Zuhra Mamadaliyeva. Tangritoqqa o‘rlayotgan o‘g‘lon (hikoya)

Istamin ko‘zini ochganda o‘tovning tepasidagi tuynuk – tobdon ochib qo‘yilgan, unda tongning bo‘zarib otayotganligi ko‘rinib turardi. Onasi doim shunday – juda erta turadi-da, tobdonni ochadi. Emishki, tongda ko‘k uzra uchib o‘tayotgan Umay ona* shu tuynukdan rizq-nasiba tashlab ketarmish.
Yigit hozirgina ko‘rgan tushi ta’sirida karaxt edi, koshki edi, ko‘zini yumsa-yu, qaytadan uni ko‘rsa. Shunday qildi ham, biroq endi uning ko‘z oldida faqat zulmat ko‘rindi, xolos.
Shu onda o‘tov eshigining ochilgani eshitildi. Yigit ko‘zlarini xiyol ochdi. Eshikda otasining qorasi ko‘rindi:
– Turaqol, o‘g‘lim, Istamin bahodir! – bolasini erkalab uyg‘otdi ota. – Bugun ovga chiqamiz.
Boshqa payt bo‘lganda bu so‘zdan yigitcha uchib ketguday bo‘lardi, axir qanchadan beri qabiladoshlari bilan birga ovga chiqishni orzu qiladi. Udumga ko‘ra, ovga chiqish o‘g‘il bolaning yigit bo‘lganligidan nishona berar, birinchi ovdan o‘lja bilan kelish qabiladoshlari maqtoviga sazovor qilar, qabila ayollari uni kuyovlikka zimdan “ko‘z ostiga olib” qo‘yishardi. Biroq hozir yigitcha ko‘rgan tushi ta’sirida uzoq vaqt xayol surib yotgisi kelayotgandi. Lekin iloji yo‘q, ovdan bosh tortib bo‘lmaydi.
Istamin o‘tovdan tashqariga chiqqani zahoti dimog‘iga tog‘ chechaklarining hidi kelib urildi. Tik turgan ko‘yi o‘choqda pishgan issiqqina nonni kavshab, onasi keltirgan biya sutini simirdi-da, omonatgina tiklangan otxonadan betoqat yer tepinayotgan to‘riq qashqasini olib chiqdi. Egar-jabdug‘ini urgach, otning bo‘yniga shapatilab erkalatdi-da, qashqaning kishnab qo‘yishidan zavqi kelib, bir sakrab, ustiga mindi.
Qabila erkaklarining pisib borib vahshiy hayvonlarga nayza otish­lari, jayron ovlashlari, kamonning mo‘ljalga bexato sanchilishi, ov qushlarining pastga o‘qday sho‘ng‘ishi yigitchaning tomiridagi qonni jo‘shtirib yubordi. Ko‘rgan tushi tamoman esidan chiqdi. Otasi Burgut bahodir bilan quyon, hatto olqor ovlashdi. Otasi mamnun bo‘lib unga ko‘z qisib qo‘ydi.
Turkiylarda ism deganlari odam bilan bir umrga qolmaydi, u tez-tez o‘zgarib turadi. Chaqaloq tug‘ilganda tabiatsevar bu xalq chor-atrofdan ulgu olib biron ism qo‘yadi. Masalan, o‘g‘il bo‘lsa, To‘rg‘ay yoki Bo‘ribiy, qiz bo‘lsa Yulduz yo Oychechak. Keyin esa erkakning el koriga yarashiga, qiz bolaning qanday oilaga “tushishi”ga qarab ismi o‘zgartiladi. Yeldirim bahodir yoki Elbilga beka kabi. Lekin Burgut bahodirning ismi jismiga munosib qo‘yilgan ekan. Uning o‘tkir ko‘zlari nafaqat ov chog‘ida, balki yov bosganda ham elga ko‘p xizmat qildi. Shuning uchun uning ismi o‘zgartirilmadi, balki uning ismiga beklarday “bahodir” unvoni qo‘shib aytiladigan bo‘ldi. Burgut bahodir esa eldoshlaridan farqli o‘laroq o‘g‘lini ulug‘ Turk xoqoni nomi bilan atadi. Istamin – yurtni qullik zanjiridan ozod qilib, hurlik ko‘kiga olib chiqqan, elu yurtini tenglar ichida teng qilib, ne-ne yurtlarni zabt etgan buyuk Turk xoqonining ismi edi. Istamin xoqonning akasi Bumin bahodir bilan qilgan jahongirliklarini turkiy ayollar hali-hamon bolalariga ertak qilib aytib berishardi.
