Ishoqxon Ibrat (1861-1937)

Ibrat (taxallusi; asl ism-sharifi Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li) (1861, — Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani — 1937, Andijon) — o‘zbek ma’rifatparvari, shoir. Qo‘qondagi Muhammad Siddiq Tunqotar madrasasida o‘qigan (1878—86). 1887—92 yillarda Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Kobul va Jidda shaharlarida bo‘lgan. Hindistonning Bombay va Kalkutta shaharlarida yashagan (1892—96). Safardan qaytgach, To‘raqo‘rg‘onda yangi usul maktabini ochgan (1907), o‘z qishlog‘ida «Matbaai Ishoqiya» nomli litografiya tashkil qilgan (1908). Ibrat yangi maktablar ochish, o‘qituvchilar tayyorlash, ayollarni ilm-ma’rifatli qilish ishlarida faol qatnashgan. O‘z she’rlari («Tarixi chopxona», «Madaniyat haqida masnaviy», «Gazeta xususida», «Qalam»)da mahalliy va chor amaldorlari kirdikorlarini fosh etgan («Ilmi Ibrat», she’riy to‘plam, 1909). Ibrat arab, fors, hind, turk, o‘zbek va rus so‘zlaridan tarkib topgan «Lug‘at sitta as-sina» («Olti tilli lug‘at», T., 1901) tuzgan, bu asar o‘sha davr uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ibratning yozuvlar tarixiga oid «Jome’ ul-hutut» («Xatlar majmui», 1912) asarida lotin, yunon, xitoy, hind, arab, Kirill yozuvining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi haqida ma’lumot berilgan, ilmiy-tarixiy asarlari («Tarixi Farg‘ona», 1916; «Tarixi madaniyat», 1925; «Mezon uz-zamon», 1926) esa Qo‘qon xonligining vujudga kelishidan to 20-asr 30-yillarigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan. Ibrat «Turkiston viloyati gazeti», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona» gazetalariga yozgan maqolalarida fan, ma’rifat va madaniyatni targ‘ib etgan. 1937 yilda qatag‘on qurboni bo‘lgan. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 14-o‘rta maktab va Toshkentdagi bir ko‘chaga Ibrat nomi berilgan.

G‘AZALLAR

* * *

O‘shal bulbul qilar afg‘on, sahar vaqti chaman ichra,
Qo‘nar gul deb tikan uzra, sahar vaqti chaman ichra.

Qilar bag‘rini bulbul qon, tikan uzra beray deb jon,
Bo‘lur gul zavqidin qurbon, sahar vaqti chaman ichra.

O‘shal bulbul bo‘lur dog‘lar, chamanni gasht etib chorlar»,,
Qizil gulni tilab yig‘lar, sahar vaqti chaman ichra.

Chiqar bulbulni afg‘oni, chaman ichra oqib qoni,
Tasaddiq gul uchun joni, sahar vaqti chaman ichra.

Muhabbat birla mast erdi, ani yo‘lida jon berdi,
Qizil guldin xabar so‘rdi, sahar vaqti chaman ichra.

Muyassar bo‘lsa ul jonon, ato qilsa o‘shal subhon,
Yo‘lida jon qilay qurbon, sahar vaqti chaman ichra.

Ibrati bexabar bo‘lma yana g‘aflat bilan o‘lma,
Gunohi beadad qilma, sahar vaqti chaman ichra.

* * *

Bo‘lma amalga muxtor ozurda jon o‘lursan,
Bad fikr fitnasidin dil o‘tla qon o‘lursan.

Gar to‘g‘ri so‘z qilursan, ul fahm egri aylar,
Anga tushuntururga dardi dahon o‘lursan.

Vallot yoki qozi kori erur mashaqqat,
Ashrorlar so‘zidin dardi nihon o‘lursan.

Gar ushlasang shariat pos ushlamoq mashaqqat,
Bir qo‘l nizomi davlat toki omon o‘lursan…

Hasmini bir-birini alar etsa muqayyad,
Ikkisi sanga roji’, qaydin omon o‘lursan.

Adling bo‘lursa aqvi, izhor aylamas hech,
Gar zarra zulm qilsang, xalqqa ayon o‘lursan.

Gar hukmi joriy qilsang norozi har ikkisi,
Man sudga arza bergum, anda yamon o‘lursan.

Kelgay birisi birdan, har kimni o‘g‘ri aylab,
Topguncha tarbiya sen, sendin gumon o‘lursan.

Bechoralig‘din o‘zga ish ixtiyor qilma,
Har chand xo‘b bo‘lsang, bir dam zamon o‘lursan.

