Muntazir (1831-1889)

Muntazir (taxallusi; ismi Yusufqori) (1831, Qo‘qon — 1889, Andijon) — shoir. Qo‘qondagi «Madrasai oliy»ni tugatgach, mudarrislik qilgan. U Nizomiy, Hofiz, Navoiy, Bedil asarlarini chuqur o‘rgangan.

Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Pisandiy, Muhayyir, Rojiy Marg‘inoniylar bilan yaqindan tanishgan, adabiy hamkorlik qilgan. Xudoyorxon o‘g‘li Nasriddinbekni Andijonga hokim etib tayinlaganda, Muntazirni unga maslahatchi qilib yuboradi (1860). Shu sababli umrining oxirigacha Andijonda yashab ijod qiladi.

Muntazir o‘zbek va fors-tojik tillarida yozgan zullisonayn shoir sifatida shuhrat qozongan. Mumtoz she’riyatning an’anaviy janrlarida ijod qilgan, ko‘proq g‘azal, muxammas, muvashshah, ruboiylar yozgan. Ularda zamonadan shikoyat, erk va ma’rifat g‘oyalari ifodalangan. Muntazirning «Bayozi Muntazir» she’rlar to‘plami bizgacha yetib kelgan. Bayozga 800 misradan ko‘proq she’rlari kirgan.


G‘AZALLAR

* * *

To ko‘zim o‘ldi duchor ul sarvi gul ruxsorg‘a,
Kelmadi til hayron etib ko‘nglimi guftorg‘a.

Yor ulkim voqif o‘lg‘ay xo‘bliq oyinidin,
Yo‘q ne lozimi taashshuq surati devorg‘a.

Qolmadi bir zarra toqat zulmi javring hukmig‘a,
Muncha moyildir nigorim xotiring ozorg‘a.

Poymoling o‘ldi jismim, qilmading bir yo‘l nigoh,
Yo‘qmu oxir bir nazar men notavoni zorg‘a.

Yaxshi lutf ettingki, qahr aylab, yomon deding meni,
Talx so‘z zebo emishdur la’li shakkarborg‘a.

Bir tarahhum ayla, yorab, Muntazir yanglig‘ mudom,
Umri zoye aylagan badkoru badkirdorg‘a,

* * *

Desangkim, fard o‘lay olamda mehri olamorodek,
Jahon asbobidin bir yo‘l damon chekkil Masihodek.

O‘zingdin o‘zga garchi vosil ermas maqsuding, g‘ofil,
Ko‘zing och, voqif o‘l, qo‘l sunma har jonibga a’modek.

Tamosho ayla mavji gavhari dil istiqomatdin,
Yugurma har tarafg‘a, bu sifat sargashta daryodek.

Munavvar o‘lsa har gah ma’rifat anvoridin botin,
Tilar bu zohir aylar har nafas lu’lu’i lolodek.

Tajalliy gohi zoti haq o‘lur ag‘yor naqshidin,
Ko‘ngil lavhi agar pok o‘lsa mir’oti musaffodek.

O‘lub bayt ichra pinhon, Muntazir, eldin yashur noming,
O‘kush san’atlar ila mahkam o‘lg‘on bir muammedek.

* * *

Ul oyning boda tobi birla to ruxsori ol o‘lmish,
Jamoli partavidin bazmimiz jannat misol o‘lmish.

Visolig‘a yetishgach bu kecha ahboblar ichra,
Damo-dam yuzlanib ming shodlik, g‘am poymol o‘lmish.

Labi la’li xayoli birla bag‘rim qon o‘lub har dam,
Ko‘ngul ham fikri zulfi birla bas oshuftahol o‘lmish,

Belu og‘zin yo‘qu borini tahqiq ila bilmakchun,
Madoris ahlig‘a yuz bahs ila ming qiylu qol o‘lmish.

Bu ne mazhab, parivashlarg‘akim tortib jafo tig‘i,
Gunahsiz mubtalolar qonlarin to‘kmoq halol o‘lmish.

Oningdek furqating-la za’fdin zoru nizor o‘ldim,
Ki holo el ko‘zig‘a xasta jismim bil, xayol o‘lmish.

Bugun topdim hayoti jovidon dildor vaslidin,
Manga o‘lmaklik emdi, ey ajal, amri mahol o‘lmish,

Muhabbat shohrohin soliki o‘lsam ajab yo‘qkim,
Manga hodi bu yo‘lda xurshidi sohibkamol o‘lmish,

Shukur, tamyizi topsang, Muntazir ash’oridin tong yo‘q,
Kim ul madhin adosila ajab shirin maqol o‘lmish.

