Feruz, Muhammad Rahimxon II (1845, Xiva, 1910) Xiva xoni (1864—1910); shoir va bastakor. Ko‘ng‘irotlar sulolasidan. Xiva shahridagi Arab Muhammadxon madrasasiaa tahsil ko‘rgan, davlat, huquq ilmini zamonasining mashhur mudarrisi, shoir va olim Doiy, Yusufxo‘ja oxun va boshqadan o‘rgangan. Ogahiy Feruzga ustozlik qilgan, unga she’riyat sirlarini urgatgan, tarix, tarjima ilmidan saboq bergan.
Otasi Sayid Muhammadxon vafotidan so‘ng (1864) Xiva taxtiga o‘tirgan. Bu voqea munosabati bilan Ogahiy Feruzga bag‘ishlab qasidalar bitgan. 1873 yil Xiva xonligiga K.P. fon Kaufman boshchiligidagi Rossiya armiyasi hujum qilib, xonlikning asosiy shaharlari va poytaxtni bosib olgan. Gandimiyon shartnomasi (1873 yil 12 avgust)ga ko‘ra, Xiva xonligi podsho Rossiyasiga qaram bo‘lib qolgan. Feruz ana shunday murakkab sharoitda yarim asrga yaqin muddat davomida Xiva xonligini boshqargan. Feruz saroyga adabiyot va san’at arboblarini to‘plagan. Ogahiy, Komil, Tabibiy va boshqa ta’sirida o‘zi ham Feruz (baxtli, g‘olib) taxallusi bilan she’rlar yozgan.
Feruz kitobat ishlariga katta ahamiyat bergan: devon tuzish, tarix yozish, tarjima ishlarini rivojlantirgan. Xorazmda tarjima maktabi yaratgan. Fors va arab adabiyotining eng nodir tarixiy, adabiy, ilmiy asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildirgan. Uning hukmronligi davrida Ogahiy va Bayo’niylar tomonidan Xorazm tarixiga oid asarlar yozilgan. Komil Xorazmiy mumtoz maqomlar uchun nota yozuvini ixtiro qilgan. Xivada bosmaxona (toshbosma) tashkil ettirgan. Unda Xorazm shoirlari haqidagi «Majmuat ush-shuaro» tazkirasi, Alisher Navoiy asarlari, Xorazm shoirlari devonlari nashr qilingan.
Feruz Hindiston, Arabiston, Eron, Turkiya savdogarlari orqali Xorazmga chet ellardan noyob kitoblar keltirtirgan va ularni ko‘p nusxalarda ko‘chirtirgan, tarix va adabiyotga oid kitoblardan iborat boy kutubxona yaratgan. Feruz me’morlik, naqqoshlik, xattotlik kabi san’at turlarini ham rivojlantirgan. Bu davrda fotografiya va kino san’ati vujudga kelgan, obodonchilik ishlari amalga oshirilgan.
Feruz 1871 yil Ko‘hna Ark karshisida o‘z nomi bilan ataluvchi 2 qavatli madrasa qurdirgan. Feruzning bevosita rahbarligi va tashabbusi bilan 30 dan ortiq madrasa, masjid, minora, xonaqolar qad rostlagan. Feruz yerlarni suv bilan ta’minlash, bog‘-rog‘lar barpo etish ishiga ham alohida ahamiyat bergan. Uning buyrug‘iga muvofiq, Qo‘ng‘irot tumani sarhadida katta ariq bunyod etilgan. Hozirda ushbu ariq «Xon arigi» deb ataladi.
Feruz mumtoz she’riyatning an’anaviy janrlarida lirik she’rlar yaratgan. She’rlari, asosan, ishq-muhabbat mavzuida. Inson va hayot, sevgi va sadoqat Feruz ijodining g‘oyaviy asosini tashkil qiladi. Ular ohangdorligi, tasviriy-ifodaviy bo‘yoqlarga boyligi va shaklan rang-barangligi bilan ajralib turadi. Uning ko‘pchilik g‘azallari o‘z zamonasida sozandalar va go‘yandalar tomonidan kuyga solib kuylanib kelingan.
