Nodira (1792-1842)

Nodira (taxallusi; ismi Mohlaroyim) (1792, Andijon —1842, Qo‘qon) — shoira, ma’rifatparvar va davlat arbobi. «Komila» va «Maknuna» taxalluslari bilan ham she’rlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy — ming qabilasidan, Farg‘ona hukmdori Olimxonning tog‘asi. Olimxon ukasi Umarxonga Marg‘ilon hokimligini beradi va uni 1807 yilda Nodiraga uylantiradi. Nodira shu xonadonda she’r yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush yo‘ldoshi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan.

1822 yilda Umarxon vafot etib, uning o‘g‘li, 14 yoshli Muhammad Alixon (Ma’dalixon) taxtga ko‘tarildi. Lekin davlatni, asosan, Nodiraning o‘zi idora qildi. U madaniyat va san’atni rivojlantirishga intildi. Nodiraning zamondoshi qozi Abdunabi Xotifning tamomlanmay qolgan voqeaband dostonida Nodiraning hayoti va ijtimoiy faoliyati ishonarli dalillar bilan ko‘rsatib berilgan: «Asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va so‘zning qadriga yetadigan donishmand ayol ekanligini ko‘rsatishdir…

Umarxon vafotidan so‘ng bu iffat sadafining injusi kunlarni hasratu firoq bilan shu tariqa o‘tishini noshukurlik deb bildi. U gulistondek Chahorchaman bog‘iga borib, Farg‘ona, Toshkent, Xo‘jand, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, xattotlar, naqqoshlarni o‘z xizmatiga chaqirtirib keldi». Nodira bir necha kitoblarni ko‘chirtirdi va shoirlarni yangi-yangi asarlar yozishga tashviq qildi. Shoira devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini o‘zi shaxsan ko‘zdan kechirib turgan. U yaxshi ishlagan kotiblarga tilla qalam, kumush qalamdon berib, ularni «Zarrin qalam»lik mansabiga ko‘targan. Nodira bozor va rastalar, masjid va madrasalar, karvonsaroylar qurilishiga e’tibor bergan. Go‘ristoni kalondagi Madrasai Chalpak, Taqagarlik rastasidagi Mohlaroyim madrasasini bino ettirgan.

Buxoro amiri Nasrullo 1842 yilda Qo‘qonga bostirib kirib, Ma’dalixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, 14 yashar o‘g‘li Muhammad Aminxonni va Nodirani fojiali ravishda o‘ldiradi.

Nodiraning adabiy merosi o‘z g‘oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan mumtoz she’riyatning go‘zal namunalaridandir. Uning to‘la bo‘lmagan o‘zbekcha devoni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv.№ 4132). Devonga Nodiraning 109 (yoki 1704 misra) g‘azali kiritilgan. Nodiraning o‘zi yozgan debochada tarjimai holiga oid ba’zi muhim ma’lumotlar berilgan. 19-asrda ko‘chirilgan, hozir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix muzeyi arxivida saqlanayotgan devonda Nodiraning «Komila» taxallusi bilan yozgan 19 (328 misra) g‘azali borligi aniqlangan. 1962 yilda Namanganda shoiraning mukammal devoni topildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan (inv. № 313) bu devon shoiraning merosini to‘liq qamrab olgan, deyish mumkin. Bunda shoira yozgan debocha mukammal berilgan. Devonda shoiraning «Nodira» taxallusi bilan yozgan 180 she’ri jamlangan (shulardan 136 tasi o‘zbek tilida, 44 tasi tojik tilida). Jumladan, 11 muxammas, 2 musaddas, 1 musamman, 1 tarji’band, 1 tarkibband va 1 firoqnoma ham bor. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida Nodiraning «Maknuna» taxallusi bilan yozilgan, 333 g‘azaldan iborat bir devoni mavjud (inv. № 7766). Bugungi kunda biz Nodiraning o‘zbek va fors-tojik tillarida yaratgan 10 ming misraga yaqin lirik merosiga egamiz.

Nodira she’riyatining asosini lirika tashkil etadi. Nodira muhabbat, sadoqat va vafo kuychisidir. U go‘zallik va sadoqatni, Sharq xotin-qizlarining dard-alamlari, ohu fig‘onlarini kuyladi. Shoira o‘zini ishq oynasi deb atar ekan, bu oynada insonning hayotga umid bilan qarashi, ezgu istaklari va orzusi aks etgan. U muhabbat Alloh tomonidan insonlar qalbiga solingan mangu yog‘du ekanligini kuyladi:

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,
Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et!