Istamin kichkina chiroyli jayronni ko‘rdi-yu, ixtiyorini yo‘qotganday u tomonga ot boshini burdi. Jayron esa dashtning ko‘m-ko‘k yulg‘unlari aro yigitga qarab-qarab, avval sekin, keyin esa tez yugurib ketdi. Jayron bir ko‘rinib-ko‘rinmay chopib borarkan, Istamin otasiga tortgan o‘tkir ko‘zlari bilan uni ta’qib qilardi. Jayron va tulpor bir-birlaridan qolishmay yelib borishar, shamol yigitning bo‘rk ostidan toshib chiqqan sochini to‘zitar, shox-shabba yuz-qo‘llarini tirnar, biroq ov shavqiga tushgan yosh ovchi bularni ham, qabiladoshlaridan ancha uzoqlashib ketganini ham payqamasdi.
Birdan yulg‘unzor yo‘qolib, Istamin biyday dalaga chiqib qoldi. Uni o‘zi bilan ergashtirib kelgan jayron xuddi yer yutganday hech qayerda yo‘q edi. Uning o‘rnida… uning o‘rnida esa… biyday dalada birdan ulkan saroylari bor katta shahar paydo bo‘ldi. Uning devorlari turkiylarning o‘tovi singari qizil ham, sarig‘u yashil ham emas, oppoq, xuddi yog‘du taratib turganday edi. O‘sha ulkan saroylarning biridan… voajab, Istamin bugun, erta tongda tushida ko‘rgan go‘zal qiz chiqib kelar edi. Go‘zalning liboslari ham nur sochib turganday, qorday oppoq yuzi, ma’jusiylar sig‘inadigan quyoshday serjilo sochlari, ko‘k singari moviy ko‘zlari… yo Tangri, madad ber, odam bolasi ham shunday chiroyli bo‘ladimi, yoki bu Istaminga Turkoy momo aytib bergan cho‘pchaklardagi parilardanmi?
Qiz oyog‘i yerga tegib-tegmay, xuddi Umay Ona kabi uchib kela boshladi. Yigitning qarshisiga kelgan go‘zal Istaminning alp kelbatiga, yelkasiga tashlagan yo‘lbars terisiga, quyoshda qoraygan qo‘llariga, qop-qora sochlariga, o‘t chaqnab turgan qisiq ko‘zlariga hayrat va allaqanday quvlik bilan tikildi.
Tushida ham zulmat ichidagi yog‘du kabi xuddi mana shu qiyofa, mana shu chehra uni ta’qib etgan, ammo bir so‘z demay g‘oyib bo‘lgandi.
– Ketib qolma! – jon-jahdi bilan pichirladi yigit. – Isming nima, qayerdansan?
Qiz bosh chayqab:
– Nafahidam, – dedi.
“Tushunmayapti shekilli”, – o‘yladi Istamin va barmog‘i bilan o‘z ko‘ksiga nuqib.
– Istamin! – dedi va ishorani qiz tomonga qaratdi:
– Isming nima? Isming?
– Ha, – qiz tushundi shekilli, qah-qah urib kulib yubordi. – Ravshanak.
