Yana boshlandi… A’zoyi badanida titroq uyg‘onib, to‘lqindek tarqalib borar, yuragi gursillab urardi.
— Bolam, bolajonim! — Sochlari yoyiq, rangpar ayol o‘z hayqirig‘idan o‘zi cho‘chib burchakka sakrab tushdi. Shu zahoti jim qoldi. Tizzalarini mahkam quchoqlagancha jimib qoldi. Ko‘zi esa olazarak, besaranjom. Nigohi dam eshikda, dam… Yo‘q, u yoqqa qaramaslik kerak, nigohi deraza romidan, keyin oynadan qoqila-sirg‘alib tashqariga intildi. Uzoqda, juda uzoqda ko‘k gumbazning sochlariga oq oralabdi.
— Voy, bolam! — Eshikning g‘iyqillab ochilishi ham chaqaloq yig‘isiga o‘xshardi. — Bolam… Qani bolam?
— Hozir…
Kim bu? Bu ham anavindan chiqib keldimi? Nega unda eshik rafiga suyanib, yelkalarini selkillatadi? Ko‘zlari bo‘g‘chada, olib qo‘ysa-ya?
— Onangman, bolam. Meni tanimay qoldingmi? Tinchlan, bolam!
— Ayam? Ayajon!..— Bejo ko‘zlaridan yosh sizdi endi.— Ayajon, bolamni hech olib kelishmayapti.
Ayasining sochlari uzun edi. Qop-qora edi, endi unga ham anavi bulutlar qo‘nibdi.
— O‘tiring, ayajon,— dedi u en-di o‘z burchagidan joy ajratarkan.
— Yonimda o‘tiring.
— Xo‘p, bolam.— Kampir beso‘naqay harakatlanib yerga cho‘kkaladi. Itoatkorligi ham ayasiga o‘xsharkan. Balki chindan ayasidir.
— Siz mendan qo‘rqmang, xo‘p! Shunaqa deydi-yu, ko‘zlari hamon bo‘g‘chada.
— O‘lar, o‘z bolamdan ham qo‘rqsam…— Ona nuqul oyoqlarini ko‘ylagi ichiga yashirmoqchi bo‘lardi. — Tiss! — Qizi ko‘rsatkich barmog‘ini qonsiz labiga bosgancha behalovat nigohini unga qadadi.— Ayajon, sekin gaplashib o‘tiramiz, xo‘p! Faqat sekin gaplashamiz. Bolamni uyg‘otvormang tag‘in.
— Xo‘p, bolam.
— Ayajon, menga sovchilar kelganda qaerga bekinganimni aytaymi?
— Ayta qol.— Onasining tovushida iztirob.
— Tahmonga berkinib olgandim,
— Qizi yelkasini qisib, hiringladi. Keyin yengiga yuz-ko‘zi, burnini qo‘shib artib, yana kuldi:
— Sizlar bo‘lsangiz izlab topolmagansiz…
— Opang topuvdi, shekilli? — deb o‘smoqchiladi ona.
— Ho-o, sovchilar ketgandagisi hisobmas…— deya qiyqirdi qizi.
Endi onasi ham «kuldi». Ko‘zida esa dard.
— Baribir tegdim-a, ayajon?
— Yaxshi-da… Hi-hi…
— Nega kulasiz, nimasi yaxshi? Qizi o‘rnidan sapchib turib ketdi. Xonaning narigi burchagidagi bo‘m-bo‘sh kitob javoni ustidan bo‘g‘chasini oldi. So‘ng bag‘riga bosib, ko‘zlarini yumdi. Ana rohat!..
Ona ortiq chidayolmadi. Lapanglab o‘rnidan turib chiqib ketayotgandi, qizi qo‘lidan tutdi.
— Jim, ayajon. Jim turing. Hozir sizga kattakon sirni ochaman, — deya qizi bo‘g‘chani avaylab kitob javoni ustiga qo‘ydi. Keyin borib, yana o‘sha burchakka cho‘kkaladi.
