Alisher Navoiy (1441-1501)

Alisher Navoiy (taxallusi; asl ismi Nizomiddin Mir Alisher) (1441.9.2. — Hirot — 1501.3.1) — buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi.

Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli o‘g‘li bilan ko‘kaldosh (emikdosh) bo‘lib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida bo‘lgan. Otasi G‘iyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi (ismi noma’lum) Kobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi.

Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. U temuriyzodalar, xususan bo‘lajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi she’rlarni o‘qib, yod ola boshlagan. O‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan. 1447 yil 12 martda mamlakat podshohi Shohrux vafot etgach, taxtga da’vogarlar orasida o‘zaro kurash boshlanadi. Urush-janjallar ko‘p kishilarni Xurosondan turli tomonga ko‘chib ketishga majbur etdi. Alisher Navoiylar oilasi o‘z tinchligini ko‘zlab, Iroqqa ko‘chishdi (1449). Taf shahrida Alisher mashhur «Zafarnoma» tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv bolada yorqin taassurot qoldiradi. G‘iyosiddin Bahodir oilasi Hirotga, qariyb ikki yil muddat o‘tgach, qaytadi. Abulqosim Bobur G‘iyosiddin Bahodirni Sabzavor shahriga hokim qilib tayinladi. Alisher Navoiy Hirotda qolib o‘qishni davom ettirdi.

Alisher Navoiy she’riyatga g‘oyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan o‘rgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zo‘r havas tug‘dirgan edi. Tog‘alari Mirsaid — Kobuliy, Muhammad Ali — G‘aribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez to‘planishib, mushoira qilishar, adabiyot va san’at haqida suhbatlashar edilar.

Alisher Navoiy 10—12 yoshlaridan she’r yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Alisher Navoiyning iste’dodidan mamnun bo‘lgan mavlono Lutfiy, uning:

Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh,
Bo‘ylakim, paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh

matla’li g‘azalini tinglab: «Agar muyassar bo‘lsa edi, o‘zimning o‘n-o‘n ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu g‘azalga almashtirardim…» degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She’rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.

Alisher Navoiy 13—14 yoshlarida otasi hayotdan ko‘z yumadi. Uni Abulqosim Bobur o‘z tarbiyasiga oladi, katta badiiy iste’dodi uchun g‘oyat e’zozlaydi. 1456 yil oktyabrda mamlakat poytaxti Hirotdan Mashhadga ko‘chiriladi, Abulqosim yosh Alisherni ham, o‘z xizmatida bo‘lgan Husayn Boyqaroni ham Mashhadga olib ketadi. 1457 yilning bahorida to‘satdan Abulqosim Bobur ham vafot etdi. Alisher Navoiy uchun bu, otasi vafotidan keyingi, ikkinchi og‘ir judolik bo‘ldi. U Mashhad madrasalaridan birida o‘qishini davom ettiradi. Do‘sti Husayn Boyqaro esa Marv va Chorjo‘y tomonlarga omad qidirib ketadi. Xurosonni temuriylarning yana bir vakili, Movarounnahr hukmdori Sulton Abu Said egalladi va poytaxtini Samarqanddan Hirotga ko‘chiradi. Husayn Boyqaroning taxtni egallash yo‘lidagi birinchi raqibi — Abu Said edi.

Alisher Navoiy oilasining xohish-rag‘bati Husayn tomonda bo‘lib, bu avvalo ularning oilaviy yaqinliklari bilan izohlanardi; bundan yangi hukmdor ham yaxshi xabardor edi. O‘rtadagi bu vaziyat Alisher Navoiy hayotini murakkablashtirgan. Alisher Navoiy Mashhadda oddiy bir mullavachcha sifatida yashadi. Shoirning bu davrdagi ijodida o‘z yurtini sog‘inib yozgan g‘azallari talaygina. Orada, xususan, yoz fasllarida Hirotga borib-kelib ham turgan. 1463 yilda esa u uzil-kesil Hirotga qaytdi. Biroq bu yerda ahvol o‘zgargan, shahar xarobaga aylangan edi. Xuroson poytaxtida Sulton Abu Said o‘z tartibini o‘rnatgan, muhim vazifalarga u bilan Movarounnahrdan kelgan kishilar tayinlangan, Alisher Navoiy ga yaqin kishilar quvg‘in qilingan, Husayn Boyqaro bilan birga ketgan tog‘alari — Mirsaid va Muhammad Ali urushda halok bo‘lgan, yashash uchun biron joy topish muammo edi. Alisher Navoiyning o‘sha kunlardagi ahvoli uning keyinchalik ustozi Sayyid Hasan Ardasherga Samarqanddan yozgan maktubidagi she’riy satrlarda nihoyatda ta’sirli va haqqoniy ifodalab berilgan.

Bu vaqtda mamlakatda taniqli shoir bo‘lib qolgan Alisher Navoiyni Abu Said ta’qib qilib, Hirotdan chiqarib yuboradi. Shoir Samarqandga ketishga majbur bo‘ladi. Alisher Navoiy Samarqandda 1465 yildan 1469 yilning bahorigacha yashadi, Fazlulloh Abu Lays madrasasida o‘qib, turli fanlarga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirdi. Samarqandning ko‘zga ko‘ringan shoirlari — Shayxim Suhayliy, Mirzobek, Mavlono Xovariy, Mir Qarshiy, Harimi Qalandar, muammogo‘y Uloyi Shoshiy, olim Mavlono Muhammad Olim va boshqalar bilan hamsuhbat bo‘ldi va do‘stlashdi. Samarqand shahri hokimi Ahmad Hojibek asli hirotlik bo‘lib, Vafoiy taxallusi bilan she’rlar yozardi, u Alisher Navoiyga alohida hurmat va e’tibor bilan qaradi. Uning yordamida Alisher Navoiy davlat ishlari bilan ham shug‘ullana boshladi. U davlat ishlarini boshqarishda dastlabki tajribani shu yerda orttirdi va bu unga keyinchalik asqotdi. Alisher Navoiyning Samarqanddagi siyosiy va davlat faoliyati yuqori baholanib, unga «Chig‘atoy amiri» unvoni berilgan.

1469 yil boshlarida Sulton Abu Said Qorabog‘da o‘z askarlari tomonidan o‘ldiriladi. Ko‘pdan buyon shunday vaziyatni kutib yurgan Husayn Boyqaro zudlik bilan kelib, Hirot taxtini egallaydi. Alisher Navoiy ham Hirotga yetib keladi. 1469 yil 14 aprel kuni, ramazon hayiti munosabati bilan uyushtirilgan qabul marosimida Alisher Navoiy o‘zining Husayn Boyqaroga yangi yozgan «Hiloliya» qasidasini taqdim etadi. Podshoh Alisher Navoiyni muhrdorlik mansabiga tayinlaydi.

Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning eng xavfli siyosiy raqibi — Yodgor Muhammad Mirzoni tunda qo‘lga olishda shaxsiy jasorat ko‘rsatadi. Yangi hukumatning ortiqcha soliqlaridan norozi bo‘lib, qo‘zg‘olon ko‘targan xalq ommasini tinchitishda adolat va mardonavorlik bilan ish tutadi. Shu voqealardan so‘ng ma’lum vaqt o‘tgach, Husayn Boyqaro hukumatidagi muhrdorlik vazifasiga Alisher Navoiyning roziligi bilan uning samarqandlik do‘sti, shoir Shayxim Suhayliy tayinlanadi. Alisher Navoiyning maqsadi saroyda maslahatchi bo‘lib qolish, ko‘proq ijodiy ish bilan shug‘ullanish edi. Biroq Husayn Boyqaro 1472 yilning fevral oyida uni o‘z saroyining bosh vaziri qilib tayinlaydi va unga «Amiri kabir» unvonini beradi.

Alisher Navoiy yangi lavozimda avvalo butun kuchini mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga qaratdi. Vaqf ishlarini tartibga solishga kirishdi. Shaharlarda savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Alisher Navoiy sa’yi harakati bilan qishloqlarda dehqonchilik madaniyati o‘sib boradi. Shaharlar, xususan Hirot kun sayin obod bo‘la boshlaydi.

Buyuk insonparvar Alisher Navoiy o‘rta asrdagi Uyg‘onish davrining boshqa ulug‘ zotlari singari butun hayoti bilan haqiqiy inson qanday bo‘lishi lozimligini ko‘rsatdi. U o‘z davridagi nohaqlikka, adolatsizlikka qarshi kurashdi, amaldorlarning o‘z vazifalarini suiiste’mol qilishlarini va ta’magirliklarini fosh etdi, ojiz, muhtoj kishilarni o‘z himoyasiga oldi. Sulton Husayn Boyqaro podshohlik qilgan, Alisher Navoiy hukumatda bosh vazir vazifasini egallagan paytlarda hech bir mamlakatga qarshi bosqinchilik urushi olib borilmadi. Bosh vazir Alisher Navoiy madaniyat va san’atning chinakam homiysi sifatida taniladi. Uning faoliyatida ijtimoiy-siyosiy masalalarni to‘g‘ri hal etishga intilish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga, barcha qavmlarga bir xil munosabatda bo‘lish, hech qaysi birini kamsitmaslik, hammaning manfaatiga barobar xizmat qiladigan jamoat binolarini qurishga alohida e’tibor berish oldingi o‘ringa chiqa boshladi.

Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta’mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari, «Xalosiya» xonaqohi, «Shifoiya» tibgohi, Qur’on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan «Dorul-huffoz» binosi, Marvdagi «Xusraviya» madrasasi, Mashhaddagi «Dorul-huffoz» xayriya binosi va boshqa noyob me’morlik yodgorliklari bor.

Bu davrda Hirotda adabiy hayot jo‘sh urgan. Alisher Navoiy atrofida Shayxim Suhayliy, Xoja Osafiy, Binoiy kabi o‘nlab shoirlar, Hasan Noiy, Xoja Abdullo Marvoriy, Qulmuhummad Udiy, Shohquli G‘ijjakiy kabi o‘nlab sozandalar, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Sultonali Mashhadiy, Abdujamil Kotib, Xoja Hofiz Muhammad, Sultonali Koiniy, Muhammad Xandon, Mavlono Hijroniy kabi mashhur kotiblar, Behzod kabi musavvirlar qizg‘in ijodiy mehnat bilan band edilar. Hirotda, umuman Xuroson mulkida ma’naviy hayotning baquvvat ustunlaridan Abdurahmon Jomiy bilan Alisher Navoiy o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik — ustoz-shogirdlik ko‘p masalalarda hamfikrlilikka olib keldi. Alisher Navoiyning o‘zbek tilidagi dastlabki yirik asarlaridan «Hiloliya» qasidasi Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlangan bo‘lsa, forsiy tildagi birinchi yirik asari «Tuhfat ul-afkor» (1476) qasidasi Jomiyga bag‘ishlangan edi.

1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy o‘zining o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan iborat ilk devoni — «Badoye’ ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»)ni tuzdi. Mazkur devonda 777 g‘azal, 85 ruboiy, 52 muammo, 46 qit’a, 53 fard, 10 tuyuq, 10 lug‘z, 3 mustazod, 5 muxammas, 3 tarje’band, 2 musaddas bo‘lib, bunday mukammal devonni tuzish Navoiygacha kamdan-kam o‘zbek shoiriga nasib bo‘lgan. Alisher Navoiy «Badoye’ ul-bidoya» tuzilgandan keyingi davrda yozilgan o‘zbekcha she’rlari asosida 1480 yillarning oxirida «Navodir un-nihoya» («Behad nodirliklar») devonini tuzdi. 1841 — 82 yillarda Alisher Navoiy «Chixl hadis» («Qirq hadis» yoki «Arbain») asarini yozadi. Bunda Muhammad payg‘ambar(sav) ning qirq hadisi to‘rtlik bilan she’riy ifodalab berilgan.

Alisher Navoiy mansub adabiy hayotda she’riy janrlardan g‘azal, qasida, ayniqsa muammo yozishga qiziqish kuchli edi. Alisher Navoiy forsiy devoniga 373 muammo kiritgan. Shunday adabiy mayllar tufayli 1485 yil muammo yozish qoidalari haqida maxsus «Mufradot» asarini yaratdi.

Alisher Navoiyda o‘zbek tilida «Xamsa» — besh doston yaratish maqsadi yoshligidan bo‘lgan. Bu maqsadini 1483—85 yillarda amalga oshirdi. Asar o‘zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahon adabiyotining durdonalaridan biriga aylandi.

«Xamsa»dan keyin Navoiy yana bir qancha asarlar yaratdi. 1485 yil o‘zining mashhur «Nazm ul-javohir» asarini yozdi, bunda birinchi xalifalardan bo‘lmish Hazrat Alining 266 ta hikmatli gapi ruboyi tarona (to‘rt misrasi ham qofiyalangan) shaklida bayon etilgan. O‘sha davr kitobxonlari, shu jumladan, tarixchi Xondamir bu asarni g‘oyat yuksak baholagan.

Alisher Navoiyning insonparvarlik faoliyati, ilg‘or qarashlari, uning obro‘-e’tibori xalq orasida tobora ortib borishi o‘z manfaatlarini ko‘zlagan saroy a’yonlari orasida norozilik tug‘dirdi. Ular shoir bilan podsho orasiga nifoq solishga urindilar. Natijada 1487 yilda Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni vazifasidan bo‘shatadi, bosh vazir vazifasini Muhammad Majdiddin egallaydi. Navoiy esa Astrobodga hokim qilib tayinlanadi. Navoiy hokimlik qilgan 2 yil davomida Astrobod shahri va viloyati obodonlashib, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatiladi, savdo ishlari yo‘lga qo‘yiladi. Alisher Navoiy Astrobodda ham ko‘p yangi she’rlar yozgan, Hirotdagi yor-do‘stlariga maktublar yo‘llab turgan. Uning Astroboddan Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamonta yozgan maktubini davlatni boshqarish haqidagi risola, deyish mumkin.

Alisher Navoiy doim Husayn Boyqaroni adolatli va ma’rifatli hukmdor qiyofasida ko‘rish orzusi bilan yashadi. Astroboddan Husayn Boyqaroga va boshqa amaldorlarga yozgan maktublarida ularni insof va adolatga chaqirar, davlat idora usulida mustahkam tartib o‘rnatish va ayrim islohotlar o‘tkazishga undar edi. Lekin Alisher Navoiyning istaklari to‘la amalga oshishi qiyin edi. Astrabodda Navoiy bilan Husayn Boyqaro munosabatlariga putur yetkazuvchi gaplar yuzaga kelgach, podshoh Alisher Navoiyning Hirotga qaytishiga ruxsat beradi. Husayn Boyqaro Navoiyga bir nechta yuksak lavozimlarni taklif qiladi. Alisher Navoiy rozi bo‘lmagach, unga «Muqarrabi hazrati sultoniy» («Sulton hazratlarining eng yaqin kishisi») degan rasmiy unvon beriladi. Bu bilan u davlatning hamma ishlariga aralasha olar va podshoh bilan ko‘rishish imkoniga ham ega bo‘lar edi. Binobarin, saroy amaldorlari, shu jumladan, Muhammad Majdiddin ham har bir muhim masalani ko‘p vaqt u bilan kelishishga majbur edi. Lekin Alisher Navoiy bilan Majdiddin o‘rtasidagi nodo‘stona munosabatdan ko‘pchilik xabardor edi. Navoiyning Balxda hokim bo‘lib turgan ukasi Darveshali Majdiddindan ranjib, bosh hukumatga qarshi isyon ko‘targani ham ma’lum. Bu isyon Navoiyning aralashuvi bilan tinchitilgan. Aynan shu voqea 1490 yildan Majdiddinning siyosat maydonidan ketishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Alisher Navoiy hamisha ko‘proq ijodiy va ilmiy ishlar bilan shug‘ullanish, bu boradagi rejalarini amalga oshirish xayoli bilan yashardi. Hayot esa uning rejalariga o‘z tuzatishlarini kiritar edi. 1488 yil Sayyid Hasan Ardasher, 1492 yil Jomiy, 1493 yil olim va shoir Pahlavon Muhammad birin-ketin hayotdan ko‘z yumdilar. Navoiy o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan bu insonlar xotirasini abadiylashtirish, ularga o‘z hurmatini izhor etish uchun «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Xamsat ul-mutahayyirin» («Besh hayrat»), «Holoti Pahlavon Muhammad» nomli risolalarini yozdi. Astrobodda yoza boshlagan «Tarixi muluki Ajam» («Ajam podshohlari tarixi») asarini tug‘alladi (1489).

1490 yil u o‘ziga zamondosh shoirlar haqida Jomiyning «Bahoriston», Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro» asarlari shaklida «Majolis un-nafois» («Nafislar majmuasi») tazkirasini tuzishga kirishib, 1492 yilda tugalladi. Shu vaqtning o‘zida Alisher Navoiy o‘zbek tilida she’riyat nazariyasi, aniqrog‘i, aruz vazni qoidalari haqida «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o‘lchovi») ilmiy qo‘llanmasini yaratdi. 1494 yilda turkiy tildagi maktublarini to‘plab «Munshaot» («Maktublar») majmuasini tuzdi. 1495 yil Jomiyning «Nafahot ul-uns» asarini «Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabadalari») nomi bilan tarjima qilib, uni qayta ishlab, turkiy mashoyixlar haqidagi yangi ma’lumotlar bilan boyitdi. Shu boisdan «Nasoyim ul-muhabbat»ga Alisher Navoiyning mustaqil asari sifatida qarash mumkin.