She’rlariga «Devoni Feruz» nomi bilan tartib bergan (1879). Bu devon Muhammad Sharif tomonidan qayta kuchirilgan (1900). Feruzning o‘zi Pahlavon Mahmudning 350 ruboiysini qo‘lda ko‘chirib, kitob holiga keltirgan. Feruz Shashmaqom kuylarini o‘rgangan, saroyda maqom ansamblini tuzgan. «Navo», «Dugoh», «Segoh» maqomlariga bog‘lab kuylar yaratgan. Feruz Sayd Mahruyjon majmuasidagi Sayid Mohi Ruyi Jahon maqbarasida dafn qilingan.
She’rlar devoni nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. № 3442, 1119)da saqlanadi.
Habib Abdunazar, Ibrohim Karimov.
G‘AZALLAR
Zihi bordur zuhuringg‘a azal birla abad paydo,
Tafakkur aylabon zoting, qila olmas xirad paydo.
Ne hikmatdurki, guldek yuz ato bir kimsaga aylab,
Birovda bulbuloso ohu afg‘on beadad paydo.
Qachon hamdingga go‘yo aylagum tilni mane bekas,
Manga gar bo‘lmasa altofi fazlingdin madad paydo.
Bu ham bor qudratu sun’ing tasdiqiga bir burhon
Ki, qilding bu to‘qquz qat osmonni beamad paydo.
Nechuk maqbullig‘ topg‘usidur ahli jahon aro,
Ul odamkim, onga qahring soridin bo‘lsa rad paydo.
Borisi xohishi taqdiring ila bo‘lg‘usi mavjud,
Nekim gar bandadin olamda bo‘lsa neku bad paydo.
Topar kavnayi ichra maqsad ila komini Feruz,
Inoyoting bila bo‘lsa anga gar masnad paydo.
* * *
Bo‘lsun salom behad anga subh ila maso
Kim, dedi vasfini oni furqon aro xudo.
Xoki qudumin ayladi bo‘sa hama rasul,
Bildi o‘ziga shoh oni jumlai anbiyo.
Ul shomkim, haq amri bila ayladi uruj,
Topti hama murod ila maqsudini ravo.
Albatta hashrda topar oning shafoatin,
Har kimsakim, jahonda qilur inqiyod ango.
Har kimki, amri shar’iyg‘a gar sunmag‘ay bo‘yun
Ro‘zi jazoda bo‘lgusi ikki yuzi qaro.
Har kim salomu salovot etsa odatin,
Shahd shafoatin ichadur tongla hashr aro.
Feruzdek shafoating umidin etgamen,
Hosil qil oni lutfing ila bobini masho.
* * *
Yorab, ish subhu maso jurm ila isyondur manga,
Iki ko‘zum ushbu g‘ussa birla giryondur manga.
Boshlag‘il tavfiq ila rohi hidoyat sorig‘a
Kim, ko‘ngul har dam zalolat birla javlondur manga.
Man ayon qilmoq sanga lozim emasdur har nafas,
Kim sanga bordur namoyon neki pinhondur manga.
Sen agar lutfu inoyatu karam anlasang,
Jumlayi mushkul iki olamda osondur manga.
Afu hajridin bir qatra ehson aylagil,
Kim hamisha jurm ila isyon farovondur manga.
Ma’rifatning jonibig‘a boshla yo‘lkim borho,
Jahl sori xotiri afkor jo‘yondur manga.
Qil ato bir jur’ai fazling bilakim, Feruzing,
Subh ila shom orzu daryoi g‘ufrondur manga.
* * *
Nigoro, oldi hushim, tarzi raftoringg‘a sallamno!
Erutti tiyra kulbam, mehri ruxsoringg‘a sallamno!
Ishim qotil ko‘zung bedodidin bo‘lmish, base, mushkul,
Ichib qonimni to‘ymas, chashmi xunxoringg‘a sallamno!
Labing so‘zdin berur jon o‘lgan elga dardi ishqingdin,
Ravoniarvar dabi jonbaxshi guftoringg‘a sallamno!
Hama ishq ahlidur, ey mug‘bacha, zulfning giriftori,
Bori din ahlini band etdi — zunnoringg‘a sallamno!
