Hademay osmonga qarata o‘q uziladi. Dastlabki to‘rt qatorda yigitlar, keyingi yonma-yon to‘rt yo‘lakda qizlar safga tizilishgan. Bellashuv oson ko‘chmasligi muqarrar. G‘oliblarga hozirlab qo‘yilgan sovg‘a-salomlarning cho‘g‘i har safargidan anchagina balandligi raqobat shiddatiga moy sepishi tayin.
K. badani, qo‘l-oyog‘ini qizdirish, undan-da muhimi, hayajonini bosish ko‘yida dam turgan joyida irg‘ishlab sakrab-sakrab qo‘yar, dam kiftiga, biqiniga, boldiriga ustma-ust mushtlab o‘ziga o‘zi dalda berardi.
Uch raqibdan ikkitasini yaxshi taniydi. Ular bilan yuz metrli masofa poygasida ishtirok etgan, bo‘sh kelmagan, lekin K. bu safar, ayniqsa, uloqni boy bermasligi shart. Mo‘ljali kamida o‘n soniya! Shu tezlikni ololsa ikki tanishiga qo‘shilib uchinchi raqibning ham masalasi hal bo‘ldi deyavering! Faqat g‘alati joyi – yigitlar bilan qizlarni yonma-yon safga tizish kimning xayoliga keldi?! Qanday zaruriyat tug‘ildi bunday “yangilik”ni sinovdan o‘tkazishga – noma’lum! To‘g‘ri, yigitlar o‘zicha, qizlar o‘zlaricha yugurishadi, bir-birlariga daxl qilishmaydi, lekin qanday bo‘lmasin, yonginangdagi yo‘lakda yugurib borayotgan qiz, tanishmi-notanishmi, xayolni chalg‘itishi tabiiy. Buning ustiga, qur’aga ko‘ra K. “4” raqami ostida to‘rtinchi yo‘lkani egalladi, ya’ni “1” raqamli qiz bilan yonma-yon, yelkama-elka yugurib o‘tishi kerak masofani. Yigitlar dastlabki uch-to‘rt soniyadayoq qizlardan ancha ilgarilab ketishlari esa tamomila bo‘lak mavzu.
K. beixtiyor “Birinchi”ga ko‘z tashladiyu shu zahoti hushini yig‘di, o‘zidan norozilandi: yugurishingni o‘yla, masofani chamala, qaysi soniyalarda tezlikni qanchaga oshira olasan – puxtalab ol!
Odatda bunday damlarda hakamlar ko‘p gapirishmaydi, chunki barcha shart-sharoitlar musobaqa maromida belgilangan, hech qanday g‘ayriodatiy yoki favqulodda o‘zgarishga yo‘l qo‘yilmaydi, inchunin, o‘zaro bahs-munozara va g‘ala-g‘ovurga o‘rin yo‘q, mana, hozir o‘q uziladiyu sakkiz poygachi oyoq tirgovuchidan uzilib, qad rostlab-rostlamay oldinga tashlanadi. Yugurish mubohasasining eng qisqa masofasi bu, yuz metr – yuz odim degani.
