Abdul Rahmon (1969)

Abdul Rahmon (Abdurahmon Pirimqulov) – 1969 yilda tug‘ilgan. Angren pedagogika institutini tamomlagan. “Mohiyat va mahorat”, “Iztirob inkishofi”, “Navoiyni sevgan nozanin” singari kitoblar muallifi. Filologiya fanlari nomzodi.

OQIBAT

Ul sitamkash jabridin chekdim afg‘on oqibat,
Ishqidin tondi tamom, qoldim hayron oqibat.

Ol yuzin demang uyatdan ul rang olmish qonimdan,
Oqdi ko‘zimdan gulob, bo‘ldi ummon oqibat.

Labi misli g‘unchadur men uchun ochilmagan,
Yuz tarahhum qildim, ammo, yo‘q bir ehson oqibat.

Ahdidan kechdi, unutdi, ilk bo‘sa nash’asin,
Xasta dilga o‘t tutashdi, kuydi chandon oqibat.

Qaysi oshiq ko‘rdi yordan men kabi jabru jafo,
Men kabi yo‘q ishq elida telba, sarson oqibat.


BUL SIYoHDON O‘ZGAChA

Keldi kulbamga kulib, anbarafshon o‘zgacha,
Oldim belidin quchib, qaddi larzon o‘zgacha.

Zim-ziyo erdi uyim, qalb edi parcha buyum,
Nur taratdi bir uyum, shu’laafshon o‘zgacha.

Ko‘z qamashdi shu’lasidan, dil yorishdi jilvasidan,
Shul qaro ko‘z ishvasidan, bo‘ldim hayron o‘zgacha.

Men dedim: “Ey, ofatijon, bu ishing behad yomon!”,
Ul dedi: “Sen qilsang ehson, rohati jon o‘zgacha”.

Qo‘lima ushlab qalamni surmadong‘a shaylasam,
Noz qilib der ul pari: “Bul siyohdon o‘zgacha”.

Shodlanib marhamatidan tinmadim to tonggacha,
Tong chog‘i ketdi yonimdan kulib xandon o‘zgacha.

O‘LTURUR

Hajrida meni qilib zor ko‘zi jayron o‘lturur,
Bo‘ynima sochin qilib dor zulfi marjon o‘lturur.

Kecha-kunduz yo‘l qararman, kelmagay bir hol so‘rab,
Kulbasin zulfini boylab bandi zindon o‘lturur.

Itiga berdim bag‘irni muddaiyni qo‘yma deb,
Muddaiyni chorlab ahyon, ayshi pinhon o‘lturur.

Qon yutib bordim yoniga o‘lturur zebolanib,
Men tomon boqmay nazar ul parishon o‘lturur.

Men dedim: “Ey mahliqo! Bo‘lma muncha purjafo”,
Ul dedi: “Ket, bevafo!” so‘zi nolon o‘lturur.

Sho‘r bu qismat zahridan Abdul Rahmon toq o‘tar,
Bir urib peshonasiga, qalbi vayron o‘lturur.

BOR

Kimki oshiqdir aning bir pari ruxsori bor,
Kimki ma’shuqdir aning ishvayu ozori bor.

Ko‘rdim Farhodu Shirin, Vomiqu Uzro qismatin,
Kim alar bo‘ynida ishqdin marvarid zunnori bor.

Bog‘ima kirma deya man’ etma, ey bog‘bon,
Sarvdir ul bog‘ aro na bel, na raftori bor.

Menga xush yoqqay sanam gar ketursa turfa gul,
Chunki yorim uzgan gulning o‘zgacha ifori bor.

Abdul Rahmon so‘z mulkida topdi shuhrat, saodat,
Kim aning ilkida qora qalamdin dastori bor.

UMIDVOR ETDI MENI

Bir xabar olmay nigor intizor etdi meni,
Uchrashib ag‘yor bilan dilafgor etdi meni.

Noumid bo‘lmay hanuz kutdim ul oy vaslini,
Unutib oshiq ko‘ngilni umidvor etdi meni.

Jabr etmak chun go‘zallar rasmimi ishq elida,
Ko‘z yoshim shomu sahar shashqator etdi meni.

O‘tdi qirq yil kelmadi, soch oqardi, tushdi tish,
Ketdi beldan kuch va quvvat, bemador etdi meni.

Bir umr boqdim yo‘liga, uzzukun aylab duo,
Men tomon boqmay nazar sharmisor etdi meni.


QANI

Kulbam aro yolg‘izman ul nigor kelsa qani,
Men bila bo‘lsa bu kech, tonggacha qolsa qani.

Qoshi, ko‘zi, yuzining ta’rifin bitib yurakdan,
Oq varaqning betida shul qalam tolsa qani.

Bazmimiz avjga chiqib bir-bir bosib etsa xirom,
So‘ng piyola zo‘riga zo‘r sharob quysa qani.

Ul diloro o‘yidan gar o‘zgaga o‘tsa o‘yim,
Mayli sochim tolasini bittalab yulsa qani.

Istaram bul kech tamom o‘zga bo‘lsa o‘zgadin,
Roziman tong chog‘i yor jonimni olsa qani.

ATROFIMDA ChOR DEVOR

Meni telba degan zotning o‘zi bir go‘lmasmikin?!
O‘ldirib nomim, sha’nimni, o‘zi hech o‘lmasmikin?!

O‘zini botir sanar quyonyurakdan asrakim,
Go‘lga sajda qilgan el sovrilib, so‘lmasmikin?!

Toqatim toq bo‘ldi barcha fe’li govlar dastidan,
Barcha do‘stni ayro qilgan manfaat, pulmasmikin?!

Atrofimda chor devor, yuz o‘girdi do‘stu yor,
Holima yig‘lar onam, bir kuni kulmasmikin?!

Yo‘rg‘alaydi qalamim, goh to‘kilar alamim,
Buni bilar do‘st- g‘anim, munaqqid bilmasmikin?!

She’r yozar bulbulu zog‘, she’r yozarmi hech no‘nog‘?
Bunda bor darveshu shoh, Abiljon qulmasmikin?!

DERLAR

(Mashrabona)

Seni jonon, meni nodon, ishqda noravo derlar,
Seni sulton, meni g‘ilmon, ko‘yingda bir gado derlar.

Ko‘zing nuri ziyosidan bu olam ersa charog‘on,
Ko‘zing yumsang, keng bu olam misli motamsaro derlar.

Vasling istab kecha-kunduz ishq sahrosida kezsam,
Seni aqli raso, meni ajab, telbanamo derlar.

Ishq sharobin sipqorib bir on o‘zdin ketar bo‘lsam,
Ishq xayli kulib xandon: bu shoir benavo derlar.

Ko‘rib oyday jamolini tanimdin jon ravon ersa,
Qiyo boqmaski mahvash, chun go‘zallar bevafo derlar.