Zulfiya Qurolboy qizi. Yomg‘irli yo‘lka (hikoya)

Bozorda ortiq o‘tirgisi kelmadi.
Erga to‘shalgan sholcha ustiga yoyilgan narsalarini yig‘ishtirdi-da, sumkasini yelkasiga ortmoqlagancha uyiga piyoda yo‘l oldi.
Ming ko‘zli bozor ortda qoldi. Qappaygan qorinlar, chaqchaygan nigohlar shovqini va chirigan piyozlarning hidi ham.
Ufqdan ko‘tarilgan bulut shahar osmonini qoplay boshladi.
Havodan yomg‘ir hidi anqidi.
Kech tushib qolgan, ko‘ngli g‘ash, oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmayotgan edi, birorta ulovga chiqsa bo‘lardi, bugun har qalay hamyonida pul bor, lekin u yo‘l yurishni istadi.
Yo‘l katta va ikki tomonlama edi, turfa xil avtoulovlar – “yirtqich qushlar” vahshiylarcha chinqirib u yoqdan-bu yoqqa g‘izillardi.
Ayol yo‘lkaga o‘tdi.
Yo‘lka ingichka, uzun, yelkasidagi sumkasi esa og‘ir edi.
Ayol katta yo‘ldan o‘tayotgan ulovlarga umid bilan tikildi. Ular orasida o‘ziga tanish ulovni ko‘rishni istadi. “U”ning mashinasi ko‘m-ko‘k, yo‘q, baqlajon rangida edi, deb o‘yladi, ammo barcha berahm qushlar ayolning intizorligiga parvo qilmay, shiddat bilan olg‘a intilardi.
Intizorlik ko‘ngil g‘ashligiga g‘ashlik qo‘shdi, ayolning qayg‘usi quyuqlashdi. Hech narsani o‘ylamaslikka urindi. Ammo yelkasidan tushishni istamayotgan sumka unga dam-badam bozorni, bugungi ko‘ngilsizlikni esga solardi.
Bugun… rostini aytsa, bozorda yap-yangi doshqozonini o‘g‘irlatib qo‘ydi.
Bu qanday yuz berdi? Hatto sezmay qoldi.
Bilganidan keyin yuragi shuvillab ketdi. O‘zini bo‘shanglikda aybladi. Axir doshqozon jimitday narsa emas-ku bebiliska qo‘ltiqqa qisib ketaveradigan.
“Siz boya savdolashib turganingizda o‘zimiznikilar urib ketdi-yov doshqozo­ningizni”, dedi yonidagi dugonasi.
“Ko‘rgan bo‘lsangiz asta turtib qo‘ymabsiz-da”, dedi xafa bo‘lib. Dugona shugina gapga ham tutab ketdi: “Voy, men atay qipmanmi?! Ko‘rib turib, aytmadingiz, deyapsizmi?! Menam savdolashayotgandim axir!”
Indamadi. Mojaroni davom ettirishdan foyda yo‘q.
Bu yer bozor. Eski-tuskilar sotilsa-da, baribir bozor. Bozorda esa… narsa tirik jon maqomiga ko‘tariladi. Aksincha bo‘lganida, bitta doshqozon uchun shunchalik kuyinarmidi?..
Aslida o‘g‘irlik birinchi marta yuz berayotgani yo‘q. Avvallari ham tez-tez biror narsasini o‘g‘irlatib qo‘yardi. Lekin ular mayda-chuyda narsalar edi. Doshqozon esa… hali yap-yangi edi-da. Ja nari borsa ikki marta ishlatilgandir. Uni qarovsiz qolgan qo‘shni kampirdan arzon-garovga sotib olib, anchadan buyon asrab kelayotgandi-da durustroq pullayman deb.
Dugonasi: “Shodi pattachiga aytsak, doshqozoningizni topib beradi, u kim olganini juda yaxshi biladi!” dedi bir mahal.
Javob bermadi. Shunda dugonasi: “Doshqozoningizni topishni istaysizmi o‘zi? Yoki ikki qo‘lingizni burningizga tiqib ketaverasizmi?!” dedi achitib. Yig‘lagisi keldi. Lekin yig‘lamadi.
“Topishni istayman, axir uni tuzukroq pulga sotmoqchiydim. Lekin yana Shodi pattachiga ro‘para bo‘lishga yuzim chidamayapti”, dedi.
Dugonasi pinak buzmay javob berdi: “Bu yer bozor. Bozorda hamma narsa yuz berishi mumkin!”