– Ravshan… oy! – xursand bo‘lib qaytardi Istamin va… ko‘z o‘ngida yeru ko‘k ostin-ustun bo‘lib ketdi. Bir zum ichida go‘zal qiz ham, u chiqib kelgan saroy ham, shahar ham yo‘qlikka singib ketdi…
Keyin nima bo‘lganligini onasidan eshitdi. Jayronni quvib borarkan, otdan yiqilib, hushini yo‘qotgan, ancha vaqt biyday dashtda qolib ketgan. Esli oti esa qaytib kelib, qabiladoshlarini o‘sha yerga oborgan…
– Haliyam Ko‘k Tangri asrabdi, to‘riq qashqa xabar beribdi, – dedi Lochin beka o‘g‘lining ustidagi yo‘lbars terisini to‘g‘rilab qo‘yarkan. – Bo‘lmasa bolam bechorani qanday topardik?
Istaminning boshi aylanar, ko‘ngli esa, allaqanday g‘alati hisdan behalovat bo‘layotgandi. O‘g‘lining yon tomonida cho‘kkalab o‘tirgan Burgut bahodir o‘ng‘aysizlana boshladi.
– Hammasi yaxshi edi-ya. Istamin birinchi marta ovga chiqsayam, abjir yigitlardan qolishmayotgandi.
– Bas, yetar, – Lochin beka o‘g‘liga qarab gapirsa-da, eriga murojaat etayotganligi aniq edi. – Endi hech qayerga bormaydi. Bir yil keyin erkak bo‘lsa nima qilibdi? Mening o‘g‘lim o‘nta emas.

* * *

Ko‘chmanchi hayot tarzida tug‘ilib, voyaga yetgan Istamin tez tuzaldi. Uch kundan keyin o‘tovdan chiqib, atrofni kuzatdi.
Ko‘chmanchi turkiylar qishlog‘i bir-biridan ancha uzoqda joylashgan o‘tovlardan iborat bo‘lib, osmondan yoki biror balandlikdan kuzatganda kenglikka sochib yuborilgan donni eslatardi. Har bir oilaning chorvasi, qozon-o‘chog‘i alohida bo‘lsa-da, ular urug‘larning kichik jamoasiga birlashgan, bu jamoa esa ayni paytda qabila jamoasiga tegishli bo‘lib, bu mustahkam tartib xoqonlik darajasigacha yuksalib borardi.
Atrof-javonib ayni ko‘klam og‘ushida. Yon-verdagi dala ham, huv uzoqlardan ko‘ringan qirlar ham yashil libosini kiyib, dala chechaklari qizlarning chakkalarini bezagan. Huv anavi yerda Istaminning bo‘y yetgan amakivachchalari yig‘ilib, qiqirlab allanimani muhokama qilishgancha o‘sma qo‘yishyapti. Beriroqda o‘n-o‘n ikki yoshli qizchalar toychoqqa minishni o‘rganishyapti. Ayollar bunga e’tibor bermay o‘z yumushlari bilan andarmon. Chunki turkiylarning qizlari balog‘atga yetguncha ro‘zg‘or ishlari bilan birga ot minish, o‘q otish, ov qilishni bilishlari shart edi. Istaminning onasi o‘choqqa o‘tni lang‘illatgancha, shopirib-shopirib sut pishiryapti. Uning yonida amakisining xotini – chechasi o‘choq qizdirib, non yopyapti. Ularning atrofida uch-to‘rt yoshli bolakaylar tol xivichdan ot yasab, o‘ynashyapti. Ancha narida katta momosi Turkoy momo kichik chevaralarini qarshisiga to‘plab, nimanidir so‘zlayapti. Momoning goh qo‘llarini silkitib, goh bosh chayqatib, goh gavdasi silkinib gapirishidan bolakaylarga cho‘pchak aytayotganga o‘xshardi. Ertak O‘g‘uz Xon yoki Ko‘k Bo‘rining turkiylar qavmini asrab qolgani haqida bo‘lsa kerak. Istamin ham bir vaqtlar Turkoy momodan shu ertakni eshitgan. U shunday aytilardi:
