Alixon Mullaoxun o‘g‘li Oraziy 1869 yilda sobiq Marg‘ilon uyezdi Shahrixon volostining Qashqar mahallasida kulol oilasida tug‘ildi. Alixon Oraziy yozish va o‘qishni dastlab o‘z onasidan o‘rgandi. So‘ngra mahallasidagi otinbibida o‘qishni davom ettirdi.
U 1884—1890 yillarda Shahrixondagi Dasturxonchi madrasasida tahsil ko‘radi. Biroq, ro‘zg‘or tangligi unga madrasani tugatishga imkon bermadi. U 1890 yildan e’tiboran ro‘zg‘or tebratishda otasiga ko‘maklasha boshlaydi va kulolchilik dastgohini boshqaradi. U birmuncha vaqt boylar eshigida, qozixonalarda ishladi. Lekin bo‘lajak shoir tinmay shaxsiy mutolaani davom ettirdi.
1916 yil Shahrixonda Nikolay podshohning mardikor olish siyosatiga qarshi ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonida Oraziygina emas, uning katta o‘g‘li Abdumo‘min va qadrdon do‘sti Hayratiylar ham ishtirok etdi. G‘alayon shafqatsizlik bilan bostirilgandan so‘ng, shoir yashirinib yurishga majbur bo‘ldi.
Adabiyot dargohiga katta e’tiqod bilan kirib kelgan shoir umrining so‘nggi yillarigacha ijod bilan band bo‘ldi.
Shoir Alixon Mullaoxun o‘g‘li Oraziy 1942 yili 1 sentyabrda Shahrixonda vafot etdi.
MUXAMMASLAR
* * *
Ushbu jahon elining da’vosi pul emasmi?
Tun-kun dilida sevgan zebosi pul emasmi?
Bu xalqning shuncha sho‘rish-g‘avg‘osi pul emasmi?
Bir-biriga tuhmat aylab, ig‘vosi pul emasmi?
Makru firiblar aylab, savdosi pul emasmi?
Mahbubi om o‘lmish har yerda bo‘lsa oltin,
Har kimga jilva aylab bir boqsa qildi majnun,
Lekin bu ko‘hna gardun har kun bo‘lar digargun,
Bilmam asiru zormi oltinga kof ila nun,
Maxluqlar ichida a’losi pul emasmi?
Kimlarni qildi ko‘rdik: tunlarda tomtesharlik,
Ko‘plarning kasbi bo‘ldi, bas, aqchadon kesarlik,
Pul deb ne nozaninlar bo‘yniga oldi garlnk,
Shirin tamoq o‘ldi ahli riyo hazarlik,
Har ko‘chalarda sur-sur, ho-hosi pul emasmi?
Har kimda bo‘lsa pul ko‘p, kimni ko‘ziga ilgay,
Parvoyiga keturmas, olam bori yigilgay,
Hech aql chora qilmay, yo boshicha yiqilgay,
Ko‘pdir gururi kayfi, kim topdi, o‘zi bilgay,
Bu dahri purfusunning miynosi pul emasmi?
Ko‘rdingmi qancha inson kasb aylashur gadolik,
Bir qanchasi qo‘yib ot, o‘ziga mosuvolik,
Qo‘lda riyoyi tasbeh, bo‘yni bo‘lib ridolik,
Bu holiga uyalmay, o‘zini der hayolik,
Ko‘rsatgan elga itdek sullosi pul emasmi?
O‘ldirgay o‘z otasin yakbora topsa fursat,
Mushfiq onasini ham solg‘ay boshiga kulfat,
Parvoyiga kelarmi boshiga yogsa la’nat,
Pul zavqi tushgan inson qilmas kishiga shafqat,
Bu hollarga solgan, ustosi pul emasmi?
Ko‘rdingmi qancha odam parsiz havoga uchgay,
Aslini topmoq uchun avji samoga uchgay,
Maqsadga chin yetolmay dorilbaqoga uchgay,
Siz ham fikrlang, o‘ylang, ne muddaoga uchgay,
El og‘zida deyilgan Anqosi pul emasmi?
