Joniy (XVIII-XIX asr)

Joniyning nomi Mulla Qurbon bo‘lib, uning yashagan va ijod etgan vaqti XVIII asrning oxirgi choragi va XIX asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. U Buxoroda yashadi va ijod etdi. Sayfiy degan shoir Joniyning vafotiga bag‘ishlab yozgan tarix — marsiyasida:

Xirad piri dedi uyqumga tarix aylag‘il Sayfiy,
Dedim ming ikki yuz ellik boshida Joni jon ketdi.

deb yozadi. Demak Joniy 1250 (1834) yilda vafot etgan. Bizga ma’lum bo‘lgan tazkiralarda Joniy biografiyasiga oid ma’lumotlar uchramaydi. Ammo shoirning mukammal devonidan ikki nusxasi bizgacha yetib kelgan. Ular hozir O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. (Inv. № 125, inv № 7483) Ushbu to‘plamga kiritilgan Joniy she’rlari taxminan 1833/1834 yillarda ko‘chirib yozilgan devonidan (inv. № 125) olingandir.

«DEVON»DAN

G‘AZALLAR

* * *

Turdi bo‘ston sayrig‘a sarvi xiromon silkinib,
Qildi poyandoz gul bargin guliston silkinib.

Kulgusidin gul sochib, qizlar bilan nozin ko‘rub,
Panjasida zarlarin gul qildi ehson silkinib.

Zulf birlan o‘ynabon atridin anbar to‘kkanin,
Sunbul oni ko‘rdi-yu, bo‘ldi parishon silkinib.

G‘uncha guftorin ko‘rub chirmandi xazro pardag‘a,
Sarv raftorin eshitib, qoldi hayron silkinib.

Har kim o‘z gulro‘yig‘a mahv erdi, Joniy, bil oni
Gul yuzin ko‘rdi-yu, bulbul qildi afg‘on silkinib.

* * *

Yig‘latdi ko‘zlarimni ajab lablaring kulub,
Vajdim bu erdi sham’i jamolingdin o‘rgulub.

Har qaysi boshqa-boshqa tilar sadqa bo‘lmag‘in
Qoshu ko‘zingga jonu ko‘ngul aql oldurub.

Vasling tirikligim sababi subhu shom, bas,
Boshing uchunki borma mening ko‘nglimi uzub.

Ta’bir qildim oy yuzinga munzavi kalaf,
Ruxsoring uzra xatti muanbarni tush ko‘rub.

Bir ko‘rmak ishtiyoqidin ey navbahori husn,
Tunlarnn o‘tkurur yo‘ling ustida o‘lturub.

Sen shod sayr ichinda parichehralar bila,
Men xasta dog‘ bir go‘shada zor telmurub.

Joniy, nihoyati talabing ko‘yi tufrog‘i
Jon bersa oz emastur oyog‘ingga bosh qo‘yub.

* * *

Sanga bir kun dedim, ey mahjabin, shomimni mahtob et,
Sen ayding yig‘lamoqdin ashki oling bodai nob et.

Men onga navha qildim holima bir kelmading hargiz,
Gulob urmay, ko‘zum mardumlarin dersenki simob et.

Sarig‘ ruxsor uza gulgun sirishkim holatin ko‘rgil,
Guliston ichra ra’no qomatingdin gulni betob et.

Xating savdosida gul orazingdin bexabar sonma,
Nigoh tig‘i bila gul g‘unchadek ko‘nglimni serob et.

Yuraklar pora-pora, tah-batah qondur jigar, Joniy,
Chamanda siyna ochib, gul yaqo chokini noyob et.

* * *

Malomatlar yetishti sachga, ey jon, men yomondin ko‘p.
Nechakim menga yetti sarzanish ahli zamondin ko‘p.

Agar bulbul chaman sahnida yuz yil navha tortarkan
Emastur bir nafas men benavo chekkan fig‘ondin ko‘p.

Iting birla mening sha’nimda sonsiz mojarolardur,
Baso, Farhodu Majnun elga qilgan dostondin ko‘p.

Jamolingdin ko‘zum bog‘ida bir navras gul ochilmish.
Shukuhi jilvasi yuz gulshanu ming gulsitondin ko‘p.

Sari ko‘yingda tanho men kibi zoru hazin yo‘qtur,
Agarchandeki senda o‘rtagan bexonumondin ko‘p.

Qading sarvini istab bir guliston ichra ko‘z soldim,
Anga monand ko‘zga kirmadi sarvi ravondin ko‘p.

Adamdur, beibodur Joniyi miskin, afokalloh,
Jahon ichra bahosin qilmag‘il ahli zamondin ko‘p.

* * *

Tun oqshom orazingdin to‘lun oy ko‘rdim xayol ichra,
O‘zimdan bordim ul g‘oyatda bo‘ldim o‘zga hol ichra.

Na ra’no sarvqad davring guli ruxsori zebidin
Chaman ahlini mahvi rang aylabdur kamol ichra.

Xusho, gulzor aro gulgun uzori nargis oltuni,
Iki zarrin g‘azola gurfaroqdir husni ol ichra.

Malohat bog‘idur husning, nazokat sendadur yori,
Pari paykar sanamlar xodim o‘lmishlar jamol ichra.

Mening komi dilimg‘a zahri hajrng shahdi rohatdur,
Bu lazzatni kishi topmas yurib yuz yil visol ichra.

Ne davlatdur menga dildor yodi birla jon bermak,
Ne mushkul ish erur ohsiz malolidur malol ichra.

Fano bo‘lmay yetishmas belu og‘zing sayriga Joniy
Saropo umr bori sarf o‘lmish qiylu qol ichra.

NAVOIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Bog‘i jannat gulshani husningga ruhafzo emas,
Naxli to‘bi qomatingdek sarv gardunso emas,
Ne deb olam ichra xatting rashkidin savdo emas,
Sunbulin Layli ochibdur yel abir oso emas,
Dog‘ini Majnun qonatmish lolai humro emas.

Bahri hayrat ichra Vomiq tuzding, ey Uzro uzor,
Gulda Layli aksidur, bulbulda Majnundin shior.
Bir taraf Shirin hadisi, bir taraf Farhodi zor.
Nastaran ko‘zgusida bir sori men, bir sori yor.
Chehra aksin ko‘rguzubdur ul guli ra’no emas.

Savsani to‘n birla sabzi xat munosibdur anga.
Nilufarga xol yuzida mazhari nurul-hudo,
Muncha zebu ziynat ila sarvi qaddidin ado,
Gulga o‘xshatgan kabi yorimni go‘yo bog‘ aro,
Muztarib ko‘nglum qushidur bulbuli shaydo emas.

Go‘iyo shamsu qamardur husn shahristonida.
Ko‘rmadim ul hurvash shabxuni rizvon yonida,
Guljabinlar hasratidin bosh qo‘yub ostonida,
Gulni sarv uzra xayol etdim ko‘ngul bo‘stonida.
Rost aytib sarvi gulro‘yim kibi zebo emas,

Ul sitamgardin ko‘ngul hifzig‘a qildim ehtiyot,
Har kasu nokas bila behuda qilmay inxirot.
Mutribi gulchehra ilhoni-la tuzdim inbisot.
Doim afg‘onimda bulbul nolasidii yo‘q nishot.
Ul ham anduhzo emas, bul ham nishot afzo emas.

Novaki mujgon etib ul sho‘x cho‘q go‘stog‘ aro,
Qoldi ko‘nglum zaxmi paykonidin asru dog‘ aro,
Xizr bo‘lsun yo‘q iloji kirmayin tufrog‘ aro,
Bo‘lmangiz mag‘ruri husn, ey sho‘xlarkim, bog‘ aro,
Siz kibi bulturgi gullardin biri paydo emas.

Qoshlarining egmasidin aksdur qavsi quzah,
Yoy agar buldur jahon ichra savod etmas shabah,
Joniy o‘z gulchehrasi ehsonidin topmish farah.
Menga gulruh soqi-yu, bulbulga gul tutti qadah,
Mastdur ulkim, Navoiydek vale rasvo emas.

FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Zavqiming vori o‘shal toji sazovora fido,
Shavqiming shuhrasi boshing uza zar tora fido,
Ko‘ngluming mahzani gul orazi gulnora fido,
Joniming javhari ul la’li guharbora fido,
Umriming hosili ul shevai raftora fido.

Qand derlar so‘zingi, yo‘xsa malohat koni,
Ramzidin gul to‘kilur, dur guhari ehsoni,
Ko‘zlarim ul iki mehrobi yashil hayroni,
Dard chekmish boshim ul chashmi siyah qurboni,
Tob ko‘rmish tanim ul turrai tarrora fido.

Sarv derlar qadinga aslida jannat shajari,
Gullari ruhi ravon, insu malakdur samari,
Yuzlarim lolalari shabnami soni sahari,
Ko‘zlarimdin to‘kulan qatrai ashkim guhari,
Lablaringdin sochilan lu’lui shahvora fido.

Yuzinga sadqa chaman sayrida gul soralari,
Bengzaturlar daxi nasrin kibi bechoralari,
Ko‘zlarim oqida mardum deyalar qoralari,
Chok ko‘ksumda o‘lan qonlu jigarporalari,
Mast chashmingda o‘lan g‘amzai xunxora fido.

Ko‘zlaring o‘qi o‘tub ko‘ksima bal jonimdin,
Qatra qonlar to‘kula xar sari mujgonimdin,
Bexabar bo‘ldum o‘shal etdugi paykonimdin,
Pora-pora dili majruhi parishonimdin,
Sari ko‘yingda kiran har ita bir pora fido.

Manga dast bersa vnsoling unin oshurtordim,
Kirpikim nayza qilib dushmaningni turtordim,
Shukrlillahki ko‘ying xokina ko‘z surtordim,
Jonu dil qaydini chekmakdin o‘zum qurtordim
Jonni jononima qildim, dili dildora fido.

Tong dagil bulbul agar tutsa gulistonni aziz,
Do‘gulub guli humro qilsa bu bo‘stonni aziz,
Joniy, hoqonlar aro bekladi sultonni aziz,
Ey Fuzuliy, no‘la gar saxlar esang jonni aziz,
Vaqt o‘la kim o‘la bir sho‘xi sitamgora fido.

RUBOIYLAR

Zulf emas ruxsori jonon uzra umridur daroz,
Ul jihatdin hasratidnn ko‘rmayin jon bersam oz,
Kokiling‘ toriga band o‘ldi ko‘ngul ne vajhdin,
Ulsa ul nisbat bila sargashtalikda sarfaroz,

* * *

Qomating sarvinda ko‘rdim ikki gulshanvor gul,
Ikki gulgun orazing aksimu, yo dastor gul.
La’l gul bargi jabin, gulnor ruxsoru zaqan.
Har birin yolg‘on emas aytilsa yuz xarvor gul.

* * *

Oy tal’ati moh yona ko‘rdim.
G‘aflatda edim uyona ko‘rdim.
Lutf etdingu boshim uzra kelding,
Shukrki yuzungni qona ko‘rdim.