Hayot haqiqatlarini, hikmatlarini o‘zida mujassam etgan timsol-tamsillarning sanog‘i yo‘q dunyoda. Adabiyot, san’at, sport olami ana shunday timsolu majozlar bilan tirik. Yuz odimli masofani bosib o‘tish esa umr sarhadlarining nechog‘li qisqaligi, vaqt shiddatining tutqich bermasligi, tezlik, tezlik va yana bir karra tezlik inson zotining o‘y-xayoli, kundalik turmushi, jamiki orzu-havaslari bormi, barcha-barchasini allaqachonlar mahv etib yuborayotganining, o‘z izmiga bo‘ysundirib ulgurganining alomati, timsoli, ramzi! Osuda ko‘klam shabadasining bir nafaslik epkini yanglig‘ omonat, ayni vaqtda sanoqqa ham dosh bermas ushbu lahzalarda bu yorug‘ ma’voning o‘zidek uzun, mazmunlarga to‘lib-toshgan, hayajonu ehtiros mavjlariga limmo-lim voqealar namoyish etilguvchi o‘zgacha sehr-jodu mujassam masofa. Yaqin-yaqingacha bundayin hayot haqiqatlarini yigirma soniyada tasdiqlashga musharraf bo‘lgan, ya’ni yuz odimlik masofani shu fursatda bosib o‘tgan yuguruvchilar xos kishilar yanglig‘ qahramonlarga aylanishgan, ularning nomlari zarhal iplarda bitilib, o‘zlari olqishlarga ko‘milgan (endi ular qayerda?!). Biroq “tezlik”, “shiddat” deya nom olgan allatovur ko‘z ilg‘amas maxluqlar hamon betoqat – odamlarga qo‘shilib zamonlar, zamonlarga ergashib odamlar o‘zgarmoqda, shuning sharofati ila dunyo aql bovar qilmas shiddat izmiga ko‘chmoqda. Shiddat etagini tutqazmayapti, u bandasiga bezak o‘rnida o‘tguvchi azaliy halovatni, bosiqlik, vazminlik kuylarini yutib yubormoqda, mashoyixlar aytmoqchi, bu iznga mubtalo insonlar tugul ona zamin, unga tobe samoviy sayyoralar o‘zlarining ilohiy o‘qlari atrofida odatdagidan tezroq, jadalroq aylanishga yuz tutmishlar. Bunga sayin hayotning cho‘ng haqiqatini o‘n sakkiz, o‘n olti, o‘n besh, o‘n to‘rt soniyada tasdiqlaganlar bo‘ldi. Inson imkoniyatlarining cheksizligi mo‘jiza yanglig‘ poygachilarni, ularga qo‘shilib butun olam ahlini hayratlarga solmoqda. Aqllar lol, tafakkurlar shiddat oldida mahzunu mazlum. Shiddatning suratini chizmoq istagidagilar sarosimada. Endi… endi esa yuz odimni ortda qoldirish uchun o‘n soniyadan ortig‘i – ortiq! Yashin tezligi, chaqmoq tezligini talab etmoqda hayot haqiqatlari – mohiyatini anglash va tasdiqlash istagi, ehtiyoji!
K. raqiblariga emas, o‘ng yondagi “Qo‘shni”ga rov ko‘z tashladi. U ham o‘z tashvishi-o‘ylariga andarmon – poygada o‘zib ketish, yonidagilarning imkoniyatlarini o‘lchash-chamalash. Lekin bu dilbar qizgina sanoqli soniyalar ichida yana qanaqangi mo‘jiza voqea-hodisalar yuz berishi mumkinligini, bu tezkor zamon shiddati taqdir, qismat savdolarini o‘rtaga qo‘yayotganini his qilayotirmikan? E, ha-a, K. anglab qoldi poygani tashkil etishdagi yangilikning boisini. Tashkilotchilar yuz odimli masofani bosib o‘tish asnosidagi sanoqli lahzalarda erkaklar nimalarga qodiru ayol-qizlar nimalarga qodirligini bir yo‘la sinashga qaror qilishgan! Ha, shunday – bir yo‘la-bir paytda, bir zumda! Zero, hayotning muhimdan-muhim haqiqatlarini anglash damlarini sinovdan o‘tkazish, tadqiq va tasdiq etish istagi inson aql-idrokidan g‘oyatda kutilmagan, g‘oyatda shakkok uslublarni-da sinovdan o‘tkazishni taqozo etmoqda.
– Diqqat!
Oyoqlar tirgovuchga qadaldi, bukilgan tizzalarning shiddat bilan rostlanishi poygachini oldinga it¬qitib yuboradi, soatning eng tezkor va shiddatli o‘lchov mili joyidan qo‘zg‘aldi. Yuz odimli yugurishda biron qadam hayallash tuzatib bo‘lmas armonu afsuslarga, adoqsiz nadomatlarga olib borishi muqarrar, yashin tezligi ham oz, nigoh tezligi darkor, nigoh-nazar tezligi, binobarin, o‘qning uzilishi – shiddatli hayot yo‘lining boshlanishi, ortga yo‘l yo‘q, buyog‘iga ko‘ngil tubidagi tuganmas orzu-umidlar zarracha sustkashlikka toqat qilmaydi, zero hamon o‘qdek otilib hayot yo‘liga otlandingmi, ke-e-etding, shu ondayoq yoningdagilardan loaqal bir qadam, loaqal bir qarich, loaqal bir bahya ilgarilash, o‘zish epini topishga majbursan, majbur!
– Olg‘a!!
