan faqat!
O‘TINCh
Beshikka sol, bela, mayli, onasi,
Uxlasin deb qo‘llarini bog‘lama.
Yongan ko‘nglim o‘rtar jindek nolasi,
Bandi aylab murg‘ak bag‘rin dog‘lama
Jonimizning…
Bahor yurib ketsa…
Oydin yo‘llari —
Yorqin istiqbolga olib boradi.
Erkinlikni istar bu kun qo‘llari,
Jonimizning…
* * *
Sen tug‘ilding…
Chinor shoxini kesib,
Beshik yasadilar bejirim biram.
Bu yorug‘ dunyoga talpinib kelib,
Erga qadam qo‘yding, birinchi qadam…
Ulg‘ayding…
Olamning dardlarin sezib,
Qirlarda gul uzib visolga tashna…
Chinorning kattakon butog‘in kesib,
Uy tiklab berdilar… So‘ng to‘y-tomosha…
Umrni soy derlar…
Entikib, jo‘shib,
Keksalik qasriga yetib borgan dam —
Chinorning yana bir navdasin kesib,
Qo‘lingga tutishgay aso xotirjam.
* * *
Zamin uxlar — beozor zamin,
Oq ko‘rpasin tortib boshiga.
Zamin uxlar, tush ko‘rib shirin…
Ajab, nelar kirar tushiga?
Oq shu’laga to‘lib quchog‘i,
Yog‘dularga cho‘milib faqat.
Tashvishlarni unutib, chog‘i,
Zamin uxlar, to‘plar kuch-quvvat.
Zamin uxlar, qilmang bezovta,
To‘lg‘onmasin titrab nogahon.
Kuyib yongan jang, suron o‘tda,
Ko‘ngli yarim, yarador, nolon…
Millionlarni bag‘riga olib,
O‘rtanib u, cho‘chib yotibdi.
Odamlar, ha, odamlar tolib,
Er ko‘ksini quchib yotibdi.
Tiriklarga tutar ne’matin,
Darig‘ etmay rizqu ro‘zini.
Ona-erim, vali ne’matim,
Fe’li kengim, ochding ko‘zimni…
Zamin uxlar — beozor zamin,
Oq ko‘rpasin tortib boshiga.
Zamin uxlar, tush ko‘rib shirin,
Nelar kirar ekan tushiga?
Balkim ko‘rar tushlarida gul,
Navbahorning tabassumini.
Kurtak bo‘lib barq urgan ko‘ngil
Nurga burkar baxt mavsumini.
* * *
Tomirlarim nay bo‘lib sahar,
Subhi tongni uyg‘otmoq bo‘ldi.
Qumri qushlar topdiyu xabar,
Ufqlarni qo‘zg‘atmoq bo‘ldi.
Uyg‘ongandan bog‘lar nafasi,
Shamollarni yutganday bo‘ldi.
Kapalaklar kelib havasi,
Gullar uzra qotganday bo‘ldi.
Yaylovlarda chopgan qo‘zilar,
Maysalarni o‘pganday bo‘ldi.
Kun ham chiqib asta cho‘zilar,
Olamga nur sochganday bo‘ldi.
Yashnab ketdi borlig‘u qodir,
Etti iqlim tarafi bo‘ldi.
Tomirlarim nay bo‘lib nodir,
Ko‘nglimning baxt, iqboli bo‘ldi.
* * *
Sevgim yoqut edi,
dur edi sevgim,
Qorong‘i ko‘chaga sochilib qoldi.
Beqasam yelkamda,
hilpirab yengim,
O‘t olgan ko‘kragim ochilib qoldi.
Yoqut tosh yorishib,
durim yorishib,
Qorong‘i ko‘chani yoritib qoldi.
Lek, loyga qorishib,
changga qorishib,
Alami ko‘p mani qaritib qoldi.
Ko‘ngilda,
sevgimni izladim uzoq,
Qorong‘i ko‘chada tonglar ottirib.
Yo‘limda tikanlar,
hasadlar tuzoq,
Hasratlar, azoblar, shonlar orttirib.
Tolganda shodlanib
yoqutim, durni
Ko‘klarga ko‘tarib parvoz ayladim.
Va ozod yashabda,
bag‘rida hurni,
Ikkala dunyoni par soz ayladim.
* * *
Afrosiyob poyezdi – bu nur ichgan shitob,
Duldul bo‘lib qanotini yozgan chog‘ida –
Etolmayin qolganini ko‘rdimda oftob,
Xayollarim uchganida bo‘zlab gohida.
Olib ko‘nglim ko‘zlarini, bog‘lardan o‘tib,
Sirdaryoning ko‘prigidan o‘tib tezlashsa –
Kipriklarim qo‘llarini silkisa tutib,
Yarashadi hofizlarday yonib sozlashsa.
O‘tayotib poyezd Jizzax adirlaridan
Sochilganin ko‘rib yo‘lga lolalarini –
Ufqlarda porlayotgan sadolaridan
Tutgan bo‘ldi bobolarning nolalarini.
Ulug‘bekning ko‘zlaridan mehrlar tuyib,
Ko‘kdan tushib, aylanibda qamar tantiga –
Tog‘lar oshib, yog‘dusini baralla quyib,
Shiddat bilan kirib keldi Samarqandiga.
Jismu jondan o‘tib bordi ushbu tashbehim:
Quchog‘iga bosib tag‘in tong ila shonni –
Sharaflarga ulagani qadim tarixim,
Tezlab-tezlab borayotgan O‘zbekistonmi?
* * *
Muhabbat sifatin topdingmi derlar,
Shuncha yil yashading ishq dardin chekib?
Dashtlarda cho‘g‘ izlab chopdingmi derlar,
Qorachig‘ o‘timga ko‘zlarin tikib?
Topdimda, qirlarda lolalar izlab,
Sellarda yuzlarim yuvgan chog‘larim.
Qaldiroq nurida qaltirab, bo‘zlab,
Ko‘klarni kuydirgan ohu dog‘larim.
Topdimda, mehrdan porlab nigohim,
Labimni yondirgan payti lablari.
Quvonchdan toshganda jo‘shib segohim,
Qalbimga qo‘shilib ketdi qalblari.
Topdimda, o‘g‘illar tug‘ilganida,
Qanot paydo bo‘lib ikki kaftimda –
Shodliklar do‘l kabi yog‘ilganida,
Baxtimni ko‘ribda, qalbu taftimda.
Topdimda, bu kuni uyning to‘rida,
Oyday nabiralar davrasi aro
Mirzoday o‘ltirsam yurak qo‘rida,
Porlagan ko‘zlardan ko‘zlarim qaro.
Muhabbat sifatin topdingmi derlar,
Shuncha yil yashading ishq dardin chekib.
Dashtlarda cho‘g‘ izlab chopdingmi derlar,
Qorachig‘ o‘timga ko‘zlarin tikib.