Nodiraning muhabbat tushunchasi chuqur ijtimoiy mazmun kasb etadi. Muhabbat shaxsiy tuyg‘ular doirasidan yuqori ko‘tarilib, odamiylikni chuqur idrok qilish vositasiga aylantiriladi. Nodira insonning eng yuksak fazilati vafodorlikda deb biladi. Shoiraning fors-tojik tilidagi mebosh radifli g‘azalida vafo mavzui keng doirada qalamga olinadi.

Shoira himmat, sabr, qanoat, nomus, hayo kabi xislatlarni ma’rifat, ya’ni Xudo vasliga erishishni yaqinlashtiruvchi manzillar sifatida qayd etadi, odam ana shu sharafli xislatlarni o‘z ruhiga mukammal singdirib olishi va uni sobitqadamlik bilan ko‘ngil ganjinasida asramog‘ini obrazli qilib tasvirlaydi. Odamzod shu sifatlardan mahrum bo‘lar ekan, u riyo yo‘liga kirib ketadi.

Nodira o‘z ijodida dunyoviylik bilan bir qatorda tasavvufning naqshbandiya yo‘nalishiga asoslangan bir butunlik orqali insonning jamiyat va tabiatga munosabatini ham, ilohiy muhabbat yo‘lidagi ruhiy dunyosini ham juda go‘zal va jonli misralarda ifodalab beradi. Nodira she’rlarida islom ruhi, tasavvuf ta’limi va hayot falsafasini chuqur idrok etgan holda hayotga hamma vaqt umidbaxsh nigoh bilan qaraydi va undan yaxshilik urug‘ini qidiradi. Nodira saroyda yashasa ham, o‘zini ma’naviy jihatdan baxtiyor hisoblay olmas edi.

Shuning uchun ham u g‘azallaridan birida: «Meni saltanat masnadida ko‘rib, gumon etmang ayshu farogat bilan», deydi.

Nodira olimlar, shoirlar, ayniqsa, shoiralarni o‘z himoyasiga olgan. Shoira o‘z devonlarining «hamnishin olima afifalar, fozila hamsuhbat sharifalarning maslahatlari va tashabbuslariga ko‘ra jamlangani»ni o‘zbekcha devoniga yozgan so‘zboshisida qayd etib o‘tadi.

Nodira mumtoz she’riyatning mavjud hamma janrlarida qalam tebratdi. Uning o‘zbekcha va forsiycha-tojikcha g‘azallari aruzning turli vaznlarida 5, 7, 9, 13, hatto 18 baytli hajmda yaratilgan. Shoira g‘azallarining asosiy qismi 7—9 baytlidir. Nodira mumtoz adabiyot an’analarini qunt va ixlos bilan davom ettirgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Nodira o‘z g‘azallarida ko‘proq «mukarrar» (so‘zning takrorlanib kelishi) va «qo‘sh mukarrar» usullaridan foydalangan. Asarlarida talmeh, majoz, tashbeh, istiora, tazod, tadrij, tashxis, intoq kabi badiiy vositalar mahorat bilan qo‘llangan.

Nodira fors-tojik tilida ham go‘zal, ta’sirchan she’rlar yozgan. Ular ham mazmun va badiiy mahorat jihatdan o‘zbek tilidagi g‘azallaridek yuksak darajada yozilgan bo‘lib, shoira ijodini yana ham keng va to‘laroq o‘rganishda muhim rol o‘ynaydi.

Nodira ijodiga bo‘lgan qiziqish shoira hayotlik davridayoq boshlangan. Mashhur shoira Dilshod (1800—1905) Nodiraga maxsus g‘azallar bag‘ishlab, uni «ilm-adab va nazm osmonining yulduzi, ushshoqlari g‘azalxoni, shakar sochuvchi bulbul» deb ta’riflaydi. Nodira g‘azallariga juda ko‘p shoirlar naziralar yozganlar, muxammas bog‘laganlar. O‘zbek adabiyotida va sahnada Nodiraning badiiy obrazi yaratildi. H. Razzoqovning «Nodira», Turob To‘laning «Nodirabegim» musiqali dramalari sahnalashtirildi. Komil Yormatov va M. Melkumovlarning stsenariysi asosida «Nodirabegim» filmi yaratildi. Shoira asarlari rus va boshqa chet tillarga tarjima qilingan. Fazallari o‘zbek maqomlari va xalq kuylariga solingan. O‘zbekistonning shahar va qishloqlarida ko‘plab ko‘chalar, kinoteatr, maktab va kutubxonalar Nodira nomi bilan yuritiladi.

