Haqiqat fikrlar almashuvining oqibatidir. Fikr fikrga doya. Inson inson bilan, suhbatu anjumanlar bilan tirik, barhayot. Baliqning vatani ummon bo‘lgani kabi odamning vatani – uni tushungan, uning so‘zlariga quloq tutguvchilar orasindagi sershavq mashvarat onlaridadir. Xossatan, suhbatdoshing aytqoningni ziyrak ilg‘asa, fikr almashuvchilar posangisi teng kelsa munozara mag‘zi quyuqlashar. Shu qabilda kalavaning yipi topilgani sari so‘z so‘zga, jumla jumlaga, mavzu mavzuga ulanadi. Ichingda qaynab-toshayotgan dardlaringni xumordan chiqaroq to‘kasan, sochasan! Bil’aks tinglamoq, to‘g‘ri uqmoq qasdidagi insonlar bo‘lmasa aytqon so‘zlaring zoye.
O‘zim anglamagan holda ko‘pda suhbat maqomidan foydalanishimning boisi shundadir ehtimol? Dramalar-ku, bosh-oyaq suhbat asnosida yozilmog‘i tabiiy, munday qarasam, aksaran maqolalarim ham suhbat yoxud murojaat tartibinda bitilgan, ha, adashmayapman, hatto she’rlarimni aytmaymi?!
Xona sohibi bir-bir odim tashlab yuqori raxi baland shiftga bo‘ylashguday deraza yoniga keldi-da, xayolini band etgan o‘y oqimini hurkitib yuborishdan ehtiyotlangandek tashqariga mahzun termildi.
O‘ktabr yarimlamay qishning nafasi izg‘ib qoldi. Nonushta payti yilt etib borliqni yoritgan quyosh zumda g‘oyib bo‘ldi-qo‘ydi. Peshin edi, u qo‘noqqa qaytayotib birpas havoning avzoyini kuzatib turdi. Osmonni paqqos qalin qora bulut qoplay boshlagan, havoning avzoyida pilikning uchicha yorug‘lik belgisi sezilmas, balki o‘zidagi tundlik siyohi bila dov-daraxt, atrof-javonib, odamlarni-da bosh-oyoq bo‘yashqa boshlagandi.
Avvaliga mayda va yakka-yarim daydi tomchilar betiga urildi. Nazarida tomchilar iliqqinadek tuyuldi, shu boismi, ortiq e’tibor qilmadi, odatiga ko‘ra ob-havodagi bundayin ajabtovur o‘zgaruvchanlik asrorini bilishga shahd qilgan odam qiyofasida dam osmonga, dam yomg‘ir tomchilariga, dam yon-veridan ildam va shoshqinch qadamlar bilan o‘tib borayotgan yo‘lovchilarning ahvol-ruhiyasiga razm soldi.
Yomg‘ir tezlashdi, tomchilar zichlashdi. Tomchilardagi xiyol oldingi iliqlik o‘rnini muzlik egalladi. Biroq havodagi keskin o‘zgarishlar unga zarracha ta’sir ko‘rsatmayotgandek – qilt etmadi, u xuddi ulkan shaharning injiq va tushunuksiz havosi bilan yuzma-yuz so‘ylashmoqqa ahd qilgan odamdek, unga bir o‘zi bas kelmoqchidek, kerak bo‘lsa, qaysarlik-kajlik bilan qoqilgan qoziqdek tek qotib turaverdi. Odam ob-havoning emas, ob-havo odamning izmida bo‘lmog‘i foydaliroq va maroqliroqdir!..
Yomg‘ir tuyqus zo‘raydi, bu odam qochib o‘zini panaga olsa go‘yo hozirgina dilidan kechirgan aqiydasi oldida mulzam-besubut bo‘ladigandek bir odim ham jilmadi. Uzun chakmonining yoqasini ko‘tarib tugmalarini oxirigacha qadadi, to‘satdan zabtiga oladigan shamol uchirib ketmasin degan o‘yda ayvoni ixcham shapkasini bostirib kiydi. Turaverdi.
– Molodoy chelovek, pochemu vы ne ubegayete? Dojd-to usilivayetsya?!
U kishining qad-qomati kelishgan, qalin qora qoshlari, uzun va to‘g‘ri burni, qoralikda qoshidan-da qolishmaydigan quyuq tukli taqa mo‘ylabi, hammasidan ham o‘tkir nigohi uni chandon serzalvor ko‘rsatar, botinida to‘lib-toshgan g‘urur va nafsoniyati uning ana o‘sha zohiriy salobatida aks etardi.
U ro‘parasiga kelib to‘xtaganicha pastdan tepaga – o‘ziga angraygan qaddi dol kampirga bosh egib qaradi. Moviy, beg‘ubor nigoh. Inqilobga qadar naqadar go‘zal bo‘lgan bu ko‘zlar! Mushtipar volidalarga xos mehribonlik, oddiy-jaydari o‘rus ayollarigagina xos g‘amxo‘rlik barq urib turibdi bu ko‘zlarda.
– Pust usilivayetsya!.. Lilsya bы etot dojd xot sorok dney, xot sorok let!..
Tusi uniqqan va g‘aribgina ro‘moliga bo‘yni, ko‘ksi aralash chirmab o‘ralgan kampir o‘rta yoshlardagi bu g‘alati kishining ajabtovur so‘zlariga tushunmadi, muddaosini ilg‘amadi ham, “Ne day bog! Ne day bog!” degancha ustma-ust cho‘qina-cho‘qina jadal yurib nari ketdi.
Eshik ohista, hatto nazokat bilan tiqirladi. Xona sohibi ovoz bermasidan burun qo‘sh tavaqali zalvorli eshikning bir qanoti qiya ochilib, tanish bashara ko‘rindi.
– O‘rtoq professor, ijozat etsangiz, chiqindilarni olay…
Bu oliy ilmiy martabani u shu yerga kelib orttirdi. Uning ism-sharifini kim birinchi bo‘lib “professor” unvonini qo‘shgan holda tilga olgani yodida yo‘q, dastlab eshitganda bu so‘z qulog‘iga g‘alati chalindi, erish ham tuyuldi, dorilfununda emas, manavi mudarris-o‘qituvchilar otelidagi yugurdak xizmatchilar nazdidagina tilga olinayotganiga hayron bo‘ldi va… tez kunlarda aytsa aytar, deya bu arzimas tashvishga qo‘l siltadi – ko‘ndi-qo‘ydi.
“O‘rtoq professor” yozuv kursisi biqiniga taqab qo‘yilgan chiqindi savatiga imo qildi. Novcha, qotmadan kelgan, rangi zaxilgina, millati notayin xizmatchi erkak qaddi-qomatiga yarashmagan mayda qadamlar bilan to‘g‘ri chiqindi tashlanadigan savatcha tepasiga borib, uni bo‘m-bo‘sh xaltasiga ag‘dargan bo‘ldi-da, so‘zsiz-nesiz iziga qaytdi.