Dugonasi haq ekanligiga ancha kech iqror bo‘ldi, chindan ham bu yer bozor edi.
Lekin bozor ekan deb har qanday yuzsizlikka borish… yoki borib… bo‘ladimi? Axir dunyoda nimalar yuz bermoqda?
Shunga qaramay, tushdan keyin Shodi pattachiga uchrashdi. U arzini jim turib eshitdi. Keyin…
“Qachon qarasam, narsalaringizni o‘g‘irlatib, ko‘zyoshingizni selday oqizib yurasiz! Undan ko‘ra erga teging. Ro‘zg‘or tashvishidan qutulasiz-qo‘yasiz! Erli xotinmisiz o‘zi, yo… Odam… sizga bir nima deyishgayam ikkilanadi!”

Shodi pattachi o‘zi g‘alati odam.
Gohida patta pulini vaqtida to‘lay olishmasa, tepalarida turvolib shunaqa sayraydiki, gaplaridan ilon po‘st tashlaydi: “Senlar juda aqlli bo‘lib ketgansanlar. Shodi pattachini nima deb aldashni yaxshi bilib olgansanlar. Agar xotinim senlarga o‘xshaganida, allaqachon ketiga bir tepib, haydavorgan bo‘lardim!” Ammo sotuvchi ayollar baribir patta pulini vaqtida to‘lashmaydi.
Bozorda shunaqa irim bor. Sotuvchilar savdolari yurishib, hamyonlari qappaymaguncha birovga bir so‘m berishmaydi! Baraka uchadi, deb o‘ylashadi. “Erta kechqurun ham to‘lamasangiz, bu yerdan qorangizni o‘chiraman!” deb do‘q ura-ura Shodi pattachi nari ketadi oxiri. Ertasiga albatta patta pulini undiradi. Undirmasa qo‘ymaydi ham. Uyiga qidirib borib bo‘lsayam oladi pulini! Chunki bozorchilarning deyarli hammasini yaxshi taniydi, uy manziligacha biladi. Lekin kerak vaqtida yaxshilik qilib ham qo‘yadi, ya’ni dugonasi aytganiday: “…u kim olganini juda yaxshi biladi!”
Biroq bugun haddidan oshib ketdi!..
Ayolning asablari qaqshadi.
Shu vaqtgacha turish-turmushi haqida bozordagi eng yaqin dugonalariga ham gapirmasdi, o‘zini erlik ayolday ko‘rsatardi, ammo odamlar baribir bilisharkan-da… Ayol o‘zini yozg‘irdi: qanchalik ehtiyotkor bo‘lmasin, allaqanday pattachidan sharmsiz gaplarni eshitgani uchun… sumkasi bilan uning basharasiga tushirmagani uchun…
Og‘ir yuk zalvoridan yelkasi bukchaygan ayol yurishdan to‘xtadi. Avtoulovlar karvoniga tikildi.

To‘rt oy oldin xuddi shu yerda…
O‘sha kuni savdo bo‘lmaganidan yo‘lkiraga pul topolmagan ayol yerga qaragancha g‘ira-shirada poyi piyoda uyiga qaytayotgan edi.
Avval yo‘lga uzun bir nur ustuni tushdi, keyin keskin berilgan tormoz. Yo‘lovchi mashinadir-da, degan xayolda e’tibor bermadi.
Nur ustuni g‘oyib bo‘ldi, baland bo‘yli, kelishgan erkak yo‘lini to‘sdi.
U. Juvonning eri.
– Bozorga chiqib nima qilardingiz? – dedi u juvonga yaqin kelib. – Shunchalik qiynalib qolgan ekansiz, qo‘ng‘iroq qilmaysizmi?!
Indamadi. Nazarida eri uning sabr-toqatini sinab ko‘rayotganday…
– O‘zingizni arzonga sotib qo‘yibsiz!
Bu gap ayolning jon-jonidan o‘tib ketdi, ammo yana sir bermasdan vazmin ohangda:
– Yordamga muhtoj emasman, – dedi.
Ayolning bu holati – qahraton sovuqda muz ustida yalangoyoq turgancha “Sovqotmayapman, shunchaki qaltirayapman”, deyayotgan kishining ahvolini eslatardi.
– Eh! – eri jahl bilan chetga qaradi.
Eri azaldan bozorchi ayollarni yoqtirmasdi, ulardan nafratlanardi. “Kuchsiz, kelajagidan umidi yo‘q ayolgina o‘zini bozorga uradi,” derdi. “Yolg‘onchi tovlamachilar!” derdi yana.