Mahbuba Qodirova.

G‘AZALLAR

Jilva ko‘rsatdi chu ul sarvi diloro bog‘ aro,
Chashmi qumri bo‘ldi bir chashmi tamosho bog‘ aro.

Surmagun chashmi nazar soldi guliston ahlina,
Hasratidin qoldi nargis ko‘zi shahlo bog‘ aro.

Orazi gulgun ila qildi chaman sori xirom,
Gul yaqosin chok aylab bo‘ldi rasvo bog‘ aro.

Sarvi gulruxsorim ila bazmi ishrat deb bahor,
Sarvi birla guldin etdi jomi miyno bog‘ aro.

Lola yanglig‘ dog‘ bo‘ldi gul jamoli rashkdin,
Dog‘liq gullardin o‘ldi sayri sahro bog‘ aro.

Naxli qaddi xijlatidin bo‘ldi suv sarvi ravon.
Ayladi favvoralar joriy saropo bog‘ aro.

Sayr uchun qo‘yg‘ay qadam deb sabzai xobidadin,
Har taraf bir farshi mahmaldur muhayyo bog‘ aro

Ko‘rdi ul sarvi diloro qomati mavzunini,
Sarv qaddin qildi qumrilar tamanno bog‘ aro.

Sen bu kun xandonsan, ey gul, Nodira dildorsiz,
yig‘lamoqdindur bulutlardek muhayyo bog‘ aro.

* * *

Sunma may, ey soqii davron, mango
Kim, nasib o‘lmish azaldin qon mango.

Yor javridin shikoyat qilmazam-
Kim, erur bir vajhi istihson mango.

Nola bir dilso‘z yorimdur mening,
Hamnishindur diydai giryon mango.

Mushkil ishdur dardi hijron kulfati,
Yo rab, ul mushkilni qil oson mango.

Dashtu sahrolarni qildim ixtiyor,
Bo‘ldi Majnun qissasi burhon mango.

Oh, naylay o‘tti davroni visol,
Bevafoliq ayladi davron mango.

Muntazirdurman hamisha Nodira,
Bir qiyo boqqaymu deb jonon mango.

* * *

Soqiyo, hajr davosini demishlar mayi nob,
Tutako‘r maykadada qayg‘uluq oshiqqa sharob.

Ishq dardig‘a giriftor bo‘lubman, na qilay,
Zohido, maiga nasihat bila yetkurma azob.

Yor la’lini firoqida xumorim g‘olib,
Bo‘lmadi nash’ai sahbo bila ko‘nglum shodob.

Bo‘lg‘ay erdi qadaming tuprog‘i birla ravshap,
Gar ko‘zum halqalari bo‘lsa samandingg‘a rikob.

Egma qoshingni xami bo‘lg‘oli el sajdagahi,
Ka’ba devorida hayrat ila qolmish mehrob.

Sarxush o‘lg‘on kabi xunobi jigardin oshiq,
Nash’ai boda qilur husn elidin raf’i hijob

Ashki gulgunim erur bodai la’ling asari,
Ruxparvardur aning royihasi misli gulob.

Bukun ul mohliqo sho‘xi dilorom qani,
Yuzidin ravshan edi diydai joni ahbob.

Mastlig‘ birla g‘ami yor faromush o‘lmas,
Nodira, bo‘lmadi dardimni davosi mayi nob.

* * *

Tahammul haddin oshti, emdi afg‘on etmasam bo‘lmas,
Ulusni xotiri jam’in parishon etmasam bo‘lmas.

Giribon chok, bag‘rim poradur, boshimda yuz savdo,
Bu holat birla azmi ko‘yi jonon etmasam bo‘lmas.

Muhabbat ko‘yida nochordur oshiqqa hayronlig‘,
Tahayyur kul qilib oyina osmon etmasam bo‘lmas.

G‘araz iydi visolingdur ko‘ngulg‘a, ey hilol abro‘,
Yuzingni oyig‘a jonimni qurbon etmasam bo‘lmas.