Savatcha bo‘m-bo‘sh edi.
Yomg‘ir qor aralash maydalamoqda. Izg‘irin shamol izg‘iy boshlagan, qor-yomg‘ir tomchilari qamchin uchlaridek shiddat bilan daraxt yaproqlarini, bino tomlarini, ulardan o‘tib yerni savalamoqda.
Darhaqiqat, neki yozgan bo‘lsa bari suhbat ko‘rinishida. “Munozara” o‘zgacha chiqdi! Ko‘pchilikka ma’qul keldi u. “Buxoroning najib millati bo‘lg‘an vatandoshlarim”, deya boshlagan edi uni.
Professor o‘yga toldi, ohista, shivirlab aytgan so‘zlari o‘z qulog‘iga o‘zgacha – go‘yo ilk daf’a aytilgandek yoqimli eshitildi. O‘n to‘rt yil burun ushbu asarini yozgan mahaldagi ko‘tarinki kayfiyat ko‘ksida gupurib qayta uyg‘ongandek bo‘ldi. Uyg‘ongan kayfiyat junbishida o‘zgacha qiroat ila, o‘zga bir maqomda ko‘tarilib takrorladi: “Buxoroning najib millati bo‘lg‘an vatandoshlarim!..” Shul kabi da’vatkor ohangda aytar so‘zlari hozir ham oz emas, lekin qachon aytadi, qanday aytadi… aytishg‘a yo‘l qo‘yishadimi?..
Sukunat bag‘rida so‘nib ulgurmagan aks sadoga quloq tutdi. Shifti baland xonaning burchak-burchaklariga razm soldi, derazadan tashqariga – qor-yomg‘ir aralash bo‘ralayotgan shilta-shalabbo ko‘chaga, biri biridan yupun yo‘lovchilarning o‘tib borishlaridagi tahlika-sarosima va jonsaraklik zamiridan qandaydir xulosalar yasamoq umidida ularga termildi. Yo‘qlik va nochorlik shaharni, ko‘cha va xiyobonlarni, manavi sovuq sukunat og‘ushidagi xonani to‘ldirgan mavhumlik oldida aytishga-da arzimasdek nimarsa edi.
O‘ylab ko‘rilsa, “Munozara” nafaqat Buxoro millatiga, mana shu maskovlik avom omma uchun ham ahamiyatli. O‘qisalar, onglasalar, ko‘zlari ochilsa… Axir hayotni yaxshilayman degan jamiyat borki yangi va qadimni qiyoslay bilmog‘i darkor. Zero, qadim va jadid o‘rtasinda hamisha ixtilof mavjuddir, shul ixtilof ildizlarini topmoq va turmushda alarga barham berish choralarini qo‘llamoq uchun ham har bir zamon o‘z ma’rifatli zotlarini yetishtirgay. Shul niyatni dilga tugmoq uchun esa munozara darkor. Dildan boshlangan munozara pirovardida dilg‘a va turmushg‘a obodlik keltirgay.
Xona sohibi yozuv kursisi yoniga bordi-da, tik turgan ko‘yi ikki-uch to‘rtlik qoralama bitilgan qog‘ozga razm solganicha pichirlab o‘qidi:
– Kech bo‘ldi, tinib bitdi tovushlar,
so‘ndi butun uylarda chirog‘lar,
tebranmadi yer uzra oyog‘lar,
zulmat yana har yon oqa qoldi…
Tashqarida qor-yomg‘ir emas, kunduzni tunga qorishtirguvchi zulmat yog‘moqda, zulmat. Hali kun botishiga ancha bor, lekin borliq zimiston qa’riga cho‘kib ulgurgan, Maskovning kunduzi shom qorong‘iligini kutishga toqatsiz – quyuq va qalin abrga burkanadi-da, erinchoqlik ila gumroh uyquga cho‘madi.
– Ko‘klar sari chaqqon ko‘tarilgan
tog‘ gavdali uylar,
qo‘nuqlar,
saroylar…
qop-qora haykal tusin oldi…
Professor kursi uzra egilib qalamni tutdi, qoralama nusxa she’r misralariga tahrir kiritdi. Laziz bir xotira yodiga tushgan odam yanglig‘ ildam yurib deraza tomon bordi. Yolg‘iz xonanishin odam boshqa nima ham qilardi, xususan, olim, shoir, qalamkash mardum – kechagina jondek shirin ona yurtida gurillab javlon urayotgan, orzu-havaslarining cheki ko‘rinmayotgan, shu orzu-havaslari yo‘lida tinim bilmayotgan, kechani kunduzdan, kunduzni kechadan qizg‘anib mehnat qilayotgan inson favqulodda ko‘ch-ko‘roniga ham qaramay manavinday yot o‘lkalarga itqitib tashlansa – zahar-zaqqum havodan o‘zini qayerga qo‘yishini bilmay manavindaqa xonaga qamalib o‘tirsa – yozuv kursisi birlan deraza yoniga qatnashdan o‘zga yurar yo‘li qolarmidi!
– Ustoz, – dedi Fayzullaxo‘ja ittifoqo anjumanlardan birida uni chetga chorlab, – siz zudlik ila Maskovga jo‘naysiz!
– Maskovga? Zudlik bilan?!
– Jonli sharq tillari institutida mudarrislik qila turasiz, shunga kelishdik.
U tamom tushuniksiz hayrat ila Fayzullaxo‘jaga razm soldi, biroq jumhuriyat rahbari goh boshini solintirib oyog‘i ostiga, goh atrofga qarayotgan bo‘lganidan uning tushunuksiz ahvolda o‘ng‘aysizlanayotganini payqadi, faqat favqulodda xabar sohibining ovozidagi xotirjamlik, bosiqlik uning uchun yupanch vazifasini o‘tadi. Shunday esa-da, tovushini pasaytirib savol qotdi:
– Tinchlikmi o‘zi?
– Tinchlik, ustoz, lekin notinchlik isi kelmoqda… Qarorning orti qorong‘ilik.
Fayzullaxo‘janing hurkitilgan jayronning ignalaridek tepaga qaratib taralgan sochlari bir silkindiyu o‘zi nari ketaturib, to‘xtadi, ortiga yarim o‘girilganicha ustozning ko‘ngli uchun bo‘lsa kerak, tovushiga atayin o‘ktam tus berdi:
– Vaziyat oydinlashguniga qadar o‘sha tomonlarda bo‘la turing, xabarlashamiz.
