Abdulhamid Cho‘lpon (1897-1938)

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon (Yunusov) 1897 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan. Dastlab madrasada (1908—12), so‘ngra rus-tuzem maktabida (1912—14) tahsil olgan. Shoirning adabiy merosi she’riyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar hamda tarjimalardan iborat. She’riy asarlari «O‘zbek yosh shoirlari», «Uyg‘onish» (1922), «Buloqlar» (1923), «Tong sirlari» (1926) va «Soz» (1935) to‘plamlarida, shuningdek, turli gazeta va jurnallarda e’lon qilingan. 20-yillarda yozgan «Oydin kechalarda», «Qor ko‘ynida lola», «Novvoy qiz» singari hikoyalari o‘zbek adabiyotidagi lirik nasrning dastlabki mumtoz namunalaridir. «Kecha va kunduz» (1936) romani hamda «Yorqinoy», «Xalil farang», «O‘ldiruvchi» (1921), «Sevgi va saltanat», «Cho‘pon sevgisi» (1922) kabi pesalari ham bor (bu asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelmagan). A. S. Pushkin («Boris Godunov», «Dubrovskiy»), I. S. Turgenev («Cho‘ri qiz»), I. Franko («Million», «Feruza»), L. Andreev («Gubernator», «Osilgan yetti kishining hikoyasi») singari rus va boshqa xalqlar adabiyotining mumtoz asarlarini katta mahorat bilan tarjima qilgan. Uning tarjimasidagi U. Shekspirning «Hamlet» tragediyasi o‘zbek tarjima san’atining shoh namunasi hisoblanadi. U 1938 yil 14 iyul kuni hibsga olinib, ko‘p o‘tmay, Toshkent shahri atrofida otib tashlangan. Vafotidan so‘ng Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va «Mustaqillik» ordeni (1999) berilgan.

GO‘ZAL

Qorong‘u kechada ko‘kka ko‘z tikib,
Eng yorug‘ yulduzdan seni so‘raymen.
Ul yulduz uyalib, boshini bukib,
Aytadir: men uni tushda ko‘ramen.
Tushimda ko‘ramen – shunchalar go‘zal,
Bizdan-da go‘zaldir, oydan-da go‘zal!

Ko‘zimni olaman oy chiqqan yoqqa,
Boshlayman oydan-da seni so‘rmoqqa.
Ul-da aytadir: bir qizil yanoqqa
Uchradim tushimda, ko‘milgan oqqa.
Oqqa ko‘milganda shunchalar go‘zal,
Mendan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Erta tong shamoli sochlarin yoyib,
Yonimdan o‘tganda so‘rab ko‘ramen.
Aytadir: bir ko‘rib, yo‘limdan ozib,
Tog‘ va toshlar ichra istab yuramen!
Bir ko‘rdim men uni – shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Ul ketgach, kun chiqar yorug‘lik sochib,
Undan-da so‘raymen sening to‘g‘ringda.
Ul-da o‘z o‘tidan bekinib, qochib
Aytadir: bir ko‘rdim, tushdamas, o‘ngda.
Men o‘ngda ko‘rganda shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

Men yo‘qsil na bo‘lib uni suyibmen,
Uning-chun yonibmen, yonib-kuyibmen,
Boshimni zo‘r ishga berib qo‘yibmen,
Men suyib… men suyib kimni suyibmen?
Men suygan suyukli shunchalar go‘zal,
Oydan-da go‘zaldir, kundan-da go‘zal!

QALANDAR IShQI

Muhabbatning saroyi keng ekan, yo‘lni yo‘qotdim-ku,
Asrlik tosh yanglig‘ bu xatarlik yo‘lda qotdim-ku.

Karashma dengizin ko‘rdim, na nozlik to‘lqini bordir,
Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku.

Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo do‘stlar,
Bu dunyo deb, u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.

Uning gulzorida bulbul o‘qib qon ayladi bag‘rim,
Ko‘zimdan yoshni jo‘ aylab, alamlar ichra botdim-ku.

Qalandardek yurib dunyoni kezdim, topmayin yorni
Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar birla qaytdim-ku.

Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.

KO‘NGIL

Ko‘ngil, sen munchalar nega
Kishanlar birla do‘stlashding?
Na faryoding, na doding bor,
Nechun sen muncha sustlashding?

Xaqorat dilni og‘ritmas,
Tubanlik mangu ketmasmi?
Kishanlar parchalanmasmi?
Qilichlar endi sinmasmi?

Tiriksan, o‘lmagansan,
Sen-da odam, sen-da insonsen,
Kishan kiyma,
Bo‘yin egma,
Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen!

SOZIM

Nafrat o‘lkasidan hijrat qilganman,
Ulfat diyoriga maskan qurganman,
Yuzimni o‘t emas, gulga burganman,
Samoviy zavqlarga to‘lib turganman
Bulbullar sevgini maqtagan damda!

Chechaklar o‘sg‘usi ko‘z yoshlarimdan,
Bo‘g‘inlar ung‘usi o‘ylashlarimdan,
Qalblar yumshag‘usi sayrashlarimdan,
Sevgi chamanida yayrashlarimdan
Jannatlar yaratgay tashlangan janda.

Tilingan tillarga qon yugurg‘usi,
Bo‘shalgan inlarga jonlar kirg‘usi,
Tikanli boqchalar chechak ko‘rg‘usi,
Haq yo‘li, albatta, bir o‘tilg‘usi
Jandalar tanimga tekkan kunlarda!..