Alisher Navoiy 1491—92 yillardan boshlab turkiy tilda yozilgan hamma she’rlaridan yangi, yig‘ma devon tuzishga kirishdi va bu ish 1498—99 yilda nihoyasiga yetdi. Devonning umumiy nomi «Xazoyin ul-maoniy» («Ma’nolar xazinasi») bo‘lib, 4 qismdan iborat bo‘lganligi uchun «Chor devon» deb ham atalgan. Devon shoirning butun hayoti davomida yozilgan she’rlarini qamrab olgan, ularda Alisher Navoiy ning barcha davrlaridagi kayfiyati, dunyoqarashi, orzu-umidlari ifodalab berilgan. Taxminan shu yillarda Alisher Navoiy forsiy she’rlaridan tashkil topgan «Devoni Foniy» («Foniy devoni»)ni, forsiy tildagi 2 qasidalar majmualarini tuzib, forsiy she’riyat taraqqiyotiga ham o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Xurosonda forsiyzabon xalqlar ko‘pchillikni tashkil etganligi inobatga olinsa, Alisher Navoiyning bu tilda ham samarali ijod qilgani mamlakat ma’naviy ehtiyojini yaxshi his etganligini bildiradi.

1490 yillarning o‘rtalariga kelib mamlakatda ijtimoiy-siyosiy tanglik kuchaya boshlaydi. Temuriylar xonadonida hukmdor o‘g‘illari o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatlar esa bu tanglikni yanada kuchaytiradi. Har bir shahzodaning o‘z tarafdorlari bo‘lib, ularni murosaga keltirish ko‘p vaqt Alisher Navoiy zimmasiga tushar edi. Bosh vazir Nizomulmulk esa 1496—97 yillarda bu oilaviy mojarolarda bir tomonlama harakat qilib, Muzaffar Mirzoning onasi — Xadicha begimga yon bosadi. Shu asosda Husayn Boyqaro bilan Astrobodda hokimlik qilayotgan Badiuzzamon o‘rtasida harbiy to‘qnashuv yuz berdi. Saroydagi fitna, jumladan, Nizomulmulkning qabihligi natijasida Badiuzzamonning o‘g‘li, Husayn Boyqaroning eng sevimli nabirasi, Navoiyning esa ixlos qo‘ygan shogirdi Mo‘min Mirzo fojiali o‘ldiriladi. Bular hammasi Alisher Navoiy hayoti va kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Alisher Navoiyning she’riy dahosi 15-asr oxirlariga kelib yana jo‘sh urdi. U 2 yil mobaynida 2 ta yirik asar — «Lison ut-tayr» («Qushlar tili») dostonini va «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi») nomli ilmiy asarini yaratdi. Alisher Navoiyning so‘nggi buyuk asarlaridan yana biri nasriy pandnoma yusinida yozilgan «Mahbubul-qulub» («Qalblar sevgani»)dir. U Sharq adabiyoti tarixida Shayx Sa’diyning «Guliston», Kaykovusning «Qobusnoma», Nizomiy Aruzi Samarqandiyning «Chor maqola» kabi asarlari qatorida turadi. Bu asarida Alisher Navoiy o‘zining hayot yo‘lini, boshidan kechirgan turmush mashaqqatlarini yorqin tasvirlab bergan.

1500 yilning dekabrda Husayn Boyqaro isyon ko‘targan o‘g‘li — Muhammad Husayn bilan sulh tuzib, Hirotga qaytar ekan, Alisher Navoiyni ham uni kutib olishi lozimligiga ishorat qiladi. Orada 2—3 kunlik yo‘l bor edi. Alisher Navoiy o‘zining so‘nggi she’rini Poyob rabotida yozgan va undan nusxa ko‘chirtirib, kelayotgan Husayn Boyqaroga yuborgan. Uchinchi kuni Alisher Navoiy hukmdor istiqboliga yaqinlashayotganida o‘zini yomon his etgan, u bilan ko‘rishayotganda hushidan ketib, qaytib o‘ziga kelmagan va hayotdan ko‘z yumgan.

Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga bo‘lish mumkin: 1. Devonlari. 2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi she’riy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.

Alisher Navoiyning o‘zbek tilida yaratgan she’riy merosi asosan «Xazoyin ul-maoniy» devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga «G‘aroyib us-sig‘ar» («Bolalik g‘aroyibotlari»), ikkinchi qismiga «Navodir ush-shabob» («Yigitlik nodirotlari»), uchinchi qismiga «Badoye’ ul-vasat» («O‘rta yosh badialari») va nihoyat, to‘rtinchi qismiga «Favoyid ul-kibar» («Keksalik foydalari») degan nomlar berildi. «Xazoyin ul-maoniy» inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuyg‘ulari bilan bog‘liq minglarcha she’r va o‘nlarcha she’r turlarini o‘z ichiga olgan majmua bo‘lib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir. Bu xil majmua Alisher Navoiyga qadar Amir Xisrav Dehlaviy tomonidangina tuzilgan. Ushbu devonga kirgan minglarcha she’rlarni Alisher Navoiy butun umri davomida turli sharoitlarda, har xil sabablar bilan yozgan bo‘lib, ular shoir hayoti va u yashagan davr bilan sonsiz-sanoqsiz iplar orqali bog‘langan. Alisher Navoiy «Xazoyin ul-maoniy» ga qadar «Ilk devon», «Badoye’ ul-bidoya», «Navodir un-nihoya» devonlarini tuzgan. «Xazoyin ul-maoniy» ana shu 3 devonga kirgan hamda «Navodir ul-nihoya» tuzilgandan keyin yozilgan she’rlar asosida yuzaga kelgan.

Alisher Navoiyda keksalik chog‘larida barcha she’rlarini yig‘ib, xronologik tartibda 4 devon tuzish g‘oyasi bo‘lgan. Biroq «Xazoyin ul-maoniy»ni tuzishda muharrirlik vazifasini bajargan Husayn Boyqaro bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagan ko‘rinadi. Uning «G‘aroyib us-sig‘ar» devoni bolalik mashqlaridan, «Navodir ush-shabob» yigitlik she’rlaridangina iborat bo‘lmay, bu boshlang‘ich devonlarda shoirning keyingi davr she’riy mo‘jizalaridan ham namunalar borki, Husayn Boyqaro shuni ma’qul ko‘rgan. Shu sababdan «Xazoyin ul-maoniy» tarkibidagi 4 devon nomining mazmunini shartli ma’noda tushunish, bunda she’rlar ko‘p holda aralash holda joylashtirilganini nazardan qochirmaslik zarur.

«Xazoyin ul-maoniy»dagi 4 devonning har birida 650 tadan 2600 g‘azal, umuman 4 devonda 210 qit’a, 133 ruboiy, 86 fard, 52 muammo, 13 tuyuq, 10 muxammas, 10 chiston, 5 musaddas, 4 tarje’band, 4 mustazod, 1 musamman, 1 tarkibband, 1 qasida, 1 masnaviy, 1 soqiynoma mavjud bo‘lib, Sharq she’riyatining 16 turi namoyondir.

Alisher Navoiyning muhabbat va bu bilan bog‘liq tug‘yonlari, xususan g‘azallari uning yigitlik davrida yozilgan. Bunga uning «Ilk devoni»ga kiritilgan, xalq orasida «Qaro ko‘zum», «Kelmadi» («Munojot») nomlari bilan mashhur bo‘lgan va kuylanadigan g‘azallari yaxshi misol bo‘la oladi. Bu kabi she’rlarida shoir pok va yuksak ishqiy kechinmalarni baland ehtiros va falsafiylik bilan ifodalab bera olgan.

Uning «Topmadim» radifli g‘azali ham shu davrda, aniqrog‘i, Mashhaddan Hirotga qaytib, shaxsiy turmushini izga solish taraddudida yurganda, lekin uning moddiy jihatdan nochor ahvoldaligi tufayli oila qurishi qiyinlashgan, Sulton Abu Said esa uni ta’qib qilgan paytda yozilgan bo‘lib, uning har bayti yurakni tirnaydi. Alisher Navoiyning ishqiy she’rlarini faqat bir sub’ektga qaratilgan, deyish qiyin. U hayotga keng nigoh bilan qarab, barcha go‘zalliklarni nazokatli tuyg‘ularni qadrlagan, noyob so‘z va iboralar bilan qalbdan ifodalay bilgan. Lekin hayot qiyinchiliklari va ziddiyatlari orqasida o‘z orzu-umidlariga yetisha olmagan shoir o‘zining insoniy norozilik tuyg‘ularini olovli she’riy satrlarda bayon etadi.

