Izbosar uyg‘onganida odatdagidek chalqancha yotgandi. Uning ko‘ziga dastlab uyining kungurador, naqshinkor shifti ko‘rindi. Shift markazida – Izbosarning naq tepasida zarrin qandil nur sochardi.
Mana, ellik yildan beri Izbosar faqat shiftga qarab uyg‘onadi. To‘g‘ri, bu yillarda shiftlar o‘zgarib turdi. Bolaligida u qamishlari osilib turgan, bitta xira chiroq – lampochka ilingan shiftga qaragan holda ko‘z ochardi. O‘sha chiroqning ham yonganidan yonmagan paytlari ko‘p bo‘lardi. Asta-sekin u ko‘p pul topadigan bo‘lgach, shiftning qamishlari berkilib, yuziga chiroyli faner yopildi. Keyinchalik uning ishlari rivojlangach, shift yuziga naqsh va ganjlar bezak berdi. Guldor, naqshinkor va zarrin qandil osildi.
Shu o‘ylar lahzada xayolidan o‘tgach, Izbosar yonboshiga o‘girildi. Xotini o‘rnida yo‘q – tashqariga chiqib ketibdi. Sal yuqoriga o‘girilib, naqshinkor tortma ustidagi ikki oyog‘ini ko‘tarib turgan yaltiroq ot bilan tasvirlangan soatga qaradi. Uning millari o‘n beshta kam yettini ko‘rsatardi. “Ayol kishining erta turishi yaxshi. Uyga baraka kiradi” – o‘yladi Izbosar. Lekin o‘zi issiqqina o‘rnidan turgisi kelmadi. “Roppa-rosa yetti bo‘lsa, turarman”, dedi o‘zicha. Shu payt burniga ko‘rpa tegib ketdi va burnining haddan ziyod sezuvchan bo‘lganini anglab qoldi. Beixtiyor boshini silkib, qoqindi. Quloqlari boshiga tegib, tap-tap etdi.
Izbosar nima bo‘layotganini bir lahza anglay olmay qoldi. Avval bunday odati yo‘q edi. So‘ngra ko‘rpa tagidan qo‘lini chiqardi. Yo, alhazar, uning qo‘li o‘rnida itning oyog‘i chiqib turardi. U vajohat bilan o‘rnidan turdi. Shunda u o‘zining to‘rt oyoqda turganini anglab qoldi. Dumini ham ko‘rdi. Yarim oy shaklidagi qayrilgan dum. Ko‘zlariga ishonmay yugurgancha toshoyna qarshisiga bordi. Alhazar, ming alhazar, toshoynada unga bir it qarab turardi. Yunglari yarim to‘kilib, tullagan, quloqlari ko‘zlarigacha tushadigan, tillari osilgan, o‘lguday qari it old oyoqlarini toshoynaga qo‘ygancha qarab turardi. Izbosar bu dahshatga chidolmay, uvillab yubordi. Alamiga chidolmay, o‘z dumini o‘zi quvlab yig‘ladi. “O‘l-a shu kuningdan, ellikdan oshganingda it bo‘lsang-a?! Qiz uzatib, kelin olganingda-ya?! Avval bo‘lganingdayam mayli edi-ya! Endi el-yurt, quda-anda oldida nima degan odam bo‘lding?! Zotdor bo‘lsayam mayli, qo‘tir bir daydi ko‘ppakka aylanib o‘tiribdi-ya! Bu sharmandalikka chidab bo‘ladimi?!”
Shu payt “ship-ship” ovozi eshitildi. “Uydan itning tovushi kelayaptimi?!” – bu xotinining ovozi edi. Yigirma besh yillik qadrdonining ovozi unga xiyol dalda berganday bo‘ldi. “Senga bu ahvolga ko‘ringuncha o‘lib qo‘ya qolsa bo‘lmasmidi ering”, – iztirob bilan g‘ingshirdi Izbosar.
“Yo‘g‘-ey, oyijon, Sizga shunday tuyulgandir”. Bu kelinining ovozi edi. Kelin asli qadrdon do‘stining, aniqrog‘i, hamkorining qizi edi. Tushganiga besh yil bo‘lsayam, hech kimga ovozini ko‘tarib gapirmagan. Hurmat-izzatni biladi. Biroq har nima bo‘lganda ham begona xonadon farzandi. Ungayam bu ahvolda ko‘rinish yaxshimas… Endi qandoq qilsaykin?! Bo‘lgan voqeani birortasiga aytib qo‘ysa nima bo‘ladi?!
Izbosar “uh” tortaman deb qattiq g‘ingshidi.
“Ana-ana, bizning yotoqdan chiqayapti tovushi!”
“Hozir o‘zingiz shu xonadan chiqdingiz-ku”, – o‘g‘lining uyqusiragan ovozi eshitildi.
O‘g‘li yaxshi yigit. Moliya institutini bitirgandan beri Izbosar bilan birga ishlaydi. Yoshligida ota-onasini rosa “o‘ynatgan”. Sho‘x bo‘lgan-da, sho‘x. Uylangandan beri bosilib qoldi. Kelin qo‘lga o‘rgatib olgan-da. Ishqilib, sog‘ bo‘lsin. Izbosar kulaman deb baralla akkillab yubordi. Shu ahvolda kulishga balo bormidi?!
“Ana, ana, it dedim-ku, ishonmaysizlar?!” – xotinining tahdidli ovozi eshitildi. Shu payt xonaga avval qo‘lida sochiq tutgan xotini, keyin choynak-piyola ushlagan kelini va maykachan alpozda uyqusiragan o‘g‘li kirib keldi. Ular ostonada bir daqiqa chamasi qotib qolishdi. Ko‘zlari baqraygan, og‘izlari ochilgan holda o‘zlari ham nihoyatda kulgili edilar. So‘ngra birdaniga:
– Voy, o‘lmasam!
– E-e-ey, tavba!!
– I-i-i-i-it!!! – degan hayratomuz nidolar eshitildi. Izbosar o‘z holatidan nomus qilib, yer yorilsa-yu, unga kirguday ahvolda edi. Ularga mo‘ltillab qarab, ma’yus ovozda g‘ingshib qo‘ydi.
– Bu xonaga it qayoqdan kiradi?! – hayron bo‘ldi kelini. – Hamma yoq yopiq bo‘lsa?! – U shunday deb choynak-piyola tutgan holda xona bo‘ylab yura boshladi.
– Ie, qaranglar, ko‘rpa ustida yungi… – hayratdan ko‘zlari ola-kula bo‘lgan o‘g‘li shiddat bilan ko‘rpani ochdi.
– To‘shak ustida ham… Oyi, it dadamning o‘rnida yotgan, shekilli.
– Bu nima deganing, og‘zingdan yel olgur?! – keliniga xavotirli tikilib, o‘g‘liga baqirdi xotini. – O‘rnimdan turganimda dadang uxlayotgandilar.
– Unda dadam qani? – yana onasiga savol berdi o‘g‘li.
– Bilmadim, tashqariga chiqqan bo‘lsalar kerak.
– Men dadajonni hovlida ko‘rmadim. – odob bilan e’tiroz bildirdi kelini.
