— Zulfi-i! Ho, Zulfiyaxon! Chiqaqoling, sevinchli xabar kep qoldi!
— Hozir, ona, hozir chiqaman.
Zulfiyaning tovushi qo‘ng‘iroqdek jaranglab chiqqan bo‘lsada, uning o‘zi hiyla parishonxayol edi. Kundoshlarining yonida sir boy bermaydi, shu bois qanday bo‘lmasin chehrasidan tabassum arimaydi.
Ularning ra’yiga qaramog‘i lozim, ulardan hushyor yurmog‘i lozim, ular bilan orani buzmasligi shart… ammo-lekin har nima qilganda ham ayol ayolda: Zulfiya ikkala kundoshidan o‘zining yoshligi, qolaversa… sambit novdaday raso bo‘y-basti, suqsurday chiroyi bilan boyga suyukliroq ekanligini ham yaxshi his qiladi, vaqti-bevaqt shu borada tili uzunligini ko‘z-ko‘z qilish ilinjida kiborli yurishlaru, bepisand boqishlar qilib qo‘yar, uning bunday qilig‘idan Adolatning ich-eti qirilib tushayotganini sezib, quvonchidan qarsak chalib yuborishdan bazo‘r o‘zini tiyar edi. O‘rni kelganda Adolat ham yaxshillatib ignasini sanchib olar, Zulfiyaning tug‘masligini kishi bilmas pichinglar bilan betiga solar edi.
Tavba… Zulfiya qizlik chog‘i o‘zidan ikki yosh katta Adolat bilan Oliya otinda tahsil olgan, negadir u bilan janjallashgani-janjallashgan, otin oyi, «Ho-oy, Zulfi, ho-oy Adol, nima balo, kundoshmisanlar, yumdalashganing yumdalashgan!» deya chakak qokqani qoqqan edi. Farishtalar «omin» degan ekan, taqdir ularni bir erga xotin qildi…
Ular orasidagi pinhona «jang»lar bir safar oshkor to‘qnashuvga aylandi. Nima bo‘ldiyu, uyda o‘zlaridan boshqa hech zot yo‘qligidan foydalanishdimi, ikki kundoshning dilidagi tiliga ko‘chdi: Zulfiya boyning suyukli kenja xotini ekanini pesh qildi, Adolat uning tirnoqqa zorligini «fosh» qildi. Shunda Zulfiya kundoshining bu boradagi sevinchini ham chippakka chiqardi:
— Kuz kelsin, qo‘chqorday o‘g‘il tug‘ib bermasam, otimmi boshqa qo‘yaman! Ha-a, alamingdan yorilib o‘larsan, o‘shanda!..
Adolat hang-mang bo‘lib qoldi, ishonib-ishonmay kundoshining qorniga angraydi, so‘ng o‘zining g‘aflatda qolganini sezdi shekilli, bir narsani shoshilinch olib chiqqani zipillab yurib uyiga kirdi. Allanimalar deya vaysadi-vaysadi-da, oxiri yigg‘amsirab qarg‘adi:
— Yo‘qol, mahallangga yo‘qol!
Zulfiya dabdurustdan qarg‘inishning ma’nosiga tushunmagan bo‘lsa-da, bo‘sh kelmadi. Deraza yoniga yaqinlashdi-da, ovozini baralla qo‘yib alamini oldi:
— Ja, bilging kelayotgan bo‘lsa, tarozini obke, toj-taxtimizzi bir tortib ko‘ramiz! Yo‘qol kimligini o‘shanda bilasan! Hu-u, zoti past!..
Bu janjal Maktabxon onaning qulog‘iga qaydan yetdi — Zulfiya o‘ylab-o‘ylab topolmadi. Ona Adolatga nelar deb tanbeh bergan-bermagani unga qorong‘i, lekin bir oqshom suhbat orasida Zulfiyaga yotig‘i bilan nasihat qildi:
— Zulfiyaxon, bolam, kibor — kibrdandir, kibr — haromdir… Ilohim, Boy og‘amizniig davlati ziyoda bo‘lsin, manashi «Nasyonal» mehmonxonasining barcha jihozini Polshadan keltirdilar… Hammamizga yetib ortadi… Xonadonimizga harom oralasa barchamiz ko‘r bo‘lamiz.
