1
Kuzning ilk yomg‘iri yog‘ayapti, ko‘chalarda harakat tezlashgan: mashinalar oyna artgichlarini zo‘r berib ishlatgancha, ora-sira chiroqlarini yoqib-o‘chirib, manzillariga shoshilishadi, piyoda yo‘lovchilardan birovi pana joy qidirgan, kimdir avtobusga qo‘l ko‘taradi.
Qo‘llarida soyabon tutib, yomg‘irpo‘shlariga o‘ralgan odamlarga har qadamida urilib-turtinganicha borayotgan yigit bo‘lsa, yomg‘irga tamom beparvo. U yerdan boshini ko‘tarmay, bo‘ynini kiftiga tortib, qo‘llarini cho‘ntagiga solib olgan, qadam tashlashi ham bir maromda. Yomg‘ir tomchilari sochlaridan tushib, bo‘yniga oqib kiradi, u bo‘lsa, yelkasini qisib qo‘yadi, xolos. Egnidagi yengilgina kamzul ivib ketgan. U odamlarning g‘alati qarab qo‘yayotganlarini sezsa-da, parvosiz. Sinchiklab tikilgan odam uning avzoyi buzuqligini payqaydi: ko‘zlari g‘amgin, majnunona loqayd boqadi, nimalarnidir pichirlayotganday yarim ochiq lablarida kinoyali nimtabassum, qoshlari xiyol chimirilgan. Yigit shu ko‘yi yurib, muyulishdan o‘tdi-da, katta ko‘chaga chiqdi. Mashinalar oqimi to‘xtovsiz o‘tib-qaytayotgan yo‘l chetida bir zum turib qoldi. Boshini ko‘tarib, yo‘lchiroqqa qaradi: yashil chiroq yongan. U endi nigohini mashinalar oqimiga qaratdi. To‘satdan uning ko‘zlari chaqnab ketganday bo‘ldi. O‘rtasidan bardyor tortilgan yo‘lning narigi tomonida xuddi o‘zidek yomg‘irda ivigan, uzun sochlari jiqqa ho‘l, laylisifat pari turardi! U ham atrofiga tamom beparvo, egnidagi o‘ziga yarashgan kaltagina plashining tugmalarini o‘ynaganicha qizil chiroq yonishini kutib turardi. Yigit undan nigohini uzmay kuzatib turar ekan, o‘ylardi: “Uni qayerda ko‘rganman? Buncha tanish bo‘lmasa? Lekin kimligi esimda yo‘q, kim bu?” Mana, nihoyat, mashinalar bir daqiqaga to‘xtashdi. Qiz o‘zi tomonga yurib kela boshladi. Yigit joyidan jilmadi. Parivash parvoyi palak yo‘ldan o‘tdi-yu, yigitga kibr bilan bir qarab qo‘ydi va… o‘z yo‘liga ketdi. Majnunvor yigit esa joyida qotib turaverdi. Yurmoqchi edi, ammo yuragi urishdan to‘xtab qolgandi go‘yo.
Yomg‘ir hamon chelaklab quyardi…
2
– Qo‘ysang-chi, Rustam! Jinnimisan? Bor-yo‘g‘i bir marta ko‘rgan bo‘lsang, qanaqasiga sevgi bo‘ladi bu? Odam ishonadigan gapni gapirgin…
– Nega odam ishonmas ekan? Nima, bir marta ko‘rganda sevib qolish mumkin emasmi?
– Vey, nechanchi asrda yashayapsan o‘zi? Xo‘p, deylik, sevib qolibsan, ismini bildingmi? Yo‘q! Telefon raqamini-chi? Yo‘q! Jillaqursa, manzilini topa olasanmi? Yana yo‘q! Bundan qanaqa sevgi chiqadi, og‘ayni? Tush ko‘rganday gap!
– Balki tush ko‘rgandirman, lekin men uni sevaman, sevaman, tushunyapsanmi? Bir ko‘rdimu yuragim urishdan to‘xtab qolganday bo‘ldi, keyin u menga tanish, juda tanish tuyuldi. Mana, ko‘rasan, Nodir, uni, baribir, topaman.
– Topasan? – Nodir sharaqlab kulib yubordi. – Qanday qilib? Ko‘chama-ko‘cha qidirasanmi? Yoki e’lon berasanmi?