“Bu menman, bolajonlarim!” – demoqchi bo‘ldi Izbosar ma’yus ovoz bilan. Biroq uning og‘zidan mungligina uvillash chiqdi, xolos.
– Nima bo‘lganda ham bu itni tezroq yo‘qotish kerak! – g‘azab bilan baqirdi o‘g‘li va kelib uni bir tepdi. Izbosar vangilladi.
– To‘g‘ri, hamma yoqqa yungi to‘kilibdi, – burnini jiyirdi kelini. – Quturgan bo‘lishiyam mumkin.
U tepki yesa-da, joyidan jilmagan Izbosarning yonidan qo‘rqa-pisa o‘tdi-da, o‘zini eshikka urdi. Qo‘lidagi choynak-piyola bir-biriga urilib, asabiy jiringladi.
– Unda daf qilinglar buni, – undan jirkanib, qo‘l siltadi xotini. – Tezroq yo‘qotinglar!
Xotini bilan o‘g‘li haydab-tepib xonadan chiqarishayotganda kelini qo‘liga supurgi tutgancha kelib qoldi. Ular yotoqxonaning dahliziga chiqishgandi. Kelini supurgi bilan quvib, haydadi.
– Bor yo‘qol, yashshamagur, qari ko‘ppak! – deb qarg‘ardi kelinchak. – Yo‘qol bizning uydan!
– Ha-ha-ha! Qoyil, qoyil, hayda! – hiringlardi o‘g‘li qornini qashlagancha.
Izbosar vangillab, dumini qisgancha darvozaxonagacha tislanib bordi.
Kelini uni yana bir marta supurgi bilan urib, ostonadan chiqardi-da, qarsillatib darvozani yopdi.
Izbosar g‘ingshib atrofga qararkan, yuziga salqin shabboda urilganini his qildi. Uyi katta yo‘ldan qiyalab ketadigan tor ko‘chada joylashgan edi. Kelinchaklar hovli sahniga suv sepib, supurishar, vaqt hali erta bo‘lganidan boshqa hech kim ko‘rinmasdi. Havoda kuzning nafasi hukmron, daraxtlar yakkam-dukkam sarg‘aygan barglarini to‘kardi.
“Hademay qish keladi, – o‘yladi Izbosar. – Hozir faqat ertalab va kechqurun salqin. Qishda bo‘lsa, har kuni sovuq bo‘ladi. Unda… nima qilaman?!.. Juda vahima qilayapman, – o‘pkasiga suv urdi Izbosar. – Axir, xonada mening yo‘qligimni payqashdi-ku. Asta-sekin meni qidirishadi. Hech qayerdan topisholmagach mening men ekanimni payqashadi. O‘zlari kelib, kechirim so‘rab, olib ketishadi. Uylariga qo‘yishmasayam, it katagida saqlashar. Bir kosa yovg‘on, hech bo‘lmasa, yuvindi berishar”, – o‘yladi Izbosar ma’yuslik bilan. Keyin qisqagina g‘ingshib qo‘ydi.
U uyining ostonasida old oyoqlariga boshini qo‘yib, g‘ujanak bo‘lgancha qancha yotdi, bilmaydi. Biroz pinakka ham ketibdi, shekilli. Mashina ovozidan cho‘chib uyg‘ondi. Darvozasining oldida qop-qora “Lasetti” qo‘r to‘kib turardi. Haydovchi uni ishga olib ketgani kelgandi.
Izbosar suyunib ketdi. U haydovchisining oyog‘i tagiga yugurib bordi. “Bu menman, Mixlijon! Xo‘jayningizman!” demoqchi bo‘ldi, lekin u faqat vangillar, dumini likkillatgancha haydovchining oyog‘i ostida o‘ralashardi.
Haydovchi xo‘jayinining uyidan chiqishini kutib, mashinaning yon-verini artarkan, oyog‘ining tagida o‘ralashayotgan itni bir tepdi:
– Yo‘qol-ey, onangni…
– Zoti past itdan bo‘lgan! – vangillab qochgancha so‘kindi Izbosar ham. So‘ngra birdan esiga tushib qoldi: “Bugun chet ellik hamkorlar bilan uchrashuv bor-ku! O‘zim bormasam bo‘lmaydi. Befarosat o‘g‘li shu uchrashuvni ham eplolmaydi. Juda muhim shartnoma imzolanishi kerak edi”.
Izbosar shahar markazidagi ishxonasiga yugurib borguncha tili osilib qoldi. Ikki marta mashina urib ketishiga sal qoldi.
Ishxonaga kelganida koridordagi katta soat 9.30 bo‘lganini ko‘rsatar edi. Buni Izbosar darvoza ochiqligi uchun ko‘rdi. Biroq ichkariga kirolmadi. Uni boqqa ketayotgan qorovul Bosim polvon ko‘rib qoldi.
– Iiiii…. Shavkatjon, itni haydang, itni. Xo‘jayin itni yomon ko‘radi. Hali-zamon kelib qolsa, baloga qolamiz, – ketayotgan joyidan baqirdi u darvozadan chiqayotgan xodimga.
Shavkatjon deganlari ikki qo‘lini qanot misol yozib, uni ishxonasining hovlisidan quvib soldi. Bu ham yetmaganday, tomorqaning chetidan tosh olib, otdi.
Izbosar Shavkatjonning ko‘zini shamg‘alat qilib, ichkariga kirmoqchi edi, biroq oyog‘iga tekkan toshning zarbidan keyin achchiq angillagancha chekinishga majbur bo‘ldi.
– Itdan tarqaganlar, hammangni haydayman! – angillardi Izbosar alam bilan. – Shavkat-ku, mayli, kecha ishga kelgan bola. Lekin shuncha yil tuzimni ichgan Bosim polvon ham tanimadi-ya?! Hah, tuzim ko‘r qilsin-a!
Izbosar bir chetga chiqqancha zarb yegan oyog‘ini yalab, og‘riqni bosishga harakat qildi. Bu orada ishxona oldiga haligi “Lasetti” kelib to‘xtadi. Undan yasanib olgan o‘g‘li tushib, atrofga alanglagancha, ichkariga yo‘rg‘alay boshladi. Yo‘lda Bosim polvon bilan Shavkatjondan Izbosarni so‘radi.
– Dadam kelmadilarmi?
– Yo‘q, – dedi Shavkatjon.
– Hayronman, xo‘jayin hech qachon kechga qolmasdilar, – dedi Bosim polvon.
– Men bu yerdaman, ahmoqlar, – yig‘lab yuborguday bo‘lib angillardi Izbosar.
Birozdan keyin allambalo mashina kelib to‘xtadi. Undan uchta sipo ajnabiy janoblar tushishdi. Ichkaridan o‘g‘li yugurib chiqdi. Izbosarning o‘g‘li ular bilan ko‘rishdi va ichkariga boshladi. Izbosarning yuragi tuz sepganday achirdi. U ofisga kirishdan umid uzib, orqa tomondan bordi. O‘g‘li hamkorlarni Izbosar kutganday majlislar zaliga olib bordi. Stol-stullar sekingina taraqladi. O‘g‘lining ovozi eshitildi.