Ehtimol u haqdir. Bozorda tirikchilik o‘tkazayotgan momohavvo qizlarining yolg‘on gapirishlari rost gap. Ko‘pincha arzimaydigan narsalarni ham maqtab-maqtab, durustgina pullab yuborishadi. Ammo haqiqat mubham bo‘lsa, odamzod allaqachon jannatdan quvilgan bo‘lsa, u nima ham deya olardi?! Qolaversa, juvonning nazdida… ayol, umuman, odam alohida, shaxs holida nafratga loyiqdir, – lekin bozorda bitta u emas, son mingta ayol-erkak o‘ralashib yuribdi, – shunday ekan, shuncha odamdan nafratlanib bo‘ladimi?!
– Kechqurun pul yuboraman, – dedi eri.
– Menga pul kerakmas, – dedi-yu, jim bo‘lib qoldi.
Ayol eridan qachon orani ochiq qilamiz deb so‘ramoqchi edi. Ammo so‘ray olmadi, jur’ati yetmadi, Xudo ko‘rsatmasin, u: “Mayli, roziman, qachon ajrashamiz desang, men tayyorman!” deb yuborishidan qo‘rqdi.
Eri unga qattiq tikilib turdi-da, so‘ng mashinaga o‘tirib jo‘nab ketdi.
Shu kuni ayol yarim tungacha eridan pul kutdi. To‘g‘risi, eri yuborgan pulni olmasdi, qaytarib yuborardi, u shunchaki… eri uni uchratganini, nimadir va’da qilganini eslaydimi-yo‘qmi, shuni bilmoqchiydi, xolos. Ammo pul o‘sha kuni ham, ertasiga ham kelmadi. Pulning oyog‘i sinib qolgan shekilli. Yoki kimdir urib sindirgan!
Ayol xo‘rsindi. Og‘ir sumka yana o‘z joyini egalladi.
Ayol yo‘lida davom etdi.
Eri badavlat oiladan, tarbiyali, og‘ir-bosiq yigit edi. U esa bo‘lajak bastakor. Ikki oylik tanishuvdan so‘ng to‘ylari bo‘ldi. Hammasi bunchalik tez ro‘y berganiga hayron edi. Keyin bilsa… bankir ota shart qo‘ygan ekan: “Agar bu yil ham uylanmasang, kelinni o‘zim topaman!” Eri bankir otasini yaxshi ko‘rar, u kishi chizgan chiziqdan chiqmasdi. To‘ydan keyin bildi, eri shu qadar to‘ng, dimog‘dor ediki, hech qanday tuyg‘u uning yuragini junbishga keltira olmaydigandek. Miyasi faqat bankdagi raqamlar bilan to‘la bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi yangi kelinchak.
Ayol zoti uchun oila qurish baxt bo‘lsa, ochig‘i, bunday baxtga uning ko‘nikishi oson kechmadi. Go‘yo hashamatli xonadonga adashib uchib kirib qolgan kapalakday his qilardi o‘zini.
Aftidan, eri uni noshukr deb o‘ylasa kerak, keyingi vaqtlarda bir gapni tez-tez takrorlaydigan bo‘lib qolgandi: “Siz mening rafiqamsiz, lekin o‘zingizning musiqachi ekanligingizni ham unutmang. Hadeb bekorchi narsalar haqida o‘ylayvermasdan, ijod qiling. Ana pianino, ana qog‘oz-qalam! Bo‘sh vaqtingizni behuda o‘tkazmang. Odamlar bunday shart-sharoit uchun vijdonini sotishga tayyor-ku, siz bo‘lsangiz!”
Ha, u qanchalar olijanob… va sovuqqon.
Ayol bo‘lsa bunday sovuqqon olijanoblikni hazm qila olmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham to‘kis oilada yashayotganiga qaramasdan, musiqaga bo‘lgan muhabbati asta-sekin so‘nib borardi.
Kunlarning birida o‘zi tasavvur qilgan darajada baxtsiz emasligini his qildi. Homilador edi.
Biroq quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.
O‘g‘li, yagona quvonchi nogiron edi!