Deding: «Lutf aylagum!», o‘lturding, ammo necha noz aylab,
Agar lutfing bu ersa, javru ozoringga sallamno!
Qilursan noz, agar man har necha arzi niyoz etsam,
Sitamkor mahvasho, bu nav’ atvoringg‘a sallamno!
Senga, Feruz, o‘lub baxt, etding ul op qaddi, zulfin vasf,
Bu yanglig‘ tab’i iozik birla ash’oringg‘a sallamno!
* * *
Ul oy vasfini vird etsam zabonda,
Necha yillar ado bo‘lmas bayonda.
Debon ma’shuqing asru bevafodur,
Manga ko‘p ta’nalar aylar jahonda.
Netaykim, ishq zo‘r anlab ko‘ngulga,
Ul oyning mehrini asratdi jonda.
Habibimg‘a chu mahram bo‘ldi ag‘yor,
Erurman ushbu hasratdin fig‘onda.
Firoq ichra mening bag‘rim qilib qon,
Nngorim, bilmadim, ermish qayonda.
Humoyun baxt ila bo‘lsun salomat,
Agar bo‘lsa habibim har makonda.
Agar Feruzlik iqboling esa,
Visolig‘a yetushkung bir zamonda.
* * *
Gul yuzungga bulbuloso o‘tlug‘ afg‘onim fido,
Sarvi ozodingg‘a qumridek xush alhonim fido.
Xirmani guldek bo‘lub kirgil quchog‘im ichrakim,
Gul kibi islab yuzung, aylay sanga jonim fido.
Vah, nechuk kofirdurur ikki ko‘zingkim, bir qiyo
Holima boqmas ham etsam naqdi imonim fido.
Goh-gohi man sori qo‘ygil qadamkim, aylayin
Maqdaming gardig‘a jon, ey ko‘nglum olg‘onim, fido.
Ey parivash kulbamg‘a eldin nihonu oshkor
Kelki, to aylay sanga paydoyu pihonim fido.
Chashmi umidim yor o‘lg‘il mehrdek yuz birlakim,
Bahri kon etsun sanga chashmi durafshonim fido.
Baxti Feruz ila gar topsam visoling davlatin,
So‘z durrin bazmingda aylay, ey suxandonim, fido.
* * *
Ruxsorin ochib bir pari keldi bu tun bazmim aro.
Boshdin oyoqi bor ekan mehru vafo, nozu ado.
Chiqsa falakka har sahar ohu fig‘onim, ne ajab,
Aylar fuzunroq har kecha ul oy menga javru jafo.
Bilmon, ne ofat erdi ul bo‘lg‘och nazarga jilvagar,
Aqlu xirad, islomu din o‘ldi bori mendin judo.
Joning uchun har dam manga ko‘rguz tarahhum, ey pari
Kim, sabru toqat qolmadi javring chekib subhu maso.
Oydek yuzungning partavi tushsun karo kulbamg‘a ham,
Ko‘yg‘il qadam, ey mahliqo, ochib uzori dilkusho.
Ne sud, tole’ bo‘lsa gar yuz oyu kun, har subhu shom,
Nechunki bor Feruzg‘a mehru jamoling muddao.