– Qani, janoblar, marhamat!
Xorijiy lisonda so‘zlar yangradi. So‘ng ularning tarjimoni tilga kirdi.
– Janob Izbosarov, ushbu hamkorlikka bizni Izbosar Qahhorovich taklif qilgan edilar. Marhamat qilib aytolmaysizmi, u kishining o‘zlari qayerdalar?!
– I…i…e…ey… – o‘g‘li kalovlandi. – Ishga ketibdilar, deb o‘ylasam, bu yog‘dayam ko‘rinmadilar, – o‘zini kuyinchak qilib ko‘rsatishga tirishsa-da, o‘g‘lining so‘zlash ohangidan parvoyifalaklik sezilib turardi.
Deraza orqasidan bu suhbatni eshitib turgan Izbosar alamli ovoz bilan baralla vangillab yubordi.
– Uuuuvvv, shunaqayam lapashang bo‘lasanmi, itvachcha?! – o‘g‘lini koyidi u alam aralash. – Otam kasal, ichburug‘ bo‘ldi, hech bo‘lmasa o‘ldi, demaysanmi, galvars!
Ichkarida esa xorijiy lisonda qisqagina suhbat bo‘ldi. Tarjimonning izohi esa undan-da lo‘nda chiqdi:
– Kechirasiz, janob, biz otangiz bilan ishlamoqchi edik. Bizni ma’zur tutasiz, degan umiddamiz!
Shundan keyin stullar yana sekingina, avvalgidan-da odob bilan taqilladi.
– Ularni to‘xtat! – jon holatda vovullardi Izbosar ofisining orqasidan darvoza tomonga yugurib borarkan. – Nima qilsang qil, aldasang alda, yalinsang yalin, lekin to‘xtat! Hech bo‘lmasa, anavi Shavkat-pavkatmi, Bosim-osimmi yo shularga o‘xshagan bekorchilarning ikkitasini ko‘rsat-da, shularning guvohligida otam hamkorlik vakolatini menga topshirdi, yozma vakolat olishga vaqt bo‘lmadi, degin, ular ishonadi axir, kasofat! Bola bo‘lmading, boshga bitgan balo bo‘lding! Ah, seni moliyachi deb qo‘lingga diplom berganlarning… Axir, ikki yillik mehnatim samarasi edi-ya bu hamkorlik! Bu uchrashuvga erishish uchun manavi janoblarning orqasidan itday chopganlarimni, anavi sipo tarjimonu yana allaqanday gumashtalariga qanchalar suyak tashlaganlarimni o‘zimdan boshqa hech kim bilmaydi!!!
Biroq o‘g‘li ularni to‘xtatmadi. Orqalaridan merovsirab qarab turaverdi. Janoblar mashinaga chiqayotganlarida Izbosar chopib bormoqchi ham bo‘ldi, lekin boyagi tepkiyu tosh zarbi esiga tushib, bu fikridan qaytdi. Faqat ularning mashinasi orqasidan allaqayergacha yugurib bordi. So‘ng yo‘l chetiga chiqib, to‘ygunicha akkilladi. Hammani – uni ishxonaga qo‘ymagan Shavkatni, Bosim polvonni, o‘z erini tanimagan xotinini, kelinini, lapashang o‘g‘lini bo‘ralab so‘kdi.
Izbosar kechgacha ko‘chada tentirab yurdi. Ishxonaga ortiq borgisi kelmas, ertalabgi mashmashani eslab ta’bi tirriq bo‘lardi. Uyiga borishning hojati yo‘q, baribir kirgizishmaydi. “Mensiz kunlaring o‘tganini ko‘ray, – o‘yladi u xotini, o‘g‘li va kelini haqida. – Ha, mayli, bir ta’zirlarini yeyishsin, keyin yalinib olib ketishar. Lekin ungacha men nima qilaman?! Axir, ochlikdan o‘laman-ku!… O‘ziyam itdek ochman… Ha, bo‘ldi! Xayoliga chaqmoqdek urilgan fikrdan quvonib irg‘ishlay boshladi Izbosar. – Qizimnikiga boraman. Qiz bola otasiga mehribon bo‘ladi, deyishadi. Zora, u meni tanisa!”
Izbosar tor ko‘chalar bo‘ylab yugurib, qizining uyiga yaqinlashar ekan, quvonchdan yuragi “gurs-gurs” ura boshladi.
“Ha, u meni taniydi, – tobora tezroq choparkan, shunday uylardi Izbosar yuziga kuzning izg‘irini urilishiga parvo qilmay. – Keyin yetaklab uyimga olib boradi. “Ko‘zlaring ko‘r bo‘lganmi, dadamni tanimadinglarmi?!” deb onasiga, akasiga, ayniqsa, yangasiga dashnom beradi.” Boshiga tushgan ko‘rgilikning o‘zi kammi, Sizlar ham uydan haydab, o‘lganning ustiga chiqib tepibsizlar-ku”, deydi. Juda bo‘lmasa, o‘z uyidan joy berar”.
Izbosar qizinikiga yetib borganida darvoza ochiq, hovlida yetti yashar nevarasi koptok o‘ynardi. Izbosarning xo‘rligi kelib, biroz to‘xtadi. Ko‘zidan tirqirab yosh chiqib ketdi.
U darvozadan kiriboq, nevarasining oldiga chopqilladi. Nevarasi… uzoqdan ko‘rsa, “Bobojon!” deb bag‘riga otiladigan nevarasi uni ko‘rib, quvonib ketdi.
– Voy, it… Voy, bechora… Nega yunglaring to‘kilgan… Qarib qolibsan-ku. Qayerdan kelib qolding biznikiga?! – Nevarasi uning yungini silay boshladi.
Izbosar nevarasining atrofida dumini likkillatib aylanar ekan, mehri tovlanib, yana ko‘ziga yosh keldi.
– Men bobongman, bolajonim! Taqdir boshimga shunday kunlarni soldi, – zorlanib angillardi Izbosar past ovozda.
Bu orada hovlidagi telefon jiringladi. Oshxonadan fartuk taqqan qizi yugurib kelib, xamirli qo‘li bilan telefon dastagini oldi.
– Oyi, qarang, it. Biznikiga daydi it kelibdi. Qarang… qarang, – bir qo‘li bilan itni silagancha onasiga gapirardi nevarasi. Qizi esa unga e’tibor bermay, telefonga javob qaytarardi.
– Ha, voy, yaxshimisila, kennayi?! Dadamla, oyim, akam yaxshimila?! Jiyanlar katta bo‘lishyaptimi?! Ha, shukr, rahmat. Rahmat, rahmat, hammasi yaxshi. Nima?! Dadam yo‘g‘lar?! Ishxonagayam bormabdilar?! Yo‘q, yo‘q, biznikigayam kelmadilar… Qayerga borishlari mumkin?… Hayronman… O‘rtoqlarinikiga telefon qildilaringmi?… Bormabdilar… Bilmasam…
Qizi telefonda uzoq gaplashdi. Izbosar uning oldiga bordi. Oyog‘ini, qo‘lini hidladi. Yuragi entikdi. “Mendan xavotirdamisan, qizim?! Qo‘y, xavotirlanma, men sog‘-salomatman. Faqat… shu ahvolga tushdim, xolos!..” Izbosar ichidan bosib kelayotgan xo‘rsiniqni bosa olmadi.