Ko‘b bo‘ldi advokatlar yo omidin vakillar,
Ko‘fiyadin bo‘lakni bilmas, fig‘on o‘lursan.

Kelgay zaifi xayli, sanga jadali mayli,
Uqini shast qilg‘ay, san bir kamon o‘lursan.

Har kasb pesha qilg‘il, bo‘lmas amal sanga qut,
Bekasb o‘tsang Ibrat, muhtoji non o‘lursan,

* * *

Tiriklik zahmatidin ushbu kunlardan qalaysizlar?
Bu qimmatlik yili bug‘doyu unlardan qalaysizlar?

Hamani qo‘ymadi o‘z holig‘a, tashvishlar soldi,
Mushavvash aylagan bu ahli dunlardan qalaysizlar?

Jahon hech knmga gardush etmadi iqbolima tavri,
Zamona holi mol kofu nunlardin qalaysizlar?

Bosib xalqi jahonni ayladi toroj o‘g‘rilar,
Salomat yotdigizmu, bo‘yla tunlardan qalaysizlar?

Fasodu olam etti shu kabi har yerda insonni,
Bu tarzda fitnayu toroj bunlardan qalaysizlar?

Ki har bir kimsada ming xil alomoti qiyomatlar,
Mashaqqat vaqtini umri o‘rinlardan qalaysizlar?

* * *

Ishqing dilu jona jo bo‘lubdur,
Jonu dil anga fido bo‘lubdur.

San aylamasang agar davosi,
Dardim mani bedavo bo‘lubdur.

Ohim tutunila ro‘zigorim
Yaldo tuniday qaro bo‘lubdur.

Tan bog‘idin andalibi jonim
Kuyingni tilab jalo bo‘lubdur.

Ishqing ichra chu men kimi nasibi,
Yori soridin jafo bo‘lubdur.

Husn ichra vafo yo‘q emish jonon,
Ki sen kabi bevafo bo‘lubdur.

Vaslingga yeturg‘a Ibrat asru,
Xajr ilkiga mubtalo bo‘lubdur.

* * *

Ming uch yuzu yigirma oltida chopmaxona,
Ochmoqg‘a bo‘ldi ruxsat va so‘z berib zamona.

Maqsad bu ishdin erdi olamg‘a ilm qasri, –
Ham qo‘ymoqg‘a asarlar yod ovozi jahona.

Kasbu kamol islom bo‘lmay taraqqiyatda,
Holig‘a tushmasun deb etduk buni bahona.

Bizdin keyingilar ko‘p ilmu hunar toparlar,
Hayfoki anda biz yo‘q, e’timodxona.

Olamdin ushbu ona sonsiz kishilar o‘tdi,
Mingdin biri qo‘yubdur olamg‘a bir nishona.

Men katta boy emasdim kim aylasam binoyi,
Dahlim yetishmas erdi ro‘zg‘ori, choyu nona.

Sad xayfkim g‘anilar sarfini bilmadilar,
Eb-ichtilar semurub sig‘may turub chofona.

Uz asrimizda o‘tti bir necha ag‘niyolar,
Qoldurmayin nishona yer ostin etti xona.

Bu sanga katta Ibrat hushyor bo‘lki, ketti,
Emdi sanga kelurmu ketgan u ota-ona.

KO‘RGONI KELDIM SOG‘INIB

Guldek yuzingni dilbarim
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.
San — shohi olam, man — gado,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.

Ishqingda dilbar zor-zor,
Yig‘lab yuribman, ey nigor.
Kel ey, bukun ko‘zi xumor,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.

Sizdin bo‘lak yo‘qtur kishim,
O‘zga bilan yo‘qtur ishim.
Mastona ko‘zlik mahvashim,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.

Tan ichra jonim san eding,
Xush mehribonim-san eding,
Shirin zabonim san eding,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.

Man hasta dil hayron bo‘lub,
Ishqingda sargardon bo‘lub,
Farvona yanglig‘ o‘rgulub,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.

Darding bilan darmondaman,
Topkin iloj bemoraman,
Vasling bilan aftodaman,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib.

Ey dilbari nozik badan,
Ham tishlari durri Adan,
Oy yuzlari bog‘u chaman,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib,

Bog‘u bahorim san mani,
Ko‘zi humorim san mani,
Shirin zabonim san mani,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib,

Mandin yashirma yuzlaring,
Yodimg‘a tushti so‘zlaring,
Kuydirdi yorim ko‘zlaring,
Ko‘rgoni keldim sog‘inib,

Ko‘yingda dilbar zor-zor,
Shomu sabo, laylu nahor,
Yo‘q emdi bizda ixtiyor,
Qo‘rgoni keldim sog‘inib.