Rustamning jahli chiqib ketdi:
– Topaman, dedimmi, topaman! E’lon beramanmi, ko‘chama-ko‘cha qidiramanmi, ishqilib, topaman! Mana, ko‘rasan! – u og‘aynisining kulayotganini ko‘rib, battar jig‘ibiyron bo‘ldi, – nimaga ustimdan kulaverasan? Aybim senlarga o‘xshab, internetga kirmaganim yoki telefonda qizlar bilan gaplashmaganimmi? Ismini, manzilini bilmasam, nima bo‘pti? Bir marta uchrashtirgan taqdir yana uchrashtirishi mumkin-ku, axir!
3
– Bo‘lib yana puch xayolga band,
Eski tushni etdimmi e’zoz? – o‘sha yo‘l chetida minginchi bor to‘xtab, o‘sha tanish parichehrani kutayotgan yigit kun botayotgan pallada shafaqqa umidsiz termulib, Geynening satrlarini beixtiyor pichirladi. – Balki Nodir haqdir, behuda vaqt sarflayotgandirman? Rostdan, uni bor-yo‘g‘i bir martagina ko‘rgan bo‘lsam, bu katta shaharda qayta uchratmasligim ham mumkin-ku!
Rustam ohista yurib, bekatga bordi. Yonginasiga kelib to‘xtagan avtobusga chiqib, bo‘sh o‘rindiqqa behol cho‘kdi. Avtobus joyidan og‘irgina qo‘zg‘alib, yurib ketdi, yigit derazaga tikilganicha xayollariga erk berdi…
…Mana, u yo‘l chetida to‘xtab turibdi. Mashinalar u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab o‘tib-qaytib turishibdi. Birdan mashinalar harakati to‘xtaydi. Odamlar ham joylarida turib qolishgan. Yo‘lning qoq o‘rtasidan o‘sha tanish dilbar ohista yurib kelyapti. U bir-bir qadam bosib keladi-da, Rustamning ro‘parasida to‘xtaydi:
– Meni chaqirganmidingiz? Mana, keldim…
– Iltimos, to‘xtatib yuboring, tushib qolay! – yigit tepasida yangragan nozikkina tovushdan cho‘chib, o‘girildi. To‘satdan… bo‘lishi mumkin emas, u ko‘zlarini ishqalab, yana qaradi. Avtobusdan tushib ketayotgan qiz negadir ortiga bir qarab qo‘ydi. Bu – o‘sha! Yigit sakrab o‘rnidan turib, eshikka otildi:
– Shoshmang, aka, menam tushishim kerak! – avtobusni joyidan jildirgan haydovchi norozi to‘ng‘illab, to‘xtadi:
– Xayolingni to‘plasang bo‘lmaydimi, uka, qayerda tushishingni bilmasmiding?
Rustam uning gapini eshitmadiyam. U pastga o‘zini shunday otdiki, hatto munkib, yiqilishiga sal qoldi. Qaddini tiklab, atrofiga shosha-pisha alangladi: qiz yo‘q edi! Rustam to‘rt tomonga bir-bir qarab chiqdi-da, o‘ngdagi burilishdan tor ko‘chaga qarab yugurdi. Ancha ichkariga kirgach, to‘xtadi – qiz yo‘q edi. Yo tavba, ro‘yomidi u? Yigit bo‘shashib, iziga qaytdi…
4
– Opqoch-a! Avtobusda ko‘rganmish, tushib borsa, yo‘q emish! – Nodir uni yana kalaka qilishga tushdi, – og‘ayni, qo‘ygin endi, kulgimni qistatmagin! Chindanam o‘zi anavilarga, haligi, nima edi, darveshlarga o‘xshaysan-ey!
– Ko‘rdim, deyapman-ku, Nodir, nega ishonmaysan? Darvesh emas, g‘irt pandavaqiman men! Yonginamda ekanu, bilmabman…
Nodir do‘stiga achinib qaradi:
– Rustam, kel, yaxshisi, seni birorta qiz bilan tanishtirib qo‘yaman! Gaplashasan, balki yoqib qolsa, o‘sha qizni esingdan chiqarib yuborarsan.
Rustam boshini chayqadi:
– Yo‘q, og‘ayni, esimdan chiqara olmayman! Deyarli har kuni kechalari tushimga kiradi, kunduzlari bo‘lsa, ko‘z o‘ngimdan nari ketmaydi. Go‘yo yonimga kelib, “Meni chaqirdingmi? Mana, keldim”, deyayotganday bo‘laveradi…
– Tavba, naq ertak qilib yuborasan-a!