* * *

Tab’i mavzuning jahon boricha bir xamlanmasun,
Xotiringdin zarrai fayzi suxan kamlanmasun.

Ey Asiriy, ofarin tab’inggakim mulki suxan,
Emdi sendin o‘zgaga hargiz musallamlanmasun.

Haq seni qilsun iki dunyoda andog‘ shodkim,
Joni poking to abad, ozmuncha ham g‘amlanmasun.

Olam etsun safhasin, mamlu sening nazming bila,
Etmasa mamlu sening, nazming-la olamlanmasun.

So‘zlaringdin gar chaman kasbi latofat qilmasa,
Bir guli ochilmasun, gulshanda xurramlanmasun.

Ayladi tangri parishon hosiding jam’iyatin,
Ahli dunyo ko‘nglidek hargiz farog‘atlanmasun.

Ofiyat bo‘stonida har g‘ussadin ozod o‘lub,
Qomati sarvi baliyat boridin xamlanmasun.

Bu sifat azbaski oliy keldi nazming rutbasi,
Hech kim bu rutbada sendin muqaddamlanmasun.

Ahli ma’ni madhini o‘lmish asiri Muntazir,
Mundin o‘zga ma’ni, yorab, ko‘nglig‘a zamlanmasun.

MUXAMMAS

Uzoring mehri ko‘nglim ichra tushgach, o‘rtanib jonim,
Labing shavqida qon yoshlar to‘kib ul chashmi giryonim,
Firoqing dardi, hajring xanjari birla oqib qonim,
Yiqildim ko‘ying uzra bexud, ey berahmi davronim,
Ko‘rib bir lutf birla qilmading tadbiri darmonim.

Sabo, lutf etgilu, holim borib jonona izhor et,
Ul oyning o‘tli ohim, qonli yoshimdin xabardor et,
Junun og‘ozi qil, oshiqlig‘ atvorin namudor et,
Fig‘onu nolayu faryod ila izhori guftor et,
Ki, barbod o‘ldi hajringda sabotu sabru somonim.

Ikki ko‘zdin firoqing shiddati ashkim ravon etmish,
Hamul maygun labing andishasi bag‘rimni qon etmish,
Duto aylab qadimni, qoshlaring fikri kamon etmish,
Ko‘rib bu hola kofir ko‘zlaring ham qasdi jon etmish,
Bu damda bir tarahhum zohir et, ey nomusulmonim.

Mayi gulgun icharsan, g‘ayr ila har tun tutib suhbat,
Qilib yuz lutfu ehson garm edub hangoman ishrat,
Yutar ko‘nglim bu g‘amdin muttasil xunobai hasrat,
Ko‘rib bu holatimni mehr ila ko‘rsatmading shafqat,
Jamolingdan munavvar o‘ldimu bir tun shabistonim?

Azalda qismatim, ey sho‘x, ishqing ibtilosidin,
Hazin jonim asiri mehnatu hajring balosidin,
Kecha-kunduz boshimg‘a mehnatu g‘am mojarosidin,
Bu anduhu malolat birla ko‘nglim muddaosidin -—
Ki, rahm etsang ko‘rib bu mehnati behaddu poyonim.

Labi la’ling xayoli birla ashkim lolagun o‘ldi,
G‘amingdin qon yutib har lahza ko‘nglim g‘arqi xun o‘ldi,
Firoqing shiddatidin xasta ahvolim zabun o‘ldi,
Baloyu dardi hajring, oh, kundan-kun fuzun o‘ldi,
Ketib sabru qarorim, yetti ko‘kka ohi so‘zonim.

Davosiz darda jonimni giriftor aylading oxir,
Iki chashmimni hajring ichra xunob aylading oxir,
Ko‘ngilni, ey parivash, husningga ‘zor aylading oxir,
Meni solding bu hola, mayli, ag‘yor aylading oxir,
Tag‘ofuldin eshitmay bir yo‘li faryodu afg‘onim.

Yuzingdin, ey pari, nuri sabohat oshkor o‘ldi,
Ko‘rib ruxsori poking mehri anvar sharmsor o‘ldi,
Jahon ahli jamoling jilvasidin beqaror o‘ldi,
Ko‘zim chun tal’atingni ko‘rdi, ko‘nglum oncha zor o‘ldi,
Nigorim, nozaninim, mahvashim, xurshidi tobonim…

Nisor etdim muhabbat maxzanidin bir necha gavhar,
Seni vasfingda, ey gulbargi tar, sho‘xi pari paykar,
Berib har bandi to‘g‘rosig‘a isming harfidin zevar,
Asiring Muntazir ko‘nglim aro bir muddao gavhar-
Ki, bo‘lsang lutf etib bir kecha jonim ichra mehmonim.