Zuhra Mamadaliyeva. Olam xotirasi (hikoya)

U odatdagiday lohaslanib o‘rnidan turdi va derazani ochdi. Erta bahorning tong shabodasi zax xonaga yopirilib kirdi. Garchand havoda namxushlik, salqinlik ufurib turgan bo‘lsada, bahor tarovati qishning qahrini sindirgani aniq edi. Osmon ham ajib musaffo, gardsiz niliy rangda edi. U madorsiz nigohlarini ko‘pqavatli binoning ro‘baro‘siga qaratdi. Undagi tap-taqir yerda yolg‘iz o‘sib, kurtak ochayotgan o‘rik daraxti, uning poyida nish urayotgan barra maysalarni ko‘rib, beixtiyor jilmayib qo‘ydi. Kayfiyatiga zid ravishda bahor tarovati uning ko‘ngliga ham kirib kelayotganligini tuydi. Lahzalik ta’sirlanish oylar, balki yillar bo‘yi o‘ylab yurgan qaroriga ta’sir etmasligi uchun shu bugunoq ishga kirishishga ahd qildi. So‘ng sekin vannaga borib, ilmiliq suvga yuzini yuvdi. Esiga qishlog‘idagi buloq tushdi. Bu buloq qachonlardir, uning bolalik, yigitlik chog‘ida to‘lib oquvchi anhorga quyilardi. Endi esa, o‘zanidan ayrilgan ariqday, bir-ikki hovliga oqib kiradi-yu, madori qurib, tuproq qa’riga singib ketadi. Buni u o‘tgan yili – oxirgi marta qishlog‘iga borganida ko‘rgan edi. Artinib, oshxonaga kirdi. Tunuka choynakni to‘ldirib gazga qo‘ydi. Qaynagach, choy damladi. Qayedadir qotgan buxanka non bor edi. Ha, mana dasturxonning orasida ekan. Oldi. Azbaroyi choy ichgisi kelganligi uchun emas, o‘ylagan niyatiga yetgunga qadar holdan ketib yiqilmaslik uchun tamaddi qilishi kerak edi. Non xaltaning ichidan ikki-uchta parvarda, konfet topdi. Ular bilan qo‘shib, nonushta qildi. Qiziq, choy ham ajib xushxo‘r, qishda tobi qochib qolganida termosga damlab qo‘ygan choyiga o‘xshamasdi. Unda tozalik, muloyimlik bor edi. Qishning nafaqat havosi, balki suvida ham uning qahri namoyon, ko‘klamning tarovati esa suvida ham bilinar ekan-da. Choy bilan tanasiga quvvat kirganday his etdi-yu, o‘rnidan turdi. Dasturxonni derazasining tokchasiga qoqdi. Nonning qolganini yana dasturxonga o‘radi. Uni avaylab non xaltaga soldi. Keyin yotoqxonaga qaytib kirdi. Shkafning pastki tokchasini ochdi. Unda chang bosib ketgan alvon tusli katta fotoalbom turardi. Uni ocharkan, ko‘z oldida yoshligi gavdalandi. Dastlabki sahifadagi munchoq ko‘zli bolakay – uning o‘zi. Ikki-uch yasharlik payti. Keyingilari yilma-yil olingan. Maktab, texnikum, oliy o‘quv yurti davrlari. Undagi suratlarga qarab, o‘sha zamonlarga qaytganday, o‘sha kunlarni ko‘rganday bo‘ldi. Xayolan olis yillar oftobida kuydi, sovug‘ida junjikdi. Yuziga yomg‘ir tomchilari tegdi, xazonlar yuzini siypalab tushdi, bodom gullarining iforiga to‘yindi, tuproq hidlarini tuyganday bo‘ldi.
Mana u texnikumni bitirib, uzoq qishloqqa yo‘llanma oldi. Baland tog‘lar bag‘ridagi kaftdekkina qishloq. Aholisi nari borsa yigirma besh-o‘ttiz xonadon chiqadi. Loysuvoq tomli uylar orasida ikkita oqlangan bino bor. Birinchisi qishloq vrachlik punkti, ikkinchisi – maktab. Baland tog‘lar atrofi cheksiz kenglik. Uning dastlabki o‘quvchilari soddagina qo‘ychivon bolalar edi. Ota-onalar o‘qituvchini pir tengi, avliyo qatori ko‘rishardi. Shuning uchun bolani maktabga obkelib, uning qo‘liga topshirisharkan, “eti Sizniki, suyagi bizniki”, deyishardi. Biroq u madaniyatli yigit edi, qo‘liga erk bermadi. Bolalarga yaxshi gap bilan o‘qimishli bo‘lishning foydalarini tushuntirdi, ozodalik, tartib-intizomga o‘rgatdi. U birinchi o‘quvchilari suratlarini ko‘rarkan, ularni birma-bir esladi. Mana Sa’dullayev Murod. Birinchi sinfni bitirgunicha yozishni bilmasdi. Bunisi Toshpo‘latova Aziza. Maktabga qo‘g‘irchoq olib kelardi. Onasi cho‘pdan yasab, ko‘ylak kiygizib bergan qo‘g‘irchoq. Mana bunisi Rahimov Sobir. Uni maktabga opasi Nodira opkelardi. Har kuni. To to‘rtinchi sinfni bitirgunicha. Ukasini qo‘lidan ushlab olardi. Xuddi bir narsa xavf solayotganday. Avval qishloq ahli bundan ajablanib, yoppasiga qiziqishdi. “Nodira bilan yosh muallim o‘rtasida biron nima bor”, deb o‘ylashdi. Pana-pastqam joylardan, maktab derazalaridan yashiriqcha poylashdi. Hatto qishloq yigitlari muallimning boshpanasiga – yakka o‘zi yashaydigan Norxol kampirning uyiga borib, uni qiyin-qistovga olishdi. Bu xil kuzatuvlar foyda bermagach, ularni tinch qo‘yib, yangi ermaklarga andarmon bo‘lishdi.
Rostdan Nodira bilan o‘zi o‘rtasida hech nima yo‘q edi. Nodiraning boshqa qishloq qizlaridan farqi ham yo‘q edi. Burma yoqa ko‘ylak, to‘pig‘igacha tushadigan lozim kiyib yurar, ko‘ksini oddiy to‘nog‘ich bilan qadab qo‘yardi. Mayda o‘rilgan sochining uchiga paxtadan jamalak taqilgan bo‘lardi. Boshida baxmalnusxa do‘ppi. Qoshlari qalin va tartibsiz. Qiyiqroq ko‘zlari hayo bilan yerga termulgan. Ustini mayin tuk qoplangan to‘q qizil lablari mahkam qimtilgan. Qoracha yuzida, yonoqlarida yosh muallimni ko‘rgan payt bir ollanish paydo bo‘ladi…
O‘quvchilarining onalari tansiqroq taom qilishsa, o‘qituvchilariga – Norxol kampirnikiga chiqarishardi. Rahimov Sobir esa kun ora, kunin, ba’zan kunda ikki mahal ustozining boshpanasida paydo bo‘lar, qo‘lida ustiga issiqqina kulcha bostirilib, dasturxonga o‘ralgan suyuqmi, quyuqmi ovqat bo‘lardi. Muallim bu ovqatlarni yerkan, unda Nodiraning qo‘llari taftini sezganday, mehrini tuyganday bo‘lardi. Sobirga ham alohida mehr qo‘ygan, uni boshqa o‘quvchilaridan ayro, ukasiday yaqin olardi.
Darslar tugab, Nodira maktabga keladigan payt bo‘lgach, muallimning yuragi qafasdagi qushday tipirchilay boshlardi. Gap-so‘zlar esa salom-alikdan nariga o‘tmasdi:
-Assalom alaykum!
-Valaykum assalom. Yaxshimisiz?!