Itning angillashidan cho‘chib tushgan qizi Izbosarni ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Xayrlashmasdan telefonni qo‘ydi. Beixtiyor orqaga tislana-tislana uyning devoriga urildi. Izbosar ham unga tomon yurib borar, “Bu menman, qizim, qo‘rqma, otangman!” demoqchi bo‘lar, lekin og‘zidan faqat g‘ingshish chiqardi.
– Qayerdan keldi bu? Kim kirgizdi uyga?! – g‘alati ovozda chinqirdi qizi.
Yugurib kelgan nevarasi onasini tinchlantirishga urinardi.
– Qo‘rqmang, oyi, yaxshi it ekan, tishlamaydi. O‘zi uyga kirib keldi. Hozirgina…
Shovqinni eshitib, katta uydan halihlagancha kuyovi chiqdi.
– Kim?! Nima bo‘ldi?! Qani?! – almoyi-aljoyi savollarni qalashtirib tashladi ko‘zi xonasidan chiqib ketayozgan kuyovi.
– Ana! – qizi ko‘zi chaqchaygancha mo‘ltirab turgan Izbosarni ko‘rsatdi qo‘lini bigiz qilib. – It kelibdi. Daydi it!
Izbosarni ko‘rib, kuyovining jon-poni chiqib ketdi. Qachon ko‘rsa, yugurib kelib, qo‘shqo‘llab ko‘rishadigan kuyovi…
– Ie, kim kiritdi uyga?! Sening ishingmi bu?! – o‘g‘liga dag‘dag‘a qildi u.
– Yo‘q, dada, yo‘q! O‘zi keldi, – otasining dag‘dag‘asidan qo‘rqqancha shoshib-pishib javob berdi nevarasi.
– Qani, yo‘qol-chi bu yerdan, – yugurib kelib Izbosarni tepdi kuyovi. Izbosar angillab nari ketdi. Lekin hovlidan chiqish niyati yo‘q edi.
“Men otalaringman, bolalarim! Nima qilay, shu ahvolga tushib qoldim. Rahmlaring kelsin, o‘lib ketaman axir, ko‘chada qolsam!” – angillardi bechora Izbosar.
– To‘xtang, tepmang! – devorga qapishgancha taxtaday qotib turgan qiziga birdan jon kirdi.
“Xayriyat-ey, so‘zlarimga tushundi, shekilli!” – xursand bo‘ldi Izbosar.
Qizi chopib borib, hovli etagidan uzun kosov olib kelib, eriga berdi.
– Manavi bilan uring. Yana Sizni tishlab olmasin.
Kuyovidan kaltak yeb, qizining uyidan ham quvilgan Izbosar ostonada ma’yusgina uvladi.
“Qanday ko‘rgilik bu, o‘z pushti kamaringdan bo‘lgan qizing seni tanimasa?! Kuyoving kosov olib, uyidan quvsa?! Otang it bo‘lsa, bog‘lab boq, degan naql bor-ku, nomardlar?! It bo‘lsam, mendami ayb, axir?!”
Kechki sovuq tura boshladi. Izbosar uvlab charchadi. Qizining ostonasida kulcha bo‘lib yotdi. Orqa oyoqlarining orasiga tumshug‘ini suqdi. Biroz isinganday bo‘ldi. Biroq yarim kechasi sovuq zabtiga oldi. Ayniqsa, yungi to‘kilib, tullagan joylaridan o‘tgan sovuq suyagigacha yetib bordi. Qorni ham ochlikdan tatalab borardi. Izbosar issiqqina ko‘rpa-to‘shagini eslagancha uvilladi. Hozir unga oilasining mehriyu bolalarining e’tibori ham kerak emas, issiqqina bir boshpanayu bir yaloq yovg‘on bo‘lsa, bas edi.
Ertasi kuni ertalab kuyovi darvozadan chiqib ketayotib, Izbosarni ko‘rib qoldi.
– Kechasi bilan ulib chiqdi bu it, odamni uxlatmay, – dedi u kuzatib chiqqan xotiniga qarab.
– Nimasini aytasiz, dadasi, men bir yomon tush ko‘ribman, deng. Shuning uliganidan bo‘lsa kerak. – Izbosarga yomon qaradi qizi.
– Tushimda dadam shu itga aylanib qolibdilar.
Izbosarga jon kirdi. Yotgan joyidan sapchib turdi. Bir xayoli qizining oyog‘iga suykalgisi keldi, lekin kechagi tayoq zarbini eslab, joyiga o‘tirib qoldi.
– Aqling joyidami?! – ko‘zi ola-kula bo‘lgan kuyovi vahima aralash itga tikilib turgan xotinini koyidi. – Dadang bir kun yo‘q bo‘lsa, shunaqa tush ko‘rasanmi?!
– Bilmasam?! Avval bunaqa odatlari yo‘q edi-da.
– Yurgandirlar-da ish bilanmi, ulfatchilikmi qilib?! Balki biror jonon bilan, a?! – miyig‘ida kuldi kuyovi.
– Yo‘g‘-a… – bo‘shashibgina e’tiroz bildirdi qizi.
– Bo‘pti, men ketdim. Yaxshi o‘tiringlar. Itni uyga kirgizmanglar. O‘g‘lingga ayt, yoniga yaqinlashmasin. Quturgan ham bo‘lishi mumkin. Ha, ishdan keyin dadangnikiga o‘taman. Yangilik bo‘lsa, xabar qilarman.
Erini ishga kuzatgach, qizi eshikni yopib oldi. Birozdan so‘ng o‘g‘lini maktabga kuzatgani chiqdi. Izbosarning hali ham shu yerdaligini ko‘rgach, o‘g‘li bilan birga maktabgacha bordi.
“Ie, bobosi aylansin, mening o‘g‘lim maktabga borayaptimi?!” – quvonib g‘ingshidi Izbosar. Nevarasi unga mo‘ltillab bir qarovdi, qizi urishib berdi. Qo‘lidan mahkam ushlab oldi. Izbosar ularning orasidan ancha joygacha ergashib bordi. Keyin ortga qaytib, yana qizining ostonasiga yotdi. Qizi qaytib kelgach, uning ustidan sakrab o‘tdi-da, qarg‘ana-qarg‘ana darvozani yopib, mahkam tanbalab oldi.
Izbosar ko‘chada izg‘ib yurib, ovqat izladi. Darvozayu deraza taglarini, tomorqa ichiyu chetlarini hidladi. Ariqchalar ichiga qaradi. Ochiq darvozalarga mo‘ltirab qaradi-yu, ichkariga kirgani yuragi betlamadi.
“O‘z farzanding haydab solgandan keyin, boshqalardan nima umid?!” deb o‘yladi. Faqat qiziyu boshqalarning uyidan kelayotgan shiringina ovqat hidlarini iskab, og‘zidan so‘lagi oqqancha biror yegulik izlardi.