Xabarlashish qayda! Ozmuncha aytar so‘zi, ravshanlik kiritishi zarur savollari paydar-pay tug‘ilyaptimi bu yerda! Lekin ularni kimga aytadi, kimga yorilib-yozilib bayon etadi?! “Qarorning orti qorong‘ilik…” O‘tgan yil fasli bahor kunlarida Maskovda qabul qilingan “Buxoro masalasi” qaroridan so‘ng jumhuriyat osmonida qora ko‘lankalar quyuqlasha boshladi. Shu yilning yozida esa Markazqo‘m kotibi Rudzutakning Buxoroga maxsus tashrifidan ko‘zlangan maqsad o‘sha mal’un qaror bandlarini amalga oshirish ekanligi sir bo‘lmay qoldi. Fayzulla aytmoqchi, Buxoroni notinchlik isi tutdi.
– Havo buzuq!..
– Ko‘k yuzida qop-qora
Ko‘mir kabi qator-qator bulutlar…
Ko‘mir kabi bulutlari – yot ellar…
Qayerdasan, Abdulhami-id-d?.. Xuddi Maskovga kelgandek, shu kungi havoning avzoyini o‘z ko‘zlari bilan kuzatgandek yozgan-a! Dilbar shoir, tengsiz shoir!.. Shu singari haroratli sifatlar ila Fayzullaxo‘jaga tavsiya qilgandi uni, Fayzulla baraka topsin, Abdulhamidga “Buxoro axbori” gaziti muharrirligi vazifasini topshirdi. Abdulhamid astoydil ishladi, ter to‘kib ishladi, shu tarzda ishonchni oqladi va nadomatlar bo‘lg‘aykim, uning ham javobini berishdi – ketkazishdi. Cho‘lpondek shoirning xizmatidan voz kechishdi!.. Vaholanki – professor tashqariga qaradi – vaholanki, hali qosh qorayishiga birmuncha erta, erta ekanligiga qaramay kunduzdan ko‘ra ko‘proq shom qorong‘isiga o‘xshab ketayotgan kunduz zimistonida hamon savashda davom etayotgan qor-yomg‘irni ko‘z ilg‘amay qolgandi.
“O‘rtoq professor” deraza ortidagi zulmat qoplagan qorong‘ilik go‘yo qora xitoyi qog‘oziyu, unga oq harflar ila bitilgan so‘zlarni nigohi ilg‘ab-ilg‘amay uzuq-yuluq hijjalashga tutindi:
– Buxoroning najib millati bo‘lg‘an vatandoshlarim!.. Neki yozg‘an bo‘lsam, ona yurtim afkori umumiyasini vatandoshlarim deya tilga oldim. “Munozara”… So‘ng “Hind sayyohi”ni yozganlarimni eslasam!.. “Buxoroning holi” otliq maqolam… Yetti-sakkiz yil burungi shapaloqdekkina so‘z, hatto o‘zim ham unutg‘andekmen, boshqalarning esa shaksiz yodlaridan ko‘tarilg‘an… Amrga qarshi isyon qilg‘an bo‘lsam… To‘g‘ri-da, yaxshi so‘zlar, tavozelaru yolborishlar ila hukumatni yo‘lga keturmaklikni orzulash borib turgan soddadillik, go‘llik. Talab qilg‘an bo‘lsam, ul amrga qo‘shilib amrlik ham barham topganiga necha yillar o‘tdi… Undin keyinroq Nasrulloh parvonachi afandi hazratlarina yo‘llagan maktubimda aytg‘an gaplarim gap: har qancha ko‘z va quloqlaringizni berkitib olsangiz ham qadim millatimizning faryodiga, yurtimiz xarobligiga achinmaslikning iloji yo‘q… Xo‘sh, hoji domullo Abdu-r-rauf afandim! – o‘ziga o‘zi baralla xitob ila davom etdi u – qayerda xatolikka yo‘l qo‘ydilar? Tildan ilingan yerlari qayerda?..
U deraza raxiga kiftini bosganicha tashqariga quloq tutdi. Deraza oynasi ikki qavatli ekanligi bois tashqaridan deyarli tiq etgan shovqin-tovush ichkariga o‘ta olmas, hozir ham xona sohibining quloqni ding qilishidan naf oz edi.
Xo‘sh, o‘sha achinarli hayot zarracha deylik o‘zgardimi? Buxoro amrligi bo‘ldi nimayu Buxoro jumhuriyati bo‘ldi nima?! Aksincha, endigi ahvol tahlikaliroq, mudhishroq ko‘rinish olayotgandek…
Zulm ast onki xonai moro xarob kard,
Zulm ast onki siynai moro kabob kard.
Toshkentda ijodiy ishlarga g‘arq edim, Buxoroga chaqirishdi. Uzoq yili, ayni navro‘z arafasi. Bu taklifni javobsiz qoldirish ona yurtim, ona tuprog‘imga xiyonatga teng edi. Qolaversa, Behbudiy hazratlarining vasiyatlarini unutmoqlik chandon xiyonat! “Buxoro tuprog‘iga tezlik ila yo‘l boshlangizlar!..” Tezlik ila yo‘l boshlangizlar! Tezlik ila!.. Buxoro bizdan, biz Buxorodan… Shul holda da’vatga labbay demaslik zulmat qa’rida ivirsib yotishga ko‘nikishdan o‘zga nimarsa ermas!..
Illo ikki yil ichida ozmuncha ishlar amalga oshirildimi?! Yangi, go‘dak misol jumhuriyat atak-chechak qadam olmog‘iga madad berg‘uvchi tayanch yumushlar ado etildi.
Eh-he-e, uni qay vazifalarga ro‘para qilmadilar, ne-ne yumushlarni zimmasiga yuklamadilar. Biroq ularning hech birini hoji domulla afandim, ya’nikim “o‘rtoq professor” o‘zi uchun vazifa yo yumush deb emas, burch deb qabul qildi. Bilimi, istak-orzusi, fahm-farosati o‘laroq insoniy majburiyat deya qabul qildi. Imoni komil – qay ishga qo‘l urmasin, yangi va yosh jumhuriyat madaniyatini rivojlantirish, yuksaltirishdan ulug‘roq vazifa yo‘q degan aqida jilovini tutdi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish deysizmi, xalq dorilfununi tashkil etishmi, bosim maqolanavislik ijodi va teatr tashkil etishmi – bari-barida ma’rifatni tanho xaloskor deb bildi. Hech bir yerda niyatini pinhon tutmadi. Ochiq aytdi, ochiq yozdi, ochiq fikrladi.
Kunduz sakiz-o‘n yoqqa yugurgan,
chopgan,
yiqilishg‘an,
yana turg‘an,
o‘ng, so‘l uni tepkan…
Niyati ezgu, sog‘ingani – yurtiga-xalqiga yaxshilik edi. Afsus…
Bu borada u yolg‘iz emas edi. Yolg‘iz Fayzullaxo‘janing ikki o‘t-alanga orasinda qovrilib yurib ko‘ngliga tuggan niyatlarini aytmasinmi?!