Zulfiya odam bo‘yiga ikki baravar keladigan toshoynadan o‘ziga qarab turgan oppoq, yuzi xiyol cho‘ziq, rangi tiniq, qorni do‘ppaygan qo‘hlik juvonni bosh-oyoq kuzatib turib, o‘sha-o‘sha, Adolat bilan qaytib qirpichoq bo‘lmaganiga ichdan sevindi. Moviy ko‘zlarida yiltillay boshlagan yoshni shoshilib artdi.
— Kichik oyi-i!
— Chiqvomman, Salomatxon, — dedi Zulfiya Adolatning ikkinchi qizini ovozidan tanib.
Zulfiya og‘ir-vazmin qadam bosib ayvonga chiqqan edi, Salomat yugurib kelib uning qo‘lidan tutdi.
— Otamchi, hayitga yangn ko‘ylak tiktiringlar deb gazlama daftarini kiritibdilar. Voy, shunaqayam ko‘pki-i!..
U xabar berdi-yu, sabri yetmay yana yugurib, bosh ko‘tarmay daftar varaqlab o‘tirgan Muborak opasining tepasiga bordi.
Zulfiya Maktabxon onaning chap tomoniga borib ohista cho‘qdi.
— Muborakxon, qizim, daftarni berchi, avval biz ko‘rayli, keyin san singling bilan tanliysan.
Muborak daftarni Maktabxon opaga uzatdi. Ona daftgarni bir boshdan varaqlay turib, «Mana, mana-a» deb qo‘yar, uch-to‘rt varaq o‘tgach, «Yoqadimi, taalanglar» deb ikki biqiniga sukilib o‘tirgan kundoshlariga qarab qo‘yardi.
— Ovvoloom sizga tanliymiz, opa, — dedi Adolat to‘ng‘ich kundoshning hurmatini saqlab. — Ke, Mubor, silar ham tanlashasilar.
— O‘ng qo‘l vazirlarga xon atlas yarashadi-da! — dedi kulgisini yashirib Muborak.
To‘xtaboy, «Maktabdosh — o‘ng qo‘l vazirim»degashni xonadon azolarining kattayu kichigi eshitgan, shu bois Muborak shunga shama qilayotganini sezgan kundoshlar orasida yengil kulgi ko‘tarildi.
— O‘rischa tahsilga qatnab tiling chiqib qoldi-ya, sen qiznng! — Dedi Maktabxon ona ko‘zoynagi ostidan kiziga hayrondaka o‘qrayib.
Muborak katta onasining jig‘iga tegishni davom ettirdi:
— Xon atlas bo‘lganda ham ko‘sh etakli bo‘lsa, xo‘p, yarashadi-da!
— Ke-ke, oldin senga tanlaymiz, — dedi Maktabxon ona yon berib. — Anuv, do‘pir-do‘ng‘iringni chalish uchun ham alohida ko‘ylak so‘rarsan?
— Bo‘lmasa-chi! — Muborak shunday deb yugurib keldi-da, katta onasi bilan kichik onasi orasiga suqulib daftarga engashdi. — Zulfi onam menga mosini tanlab beradilar!
Zulfiya gapga chechan, endi-endi o‘ris tilini o‘rganayotgan, hatto Varshavadan maxsus keltirilgan pianinoda ko‘y chalishni mashq qila boshlagan bu quvnoq qizni astoydil yaxshi ko‘rar, u ham boshqalarga aytilmaydigan sirlarini kichik onasi — Zulfiya bilan baham ko‘rar edi. Shunaday bo‘lsada, hozir Maktabxon onaning hurmatini saqlash lozimligini unutmadi.
— Opa, o‘tgan hayitda xonatlas tanlagan ediz, bu safar o‘qlog‘i shoyidan tiktiring. Sizga chunonam yarashadiki!.. Nihol-niholligidan bo‘lsa yana yaxshi!.. Adolatxon opam xonatlas kiysinlar.
— Be-e, menga kim qo‘yibdi xonatlasni, — e’tiroz bildirdi Adolat, — odmiroq bo‘lsa ham mayli.