Alisher Navoiyning ishq bilan bog‘liq tasvirlari rang-barang va boy bo‘lib, biz unda inson hayoti va holatining cheksiz ko‘p qirralarini — shodlikni ham, xafachilikni ham, takrorlanmaydigan lahzalarni ham, har kun, har soatda yuz beruvchi ko‘ngilsizliklarni ham ko‘ramiz. Zotan o‘zbek she’riyatida inson dardi va hasratlarini, o‘z sevgilisiga talpinishlarini Navoiydan o‘tkazib ifodalagan shoirni topish qiyin. Alisher Navoiyning ishqiy mavzuda yozgan she’rlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan yana biri shundaki, ulardagi ko‘p g‘oya va timsollar, tasviriy detallar an’anaviy xarakterga ega. Shu bilan birga ishq va ishqiy obrazlar talqinida ham boshqa mumtoz ijodkorlar kabi Alisher Navoiy ramziylikka ko‘p o‘rin beradi. «Yor» — bu dunyo go‘zaligina emas, uningcha, bu — butun borliqni yaratgan va hamma narsani harakatga keltirib turgan Alloh hamdir. Shoir o‘zining tasavvufiy she’rlarida yorning qoshi, ko‘zi, zulfi, sochi (va h.k.) deganda Allohning kuch-qudrati, mehri, oliy darajadagi go‘zalliklarini ko‘zda tutadi. Alisher Navoiyning barcha lirik janrlarga oid she’rlari yuksak mahorat bilan yozilgan bo‘lib, inson manfaatlariga, uning e’tiqodini mustahkamlashga, ruhini sog‘lomlashtirishga xizmat qiladi. Uning falsafiy, axloqiy mazmundagi hayot nafasi ufurib turgan har bir she’ri bu janrning o‘lmas namunalaridir.

Ulug‘ shoir ijodining shoh asari «Xamsa» 5 dostondan iborat. Bular «Hayrat ul-abror» («Yaxshilar hayrati»), «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab’ayi sayyor» («Etti sayyora»), «Saddi Iskandariy» («Iskandar devori») dostonlaridir. Fors adabiyotidagi xamsachilikka javob sifatida o‘zbek tilida birinchi marotaba yaratilgan Alisher Navoiy «Xamsa»si bu tilning cheksiz imkoniyatlarini amalda isbot etdi. 52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi o‘ziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulg‘angan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan oldi. Ularga yangi mazmun berdi, turkona ruh kiritdi. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini ko‘tarib chiqdi. «Xamsa» zamondoshlariga nihoyatda zo‘r ta’sir ko‘rsatdi. Abdurahmon Jomiy uni hayajon bilan olqishladi. Sulton Husayn esa shoirni o‘zining oq otiga mindirib, jilovdorlik qildi.

«Lison ut-tayr» — Alisher Navoiyning so‘nggi dostoni «Xamsa»dan 14 yil keyin — 1498—99 yilda yaratilgan. Bu asarini shoir «Foniy» taxallusi bilan yozgan. Chunki bu davrda uning hayoti keksalikka yuz o‘girgan, aniqrog‘i, bu dunyosidan ko‘proq u dunyosini o‘ylay boshlagan edi. Mazkur asar bolaligida sevib o‘qigani — Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» («Qushlar tili») dostoniga javob tarzida, shoirning o‘z ta’biri bilan aytganda, «tarjima rasmi bila» yuzaga keltirgan she’riy mo‘jizasi edi. «Lison ut-tayr» aruzning ramali musaddasi maqsur (foilotun — foilotun — foilon) vaznida yozilgan bo‘lib, 3598 baytdan iborat. Dostondagi bosh g‘oya, bosh muammo tasavvufdagi imon, e’tiqod va ma’naviyat masalalaridir. Alisher Navoiyning niyati oddiy insonlarga insoniylikning ilohiy mohiyatini tushuntirib berish, ularni og‘ir sinovlardan o‘tkazib, komil inson darajasida ko‘rish. Shoir asarda qushlar timsolida tasavvuf yo‘liga kirgan va Allohni ko‘rishga, unga yetishishga astoydil kirishgan xudojo‘y insonlarni tasvirlashga intilgan. Hudhud degan qush nomidan so‘ylangan yuzlarcha hikoyalar tasavvufiy mazmunda bo‘lib, ular hammasi hayotiy, biri biridan qiziqarli. Qushlarning rang-barang timsollari orqali Alisher Navoiy o‘zining tasavvuf ta’limoti bilan bog‘liq g‘oyalarini, Allohning hamma narsaning tashqarisida emas, balki ichida, o‘zida ekanini ko‘rsatish va isbotlashga harakat qiladi. Insonning ulug‘vorligini majoziy uslub bilan, ta’sirli qilib, real ijtimoiy, axloqiy hodisalar ila bog‘lab tasvirlagan. Tasavvufning vaxdat ul-vujud nazariyasi ham shu tarzda o‘zining badiiy in’ikosini topgan. Bu bilan Navoiy tasavvuf g‘oyalarini keng kitobxonlar ommasiga badiiy kurkam va jonli yetkazishda oliy darajada san’atkorlik ko‘rsatgan.

Alisher Navoiy butun hayoti davomida o‘zbek tili bilan bir qatorda forsiy tilda ham ijod qilib, barakali meros yaratdi. Uning bu tildagi she’rlari 1490-yillarning o‘rtalarida, Eron olimi Yusuf Sheroziy taxminicha, 1495—1500 yillar orasida muallif tomonidan devon holiga keltirilgan va «Devoni Foniy» nomi bilan mashhur. Mazkur devoni 1963 yilda Tehronda, 1965 yilda Toshkentda, 1993 yilda Dushanbada nashr etilgan. O‘zbek olimi Sulaymonov tavsifi bo‘yicha, «Devoni Foniy»da, «Debocha»dan tashqari, 7 qasida, 554 g‘azal, 1 musaddas, 1 marsiya, 72 qita, 73 ruboiy, 16 tarix, 373 muammo, 9 lug‘z bor. «Devoni Foniy»dagi g‘azallarning aksariyati mashhur fors shoirlari she’rlariga tatabbulardan iborat. Jumladan Jomiyning 52, Hofiz Sheroziyning 237, Xisrav Dehlaviyning 33, Sa’diy Sheroziyning 25, Mavlono Kotibiyning 5, Shohiy Sabzavoriyning 5, Kamol Xo‘jandiyning 4 va boshqa g‘azaliga tatabbu bog‘langan. Alisher Navoiy fors tilida yozgan original g‘azallariga «Muxtara», «Ixtiro» deb sarlavha qo‘ygan bo‘lib, ularning soni 50 dan ortiq.

Alisher Navoiy o‘zining forsiy kasidalaridan alohida to‘plamlar ham tuzgan bo‘lib, ularning biri «Sittai zaruriya» («Olti zarurat»), ikkinchisi «Fusuli arbaa» («To‘rt fasl») deb ataladi. «Sittai zaruriya» to‘plamiga 6 qasida kiritilgan bo‘lib, ularni Xisrav Dehlaviy, Jomiy, Anvariy, Haqoniy, Solmon Sovajiy va boshqa qasidanavislar ta’sirida yaratgan. U davrlarda shoirning she’riy mahorati ko‘p vaqt qasida yozish bilan belgilanganini hisobga olsak, Alisher Navoiyning ham qasidanavislik salohiyati yuqori bo‘lgan. Alisher Navoiyning «Fasuli arbaa» to‘plamiga 4 qasidasi kiritilgan bo‘lib, ulardan «Bahor» 57 baytdan, «Saraton» 71 baytdan, «Xazon» 33 baytdan, «Day» 70 baytdan iborat. Ularda yilning 4 fasli — bahor, yoz, kuz va qish, bu fasllardan har birining o‘ziga xos go‘zalligi zavq bilan tasvirlangan va to‘rttalovi ham zamon podshohi — Sulton Husayn Boyqaroni podshoh va shaxs, yaxshi dust va yaxshi inson sifatida vasf etishga bag‘ishlangan. Umuman, Alisher Navoiy o‘zining forsiy tildagi asarlari bilan zamondoshlarining, birinchi navbatda, Jomiyning yuqori tahsiniga sazovor bo‘lgan va fors-tojik adabiyoti, xususan she’riyati rivojiga munosib hissasini qo‘sha olgan.