Eshik ohista tiqirladi. “Xizmatchilardan biri” dedi u ichida ensasi qotib. Xizmatchilar taqillatadilar-da, ichkaridan javob kutmay kirib kelaveradilar. Xuddi kimdir ularning qulog‘iga professor bilan shu qabilda munosabatda bo‘lasizlar deb quyib qo‘ygandek – eshikni taqillatish ham, javobni kutmay ichkariga kirib kelish ham, hatto “o‘rtoq professor” deya murojaat qilishlari ham azbaroyi allatovur dasturda bitilgan majburiyatlar rioyasi-ijrosidek, ikki tomchi suvdek bir xil.
Xona sohibi bu safar ham shunday bo‘lishini kutib ovoz chiqarmadi. Shunda eshik yana taqilladi.
– Zaxodite, – tovush berdi u. – Dver otkrыta.
Shundan so‘nggina eshik qiya ochilib, mutlaqo kutilmagan…
– Iya-iya! Vah ajabo, oh ajabo, jon ajabo! – deya hayratini yashirolmay o‘rnidan irg‘ib turdi afandim. – O‘zimning ko‘zimmi? Nahotki?! Hamon ishonmayapman, ishonolmayapman!
Ostonada o‘rtadan tik qomatli, xipchadan kelgan, ko‘rgan kishining birinchi navbatda yirik-yirik ko‘zlari va keng manglayi o‘ziga maftun etuvchi, sochlari ortga silliq taralgan, shu mahaldagi Maskov turmush tarziga qiyosan olganda birmuncha po‘rim kiyingan yosh-navqiron yigitcha turardi.
– Assalomu alaykum, ustoz, – dedi yigit dabdurustdan o‘ylagan so‘zini topolmayotgandek o‘ng‘aysizlanib. – Bezovta qildim… Sizni ko‘rgim keldi, shunga… ogohlantirmay…
– Nechun ogohlantirasiz? Nechun ogohlantirish darkor, Mahmudjon inim? Axir xudobexabar bul musofirxonaga yurtdoshim, maslakdoshim, qalamdoshim qadam ranjida qiladilaru, biz bezovta bo‘lamizmi?
Mehmon yigit qo‘llarini boshi uzra baland ko‘tarib peshvoz chiqqan mezbon bilan ostonadan ikki odim ichkarida qo‘l olishdi. Mezbon ehtirom ila mehmonni qo‘sh kursidan biriga taklif qildi.
– Eshitgandim, xabarim bor, – dedi ustoz darhol suhbatni qizg‘in tus olishini istaganday. – Yaxshi joylashdingizmi? O‘qishlar durustmi? Qiyinchilik yo‘qmi, haytovur?
– Yo‘q, avvaliga biroz cho‘chigandim, so‘ng tez ko‘nikib ketdim.
– Yotish-turish, taom-kalom deganlaridek?..
Mehmon chehrasi charaqlab jilmaydi.
– Joyida, – dedi u ham suhbat avj pardalarda boshlanganidan mamnunligini yashirmay. – Qornimiz to‘q, ustimiz but. Axir buyuk inqiloblar shahriga ilm izlab kelganmiz, ustoz.
– Oh-ho-o, sekinroq aytadilarmi, jonim inim! Beshikdan to so‘nggi nafasga dovur ilm izla, deganlar ulug‘larimiz.
Mehmon yigit javob qaytarmadi. Xonaning quyidan yuqorisiga qadar ko‘z yugurtirib havaslandi.
– Sharoitingiz badastir ekan. Darslardan bo‘sh vaqtlaringizda istagancha…
– O‘h-ho‘-o‘, nimasini aytadilar, nimasini! Ijoddan bo‘lak tashvish qayda? Vatanda mas’ul yumushlar izmida qolib, ijod dov-dastgohini bir muddat yig‘ishtirib qo‘yishga majbur bo‘lgandik. – O‘ylab ko‘rsa, ho‘-o‘ o‘sha Istanbulda yashagan uch-to‘rt yil sermahsul ijod qilg‘an, bu yerda ham bekor o‘tmayapti kunlari. Kayfiyati bormi-yo‘qmi, ruhiyatidagi bezovtalikdan qat’i nazar, bor alami qog‘oz-qalam ustida: “Qiyomat”ni yozib bitirdi. Uch-to‘rt kundan buyon, ana, yotsa-tursa yangi she’r xayol-halovatini band etg‘an. Biroq u bular haqida og‘iz ochishni o‘ziga ep ko‘rmadi, zero o‘zi haqida emas, so‘zni shogirdga doxil mavzug‘a burgisi keldi. – Tangri ravo ko‘rub, mana shunday manzillarda umrguzaronlik tushimizg‘a kirmagandi. Nasiba, nasiba… O‘zlaridan so‘rasak? Ijtimoiy fanlar nechog‘liq zavqli va murakkab bo‘lmasun, har qalay, badiiy ijoddan u qadar yiroq emas. Ham hayot quchog‘ida, ham ijod tulporida, shundaymi, shoir?
– Siz… – Mehmon yigit o‘tirgan joyidan yozuv kursisida yoyilib yotgan varaqlarga, ulardagi she’riy mashqlarga nazar tashladi. – Sizning ijodingiz uchun ayni imkoniyat-da, bu yer, to‘g‘rimi, ustoz?
Ustoz dabdurustdan bu savolga javob qaytarishni lozim ko‘rmadi shekilli, bir zum sukut saqladiyu qog‘ozlar ostidan buklangan gazetani olib, ichki sahifasini ochdi.
– Shaxmatga qalaysiz, shoir, shaxmatga?
– Shaxmat bormi? – so‘radi mehmon.
– Manavini qarang, – dedi ustoz suhbat mavzusini boshqa o‘zanga burib olganidan yengil tortib, gazeta sahifasiga imo qilar ekan. – Jahon tojdori Kapablanka o‘n ikki yoshli go‘daklik chog‘ida o‘z mamlakati g‘olibi Kortsoni taslim qilg‘an o‘yin yozuvini beribdilar. O‘n ikki yoshda-ya!.. Yigirma yetti yo‘lda shohning jon saqlaydigan katagi qolmagan! Ofarin, deysiz, ofarin!
Ustozning hayajonu hayrati shogirdga yuqmadi, yuqmasa-da, iltifot yuzasidan o‘zini hayratlangan ko‘rsatdi, xolos.
– Shu-uncha ish-ijod orasida shaxmatga fursat topishingiz hayratli, ustoz, – dedi u.
– Istak bo‘lsa, fursat topiladi. Bu qadimiy va behad sehrli o‘yin haqinda bir risola yaratish niyatim ham yo‘q emas.
– Yozing-yozing, – dedi mehmon yigit va birdan boyagina boshlagan gapini takrorlagandek kelgan joyiga qaytdi. – Shu-unday imkoniyat yaratilgan joyda mo‘l-ko‘l ijod qilishingiz tabiiy.