* * *

Bir tutam sochlaring mening qo‘limda,
G‘ijimlab o‘paymi, yo tarab-echay,
Sir deb saqlaganing mening qo‘ynimda,
Sir deb saqlayinmi, yo yelga sochay.

Sochilgan sochingday sochilsa siring,
Anor yuzlaringni kimga tutasan?
O‘zing-ku «ularda vafo yo‘q!» deding,
Nimaga ularni tag‘in kutasan?

Ochilgan qo‘ynimda to‘lg‘angan taning
Ko‘ngildan qilcha ham hid yetkazmasa,
Menga yaqinlashma, ay, tirik bo‘sa!
«Sevdim» deganlaring yolg‘ondir sening!.

XALQ

Xalq dengizdir,
Xalq to‘lqindir,
Xalq kuchdir,
Xalq isyondir,
Xalq olovdir, xalq o‘chdir…
Xalq qo‘zg‘alsa, kuch yo‘qdirkim, to‘xtatsin,
Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.
Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,
Xalq istadi, toj va taxtlar yiqildi…

Xalq istagi: ozod bo‘lsin bu o‘lka,
Ketsin uning boshidagi ko‘lanka,
Bir qo‘zg‘alur, bir ko‘pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o‘ynar,
Yo‘qliqni-da, ochlikni-da yo‘q etar,
O‘z yurtini har narsaga to‘q etar…

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

* * *

Xayol, xayol… Yolg‘iz xayol go‘zaldir,
Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqaman.
Xayoldagi yulduzlarkim, amaldir,
Olovimni alar uchun yoqaman.
Go‘zal xayol, kel, boshimda gul o‘ynat,
Manim istak-tilagimni erkalat!

BUZILGAN O‘LKAGA

Ey, tog‘lari ko‘klarga salom beran zo‘r o‘lka,
Nega sening boshingda quyuq bulut ko‘lanka?
Uchmoxlarning kavsaridek pokiza,
Sadaflarning donasidek top-toza
Salqin suvlar tog‘dan quyi tusharkan,
Tomchilari yomg‘ir kabi ucharkan,
Nima uchun yig‘lar kabi ingraylar?
Yov bormi, deb to‘rt tarafni tinglaylar?
Tabiatning o‘tini yo‘q o‘tida,
Sharaq-sharaq qaynab chiqqan buloqlar
Har qorong‘i, qo‘rqinch tunning betida
Shifo istab kelmasin der, qo‘noqlar.
-Bu nega?
Ayt menga.
Ko‘m-ko‘k, go‘zal o‘tloqlaring bosilg‘on,
Ustlarida na poda bor, na yilqi,
Podachilar qaysi dorg‘a osilg‘on?
Ot kishnashi, qo‘y ma’rashi o‘rniga
-Oh, yig‘i,
Bu nega?

Tumorchalar xamoyillar taqingan,
Dalalarda lola bargi yopingan,
Tog‘-toshlarda o‘yin qilgan,
Chopingan
Go‘zal qizlar, yosh kelinlar qayerda?
Javob yo‘qmi ko‘klardan-da, yerdan-da,
Xarob bo‘lgan eldan-da.
Ot minganda, qushlar kabi uchguvchi,
Erkin-erkin havolarni quchg‘uvchi,
Ot chopganda, uchar qushni tutquvchi,
Uchar qushday yosh yigitlar qayerda?
Tog‘ egasi – sor burgutlar qayerda?

Sening qattiq sir – bag‘ringni ko‘p yillardir ezganlar,
Sen bezsang-da, qarg‘asang-da, ko‘kragingda kezganlar.
Sening erkin tuprog‘ingda hech haqi yo‘q xo‘jalar,
Nega seni bir qul kabi qizg‘anmasdan yanchalar?
Nega sening qalin tovshing “ket” demaydi ularga?
Nega sening erkli ko‘ngling erk bermaydi qullarga?
Nega tag‘in tanlaringda qamchilarning kulishi?
Nega sening turmushingda umidlarning o‘lishi?
Nega yolg‘iz qon bo‘lmishdir ulushing?
Nega buncha umidsizdir turishing?
Nima uchun ko‘zlaringda tutashguvchi olov yo‘q?
Nima uchun tunlaringda bo‘rilarning qorni to‘q?
Nima uchun g‘azabingni uyg‘otmaydir og‘u-o‘q?
Nima uchun borlig‘ingda bu daraja buzg‘unlik?
Nima uchun o‘ch buluti sellarini yog‘dirmas?
Nima uchun kuch tangrisi bor kuchi-la soldirmas?
Kel, men senga qisqagina doston o‘qiy,
Qulog‘ingga o‘tganlardan ertak to‘qiy.
Kel, ko‘zingning yoshlarini surib olay
Kel, yarali tanlaringni ko‘rib olay, to‘yib olay.
Nima uchun ag‘darilgan, yiqilgan
Og‘ir toyning zahar o‘qi ko‘ksingda?
Nima uchun yovlaringni bir zamon
Yo‘q qilg‘unday temirli o‘ch yo‘q senda?
Ey, har turli qulliklarni sig‘dirmagan hur o‘lka,
Nega sening bo‘g‘izingni bo‘g‘ib turar ko‘lanka?

Andijon, 1921 yil