G‘oziy (XVIII asr – 1818)

G‘oziy, Muhammadg‘oziy (18-asrning 2-yarmi — Qo‘qon — taxminan 1818) — shoir. Buxoro madrasalarida o‘qigan. Qo‘qondagi Madrasai Mirda mudarris, mufti bo‘lgan. Akmal Xo‘qandiyning yaqin do‘sti.

O‘zbek va fors tillarida ijod qilgan. Fuzuliyni o‘ziga ustoz bilgan. She’rlarining mazmuni bilan ham, dunyoga, atrof-muhitga munosabatini ko‘rsatishda, badiiy san’atlardan foydalanishda ham Fuzuliy yo‘li, uslubini qo‘llagan, uning g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan. Ko‘proq lirik g‘azallar, ta’rix-she’rlar yozgan, devon tuzgan. Lirik she’rlarida inson qalbining kechinmalarini, orzu-istaklarini, quvonch va qayg‘ularini kuylagan, chin insoniy muhabbat, go‘zallik va sadoqat, insonparvarlik va adolatparvarlikni ulug‘lagan.

G‘oziy she’rlari 18-asrning 2-yarmi — 19-asr boshlaridagi ijtimoiy hayotning haqqoniy manzarasini ko‘rsatishga, adabiy hayotda mavjud bo‘lgan turli yo‘nalishlarning mohiyatini to‘laroq yoritishga xizmat qiladi. Ijtimoiy lirikasida esa o‘sha davrda hukm surgan adolatsizlikdan, haqsizlikdan, baxtsiz toleidan shikoyat qiladi («Bukuldi qomatim…», «Devonamen…» va b.).

Ta’rix-she’rlari asosan ruboiy tarzida yozilgan bo‘lib, ko‘pchiligi shahar a’yonlari, yirik amaldorlarning vafotiga bag‘ishlangan. Didaktik mavzudagi asarlarida inson fazilatlarini yuqori tutish, hayotla kamtar bo‘lish, inson qadrini yerga urmaslik, o‘z qadr-qimmatini saqlash zarurligi ta’kidlangan. An’anaviy «shiru shakar» usulida musaddas va mustazod-tarje’bandlar ham yozgan; mustazodlarining ayrimlari original usulda yozilgan.

G‘oziy devonining 4 qo‘lyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan, ular O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. №121, 6117, 2296, 11) va Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg bo‘limi (inv. №109) da saqlanadi.

Begali Qosimov

 

G‘AZALLAR

Ey quyosh, subhi uzoring birla mag‘rur o‘lmag‘il,
Bir nafasda shom o‘lur, albatta masrur o‘lmag‘il.

Tingla pandim, ey ko‘ngul, bo‘lma vafosizlarg‘a yor,
Vora-vora zoru, kundin-kunga ranjur o‘lmag‘il.

Bo‘lma komi nafs uchun har siflaning oldida past,
Obro‘sizlik yukin chekmakka mazdur o‘lmag‘il.

Masti iqbol o‘lma, idbori bila og‘ritma bosh,
Totmag‘il bu bodani, zinhor maxmur o‘lmag‘il.

Sham’ yanglig‘ mahfil oro bo‘lmag‘il, kuymak ishing,
To muyassardur jahon ahlig‘a manzur o‘lmag‘il.

Dog‘a qo‘y olmosdin marham, vale minnat bila
Mubtaloyi dardi bedarmoni kofur o‘lmag‘il.

G‘oziyo, no‘sh ayla mehnat jomidin zahrobi g‘am,
Benavoyi sharbati chiniyu fag‘fur o‘lmag‘il.

* * *

Soqiyo, bo‘ldi gul ayyomi keturgil sahbo,
Kim havo mo‘tadilu gulshan erur ruhfizo.

G‘uncha xandonu chaman sabzu, bulut qatrafishon
Bazm asbobini tuz bulbul o‘la nag‘ma saro.

Bo‘lsa bir dilbari mayxorau, bir go‘shai bog‘,
Bengzamaz hur ila firdavs, xudo shohid ango.

Mundin ortuq na emish hashmati davlat anga kim,
Ula bir mutribu, bir jomi, labo-lab mino.

Ko‘z yumub, mast bo‘lub noz ila ul mahvash,
Turki ash’or o‘qub, cholsa qo‘buz vovaylo.