– Imkoniyat-imkoniya-yat… – Miyig‘ida kulimsirab dedi ustoz. – Ko‘kdin tushdi bizga bu imkoniyat, ko‘kdan. Xonadan huda-behuda chiqmayman, bilasiz, fursatni havoga sovurish odatim yo‘q, inchunin yolg‘iz qolg‘anda ko‘pdan buyon qo‘ngilda yig‘ilgan niyatlar qog‘ozga tushmoqda.
– Bitib qolgan ko‘rinadi… – deb ishora qildi mehmon yigit she’r qoralamalaridan nigohini uzmay.
– Biz – havaskor, asl shoir – siz.
– Unday emas, ustoz. Xijolatga qo‘ymang… Ijozat bersangiz, o‘qib ko‘rsam.
– Marhabo, marhabo!
Mehmon yigit varaqlardan birini olib undagi yozuvni o‘qishga tutindi. Misralar g‘oyatda mayda arabiy harfda bitilgan, boz ustiga tahririy tuzatishlar tufayli ravon o‘qishi qiyinroq ko‘chdi.
Ustoz yoddan o‘qib, yosh mehmonining mushkulini yengillashtirdi:
Kech bo‘ldi, tinib bitdi tovushlar,
so‘ndi butun uylarda chirog‘lar,
tebranmadi yer uzra oyog‘lar,
zulmat yana har yon oqa qoldi.
Mehmon yigit dam mezbon shoirning qiroatiga, dam qo‘lidagi qog‘ozga ko‘z qirini tashlar, bu tarzda boshini sarak-sarak tebratishi o‘qiyotganiga – ko‘zi, tinglayotganiga – qulog‘i ishonmayotgan odamga o‘xshab ketayotgandi.
She’rxonlik tugadiyu oraga og‘ir jimlik cho‘kdi. Ustoz yosh shogirdidan bir imdod kutar, shogird esa sukunatni qay so‘z ila buzishni bilmay qiynalar, ehtimol nima jin urib shu damda bul xonaga kirib kelgani uchun ich-ichidan o‘zini koyiyotgandi.
– Sarlavhasi?.. – savol qotdi u boshqa arzirli so‘z topolmay. Dediyu, bergan savoliga kutilajak javob noqulay ahvolini battar og‘irlashtirishini zum o‘tmay kechikib angladi.
– “Mening kecham”.
– Taxminim to‘g‘ri chiqdi…
– Qanday taxmin? Mos emasmu?
Mehmon yigit bu qisqa savol-javob asnosida o‘zini birmuncha o‘nglab oldi chog‘i, keyingi so‘zlarida dadillashdi.
– She’rning nomi sifatida mos kelar, biroq she’rning o‘zi…
– Xo‘sh-xo‘sh, aytaversinlar.
– Uzr, ustoz. Aytmoqchi bo‘lganim… bunchalar tushkun? Bunchalar qora?
– Tashqari qora-da, – darhol izoh berdi ustoz.
– Tashqari – kunduz, ustoz.
– Kunduz? Zimistonga burkangan kunduz. Ana, boqing derazadan, ko‘rinarmi ko‘zingizga siz aytg‘an kunduz?
“O‘rtoq professor” yosh vatandoshiga sinovchan razm soldi. Mehmonning avzoyida o‘zgarish sezmadi. Boyagina – u kelmasidan burun yoddan o‘qigan misralarni ovoz chiqarib takrorladi:
– Havo buzuq!..
– Ko‘k yuzida qop-qora
Ko‘mir kabi…
Mehmon yigit bexosdan noxush narsani bosib olgan odamdek siltanib tushdi. Ovozidagi titroq uning muvozanatdan chiqqanini yanayam bo‘rttirib tasdiqladi.
– Ochiq aytsam, siz e’timod ila eslaganingiz bu misralar g‘oyatda dag‘al, ular mening ko‘nglimga og‘ir botadir.
Ustoz shogirddan bu qadar bepisandlarcha dangallikni kutmagandi.
To‘g‘ri, hali bir qadar yosh ekaniga qaramay tengqurlaridan ko‘ra ko‘p o‘qigan, rus adiblari va shoirlari ijodi bilan yaxshi tanish. Xotirasi, quvvai hofizasi chakki emas. Boshlang‘ich qalamkash ekaniga qaramay iste’dod uchqunlari charaqlab ko‘zni qamashtirgani unga bo‘lgan hurmatini chandon orttirdi, shuning daldasida o‘tgan yili bosmadan chiqqan to‘plamga uning she’rlarinin o‘zi saralab kiritgandi.
Ustoz yosh mehmonning chaqmoqdek nigohi, keng peshonasiga tushgan bir tutam tim qora moylangan sochiga termilganicha mavzuni o‘zgartirdi.
– Sizlarda ijod uchun sharoit yo‘qmi? – So‘radi u tovushini atayin mehribonona ohangda tovlantirib. Va savoliga javob kutmay gap yo‘nalishini yanayam boshqa o‘zanga burishga urindi: – Ijodga sharoit bo‘lmasa, navqironsiz, ko‘zga yaqinsiz, inim. O‘rischada ham tilingiz burro. Tag‘in… o‘ris qizlarining qarmog‘iga…
Mehmonning qizarib ketganini ko‘rgan ustoz xayriyat deb qo‘ydi ichida. Har qalay uyaldi-ku, demak, o‘ylovsiz emas, o‘ylovli odam – fikrli odam deganidir. O‘ylovlar va mulohazalar esa fahm-farosatni uyg‘otar, qalblarni yumshatar axir.
– Otangiz nima kasb qilganlar? – So‘rashga so‘radiyu, bu bilan na suhbat, na suhbatdoshni, balki o‘zini chalg‘itishga urinayotganini sezdi. Shu tobda uning hech bir mavzuda bahs qo‘zg‘ashga toqati yo‘q edi. O‘zi ne sermulohaza, sertahlika o‘y-xayollarda yuribdiyu, kechagina ijod ko‘chasiga kirib kelgan zig‘irdek bola… ha-ha, murg‘ak polapon bilan pachakilashib o‘tirishdan ne ma’ni?! Yonib turibdi, yerga ursa koptokdek sapchib turibdi, hozir ayni ko‘zi ko‘rganiga ishonadigan, aql ko‘zi bilan ko‘rishga esa g‘o‘rlik-xomlik payti. Azbaroyi miyasiga zo‘rlab quygandan ko‘ra uning o‘zi anglab yetsa, tushunsa – ilgarini ko‘ra bilsa… Demak, – ustoz kutilmaganda chiqargan xulosasini ichida yana bir karra pishitib oldi – shoirlik uchun quruq iste’dodning o‘zi kifoya emas, hayotiy tajriba ham zarur ekan-da!..
– Otam… dastlab hunarmandchilik qilganlar, keyinroq hunarmandlar kooperativida mas’ul lavozim… xullas, biz farzandlarini halol rizq bilan boqqanlar.