Bir hovli tomorqasining chetidan o‘lik qush topdi. Oyog‘i osmondan bo‘lib tarrakdek qotgan. Bolalar cho‘zma bilan otib o‘ldirgan bo‘lsa kerak. O‘shani yedi. Ko‘ngli aynib-aynib, o‘qchidi. Xayoliga ulfatlari bilan o‘tiradigan ziyofatlardagi tovlanadigan dasturxonlar keldi. Ko‘ngli buzildi. Cho‘zib-cho‘zib g‘ingshidi. Qizining ostonasiga cho‘zilib, biroz mizg‘ib oldi. O‘zicha qizi ko‘rgan tushini mushohada qilishini, so‘ng darvozini ochib, uyiga kirgizishini, kechirim so‘rab, yolborishini kutdi.
Bu orada nevarasi maktabdan keldi. Unga mo‘ltirab-mo‘ltirab qarab, darvozani taqillatdi. Izbosar nevarasiga umid bilan tikildi.
“Meni kechirasan, – dedi nevarasi. – Seni uyga obkirolmayman, oyim urishadi. Silashim ham mumkinmas”.
Eshik ochildi. Qizi Izbosarni o‘g‘li bilan birga turganini ko‘rib, yana jahli chiqdi.
– Kir ichkariga! Dadangga telefon qilmasak bo‘lmaydi, shekilli. Yo‘qotsin bu itni! – zarda bilan baqirdi qizi. Keyin eshikni taraqlatib yopib oldi.
Izbosar nima qilishini bilmay, qizining ostonasida uzoq o‘tirdi. Mudragan ham bo‘ldi. Bir mahal o‘ziga katta xavf yaqinlashayotganini ichki sezim bilan anglab qoldi. Ko‘zini ochdi. Xavf unga chap tomondan yaqinlashib kelardi. Izbosar boshini qayirmasdan, ko‘z qiri bilan o‘sha tomonga qaradi.
– Ana u, asta pusib bor, – qop-qora korjomali, o‘zi ham qop-qora yuzli, cho‘tir yigit sherigiga ishora qilib Izbosarni ko‘rsatdi. Undan ham yoqimsiz boshqasi qo‘lidagi sim to‘r bilan pusib kela boshladi.
Izbosar o‘ng tomoniga qaradi. U tomonda ham ikkita shunday kiyimli odam kelardi. Izbosar halokat yaqinlashib qolganini va uning muqarrarligini angladi.
“Ha, yo‘q, men pixini yorgan Izbosar bo‘laman, – o‘ziga o‘zi dalda berdi u. – Bundan-da muqarrar va dahshatli halokatlarga chap berib o‘tib, kamiga, dushmanlarimni ro‘para qilib ketganman. It bo‘lsam ham, odamligimdagi hiylalarim esimda turibdi!”
Qizining uyi katta yo‘lda joylashgan, uning har ikki tomonidan qochib ketsa bo‘lardi. U o‘zini o‘ng tomonga qochayotganday qilib ko‘rsatdi va chap tomondagi beo‘xshov it ovlovchilar yonidan yashin tezligida o‘tib, qochib qoldi. Har to‘rtala ovchi qo‘llarida sim to‘r bilan uni quvlashga tushdi.
Izbosar qizining ko‘chasidan keyingi ko‘chaga o‘tarkan, orqasiga birrov qaradi. Ovchilar uch-to‘rt qadam orqada bo‘lsa-da, o‘qotar qurol bilan quvlashardi. Unga uxlatadigan o‘q solingan esa-da, bitta o‘q bilan har qanday jonzotni ag‘darish mumkinligini Izbosar bilardi. U yugurib borarkan, umrida birinchi marta itligidan xursand bo‘ldi. Ovchilarga yana ikki marta chap berib, aldab o‘tdi. Qizining mahallasi, mashina yo‘llari, xiyobon, o‘zining ishxonasi, uyi, mahallasi ortda qoldi. U hamon yugurardi. Najot oyoqlarida ekanini bilib, kun bo‘yi dam olganiga, o‘lik bo‘lsa-da, ko‘nglini aynitsa-da, o‘sha qushni yegani uchun o‘z aqliga qoyil qolib yugurardi. Anchadan keyin ortiga qaradi. Kech tushib borayotgan bo‘lsa-da, uning o‘tkir ko‘zlari aniq hukm chiqardi: ovchilar orqada qolgan, o‘zi esa shahar chetidagi tepalik yonida turardi.
Atrofda zog‘ yo‘q, g‘ira-shira qorong‘ilik tushayotgan, kechagiga o‘xshab kechki izg‘irin xuruj qila boshlagan palla edi. Izbosar sudralib tepalikka chiqdi. Tili osilib, tin oldi. U chaqqon va ko‘zi o‘tkir bo‘lsa ham, har qalay, qari it edi. Oyog‘ini sudrashga holi yo‘q, qorni ham o‘lguday och, hech bo‘lmasa kechagi shirin-shirin ovqat hidlari ham uning burni is olmas darajada uzoqda qolgan edi. Buning ustiga, kechki izg‘irin tepalik ustida yanada kuchliroq esar, yungi to‘kilib, tullagan joylarini jazillatib achitardi.
– Ey Xudo, senga nima yomonlik qildimki, meni shu kuyga solding! – mungli tovushda osmonga qarab uliy boshladi Izbosar. – Birovni o‘ldirmagan bo‘lsam, meni o‘z kuyovim otishga hukm qildi-ya?! Qizim telefonda, eriga aytgan-da.
“Birovga yomonlik qilganimni eslolmayman, – ikki old oyog‘iga tayanib, hayotini tahlil qila boshladi Izbosar, hamon o‘shanday nolali ovoz bilan uligancha. Har bir bandai ojiz kabi u ham dardini kimgadir aytishga ehtiyoj sezar, garchi hech kim eshitmayotgan bo‘lsa ham, dardimni aytsam, biroz yengillashaman, deb o‘ylardi. – To‘g‘ri, ba’zilarni haqoratlagandirman, ha ana, bekordan bekor, noo‘rin ishdan haydagandirman, gohida no‘noq hamkorlarimni xonavayron qilib, evaziga boylik orttirganim ham rostdir, lekin aslo qurol o‘qtalib, kimsa jonini olganim yo‘q! Mening qilgan ishim jinoyat emas, yashash uchun kurash qonuni, xolos! Yashash, bola-chaqa boqish uchun odamlar bundan-da battar, sharmandali ishlarni qilishadi, axir, ularning hech qaysisi itga aylangani yo‘q-ku! Tuppa-tuzuk, buning ustiga, ayshini surib yashab yuribdi-ku! Yegani oldida, yemagani ketida, xizmatida qanchadan qancha o‘zidan o‘tadigan shogirdlari, gumashtalari bor-ku! Nega ularni odamlar chiqargan qonunlar ham, ilohiy jazo ham chetlab o‘tadi?! Nega endi aynan menga beriladi bu ayanchli va sharmandali jazo! Nega, nega endi aynan menga bunday jazoni loyiq ko‘rding, ey Xudo! Nolani haddi a’losiga chiqarib uvillardi Izbosar. Atrof esa tobora qorong‘ilashib, vahimali tus olib borardi.