Nahotki bolam dunyoni his qilmasdan o‘tib ketadi, deya o‘ylash… O‘g‘lining ma’nosiz ko‘zlariga, nogiron, xasta vujudiga qarash… og‘ir edi. Juda og‘ir… og‘ir… og‘ir… edi! Unga ko‘zi tushgan zahoti vujudiga son-sanoqsiz ninalar sanchilaverardi…
Keyin ketma-ket ikki qizcha tug‘ildi. Ular jisman sog‘lom edi, ammo yaxshi gapirolmasdilar.
Ayol endi qalbiga ko‘z tashlamay qo‘ygandi. Musiqani butkul unutdi.
Biroq jondan aziz ko‘rgan farzandlari tufayli hayotida keskin o‘zgarish, xavfli burilish sodir bo‘lishi yetti uxlab tushiga ham kirmagandi.
Tarbiyachi qiz…
“Qizlarimizni uyda o‘qitish uchun maxsus o‘qituvchi yollayman, – dedi eri nogiron o‘g‘lini bolalar uyiga topshirganlaridan keyin. – Tili chuchuk bolalarni o‘qitadigan o‘qituvchi bilan gaplashdim”.
Erining bu e’tiboridan boshi ko‘kka yetdi.
Ko‘p o‘tmay uyiga u kirib keldi: yosh va nihoyatda go‘zal.

Baqamti kelganlarida ayol beixtiyor o‘zini chetga tortdi…
Keyinchalik ham tarbiyachi qiz bilan yonma-yon turmaslikka harakat qiladigan bo‘ldi…
Tarbiyachi nafaqat uyiga, balki hayotiga kirib kelganini dastlabki vaqtlar fahmlamadi. Uni samimiy, yuvosh, ma’suma qiz deb o‘ylardi, ya’ni o‘ziga o‘xshab, ilm istab shaharga kelganlardan! Hurmat qilardi. Hozir ham uning mehnatini inkor qilmoqchi emas. Axir o‘sha tarbiyachi qiz tufayli qizlarining tole yulduzi yarqirashiga unda ishonch paydo bo‘ldi. Qizlari ravon gapira boshladi.
Shu boisdan ham unga ixlosi baland edi. Unga ishonardi. Eriga ko‘z suzayotganini boshqa birovlardan eshitganida bu gapga ishonmagan bo‘lardi. Afsuski, bu narsa ko‘z oldida sodir bo‘ldi. Bunga hech qanday mish-mish, bo‘hton aralashgani yo‘q.
Erining o‘zini vazmin tutishga behuda urinishlari…
Unga nigohi tushganda ko‘zlarining chaqnab ketishi…
Tarbiyachi qizning o‘zini yo‘qotib qo‘yishlari… titrab-qaltirab turishlari…
Bu narsa unchalik xavfli emasday, bir hamla bilan hal qilinadigan muammoday tuyulgandi boshida. To‘g‘ri-da, biror sabab bilan tarbiyachini uyidan haydab soladi, tamom-vassalom! Lekin hozircha shoshilmaslik kerak.
O‘ychining o‘yi bitguncha… xiyonat yuz berdi.
Bu haqda hech kim uni ogohlantirgani yo‘q. Ularning qo‘rquvlari, unsiz iqrorlari bu narsani fosh qilib qo‘ydi. Hayotida yuz bergan bunday favqulodda o‘zgarish xonumoniga o‘t qo‘ydi, butun vujudini junbishga keltirdi. Axir bu nomardlik, noinsoflik edi!
Eri uning ko‘z o‘ngida ma’shuqasi bilan ko‘z urishtirib o‘tirsa… Ma’shuqasining har bir qadamini kuzatsa… Vujudi xotinining yonida bo‘lsa-yu ruhi allaqanday bir qizning ortidan ergashib yursa…
Tanlash imkoni tug‘ilganda eri o‘sha tarbiyachi qizni tanladi, emishki, u yengiltaklik qilib pokiza bir qizning kelajagini barbod qilganmish, javobgarmish… Agar qiz yomonlikka olsa bormi! Uni (ya’ni erini, uning erini!) bu jamiyatda hech kim ayamaydi!
Qiz esa “…yomonlikka” olish bu yoqda tursin, hatto noz qilib o‘tirmadi, tarbiyachilik rutbasini boylikka almashtirdi-qo‘ydi!
“Odamlar bunday shart-sharoit uchun vijdonlarini sotishga tayyor-ku, siz bo‘lsangiz!..”
Keyinroq fahmlashicha, bankir ota ham “fatvo” berganmish: “Bizga to‘rt muchasi but merosxo‘r kerak!”