— Ayajon, anavini olib chiqib tashlash kerak.
— Qaysini yana?
Qizi ko‘zguga ishora qildi.
— Qo‘ysang-chi, bolam. Kitoblarni-ku yo‘qot deding…
— To‘g‘ri-da. Kitobga ishonmagandan keyin saqlashdan nima hojat? Yo siz o‘sha kitoblardagi muhabbat hayotda ham borligiga ishonasizmi?
— Bilmasam…— Onaizor o‘zini qanday tutishni bilmasdi.— Lekin kitoblarda nima ayb?
— Yo‘q narsani bor deganlari-da! Men-chi, men kitob emasman. To‘g‘risini aytaman, muhabbat yo‘q! Tamom-vassalom! — Qizi qo‘llarini yozgancha ancha turib qoldi. Shu deganiga eshik ochilib, kutgani kirib kelarmidi bir.
Onasi tusmollab so‘radi:
— Nima, ko‘zgu ham: «Muhabbat bor», deyaptimi?
— E, qo‘ysangiz-chi,— deya kuldi qizi. Keyin birdan vahimaga tushib, dedi: — Unda-chi, bitta opala yashaydi. Usha bolamni men bilan talashmoqchi.
Onaning umidlari yana so‘na boshladi:
— Xo‘p, bolam. Bugunoq o‘sha opalani haydayman…— Voy, bu qiziga mehri qandoq edi-ya… Chindan ham ko‘z yomon ekan. Dono qizi shunaqa bo‘lib o‘tirsa-ya…
— Endi sen birpasgina uxlagin. Men ishimni qilay.
— Sekin gapiring, aya. Sirimni-chi, eshitmaysizmi?
— Eshitarman, sen dam olgin, keyin…
Yana eshik ingrab ochildi. Boyagi titroq ancha yengillashgandi. Ayol sal narida yotgan bolishni sudrab, o‘z burchagiga qo‘ydi. Asta yonboshladi. Faqat yomg‘ir yog‘masin-da. U yomg‘irdan qo‘rqadi. To‘ylari kuni ham yomg‘ir xo‘p yoqqan-ey… Keyin… gunohi kuni ham…
Bolish o‘lgur qattiq ekan, bir itqitgan edi, eshikka tegdi. Eshik yana g‘irchillab ochilib, xonaga eri kirdi. Kirdi-yu, eshik oldida so‘roq belgisi bo‘lib turaverdi.
— Ha, kiring! — Zardasidan eri cho‘chib tushdi.
— Tuzukmisan? — deya oldi bazo‘r. Keyin burchakka hadik-la yaqinlashar ekan, qo‘shib qo‘ydi:— O‘zingni tut! O‘tib ketadi!
«O‘tib ketadi?.. Albatta o‘tib ke-tadi. Sizning er, mening xotin bo‘lganimga o‘n bir yil to‘libdi-yu, o‘tmaydimi? Hammasi o‘tadi. Biz ham o‘tdik», degisi keldi-yu, demadi. Eriga achindi. Ichkilikka berilmasidan avval qandoq edi-ya. «Yaxshi yashaymiz. Boyiymiz, bolalarimiz ko‘p bo‘ladi», deb ishxona o‘lgurda jonini fido qilganda, hech kim aytmabdiki: «Hoy, inson, bu «yopiq» zavodda ishlasang bitta tirnoqli ham bo‘lolmaysan», deb.
Eri yelkasini qisib, burchakka kelib o‘tirdi. Keyin ikkilana-ikkilana xotinining bemador qo‘llarini siladi.
— Juda qo‘rqitvording. Agar bylsang… — «Eri ho‘ngrayaptimi?» — Agar bilsang, jonimdan ortiq ko‘rarkanman seni.
— Kel, qiynamaylik o‘zimizni, hammasi yaxshi bo‘p ketadi. Belim to‘la bola hali… — U yog‘iga erining madori yetmadi. Tamom! U yog‘ini hech kim aytolmaydi…
Yana boshlandimi? Butun a’zoyi badanida titroq uyg‘onib…
— Chiqing! Chiqing, deyapman! — O‘zini ushlayolmay, baqirdi ayol. Eri rangi qochgancha o‘rnidan turar ekan, eshikka shoshildi: «He, onasini bu hayotning».