Izbosar uvlashni bos qilib, atrofga qaradi. Uning yon-verida zulmat ichida vahimali sharpalar paydo bo‘la boshladi. Sharpalar uning atrofida doira shakliga kirib, tobora qisib o‘ray boshladi. Izbosar atrofidagi sharpalar itlar ekanligini payqab qoldi va yuragini vahima qoplab oldi. Itlar ham buni sezganday birdaniga akkilab, uliy boshladi. Izbosar nima qilishini bilmay qoldi. Qochay desa, madori qolmagan edi. Qochmay desa, aslida it emasligi uchun bu itlarning nima deb akkilayotganini tushunmas, maqsadlari nima ekanligini bilmas, faqat bulardan yaxshilik kutib bo‘lmasligini anglardi, xolos…
Ertasi kuni itlarga talanib, yarador bo‘lgan Izbosar kun bo‘yi quyoshga o‘zini toblab yotdi. Badaniga sal quvvat kirganday bo‘ldi. U o‘rnidan turib, shaharga qaytmoqchi bo‘ldi. Har nima bo‘lganda ham, odamlar orasiga kelmoqchi, joni uzilsa, ular orasida o‘lmoqchi bo‘ldi. Murdasi itlarga talanib, xomtalash bo‘lguncha, kuyovi yoki o‘g‘lining qo‘lida jon berish ham yoqimli tuyuldi unga. Lekin o‘rnidan turish, yurish mashaqqat edi. Yaralarini yalab, tuzatishga, tishlab og‘rig‘ini qoldirishga intilarkan, o‘zini shu ahvolga solgan taqdirni la’natlardi.
U uch kun deganda bir amallab o‘z mahallasiga keldi. Mahalla guzari yonida chog‘roqqina masjid joylashgan bo‘lib, uning qurilishiga ko‘pchilik qatori Izbosar ham ehson bergan edi. “Demak, u yerda yashashga haqim bor, – o‘ylardi bechora banda. Unga bu yagona najot yo‘li bo‘lib ko‘rindi. – Xudojo‘ylar rahm qilishib bir burda non, bir kosa suv berishar”.
U masjid ostonasiga kelganda namozxonlar peshinni o‘qib chiqib ketishayotgan edi. Izbosar ularning ko‘pini tanirdi. Mahallaning bu mo‘ysafidlarini avvallari – odam bo‘lib yurgan paytlarida pisand qilmasdi. Hozir esa ularga qarab iltijoli ovozda angilladi. Lekin mo‘ysafidlar og‘ir qadamlar bilan uning yonidan o‘tishar ekan, hech qaysisi Izbosarga qaramadi. Hamma yog‘ini yara bosib ketgan, qo‘tir, buning ustiga, cho‘loq va qari itga kimning ham qaragisi kelardi?! Qariyalarni kuzatib chiqqan imom-xatib, uning g‘ingshishlarini eshitdi, jirkangan nigoh bilan bir qur nazar tashladi va o‘rinbosariga tayinladi:
– Maxdum, Olloning uyiga itni kirgizmang. Vallohu a’lam, u harom hayvon!
– Ma’qul! – ta’voze bilan bosh egdi maxdum.
Izbosar alamli g‘ingshidi. Lekin uning boshqa boradigan joyi yo‘q edi. Shuning uchun masjid ostonasiga cho‘zildi.
Xuftondan so‘ng namozxonlar salobat ila bir-bir qadam tashlab masjiddan uzoqlashishdi. G‘ujanak bo‘lib olgan Izbosar uvillab yubormaslik uchun tumshug‘ini orqa oyoqlari orasiga suqdi. Ularni kuzatib chiqqan masjid qorovuli taqsirlar bilan xo‘shlashar ekan, Izbosarga achingannamo qarab qo‘ydi. Izbosar qorong‘ida ham o‘tkir ko‘radigan ko‘zlari bilan har qancha tikilib qarasa ham, qorovulni tanimadi. Odam bo‘lib yurgan payti bundaylarni mirlamaganligi esiga tushdi. Xo‘rsinaman deb g‘ingshib yubordi.
Qorovul taqsirlarni kuzatgach, yarim cho‘kkalab o‘tirgancha, Izbosarga qarab gapirdi:
– Ey, jonivor, qayerlardan keb qolding?
Izbosar xuddi uni Mahmud tanib qolgandek oyog‘ini sudrab qochdi. O‘zini panaga oldi. Uzoqdan ko‘zlarini mo‘ltillatib, ma’yus ovozda g‘ingshidi. Kechagi kunidan afsus-nadomat chekdi. Tazarru qilmoqchi bo‘lib ho‘ngrab yubordi. G‘ingshigan ovoz chiqdi. It g‘ingshigan bo‘lsa-da, bunda bechoralik, ojizlik, og‘riq va sitam sezilib turardi. Qorovul ortiga qayrilib ketdi. Izbosar yana eshikka yaqinlashayotganida, ichkaridan chiqayotgan odamni ko‘rib tag‘in qochdi. Mahmudning qo‘lidagi bir parcha nonni ko‘rdi-yu, barcha og‘riqni, odamlarning qahr-g‘azabini unutib yubordi. Chunki Izbosar itga aylangandan bo‘yon biror kishi unga non-namak tutmagandi.
Mahmud avvaliga unga non berdi. Keyin yoniga o‘tirib, boshini siladi. Yaradorligini bildi, shekilli:
– Senga nima bo‘ldi, jonivor? – deb so‘radi.
– Itlarga talandim… qizim uydan haydagach, – o‘pkasi to‘lib g‘ingshidi yana Izbosar.
– Ie,iye, yomon bo‘libdi-ku, – Izbosarni tushunganday javob qaytardi qorovul masjid darvozasining tepasidagi xira chiroqda uning yaralarini ko‘rarkan.
– Hozir kelaman, jonivor!
Qorovul tez orada qaytib chiqdi. Uning qo‘lida eski tuguncha, shokosa va ikki-uch burda non bor edi. Tugunchani ochib, ichidan allaqanday malham oldi. “Bismillo” degancha cho‘nqayib o‘tirib, uning yaralariga surta boshladi. Keyin eski latta bilan bog‘lab qo‘ydi. Oldiga shokosani qo‘ydi. Unda hali sovib ulgurmagan suyuq ovqat bor edi. Unga nonni to‘g‘rab, Izbosarga berdi va shoshmasdan ichkariga kirib ketdi. Kirarkan, “Hali hammasi yaxshi bo‘ladi, jonivor”, deb qo‘ydi.
Izbosar it bo‘lganidan beri birinchi marta qorni to‘ydi. Oyog‘ining og‘rig‘i sal bosilganday, joni orom olganday bo‘ldi.