Shu to‘rt yil mobaynida Nodira bir marta uch kun maktabga kelmadi. Bu kunlar ichida darslar tugar mahali muallimning kayfiyati yomonlashib, yuragi g‘ash bo‘lardi. Biroq Sobirdan “opang nega kelmayapti?” deb so‘rashga botinolmadi. Shu uchtagina so‘z uning tilidan chiqishi mahol bo‘ldi. Qishning so‘nggi sovuq kunlari edi. Sinfxonadagi zax rutubat pechkada yonayotgan ko‘mir hidiga aralashib ketgan. Bolalar sinf burchagidagi mixlardan ustki kiyimlarini olib kiyisharkan, toza havoga chiqishga oshiqishardi. Muallim Nodiraning bugun ham kelmasligiga ishonch hosil qilib, o‘quvchilari tomon yurdi. Shu payt Sobirning qo‘shnisi Aziza mixda osilgan qizil paltosini olarkan, unga qarab:
-Opang hali ham tuzalmadimi?–deb so‘radi. Bu savol bilan qizaloq muallimining og‘irini yengil qilganligini bilmasdi.
-Yo‘q, haliyam tumovi yozilmadi,-dedi Sobir kattalarga xos ohangda paltosining tugmalarini qadarkan. –Ertaga keladi.
O‘qituvchi yengil tin oldi. Ertasi kuni Nodira keldi. Ustiga otasining choponini kiyib olgan. Boshida onasining shol ro‘moli. Yuzi biroz oqarinqiraganini aytmaganda, hech qanday o‘zgarish yo‘q.
-Yaxshi bo‘b qoldingizmi?–so‘radi muallim ming bir istihola bilan.
Nodira muallimning yuziga “yalt” etib qaradi. Keyin ko‘zlarini yerga tikib “Shukur, rahmat!” dedi.
Muallim birinchi o‘quvchilarini uchirma qilgan yili Nodirani qo‘shni qishloqqa unashtirishdi. O‘sha yili yozda esa muallimni boshqa maktabga o‘tkazishdi… Olis xotiralar jo bo‘lgan suratlarni ko‘zdan kechirarkan, muallim bunday imkoniyatlarni bir necha bor qo‘ldan chiqarganligini angladi. Lekin… o‘sha Rahimov Sobirning opasi – qorachadan kelgan, jamalaksoch Nodira haqidagi esdaliklar o‘sha o‘quvchilarining suratlari kabi qadrdon edi.
U og‘ir qadamlar bilan bir paytlardagi ish kabinetiga kirdi. Kitob javonining yoniga bordi. Xona to‘rini butkul egallagan kitob javonining yonida yozuv stoli turardi. U javonning eshigini ocharkan, unda kimyoviy elementlarning maketlari ko‘rindi. Orqasida ilmiy va badiiy kitoblar. U kitoblarga qarab, chuqur bir xo‘rsindi-da, yana yotoqxonasiga qaytib kirib, alvonrang albomni varaqlashda davom etdi.
Olti yil qishloq maktablarida dars berganidan so‘ng u universitetning kimyo fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘qish davrida kimyo-texnologiyalari institutida avval laborant, so‘ng assistent bo‘lib ishladi. Aspiranturaga o‘qishga kirgach, kichik ilmiy xodim lavozimini oldi. Ustozlari uning kelajagini porloq hisoblashardi. O‘zi ham iqtidoriga ishonardi. Xullas, hammasi joyida edi. Faqat… faqat u jamoaga hech qo‘shilib ketolmasdi. Tortinchoqligi sabab bayram-tadbirlarga deyarli qatnashmasdi. Do‘stlari, tanishlari yo‘q hisob edi. Faqat Ziyodulladan boshqa. Ziyodulla esa uning butunlay aksi edi. Quvnoq, kirishimli. Har qanday davraning guli bo‘la olardi. O‘ziyam kelishgan yigit. Ko‘zlari kulib turardi. Qaddi-qomati barvasta. Yonoqlari qip-qizil. Haqiqiy qishloq yigiti. Bir bo‘limda ishlaganlari sabab bor-yo‘g‘i besh-olti yosh katta bo‘lsa-da, unga “ustoz” deb murojaat qilar, shunga yarasha muomalada bo‘lardi. U ham Ziyodullaga baholi qudrat yordam berib turardi.
Bir kuni yarim kechasi yotoqdagi xonasining eshigi taqqilladi. Uyqusirab chiqsa, koridorda Ziyodulla turibdi. Rangi bir ahvol. Ko‘zlarida yosh. Ustozini ko‘rib, dodlagancha uning quchog‘iga o‘zini otdi.
-Onajonimdan ayrilib qoldim, ustoz, onajonimdan! O‘zi yemay, menga yedirgan onajonim yo‘q endi!
U avvaliga karaxt bo‘lib qoldi. Qishlog‘ida qolgan, har safar borganida avvalgidan-da kichrayib, yuzi so‘lg‘inlashib borayotgan o‘zining onasi ko‘ziga ko‘rinib ketdi. Quchog‘ida hiqqilayotgan Ziyodullani bag‘riga mahkam bosib “bandalik, bandalik…” dedi zo‘rg‘a.
-Ha, rahmat, rahmat!–Ustozining bag‘ridan chiqarkan, Ziyodulla xijolatomuz:
-Aka, shu qarz berib turolmaysizmi, onamni ko‘mishga, ma’rakalarga… Uydagilarning mendan boshqa ishonganlari yo‘q, – dedi.
U boshini egib, xonasiga kirib ketdi. Topganini olib chiqib berdi.
Ertasi kuni jamoa bilan birga Ziyodullaning uyiga bordi. Poytaxtga yaqin bo‘lsa-da, tuproq ko‘chali qishloqqa borishdi. Yo‘ldagilardan so‘rab, pastakkina tomli hovliga kirishdi. Hovlidan ayollarning past ovozdagi yig‘isi eshitilib tursa-da, uyda motamxonaga xos og‘ir va mungli sukunat hukmronlik qilardi. Motam libosidagi bir necha ayol ularni ko‘rib “onam”lab ovoz chiqardi. Ichkaridan uniqibroq qolgan do‘ppi, chopon kiygan, beli bog‘liq Ziyodulla chiqib keldi. Uning ko‘zlari qizargan, qovoqlari shishgan. Ko‘rinishi qayg‘uga botgandan ko‘ra nimadandir noroziga o‘xshab ketardi. Hamma bilan quchoqlashib hiqillarkan, ko‘z yoshlarini qo‘ynidagi sarg‘ayib ketgan oq ro‘molga (onasiniki bo‘lsa kerak) artib olardi. Ustozini bag‘riga bosib, “haliyam borligingiz, aka, yo‘qsa sharmanda bo‘lardim. Onamning o‘limligi ham yo‘q ekan!”, dedi. Ziyodulla garchi past ovozda gapirgan bo‘lsa-da, u xijolat tortib, yon-veriga qaradi. Xayriyat, hech kim eshitmabdi. Ziyodulla yana uni bag‘riga bosib “Yaxshilik kunlaringizda qaytaray, aka, to‘ylaringizda…” deb ming‘illadi xokisorlik bilan.
Uch kundan keyin Ziyodulla ishga avvalgidan-da hushchaqchaq holda keldi. Onasining ma’rakalarini o‘tkazib, farzandlik burchini bajardi. Ziyodulla endi ustoziga avvalgidan ham yaqinroq bo‘lib, uning ilmiy ishiga, tajribalariga ham aralashib turardi.
-Dissertatsiyangiz tasdiqdan o‘tganmi? – so‘radi u bir kuni laboratoriyada.
-Yo‘q. Hali tajribalar natijasi noma’lum bo‘lganligi uchun…
-Hmm! Unda tezlashtirish kerak, aka!
Shu yil Ziyodulla Moskva kimyo-biologiya institutining aspiranturasiga kirdi. Ko‘pchilik uning bunday muvaffaqiyatga erishganligidan hayron bo‘lmasa-da, aynan Moskvaga ketganligidan ajablanishdi. Shunda ham u ustozini unutmadi. Har kelganida xabar olib turdi. Tajriba natijalarining muvaffaqiyatli chiqqanligini eshitib, xursand bo‘ldi. “Endi himoyani tezlashtiring, aka!” deb maslahat berdi. U ham aynan shunday qilmoqchi edi. Biroq dissertatsiya mavzulari tasdiqlanadigan tashkilotda bunday mavzu allaqachon tasdiqdan o‘tganligini aytishdi.