MUXAMMASLAR
Ko‘rmak tilab yuzungni, ey sho‘x guluzorim,
Qonlar to‘kar damodam bu chashmi ashkborim,
Quchmok tilab belingni hech qolmadi qarorim,
Yo‘lungda tufroq o‘ldi bu jismi xoksorim,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Bo‘lg‘och nazarda zohir tovusdek xiroming,
Aqlimni qildi hayron ta’zim ila saloming,
Lol ayladi tilimni to‘tisifat kaloming,
Yo‘qtur jahonda mandek bir kamtarin g‘uloming,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Sen husn shohidursen, rahm ayla bu gadog‘a,
Kelmasmu hech rahming bu zori mubtalog‘a,
Kahringin aylab afzun ko‘p qo‘ymag‘il balog‘a,
Lutfu karam shior et, xo‘y aylama jafog‘a,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Gulgun uzoring uzra chiqmish xatti zumurrad,
Bu xat bila bo‘lub sen husn ahlig‘a saromad,
Go‘yo sanga bo‘lubdur shamsu qamar obo jadd,
Mundin ziyod etarga vasfingni yo‘q manga had,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Qadding xayoli tushgach xotirg‘a, ey sumanbar,
Ermas nazarg‘a manzur shamshod ila sanavbar,
Bo‘lmas esa muyassar ul kokili muanbar,
Tutg‘oymu o‘rnin oning rayhonu sunbulu tar,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Qil holima tarahhum, ey soqiyi diloro,
Soldi sipohi ishqing jon kishvarig‘a yag‘mo,
Mani zor bedilingg‘a lutf aylagil nigoro,
Qolmadi furqatingda sabru qarorim aslo,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Mehri kamardek olib toju kamarni pinhon,
Oxir boshu beliga ziynat yeturdi ul jon,
Qilsang muni tafakkur, ey shoiri suxandon,
Bir sho‘xi dilraboning ismi bo‘lur namoyon,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
Bo‘stonda bazm etarga jam’ o‘lsalar sanamlar,
Ul bazm ichida Feruz o‘lsun desang suxanvar,
O‘z ilking ila tutg‘il bir lolarang sog‘ar,
Yuz nozu ishva birla kirganda bog‘a dilbar,
Oromijon nigorim, sarviravon nigorim.
* * *
Chekib hijronda ranji bekaron ohista-ohista,
Yutar erdim labi fikrida qon ohista-ohista,
Bu holimdin topib bu kun nishon ohista-ohista,
Manga rahm aylab ul shirin zabon ohista-ohista,
Etushti boshim uzra nogahon ohista-ohista.
Shabi hijronda aylab dardu mehnat kulbasin maskan,
Sochar erdim sirishkim donasin har sori yuz xirman,
Bu hol ichra tarahhum ko‘rguzub ul dilbari purfan,
Firoqida qororg‘oh ko‘zlarimni ayladi ravshan,
Ochib ruxsorai xurshidson ohista-ohista.
Qudumi intizorida bo‘lub tong otgucha bedor,
Chekib har damda gardun sori yuz ming ohi otashbor,
Bo‘lub g‘am tig‘i birla sarbasar jonu tanim afgor,
Edim hijroni dardi shiddatidin o‘lgudek bemor,
Etushti vaslidin suhbat ravon ohista-ohista.
Minib raxshig‘a bukun man sori atfi inon aylab,
Shitob ichra araqni gul uza shabnam fishon aylab,
Kelib bazmim qudumi birla gulzori jikon aylab,
Masiho mo‘jizin jonbaxshi la’lidin ayon aylab,
O‘luk jismimga berdi toza jon ohista-ohista.
Rusumi dilrabolig‘ ko‘rguzub gul yuzli jononim,
Bilib hijron o‘ti kuydurganni boshdin-oyoq jonim,
Ko‘rub rahm aylabon jismi nizoru chashmi giryonim,
So‘rub dildorlig‘ rasmi bila holi parishonim,
Qilib oshino dilbarlik ayon ohista-ohista.
Tarahhum ko‘zguzub har dam fuzun a’dodi imkondin,
Tabassum aylabon yuz ishva birla la’li xandondin,
Takallum boshlabon har lafzni aylab chuchuk jondin,
Dedi:«—Ey oshiqi zorim maloli dardi hijrondin,
Bo‘lubsan asru zoru notavon ohista-ohista»
Mayi la’limni dardingga davo aylarga kelmishman,
Zamiringda ne ersa muddao aylarga kelmishman,
Nekim rasmu muhabbatdur, sango aylarga kelmishman,
Bu dam vaslim bila koming ravo aylarga kelmishman,
Maqomingg‘a bori eldin nihon ohista-ohista.
Qilib tun-kun visolim bazmig‘a yetmakni andisha,
Urub Farhod yanglig‘ ranju mehnat tog‘ig‘a tesha,
Qilib ishqimda ko‘nglungni musaffo, o‘ylakim, shisha,
Necha kun dardi hijronim aro sabr aylading pesha,
Bo‘l emdi vaslim ichra shodmon ohista-ohista.