Alisher Navoiy shoir bo‘lish bilan birga o‘z davrining ulug‘ olimi, mutafakkiri ham edi. Navoiysiz bu davr fani va madaniyati taraqqiyotini tasavvur etish qiyin. Alisher Navoiy ilmiy tadqiqotlari va izlanishlarining katta qismi, tabiiyki, til va adabiyot masalalari bilan bog‘langan. Shu ma’noda «Majolis un-nafois» tazkirasini yaratish bilan Alisher Navoiy o‘z davri adabiyotiga, uning ijodkorlariga o‘ziga xos haykal o‘rnatdi. Unda o‘zbek va forsiy tillarda ijod qilgan 359 shoirning hayoti va yozgan asarlari haqida noyob ma’lumotlar berilgan, bu ijodkorlarning yutuklari va kamchiliklari, o‘ziga xos xususiyatlari ko‘rsatilgan.

Alisher Navoiyning «Xamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayyid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad» asarlari «Majolis un-nafois»ning davomiday bo‘lib, bu davr adabiyoti, fani va madaniyatining yirik namoyandalari hayotini o‘rganishda eng qimmatli manbalardir. Bu asarlar badiiy-tasavvuf adabiyotining manoqib (yoki manqaba) janriga tegishli bo‘lib, uslubining samimiyligi bilan ajralib turadi.

Alisher Navoiyning katta adabiy va tarixiy ahamiyatga ega «Munshaot» asari uning turkiy tilda o‘z zamondoshlari — podshohlar va shahzodalar, ilm va adabiyot axdlari bilan olib borgan yozishmalari majmuidan iborat, maktub janrining mukammal namunalari sanaladi. Maktublarning miqdori turli qo‘lyozmalarda turlicha, bir-birini to‘ldiradi. Alisher Navoiy o‘zining forsiy maktublarini ham yig‘ib, «Munshaot» tuzgan. Biroq u bizgacha yetib kelmagan.

Alisher Navoiyning eng muhim asarlaridan biri «Vaqfiya» bo‘lib, bir qarashda, shoir va buyuk davlat arbobining o‘zi qurgan imoratlariga vaqfi, ya’ni rasmiy hujjatidek ko‘rinsa ham, aslida unda Sulton Husayn Boyqaro davri davlat tizimi, Alisher Navoiyning bu davlatni boshqarishdagi o‘rni, uning tarjimai holi, ijtimoiy-siyosiy va axloqiy qarashlari katta bilimdonlik va aniqlik bilan yoritilgan. Shuning uchun ham navoiyshunoslikda bu asarga Alisher Navoiy nasrining ajoyib namunasi sifatida qaraladi. Muallif fikrlarining ba’zilarini she’r bilan, xususan ruboiy shaklida bayon qilishi uning qaysi masalaga qo‘l urmasin, o‘zini she’riyatdan hech uzoq turmaganini, doim she’riyat bilan nafas olganini namoyon etadi.

Alisher Navoiyning adabiyot nazariyasiga oid «Mufradot» («Risolai muammo») asari forsiy tilda yozilgan, muammo yozish va yechish qoidalarini ilmiy izohlashga bag‘ishlangan. Navoiy davrida bu she’r turi nihoyatda keng iste’molda bo‘lgan. Aftidan, bu janr nazariyasi va amaliyoti shu davr kitobxonlarining adabiy didi, tarbiyasi bilan ham bog‘langan edi. Alisher Navoiy ba’zan maxsus muammo yechish majlislari tashkil etgan.

Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» («Vaznlar o‘lchovi») va «Muhokamat ul-lug‘atayn» («Ikki til muhokamasi» yoki «Ikki til tadqiqi») asarlari boshqa ilmiy tadqiqotlaridan farqli o‘laroq umumturkiy ahamiyatga ega va boshqa turkiy xalqlarning she’riyati va tillarini o‘rganishga ham xizmat qilib kelmoqda. Alisher Navoiy «Mezon ul-avzon»ni aruzning birinchi tadqiqotchisi Xalil ibn Ahmad, keyingi davr olimlaridan Shams Qays, Xoja Nasriddin Tusiy, zamonaviy tadqiqotchilardan Jomiy tajribalaridan ijodiy istifoda etib yaratgan. Aruz vazni bo‘yicha o‘zbek tilidagi bu birinchi ilmiy qo‘llanmada uning asosiy ruknlari va boshqa unsurlari, 19 bahrining tuzilishi, ruboiy vaznlarini aniq ta’riflab, turkiy she’riy misollar opqali asoslab, izohlab berilgan. Asarda aruz vazniga tushmaydigan she’riy vaznlar — tuyuq, chinga, mustazod, aruzvoriy, budi-budoyi va boshqa turkiy she’riy vaznlarga ham izoh va talqinlar berilgan. Bu asar aruz bo‘yicha bugungi kunda ham o‘z ilmiy qimmati va amaliy ahamiyatini yo‘qotmagan.

«Muhokamat ul-lug‘atayn»da turkiy tilning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi o‘rni, uning grammatik mukammalligi, so‘zlarga boyligi forsiy til qoidalari va hodisalariga qiyoslangan holda chuqur va aniq misollar orqali tahlil etilgan. Alisher Navoiy o‘zining bu tilni, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini, so‘z va iboralarga boyligini shoir sifatida chuqur egallagani uchun, uning boshqa tillardan kamlik joyi yo‘qligini, aksincha, ularga nisbatan o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligini vatanparvar olim sifatida ehtiros bilan ko‘rsatib, isbotlab bergan. Uning muqoyasa uchun keltirgan 100 ta turkiy fe’lining aksari o‘zbek tilida hozirgacha iste’molda. Shu bilan birga «Muhokamat ul-lug‘atayn»da o‘zbek adabiyoti tarixi, uning boshqa adabiyotlar, xususan forsiy adabiyot bilan yaqindan bog‘langanligi, Navoiy ijodining rivojlanish yullari, ayrim asarlarining yuzaga kelishi sabablari haqida ham qimmatli ma’lumotlar bor.

Alisher Navoiy hayotining oxirlarida «Mahbub ul-qulub» nasriy asarini yezdi. Asar 3 qismdan iborat. Uning birinchi qismi 40 fasl. Har bir faslida muallif o‘zi yashagan davrdagi bir tabaqa hayoti, axloqi va vazifalari haqida suhbat yuritadi. U ushbu tabaqa vakillarining yaxshi ishlari haqida ham, ayb va nuqsonlari haqida ham goh halimlik bilan, goh g‘azab-nafrat bilan mulohaza yuritib, ularni insofga chaqirmoqchi, tarbiyalamoqchi bo‘ladi. Asarda Alisher Navoiyning inson axloqiga va tarbiyasiga doir eng noyob pand va nasihatlari xalq maqollari va hikmatli so‘zlari shaklida bayon qilingan. Ko‘p o‘rinda shoir o‘z fikrlarini bayt, qita, masnaviy, ruboiy shaklida ifodalashi asarga rang-baranglilik bag‘ishlagan. «Tarixi muluki Ajam» va «Tarixi anbiyo va hukamo» Alisher Navoiy Sulton Husayn Boyqaro davri ijtimoiy-siyosiy tarixiga bag‘ishlab yozmoqchi bo‘lgan asarining boshlang‘ich bo‘laklaridir.

Alisher Navoiy «Tarixi muluki Ajam»da qadimgi Eron podshohlari, ularning tarixda muhrlanib qolgan ishlari va shaxsiyatlari to‘g‘risida hikoya qiladi. Bundagi ma’lumotlarni Navoiy ko‘proq Abulqosim Firdavsiyning «Shohnoma» dostonidan hamda «Tarixi Tabariy» kitobidan olgan.

Alisher Navoiyning «Tarixi anbiyo va hukamo» asari esa islom dini tarixi bilan bog‘liq rivoyatlar va adabiy asarlarni, xususan bir qator payg‘ambarlar hayotini Buqrot (Gippokrat), Aflotun (Platon), Batlimus (Ptolemey) kabi donishmandlarni bilib olish uchun muhim manbadir. Ayni vaqtda Alisher Navoiyning bu asarlari o‘zbek badiiy nasrining qadimiy va go‘zal namunalaridir.

Alisher Navoiy o‘zidan boy she’riy, nasriy va ilmiy meros qoldirgan bo‘lib, bu merosning hajmi, «Lison ut-tayr» dostonida shoirning o‘zi ta’kidlashicha, 100 ming baytdan iboratdir. Bu boy meros bilan Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotini jahon yuksakligiga ko‘tardi va o‘zbek adabiy tiliga asos soldi. O‘zbek adabiyotida lirik janrlar va dostonchilikning eng yuqori taraqqiyoti Alisher Navoiy nomi bilan bog‘langandir.