-Bo‘lishi mumkin emas,-dedi uning ustozi bo‘lmish keksa akademik.–Men Ittifoqning barcha institutlardagi ishlar bilan tanishman. Bunday mavzuda ish olib borilishi mumkin emas.
-Uzr, domla. Mavzu allaqachon tasdiqlangan. Himoya kuni ham belgilangan, – dedi nufuzli tashkilot xodimi yelka qisgancha.
Ana shu voqeaga ko‘p o‘tmasdan uning qadrdon ukasi Ziyodulla Moskvada aynan shu mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Shundan keyin… ilmiy rahbari uni yoniga chaqirdi. Bir umr ilm yo‘lida yurgan, boshqa yo‘lni tasavvur ham qilolmagan keksa akademik qadrdon laboratoriyasidagi yozuv stoli qarshisida boshini egib o‘tirar, qalam ushlagan qo‘llari asabiy qaltirardi.
-Meni kechiring,-dedi u shogirdiga qaramasdan shikasta ovoz bilan.–Shuncha yil umringizni bekor o‘tkazdim.
Uning bo‘g‘ziga bir nima tiqilganday bo‘ldi. Ko‘zlariga yosh keldi. O‘zini zo‘rg‘a tutdi.
-Sizning aybingiz yo‘q, domla,-dedi u ham ustoziga qaramasdan. Uning ham ovozi qaltirab chiqdi.
–Hammasiga o‘zim aybdorman.
So‘ng nima deyayotganini deyarli idrok qilmasdan gapira boshladi:
-Men… menga boshqa mavzu bering. Boshidan ishlayman. Tez orada bitiraman! Himoya qilaman! Mana ko‘rasiz!
Ilmiy rahbari unga mamnun holda qaradi. Lekin bu so‘zlariga uning o‘zi ishonmasdi. Biroq tajribasi qo‘l kelibmi, yoki ustoziga bergan so‘zi uchunmi, avvalgidan-da shahd bilan ishladi. Uch yilga qolmay, ishni himoyaga qo‘ydi. Ustozining maslahati bilan dissertatsiyani mukammallashtirib, chuqurlashtirdi. Amaliy ahamiyatini kengaytirib, doktorlik darajasiga olib chiqdi. Endi uning o‘zi ham katta olim, rahmatli ustozining o‘rnida bo‘lim boshlig‘i, professor bo‘ldi. Chet ellarda bo‘ladigan konferentsiyalarda ma’ruzalar o‘qidi. Qator shogidlar chiqardi. Biroq biror marta bo‘lsin haliyam Moskvada ishlaydigan qadrdon ukasi, shogirdi Ziyodulla bilan tasodifan bo‘lsa-da, uchrashib qolmadi. Har safar Moskvaga borganida Ziyodulla ko‘rinmas, konferentsiyagagina emas, “kasal bo‘lib” ishga ham kelmagan bo‘lardi…
U lablarida tanish tabassum jilvalangancha bir qo‘li bilan dasturxondagi shisha qadahni tutib, bir qo‘li bilan akasini quchib turgan Ziyodullaning suratiga qarab kulib qo‘ydi.
Nomzodlik himoyasidan biron yil o‘tgach u uylanmoqchi bo‘ldi. Yoshi o‘ttizdan oshib qolgan, buning ustiga navbati kelib, ishxonadan uy berishgan edi. Endi uylanmasa bo‘lmas. O‘simliklar kimyosi bo‘limidagi laborant qiz unga ma’qul edi. Qiz Rahimov Sobirning opasi Nodiraga umuman o‘xshamasdi. Unda shaharliklarga xos bo‘lgan hushbichimlik va nazokat bor edi. Mo‘ychinak bilan terilgan qoshlari qayrilma. Ko‘zlari katta-katta. Yuzi oppoqqina, labining ikki burchagida kulgichi bor edi. Sochlarini yig‘ib, orqaga qayirib yurardi. Oq xalatining tagidagi kalta yubkasi-yu, ixcham koftasi o‘ziga yarashgan. Xullas, go‘zal bo‘lmasa ham xushro‘ygina. Qiz tomonga ham kuyovning o‘zini eplaganligi, shahar joyda o‘z uyi borligi ma’qul kelibdi. Institut oshxonasida ixchamgina to‘y bo‘lib o‘tdi. Mana bu suratlar o‘sha to‘yda olingan. Kelin oq libosda. Boshida oq fata. O‘ng qo‘li bilan kuyovni ushlab olgan. Yupqa lablarida tabassum jilvalanadi. O‘zining ham ko‘zlarida baxtiyorlik akslari.
Kelin bo‘lmish orastagina ekan, jajjigina xonadonni chinni chiroq qildi. Har kuni ertalab kelin-kuyov birga ishga borishadi. Kechqurun ro‘zg‘orga ul-bul xarid qilib, birga qaytishadi. U kiyimlarini almashtirib chiqquncha oshxonada “jaz-buz” bo‘ladi. Xullas, uning hayoti bir tekis, ko‘ngilga hush yoqadigan darajada osoyishta o‘tardi. Anchadan beri kutib yurgan kunlar kelganday edi. Bunday osoyishtalik bir yil davom etdi. Endi bu osoyishtalik chaqaloq yig‘isi bilan almashinishi kerak edi. Lekin bunday bo‘lmadi.
-Bugun vrachga boramizmi?–so‘radi bir kuni ertalab xotini. Uning ovozida asabiylashish bor edi.
-O‘zingiz borib-kelavering, dedim-ku.
-Faqat shunday deysiz. Bir o‘zimga bog‘liqmas-ku bu, – xotinining qovog‘i solindi. Ovozi titrab chiqdi.
-Avval o‘zingiz boring. Nima gapligini biling. Qolaversa, hali “tekshir-tekshir”ga erta emasmi?!
Xotini zarda qilib eshikni qarsillatib yopib chiqdi. Erini kutmadi.
U tushlikka xotinini chaqirish uchun bir qavat pastga tushdi. Xotini ishlaydigan laboratoriyaga yaqinlashdi. Dahlizga kirar-kirmas ichkaridan ayollarning gap-so‘zlari baralla eshitilardi. Beixtiyor to‘xtab qoldi. Xotini birga ishlaydigan ayolga hasrat qilardi.
-Do‘xtirga yuring desam, bormaydi,-yig‘lamsirab chiqardi xotinining ovozi.–“Hali vaxli”, deydi. Vaxlisi qoptimi, qirqqa qarab ketvotti. Manam yosh bo‘lmasam.
-Rost aytasiz, aylanay,-derdi ayol kishining ovozi.–Har qanday erkak, men Sizga aytsam, uylangandan olti oydan keyin xotini yukli bo‘lmasa, o‘zini yashiriqcha, albatta, tekshirtiradi. Kasali bo‘lmasa, katta-katta gapiradi. “Ayb” o‘zida bo‘lsa, xotiniga mahkam yopishib oladi, aylanay. “Seni yaxshi ko‘raman!” deydi. “Menga bola kerak emas!” deydi. Sizning eringizga o‘xshab “hali vaxli” deydi! Xullas, har balo deydi, o‘rgulay. Bu erkaklar-chi, o‘lguday ayyor bo‘ladi, hm!
-To‘g‘ri aytasiz. Man o‘zi unga o‘lib turganim yo‘q. Bola uchun tekkanman, bilasiz. Bo‘lmasa, bu qishloqini boshimga urarmidim?!
U ichkariga kirmasdan qaytib ketdi. Yolg‘iz tushlik qildi.
Ertasi kuni er-xotin shifokor qabuliga borishdi. Uning ishi tez bitdi. Qo‘lidagi qog‘ozni o‘ynagancha dori hidi anqib turgan koridorda xotinini kutib o‘tirdi. Xotini ancha kuttirdi. Bir payt nimqorong‘u koridorning narigi burchagidagi eshik ochildi. Xotini chiqdi. Juda sekin, mayda qadamlar bilan yurib keldi. Go‘yo uni ko‘rmayotganday yoniga og‘irgina cho‘kdi. Lom-mim demadi. Rangpar yuzi nimqorong‘uda undan-da za’faron ko‘rindi. Ancha sukutdan keyin uyqudan uyg‘onganday birdan so‘radi.