Edi hijron aro maqsuding o‘pmak borho la’lim,
Quchub nozik belim ko‘nglungga so‘rmoq muddao la’lim,
Bugun koming ne ersa qilg‘usi oni ravo la’lim,
Agar istarsan o‘pmaklikni, eng jonfizo la’lim,
Qucharsan, quch belim, engu miyon ohista-ohista.
Manga iqbol yanglig‘ bo‘ldi chun ul hamdamu hamdast,
Oyoqing o‘pkali man ollida tufroqg‘a bo‘ldum past,
Talattuf birla ul la’lin labimga ayladi payvast,
Man o‘ldum yor la’li bodasi birla bo‘lub sarmast,
Firoqi ranjidin toptim omon ohista-ohista.
Ko‘zumdin oqizib ashkni hijron ichra suv yanglig‘,
Bo‘lub obi ravon ondin ayon har sori jo‘ yanglig‘,
Riyozat tortibon aylab tanin za’f ichra mu yanglig‘,
Kishi gar sodiq ersa ishq aro vasl ichra bu yanglig‘,
Bo‘lur Feruzbaxtu komron ohista-ohista.
OGAHIY G‘AZALLARIGA TAXMISLAR
Rangin takallummu bo‘lur chunkim guharafshon labing,
Fayzu farah yetkurgusi ko‘nglumga bepoyon labing,
Fahm etmadim ne xosiyat qilmushdurur pinhon labing,
Yoqutdurmu bilmadim yo la’l ey jonon, labing,
Yo orazing gulzorida bormu guli xandon labing.
La’lnig firoqida bo‘lub asru zaifu xasta jon,
Jismi nizorimdin olib qadding g‘ami tobu tavon,
O‘lmakka yetganda yovuq kelding boshimg‘a nogahon,
La’lingni bir o‘pmak bila toptim hayoti jovidon,
E’jozi Isomu ekan yo sharbati hayvon labing.
Javru jafolar aylabon jonimga bu garduni dun,
Qildi labing hijronida ashkimni qon, bag‘rimni xun,
Dardim erur behad fuzun, kun-kundin ahvolim zabun,
Ko‘zdin to‘kub hijron aro doim sirishqi lolagun,
O‘pmaklik aylab orzu tun-kun yutarman qon labing.
Ko‘nglumga bo‘lmishdur labing bir bo‘sa qilmoq muddao,
Muft ermas ushbu matlabim, bo‘lsa agar, sandin ravo,
Oltun-kumish xud sahl erur, ey dilbari shirinliqo,
Gar bo‘sa la’lingga jon naqdin qilur ersang baho,
Olg‘um nedinkim bir o‘pub o‘lganga na armon labing.
Taqvoi toat aylabon zuhd ahli tinmay ro‘zi shab,
Jannatga kirmak orzu aylab chekar ranju taab,
Aql eli ko‘ying borida jannatni qilgaymu talab,
Feruz, jannat ravzasin, gar, istamas ermas, ajab
Kim, orazing jannat guli, kavsar suyi, ey jon, labing.
* * *
Bir jilvagar bo‘lg‘och ko‘zum ollida to qoshu ko‘zung,
Fahmi xiradin ayladi mandin judo qoshu ko‘zung,
Jonimni oldi aylabon nozu ado qoshu ko‘zung,
Vah ne balodur bilmadim, ey dilrabo, qoshu ko‘zung
Kim, bir nazarda soldi o‘t jonim aro qoshu ko‘zung.
Ham Xizri xatting dilkusho, bordur masihoniy so‘zung,
Ham ko‘zu qoshing qotili jonbaxga erur, rangin so‘zung,
Ham beqaror o‘lg‘on ko‘ngullarga berur taskin so‘zung,
Ham yuz o‘lukni tirguzur la’ling aro shirin so‘zung,
Ham ming tirikni o‘lturur aylab jafo qoshu ko‘zung.
Tun-kun so‘rog‘ing aylabon istab muallo manziling,
Ko‘rgach musaffo orazing, bo‘ldum asiri bediling,
Jonu ko‘ngul betob erur so‘rmoq tilab shirin labing,
Oldi karori toqatim oq siynayu nozik beling,
Soldi qaro kun boshima ikki qaro qoshu ko‘zung.