Olis-olis zamonlarda yov ayyor bo‘lgan ekan. U turkiylarni zamindan supurib tashlamoq uchun tunda qishloqqa hujum qilibdi. Hammani bitta qoldirmay qilichdan o‘tkazgan yov tonggacha huvullagan qishloq oralab yurib, omon qolganlarni izlabdi. Lekin vayron bo‘lgan bir o‘tov ichida jon saqlab qolgan ikki bolakay – bir o‘g‘il va bir qizaloqni topa olmabdi. Ko‘k Tangrining izmi shunday bo‘lgan ekan-da. Bolalar sovuq va ochlikdan, kimsasizlikdan yig‘lab o‘tirishgan ekan. Shu payt qishloqqa yollari ko‘m-ko‘k bo‘ri kirib kelibdi. Qo‘rqqanidan qochishni ham unutgan bolalarni yelkasidan beozorgina tishlab, o‘z iniga olib ketibdi. Ularni o‘zining suti bilan boqibdi. Katta bo‘lishgach, ularga olqor, jayron ovlab keltiribdi. Shu bolalar turkiylarning avlodini davom ettirishibdi…
Negadir bu ko‘z ilg‘aydigan joylarda Istaminning teng-to‘shlari ko‘rinmasdi. Yana ovga chiqishdimikin? Yo qir bag‘rida ko‘pkari chopishayotganmikin? Balki biron ovloq o‘tovga kirib, qimizxo‘rlik qilishayotgandir? Istaminning xayoliga ov chog‘ida uni otdan yiqitgan o‘sha moviy ko‘z go‘zal keldi. Yuragi o‘ynab ketganini sezdi. Voajab, uning surati yigitning qalbiga muhrlanib qolgan, ko‘zini yumdi deguncha sirli siymosi gavdalanardi. Lekin ko‘ngil yorib aytishga biror sirdosh, darddosh qani deysiz?
Yigit shu kunlarda ancha o‘ychan bo‘lib qolgan, go‘yo uch kun ichida ulg‘ayib, hayot, muhabbat, nomus haqida o‘z fikrlari shakllanib qolgandi. Yo‘q, u muhabbatni zo‘rlik bilan o‘lchaydigan, “ot choptirib, ov qilishni qoyillatsang, har qanday qiz tulporingga mingashadi”, degan tengdoshlarining fikriga qo‘shilmaydi endi.
Istamin shularni o‘ylarkan, o‘sha go‘zalni sog‘inganini his qildi.

* * *

Istamin balki ismi jismiga monand bu go‘zalni unutib yuborarmidi?! Agar qiz yana va yana tushiga kirib, uni bezovta qilavermaganda. Tushlarida endi u avvalgiday sho‘x-shaddod kulmas, balki sirli va ma’yus jilmayar, ko‘rinishidan uni intizor kutayotganday bo‘lardi. Lekin o‘sha sirli go‘zalning xayoliga kundan-kun qattiqroq bog‘lanib borayotgan bechora yigit, sho‘rlik oshiq qayoqqa borishni, boshini qayerga urishni bilmasdi. Ana biyday dala, sarg‘ayib borayotgan qirlar, o‘sha olis-olislargacha turkiylarning o‘tovlari yayrab yotibdi. Ularning birortasida bu moviy ko‘zli go‘zal yo‘q. Ularning har birida qora ko‘zlaridan o‘t chaqnaydigan, ot choptirib yuradigan suluvlar bor. Lekin bu ko‘hlik qizlarning birortasi Istaminning dardiga davo bo‘lolmaydi.
Muttasil ishtahasizlik, tunlardagi bedorlik, tushkunlik va umidsizlik o‘z ishini qildi. Vaqt o‘tishi bilan yigitning bug‘doyrang yuzi sarg‘ayib, tanasini darmon tark eta boshladi. Uning ko‘zlaridagi o‘t so‘nib, qorachig‘i xiralashib borardi. Qishning rutubatli kechalarida yuragi qattiq siqilgan oshiq o‘tovning kigizini yig‘ib tashlab, ko‘kragini zax yerga bosganda sal-pal halovat tuydi, buni odat qilgani esa boshiga balo bo‘ldi. Isitmasi ko‘tarilib, dardi oshkor bo‘lgach, ota-ona rosmana talvasaga tushib qolishdi. Endi unga turkona dorilaru, shomonlarning “alas-alas”i ham foyda qilmayotgandi.