K. poyganing xo‘p hadisini olgan, shunga ko‘ra har bosar qadamini avvaldan o‘ylab qo‘yar, lahzaning lahzasini qaytmas boylik, g‘animat hisoblardi.
U besh-olti odimdayoq uchala raqibidan o‘zib ketdi, tezlikka zo‘r berdi. Shu shiddatni bo‘shashtirmasa hamda yettinchi, sakkizinchi soniyalarda yana jindek g‘ayrat ko‘rsatsa olam gulistonligini his qilar, hayotning bitmas-tuganmas mazmunlarini bor-yo‘g‘i o‘n soniyada bashariyat ko‘z o‘ngida namoyon etishi qanchalar ulkan shodiyonaga aylanishiga ishonchi komil edi.
Beshinchi soniya. Beixtiyor “Qo‘shni”ga nazari tushdi. Tushdiyu “Birinchi”ning chehrasida mujassam shiddatni ko‘rib yuragi gupirib ketdi. Qayerdadir ko‘rgandek, juda-juda tanish chehra. “Qo‘shni” duv qizardi, shu qadar ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas holat ham yigitning xayolini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordi. Sezildi, “Birinchi” tortinchoq, iboli, hayoli! Poygachi qizlarning orasida bunaqasi kam uchraydi.
K. tezlikni oshirdi. Oshira turib o‘ng tomoniga o‘g‘rincha razm soldi. Ayni payti – ko‘rib-tanib-bilib-sinab olmasa, keyingi soniyalarda ulgurmaydi, fursatni boy beradi, ahvoli voy bo‘ladi, voy! Uning razm solganini qiz fahmladi, lekin sir boy bermadi, boshini burmadi, aksincha tezlikka tezlik qo‘shdi. Ohu misol yugurib bormoqda – oyoq olishlari biram chiroyli, biram bejirim, biram shaxdam. O‘zi xipchagina, ko‘zlari shahlogina, bilaklari oppoqqina, sochlari uzungina – ishqilib ortda qolmasin-da, raqibalariga bo‘sh kelmasin-da!
Ettinchi soniya. Shu lahza K. qiz ham unga o‘g‘rincha nigoh tashlaganini payqab qoldi. Sevinib ketdi, hatto kulgidan tiya olmadi o‘zini, “Ha-a, qo‘lga tushdingmi?!” deb yubordi. Shunday dediyu yugurish shiddatidan hosil bo‘lgan tana harorati gugurt chaqilishidan o‘t olgandek gurillab alanga oldi, alanga vujudini, a’zoi badanini qopladi.
Chap yonidagi raqibi unga tenglashdi. Shundan K. tezligi susayganini sezdi. Biroq tezlikni oshirsa “Qo‘shni” ortda qoladi – nigohlar rishtasi uziladi. E-endi topdim deganida o‘zib ketsa qiz nima deb o‘ylaydi, ne xayollarga boradi? Unga xiyonat qilgan bo‘ladi-ku, K.!
K. tabiatan qizlarga e’tiborsizroq edi. O‘smirlik pallasi ortda qoldi, voyaga yetdi, u tengi o‘rtoqlari birin-sirin chimildiqqa kira boshladilar. Shunda onasi harakatga tushib qoldi – “Ko‘z ostingga olganing bormi, ayt, borib ko‘ray, sen topmasang, o‘zim topay”, deb qisdi-bastiga oldi. “Ko‘cha to‘la qiz, jigaringdan urgani yo‘qmi?!” deya dangaliga ko‘chdi otasi. Biroq ko‘z ostiga olish yoxud jigaridan urish qanday bo‘lishini bilmasa, biron qizning ohanrabosi tortmagan bo‘lsa uni, nima deb og‘iz ochadi ota-onasiga?! Undayini qaydan topadi, qanday topadi, qayerdan topadi? Tanish-notanish qizlarga emin-erkin, bamaylixotir e’tibor berishga fursat bo‘lmasa. Mana shunday bir paytda, ittifoqo, shiddat ila yugurib borayotib… ko‘z ostiga olish, “jigaridan urishi” shu bo‘lsa kerak-da?!
– Chalg‘imang! Chalg‘imang! Tezlashing!