— Kamsuqumliging qolmadi-qolmadi-da, Adol, kimsan To‘xtaboyvachchaga qator-qator o‘g‘il-qizzi tug‘ib bergan xotin bo‘lsang, boy ota hayit bahona daftarni kiritibdilar, chertib-chertib tanlab-tanlab kiyamiz-da! Uchovimiz bir sidra xonatlas, bir sidra och pushti shoyi bor-ku, mana, rangini qaranglar, cho‘g‘day yal-yal yonib yurasizlar!..
— Men hozir ko‘ylak tiktirmay turaqolay…
— Voy, nega tiktirmas ekansiz?! — suhbatga aralashdi Salomat.
Zulfiyaning muddaosini tushungan Adolat qizini beozor, yengilgina jerkidi:
— Sen aralashmay o‘tir. — Shunday deb qalin daftarning har varag‘ita yopishtirilgan biri biridan rangdor va chiroyli gazmol namunalarini yonidagilarga ko‘z-ko‘z qila boshladi: — Avval hammasini bir boshdan ko‘rib chiqaylik, yagqinda xorijdan yangilarini olib kelishdi deb eshituvdim…
— Olmon shoyisi degan edilar — uning gapini to‘ldirdi Zulfiya.
— Mana, manavi emasmi? — ko‘ylaklik tanlashda uloqni o‘z ixtiyori bilan yoshlarga topshirgan Maktabxon ona, och havorang gazmol parchada yopishtirilgan varaqni ko‘ziga yaqinlashtirib qaradi. — Qurmagurlar-ey, buncha nozik ishlashmasa! Shishaga o‘xshaydi-ya!..
— Shunisi sizga yarashadi, Zulfiyaxon, — dedi Adolat.
— Moviy ko‘zlar, moviy libosla-ar!.. Kundoshlar, ularga qo‘shilib qizlar Muborakning xirgoyisini eshitib kulib yuborishdi. Zulfiya o‘zining ko‘m-ko‘k havo rang ko‘zi beg‘araz kulgiga sabab bo‘lganidan erkalanib asta jilmaydi.
Xuddi shu qah-qah kulgi ustiga eshik ochilib ichkarida To‘xtaboy paydo bo‘ldi. Birinchi bo‘lib Muborak ona bilan Salomatxon dik etib o‘rnidan turdi, Adolat boy tomon bir qadam peshvoz yurib to‘xtadi, Zulfiya o‘rnidan og‘ir qo‘zgalib qad rostlagan Maktabxon onaning panasiga o‘tib yer chizgancha turaverdi. Boyning doimo vazmin, bosiq, ayni choqda jiddiy qiyofasidan uning azvoyini birdan anglab bo‘lmas, ba’zan fe’li aynibroq turibdimi yohud xushnudmi — shularnida farqlash qiyin kechar, odatda birinchi gapini eshitib u kishining kayfiyati aniqlab olinmaguncha kattayu-kichik churq etib tovush chiqarmas edi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. Boy xontaxta ustida ochiq qolgan daftarga ko‘z qirini tashab qo‘ydi-da, labining bir chekkasida kulimsirab, dedi:
— Silar ko‘ylaklik tanlaguncha hayit o‘tib ketar hali…
To‘xtaboy to‘sattan boshlab kelgan izvoshga chiqib joylashib o‘tirib olganicha xayolga toldi. Xayol olib qochib hatto qo‘sh otning tuyoqlariga taraqlab urilishini ham, jonivorlarning suvliqni chaynab asabiy kishnashini ham eshitmadi. Izvosh Maskovdan tashqariga chiqayotgandagina tek qotib o‘tirgan ko‘yi so‘z qotdi:
— Boradigan joyimizni tushuntirdingmi? Gumashta yigit xo‘jayinning avzoyiga qarab damini ichiga yutib o‘tirgan jammi, boydan sado chiqqan zahoti jonlanib tilga kirdi:
— «Novo Varvarevsk» desam o‘nta izvoshchi «K dachu Mirkamilya? Ya, ya otvezu!» deb hoziru nozir bo‘lib turibdi, boy ota!