-Do‘xtirga kirdizmi? Nima dedi?
-Soppa sog‘ ekanman.–U qog‘ozni xotiniga uzatdi.
Xotini qog‘ozni oldi. Unga uzoq tikildi. Keyin ohista “ketdik” dedi. So‘ngra go‘yo gap orasida aytganday “Mengayam sog‘san, dedi”, deb qo‘ydi.
Shu bilan oilada farzand ko‘rish haqidagi suhbatlar, tortishishlarga barham berildi. Hech kim shifokorga qaytib bormadi. Avvalgiday er-xotin ishga birga borib-qaytishar, ro‘zg‘or qilishar, dam olish kunlari birga shahar aylanishardi. Bu osoyishta hayot naq o‘n yil davom etdi. Bir kuni uning xotini og‘rib qoldi. Oddiy tumovdan boshlangan kasallik uzoq davom etdi. Xotini mana shu uyda, mana shu yotoqda yotgan kuyi uning qo‘lini ushlab, xasta ovozda:
-Meni kechiring,-dedi.
-Hali yaxshi bo‘b ketasiz,-xotiniga tasalli berdi u.
-O‘sha kuni Sizni aldagandim,-xotini beholgina ko‘zini yumgandi, ikki tomchi yosh mijjalaridan yumalab tushdi. Ko‘zini ochmay gapida davom etdi.–O‘sha kuni do‘xtir… menga … “hech qachon ona bo‘lolmaysiz”, – degandi.
-Mayli, hechqisi yo‘q,-dedi u xotining qo‘lidan ushlab o‘tirgan kuyi zo‘rg‘agina.
-Nima?–xotini ko‘zlarini katta ochib, tirsagiga tayangancha birdan boshini ko‘tardi.–Bilarmidingiz?
U so‘zsiz bosh irg‘adi…
Hayriyatki, kasallik o‘tkinchi bir dard ekan. Xotini uzoq yashadi. Baribir, o‘tgan yili tashlab ketdi. O‘shandan beri u yolg‘iz. U alvonrang albomdan suratlarni ajratib oldi. So‘ng avval suratlarni, so‘ngra esa albomning o‘zini ham yoqib yubordi.
U javon yonida turgancha kitoblarini ikkiga ajratdi. O‘ng tomonga badiiy, chap tomonga ilmiy asarlarni qo‘ydi. Kitoblardagi o‘zi bilan bog‘liq qaydlar, estaliklar, raqam va sanalarni shtrix degan oq bo‘yoq bilan bitta-bitta o‘chirib chiqdi.
Ertasi kuni ertalab maktab kutubxonachisi keldi. To‘lagina, dalli-g‘ulli ayol ekan. U kutubxonachiga maktab uchun barcha badiiy kitoblarini sovg‘a qilishini aytdi. Kutubxonachi bu qadar saxovatdan sevingandan sevindi. Kitoblarni ko‘rib, ko‘zlari yashnadi. Qarsak chalganday qo‘llarini bir-biriga urib qo‘ydi. “Qanday yaxshi, qanday yaxshi!” deb mo‘ysafidga minnatdorchilik bildirdi. Kutubxonada uning kitoblari ko‘z qorachig‘iday saqlanishi, uni nomi ham shu kitoblari kabi o‘quvchilar yodida xotirlanishini aytganda, mo‘ysafid uni to‘xtatdi va shartini bayon etdi. Kutubxonachi hayron qoldi. Ajablanganligini bildirmaslik uchun tez-tez gapirib, o‘zi bilan olib kelgan neylon ipga kitoblarni ustma-ust qilib bog‘ladi. So‘ng kitoblarni o‘quvchilarga ko‘tartirgancha, tezgina xayrlashib maktabga yo‘l oldi.
Tushdan keyin kimyo-texnologiyalari institutining kutubxonachisi keldi. U yoshi elliklarga yaqinlashib qolgan erkak edi. U mo‘ysafidga “domla” deb murojat qildi. Uni o‘sha institutda ishlagan paytlaridan tanishini, hurmat qilishini aytdi. Bu kutubxonachi ziyolilar bilan ishlagani uchunmi, har qalay og‘ir-bosiq ekan. Kitoblarni sipolik bilan qabul qildi. Keksa olim unga shartini aytganda, u ham hayron qolib, bunday qarorga kelishining sababini so‘radi. Mo‘ysafid mavzuni boshqa tomonga burdi. Kutubxonachiga sir bermadi. Bu kutubxonachi ham oxiri taslim bo‘ldi. Keksa olimning kitoblarini qog‘oz qutiga solgancha, avaylab mashinasiga joyladi. Unga minnatdorchilik bildirib, xo‘shlashdi.
U ishining navbatdagi bosqichiga o‘tdi… Qog‘ozbozlik ishlari o‘zi kutganday bir necha kunni oldi. Nihoyat, eng oxirgi ish qolgandi. Buyuk Britaniyaga viza to‘g‘riladi. Bu kunlar orasida u o‘z fikrimdan qaytib qolmay, deya xayolini boshqa tomonga chalg‘itmadi. Tanganing ikkinchi tomonini ko‘rishni xohlamadi. Butun diqqatini maqsadga qaratdi.
U aeroportga yo‘l olarkan, o‘zi o‘ttiz yillab har kuni ishga borgan ko‘chaga sog‘inch bilan termuldi. Daraxtlar kurtak yozib, yaproq chiqarayotgan, olam yana yashillikka burkanyotgan pallalar edi. Uning ichidan bir xo‘rsiniq keldi. Go‘yoki uzoq yil birga turmush qurgan xotini ortidan ko‘zida yosh bilan qarab qolayotganday tuyuldi. Xayolida xotinining – uzoq yillik umr yo‘ldoshining so‘nggi kunlari gavdalandi. O‘shanda u uyiga kelgan professor vrachni kuzatib qaytayotgan erining ko‘zlariga nigoron termulgandi. Unda umid uchqunlarini ko‘rmadi shekilli, chuqur “uh” tortdi. So‘ng erini yoniga chaqirdi.
-Sizni bir umr “dadasi” deyishni orzu qildim,- dedi ayol eri yoniga o‘tirgandan so‘ng.
-Yana o‘sha gapmi, qo‘ysangiz-chi…- u xotinining fikrini chalg‘itmoqchi bo‘ldi. Esingizdami, Hamza teatriga tomosha ko‘rgani borganimiz. Yangi kelin-kuyov edik…
-Gapimni bo‘lmang, iltimos…- ayolning so‘lg‘in yuzida qat’iyat akslandi. Hatto xastalangach, salga namlanadigan ko‘zlari ham quruq edi.
-Siz meni deb… farzandsizlikka ham chidadingiz. Lekin… endi… yolg‘izlik azoblari qiynab qo‘ysa… shunday bo‘lishi aniq… bir tan mahram… kerak sizga!
-E-ey, nima deyapsiz?!- astoydil qarshilik bildirdi u.
-Iltimos, gapimni eshiting… shunday qilsangiz, o‘zimni ortiq ayblamayman. Sizdan rozi bo‘laman!
-Ha, yaxshi, yaxshi…- dedi u bemor ayolini ortiqcha urintirmaslik uchun va gapni hazilga burib, kulimsiradi:
– Sizni rozi qilish uchun… uylanaman.
Shu suhbatga hech qancha vaqt o‘tmay, xotini omonatini topshirdi. O‘shanda uning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib yurdi. Ayolining liboslariga, o‘rniga, ashyolariga qarab, u bilan o‘tgan qadrdon xotiralarni eslab, ko‘ngli buzilgani buzilgan edi. Biroq rafiqasining “qirq”i o‘tgandan keyinoq, texnikumni bitirib, birinchi marta o‘qituvchilik qilgan o‘sha tog‘ bag‘ridagi so‘lim qishloqqa yo‘l oldi.