Javob ustozning shundayiga ham ranjib ulgurgan diliga og‘ir botdi. Tag‘in vazminlik qildi, ichidagini tashiga chiqarmadi. Otang hunarmand bo‘lgan ekan, kooperativchi bo‘lgan ekan, bu suhbatga yegan luqmang halol-nohalolligining nima daxli bor?! Yegan oshim halol, demak, o‘zim ham, yozgan she’rim ham halol demoqchimi?! Bordiyu, shunday bo‘lgan taqdirda, aytar bo‘lsam, nazmiy halollik hayotiy halollikdan-da pokizaroq, halolroq hisoblanadur, polaponim!.. Yoxud misol tariqasida yodaki keltirilgan to‘rt misra taqsirimizg‘a ayildek botdimi?! She’r muallifi chayonmidiki, uni eslashning o‘zi zaharli nish o‘rniga o‘tsa?!
– Bilaman, ustoz, o‘sha andijonlik shoirimizga ixlosingiz baland. She’r so‘zini ipakdan to‘qiydi deb ko‘klarga ko‘tarib maqtagansiz, hatto taxallusini ham o‘zingiz yoki… Munavvar qori bilan tanlab bergansizlar. Mening unga hech qanday xusumatim yo‘q, faqat uning bilib olgani yurtning qayg‘usi, o‘lkaning buzilg‘ani! Na sevinchni ko‘radi, na qurilish-bunyodkorlikdan quvonadi! Hamonki, Vadud Mahmudning “Cho‘lpon o‘zbekning yangi shoiridir” degan ta’rifi chin bo‘lsa, shogirdingiz yangi hayotni yozsin, inqilobiy o‘zgarishlardan ilhomlansin!..
Oraga bir chimdim, lekin yoqimsiz jimlik cho‘kdi. Jimlikni yana mehmon yigit buzdi.
– Meni to‘g‘ri tushuning, ustoz, – dedi u, picha vazmin tortib, lekin so‘zlarni burro-burro talaffuz qilar ekan. – Mening nazarimda, she’r – siyosatga po‘pisa vositasi emas. Shunday emasmi?
– She’r – dard.
– Ehtimol, billo…
– Dard esa – siyosat!
Mehmon yigit tilini tishladi. Shunga qaramay u o‘zidan yoshi ikki baravar ulug‘ va ilmi urfonda zabardast inson bilan bahsda bo‘sh kelishni istamayotgani sezilib qolayotgandi.
– Dard siyosatga aylangan pallada shoirdan hushyorlik va xolislik darkor chamamda. Siz uchun va biz uchun ham hurmatli shoirimizda esa o‘sha xolislik taqchil.
So‘zini aytib tugallamagan mehmon yigitning manglayidan duvullab ter tomchilari to‘kildi. “Xay ast bar ruxi tu yo gulob?!” deb yubordi ichida ustoz. Takrorladi: “Xay ast bar ruxi tu yo gulob-b?!” Ich-ichidan to‘lib-toshib chiqayotgan g‘azabi bo‘g‘ziga kelib qadaldi, biroq butun irodasini tilini tiyishga sarfladi, qaltiray boshlagan barmoqlarini yashirish maqsadida qo‘llarini kursi ostiga suqdi. G‘azab to‘fonidan hosil bo‘lgan irodani atayin baralla yayrab kulishga qaratdi, mehmon yigitni o‘z qarashlari ta’siriga olib kirishning uddasidan chiqolmayotganidan mutaassirlandi shekilli, gapni bir boshdan yotig‘i bilan uqdirish niyatida o‘naqay so‘z o‘ylay ketdi.
Eshik tiqirladi. Ohista ochildi. “Tovariщ professor”, degan ovoz eshitildi. Ovoz bilan bir vaqtda xonaga yumaloqqina, lekin yuzlari silliq, quyuq malla sochi tarang o‘rilgan yoqimtoygina ayolcha tabassum ila kirib keldi va yanayam sirli jilmayganicha, ikkala erkakka yer ostidan mo‘ralab qo‘yib deraza tokchasi, kiyim ilgich shkafning yon-veri va devor raxlarini doka latta bilan shoshilmay artishga kirishdi.
– Ijozat so‘ramay, ogohlantirmay tozalashga kiraveradi.
Sohibi xona shunday deb qo‘ydi-da, ko‘z qiri bilan ayolchaning harakatlarini kuzatayotib yosh shoirga aytadigan so‘zlarini ichida pishitib olishga urindi. Vatandosh yigit esa he yo‘q-be yo‘q bezbetlarcha bostirib kirgan xotinni ko‘rmaganday, ustozning pichingini tushunmaganday boyagi alfozda davom etdi:
– Siz ustoz bo‘la turib shogirdingizning ta’siriga berilishingizdan hayronman. Dunyoning narigi chekkasidagi Buxorodan chaqirib olib… Kechirasiz, quloqqa yoqimsizroq ovozalar tarqabdimi?.. Avvaliga mutlaqo ishonmadim, keyin…
– Keyin ishondilar, shundaymi? – Dag‘al, tahdidli ovozda so‘z qotdi ustoz.
– Y-yo‘q, aslo… Ovozalar chin bo‘lsa mana shu-unday nufuzli o‘quv dargohiga muallimlikka tayinlasharmidi?!
– Rudzutakning so‘zlari chin bo‘lsa…
– Rudzutak katta odam. Markazqo‘m kotibining so‘zlari yolg‘on demoqqa esa til…
– Tilingiz bormaydi, shundoqmi?! Leninchi tovarishlar yolg‘on so‘z aytishlariga aqllar bovar qilmas. Har kuni o‘qiyman o‘sha chin-n so‘zlarni, takror-takror ko‘z yugurtiraman-n.
– Nimani o‘qiysiz? Nimaga ko‘z yugurtirasiz?
Mezbon o‘rnidan turdi-da, bir-bir qadam bosib kiyim ilgich shkafni ochdi, uning yuqori javoniga buklab to‘shalgan gazeta varag‘ini ikki qo‘llab tutganicha keltirib yozuv kursisi ustiga yoydi.
– “Izvestiya”mi?
– Shundoq.
Mehmon yigitning ko‘zi darhol gazeta sahifasining pastki o‘ng burchagidagi sarlavhaga tushdi. Ovoz chiqarib o‘qidi:
– “Smena pravitelstva v Buxare”… “Beseda s sekretarem SK RKP tovariщem Rudzudakom…”
O‘qishdan to‘xtadi.
– O‘qisinlar, bemalol o‘qisinlar, – dedi bamaylixotir ustoz.
Mehmon yigit barmog‘ining uchini matn bo‘ylab yurgizib maqolani shoshilib o‘qishga kirishdi:
– Nozirlar kengashi raisi va tashqi ishlar noziri Otaxo‘jayev… moliya vaziri Sattorxon, maorif vaziri, ya’ni siz… yana Aminov, Yoqubzoda va boshqalar davlat banki sarmoyasini havoga sovurishda aybdor deb topildilar va hukumat tarkibidan chiqarildilar… Bu gazetni qayerdan oldingiz?