Birmuncha baxshi, qushnach, birmunchamiz duoxon,
Topgaymiz ilmi nayrang, bo‘lgaymiz ancha eshon,
Dasmoyamiz kifoya, har kunda qancha yolg‘on,
Bizlarning makrimizdan shayton bo‘ldi hayron,
Tush uxlamay ko‘rarmiz vosvosi pul emasmi?
Ne yaxshi mehribonni ayirdi bir-biridan,
Ko‘rdingmi zo‘r aylar xotinni o‘z eridan,
Sarson qilib chiqargay ko‘p elni o‘z yeridan,
Tondirdi ko‘p xasisni ustod ila piridan,
Xunso elin ishongan oshnosi pul emasmi?
Suratga bergay oro, siyratda necha xil g‘ash,
Rangin asolar ushlab, ham salla-to‘n munaqqash,
Eshon murid ovlab har ko‘chalarda kash-kash,
To topdi boy, mullo bir-birisidin aysh-aysh,
Tun kechalarda maxfiy yallosi pul emasmi?
Gap puldadir muqarrar, ko‘p buncha qilma inkor,
Tokaygacha demasmiz yolg‘onchilik na darkor,
To‘rt kunlik umr dersan, qilsang-chi, endi bir or,
Hozirda ko‘p ochildi bir qancha maxfiy asror,
Jannatda joy olishning va’dasi pul emasmi?
Pul deb tamomi inson, ey muddaii nodon,
Ming xil firib birlan har ko‘chalarda nolon,
Hech bormi yuz o‘girgan kofir va yo musulmon,
Kim desa «xohlamasman», albatta bilki yolg‘on,
Olam misoli daryo — g‘avvosi pul emasmi?
Tark aylatib vatanni, keltirdi Andijonga,
O‘ltirsa ham bu yerda, ko‘zidir har qayonga,
Orazning toqati yo‘q har rangli unvonga,
Uyg‘urlar odat etmish o‘zbek kabi imonga,
Sharmu hayoga g‘olib dadosi pul emasmi?
* * *
Qutilmoq yo‘qmi, yorab, ushbu zolim ag‘niyolardin,
Chiqib yerdin havoga o‘rlagan kibru havolardin,
So‘rarga kambag‘alning qonini xush ishtaholardin,
Ko‘zi och, o‘zi sullohlikda ortuqdir gadolardin,
Uyalmay lof urar savdo-sotiq, banku shirolardin.
Tamomi xalq boshiga balo Andijonda Mirkomil,
Jafokashlarning mulkin tortib olmoqqa xo‘p omil,
Degaysen: «Kambag‘al dehqonning ashyosiga azroyil,
Jahonni qildi holo pul ko‘paytirmoq bilan qoyil,
Eru suv, molu mulki — barchasi g‘asbu riyolardin!»
Xushomad birla barcha qoziyu mingboshi xizmatkor,
Tamomi mufti, a’lam «er xatin» yozmoq uchun tayyor,
Toparg‘a boy ko‘nglin har necha hukm etmoqqa jarror,
Pisand etmaydi ming dehqonga har kun yetsa ming ozor,
Ko‘rarmiz kunda har xil necha rang jabru jafolardin,
Anga qarshi chiqib Ahmadbek hoji boy afandimdur,
Mudarris, mulla ruhoniy guruhiga bo‘lib manzur,
Bu ham bir necha dehqonlarni ishlatmoq bila masrur,
Uning makru firibi barcha olamga bo‘lib mashhur,
Rivoji kun-bukun bololanur yolg‘on duolardin.
Qo‘qonda Solijonu Marg‘ilonda Sayyid Ahmadjon,
Quvoda boy Olimu Shahrixonda yana ikki jon,
Tarafkash Said Odil, Ahmadoxunlardadur javlon,
Asaka Teshaboy hojiyu Obidjon bilan sarson,
Va lekin hech bir yer bo‘sh emas bundog‘ balolardin.