Qishloq tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgargan, unda birorta loysuvoq tom, oqlanmagan bino qolmagandi. O‘zi bir paytlar ishlagan maktab binosni tag-tugi bilan buzib, o‘rniga ikki qavatli, chiroyli yangi maktab qurishibdi. U bu binoga havas bilan termularkan, o‘ziga tanish xotiralar maktabning o‘sha ko‘mir hidi anqib turadigan sinfxonali eski binosi bilan birga yo‘qlikka singib ketganligini his etdi. Mo‘ysafidning birinchi o‘quvchilari – hamon qishloqdan chiqmagan to‘pori erkaklar ham unga – zamonaviy keyingan olifta cholga qandaydir yotsirash bilan, hatto anqovsiraganday termulishar, uzoq vaqt tushuntirishlardan so‘ng “iye, domlajon” deb zo‘r-bazo‘r quchoq ochishardi. Rahimov Sobir ota-onasi vafotidan keyin oilasi bilan viloyat markaziga ko‘chib ketibdi. Tabiiyki, uning opasidan ham hech qanday xabar topishning imkoni bo‘lmadi… Shundan so‘ng u boshqa oila qurishni xayoliga keltirmadi.
Uni o‘z bag‘riga olgan ulkan temirqanot qush shovqin ko‘tarib, osmoni falakka parvoz qildi. U samolyot “deraza”sidan “osmonu falak”ni tomosha qildi. Yonginasida oppoq bulutlar suzib yurar, osmon moviy-musaffo edi. Samolyot bir silkinib, odamning yuragini yordi-yu, keyin qushday yengil parvoz etdi. U suzib yurgan pag‘a-pag‘a bulutlarga qararkan, faylasuf do‘sti Omon Arslonovning “Olam xotirasi” haqidagi gapi yana esiga tushdi.
-Har bir inson kabi olamning ham xotirasi bo‘ladi, – degandi u bir kuni aspirantlar yotoqxonasining oshxonasida tushlik qilisharkan. O‘shanda har ikkalasi – Omon ham, o‘zi ham ilm yo‘liga endigina kirishgan, kelajakdan umidlari baland, yosh olimlar edilar.
-Bu xotirada olamning paydo bo‘lishidan to hozirgi kungacha, undan to intihogacha bo‘lgan voqealar, insonlar, ularning qalb tug‘yonlari, fikru a’mollari muhrlangan. Bu xotiradan hech nima faromush bo‘lmaydi. Go‘dakning qo‘g‘irchog‘ini yo‘qotib qo‘yib, yig‘lashidan tortib, qonxo‘r jahongirlarning qirg‘inlarigacha, yosh ijodkorning ilk mashqiga qarab, quvonishidan to Misr ehromlarining bunyod bo‘lishigacha hamma-hammasi jo bo‘lgan bu ulug‘ xotirada. Siz yoki men biror narsani, masalan, kimdir qachondir ko‘nglimizga bergan ozorni, yoki kimnidir xafa qilganimizni unutishimiz aniq, vaqtida abadiy tuyulgan muhabbat yoki nafrat kabi tuyg‘ularni, ongimizda favqulodda tug‘ilgan kashfiyotlarni, umr bo‘yi ishongan e’tiqodimizni unutishimiz mumkin, olamdan o‘tgach, hatto ilm bergan ustozimizni, oq sut bergan onamizni, qadrdon do‘stimizni esdan chiqarishimiz mumkin, lekin olam xotirasidan hech narsa o‘chmaydi, hech bir his faromush bo‘lmaydi, hech bir jonzot esdan chiqarilmaydi. Bu haqda shoir G‘afur G‘ulomning bir she’ri bor:
Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas,
Shunchalar mukammal xonai xurshid…
Alal-oqibat mahshar kuni mana shu xotira Yaratganning huzurida qayta tiklanadi. O‘shanda mana shu mukammal xotira asosida hech kimga zarra qadar zulm qilinmaydigan ajru mukofot tayinlanadi.
Bu so‘zlarning aytilganiga ham qancha yillar bo‘ldi. Uning sohibi, qiziqqon, jur’atli, ko‘zlari chaqnab turadigan yigit esa afsus, o‘sha navqironlikdan o‘tolmay, olam xotirasiga abadiy muhrlandi. Bir kuni kechqurun yotoqxonaga qaytayotganda, qandaydir shirakayf takasaltang mashinasi bilan urib ketib, halok etdi uni. Oh, Omon, Omon… omon bo‘lsa, qanday buyuk olim bo‘lardi. Dahriylik urug‘i urchib yotgan paytda u Yaratganni bilardi. Dunyodagi har bir xatti-harakatda U bilan uzviy bog‘liqlikni ko‘rardi. Ko‘zlarini yarim yumib, ko‘rsatgich barmog‘ini osmonga niqtagancha, ilohiyotdan vahiy qabul qilayotganday gapirardi. Adl qomatini ko‘rgan ko‘z yashnar, yoshgina bo‘lsa ham go‘yo butun vujudidan ilm nuri yog‘ilib turardi.
U ma’yus xo‘rsinib qo‘ydi. Samolyot hamon bir tekis uchar, uning salonidagilar o‘zlari bilan o‘zlari andarmon edilar. Ular xushbo‘y kakao va kofe kabi ichimliklarni ichib, sigaret va sigaralarni tutatishgancha yevropacha madaniyat va sipolik bilan o‘tirishar, “Sekiyu!”, “Pliyiz!” degan iltifotlar yangrardi. Go‘yo yeru osmon orasida arosatda muallaq turganilarini bilmaganday,..
U samolyotdan tushib, shahar aylandi. London. Bu havosi namxush, tuman bag‘ridagi shahar, Yevropaning go‘zal sanami u birinchi bor kelib-ketganidan so‘ng o‘tgan o‘n yil orasida o‘zgarib, yanada ko‘rkamlashgandi.
O‘shanda u navbatdagi konferantsiyaga kelgandi. Mustaqillikning ilk yillari edi, o‘shanda. Jahon ilmining bemisl yutuqlarini ko‘rib, hayratda qolganini yashirolmagandi u. To‘g‘ri, uning ham kashfiyotlari konferentsiya ishtirokchilarini qiziqtirgandi. Dengiz suvini chuchuklashtirib, ichimlik suviga aylantirish bo‘yicha hamkorlikka da’vat etuvchi takliflar ham bo‘ldi. Lekin o‘shanda u hamkorlikka shogirdlarini tavsiya etgandi. To‘g‘ri qilgan ekan. Yoshlarning ilmi kelajakda meva beradi. O‘zi esa… O‘shanda intiho ko‘ziga tobora yaqinroq ko‘rinayotgan, dunyo tashvishlari, ilm kashfiyotlari ham uni qiziqtirmagandi.
Lekin o‘shanda bir kashfiyot qilgandi o‘zi uchun. Konferentsiyaning ikkinchi kuni mehmonlarni dengiz bo‘yiga olib borishdi. U ummonni birinchi marta ko‘rib turgandi. Biroq uzoq ayriliqdan so‘ng ona bag‘riga kelgan farzandday hayajonlangandi o‘shanda. Ummon oppoq to‘lqinlarini uning poyiga poyandoz qilgancha lojuvard bag‘riga chorlagandi uni. Bu beg‘ubor ranglarning uyg‘unligiga termularkan, olam xotirasi haqidagi o‘sha tinch qo‘ymas xayollar chulg‘agandi uning xayolini. Uning tasavvurida shu paytgacha mavhumlikda jonlangan olam xotirasi mana shu ummon tasviri bilan yaxlitlangandi. Mana shu ummon o‘laroq his etgandi u olam xotirasini. Ummonday sokin va ayni paytda po‘rtanali. Ummon kabi go‘zal va ayni paytda xavfli. U ummon qirg‘og‘ida uzoq payt turib qolgandi o‘shanda. Qaniydi, hech kim indamasa-yu, olam xotirasi yanglig‘ bu ummon bilan olis-olis suhbat qilsa. Uning bag‘ridagi pinhon sinoatlar bilan o‘rtoqlashsa. Uning har bir zarrasini vujudida, charchab, tin olishni xohlagan ruhida tuysa. Bir farzand kabi uning dardlariga darddosh bo‘lsa. Oxir-oqibat… Biroq buning iloji yo‘q, zero, vaqt o‘lchovli edi.