Tushlar esa… tushlar o‘sha go‘zalni takror va takror eslataverar, hayhotki, u suluv ham ayriliqmi va yoki boshqa dard tufaylimi, tobora xomush bo‘lib borardi.
Ota-ona najot istab to‘rt tomonga yugurishdi, ota-bobolar ruhiga qurbonlik qilishdi, shomonu baxshilarga qaratishdi. Mozorlarga chiroq yoqishdi, chalpak pishirib, qo‘shnilarga chiqarishdi. Qabiladagi ko‘pni ko‘rgan keksa donishmandlar bilan maslahat qilishdi. Donolar avvalo yigitning ko‘nglidagini bilinglar, balki kimgadir ko‘ngil qo‘ygandir, deyishdi. Ishq dardi og‘ir, davosi esa faqat visoldir, deb tayinlashdi. Lekin ota-ona o‘g‘illarini qancha o‘rtaga olishmasin, qancha aldab-suldashmasin, Istamin faqat yerga qarab, sukut saqlar, ko‘zidagi yoshni ko‘rsatmaslik uchun ota-onasining yuziga qaramasdi.
Ko‘klam kelgani sari Istaminning halokati yaqinga o‘xshab tuyulaverdi.
– Jonliq so‘yib, Umay onaga qurbonlik qilish kerak. O‘shanda otdan yiqilganda, unga yomon ruhlar tekkan ko‘rinadi, bolani yaxshilab qonlash lozim! – najot yo‘lini topganday dedi ona.
– Yo‘q! – dedi qat’iy ovozda Burgut bahodir. – Istamin allaqachon yigit bo‘lgan. U endi Umay Onadan emas, Ko‘k Tangridan nasiba so‘raydigan payt yetdi. Bor, chaqir uni.
– Nima qilmoqchisiz?
– Chaqir.
O‘tovga beruh holda kirgan Istamin avval onasiga, so‘ngra otasiga salom berdi. Keyin esa ularning qarshisiga tiz bukib o‘tirdi.
– O‘g‘lim, sening ko‘nglingda bir dard bor, lekin bizga aytmayapsan, to‘g‘rimi?
Burgut bahodirning so‘zlaridan Istamin yuzi qizarib ketganini sezdi-yu, boshini yanada egdi.
– Bu balki nomus ishidir, balki ko‘ngil ishi, – Burgut bahodir xotiniga bir qarab olib, davom etdi: – Ota-bobolarimiz Tangridan bir nimani tilagan bo‘lishsa, baland toqqa, Ko‘k Tangriga yaqinroq maskanga chiqib, Tangriga yuzma-yuz turib, ko‘ngil dardini aytganlar. Sen ham shunday qil, o‘g‘lim. Bor, Tangritoqqa chiq. Eng yuksak cho‘qqisiga yolg‘iz o‘zing o‘rla. Tilagingni Tangri beradi, o‘g‘lim. Ertagayoq yo‘lga otlan!
Istamin bosh egib, rozilik ma’nosini bildirdi va o‘rnidan turib, tashqariga chiqdi.
Lochin bekaning rangi oqarib ketdi, Burgut bahodir o‘g‘lini naq ajalning qa’riga yuborayotgan edi. Tangritog‘ ancha uzoq, yuksak tog‘ bo‘lib, unga odam bolasi chiqqanligi ma’lum emas edi. Balki hali hech kim uni oshib o‘tmagandir? U tog‘da qanday vahshiylar, gazandalar bor, kim biladi?
Ko‘zyoshlari yuzini yuvgan bechora ona eriga qarata:
– Nimalar qilayapsiz? – deya oldi, xolos.
– Oxirgi najot shu, onasi. Tangri o‘g‘limizni bizga deb bergan bo‘lsa, qaytib keladi, yo‘qsa, hech bo‘lmasa, halokatini ko‘rmaymiz.
Burgut bahodir ko‘zyoshini yashirish uchun chetga qaradi.