Ustoz boyagindan ko‘ra ancha vazmin tortgandi.
– Shkaf javonidan.
– Shkaf javoniga qanday kelib qolgan?! – Mehmon yigit gazeta sahifasiga ko‘z yugurtirdi. – Avgustning o‘n birinchi kunidagi gazit qanday qilib sizning qo‘lingizga tushgani?..
– Tasodif.
– Tasodif? – Ishonmay so‘radi mehmon.
– Yuqori javonga to‘shalganicha qolgan ekan, xizmatchilar unutganlar. Buni tasodif deydilar-da, inim, tasodif.
Yigit shundagina chang-chungni artib-tozalayotgan ayolcha tomon o‘girildi.
– Uvajayemaya, – deya murojaat qildi ovozini muloyimlashtirib.
Ayolcha tabassum bilan yigitga qaradi.
– Slushayu, molodoy chelovek.
– Hojati yo‘q! – dedi past, lekin qat’iy ovozda ustoz. – Bunga aloqasi yo‘q.
Mehmon yigitning lutfi og‘zida qoldi.
– Bolshoye spasibo, blagodaryu, – dedi ustoz ayolchaga muloyimlik bilan.
Ayolcha hayron bo‘lganini sezdirmadi, bu g‘alati muomaladan ajablanib kulimsiradi-qo‘ydi.
– Davlat mablag‘ini sovurish aybini bo‘ynimizga ilishdi, so‘ngra, mana, mudarrislik vazifasini ishonishdi. Ishlayapmiz…
Mehmon yigit gap nima haqda borayotganini eslab qoldi shekilli, birdan tusini o‘zgartirdi. U gazetdagi mazkur suhbatdan xabardor edimi yoxud mana shu yerda ilk safar o‘qidimi – mezbon shu taxminiga doir o‘ylarini oxiriga yetkazolmadi.
– Har qalay, – dedi yigit mijg‘ovlanib, – nima bo‘lgan taqdirda ham manavinday shart-sharoitlar muhayyo etilgan xonani emin-erkinlikda yashash va ijod qilish uchun ixtiyoringizga berib qo‘ygan ekanlar, siz “Mening kecham” deb she’r yozishingiz… Bilmadim, ustoz, bilmadim…
“…chin ila shikan qilg‘il!..” – Beixtiyor og‘ziga kelgan mashhur misrani ko‘nglidan kechirdi ustoz. Shogird esa aftidan hayajonini oxirigacha izhor etib ulgurmagandi.
– Tushunmadim, ustoz sizni, tushunolmadim, – deb tugalladi nihoyat u mulohazasini ham tantanavor va hatto tanbehona ohangda.
“…ignadin tikan qilg‘il!..” – deya hayqirdi ustoz ichida, shu ahvoli o‘zining tasavvurida yopirilgan po‘rtana komida qolgan odam ahvoliga o‘xshab ketdi. Ko‘zi o‘ziga tikkasiga qarab turgan mehmon yigitning yiltillagan ko‘zlari bilan to‘qnashdi. Biror kori hol yuz bermasligi uchun ham og‘ziga kelgan so‘zni aytishga majburiyat sezdi.
– U holda… Men “Mening kecham” degan bo‘lsam, siz kunduz deb yozing, yozganingizni “Mening kunduzim” deb nomlang.
Mehmon yigit uzoq izlagan tashbehiga munosib ta’rifni nihoyat topgan shoirdek quvonib ketdi, hayajonini yashirmadi ham:
– Yozaman! “Mening kunduzim”ni albatta yozaman! Zudlik bilan yozaman!
– E ofarin! Uh ofarin! Voh ofarin-n! – Ustoz muallim kulgisini pardalash maqsadida atayin hayratlanyaptimi yoxud hayratlar bahonasida qah-qaha otayotirmi – buning farqiga bormagan mehmon yigitni ustozning zalvorli tovushi, tovushiga qo‘shilib aytgan so‘zi battar lol qoldirdi. – Ajab qilasiz! Shunday deb yozing! Barakallo, hazo-or barakallo! “Mening kunduz…”, astag‘firulloh, “Sizning kunduzingiz”, sizning!..
Badiiy baquvvat she’r ijod etmoqlik uchun quruq iste’dodning o‘zi kifoya qilmas, buning uchun tajriba, hayotiy tajriba ham zarur ekan. Hayotiy tajriba – nozik did, hayotiy farosat, hayotiy nigoh…
Ustoz boyaginda xayolidan kechgan o‘ylarini aynan takrorlayotganini sezsa-da, bundan boshqa hech vaqoni shuuriga keltirolmadi shu tobda. Mehmon yigit esa… nahotki “Chig‘atoy gurungi”da shoirlik va nafis nazmiy mahorat bobida berilgan saboqlar, bir yilgina muqaddam “Yosh o‘zbek shoirlari” to‘plamidan joy bergani uchun ustozga minnatdorligini ifoda qilishga so‘z topolmay qaltirib turgan navqiron shoir Maskovga o‘qishga kelibdiyu ustozga nasihat qilishga, nasihat ham gapmi, tanbeh berishga o‘zini haqli sanamoqda?! Ertangi kuni-taqdiri oldidagi mavhumlikdan og‘ir ruhiy holatda yolg‘iz yashayotgan ustozning achchiq kinoyasini anglab yetolmaydigan darajada ziyraklikni boy bergan bo‘lsa?!
– “Mijmar” taxallusi bilan yozgan asarlaringizda aksincha o‘t-olov, yorug‘lik-chiroq mo‘lroq edi chamamda, ustoz?
– Mijmar?! – Ustoz dabdurustdan gap nima haqda borayotganini anglolmadi. Ko‘zlarini yumib, fikrini tiniqlashtirishga urindi. Lablari asabiy titraganini hatto quyuq mo‘ylabi ham yashirolmadi. Esladi chog‘i, ko‘zlari charaqlab ochildi, kulimsiradi. – Ha-a, Mijmar, Mijmarni so‘rayapsiz-a? Yo, alhazar, unutayozibman.
– Hozirgina siz nomini eslagan shoirimiz besh-oltita taxallusda… o‘z ismi bilan oshkora yozmaslik jur’atsizlik alomati emasmi?
Ustoz Cho‘lponning sha’niga qaratilgan pichingni oxirigacha eshitsa dilbar va rubobiy she’rlar yaratgan sadoqatli shogirdiga xiyonat qilayotgandek his etdi o‘zini.