U o‘shandan keyin hamkorlarining taklifi bilan yana ikki marta Londonga keldi. Shogirdlarining amalga oshirayotgan ishlaridan ko‘ngli to‘ldi, ba’zi joylariga qo‘shimcha kiritganday bo‘ldi. Yoshlarning g‘ayrati tufayli ko‘pchilikning og‘iri yengil bo‘ladigan kashfiyotlar amalga oshirildi. Biroq u ingliz zaminiga qilgan bu ikki tashrifida ham o‘zi intilgan uyg‘unlikka yetolmadi. Bugun esa… u kech kirib qolganligi uchun mehmonxonada tunadi. Begona joy, havoning namligi sababmi, yaxshi uxlolmadi. Ertalab yumshoq va dabdabali o‘rindiqda o‘tirib, achchiq qilib damlangan xushbo‘y ingliz choyini icharkan, tanasidan charchoq bilan qo‘shilib, tinim bilmas yillarning mashaqqati ham chiqib ketayotganligini his etdi.
Shogirdlarini ko‘rgisi kelsa-da, biroq qo‘l uzatsa yetgulik masofadagi laboratoriyaga bormadi. So‘nggi ilmiy xulosalarini pochta orqali ularga yubordi. So‘ng allanechuk xotirjamlik bilan kema sayohati uchun chipta oldi. Ummonga yaqinlasharkan, yoshi qaytib qolgan mo‘ysafidning sokin yuragi birinchi marta uchrashuvga chiqayotgan oshiqnikiday tipirchilardi. U umr bo‘yi orzu qilgan niyatiga yetmoqda edi – ummonning bag‘riga kirib borardi. Bu ummon deganlari tubsizu, chegarasiz suv bo‘lsa hamki, har lahzada bir go‘zallik baxsh etuvchi mo‘jiza ekan. O‘shanda u qirg‘oqda bu mo‘jizaning bir qismini ko‘rib, bir hayratlansa, hozir, uning bag‘riga kirib borarkan, har lahzada bir hayratiga o‘n hayrat qo‘shilib borardi. Ummon uning ko‘z o‘ngida ming bir tusda tovlanib, turlanardi. Tongda u kulrang-moviy tusda tovlanadi. Ummon bag‘ridan chiqayotgan quyosh uni qip-qizilga bo‘yaydi. Quyosh tikkaga kelganda ummon moviy rangga kiradi. Bu moviylik – beg‘uborlik osmoniy niliylik bilan huv anavi ufqda uyg‘unlashib ketadi. Go‘yo dunyoda hech qanday g‘ubor qolmaganday. Tunda esa bu cheksiz suv qop-qora bo‘ladi. Xuddi hadsiz qoramoy oqayotganday. Ba’zan kimyogarligiga borib, ummon suvidagi elementlar haqida o‘yladi. Qani endi laboratoriya bo‘lsa-yu, suvni tekshirib ko‘rsam, unda qanday elementlar borligini aniqlasam, deb xayol surdi.
Tunda suvning shovqiniga qaramasdan tinch va osoyishta uxladi. Tongda yuvina sola kemaning hovlisi bo‘lmish palubaga chiqdi. Mayin shabada esmoqda edi. Kema shiddat bilan ummonning ichkarisiga kirib borardi. Chag‘alaylar suvga to‘shini tekkizib uchar, ba’zan tumshug‘ida tipirchilayotgan kichikroq baliqlar bilan osmonga ko‘tarilardi.
Inson mana shunday paytlarda tabiat bilan bir butunligini, faqat uning bag‘ridagina baxtli bo‘lishi mumkinligini anglaydi. Uning shuurida olam xotirasi haqidagi fikrlar yana jonlandi. Uzoqlarda suzib yurgan yelkanli va yelkansiz kemalar o‘yinchoqday kichkina bo‘lib ko‘rinar, go‘yo tomoshabin ko‘ziga ataylab namoyish etilaytganday, yoxud xayolot bag‘ridan chiqib kelayotganday tuyular edi. U kema restoranida bitta qaynatilgan tuxum va bir chashka kofe bilan nonushta qilgan bo‘ldi-da, yana pulubaga chiqdi. Kema tumshug‘iga borib, uning suv yuzasida suzib borishini kuzatdi. Kema tumshug‘i o‘tkir pichoqday ulkan ummonni ikkiga bo‘lib, oppoq ko‘pik sachratgancha olg‘a intilardi. Kesilgan suv esa o‘ziga kelolmay to‘lg‘onar, undan hosil bo‘lgan to‘lqinlar ummon bag‘riga o‘zini ura-ura tarqab ketardi. Ana, qayerdandir paydo bo‘lgan ikkita delfin suv ichida raqsga tushishdi. Ular bir varakayiga osmonga sakrab, “qiy” degan ovoz chiqarib, o‘zlarini balanddan suvga otar, qichqirayotganda lablari tabassum qilganday yoyilar edi. Yevropalik tabiat shinavandalari bu tomoshani qarsaklar bilan kutib olishdi. Bir ozdan keyin bu ermak jonlariga tegdi shekilli, ichkariga kirib ketishdi.
Uchinchi kuni yomg‘ir tomchilay boshladi. Palubada hech kim qolmadi. Hamma kema ichiga o‘zini urgan, restoranda suhbatlashib, kofe ichayotgan yoki o‘z kayutasi darazasidan yomg‘irni tomosha qilib, dengizning chayqalishini eshitayotgan bo‘lishsa kerak. Faqat yolg‘izgina osiyolik mo‘ysafid kema panjarasiga tirsagini tirab, yomg‘irning ummonga yog‘ishini kuzatardi. Shiddat bilan yog‘ayotgan yomg‘ir ummon ichiga xuddi ona bag‘riga talpingan boladay tushar, har bir tomchi xuddi azaldan manbasiga intilgan zarradek talpinar, bu qatralar ummon bag‘riga tushgach, uning atrofida aylana paydo bo‘lar, bu aylana kattalasha-kattalasha yo‘qolib, tomchi dengiz bag‘riga mutlaq singib ketardi. Go‘yo hech qachon mavjud bo‘lmaganday. Osmondagi qop-qora bulut ummonga ham aksini tushirib, suv yuzini qoplagan edi.
U o‘zini ummon bag‘riga singib borayotganini tasavvur qildi. U mana shu bir tomchi yomg‘ir zarrasi kabi ummon bag‘riga – umr bo‘yi talpingan manbasiga osuda va sokin singib borardi. Uning atrofida ham yomg‘ir tomchisidagi kabi aylanalar hosil bo‘lar, bu aylana kattalasha-kattalasha yo‘qolib ketardi. U ham dengiz bag‘riga mutlaq singib ketadi. Go‘yo hech qachon mavjud bo‘lmaganday. Ha, u aynan mana shu holatni anchadan beri orzu qilardi. Bu haqda u anchadan beri o‘ylardi. Rahimov Sobirning opasi Nodira turmushga chiqqan o‘sha tun u bu haqda birinchi marta o‘ylagandi. O‘shanda u baland tog‘lar bilan o‘ralgan kaftdekkina qishloqchaning chekkasidagi boshpanasida – Norxol kampirning kulbasidagi hujrada yakka o‘zi to‘yning olisidan eshitilayotgan sadosini tinglab, isitma aralash alahlarkan, ummonni va uning bag‘riga o‘zini mana shunday singishini tasavvur qilgandi. Mana hozir ham ummonga termulib turarkan, xayolan boshdan oyoq ho‘l bo‘lib, dengizning sho‘r ta’mini tuygancha, go‘yo uning qa’riga cho‘kib borarkan, xuddi yomg‘irday, ona bag‘riga intilgan farzand kabi shiddat bilan singarkan, Nodiraning qorachadan kelgan yuzini, hayo bilan yerga termulgan qiyiq ko‘zlarini, qimtilgan to‘q qizil lablarini ko‘rganday bo‘ldi. U hozir qayerda ekan? Nima qilayotgan ekan? Hayotda bormikin o‘zi?