Tamomi kasbi holo savdogar nomida sudxo‘rlik,
Xushomad yo‘lida ko‘p shayxu eshon qilmadi g‘o‘rlik,
Bularning xizmati-chun kambag‘al dehqonda majburlik,
Tasarruf qilmoqqa o‘z mulkini har kimda yo‘q hurlik,
Umid yo‘q oshnoyu balki piru peshvolardin.
Riyoxo‘rlikning ta’limiga mohir muftiyu a’lam,
Yo‘q o‘ldi porasiz qozi bo‘lish balki imomat ham,
Inobatlikmi ellikboshisiz hech kim urolmas dam,
Ular har qaysi bir boy ixtiyori birla mustahkam,
Tariqcha yo‘q bularda hech ham sharmu hayolardin.
* * *
Ko‘ngil orom birlan turgulik bir joy topilmaydi,
Muvofiq yori sodiq topilurmu yo topilmaydi,
Qilay arzim desam ul yora, bir tanho topilmaydi,
Ajab bir hola qoldim, maqsudim aslo topilmaydi,
Qilurman o‘z-o‘zimcha ohu vovaylo, topilmaydi.
Ko‘ngil mulkini toroj etgali berganmikan buyruq,
Nazar holimga solmay har tarafdan yog‘dirurlar o‘q,
Kima ham arz etarman dildagi dardimni men mungluq,
Dilim vosvos, jismim turfa bir majruhu malham yo‘q,
Va yo sohnbnafas bir himmati a’lo topilmaydi.
Yurarman chora izlab daf’ bo‘lg‘aymu mashaqqat deb,
Ko‘zimga kim ko‘rinsa javdirarman, bormi shafqat deb,
Ulim behroq derman xalq nogoh qilsa nafrat deb,
Borarman chora izlab har eshikka «yo haqiqat» deb,
Savol aylab haqiqat qilguchi dono topilmaydi.
Yurak dardini ko‘rsatmoqqa mumkinmi yorib, tilmoq,
Bilindi, yo‘q ekan taqdir toshi o‘rnidan jilmoq,
Agarchi farz ekan olamning korin o‘qimoq, bilmoq,
Menga odat ham ermas, holi olam shikvasin qilmoq,
Qilurga daf’i g‘am bir notiqi go‘yo topilmaydi.
Qilurman orzu kelganmikan deb menga bir hamdast,
Taajjubdan taajjub kecha-kunduz g‘am kelar payvast,
Raqiblar qancha bololansa, men ham shuncha bo‘lgum past,
Netay afsuslanmay toleimdur uyqu birlan mast,
Uni uyg‘atgudek bir nozanin barno topilmaydi.
Masaldur eskilardan: «Boshga har ish kelsa, ko‘z tortar»,
Bilarmukin zamondan noligan kim birla nar o‘ynar,
Bilolmam surat orolarni holat modamu yo nar,
Muhabbat ahli zebolarni ko‘rsa ko‘z yoshi ortar,
Qachon gul fasli o‘tsa bulbuligo‘yo topilmaydi.
Yarashgaymu, yoronlar, uxlamay tush ko‘rsa insonga,
Qarab turmoqdadirmiz shuncha yolg‘on teksa ham jonga,
G‘araz hamyonmi yoki non uchun o‘t qo‘ysa imonga, .
Yo‘q aslo e’tiqodim baxshi, eshonu duoxonga,
O‘qib qilgan amal ilmiga bir volo topilmaydi.
Murodim ma’nilik haq so‘zga har qandog‘ ko‘ngil ergay,
Farosat ahli har bir qissadan so‘z gavharin tergay,
Olay ta’lim deb ustoda, borsam yelkasin kergay,
Bugun bir, erta u xil kor qil deb saboq bergay,
Ne derman, Orazo, bir yo‘lu bir imlo topilmaydi.
EY PARI!
Ey pari, boshing haqi, holimga bir nazzora qil,
Surati holim ko‘rib, insofa kel, bir chora qil,
Lutf qil, xohi g‘azab, men zor xizmatkora qil,
Har qachon husning zakotin mustahiq bechora qil,
Iltifoting tashnai didor o‘lan xummora qil.