Alisher Navoiy asarlari o‘nlab xalqlarning tillariga tarjima bo‘lgan. Macalan, «Majolis un-nafois» 16-asrdayoq fors tiliga Faxriy bin Sulton Muhammad Amiriy, Muhammad Qazviniy va Shohali Abduali Nishopuriy tomonidan 3 marta tarjima qilingan. Alisher Navoiyning boshqa tillarga tarjima qilingan dastlabki badiiy asari «Sab’ai sayyor» bo‘ldi. Xristofor Armaniyning 1557 yilda italyan tilida nashr etilgan «Sarandib shohi uch o‘g‘lonining ziyorati» asarida Alisher Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostonidagi qoliplovchi hikoyasi — «Bahrom va Dilorom» hikoya qilinadi. Bu asar nemis, frantsuz va golland tillariga tarjima qilinib, 11 marta nashr etilgan. Shuningdek, 17-asr Gruzin shoiri Sitsishvili Alisher Navoiyning «Sab’ai sayyor» dostonini erkin tarjima qilib, «Etti go‘zal» dostonini yaratdi. 19-asrning oxiri va 20-asrning boshlarida Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari turk va tatar tillariga tarjima qilindi.

Alisher Navoiy vafot etganidan keyin o‘tgan davr mobaynida uning asarlari forsiy va turkiy xalqlar orasida keng yoyildi. Atoqli tojik shoirlarining ko‘pchiligi, Fuzuliy, Kishvariy, Mirzo Fatali Oxundov, Sobir kabi ozarbayjon yozuvchilari, Ozodiy, Mahtumquli va Zelili kabi turkman shoirlari, qozoq yozuvchisi Abay Qo‘nonboyev, qoralpoq sohibqalamlari Berdaq, Ajiniyoz, tatar shoirlari Abdulla To‘qay, Hayum Nosiriy va boshqa Alisher Navoiyga yuksak baho berib, asarlaridan ta’lim oldilar, ayrim asarlariga nazira bitdilar.

Alisher Navoiy ijodiyotiga qiziqish, uni o‘rganish Yevropa va Rossiyada ham hiyla katta tarixga ega. Frantsuz sharqshunosi Katrmer 1841 yilda bosilgan xrestomatiyasida Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» va «Tarixi muluki Ajam»ini e’lon qilgan, I.N. Berezin «Turk xrestomatiyasi»da uning bir necha asarlaridan parchalar bergan. M. Nikitskiy 1856 yilda birinchi manbalar asosida «Amir Nizomiddin Alisher. Uning davlat va adabiyot sohasidagi ahamiyati» mavzuida magistrlik dissertatsiyasini yozadi. Shu bilan birga, N.I. Il’minskiy, V.V. Velyaminov-Zernov, V.V. Bartold, Ye.E. Bertels, S.N. Ivanov, N.I. Konrad, M. Belen, Pave de Kurteyl, E. Braun va boshqa sharqshunoslar Alisher Navoiyning faoliyati va merosi bilan shug‘ullandilar.

Turkistonda 20-asr boshidan boshlangan, tashabbuskori jadidlar bo‘lgan ma’rifiy uyg‘onish Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatini o‘rganishda ham o‘z ifodasini topdi. 1919 yilda Toshkentda Fitrat nashrga tayyorlagan «Insoniyat haqinda Navoiyning fikri» nomli risola bosilib chiqdi. Bu kitobcha Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonining «Salotin bobida» («Sultonlar haqida») degan qismidan parcha edi. Shundan so‘ng Alisher Navoiy ijodini o‘rganish va ommalashtirish keng tus oldi. Adabiyotshunoslik fanining navoiyshunoslik sohasi yuzaga keldi. Bu sohada olimlar va adiblardan Oybek, O. Sharafiddinov, S. Ayniy, V. Zohidov, Izzat Sulton, A. Qayumov, P. Shamsiyev, H. Sulaymonov, N. Mamayev, S. G‘aniyeva, A. Hayitmetov, A. Abdug‘afurov, A. Rustamov va boshqa salmoqli ishlar qildilar, Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha o‘nlab nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari yozildi. Yozuvchi Oybek «Navoiy» romanini, Izzat Sulton «Navoiyning qalb daftari» hujjatli qissasini, L. Bat «Hayot bo‘stoni» qissasini, Mirkarim Osim hikoyalar turkumini yaratdi. Ayniqsa, keyingi 50 yil navoiyshunoslikda sermahsul yillar bo‘ldi. Alisher Navoiy asarlarining mamlakatimiz kitob fondlari va chet ellardagi kutubxonalarda saqlanayotgan deyarli barcha nodir nusxalari o‘rganildi.

Alisher Navoiyning ko‘pgina asarlarining ilmiy tanqidiy matni ishlab chiqildi. «Devoni Foniy» va boshqa asarlarining nodir nusxalari topilib, nashr etildi. 20-asrda Alisher Navoiyning chinakam sahnaviy hayoti boshlandi. Izzat Sulton va Uyg‘un «Alisher Navoiy» dramasini (1945, 1948), I. Mahsumov bastakorlar Yu. Rajabiy va S. Jalil bilan hamkorlikda «Navoiy Astrobodda» musiqali dramasini (1967) yozdilar. Alisher Navoiy obrazi kinoekranda ham mujassamlashdi. Alisher Navoiy dostonlari asosida yaratilgan «Farhod va Shirin» musiqali dramasi (1937), «Layli va Majnun» operasi (1942), «Suhayl va Mehri» baleti (1967), «Dilorom» operasi (1958), «Iskandar» dramasi (1991) teatr san’atining eng yaxshi asarlaridan bo‘lib qoldi.

Biroq qariyb bir yarim asr davom etgan mustamlakachilik davrida, ayniqsa sho‘ro tuzumi davrida madaniy merosimizni xalqimizga yot mafkura qolipiga solib talqin qilishga urinishlar bo‘ldi. Bu hodisa Alisher Navoiy ijodiga munosabatda ham o‘z ifodasini topdi. Uni yo‘qsillarning do‘sti, mulkdorlarning muxolifi qilib ta’riflashga intilishdi. Jahon adabiyotining durdonasi bo‘lgan asarlaridagi (masalan, «Hayrat ul-abror» dostonidagi) ajoyib boblar qisqartirib nashr etildi. Alisher Navoiy ning hayoti va ijodi Allohga imon keltirgan, Qur’oni karimdagi har bir oyatni muqaddas deb bilgan, naqshbandiya tariqatini qabul qilgan adib va mutafakkirning hayoti va ijodidir. Uning ijodi mohiyatini anglab yetmoq uchun din tarixini yaxshi bilgan, Qur’oni karimni o‘qib, ma’nosini anglab yetgan kishi bo‘lish kerak. Sho‘ro tuzumida esa diniy ilmlarni targ‘ib qilish ta’qiqlandi. Shu bois, garchi navoiyshunos olimlar shoir ijodini targ‘ib qilish bo‘yicha ancha ishlar qilgan bo‘lsalar ham, Alisher Navoiy ijodi ko‘pchilik kitobxonlar uchun tushunarsiz bo‘lib qoldi. Mustaqillik bizga barcha qadriyatlarimiz qatori Alisher Navoiy merosini o‘rganishning keng ufqlarini ochdi. Endilikda uning ijodini aslicha, mohiyatini tushunib o‘rganish imkoniyati yuzaga keldi.

1991 yilda Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi tantanali nishonlandi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i barpo etildi va bu bog‘ o‘rtasida shoirning salobatli haykali qad ko‘tardi. Shoirning 20 jildli mukammal asarlar to‘plami nashr etildi. Mamlakatimizda Alisher Navoiy xotirasi yuksak darajada e’zozlanadi. Bir viloyat, shahar, oliy o‘quv yurti (Samarqand davlat universiteti), Toshkentdagi Davlat kutubxonasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti, Adabiyot muzeyi, Toshkentdagi Katta akademik opera va balet teatri, San’at saroyi, Toshkentdagi metro bekati, o‘nlab ko‘chalar va jamoa xo‘jaliklari uning nomi bilan atalgan. Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlab haykaltaroshlar, rassomlar va bastakorlar asarlar yaratishgan. Har yili Alisher Navoiy tug‘ilgan kun – 9 fevralda ilmiy-an’naviy konferentsiya o‘tkazilib, Alisher Navoiy merosini o‘rganish sohasida qilingan yillik ishlarga yakun yasaladi.

Abduqodir Hayitmetov

ARO KO‘ZUM

Qaro ko‘zum, kelu mardumlug‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il.

Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.

Takovaringg‘a bag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.

Firoq tog‘ida topilsa tufrog‘im, ey charx,
Xamir etib yana ul tog‘da ko‘hkan qilg‘il.

Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,
Sochingni boshdin-ayog‘ chin ila shikan qilg‘il.

Xazon sipohiga, ey bog‘bon, emas mone’
Bu bog‘ tomida gar ignadin tikan qilg‘il.

Yuzida terni ko‘rub o‘lsam, ey rafiq, meni
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg‘il.

Navoiy, anjumani shavq jon aro tuzsang,
Aning boshog‘lig‘ o‘qin sham’i anjuman qilg‘il.