U esini tanibdiki, bir umr qaynoq hayot bag‘rida bo‘ldi. Bolalarni ilmu ma’rifatli qilishga intildi. Kimyogar bo‘lib, kishilarning og‘irini yengil qilmoqni o‘yladi. Onasini uning puli bilan ko‘mgan o‘sha olchoq Ziyodulla xiyonat qilganida u ikkinchi marta ummon haqida o‘yladi. O‘sha kuni mash’um xabarni eshitgan lahzada laboratoriyada edi. Eng oxirgi tajribalarini qayta tekshirib ko‘rayotgandi. Qo‘lidan probirka tushib, laboratoriyaning beton polida chil-chil singan paytda, uning ko‘ngli ham mana shu shisha probirkaday ming bir bo‘lakka bo‘lingan onda, qaltirayotgan qalbi kabi titragan qo‘li bilan stul suyanchig‘iga beholgani suyangan kuyi o‘rnidan turmoqchi bo‘lganida, uning xayoliga mana shu sermavj ummon kelgandi. Hatto uning sho‘r ta’mini tuyganday bo‘luvdi. O‘sha kuni kechqurun laboratoriyada o‘tira-o‘tira oxiri, yotoqxonadagi aspirantlarning achingannamo nigohlari ostida aybdor kishiday bosh egib, o‘z xonasiga kirib borarkan, dissertatsiyasi matnining har bir sahifasi ko‘z yoshlari bilan ho‘l bo‘lgan, xonasi devorlarini ojizgina mushtlari bilan beholgina mushtlagan, yozuv stolining sovuq qirrasiga sho‘rlik peshonasini tiragan, sim karavotni g‘ijirlatib, tun bo‘yi uxlolmay ag‘anib chiqqan o‘sha mash’um kechada ham mana shu ummon po‘rtanalari uning yuragidan oshib o‘tib, butun ruhiyatida g‘alayon qilgandi. Mana shu tubsiz musaffolik uni bu xiyonatkor dunyodan olib ketishi kerakligi haqida o‘yladi.
Biroq u baribir kuchli edi. Bu xayollarni yengib o‘tib, yana insonlarga mehr qo‘ydi. To‘g‘ri u endi kuchli muhabbat va ishonch shaklida bo‘lmadi. Shunchaki iliq mehr edi. Lekin mana shu iliqqina mehr ham ko‘p narsaga qodir ekan. Xotini unga uni deb emas, allaqanday mavhum narsani – hali tug‘ilmagan bolani o‘ylab turmushga chiqqanligini bilganida mana shu ummon to‘lqinlari yuziga urilgandek bo‘ldi. Xotini oldida o‘zining hech qanchalik qadri yo‘qligini bilgan o‘sha tushlikda, u institut oshxonasida taom emas, zahar yeb o‘tirarkan, mana shu ummonning qa’riga tobora shiddat bilan singib borayotganligini, havo yetishmay, nafasi qisayotganligini his etdi. U oshxonaga ummonning suvi shafqatsiz to‘lqinlari bilan bostirib kelayotganligini tuygandi. Lekin buni hech kim bilmasdi. Atrofdagilar o‘zi bilan o‘zi andarmon kulishib ovqat yeyishayapti. Faqat ugina ummonning moviyrang suvlari qayrilma to‘lqinlari bilan yuziga qayta-qayta urilganligini, u o‘tirgan stulni, stolni va ovqatlarni bosib o‘tib, o‘zini ham cho‘ktirib yubormoqchi ekanligini his qilardi. Ummonning sho‘r suvi uning nafasini qisib, ko‘zlarini achishtirgandi.
U o‘zining soppa-sog‘ ekanligini ichki sezim bilan bilardi. Buni xotiniga isbot qilmoqchi, keyin esa o‘sha musaffo olamga singib ketmoqchi bo‘ldi. Bu uning aldovlarga, aldov to‘la dunyoga qilajak isyoni edi. Biroq do‘xtirxonada, o‘sha dori hidi anqib turgan nimqorong‘u koridorda xotinining zabun holini ko‘rarkan, u hammasini kechirdi. Va o‘sha lahzada angladiki, hatto Ziyodullani ham kechirishi mumkin ekan. U o‘shandan beri xotinini ayashga, suyashga harakat qildi. Suyab, suyub keldi. Ayni paytda o‘zi ham unga suyandi. Biroq u ham o‘tgan yili bu g‘addor dunyoda uni tanho qoldirib, tashlab ketgach, butunlay yolg‘izlandi. Xuddi Momo Havvo yaratilmasdan oldingi Odam Atoning holiga tushdi. Olam ham xuddi jannatday bekamu ko‘st edi. Hamma o‘z ishi bilan andarmon. Ilm, hayot, taraqqiyot atalmish dunyoning azaliy harakati o‘zining to‘xtovsiz va shiddatkor yo‘lida odimlamoqda emas, uchib bormoqda edi. Faqat u zerikardi. Bunday hollarda ummon xayoli endi uni tez, juda tez, o‘ngida va tushida bezovta qilardi. Tez orada butun fikru yodini ummon xayoli band etdi.
U mana shunday bir holatda ummonni ko‘rdi. Ummon va olam xotirasi haqidagi fikrlari, tuyg‘ulari bir-biri bilan chirmashib, birlashib ketdi. U endi olam xotirasi va ummon haqida birday o‘ylaydigan bo‘ldi.
U molu davlatga ruju qo‘ymadi. Hatto dala hovlisini fan doktori bo‘lsa ham, to‘rt bola bilan ikki xonali uyda yashayotgan Sa’dulla ismli shogirdiga sovg‘a qildi. O‘shanda shogirdi ayoli bilan “biz bilan birga turasiz” deb yalinishgan, hatto majburlaguday bo‘lishgandi. Ko‘nmay to‘g‘ri qilgan ekan. Chunki o‘sha eng sevimli shogirdining ham keyingi paytda uning uyiga qadami siyraklashgan edi. Har zamonda yolg‘izgina chol yashaydigan kulbaga to‘lib-toshib kelishidan esa bu xonadonga uni ustoziga bo‘lgan mehrdan ko‘ra qarzdorlik ma’suliyati yetaklab kelayotgaligi bilinib turardi. U buni anglab borarkan, bunday tashriflarga uzil-kesil xotima yasadi.
Bir paytlar uning ko‘z o‘ngida qo‘liga probirka ushlashni o‘rgangan Sa’dulla ismli tirishqoq bola, yaqindagina kimyo-texnologiyalari institutiga direktor bo‘lgan professor Sa’dulla Temirovich egniga so‘nggi rusumdagi sipo kostyum kiyib, qimmatbaho atir hidlarini taratgancha, shofyoriga qog‘oz xaltalarni ko‘tartirib, allaqanday jonsaraklik bilan shoshib-pishib ustozining ziyoratiga keldi. Uning nigohlaridan, gap-so‘zlaridagi adashishlardan, ko‘zlaridagi xijolatpazlikdan iloji boricha bu ziyoratni tezroq yakunlab, allaqanday navbatdagi majlis yoki ilmiy simpoziumgami, oila davrasiga yoki ulfatlar ziyofatigami, xullas allaqayergadir ketishga shoshib turganligi namoyon edi. U buni butun vujudi bilan sezib turarkan, qisqagina suhbatga yakun yasadi. Shogirdini eshik oldigacha kuzatib borarkan, labida tabassum bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, qayta-qayta xayrlashayotgan shogirdiga iltijo bilan termuldi:
-Xonadoning tinch bo‘lsin, bolam. Ishlaringga omad bersin! Sendan iltimos, meni yo‘qlab boshqa kelmagin!
Sa’dulla Temirovich ilkis ustoziga qaradi. Uning nursiz ko‘zlaridagi iztirobga dosh berolmadi, shekilli, boshini quyi soldi. Shoshib-pishib uzr so‘ramoqchi bo‘ldi. U ishora qilib shogirdini to‘xtatdi:
-Sendan roziman. Menga obkeladiganlaringni uyingga obor. Hali qiz uzatishing, kelin olishing kerak. Mendan xotirjam bo‘l!