Chorasizlikdan degayman, zulm qilsang mayliga,
Tig‘i mujgoning bilan bag‘rimni tilsang mayliga,
Bo‘lmadi dardim yashirmoq, endi bilsang mayliga,
Xo‘pmidir, debsan: «Raqiblardan siqilsang mayliga»,
Mendagi maqsad yo‘lida, xohlasang, ming pora qil.
Avvali xo‘p mehribonliklarni qilding noz ila,
Har savol etsam javob ayding shirin e’zoz ila,
Goh o‘qib «Gulyor», goh «Ushshoq», goh «Shahnoz» ila,
Teng bo‘lolmas hech mahvash sen kabi tannoz ila,
Xo‘b emas kuygan jarohatga sepib tuz, yora qil.
Ohkim, hajringda mundog‘ zor o‘lay tokaygacha,
G‘ayrlar oldida ayshi tor o‘lay tokaygacha,
Zor yig‘lab tashnai didor o‘lay tokaygacha,
Yod etib o‘tmishni, minnatdor o‘lay tokaygacha,
Sizga kim o‘rgatdi: «Oshiqlarni baxtin qora qil!»
Bulbulingman, nola aylay, ey yuzi gul, yor-yor,
Arz etay hasratlarimni, senga yig‘lab zor-zor,
Kulmagil, sanchilsa bag‘rimga agar ming xor-xor,
Notavon ko‘nglimda vasl ummedidan axbor bor,
Yo‘l yurish ta’limini tovusi xush raftora qil.
Ishq zavqini bilurmu xudparast nopoklar,
Vasl qadrin qayda bilgay bulhavas beboklar,
Shod emas jannatga kirsa, hajrdan g‘amnoklar,
Chekmak o‘lmas Oraziydek ohi otashnoklar,
O‘rgilay, bir yo‘l xiroming sahnai gulzora qil.
BAHOR AYYoMI KELDI
Bahor ayyomi keldi, ey ko‘ngil, jononingga roz et,
Saharlar nola aylab, shavq ila bulbuldek ovoz et,
Rnyoli zuhdu taqvodan kechib, mayxonaga boz yet,
O‘zingni necha kunlar dayr piri birla damsoz et,
Oyog‘a bosh urib, mug‘bachalarni xo‘sh sarafroz et.
Yurib beboklardek befikr, bekor o‘ltirma,
Ingitsan, mard bo‘lsang, o‘lguncha bemor o‘ltirma,
Kimi bekor ko‘rsang bo‘ldi bir kun xor, o‘ltirma,
Maishat yo‘lig‘a mehnat erur darkor, o‘ltirma,
Senga fazlu hunar o‘rgatguchilar bo‘lsa e’zoz et.
Yog‘ib boroni rahmat har giyohda turli hangoma,
Zamin zebolanibdur sabza baxmaldan kiyib joma,
Bu ovozi farahbaxshida, vahkim, tushmisham doma,
Sabo, yetkur meni dilxastadin ul yora bir noma,
Debon oshiqlara ehson uchun husningga pardoz et,
Bugunning lazzati-chun xo‘p muhabbat bodasin no‘sh et,
Tamomi ahli majlisni navo sozi ila xush et,
Mug‘anniy, sen ham endi qilmay istig‘no, so‘zim go‘sh et,
Rubobu changu setora gahi panjang dar og‘o‘sh et,
«Bayot», «Ushshoq» ila «Gulyor», «Iroq» oldida «Shahnoz»
Burungi lazzatidan Oraziy erkan ajab sodda,
Ki endi no‘sh etib bo‘lmish junun dashtiga omoda,
Hamoqatdan emishkim, o‘tmish ayyomin olur yoda,
Menga bo‘ldi asos o‘rnida bu oqu qizil boda,
Uzat, bir oq ichay, ey soqiyo, ham qaddimi g‘oz et.