Eri vaqtincha alohida yashab turish haqida gap ochganida indamay rozi bo‘ldi, hech narsani hech nimaga alishtirmadi. Hatto savdolashmadi. Butunlay orani ochiq qilib, ikkala qizini yetaklab, ota uyiga qaytib borganda nima, u yerda qanday huzur-halovat kutib turibdi?!
Axir aytishadi-ku: o‘zgartira olmaydigan narsangga o‘zingni yerga urmay bardosh ber, deb.
Eri ikki xonalik uy olib berdi. Alohida yashay boshlashdi. Ammo eri negadir qonuniy ajrashish haqida gap ochmadi. Nima uchun?
Xullas, yetim qovurg‘aday so‘ppayib qolaverdi.
Eng qizig‘i, alohida yashay boshlaganlaridan keyin ayol bir chimdimgina bo‘lsa-da, oilaviy halovatning qadrini bildi, o‘z hayotini o‘sha dimog‘dor va xudbin odamdan ayro tasavvur qila olmasligini tushuna boshladi. “Erim menga xiyonat qildi, uni aslo kechirib bo‘lmaydi!” derdi-yu, zum o‘tmay tarbiyachi qizni yumma talab, uyidan haydab chiqarmagani va eri vaqtincha alohida yashab turish haqida gap ochganida rozi bo‘lgani uchun afsuslanardi negadir…
“Ularning sevgisi xuddi yoqimli musiqa misol go‘zal bo‘lgani uchungina yashayapti. Ammo har qanday yoqimli musiqa ham baribir nihoyasiga yetadi, afsuski, erim buni hozir anglamayapti”, derdi tundan, yolg‘izlikdan, devordagi soyalardan qo‘rqib, yuragi yorilguday titraganida… rashk olovidan jizg‘inak bo‘lganida…
Eri juda o‘zgarib ketgandi.

Muhabbatning qudratini qarang, irodasi po‘latdek mustahkam, ishbilarmon odamni ne ko‘ylarga solib qo‘ydi?
Ammo ayol buni ham tan olgisi kelmasdi.
“Muhabbat?!
Qanaqa muhabbat? Yo‘q, buni muhabbat deb bo‘lmaydi, bu shunchaki sevgi. Pianino klavishlariga bexosdan barmog‘ing tegib ketganida jaranglaydigan qisqa bir ohang…”
Biroq o‘sha “…qisqa ohang” erining shu qadar es-hushini olib qo‘ygandiki, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi, bolalarini unutgandi, hatto ishni ham unutib, tarbiyachi bilan hali toqqa, hali dengiz bo‘yiga sayyohatga ketarmish…
Sir bermaslikka qanchalik urinmasin, ayol o‘zini yolg‘iz va baxtsiz his qilardi. Yuragi kuyardi…
Lekin… kun ko‘rish kerak. Tirikchilik o‘tkazishi, bolalarini boqishi lozim. Eri ikki xonalik uy olib berdiyu, butun mas’uliyatdan qutulganday jim bo‘lib ketdi. Nima qilishi kerak? O‘ylab-o‘ylab maktabga ishga kirdi. Musiqadan dars bera boshladi. Afsuski, maoshi ro‘zg‘orga yuq ham bo‘lmasdi. O‘lsin, maktabda musiqa darslariga kam soat ajratilarkan-da!
Oxiri bo‘lmadi, o‘zini bozorga urdi.
Eri nafratlanganicha bor, bozor unchalik yaxshi joy emas, alg‘ov-dalg‘ov zamonning uzluksiz jangi davom etayotgan besurur hayot maskani; sokinlik, shodu xurramlik hukm surayotgan olam esa uning tegrasida aylanadi; biroq har qalay, bu yerda jon saqlasa bo‘ladi.
Muhimi – o‘zni yo‘qotmaslik.
Gohida bozorda xaridor kutib o‘tirib… o‘zining qayerda ekanligini unutib qo‘yadi. Allaqanday sirli-sehrli ohang odamlarning tussiz basharalari va shovqin-suron orasidan sirg‘alib o‘tib, asta-sekin qalbiga oqib kirayotganday bo‘laveradi. Shunda o‘zini allaqanday sirli orolchaga tushib qolganday his qiladi, barmoqlari sholcha ustidagi eski-tuskilarni emas, pianinoning oppoq klavishlarini silayotganday, ruhi olis-olislarga parvoz qilayotganday bo‘laveradi.