Boqgoch ko‘z ila qoshinga, bo‘ldum asir, ey no‘shlab,
Jonim yoqar oshiq o‘ti, qoshu ko‘zung bo‘ldi sabab,
Emdi fig‘onlar aylabon hijroning ichra ro‘zu shab,
Qoshu ko‘zung bedodidin dod aylasam ermas ajab,
Kim, ne jafolar qilmadi oxir mango qoshu ko‘zung.
Farrux yuzung husn avjining bordur mohitobopikim,
Xanling erur mahbublar, sansan alar sultonikim,
Mankim tamanno aylamak, san sho‘x beparvonikim,
Yo‘qtur manga ishqing aro yurmak tirik imkonikim,
Jonimni yo qaddu yuzung olg‘usi yo qoshu ko‘zung.
Husn ahli shohisan, erur mulkung malohat kishvari,
Ikki ko‘zung jodu erur, qoshing alarning xanjari,
Majnundek o‘ldi ko‘rgach, ul husning jahon donolari,
Man zori hayroning nechuk devona bo‘lmay, ey pari
Kim, aqlu hushim ayladi mandin judo qoshu ko‘zung.
Istab visoling bazmini, ey xo‘blarning ahsani,
Iqboli Feruzing kibi ko‘b justujo‘ aylab sani,
Ko‘rgach yuzung ishq o‘tiga ko‘pdi vujudi xirmani,
Shirin labingdin Ogahiy jismig‘a jon berkim, ani,
O‘lturdi bir imo qilib boqg‘och qiyo qoshu ko‘zung.
MUSADDASLAR
Subhkim, ul sarvi gulro‘x sayri gulzor ayladi,
Sarvu gulg‘a qaddu ruxsorni namudor ayladi,
Sarv qaddig‘a egib bosh qulluq izhor ayladi,
Gul yuzin surtub poyig‘a o‘zini xor ayladi,
Rashk tig‘i joy ila ko‘ngulni afgor ayladi.
Do‘stlar, ul dilrabo ishqi mani zor ayladi.
Gar nafas qilgach nazora ul quyosh ruxsorga,
Jon ko‘nglum qoldi ishqi ranjidin ozorg‘a,
Aylasam jonim fido boqmay man bemorga,
Har nafasda ko‘rguzur yuz iltifot ag‘yorg‘a,
Aylamas bir rahme zohir man g‘aribu zorg‘a,
Do‘stlar, ul dilrabo ishqi mani zor ayladi.
Jonfizo la’lin takallumga oyursa nogahon,
Har kalomidin topar o‘lgan badan ruhi ravon,
Go‘yiyo uldur bu davron nchra Isoyi zamon
Kim, kishi ko‘rmaydur andoq mahvashi shirin zabon,
Ayb qilmang, istab oni, aylasam ohu fig‘on,
Do‘stlar, ul dilrabo ishqi mani zor ayladi.
Xo‘b emastur qaddi to‘‘bi qomati raftoricha,
Dilkash ermas ravzai rizvon yuzi gulzoricha,
Yo‘qturur xurshid nuri jabhai anvoricha,
Sunbul ermas atrparvar zulfi anbarboricha,
Tong emas, vaslin talab qilsam agar jon boricha,
Do‘stlar, ul dilrabo haqi mani zor ayladi.
Ohkim, tarki muhabbat aylabon ul dilrabo,
Notavon jonimg‘a ko‘rdi hajr anduhin ravo,
Muncha ham bo‘lg‘oymu bir bedilg‘a qilmoqlik jafo,
Dilrabolig‘ rasmida avval qilib mehru vafo,
So‘ngra qildi mehnat hijroni birla mubtalo,
Do‘stlar, ul dilrabo ishqi mani zor ayladi.
Ul quyoshdin ayru bir zarra qarorim qolmadi,
Aqlu hushim ketdi-yu, sabr-ixtiyorim qolmadi,
Dardi hijron chekkali tanda madorim qolmadi,
Vasl uchun aylab gadoliq nangu orim qolmadi,
Yig‘lamoqdin o‘zga hajr ichra shiorim qolmadi,
Do‘stlar, ul dilrabo ishqi mani zor ayladi.