Sanoqsiz tomoshabinlarning hayqiriqlari orasidan qulog‘iga chalingan bu mehribona dalda-da’vat qulog‘iga shu qadar yoqimli eshitildiki! Sal bo‘lmasa to‘xtab yonida ohu misol yugurib borayotgan qizning ipakday mayin-muloyim va mehr to‘la kiroyi bir tovushda dalda berishini jon qulog‘i bilan tinglagisi keldi. Shunda chap tomonidagi yigitlar emas, o‘ng yonidagi qiz ham undan uzoqlashib borayotganini payqadi. “Qo‘shni”ning bir tutam qilib bog‘langan sochi yelkalari, beli aralash talash bo‘layotganini ro‘yi-rost ko‘rdi.
Nahotki?! Nahotki, u uzoqlashib ketsa?! K.ni ortda yolg‘iz qoldirib, bir o‘zi marraga yetsa?!
Marra, marra, marra. Har kim o‘z marrasini ko‘zlaydi, qachon va qay tariqa yetishi esa… qoqilmasa bas, oyog‘i toymasa bas! Baxtiyor marra, shukuhli marra – qismat marrasi, saodat marrasi!..
K. tezlikka zo‘r berdi. Sakkizinchi soniyada g‘oliblikning taqdiri hal bo‘ladi! Shu on mutlaqo kutilmagan voqea yuz berdi – K. poyga natijasini, taqdirini o‘ylamay qo‘ydi! Ne-ne poygalarda “jon olib-jon berib” sherdek olg‘a tashlanishning kiftini keltirgan K., mana, ilk daf’a g‘oliblikni emas, u bilan yonma-yon yo‘lkada yugurib borayotgan qizning “qadam olishi”ga qarab qoldi. “Qo‘shni” chalg‘itdi uni, yomon chalg‘itdi!
To‘qqizinchi soniya. Ko‘z ochib yumguncha-ya! Hayot shu, umr yo‘li shu. Adoqsiz tuyulgan yillar ko‘z ochib yumguncha ortda qoladi – anglaganing qancha, anglamaganing-chi? Yuz odim va o‘n soniyada ham ahvol o‘sha-o‘sha – anglamagan lahzalar va odimlari qancha?! Hayot-mamot, taqdir muhri bosilmoqda shu soniyalarda, ushbu yuz odimlik masofa oralig‘ida.
K. necha daf’alar yugurib, g‘oliblik nashidalarini bearmon surib ham hozirgidek, bu safardagidek huzur topmagan, joni rohat tuymagandi.
O‘ninchi soniya. Ana, marra! Ana, qiyqiriq! Ana, olqish! Muhimi, muhimi, K. qizga yetib oldi, u bilan yonma-yon. Xuddi qo‘l ushlashib yugurib kelishgandek, o‘n soniyalik masofada tug‘ilgan mehr-muhabbat haqqi-hurmati ular bu yog‘iga toabad yetaklashib-etaklashib yurishga, yugurishga ahd-paymon qilishgandek… Darvoqe, marra bo‘sag‘asida K. tortinmay-netmay “Qo‘shni”ning qo‘lini tutib oldi. Tavakkal qildi. Shundayiga ham uyalib-qizarib yugurgan qiz yanayam alanganing yallig‘langan tilidek, bir quchoq qizil atirguldek lovullab ketdi, lekin muhimi, e-eng muhimi, qo‘lini tortib olmadi.
Olqishlar har qachongidan o‘zgacha yangradi. Qayerdadir tomoshabinlar tomondan karnay-surnay, childirma-nog‘ora sadolari taraldi. Yosh-yalang yigit-qizlarning shodiyona qiyqirig‘i tutdi atrofni. K. qizning qo‘lini biron lahza bo‘shatmas, oyoqlari ostiga to‘shalgan oppoq shoyi matoga irg‘itilayotgan anvoyi gullardan battar mutaassirlashayotgan edilar. Ularni tabriklash, qutlash niyatida, ilojini topdi deguncha, birga-birga suratga tushish istagidagilar izdihomi ortgandan-ortayotgandi.
K. bilan qiz o‘zlarini tamom yo‘qotishdi. K. negadir o‘zini g‘olibdek tutar, undagi bu tuyg‘u qizga ham ko‘chgan, u ham bu tarz g‘oliblikdan uyalgandek boshini quyi solib olgan, dam kulgisi-dam yig‘lagisi kelar, tobora qizg‘in tus olayotgan olqishlarga bosh ko‘tarib minnatdorlik bildirolmas, ibo-hayo yoshlarini tiya olmayotgan edi…
“O‘zAS”, 2019 yil, 2 son