* * *
Mahallaning chog‘roqqina masjidiga qatnovchi chollar beozorgina qari itga o‘rganib qolishdi. Uning hech kimga ziyoni tegmas, ostonada yotgani yotgan edi. Bolalar maktabga o‘tgan-qaytganda unga ermaklab tosh, kesak otishsa ham ularga tashlanmas, tashlanish tugul, qayrilib ham qaramas, ma’yusgina g‘ingshib qo‘yardi, xolos. Ba’zi bolalar maktabga olib boradigan bir burda, yarim burda nonlarini unga ilinishar, shunda u “rahmat” deganday kaltagina angillardi. Namozxon chollardan ba’zilari, masjidga uyi yaqinlari ham unga yovg‘on keltiradigan bo‘lishdi. Shunda u boshini ko‘tarib, yovg‘onni ichar va yana joyini cho‘zilardi. Qorovul esa unga qarashni aslo esidan chiqarmasdi.
Izbosar esa oilasi uni izlashini, usiz holi xarob bo‘lishini anglashini va alaloqibat kallalari ishlab, uni tanishlarini uzoq kutdi. Bunday holdan esa darak bo‘lmadi. Har zamonda uning qop-qora “Lasetti”si masjid yonidagi asfalt yotqizilmagan kichikroq tosh yo‘lni changitib o‘tib qolar, rulda o‘tirgan Mixli yo o‘g‘lini ishga, yoki kelini va xotinini mehmondorchilikka olib borayotgan bo‘lardi. Mashina ichidagilar boshini uning shiftiga qadagancha kibr va kalondimog‘lik bilan o‘tirishar, masjid ostonasidagi bechora it tugul, masjidning o‘ziga ham, umuman ko‘chaga ham qaragani bo‘ynilari yor bermasdi. Bir-ikki marta esa shofyorning yonidagi u o‘tiradigan o‘rindiqda qudasi – qadrdon hamkori joy olganiga ham ko‘zi tushdi. Shunda Izbosar hammasini anglab yetdi: o‘g‘li va xotini o‘zlariga yangi valiyne’mat topishibdi. Baski, Izbosarning ularga endi umuman keragi yo‘q. “Balki oldin ham keragim bo‘lmagandir, – o‘ylay boshladi Izbosar alam bilan. – Bu dunyoda boru yo‘qligim faqat ularning qornini to‘ydirishim, ustini butlashim, dang‘illama imorat qurishim, dabdabali to‘ylar qilishim, eldan kam qilmasligim, qaytaga, ming barobar ziyoda qilib boqishim bilan o‘lchangandir. Bu amallarni qila olmasligim – mening yo‘qligim shu bilan izohlandimi? Umr bo‘yi bola-chaqa deb topasan-tutasan. Kimlarnidir shilasan, kimlardandir yulasan. Kimlarnidir tovlaysan, kimlarnidir ovlaysan. Qalloblik, hatto jallodlik qilasan. Hammasini bolam-chaqam deb qilasan. Biroq boshingga mana shunday kutilmagan tashvishlar, ko‘rgiliklar tushganda qani o‘sha ko‘yida yelib-yugurganing, o‘lib-tirilganing – bola-chaqa?! Hayhot, ularga ham kuniga yarab tursang, kerak ekansan-da! Ha, shunday ekan! Demak, men endi ular uchun yo‘qman!”
Shundan keyin Izbosar taqdirga butunlay tan berdi. “Nega meni bu ko‘ylarga solding?!” deb Yaratganga iddao ham qilmadi, qayta odam bo‘lish borasidagi mo‘jizani kutib, qo‘l-oyog‘idagi yarim qo‘tir yaralarga “Teri unayaptimikan?” deb soatlab termulishni ham bas qildi.
Havo sovib, qish qahrini ko‘rsatayotgan paytlar edi. Qorovul itning yalog‘iga yovg‘on solarkan, uning ahvoli yaxshi emasligini bilib qoldi. It og‘ir nafas olar, havoning sovuqligidan tumshug‘idan issiq bug‘ ko‘tarilardi. U ko‘zini ochmadi, yovg‘onga qaramadi ham. Qorovul boshini sarak-sarak qilib, masjidga kirib ketdi.
Ertasi kuni bomdoddan oldin turgan qorovul masjidning yon-verini supurishga chiqdi. Havodan qor hidi kelar, yupqagina qirov tushgan bo‘lsa ham, havo anchagina sovuq edi. Qunishibgina turgan qorovul xira ko‘zlariga ishonmay, o‘zi shubhalantirgan narsaga qaradi. Qaradi-yu, bir zum dahshatdan qotib qoldi. Sababi, kecha masjid ostonasida it g‘ujanak bo‘lib yotgan joyda, yana deng, xuddi shu ahvolda… bir odam yotardi. Qorovul qayta-qayta “lohavla” o‘qib, uning yoniga bordi. Alhazar, ming alhazar! Murda qorovulga tanish, faqat tanishgina emas, ancha yaxshi tanish edi. U mahallaning manaman degan kishilaridan bo‘lgan, lekin keyingi paytda ko‘rinmay qolgan Izbosarboyga o‘xshar, yo‘q-yo‘q, o‘xshar emas, o‘shaning xuddi o‘zi edi.
Qorovul imon kalimasini keltirgancha avval murdaning ustiga masjiddan eski ko‘rpacha olib chiqib, yopdi. Keyin esa shosha-pisha uning uyiga xabar bergani jo‘nadi.
Yo‘lda ham xayol qurg‘ur qorovulni tinch qo‘ymadi. Bir paytlar u hozirda masjid ostonasida harom qotgan Izbosarboyning qo‘lida haydovchi bo‘lib ishlardi. O‘sha kuni u qo‘shni viloyatdan yuk olib kelishi kerak edi. Shomga yaqin yuklarni ortib bo‘lib, yo‘lga chiqdi. Hech qancha yurmasdanoq shiddat bilan jala quya boshladi. Yo‘l sirpanchiq, buning ustiga, qorong‘i bo‘lib, mashina yurishi qiyinlasha boshladi. Haydovchining ko‘ngli to‘xtab, jala tinishini kutishi kerakligini sezdi, lekin shuning barobarida xo‘jayinining gapi ham quloqlari ostida jarangladi: “Yuk ertagacha omborimizda bo‘lishi juda muhim, Ahmadjon!” degandi u qat’iyat bilan haydovchining ko‘zlariga tikilgancha. “Buning uchun faqat Sizga ishonaman!”. Shu ishonchni oqlash maqsadida haydovchi bir maromda yurishni davom ettirdi. Biroq navbatdagi burilishda mashina sirpanib ketib, qoyaga urildi, haydovchi o‘tirgan tomon majaqlandi, boshqaruv butunlay yo‘qoldi. Haydovchi ko‘z o‘ngida yuz bergan voqealarni zo‘rg‘a idrok etarkan, kuch bilan tormozni bosishga zo‘r berar, peshonasidan yuziga oqib tushayotgan qip-qizil, yo‘q, qop-qora qonga ham parvo qilmasdi. Biroq mashina baribir jarga ag‘darildi, haydovchi esa mo‘jiza bilan, ha-ha, faqatgina mo‘jiza tufayli qutulib qoldi. Shunda ham kasalxonada ko‘z ochgan haydovchi tasodifiy najotkorlaridan mashinasining ahvolini so‘radi.