Boda ichmakdin o‘shal kim, bu mahal tavba qilur,
Bexabar g‘uldurur, odam emasdir aslo.

G‘oziyni mast ko‘rub yori bila zohid ham
Ayladi mayg‘a garav subhau dastoru rido.

* * *

Tarahhum aylamaz holimg‘a ul sho‘xi parizodim,
Necha qulmen desam hargiz inonmaz sarvi ozodim.

Menga xursandlig‘ mumkin emasdur aylamish go‘yo
Qazo me’mori g‘am tufrog‘idin ta’miri bunyodim.

Qiyo boqmay tutub ag‘yor ilkin sarvi noz o‘tti
Tag‘oful mashrabim, zolim tabiat, qaddi shamshodim.

Ajabdurkim aning berahm ko‘nglig‘a asar qilmaz,
Falak minolarini ayladi simob faryodim.

Manga, ey do‘stlar, taklifi sayri gulsiton etmang,
Ochilmaz sayri gulzori eramda tab’i noshodim.

Chekib tig‘i jafo el qonin ichmakdur ishi doim,
Xudobezor, kofirkeshi shahroshubi jallodim.

Ko‘ngul mulkini xayli noz ilan yag‘mo qilur hardam
Qiyomat bexabar devona dushman do‘st bedodim.

Qaroliq birla o‘tti ro‘zgorim zulfidin doim,
Munavvar bo‘lmadi sham’i ruxidin zulmatobodim.

Meni, ey G‘oziy, bu noqis shayxlarga yo‘qtur ixlosim.
Muhabbat murshidim., dardu alamdur xatti irshodim.

* * *

Manga raf’i g‘am etmaz sayri sahro, gashti gulshan ham,
Ko‘rub ahvoli zorim do‘st hayron o‘ldi, dushman ham.

Na deb oshiqliq etting tinglamay pandimni, ey ko‘ngul,
O‘zung olam aro sharmanda bo‘lding, oqibat man ham.

Tabibo, tiyra ko‘nglum zaxmidin ol marhamingnikim,
Qarong‘u bo‘lsa uy darkordur nochor ravzan ham.

Ko‘rub ahvoli zorimni, raqibo, kulma xolimg‘a,
Seningdek men edim, bo‘lg‘il ilohi man kabi san ham.

Qutuldim do‘stlarning pandidin, ag‘yor ta’nidin,
Bihamdillah g‘amingdin ketdi jon orqasidin tan ham.

Qoshida muddai maxzuz sen mahrum, ey G‘oziy,
Munungdek yurganingdin yaxshidur albatta o‘lgan ham.

MUSTAZOD

Jonimg‘a qilur hardam o‘shal turki dilozor.
Ming javru jafoni,
Bilmaz magar ul mahvashi bedodu sitamgar
Oyini vafoni.
Har sirri xafikim o‘la ifsho eda halqa
Xoli labi la’ling,
Ey shohi jahon, aylamag‘il mahrami asror
Bu yuzi qaroni.
Qoshina chekib o‘sma, olib ilgina xanjar
Keldi g‘azab olud
Ul sho‘x mening qatlima, ey vohidi qahhor,
Qaytar bu baloni.
Ne lutf ila manga davo qildi, ne marham,
Berahm tabibim,
Ko‘rdi meni ishqida ajab bekasu bemor,
Ko‘ksimda yaroni.
Yuz pand ila qaytib edi ishq yo‘lidin,
Bu g‘amzada ko‘nglum,
Ko‘rgach yuzini bo‘ldi taqi zoru giriftor
Ul hurliqoni.
Sarmast agar ko‘rsa buti bodakashimni
Hargiz anga shak yo‘q,
Darhol edar mayg‘a garav zohidi beor,
Tasbihu ridoni.
Ishqida bo‘lub zor, o‘lar holata yettim
Ul mohvashimni,
Tengri uchun, ey bodi sabo, ayla xabardor
Etkur bu duoni.
Laxti jigaru luqmai anduh damodam
Har kechayu har kun
O‘ldum g‘am ila, hech sanga qilmadim izhor
Cho‘x bil bu g‘izoni.
Holini ko‘rub goh tarahhum bila yod et
Ranjuri g‘amingdur,
Bu G‘oziyi bechorag‘a zulm aylama zinhor,
Yod ayla xudoni.

FUZULIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

To yor ko‘yina men devona yetmisham,
Bir muflisamki davlati xoqona yetmisham,
Bir tashnaamki chashmai hayvona yetmisham,
Jonlar verib sening kabi jonona yetmisham,
Rahm aylakim yetancha sanga jona yetmisham.

Jonimg‘a ming jafo edan hardam sipehri dun,
Minoyi ayshu ishratimi etti vojgun,
Mehnat yukini chekdi alif qaddim o‘ldi nun,
Shukronai visolinga jon verdi tan bugun,
Cho‘x dard chekmishamki bu darmona yetmisham.

Bildimki charx tolibi aslu-nasab dagil,
Afg‘onu nolishim hama dam besabab dagil,
Ko‘nglum hamisha moyili zavqu-tarab dagil,
Jonu dilim murodina yettim ajab dagil,
Bir bandaamki dargohi sultona yetmisham.

Soqiyi dahr, ichurdi banga zahri g‘am ezib,
Kul bo‘ldi mehnating o‘tidin paykarim qizib,
Dutti g‘amingni jon hama ahbobdin bezib,
Mo‘ri muhaqqaramki sarosima cho‘l kezib,
Nogoh borgohi Sulaymona yetmisham.

Hajring tukonlaridin erur gulshani tanim,
Kel sayri bog‘ aylagil, ey rashki gulshanim,
Gulxan kulidur emdi mening johu maskanim,
Bir bulbulamka gulshan o‘lubdur nishimanim,
Yo to‘tiyamki bir shakaristona yetmisham.

To kotibi qazo qalami qildi odimi,
Etti ziyoda ishq elina e’tiqodimi,
Rayhon xating ayladi ravshan savodimi,
Davri falak muyassar edibdur murodimi,
Go‘yoki tolibi guharam — kona yetmisham.

Yo‘x shomi motamimg‘a bugun subhdam padid,
Bog‘landi aysh qobusi paydo emas kalid,
G‘oziy bo‘lurmu hech shaqi jahd ila said,
Miskin Fuzuliyamki sanga dutmisham umid,
Yo bir kamina qatrai ummona yetmisham.

MUXAMMAS

Bog‘ aro yuzlanki to gulchehra ra’nolanmasun,
Sabzasin pomol qil, ra’nosi zebolanmasun,
Noz etib zulfing dag‘i sunbul mutarrolanmasun.
Orazing ko‘rsat ko‘ngul, gulshan tamosholanmasun,
Qomatingg‘a jilvai to‘bi tamannolanmasun.

Dinu imon naqdi toroj aylamakdur mazhabi,
Qatli om etmak erur (tarsolaringni) matlabi,
Ne sababdin yaxshiliq nutqi Masiho mansabi,
Bir nafasda yuz o‘lukka jon berar la’li labi,
Ey quyosh, bergil xabar Iso masiholanmasun.

Bir alifdur qomating, ey siym tan, jon ichrakim,
Qon ichar yoqut la’ling, hajridin kon ichrakim,
Tishlaringdin yo‘qtur oncha bahri ummon ichrakim,
Och yuzingni bir tabassum qil guliston ichrakim,
Gul yuzingu g‘uncha og‘zing birla da’volanmasun.

Lablaring e’jozidur ahboba ruh omezliq,
Xattu xolingni shiori mushku anbarrezliq
Ko‘zlaringni shevasi nayrangu sehr angezliq
Ey pari, qilg‘il takallum birla shakkarrezliq
To ani to‘ti ko‘rub, oldingda go‘yolanmasun.

Ey kiyik ko‘zlu, shakar so‘zlu, quyosh yuzlu nigor,
Bo‘lsa ming jonim meni qilsam tasadduq jonivor,
Yoshurub lutfin, g‘azab rasmini aylar oshkor,
Maqsading gar qatlim ersa ayla pinhon zinhor,
Zohir etma bu karam to xalq g‘avg‘olanmasun.

Yor so‘rdi holi zori oshiqi jonbozini…
Fosh etti cho‘x jafo aylab muhabbat rozini,
Ko‘yida, ey ishq, onchun beqaror et G‘ozini,
Hajr dashtida quyun yanglig‘ shikebolanmasun.