Bu oqshom soldi zulmat olami hijron qaro shomi,
Qilib yodingni ashkimdin charog‘on etmasam bo‘lmas.

Meni oshiq debon tiyri malomat yog‘di boshimga,
Ulusdin, Nodira, dardimni pinhon etmasam bo‘lmas.

* * *

Ko‘zlarim mushtoqdur diydor uchun ruxsora och,
Pardani yuzdin, ko‘zim qilg‘uncha bir nazzora och.

Pardai nozu hayo xomush la’lingdin ko‘tar,
Ikki gul bargini bir-birdan gahi guftora och.

Besutun tog‘ida ko‘p jon chekmag‘il, ey Ko‘hkan,
Ko‘kragimdin jo‘e shir o‘rnig‘a o‘tlug‘ yora och.

Ey ko‘ngul, dudi fig‘oningdin kavokib tiyradur,
Oh ko‘p chekma, hijobi sobitu sayyora och.

Shavq komil bo‘lsa, maxlas ko‘chasi masdud emas,
Ey sharar, bir jazba birla rohi sangi xora och.

Muncha pinhon dog‘kim, ey jon, falak qo‘ydi sanga,
Yor agar kelsa giriboningni aylab pora, och.

Nodira, ohi dilu sho‘ri junun barpoy qil,
Ushbu lashkar birla olam mulkini yakbora och.

* * *

Agar bo‘lsa kishini yori farrux,
Muborakdur yuzi, diydori farrux.

Qani ul yordek shirin shamoyil,
Jamoli dilkashu atvori farrux.

Mening yorim parilar shohi erdi,
Labi shahdu shakar, guftori farrux.

Niholi qomati sarvi xiromon,
Yuzi gul, la’li shakkarbori furrux.

Erur mayxona fayzi maymanatlig‘,
Labo-lab sog‘ari sarshori farrux.

Manga zohid yuzidur nomuborak,
Va lekin jubbau dastori farrux.

Bo‘lubdur Nodira mumtozi ma’niy,
Kalomi ravshanu ash’ori farrux.

* * *

Manga ul sarv qad payg‘omin, ey bodi sabo, keltur,
G‘ubori maqdamidin ko‘zlarimg‘a to‘tiyo keltur.

Vafo qonunidin savtu tarannum ayla, ey mutrib,
Ba yodi do‘ston ushshoq bazmida navo keltur.

Sabo sorig‘a gar tushsa guzoring nogah, ey hudhud,
Sulaymon sori Bilqis ko‘yidin bir marhabo keltur.

Bo‘lubdur ro‘zgorim shomi g‘am dayjuridek tiyra,
Manga, ey mehri tobon, mujdai subhi safo keltur.

Erur toji murassa’ boisi dardi sar, ey Majnun,
Parishon mo‘yi sardin shonai boli humo keltur.

Ko‘ngul ko‘zgusini, ey Nodira, ishq ichra ravshan qil,
Muhabbat dog‘idin oyinai getinamo keltur.

* * *

Jahon bog‘ida, ey huru parizod,
Xijildur qomatingdin sarvu shamshod.

Tag‘oful birla qon to‘kmak fanida,
Ko‘zing shogirdi sho‘xu g‘amza ustod.

Xiromon kelgil, ey sarvi ravonim,
Qading naxlini bisyor ayladim yod.

Meni ul oy visolidin ayirding,
Alingdin, ey falak, yuz dodu faryod.

Manga hajr ichra, ey gardun, jafo qil-
Ki, bo‘ldim dardu g‘am chekmakka mo‘tod.

Riyozat birla ko‘ngilga safo ber,
Bo‘lur oyina sayqal birla fo‘lod.

Tilar nrlon ko‘ngul tandin farog‘at,
Bu bulbulni qafasdin ayla ozod.

Gar ersa Ka’ba ta’miri muroding,
Ko‘ngul vayronasini ayla obod.

Falak javri bila ul oy firoqi,
Manga, ey Nodira, bas muncha bedod.

* * *

Gulu lola mavsumida qani yori dilnavozim,
Nazarimdin o‘ldi g‘oyib sanami suxan tirozim.

Hama saydi orzudur bu jahon shikorgohe,
Netayin qo‘limdin uchti bu mahalda shohbozim.

Manga sham’ anjumandek na junun erur, na savdo,
Ki yorutti hajr shomi kecha so‘z ila gudozim.