* * *

Istamin tongda tetik uyg‘ondi. Burgut bahodir o‘g‘lini ko‘ksiga uch marta bosib, vidolashdi. Onasi ko‘zyoshlarini arang tiyib yo‘l xurjunini uzatdi. U jun ipdan soddagina naqshlar tikilgan xurjunni to‘riq qashqaning ustiga yopdi-da, “Yo, Tangrim!” – deb bir sakrab mindi. To‘riq Tangritoqqa, aziz maskan ziyoratiga borayotganini sezgandek oldingi ikki oyog‘ini ko‘tarib, osmonga sakradi. Otning kayfiyati yigitga ham ta’sir qilib, kulib yubordi.
Keyin shiddat bilan ot choptirib ketdi. Tong shabadasi yigitning bo‘rk ostidan chiqqan o‘siq sochlarini erkalatib o‘ynar, mo‘ylovi sabza urgan yuziga tegib siypalar, Istamin esa ko‘nglidagi ishq og‘rig‘ini unutganday, bobolari necha martalab ot choptirib o‘tgan bu dashtlarda shamolday yelib borardi. Ko‘ksidagi pinhon ishtiyoq – bobolaridan o‘tgan jangarilik qonini ko‘pirtirib, yuzlariga qizillik yugurtirgan, ko‘zlarida yana o‘t chaqnayotgandi.
Uch kungacha xurjun ko‘zi ochilmadi. Mehmondo‘st turkiylar otliq sayyohni o‘tovga taklif qilishar, navqiron qo‘noq qamchinni ko‘ksiga bosib, uzr so‘ramoqchi bo‘lsa, mezbonlar eshitishni ham xohlamay uni otdan sudragudek tushirib, o‘tovga olib kirishardi. Istamin oldiga qo‘yilgan sutli va go‘shtli taomlardan, o‘choqda pishgan nonlardan tatib ko‘rardi-yu, lekin qimizni qat’iyan rad etardi.
Istamin kimning o‘g‘li ekanligini, ne maqsadda yo‘lga tushganini bilgan mezbonlardan yoshi ulug‘rog‘lari “zo‘rlamanglar, yigit ziyoratga chiqqan ekan”, deyishardi. Shundan keyin mezbonlar yigitga boshqa alohida kelishni tayinlagancha, xurjuniga allanimalarni solib berishar, rad etishdan foyda yo‘qligini bilgan Istamin kulib qo‘yar, minnatdorchilik bildirib ta’zim qilib, hozirgina tanishgan mezbonlari bilan quchoqlashib xo‘shlashardi. Mezbonlar esa uning urug‘idan yoki og‘ayni qarindoshlaridan kimni tanishsa, o‘shani qayta-qayta so‘rashar, salom aytishni tayinlab, Istamin bilan qadrdon birodarday xo‘shlashishardi.
Safarning to‘rtinchi kuni tog‘ etagidagi cho‘ponning o‘tovida tunagan Istamin otini unga omonat qoldirdi-da, yelkasiga xurjunini tashlagancha, olg‘a intildi.

* * *

O‘ngirdan o‘ngirga, qiyalikdan tiklikka o‘rlab borayotgan Istamining yuragi yana bezovta bo‘la boshladi. Biroq bu bezovtalik yor visoliga intiq oshiqning intizorligi bo‘lib, Istaminni yanada tezroq, yuqoriroq, ildamroq yurishga undardi. Beliga ot yolidan o‘rilgan arqonni bog‘lab olgan yosh zabtkor arqonning narigi uchidagi changakni yuqoriga otar, u ilingach, tortib-tortib qo‘yar, tushib ketmasligiga ishonch hosil qilgach, ikki qo‘llab arqonga osilgancha, oyoqlarini ishga solib, yuqoriga o‘rlardi. Chiqib olgach, yana shu harakatni takrorlab, yuksakka intilardi.
Yo‘lida uchragan olqorlar, tog‘ kaptarlari bu tabiat qo‘nog‘idan hurkib, o‘zlarini panaga urishar, biroq ularni ovlash Istaminning xayoliga kelmas, xurjunidagi qotgan nonni jilg‘aga ivitib yeb, yaxna go‘shtu qurut bilan qornini to‘yg‘izardi-da, yana olg‘a intilardi.