Xuddi shu vaqt qarshisida qahraton qish yoki injiq kuzning haroratsiz kunlaridan titrab-qaltiragan bir banda paydo bo‘ladi va:
– Manavi… tog‘orachangiz nech pul? – deb so‘raydi.
Shunda uni rom etgan sohir tuyg‘ular bir zumda allaqayoqqa yo‘qoladi va u endi musiqachi emas, balki shunchaki olibsotar kabi xaridor bilan savdolasha boshlaydi va bu yerda ham o‘zini ortiqcha his qiladi…
Darvoqe, bundan ikki oy ilgari, ya’ni ular bozor yo‘lida tasodifan uchrashganlaridan keyin, eri qizlarini yo‘qlab bog‘chaga boribdi. Shirinliklar bilan ularni siylabdi. Yana ko‘pdan-ko‘p sovg‘alar beribdi. Keyingi gal parkka olib boraman, deb va’da beribdi.
Shu kuni kechasi bilan ikkala qizi ham isitmalab chiqdi. Sezib turibdi, qizlari ichikyapti, otasini sog‘inyapti, qiynalyapti.
Ayol shu oqshom tarbiyachi qizni yumma talab, uyidan haydab chiqarmagani uchun yana afsuslandi. Keyin barbod bo‘lgan dunyo vayronalari ustida ulug‘vor koshona bunyod etishni orzu qildi… Axir eri bilan butunlay orani ochiq qilishmagan-ku!
Ertasi kuni qizlarini bog‘chaga yubormadi. Bog‘cha opaning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, hol so‘rarkan, gap orasida kecha erining yuzi tashvishli ko‘ringanini qistirib o‘tdi…
Ayol ayol-da, birdan hushyor tortdi. Millionlar egasi bo‘lgan odamni nima tashvishga solgan bo‘lishi mumkin? Nega birdan bolalarini eslab qoldi? Ishlari yurishmay qoldimikin? Yo anavi tarbiyachi bilan oralaridan ola mushuk o‘tdimikin? Balki uning haqiqiy qiyofasini ko‘rib qolgandir? (Odamlar yaqinlashgani sayin bir-biridan nafratlana boshlaydilar.) Aytgancha, nega shu vaqtgacha bola ko‘rishmayapti?
Kim bilsin, balki uning ahvoli bog‘cha opa aytganiday emasdir? Shunchaki qizlarini ko‘rgani kelgandir?! Lekin nega haligacha uning javobini bermaydi? Balki eri ayyorlik qilayotgandir? Buyam xotirjam yashashning bir usulidir?!.
Eh!
Jahli chiqib ketdi.
Gohida erini tushunishga harakat qiladi, ammo baribir buning uddasidan chiqolmaydi. Yo‘q, uni kechirib bo‘lmaydi! Yo‘q. Yo‘q. Yo‘q.
Tavba, go‘yo eri undan kechirim so‘rayapti-yu… Ammo… Basharti u kechirim so‘rab qolsa-chi?! Shuning uchun ham yuzma-yuz gaplashishga jur’at qilolmay, bog‘chaga, bolalarining oldiga borgandir?
“Biz xuddi sovuq qotgan tipratikonlarga o‘xshaymiz, bir-birimizga yaqinlashishga tikonlarimiz xalaqit beradi…”
Ayol ma’yus jilmaydi. O‘zini sovuq qotgan tipratikon qiyofasida tasavvur qilib. Keyin yana orzuga berilib, bir ko‘prik qurishni istadi, o‘zi bilan erini ajratib turgan jarlikni birlashtirish umidida.
Shu umidda ikki oydan buyon yelkasiga og‘ir sumkasini ortmoqlagancha bozordan chiqib, uyiga poyi piyoda yo‘l oladi. Shu umidda ikki oydan buyon yurishdan birdam to‘xtab, yo‘lga tikiladi. Mana hozir, avval nur ustuni paydo bo‘ladi, keyin qarshisida baland bo‘yli, kelishgan erkak paydo bo‘ladi-yu…
Yo‘ldan mashinalar karvoni tinimsiz o‘tib borar, lekin ularning hech biri yelkasiga og‘ir sumkani ortmoqlagancha yo‘lkada turgan ayolni ko‘rmasdi, uning yuragining tub-tubida, o‘y-xayollarining allaqaysi ko‘chalarida sarson kezib yurgan andishali faryodini eshitmasdi.
Ko‘kni butkul qoplagan bulut shovqin solmasdan, ohista ko‘zyoshlarini to‘ka boshladi…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 3-son