Sanga ko‘p edi muhabbat, kam edi g‘amingga toqat,
Ki tamom bo‘ldi g‘orat talabingda ko‘pu ozim.

Manga orzu visoling, manga muddao xayoling,
Nazarimdadur jamoling hama nozdur niyozim.

Madad etsa baxt shoyad, yana bir yuzingni ko‘rsam,
Qadamingni ko‘zga sursam, karam etsa korsozim.

Kima aytayin g‘amimni na iloj etay, na chora,
Sanga yetmadi, darig‘o, ko‘p edi ko‘ngulda rozim.

Dedim ishq jazbasidin sanga Nodira kalome,
Ki, haqiqat iqtizodur hama nuktai majozim.

* * *

Fig‘onkim, gardishi davron ayirdi shahsuvorimdin,
G‘amim ko‘p, ey ko‘ngul, sen bexabarsen holi zorimdin.

G‘uborim ishq vodiysida barbod o‘ldi andog‘kim,
Biyobonlarda Majnun to‘tiyo izlar g‘uborimdin.

Qizil qondur sirishkim, za’farondur chehrai zardim,
Meni kim ko‘rsa farq etmas, xazon birla bahorimdin,

Buzuldi ro‘zgorim, xonai ayshim xarob o‘ldi,
Na rohat ko‘rgamen emdi buzulg‘on ro‘zgorimdin.

Biyobonlarni izlab topmadim yorim so‘rog‘ini,
Berurman jon, sabo nogah xabar keltursa yorimdin.

Diyorim ahli mendin yorsiz begona bo‘lmishlar,
Ki men ham yorsiz ozurdamen yoru diyorimdin.

Gahi yirtib yaqo, gah qon yutub, gohi fig‘on ettim,
Nalar o‘tdi bu axshom, Nodira, joni figorimdin.

MUXAMMAS

Kelg‘il, ey nola, sanga oh ila imdod qilay,
Ofiyat xirmanini bir yo‘li barbod qilay,
Men etib nolani, tarki rahi faryod qilay,
Tobakay hajru firoq ofatidin dod qilay,
Emdi o‘zni necha kun sabr ila mo‘tod qilay.

Manga gohe xabari mohi tamomimni desang,
Yorg‘a dardu g‘ami subh ila shomimni desang,
Ul parivashqa duo birla salomimni desang,
Yor ko‘yida bashartiki payomimni desang,
Bu qafasdin seni, ey jon qushi, ozod qilay.

Adlu insofda Jamshid najodim sen eding,
Fikru andisha, xayolim bila yodim sen eding,
Rost aytay sababi rushdu rashodim sen eding,
Ey dilorom, bu olamda murodim sen eding,
Aylab olamni faromush, seni yod qilay.

Yana bir martaba g‘am. shomida mohimni ko‘rub,
Hajr dardini desam pushtu panohimni ko‘rub,
Rahmi kelgaymu bu ahvoli tabohimni ko‘rub,
Javrlarki manga charx ayladi, shohimni ko‘rub,
Bosh yalang aylab, inonini tutub dod qilay.

Soqiyo, ranji xumor o‘rtadi, keltur manga may,
To‘ldurub necha qadahni tutako‘r paydar-pay,
Hajr dardi bila hikmat yo‘lini qildim tay,
Sabrdur dardi dilim chorasi, yo‘qsa, tokay,
Notavon jonima bedod uza bedod qilay.

* * *

Necha kunlarki manga bor edi lutfu karaming,
Surmai chashmi jahonbin edi gardi qadaming.
Farzdur emdi manga tavfi dari muhtaraming,
Bog‘lab ixlos ila ehromi harimi haraming,
Ashkdin rohilau xuni jigarzod qilay…

Sarvu gul piyrahani sen kabi paydo ermas,
Sen kabi sarv ila gul dilkashu zebo ermas.
Bu chaman gullari manzuri tamesho ermas,
Ko‘zuma qaddu gozingdek chamanoro ermas,
Necha andishai sarvu gulu shamshod qilay.

Vasl bazmi aro jomi mayi sarshor qani,
Zulm ila mendin ayirdi falaki sifla sani,
Poradur gul kabi egnimda junun pirahani,
Otashi dardu firoqu sharari hajr mani
O‘rtadi, qaysi birini sanga bunyod qilay?