Toqqa ko‘tarilishining uchinchi kuni Istamin bulutlarga yaqin keldi. Sovuq zabtiga oldi, havo yetishmay, nafasi qisa boshladi. Avvalgi kuchi bo‘lganda yigit bularga parvo qilmasdi, lekin hozir vujudi ancha zaiflashgan, charchoq o‘z kuchini ko‘rsata boshlagan edi. Ziyoratchining ruhi tushib ketdi. “Cho‘qqiga yetib bormay, o‘lsam kerak”, – beixtiyor o‘yladi u holdan toyib, kattakon tosh tagiga yiqilgan payti. – Nega keldim o‘zi? Qabilada qancha qizlar bor edi-ku, tushimda ko‘rgan, bor-yo‘qligi noma’lum bir qizni deb o‘zimni o‘tga urishim shartmidi? Balki u cho‘pchaklardagi paridir, odamni esdan og‘dirguvchi jodugardir. Kim biladi?”
Kech kira boshladi. Qorayib turgan cho‘qqi Istaminning ko‘ziga baloday ko‘rinib ketdi. Unga qaramaslikka harakat qilib, kichik bir g‘orga kirdi. Ustidagi yo‘lbars terisiga o‘ralarkan, tishi tishiga tegmay takilladi. Xurjuniga solib olgan cho‘p-xasak bilan olov yoqmoqchi edi, eplolmadi. Sovuqdan qotib qolgan qo‘llari unga bo‘ysunmadi. “Tamom, o‘laman shu yerda, – o‘yladi Istamin. – Alvido ey ota-ona, og‘ayni-qarindoshlar, mendan rozi bo‘linglar! Xayr, go‘zalim Ravshanoy!”
Shu payt g‘or og‘zidan qandaydir bir hayvon o‘tib ketdi. Istamin beixtiyor tashqariga mo‘raladi. Katta bir bo‘ri cho‘qqi tomon o‘rlab borardi. Yigit bo‘rining vajohatiga qarab, hayrat va zavqdan qotib qoldi. To‘lin oy yog‘dusida uning cho‘ng kallasi, katta quloqlari, ulkan gavdasi, hatto ko‘m-ko‘k yoli ham aniq ko‘rinardi. Bo‘ri cho‘qqiga joylashib o‘tirib oldi-da, to‘lin oyga qarab cho‘zib-cho‘zib uvladi. Turkiylarning afsonaviy onasi bo‘lgan bu jonivor, elatning oxirgi avlodini saqlab qolib, bir el bo‘lishiga ko‘maklashgan bu qutlug‘ yaratiq, Istamin xoqonning harbu zarbiga, Bumin bahodirning qo‘shiniga quvvat bergan bu qutlug‘ mavjudot kishining havasi keladigan darajada chiroyli edi. Uning kishi etini junjiktiruvchi vahshati odam ko‘nglida dahshat bilan birga zavq ham uyg‘otar, ajabki, qaragan kishi ko‘zini uzolmasdi. Harqalay Istamin shunday bo‘ldi. Balki uning qulog‘idagi afsonalar, ko‘nglidagi e’tiqod bunga sabab bo‘lgandir. Harqalay, yigit tanining sovuq qotganini ham, olov yoqolmaganini-yu, “o‘lsam kerak” degan taxmini ham, “bu yerga nega keldim” degan afsusini ham unutib, bu ajib manzaradan ko‘z uzolmay qoldi.
Ko‘k Bo‘ri esa hamon oyga qarab cho‘zib-cho‘zib uvlardi. Nima deb nola qilayapti ekan u Ko‘k Tangriga? Qaysi holidan arz qilayapti ekan? Yo Istaminga o‘xshab yorini so‘roqlamoqdami?.. Balki arz emas, shukronalik bordir bu nolada? “Ko‘k Tangri, meni ayanch mavjudot emas, chiroyli va kuchli bo‘ri qilib yaratganing uchun o‘zingga qulluq! Meni odamlarning-da koriga yaraydigan, ulug‘ va qutlug‘ xalqning onasi etganing uchun O‘zingga shukr! Omon qolishi uchun meni vosita qilganing ulusni endi o‘zing asragaysan!”
