Abdug‘ulom Abdug‘ani 1952 yilda tug‘ilgan. Andijon davlat pedagogika institutini (hozirgi ADU) tugatgan. “Dilim bo‘zlar”, “Sadoqat ramzi”, “Poyma-poy kalit”, “Oshufta dil” kitoblari chop etilgan. 2016 yil 8 dekabrda vafot etdi.
KUYGANDA KO‘R
Ro‘zvon xolang chakki emas, o‘yinni xo‘p qiyganda ko‘r,
Yoshi sakson bo‘lsa hamki, “suvpari”ni kiyganda ko‘r.
Kaminaga ishonchi yo‘q, qayga boray yonimda ul,
Qiyo boqsa biror kampir rashk o‘tida kuyganda ko‘r.
Ba’zan quruq kelsam, xolang nos qovog‘in olib qo‘lga,
Qani “o‘ris pista” deya, xo‘p boshima tuyganda ko‘r.
Ertalabdan to kechgacha oyna-jahon oldidadir,
“Nu pogodi” bo‘lmadi deb, goho qovoq uyganda ko‘r.
O‘ylamagil To‘qson buvam qiyin kunga qolibdi deb,
Parqu yostiq keltirgancha erkalatib suyganda ko‘r.
Hoy G‘ulomjon, bugun bayram akaginang mehmoni bo‘l,
Shunda uzum sharbatini qadahlarga quyganda ko‘r.
MOMONGNING FE’LI QIZIQ
Shu yoshgacha momongning tushunmayman fe’lini,
Tan olmaydi gohida urug‘-aymog‘ elini.
Yuz burishar, qosh kerib qalampir chaynaganday,
Yoqmay qoladi qo‘qqis “buvi” bo‘lgan kelini.
Tovuqqa don septirmas, goh och qolar bedana,
Sog‘dirmasdan govmishni to‘lib ketar yelini.
Achchiq qilib Mastonga qoraytiray deb, obdon
Surtibdi sochlariga “achchiq tosh”ning selini.
Muzqaymoq keltirmading deb, qishning chillasida,
Quvlab qolsa bo‘larmi qo‘lga olib kelini?
Bo‘ldi, bas qil, kampirjon qon bosim baland desam,
Peshonamga chapladi bilmay “fastum gel”ini.
Ey G‘ulomjon, momongni bobong shunday sevadi,
Erkalatib tunlari silab chiqar belini.
YoNOG‘INGDAN
Zerikmam hech qachon kampir sening tumshuq qovog‘ingdan,
“Hanuz yaxshi ko‘rarmusiz?” deya bergan so‘rog‘ingdan.
Ko‘targum har neki jahling, vale, o‘zga ilojim yo‘q,
Peshona, ko‘z, yuzim hatto ko‘kargan “nos qovog‘”ingdan.
Ko‘zingga bir umr boqdim, yuzingni oy dedim yolg‘iz,
Essiz bir bora cho‘zmabman ajin bosgan qulog‘ingdan.
Qulog‘im tinchimas hargiz, onang qo‘ygan bo‘z ko‘ylagu
Otangdan esdalik qolgan toshoyna ham tovog‘ingdan.
Bulutdek oq mayin zulfing menga qop-qoradir har on,
Gulira’no, atirgulning bo‘yi kelgay tarog‘ingdan.
Choling To‘qson, hali bardam, olib yurgay seni qizday,
Xotirjam bo‘l, kamitmasman, xino, surma, bo‘yog‘ingdan.
G‘ulom nogoh guvoh bo‘ldi, alarning so‘nggi so‘zidan:
Kel, endi ko‘rmasin hech kim, bo‘sa bergil yonog‘ingdan!
ChELAK G‘ILDIRAShI
Eshit o‘g‘lim, xunob qildi tunda qorin guldirashi,
Xosiyatsiz bu “tovush”dan momongni ham keldi g‘ashi.
Kunduz qator ziyofatlar bo‘lib o‘tdi, to‘y mavsumi,
Ishtahani qitiqlardi qazi-qarta mo‘ltirashi.
Devzira osh, somsa, lag‘mon, issiq kabob dimog‘ yorar,
Emay desang, qo‘ymas sira nafs qurg‘ur o‘t qalashi.
“Salqin suv”lar hazmi taom emish, Eshmat bobong aytdi,
Yigitlikni esga soldi “Koka kola” chuldirashi.
Qorin burab, mijir edi, ko‘ngil esa aloq-chaloq,
Avjga mindi “yugur-yugur”, misli chelak g‘ildirashi.
Kelisholmay turli taom “jikka musht”ga tushganicha,
Bitim tuzmay tez orada tarqab ketganmi “kengashi?”
Oh, tonggacha tinka-mador qurib, tandan ketdi majol,
“Tez yordam”ning yordamila tindi tanim qaltirashi.
Ey G‘ulomjon do‘xtirlar ham bor bo‘lsinu bobongga lek,
Davo bo‘ldi ul momongning “ochofat” deb, erkalashi.
QOYIL
Xolang Ro‘zvon ulug‘ yoshda, bodom chaqqoniga qoyil,
Quloq teshtirib, bir juft zirak taqqoniga qoyil.
O‘zi qassobdan olgay go‘sht, “Lahm ermas suyakli” deb,
Tanovvul chog‘ida obdon ilik qoqqoniga qoyil.
“Chinnixon” deb ismlangan qora govmush unga hamroh,
Buzog‘in tutqazib menga, sigir soqqoniga qoyil.
Bo‘yab qoshu qobog‘ini, yuziga “betyog‘i” surtib,
Qizil rangga bo‘yab labni “olov” yoqqoniga qoyil.
Tuni birlan qurar suhbat, ani xo‘b uyqusi qochgan,
Sahar chog‘i kelinchakdek kulib, boqqoniga qoyil.
“Kelin qaynonadan qolmas” degan elda naql bordir,
Onamning fe’li atvori anga yuqqoniga qoyil.
G‘ulom hayratlanar anglab, bobosin muddaosini,
Muhabbat suvlari qonda mudom oqqoniga qoyil.
KIShMISh BILAN SIYLAR
Xolang yetmish yoshida ham bobongni ish bilan siylar,
Gohi yoshlik chog‘in eslab, qoshin chimrish bilan siylar.
Sayr chog‘i ko‘zin uzmay, menga zimdan razm solgach,
“Biram sho‘xsiz” deya tergab, quloq chimchish bilan siylar.
Ayollarning qulog‘i ding, xolang ham shu qavmdandir,
Kelib to‘yu marosimdan qiziq mish-mish bilan siylar.
“Bugunchi qo‘shni qishloqdan sochi paxmoq qizingizga
Yana bir sovchi keldi” deb, shirin tashvish bilan siylar.
Qachon shohmot o‘yinida Suvonni mot qilib kelsam,
Soqolim ko‘ziga surtib, suyib, olqish bilan siylar.
“Hamisha cholginam bardam bo‘ling” deb, belni quchgancha,
Shu on sarxil uzum, qaymoq, patir, kishmish bilan siylar.
Bugun mehmonimiz bo‘lsang seni – shoir G‘ulomim deb,
Xolang baytu g‘azal birla, dutor chertish bilan siylar.