— Jo‘nang! Arog‘ingizni ichavering, kelib qolishar belingizdagi bolalar shu siz so‘kayotgan dunyoga…
Eshikni onasi ochdi. Yugurib kelib zorlandi:
— Qo‘y, bolam. Tinchlan, bolam. Qandoq qilamiz, ering sho‘rlik ham ichkiliksiz yasholmaydigan bo‘lib qoldi, sho‘r peshonaginam.
— Bolasiz-chi, yashayapti-ku?
— Qo‘y, bolam…
— Xo‘p! Lekin nega unga chiqqan hukm menga joriy, aya?
— Nima deganing bu? — Onasi uning to‘zg‘igan sochlarini yig‘ib, zorlandi.
— O‘n yildan beri har oy takrorlanadi. Taqdirimga hukm o‘qiladi. Mening taqdirimga, aya!
— Voy, uyat-e, onang o‘lsin, bo-lam. Eshitganlar nima deydi, — Yuzini asabiy timtalayotgan onasining ahvoliga achinibmi, ayol jahldan tushdi. Yana burchakka borib, tizzalarini quchoqlagancha xayolga toldi. Hatto bu gal eshik emas, onasi ingraganini ham payqamadi. Tog‘larni eslagisi keldi. Ularning salobati yaxshi kunlarga qo‘riqchi. Yaxshi kunlar?.. Bo‘lgan, albatta. Erining ishdan qaytishini kutib, ko‘zlari kirtayganda ham, nigohi armonga aylangan eri tongda horg‘in umidsiz kirib kelganda ham ne sababdir ishonardi yaxshi kunlarga.
— Dod! — Xonaning shiftigacha lorsillab ketdi. O‘z baqirig‘idan bag‘ri chok-chokidan so‘kildi.— Dod! Bolamni beringlar! — Qarshisida qo‘qqayib turgan kitob javoni bo‘m-bo‘sh. Yig‘layverib yoshi qolmagan baqaloqdek baqraygan. Ustida esa… Bolajonisi?
Homiladorni urib bo‘lmasmidi?
Nega ekan? Uni-chi, urishdi-ku… Juda katta gunoh evaziga juda katta savobga noyil bo‘layotgan kunlari edi. U odam uchun birovni farzandli qilish — savob. Ayol uchun birovdan farzand ko‘rish…
— Prosto.— Do‘xtirning bamaylixotir nasihatini esladi.— Naydi sevgi! Sdelay bola!
Aytishga oson. Yer uni qanday ko‘taradi, keyin… Yana bir tomoni: yer uni ko‘tarmasa ham, balki u tuqqanini ko‘tarar…
Ana o‘shanda… Ishxonasida yangi usta paydo bo‘ldi. Yigitni zimdan kuzatgan ko‘zlari ayol izmiga kirmadi. Daf’atan paydo bo‘lmas ekan, keyin hech qachon uyg‘onmaydigan bu hisni u o‘shanda tuydi.
Kunlar o‘tdi. Bu vaqtincha dunyo yildirimsifatligini fosh etib, tusini o‘zgartiraverdi. Hali oppoq mulla qish bo‘lib, hali ko‘m-ko‘k g‘o‘r bahor bo‘lib, hali qip-qizil yozdek betsiz bo‘lib, hali sariq kuzdek armon bo‘lib o‘taverdi. Endi u nuqul o‘sha baxtli odamni o‘ylaydigan bo‘lib qoldi. Yomg‘ir yog‘sa bas, ho‘ng-ho‘ng yig‘laydi.
Tavba, yangi ustaga o‘zicha «baxtli odam» deb nom qo‘yganini-chi? Qo‘sh o‘g‘illi odam baxtli bo‘lmasa, kim unda? Xuddi ana shu «baxt» ularning halovatini buzdi.