– “Mijmar”dan ho‘-o‘ Istanbulda voz kechganman, – dedi “Etar, bas qil!” degan ohangda. – Taxallus tanlash mutlaqo shaxsiy xohish-iroda ishi. Aytdim-ku, siz o‘z taxallusingiz ostida “Kunduzi”ngizni yozib ko‘ring. Sizning nazaringizda kunduz bo‘lsa, kunduz bo‘laqolsin. Sizga tortiq etilgan yashash va o‘qish uchun shart-sharoit menikidan kam emas ko‘rinadi.
Mehmon yigit mezbonning ovozidagi kesatiq ohangini payqamadi.
– Albatta yozaman. Keltirib, sizga o‘qib beraman, – dedi u nekbin kayfiyatda.
– Shoyad…
Ustoz boshqa so‘z topolmadi. Suhbat yana davom etguday bo‘lsa, sog‘inchlarga to‘la ustoz-shogird diydorlashuvi o‘nglab bo‘lmas xijolatvozlikka aylanishi muqarrarlashayotgan edi.
“Professor” odatdagi qiziqqonligini, tajangligini qanday qilib yenga olganiga o‘zi ham hayron, nazarida jismi boshqa-aytayotgan so‘zlari, og‘zidan chiqayotgan lutfi karami boshqa edi. Navqiron shoir yigit esa yoshlik-g‘o‘rlik ishtiyoqi to‘lqinida vaziyat-holat zamiridagi taranglikni payqamayotgan, fahmi, o‘y-xayolini tamomila “Kunduz” band etgan edi…
Mehmon harchand qarshilik ko‘rsatmasin ustoz uni kuzatib tashqariga chiqdi. Uning bu harakatlarida mehmonning hurmatini joyiga qo‘yish niyati astoydil edimi yoxud ichkarida davom etgan asabiy suhbatdan ozorlangan qalbi ochiq havoni istadimi, har qalay qo‘nalg‘adan yigirma-o‘ttiz odimlar narida boshlangan quyuq daraxtzor tomondan gup etib urilgan sovuq namchil havodan ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi.
Ustoz ichidan gupurib aftiga tepchigan tug‘yonni qorong‘ida yosh mehmon yigit payqamaganligidan mamnun bo‘lib, yengil tortdi. Shu zahoti ko‘kdan tushganday paydo bo‘lgan qo‘sh otli foytun kelib to‘xtadiyu, mehmon xayrlashganicha lip etib sakrab unga mindi.
Ustoz daraxtzor tomon yurishda davom etdi. Yurgani sayin ko‘z o‘ngidagi zulukday qorong‘i parda yanayam quyuqlashdi. Yomg‘ir boyagi shashtidan tushgan, bitta-yarimta tomchilayotgandi. Tim qora, tund bulut shahar osmonini butkul qoplagan, bosh ko‘tarib qaragan odamni tepadan ezib-yanchib, oyoq ostiga qorishtirib tashlaguday vajohatda bosib tushayotgan edi.
– “Kecham” desang ham, “Kunduz” desang ham shafqat qilmas bu mudhish zimiston, millatdosh inim! “Kecham” desang ham, “Kunduz” desang ham!..
Ustoz ochiq ko‘ksiga ignadek sanchilayotgan sovuqqa e’tibor bermay osmonga qaradi, atrofga alangladi. Yonida hech kimsa yo‘q – qorong‘ilik qa’rida yolg‘iz, tanho o‘zi poyi piyoda boraverdi. Ohista, deyarli shivirlab aytdi:
– Ko‘k yo‘q emish, yer yo‘q emish, quyosh bilan yulduz yo‘q…
O‘rmonzor oralab ichkarilayverdi. Betiga zax, mog‘or isi gup etib urdi. Pisand etmadi. Oyog‘iga quruq-ho‘l xazon aralash chaplashdi. Har qanday ma’rifatli qalb sohibini yuhodek yutib yuborishga qodir o‘rmonni tark etishni-da o‘ylamay, yo‘q, aksincha tepa shoxlari ko‘rinmas bahaybat daraxtlarni bosib-yanchib o‘tish qasdida shaxdam qadamlar ila ilgarilayverdi. Zimistonni larzaga solgudek, tanasiga quchoq yetmas daraxtlarni ildiz-pildizi bilan ag‘dar-to‘ntar qilib tashlagudek vajohatda, bor ovozda hayqirib o‘qidi:
Ko‘k yo‘q emish, yer yo‘q emish, quyosh bilan yulduz yo‘q,
oy yo‘q emish, zamon-da yo‘q, kecha bilan kunduz yo‘q.
Yo‘q bir narsa, yo‘q bir kimsa, yo‘q bir sifat, yo‘q bir ism,
yo‘q bir nisbat, yo‘q bir holat, yo‘q bir ma’no, yo‘q bir jism…
Yana va yana takrorladi, ko‘ksidan-vujudidan otilib chiqqan alanga ro‘parasidagi daraxtlarga tarmashdi, atrof yorishdi, qaddini tik tutib zulmat qoplagan olislarga mamnun ko‘z tikdi. Ko‘zidan, a’zoi badanidan tinimsiz taralayotgan nur yo‘liga shu’la bo‘lib to‘shaldi – juda olis bir nuqtadagina elas-elas yorug‘ sharpa ko‘rindi. Ustoz diqqatini jamladi. Chuqur xo‘rsindi. Entikib ketdi. Sinchiklab tikildi, shivirladi:
– Oldimizni to‘sgan bulut parchasi
Kuchli bir yel ko‘rgach turmas, yirtilar,
Umid guli… Umid guli bizim uchun ham tug‘ar…
Qayg‘urmagil! Qayg‘urmagil, sira, ey haq tuyg‘usi!.. Haq tuyg‘usi…
* * *
Oradan roppa-rosa bir kun o‘tdi. Hali qosh qoraymagan edi, eshik taqilladi, “o‘rtoq professor” odatdagidek javob bermadi. Eshik ochilib… kechagi mehmon yigit ko‘rindi.
– She’r tayyor, opkeldim! – dedi u ustozidan suyunchi tilayotgan shogirdlik kayfiyatida quvonib.
Ustoz hang-mang bo‘lib qolganini sezdirmay kulimsiradi. Bir kunda, bir zumda yozilgan she’r!.. U bir so‘z aytib ulgurmay yozuv kursisi ustidagi varaqda “Mening kunduzim”ga ko‘zi tushdi.
Shu oqshom ijodiy muloqot, aniqrog‘i, tahririy tuzatishlar xiyla cho‘zildi. Pirovardida ustoz ikki enlik maktub yozib shogirdining qo‘liga tutqazdi:
“Inqilob” jaridasig‘a.
Ushbu ikki yangi she’r – kaminaning qalamiga mansub “Mening kecham” hamda yosh, navqiron shoirimiz mirza Botu bitgan “Mening kunduzim” she’rini nazmiy mubohasa sifatida bir sahifada chop etsangizlar.
Kamoli hurmat ila Abdurauf Fitrat. 1923 yil 14 o‘ktabr. Maskov”.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017 yil, 2-son