– Tirik qolganingizga Xudoga shukr qilsangiz-chi, birodar, – degandi o‘shanda najotkor norozi ohangda.
“Xo‘jayinimga bergan va’damni bajarolmadim”, – o‘ylagandi u xijolat bo‘lib xo‘rsingancha.
Biroq… o‘sha kuni uni operatsiyaga tayyorlashayotgan payt kasalxonaga yetib kelgan xo‘jayin palata eshigidan kirishi bilanoq yoqasiga yopishgandi. Uning vajohati qutirgan itni eslatar, ko‘zlari qizarib, og‘zidan ko‘pik sachrardi.
– Mening mashinam, yuklarim… ularni sen jarga qulatding! To‘lab berasan, to‘lab berasan hammasini!
– Bu nima beadablik! Bu yoqda inson hayoti qil ustida turibdi, Siz yukni gapirasiz, – degandi shunda uning yonida turgan vrach. – Qolaversa, ish vaqtidagi falokat uchun Siz bu kishiga tovon to‘lashingiz kerak!
– Siz o‘z ishingizni qiling! – degandi xo‘jayin yanada kuchli vajohat bilan og‘zidan tupuk sachratgancha vrachga qarab. – Men bilan ishingiz bo‘lmasin. Agar titkilansa, o‘zingizdan ham noqonuniy ishlar chiqadi! Sen esa baribir to‘lab berasan, to‘lamaganingga qo‘ymayman!
– To‘layman! – degandi shunda u yarim behush ahvolda. – Omon qolganim uchun… bosh-ko‘zimdan…
– Unda tilxat ber! – jon qayg‘usida yotgan kishining burniga tayyor tilxatni tiqishtirgandi u, haydovchining oxirgi so‘zlarini eshitishga ham toqati qolmay. – Imzo chek!
Haydovchi sog‘ qolgan chap qo‘li bilan bir amallab imzo chekkach, xo‘jayinning yuziga sal qizil yugurgandi.
O‘shanda operatsiya muvaffaqiyatli chiqqan esa-da, unga biror yil yurolmasligini aytishdi. Izbosar esa nobud bo‘lgan mollar uchun ham sug‘urta agentligidan mo‘maygina pul undirdi, ham nogiron haydovchini oilasi bilan ko‘chaga haydab, uyini tortib oldi. Yaxshiyam, qarindosh-urug‘, yor-birodarlar, umuman, yaxshi odamlarning borligi. U ko‘chada qolmadi.
O‘sha voqeaga bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tgach, haydovchi Izbosarning ishxonasiga borgandi.
Xo‘jayin uni sovuqdan sovuq kutib oldi. Sog‘ligi qandayligini aqalli bir marta, ko‘ngil uchun so‘ramadi ham.
– Yangi ochgan korxonangizga qorovul kerak ekan. Shunga kelgandim, xo‘jayin! – degandi u “chiqmagan jondan umid” qabilida. – O‘sha falokatdan keyin ancha qarzga botganman. Buning ustiga… akamnikida turaman… Ular mendan bir nima ta’ma qilishmaydi-yu, baribir… endi asta-asta yurayapman. Ro‘zg‘orga qarashmasam, bo‘lmas. Akamlar ham jo‘jabirday jon…
– Senga yordam berolmayman! – degandi u uzil-kesil haydovchining yuziga qarab bezraygancha. – Chunki senga ishonmayman. Sababi, ishonchimni oqlamagansan! Nochorlarga yordam berish esa mening ishim emas. Buning uchun maxsus idoralar bor! Borib, o‘shalardan yordam so‘ra!
Haydovchi o‘shanda sobiq xo‘jayinining huzuridan g‘am-anduh botqog‘iga botganday zabun holda chiqqandi. O‘sha kuni tasodifan mana shu masjid qurilayotganini eshitib qoldi. Akasi va xotinining qarshiligiga qaramasdan masjidga qorovullikka o‘tdi…
Yillar o‘tgani sari bolalarining qo‘lidan ish keladigan bo‘ldi. Ro‘zg‘orini qayta tiklab oldi. Xotini, bolalari endi qorovullikni bas qilishni so‘rashdi. Lekin og‘ir damlarda unga rizq bergan dargohni tashlab ketish xiyonatday tuyulardi.
U Izbosarning hovlisiga yetib borib, darvoza qo‘ng‘irog‘ini bosdi.
O‘n daqiqa o‘tar-o‘tmas masjid yoniga qop-qora “Lasetti” uchib kelib to‘xtadi. Undan chopon-do‘ppi kiyib, belini bog‘lagan ikki kishi – Izbosarning o‘g‘li va haydovchisi tushdi. Ular orqa-oldilariga qaramay, jasadni ikki buklab, mashinaga tiqishdi. Keyin o‘g‘li peshonasidagi reza terlarni artarkan, “Xayriyat, hech kim ko‘rmadi”, deya og‘ir tin oldi.
– Xo‘jayin g‘ujanak bo‘lganlaricha qotibdilar, – g‘amgin ovozda gapirdi haydovchi Mixli mashina ruliga o‘tirarkan.
– Ie, buning nima farqi bor. Tezroq haydang, – jerkib berdi Izbosarning o‘g‘li.
O‘sha kuni peshinga borib-bormay, Izbosarning dafn marosimi o‘tkazildi. Uning xotini tobut kirib kelganidan mayitni olib chiqib ketgunlaricha dunyoni buzib, “to‘rasidan ayrilib qolgani” haqida faryod chekdi. Tobutni ko‘tarib chiqishayotganda esa qizi bir o‘tli “oh” tortib, “Dadajon!” dedi-yu, hushidan ketdi. Ko‘mib bo‘lishgandan so‘ng o‘g‘li otasining qabrini quchoqlab, yarim soat nola qildi. “Endi qanday yashaymiz, dadajon! Sizsiz nima qilamiz?!” deya vovaylo qildi. Bechorani besh kishi zo‘rg‘a tortib, qabrdan qo‘zg‘atishdi.
Fotiha kuni mahallaning kunda-shunda chollari Izbosarboyning andoq saxiy va oliyhimmat ekanini takror-takror madh etib, yog‘li palovlarni yeb, yuqini soqollariga surtishdi. Imom-xatib fotihachilarning ko‘pligidan xatmi Qur’on qilaverib charchadi. Maxdum unga kamarbasta bo‘ldi. Izbosarning kuyovi, ishxonasidagi xodimlari, hatto qorovul ham uning ma’rakalari tugaguncha xonadonidan bir qadam siljimay, “jannatmakon xo‘jayin”ning “oxirgi xizmatlari”ni ado etishdi.
Faqat… faqatgina masjidning qorovuli, oilasining iltimosiga ko‘ra mayyitni qay ahvolda topganini hech kimga aytmagan bo‘lsa ham, itning joyiga Izbosarning qanday borib qolganidan hayron edi. Yana deng, xuddi itday, bir ahvolda-ya. Yo tovba…
Shunaqasi ham bo‘larkanda, a?!
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 7-son