5
Yomg‘ir maydalab yog‘ib turibdi. Rustam yo‘l chetida anchagina turib qoldi. Ko‘zlarini narigi tomondan uzmaydi. U yana soyabonsiz, kiyimlari ivib ketgan, lekin bu bilan zarrachayam ishi yo‘q. Anchagacha shu alfozda kutgach, avtobusga chiqdi. O‘tgan safar qiz tushib qolgan bekatga keldi. Yana ko‘zlari olazarak bo‘lib, qizni izlay boshladi. Ammo foydasi yo‘q.
U o‘sha tor ko‘chaning boshida nima qilishini bilmay serrayib turarkan, taksida ketayotgan Nodir uni ko‘rib, mashinani to‘xtattirdi. Tushib, do‘stining yoniga keldi:
– Rustam! Nima qilib turibsan? Ivib ketibsan-ku!
Rustam yalt etib unga qaradi:
– Ha, Nodir, senmisan? – uning ovozi bo‘g‘ilib chiqdi.
Nodir uni qo‘ltig‘idan tutib, yo‘l boshladi:
– Qani, ketdik, men taksidaman, bu turishda shamollab qolasan, yur!
– Yo‘q-yo‘q, shoshma, yana biroz kutay! O‘tgan safar u shu yerda avtobusdan tushgandi. Balki kelib qolar halizamon…
Nodir uni battarroq sudradi:
– Yursang-chi, darvesh! Mazang qochayotganga o‘xshayapti, kel, bir martagina aytganimga kirgin, mashinaga o‘tir, uyingga tashlab o‘tamiz, yuraqol!
U do‘stini bir amallab ko‘ndirdi-da, olib ketdi. Uylariga yetgach, Rustam mashinadan zo‘rg‘a tushdi. Issig‘i chiqib, butun vujudi misday qizib borar, tomog‘i qaqrab ketayotgandi…
6
– Opajon, bu deyman, o‘g‘lingiz shoirmi, a? Kechasi bilan she’r o‘qib chiqdi-ya! – palataga kirib kelgan Rustamning onasini hamshira shunday deb kutib oldi. Vazira opa qo‘lidagi narsalarni qo‘yib, o‘g‘lidan hol-ahvol so‘radi:
– Qalaysan, bolam? Bizni o‘ziyam rosa qo‘rqitding-da… – u keyin kulib, hamshiraga o‘girildi, – shoir bo‘lmasa, shundoq yomg‘irda soyabonsiz-panasiz yurarmidi, opasi?
Rustam xijolatomuz jilmaydi. O‘tgan kungi voqealarni u bugun arang esladi: Nodir uni uylariga olib keldi, mashinadan birga tushishdi, keyin nima bo‘ldi, bilmaydi – ko‘zini ochsa, kasalxonada yotibdi: issig‘i qirqqa ko‘tarilib, o‘zini bilmay qolgan ekan. Oyisi yoniga o‘tirib, peshonasini ushlab ko‘rdi:
– Ranging ancha yaxshi, mana, issig‘ingam joyida, Xudoga shukr! Ming marta aytaman, soyabon olib yur, jillaqursa, yomg‘irli kunda issiqroq kiyinsang bo‘ladi-ku! Mana, endi esing kiradigan bo‘ldi.
Hamshira uning gaplarini kulib, ma’qulladi:
– Rost, opa, bu yigitga esini kiritadigan dorilarni beryapmiz, xavotir olmang!
U osma tomchi dorining ninasini yigitning bilagiga ulab qo‘ydi-da, xonadan chiqib ketdi. Birozdan so‘ng kelib, xayrlashdi:
– Xo‘p, men ketdim, navbatim tugadi, hozir boshqa hamshira yoningizga kiradi. Opajon, ungacha ketmay turing!
Vazira opa unga rahmat aytib, xayrlashdi. Dori bir maromda tomchilab turar, ona-bola unga qarab-qarab, o‘zaro gaplashishardi. Dori kamaya boshladi. Rustam onasiga qaradi:
– Oyi, hamshira hayallayapti-ku, o‘zingiz chaqira qoling!
– Xo‘p, hozir, – Vazira opa yo‘lakka chiqib ovoz berdi, – hamshira, hoy hamshira!
Avvaliga uzoqdan “Hozir!” degan tovush keldi, birpasdan so‘ng eshikda hamshiraning o‘zi ko‘rindi:
– Meni chaqirdingizmi? Mana, keldim…
Rustam hamshira tomon qaradi-yu, o‘sha tanish chehrani ko‘rib, hayratdan qotib qoldi…
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.