ORAZIN YoPQACh KO‘ZIMDIN…

Orazin yopqach ko‘zumdin sochilur har lahza yosh,
O‘ylakim paydo bo‘lur yulduz, nihon bo‘lg‘ach quyosh.

Qut bir bodomu yerim go‘shan mehrob edi,
G‘orati din etti nogah bir baloliq ko‘zu qosh.

Bu damodam ohim ifsho aylar ul oy ishqini,
Subhnung bot-bot dami andog‘ki aylar mehr fosh.

Bo‘sae qilmas muruvvat, asru qattiqdur labing,
Desam og‘zi ichra aytur la’l ham bor nav’ tosh.

Novaking ko‘nglimga kirgach jon talashmoq bu ekin,
Kim qilur paykonini ko‘nglum bila jonim talosh.

Umri jovid istasang fard o‘lki, bo‘ston Xizridur,
Sarvkim da’b ayladi ozodaliq birla maosh.

Qoshi ollinda Navoiy bersa jon, ayb etmangiz,
Gar budur mehrob, bir-bir qo‘ygusidir barcha bosh.

O‘N SAKKIZ YoSh HAYRATLARI

O‘n sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim o‘n sakkiz yoshindadur.

Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakkiz yil husni bor,
O‘n sakkiz yoshina muncha fitnakim boshinadur.

O‘n sakkiz yil dema, yuz sakson yil o‘lsa, uldurur,
Husn shohi, ul balolarkim, ko‘zu qoshinadur.

Hayrat etmon husni naqshidaki, har hayratki, bor,
Barchasi ezid taolo sun`i naqqoshinadur.

Tan anga siymu ichina tosh muzmar ko‘nglidin,
Aqlg‘a yuz hayrat, ul oyning ichu toshinadur.

May ketur, ey mug‘ki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul ajablarkim, bu eski dayr xuffoshindadur.

To Navoiy to‘kti ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang, quyosh aksi aning yoshindadur.

MUBTALO BO‘LDIM SANGA

Ko‘rgali husnungni zoru mubtalo bo‘ldum sanga,
Ne balolig‘ kun edikim, oshno bo‘ldum sanga.

Har necha dedimki kun-kundin uzay sendin ko‘ngul,
Vahki, kun-kundin batarrak mubtalo bo‘ldum sanga.

Men qachon dedim: “Vafo qilg‘il manga” zulm aylading,
Sen qachon deding: “Fido bo‘lg‘il manga” bo‘ldim sanga.

Qay pari paykarga dersen telba bo‘ldung bu sifat,
Ey pari paykar, ne qilsang qil manga, bo‘ldum sanga.

Ey ko‘ngul, tarki nasihat aylading ovora bo‘l,
Yuz balo yetmaski, men ham bir balo bo‘ldum sanga.

Jomi Jam birla Xizr suyi nasibimdur mudom,
Soqiyo, to tarki joh aylab gado bo‘ldum sanga.

G‘ussa changidin navoe topmadim ushshoq aro,
To Navoiydek asiru benavo bo‘ldum sanga.

LABLARINGKIM HAYF ERUR…

Lablaringkim hayf erur teng tutmoq oni qand ila,
Sindirur yuz qand bozorini shakkar xand ila.

Toki hayronmen senga nomus ila itmish ko‘ngul,
Telba yanglig‘kim, qochar el g‘ofil o‘lg‘ach band ila.

Odam ul soatki jannat ichra avlodin ko‘rar,
Ne quvong‘ay dam-badam sen nozanin farzand ila.

Qo‘y nasihat, zohido, o‘tlug‘ damimdin vahm qil,
Telba it imkoni yo‘qturkim, sog‘alg‘ay pand ila.

Hojatingni elga arz etmakka hojat bo‘lmasun,
Xush chiqishsang lahzani bu zori hojatmand ila.

Lablaring hajrinda yur parkandkim bo‘lmish ko‘ngul,
La’l erur mahlul qon o‘rnig‘a har parkand ila.

Chun Navoiy ko‘ngli sindi, emdi lutfing ne asig‘?
Kim ushatsa shishani bitmas yana payvand ila.

OShIQ O‘LDUM

Oshiq o‘ldum, bilmadim yor o‘zgalarga yor emish,
Olloh-olloh, ishq aro mundoq balolar bor emish.

Qaddig‘a el mayli bo‘lg‘ondin ko‘ngul ozurdadur,
Ul alifdin zorlarning hosili ozor emish.

Elga novak urdi, men o‘ldim erur bu turfakim,
Jonim etgan resh el bag‘rig‘a kirgan xor emish.

Rishtakim, muhlik yaram og‘zig‘a tiktim angladim,
Kim kafan jinsi qirog‘idin suvurgan tor emish.

Ko‘yi devoridin og‘riq tang‘a tushgan soyadek,
Sel g‘amidin emdi soya o‘rnig‘a dildor emish.

Jong‘a taxvif ayladim tig‘i halokidin aning,
Bilmadim bu ishdin ul o‘lguncha minnatdor emish.

Ey Navoiy, xo‘blarni ko‘rma osonlig‘ bilan,
Kim biravkim soldi ko‘z, uzmak ko‘ngul dushvor emish.

ISTADIM

Qon yutub umri jahon ahlida bir yor istadim,
Lekin ul kamrak topildi, garchi bisyor istadim.

Kimga kim jonim fido aylab sog‘indim dam-badam,
Ermas erdi yorliqda chun vafodor istadim.

Bilmadim olam elida yo‘qturur mutlaq vafo,
Vahki, umri ulcha yo‘qtur sog‘inib yor istadim.

Ulki, topilmas bashar jinsida vah g‘aflat ko‘rung,
Kim pari xaylida men devonai zor istadim.

Sirri ishqimni ko‘ngul ko‘z birla fosh etmak ne tong,
Qalbu tardomanni men chun sohib asror istadim.

Shayx birla xonaqahdin chun yorug‘luq topmadim,
Dayr piri xizmatig‘a ko‘yi xammor istadim.

Ey Navoiy, chun rafiqi topmadim, bu g‘ussadin,
O‘zni bekaslik balosig‘a giriftor istadim.

MENI MEN ISTAGAN KIShI…

Meni men istagan o‘z suhbatiga arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin ko‘nglum pisand etmas.

Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,
Chu ulkim bahrai andin tilarmen bahramand etmas.

Netay huru pari bazminki, qatlim yo hayotimg‘a,
Ayon ul zahr chashm aylab nihon, bu no‘shxand etmas.

Kerakmas oy ila kun shaklikim, husnu malohatdin,
Ichim ul chok-chok etmas, tanim ul band-band etmas.

Kerak o‘z chobuki majnunvashi qotil shiorimkim,
Buzug‘ ko‘nglumdin o‘zga yerga javloni samand etmas.

Ko‘ngul uz charx zolidin, firibin yemakim, oxir
Ajal sarrishtasidin o‘zga bo‘ynungg‘a kamand etmas.

Ul oy o‘tlug‘ yuzin ochsa, Navoiy tegmasun deb ko‘z,
Muhabbat tuxmidin o‘zga ul o‘t uzra sipand etmas.

KEChA KELGUMDIR DEBON…

Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

Lahza-lahza chiqtimu chektim yo‘lida intizor,
Keldi jon og‘zimg‘avu ul sho‘xi badxo‘ kelmadi.

Orazidek oydin erkanda gar etti ehtiyot,
Ro‘zgorimdek ham o‘lg‘onda qorong‘u kelmadi.

Ul parivash hajridinkim yig‘ladim devonavor,
Kimsa bormukim anga ko‘rganda kulgu kelmadi.

Ko‘zlarindin necha suv kelgay deb o‘lturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan bu kecha suv kelmadi.

Tolibi sodiq topilmas, yo‘qsakim qo‘ydi qadam,
Yo‘lg‘akim avval qadam ma’shuqa o‘tro‘ kelmadi.

Ey Navoiy, boda birla xurram et ko‘nglung uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg‘u kelmadi.

JONG‘A ChUN DERMEN

Jong‘a chun dermen: «Ne erdi o‘lmakim kayfiyati?»
Derki: «Bois bo‘ldi jism ichra marazning shiddati».

Jismdin so‘rsamki: «Bu za’fingg‘a ne erdi sabab?»
Der: «Anga bo‘ldi sabab o‘tluq bag‘irning hirqati».

Chun bag‘irdin so‘rdum, aytur: «Andin o‘t tushti manga
Kim, ko‘ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati».

Ko‘ngluma qilsam g‘azab, ayturki: «Ko‘zdindur gunah,
Ko‘rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati».

Ko‘zga chun dermenki: «Ey, tardomani yuzi qaro,
Sendin o‘lmish telba ko‘nglumning baloyu vahshati».