Shogirdning ko‘zlarida yosh qalqdi. Bir so‘z demay, boshini eggancha ustozinikidan chiqib ketdi… Eng afzal shogirdi uning hamma aytganini gap-so‘zsiz amalga oshirardi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Sa’dulla uni yo‘qlab boshqa kelmadi.
U ba’zan farzandi yo‘qligidan o‘kinardi. Bolam bo‘lganda, bu qadar yolg‘izlanmasmidim, derdi. Biroq nimadan o‘kinishni, kimdan xafa bo‘lishni bilmasdi. Yo‘q boladan ranjib bo‘lmaydi, chunki yo‘qlikdan xafa bo‘lishning foydasi yo‘q. Xudodan xafa bo‘lay desa, bunday hayotni o‘zi tanlagan. Baski, xotimani ham o‘zi tanlashga qaror qildi. Umr tizginini ilohiy iroda qo‘lidan olib, unga o‘zi nuqta qo‘yishga qasd etdi. Biroq bundan oldin ba’zi bir ishlarni bajarib olishga to‘g‘ri kelardi. Bu – uning o‘z nomini olam xotirasidan o‘chirish edi. U o‘z nomini olam xotirsidan o‘chirmoqchi va shuning barobarida olamga, uning xotirasi timsolidagi ummonga singib ketmoqchi edi. Bu uning unga nom bergan, shon bergan va lekin baxt bermagan olamga ham isyoni, ham muhabbatining ifodasi edi.
O‘shanda u Omonning hikmat bulog‘i bo‘lgan shahardagi xonadonida qonga belangan ko‘yi tanib bo‘lmaydigan ahvolda yotgan jasadini quchib faryod urayotgan onasiga, jasad atrofida girdikapalak bo‘lgan, motam libosi navnihol qaddini bukib turgan singlisiga qararkan, xayolan do‘sti bilan gaplashardi.
-Sen nohaq ekansan, Omon,- derdi u jasadi tilka-pora bo‘lgan yigitga murojaat etgancha. -Ulug‘ intizomda xato bor ekan. Xato bo‘lmasa, sen halok bo‘larmiding! Olam xotirasidan hech narsa faromush bo‘lmaydi, derding. Lekin o‘zing yaqinda faromush bo‘lasan. Bugun sen uchun o‘z jonini fido etishga tayyor onang, jonsiz jasading atrofida parvona bo‘lgan o‘zing kabi chehrasi ko‘rkam, qaddi mavzun singling, bir kun kelib seni unutishadi. Xuddi bu olamda bo‘lmaganingdek, seni xotirlashmaydi. Olam ham sen aytgandan farqli ravishda xuddi mana shu joni-jigarlaringdek, seni “esidan chiqaradi”. O‘zing ayt, olam xotirasi seni saqlashga arzigulik nimang bor? – deya shafqatsiz savolni berdi u bir paytlar ilohiyotdan vahiy qabul qiladiganday hikmat ila falakka ishora etilgan, hozir esa jonsiz yotgan qo‘llarga, pora-pora bo‘lgan jasadga termulgancha. – Farzanding, katta bir ishing yo‘q, u saqlab qoladigan. Sen aytganday, bu dunyoda har bir jonzotni saqlab qolaversa, olam xotirasi allaqachon to‘lib, qiyomat allaqachon qoyim bo‘lardi. Yo‘q, u faqat esda saqlab qolishga arziydiganlarnigina unutmaydi!..
Hozir u begona yurtda, ummon bag‘rida, kema palubasida turarkan, o‘n gulidan bir guli ochilmay ketgan do‘sti Omon bilan qilgan suhbatini, aniqrog‘i unga qilgan murojaatini davom ettirardi:
-Meni ham hech kim eslamaydi, meni ham olam xotirasi faromush etadi, Omon, mening ham sen kabi chirog‘imni yoqadigan hech kimim yo‘q. Qilgan ishlarim, chiqargan kitoblarim, kashfiyotlarim esa nari borsa, o‘ttiz, ellik yil odamlarga xizmat qilar. Keyin esa undan yaxshiroq kashfiyotlar amalga oshirilsa, odamlar mening ixtirolarim ustiga chiziq tortishadi. Xuddi men kitoblarimdagi o‘zim bilan bog‘liq qaydlarning ustiga chiziq tortganimdek. Shunday, Omon, shunday. Sen o‘zing aytgan fikrni o‘zingning bevaqt halokating bilan inkor etganing kabi men olam xotirasida xuddi odamniki kabi holatlar, voqealar, insonlar faromush bo‘lishiga ishonaman. Bunga Rahimov Sobirning qishlog‘idagi “hangoma” ham dalil bo‘la oladi. Ha, hatto men o‘sha yerda Nodirani ko‘rganimda ham u meni, men uni tanimasligim mumkin, mumkingina emas, taraqqiyotning allaqaysi qonunlariga binoan lozim edi. Mana shu jarayonni men ozgina tezlashtirdim, xolos. Alvonrang albom ichidagi suratlar nafaqat mening xotiralarim, balki men haqidagi xotiralar ham edi. Uning olovda yonishi esa bu xotiralarning ham abadiyat qa’rida unut bo‘lishi bilan barobardir. Mana shuning uchun ham men kitoblarimni bergan dargohlarga o‘z nomimni biror joyda qayd etmasliklarini shart qilib qo‘ydim. Uy-joyim, molu mulkimni qo‘ni-qo‘shnilarimga xatlab berayotganimda ham, besh qadam naridagi laboratoriyada insoniyatning og‘irini yengil qilish niyatida tinmay ishlayotgan, izlanayotgan shogirdlarimga so‘nggi xulosalarini yuborayotganimda ham ularga o‘z imzoimni qo‘ymadim.
U oyoq-qo‘lida mador qolmaganligini tuydi. Negadir u o‘zini tush ko‘rayotganday his qilar, mana hozir uyg‘onib ketib, o‘z qadrdon boshpanasida ko‘z ochadiganday bo‘lardi. Oh, shunday bo‘lsa, qani edi-ya! Keyin-chi, keyin nima bo‘ladi?! Yana o‘sha hayot davom etadimi?! O‘sha rangsiz, tussiz, bir zayldagi hayot! Allaqachon uning joniga tegib ketgan hayot! Qachongacha?! Ertadan kechgacha o‘zini nimagadir ovora qilishlar, ikki xonalik uyga kirib-chiqaverishlar, ko‘cha-kuyda behudadan-behuda sang‘ishlar. Bu hol qachongacha davom etadi?! Kuchdan qolgunchami?! Aqldan ozgunchami?! Keyin-chi, keyin?! Keyin nima bo‘ladi?! O‘ylashning o‘zi-da vahima, fikrlashning o‘z-da dahshat. Sababi uning o‘ziga o‘zining keragi bo‘lmay qolgandi. O‘zini bu dunyoga ortiqcha hisoblardi. Uning o‘z-o‘zidan, dunyodan va odamlardan birday ko‘ngli qolgandi. Boshqalarga qaraganda ko‘proq o‘zidan bezor bo‘lgandi. Demak, uning tutgan yo‘li to‘g‘ri! Tanlovi oqilona.
To‘xta-to‘xta, bu hech qanday tanlov bo‘lmasa-chi?! Axir hamisha ummon xayoli unga beixtiyor ravishda paydo bo‘lardi-ku. Hamisha boshiga bir ish tushganda, tushkunlik girdobiga tortganda, demakki, o‘limga yaqinlashganda! Demak, bu taqdir hukmi! U asta-sekin bandani mana shu hukmga ko‘niktirdi! Axir, u bu xotirani, bu xayolni o‘zidan uzoqlashtirmoqqa qanchalar urindi! Buning uchun u barchadan panoh izladi. Xotinining aldovini kechirdi, hatto do‘stining kechirib bo‘lmas xiyonatini afv etishga tayyor edi. Shogirdim deb kimlarga ishondi, kimlardan mehr kutdi. Biroq taqdir hukmi haqligini qildi.
Mayli, shunday bo‘lsa-da, u taqdir hukmiga rozi!
U mana shunday osoyishtalik bilan, biroq hech kim ko‘rib qolmasin, deya shoshgancha o‘zini ummonga tashladi.