Yomg‘ir shiviri bois uyg‘onib qolgan yaproqlar uzilgan sarhush tushlarini eslab, ezmalanganda shunaqa bo‘ladi. O‘zini tanimadi qoldi-ya. Gapirsa kuladigan, kulsa ezmalanadigan bo‘lib qoldi. Tutqun, ammo ozod edi o‘shanda. Xayollari o‘zgalar aytadigan qo‘shiqdek edi o‘shanda.
Erini, maza-bemaza g‘iybat-dashnomlarni unutdi.
Keyin ishxonadan toqqa chiqishdi. Qiy-chuv. Olov ko‘ylaklari hilpiragan bir gala ayollar. Baxtli odam bir childirma chalarkan-ey. Tog‘lar tomoshabin, teraklar gulduros qarsakchilar, pag‘a-pag‘a oq bulut — raqqosa… Oq bulutga sherik bo‘lgandi o‘zi. Bir o‘ynagan-ey o‘shanda…
Eshik g‘irchillab, xayoli uzildi.
Xonaga boshdan oyoq oq kiyimli kishilar kirishdi.
Onasi kirdi. Qo‘lida choyshab. Ko‘zlari qizargan. Choyshabni shifokorlarga uzatdi. Ular ikkalasi unga tomon yaqinlashishdi!
— Aya, jon aya! Bolamni shular o‘ldirishdi. Voy, dod!—ustiga choyshab tushdi. U jiqqa ho‘l ekan. Eti seskandi-yu, bir zum jim qoldi. Choyshab ustidan allaqanday bog‘ich bilan bog‘lab olgunlaricha angrayib qarab qoldi. Obbo…
U bog‘langancha turaverdi. Barzangilar onasidan shajarasini surishtirishdi. Lekin o‘z shajarasini bilmaslik ayb bo‘lmay qolganini aytmasa, yuragi shumlikni seza-verdi. «Endi jinnixonaga olib ketishadi. U yer tug‘ruqxonadan ham battar…»
Tug‘ruqxonani esladi. Achchiq dori isi. Qovug‘idagi alamli dard. Beli zirqiraydi. Havo yo‘q.
O‘shanda hayotdan hayot ajrayotgandi.
— Keserevo sechenie! — Bu degani nima edi? Qornimni yoradilarmi? Nega ekan? U «yo‘q» deya qichqirgandi, oq liboslilar bab-baravariga shang‘illay ketishdi:
— Yiliga tug‘avermay, eslab yurasan shu og‘riqni…
— O‘zini ayashini-chi!
Oppoq bulut qani? Baxtli odam qani! Hammadan aziz — bolajoni qani?
Bolasiga atalgan kiyimlarni bo‘g‘chaga o‘rab, qo‘liga tutishdi…
Voy-dod! Yiliga tug‘a olsa edi, dod… Doyalar qaydan bilishsinki, bu bolaga yetishish uchun nima ishlar qilib qo‘yganini… Umrida bola emizmay, dod…
— Ayajon, jon aya. Keserevo qilishsa, mukofot puli olisharmish. Shunga hammani tilimlashyapti, ayajon!
Onasi uning boshini bag‘riga olmoqchi bo‘ldi, bosh bo‘ysunmadi.
Yana boshlandimi? Butun a’zoyi badanidan…
Eshik? Nahotki keldi… Baxtli odammi? Yo‘q, hiqichoqdan bo‘g‘ilgancha g‘irt mast baxtsiz eri kirdi. Kirdiyu:
— Ie? Hiq! Sarpolar muborak? — dedi.
Voy, bu qanday ko‘rgulik? Gunohi qolib, bolajoni ketsa-ya…
Oyoqlarida majol qolmadi. Barzangilar ko‘magini kutmayoq yerga gursillab tushdi.
O‘lib qo‘ya qolsa go‘rga edi-ya. Bolajoni oldiga ketib qo‘ya qolsa edi-ya.
Hech narsa ko‘rinmasdi. Faqat bulut. Oppoq bulut…