Bo‘ri uvlab-uvlab sekingina pastga tushib ketdi. Sehrlanib qolgan Istamin anchagacha o‘ziga kelolmay o‘tirdi. G‘or ichiga oy nuri tushdi. Yigit, nihoyat, qoni jo‘shib, tanasiga issiqlik yugurganini sezdi. Qutlug‘ bu holat unga yaxshilikdan, yaxshilik bo‘lganda ham ulug‘ ezgulikdan, yorug‘ bir baxtdan darak berardi. Istamin g‘or ichidan bir chaqmoq tosh topdi. O‘tinlarni to‘plab o‘t yoqdi. Tong oti­shini besabr kutarkan, tez-tez cho‘qqiga qarar, ufq yorishsa bo‘lgani, uni shaksiz ishg‘ol etajagiga ishonardi. Ko‘nglida shu ishonch bilan ko‘zi ilindi.
Istamin uyg‘onganida tong bo‘zarib kelayotgandi. Yoqqan o‘ti o‘chgan edi. Lekin u endi sovqotmayotgandi, havo yetishmasligi ham qiynamasdi. Tabiat bilan hamnafaslik ulg‘aygan o‘g‘lonning vujudi yerdan quvvat olib, ob-havoga moslashib ulgurgandi.
Tushga qolmay Istamin Tangritog‘ning eng baland cho‘qqisiga chiqdi. Tog‘ning mag‘rur shamoli uning sochlarini o‘ynab hilpiratar, adl qaddi-yu, o‘ktam vujudiga orom berarkan, g‘alaba shavqidan mast va masrur yigit to‘rt tomonga qaradi. Shunda… shunda voajab, quyida, tog‘ning narigi tomonida Istamin jayronni quvib yurgan payti ko‘ziga ko‘ringan o‘sha shahar, o‘sha manzara qo‘r to‘kib turardi. Istamin ko‘zlarini qayta-qayta yumib-ochdi. Manzara sarob emas edi, yo‘qolmadi. Aksincha, shaharning katta-katta saroylari, baland minorlari, tomu devorlari quyosh yog‘dusida nurlanib ko‘rindi. Istamin maqsadga yetganini angladi. Bu yog‘dularga cho‘mgan yurt – Ustrushona edi. To‘g‘ri, Ustrushonaga bormaslik haqida xoqonlik bilan ahdlashuv bor. Lekin oshiq qalbi chegarayu devorlarni, ahdlashuvu bitimlarni tan olarmidi? Unga tog‘ning ikki tomoni emas, ikki-yu, uch dunyo bir qadam-ku, axir.
Ha, Burgut bahodir aytganidek Ko‘k Tangri uning niyatini bergan edi. “O‘zingga qulluq, Tangrim!” – ko‘nglidan shukronalik o‘tdi yigitning. Keyin u chuqur nafas oldi va bor ovozi bilan na’ra tortib, hayqirdi:
– Ravshan-oy-uvvvvvv!
Ayni shu paytda o‘sha nurafshon shaharda yashayotgan, qalbiga chiroq yoqsa yorishmayotgan bir qiz – Ravshanak “yalt” etib qaradi. Atrofda hamma o‘z ishi bilan andarmon, sado esa uning qalbidanmi yoki olis-olisdanmi, kelardi. Uning moviy ko‘zlari otashxonadagi mangu olovday alanga sochdi. Lablari betoqat pichirladi:
– Istamin. Istamin! Xayriyat…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 6-son
___________
* Umay ona – qadim turkiylar e’tiqodi bo‘yicha oila, bolalar va ayollarning himoyachisi, Ko‘k Tangrining rafiqasi bo‘lgan iloha, oqqush qiyofasida tasavvur qilingan.
* Ko‘k Tangri – qadimiy turkiylar e’tiqodi bo‘yicha ulug‘ Tangri, yer, osmon, jami mavjudotni yaratgan qodiri qudrat, burgut qiyofasida tasavvur qilingan.