Koshki uyquda bir ko‘rsam edi yorimni,
Yig‘lasam bilgay edi holi dili zorimni,
Dard ahli o‘qusun, Nodira, guftorimni,
Yozibon ko‘kda quyosh lavhina ash’orimni
Nasxi mashqi qalami Moniyu Behzod qilay.


TARJE’BAND

FIROQNOMA

Oh kim, behad manga javru jafo aylar falak,
Furqat ichra qismatim dardu balo aylar falak,
Yordin ayru mango ko‘p mojaro aylar falak,
G‘am bila guldek yuzumni kahrabo aylar falak,
Bevafodur oqibat kimga vafo aylar falak,
Hasratu dardu alamga mubtalo aylar falak,
Yorning albatta yoridin judo aylar falak,
Gul bila bulbulni bebargu navo aylar falak,
Hech kim, yo rab, jahonda yoridin ayrilmasun,
Jondin ortuq mehribon dildoridin ayrilmasun.

Sabr qilsam ishq dardi beqaror aylar meni,
Kasbi hush etsam, junun beixtiyor aylar meni,
Dam-badam faryodim eldin sharmisor aylar meni,
Hajr dog‘i dardmandu dilfigor aylar meni,
O‘ylakim, javri falak zoru nizor aylar meni,
Yorsiz hijron balosig‘a duchor aylar meni,
Charxi dun tokay firoq ilgida zor aylar meni,
Oqibat bu dardu g‘am majnun shior aylar meni,
Hech kim, yo rab, jahonda yoridin ayrilmasun,
Jondin ortuq mehribon dildoridin ayrilmasun.

Yordin ayru ko‘nguldur tiyrau oshufta hol,
Oftobim necha kun bo‘ldiki ko‘rguzmas jamol,
Furqat ichra badri tobon za’fidin bo‘ldi hilol,
G‘am yuki oxir alifdek qomatimni qildi dol,
Ey xush ul soatki erdim mahrami bazmi visol,
Dardi hijron ibtilosin aylamas erdim xayol,
Ul zamon erdi bu nuqsonlar manga ayni kamol,
Bordi ul sarvi ravon, myon qblmiSham behushu lol,
Hechkim, yo rab, jahonda yoridin ayrilmasun,
Jondin ortuq mehribon dildoridin ayrilmasun.

Qaydasen, yorim, so‘rog‘ingda ko‘ngul ovoradur,
Qechalar to subh ashkim kavkabi sayyoradur,
Sarvi qaddingga ko‘zum mushtoqi bir nazzarodur,
Pira zoli charxkim oshiqkushu makkoradur,
Javri zulmidin yurakda benihoyat yoradur,
Emdikim sabr aylamakdin jaybi toqat poradur,
Yig‘lamay naylayki, g‘am jonimni o‘rtab boradur,
Chora topmay dardig‘a bu notavon bechoradur,
Hechkim, yo rab, jahonda yoridin ayrilmasun,
Jondin ortiq mehribon dildoridin ayrilmasun.

Nola qildim, yorning vasli muyassar bo‘lmadi,
Toleim rahbarlig‘ aylab, baxt yovar bo‘lmadi.
Vasl sori davlatu iqbol rahbar bo‘lmadi,
Ko‘zlarim mehri jamolidin munavvar bo‘lmadi,
Manga hamdam bir kun ul xurshid manzar bo‘lmadi,
Bir nafas diydordin jon bahraparvar bo‘lmadi,
Kimdir ul kim keldi dunyog‘a mukaddar bo‘lmadi,
Hajr dardidin parishonholu abtar bo‘lmadi,
Hechkim, yo rab, jahonda yoridin ayrilmasun,
Jondin ortiq mehribon dildoridin ayrilmasun.

Ey mug‘anniy, nag‘masoz et Nodira gufgoridin,
Kim, kelur bo‘yi vafo ushshoq aro ash’oridin,
Rishtai jenimg‘a payvand ayla sozing toridin,
Qilmasunmu nola, ayrildi vafolig‘ yoridin,
Toshni suv qildi ta’siri fig‘onu zoridin,
Nogahon bir oh agar cheksa dili afgoridin,
Charx bunyodini xokistar qilur osoridin,
Bo‘lmasun mahrum oshiq yorning diydoridin,
Hechkim, yo rab, jahonda yoridin ayrilmasun,
Jondin ortiq mehribon dildoridin ayrilmasun.