Ishq mulkida edim Feruzbaxtu komkor,
Amrima ma’mur erdi necha sho‘xi guluzor,
Lekin oni ko‘rgach o‘ldum bandasi beixtiyor,
Qolmayin ko‘nglum aro bir zarracha sabru qaror,
Aql ila hushu xiradni qildi mandin beqaror,
Do‘stlar, ul dilrabo ishqi mani zor ayladi.
* * *
Ul pari egnida gulrang libosini ko‘rung,
Mehrdek orazining nuru ziyosini ko‘rung,
Nutqi jonbaxshu labi ruhafzosnni ko‘rung,
Otg‘oli g‘amza o‘qin qoshlari yosini ko‘rung,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosini ko‘rung,
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
Orazidin olib ul mehru jahontob niqob,
Zeb uchun ko‘zga chekib surma, urub yuzga gulob,
Ko‘zlari fitnasidin qilg‘oli olamni xarob,
Yuzi o‘ti bila aylarga jigarlarni kabob,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosini ko‘rung,
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
Gul xijil bog‘ aro oning gul ruxsoridin,
Sarupo dar gul erur qomati raftoridin,
Lol erur qumriyu bulbul labi guftoridin,
Sindi shakkarga baho la’li shakkarboridin,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosinn ko‘rung.
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
Jon olur har boqishi birla qaro ko‘zginasi,
Toza jon ham berur elga shakkarin so‘zginasi,
Koshi yo, kipriki o‘q, ofatijon yuzginasi,
Fitnagar chobuk xudroyi erur o‘zginasi,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosini ko‘rung,
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
Ko‘z yumub noz ila gohi chekibon xomyoza,
Kosh qoqib gah qilibon jilvai beandoza,
O‘ziga har dam etib g‘amza fununi toza,
Kildi oshiqlig‘im olam eliga ovoza,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosini ko‘rung,
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
Jilvai qomatig‘a tu’bini rizvon banda,
Mutabassim labig‘a g‘unchai xandon banda,
Ikki shahlo ko‘zig‘a nargisi fatton banda,
Orazi mehrig‘a xurshidi duraxshon banda,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosini ko‘rung,
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
Toki ul sho‘x g‘ami ishqig‘a duchor o‘ldum,
Dam-badam dardi balo xayli bila yor o‘ldum,
Kokili domiga pobasti giriftor o‘ldum,
Talab vaslida Feruz kibi zor o‘ldum,
Vahki, ul mehrliqo nozu adosini ko‘rung,
Jonima har nafas ozoru jafosini ko‘rung.
RUBOIYLAR
Ey sho‘x, tarahhum aylakim, zoringman,
Jonu dilu din ila giriftoringman.
Gar vaslingga aylasang baho jon naqdin,
Yuz jon esa ham berib xaridoringman.
* * *
Qilmish mani bir dilbari zebo oshiq,
Boshdin oyoqi latifu ra’no oshiq,
Yo‘q mumkin o‘zi xoli hamsuhbati man,
Bo‘lg‘aymu maningdek yana paydo oshiq.
* * *
Jonbaxshi kaloming erur ul nav’ fasih,
Iso kibi jon bergusidur elga sarih,
Har sho‘xki, husn ichra tutar o‘zni sabih,
San borchasidin sabih ham asru malih.
* * *
Ko‘rgach yuzung, zy dilbar, farxunda sifot,
Hech qolmadi ko‘nglum aro oromu sabot,
Xosiyati la’ling obi hayvon yanglig‘,
So‘rg‘on kishiga bergusi jovidi hayot.
* * *
Kam etmadi qahrin manga dildor hanuz,
Tark aylamadi javr ila ozor hanuz.
Man hajrida subhu shom yig‘larman qon,
Xushnud erur bazmida ag‘yor hanuz.
* * *
Gar dilbarim o‘lmasa mango hamsuhbat,
Naylay esa yuz hurliqo hamsuhbat,
Ul sho‘x agar anisim o‘lmas ersa,
Darkor emas ushbu dahr aro hamsuhbat.
* * *
Ro‘zi sanga borcha kom bo‘lsun, yorab!
Iqbolu man mudom bo‘lsun, yorab!
Ham davlati mustadom bo‘lsun, yorab!
Ham ishrati bardavom bo‘lsun, yorab!