Yig‘lab aytur ko‘zki: «Yo‘q erdi manga ham ixtiyor
Ki, ko‘rundi nogahon ul sho‘xi mahvash tal’ati».

Ey Navoiy, barcha o‘z uzrin dedi, o‘lguncha kuy
Kim, sanga ishq o‘ti-o‘q ermish azalning qismati.

XIL’ATIN TO AYLAMISh…

Xil’atin to aylamish jonon qizil, sorig‘, yashil,
Shu’layi ohim chiqar har yon qizil, sorig‘, yashil.

Gulshan ettim ishq sahrosin samumi ohdin
Kim, esar ul dasht aro har yon qizil, sorig‘, yashil.

Shishadek ko‘nglumdadur gulzori husnung yodidin,
Tobdonning aksidek alvon qizil, sorig‘, yashil.

Orazu xoling bila xatting xayolidin erur
Ko‘zlarimning ollida davron qizil, sorig‘, yashil.

La’lgun may tutqil oltun jom birla sabzada
Kim, bulardin yaxshi yo‘q imkon qizil, sorig‘, yashil.

Faqr aro berangliq dushvor erur behad, valek
Xirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil.

Ey Navoiy, oltinu shingarfu zangor istama,
Bo‘ldi naming rangidin devon qizil, sorig‘, yashil.

ISTANGIZ

Istaganlar, bizni sahroi baloda istangiz,
Vodiyi hijron ila dashti fanoda istangiz.

Vomiqu, Farhodu Majnundeklar ul vodiy aro
Bo‘lsalar paydo, meni ham ul aroda istangiz.

Yuz alarning ishqicha dardu, balou g‘ussag‘a
Tolib el boshig‘a kelgan mojaroda istangiz.

Eyki, istarsiz savodul vajh fiddorayidin,
Boxabar bo‘lmoq meni yuzi qaroda istangiz.

Ko‘nglim ul zulf ichradur, zinhor ishqim sharhini
Istamang men telbada, ul mubtaloda istangiz.

Nuqta yanglig‘kim, vafo uzra qilur kotib raqam,
Ishq o‘tining dog‘ini ahli vafoda istangiz.

Og‘zi shavqidin Navoiy itti, oni istar el,
Yo adam dashtida, yo mulki fanoda istangiz.

KELGAY

Ne kun o‘lg‘ayki, nigorim kelgay,
Bog‘i umrumda bahorim kelgay.

Umr bog‘ida bahor uldurkim,
Sarvqad lolauzorim kelgay.

Il gado jonig‘a o‘t tushkaykim,
Olg‘ali sham’i mazorim kelgay.

Ko‘yida itti ko‘ngul, vah, qachon ul
Masti devonashiorim kelgay.

Qani maykim, chu ichib mast o‘lsam,
Ko‘kka tuz boqqali orim kelgay.

Ey Navoiy, tilamon huru pari,
Shoyad ul bazmda yorim kelgay.

Ruboiylar

KO‘Z BIRLA QOShING YaXShI

Ko‘z birla qoshing yaxshi, qabog‘ing yaxshi,
Yuz birla so‘zing yaxshi, dudog‘ing yaxshi.
Eng birla menging yaxshi, saqoqing yaxshi,
Bir-bir ne deyin boshtin-ayog‘ing yaxshi.

GAR OShIQ ESANG

Gar oshiq esang mehru vafo qilma havas,
Dard istayu daf’ig‘a davo qilma havas.
Hijronu visol mutlaqo qilma havas,
Dildoringdan g‘ayri rizo qilma havas.

ZOHID SENGA…

Zohid, senga – hur, manga – jonona kerak,
Jannat – sanga bo‘lsun, manga – mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha bo‘lsa to‘la, yona kerak.

UMRI AZIZ

Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortuq bo‘lmas,
Ondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz.

XUShLUQ

Kim ko‘rdi ekin jahonda oyo xushluq,
To bir kishi aylagay tamanno xushluq.
Yuz yilda agar bir o‘lsa paydo xushluq,
Omodadur yonida yuz noxushluq.

JONIMDAGI “JIM”

Jonimdagi “jim” ikki dolingg‘a fido,
Andin so‘ng “alif” toza niholingg‘a fido,
“Nun”i dog‘i anbarin hilolingg‘a fido,
Qolg‘on iki nuqta ikki xolingg‘a fido.

O‘PAY

Dedim: Zaqaning tutub saqog‘ingni o‘pay,
Ko‘z-qoshingga surtubon qabog‘ingni o‘pay,
Guldek yuzing islabon dudog‘ingni o‘pay,
Yo‘q, yo‘q, yo‘q, agar desang, ayog‘ingni o‘pay.

Tuyuqlar

Yo LABMUDUR

Yo rab,ul shahdu shakar yo labdurur,
Yo magar shahdu shakar yo labdurur.
Jonima payvasta novak otqali,
G‘amza o‘qin qoshiga yolabdurur.

BORMOG‘IN

Necha dedim ul sanamg‘a: Bormog‘in!
Qilmadi ul tark oxir bormog‘in;
Munchakim xudroyliq ko‘rguzdi ul,
Aql hayrat qildi tishlab barmog‘in.

OLMANGIZ

Pardani ruxsorasidan olmangiz,
Hohaq o‘lturdi meni shul olmangiz;
Gar anoristong‘a sunsa ilgini,
Aytur: – Ul tursun,amonat,olmangiz!

YoQILUR

La’lidin jonimg‘a o‘tlar yoqilur,
Qoshi qaddimni jafodin yo qilur;
Men vafosi,va’dasidin shodmen,
Ul vafo, bilmanki, qilmas, yo qilur.

OLMANI OTTI NIGORIM

Olmani otti nigorim, “ol”,-dedi
“Olma birla bu ko‘ngilni ol”,-dedi
So‘rsam ersa olamsini rangini
“Olma rangin ne so‘rursan, ol”,-dedi

FARHOD VA XISRAV AYTIShUVI

Dedi: qaydinsen ey majnuni gumrah?
Dedi: majnun vatandin qayda ogah.

Dedi: nedur senga olamda pesha?
Dedi: ishq ichra majnunliq hamisha.

Dedi: bu ishdan o‘lmas kasb ro‘zi,
Dedi: kasb o‘lsa basdur ish so‘zi.

Dedikim: ishq o‘tidin de fasona!
Dedi: kuymay kishi topmas nishona.

Dedikim: kuymakingni ayla ma’lum!
Dedi: andin erur joh ahli mahrum!

Dedi: qay chog‘din o‘ldung ishq aro mast?
Dedi: ruh ermas erdi tang‘a payvast.

Dedi: bu ishqdin inkor qilg‘il!
Dedi: bu so‘zdin istig‘for qilg‘il!

Dedi: oshiqqa ne ish ko‘p qilar zo‘r?
Dedi: furqat tuni ishqi balosho‘r.

Dedi: ishq ahlining nedur hayoti?
Dedi: vasl ichra jonon iltifoti.

Dedikim: Dilbaringning de sifotin!
Dedi: til g‘ayratidin tutmon otin!

Dedikim: ishqig‘a ko‘nglung o‘rundur?
Dedi: ko‘nglumda jondek yoshirundur.

Dedi: vaslig‘a borsen orzumand?
Dedi: bormen xayoli birla hursand.

Dedi: no‘shi labidin topqay el bahr?
Dedi: ul no‘shdin el qismidur zahr.

Dedi: joningni olsa la’li yodi?
Dedikim: ushbudur jonim murodi.

Dedi: ko‘ksungni gar chok etsa bebok?!
Dedi: ko‘nglum tutay ham ayla deb chok.

Dedi: ko‘nglung fido qilsa jafosi?
Dedi: jonimni ham aylay fidosi.

Dedikim: ishqdin yo‘q juz ziyon bud.
Dedi: bu kelsa savdo ahlig‘a sud.

Dedi: bu ishq tarki yaxshiroqdur!
Dedi: bu sheva oshiqdin yiroqdur!

Dedi: ol ganju qo‘y mehrin nihoniy,
Dedi: tufroqqa bermon kimyoni!

Dedi: joningg‘a hijron kinakashdur,
Dedi: chun bor vasl ummidi xushdur.

Dedikim: shahg‘a bo‘lsa shirkat andesh!
Dedi: ishq ichra tengdur shohu darvesh!

Dedi: joningg‘a bu ishdin alam bor,
Dedi: ishq ichra jondin kimga g‘am bor?!

Dedi: kishvar beray, kech bu xavasdin!
Dedi: bechora, kech bu multamasdin!

Dedi: ishq ichra qatling hukmi etkkum!
Dedi: ishqida maqsudimg‘a yetkum.

Dedi: bu ishda yo‘q sendin yiroq qatl,
Dedi: bu so‘zlaringdin yaxshiroq qatl.