Uncha-bunchaga quvonchini ham, ranjiganini ham namoyon qilavermaydigan To‘xtaboy hayajondan qalqib tushdi. «Dacha» emish, hukumati surgunga jo‘natib qo‘yibdiyu, bular «dacha» deydi. Mirkomilboy Maskovga kelganiga ikki oy bo‘ldimi-yo‘qmi, izboshchilar ismi-sharifigacha xabar topibdi»…
To‘xtaboy Mirkomilboyning «dacha»sida uch kun qanday o‘tib ketganini ham payqamadi. Nazarida, Mirkomilboy uni sovuq qarshilaganday tuyuldi. Andijonlik boyning dimog‘dorligi avvaliga uning hamiyatiga tegdi, biroq keyin To‘xtaboy shaytonga hay berdi: «Yurtidan badarg‘a qilinib surgun muddatini shu zax va mog‘or hidi anqib turgan o‘rmonda o‘tkazayotgan odamdangina qilamanmi!.. »
Mirkomilboy ham To‘xtaboyni birrov kelib iziga qaytadi deb o‘ylagan ekanmi, ikkinchi kunga qolganini ko‘rib uning yelkasiga qoqib, bag‘riga bosib minnatdorchiligini yashirmadi:
— Rahmat, To‘xtajon, uka! Musofirchilikda yoningda dushmaning bo‘lsayam hamyurting bo‘lsin ekan. Siz esa o‘zimizdan… Shundan picha qiynalish bor, xolos…
— Xudo xohlasa bundan qiynalmaysiz, taqsir, — dedi To‘xtaboy ham Mirkomilning bilagidan tutib.
— Joy… mana, bemalol, — dedi Mirkomil qator ketgan ikki qavatli taxta uylarga ishora qilib. To‘xtaboy hazilga yo‘ydi:
— Nima, «Surgun qilinganlar kelaversin» demoqchimisiz, taqsir?
Mirkomil shundagina gapining teskari ma’nosiga e’tibor qildi va odaticha xas qoshini chimirib, lablarini qimtib kuldi.
To‘xtaboy Mirkomilning nihoyatda ziyrak va hushyor odamligini yaxshi bilsada, Novo Varvarevskka kelishining uchinchi kunidagi suhbat asnosida hayratidan yoqa ushlab qoldi. Mirkomilboy bilan necha martalab quyuq mehmondorchilikda bir dasturxondan ovqat yegan, necha martda u bilan ikki-uch kunlab bir poyezdda hamroh bo‘lgan, Mirkomilning bosiq va tagdor gap-so‘zi, qochiriqlari, tanbehu nasihatlari ikki-uch og‘izdan oshmas edi. Mana endi, musofirchilik boismi yoki bo‘lak sabablari bormi — boy picha so‘zamollashibdi…
— Bizning Turkiston boylarimiz uzoqni ko‘ra bilishmaydi. Qaysi savdogar, qaysi toparmon-tutarmonga qaramang, bizdan paxta, pilla jo‘natadi, Rossiyadan va hokazo o‘zga yurtlardan esa gazmol, ustbosh olib boradi. Kamina ham kimsan Mirkomilboy bo‘lgunicha Anjanu Farg‘onaning paxtasini sotmagan sortimiz qolmadi. O‘zlarini ham bilamiz, Rossiyadan gazmol, telpak, mo‘yna obborib sotadilar.
Mirkomil shunday deb taqqa to‘xtadi-da, To‘xtaboy tomon o‘g‘irildi. So‘zida davom etdi:
— E’tibor bersinlar-a!.. Biz xom ashyoni ikki qo‘llab kepak narxiga sotamizu, bular o‘la qolsa ham xomashyo sotmaydi — tayyor buyum sotadi, buyum! Deylik, mo‘ynaning xomini so‘rangchi, o‘sha shoyi gazlamalarning shoyi ipagini so‘rab ko‘ringchi, ikki dunyoda ham bermaydi! Chunki, bularning kallasi siz bilan menikidan durustroq ishlaydi!..
Bu gaplar To‘xtaboy uchun favqulodda yangilik bo‘lmasa-da, negadir eti jimirlashib ketdi, boshini ko‘tarib qaraganda ham uchlari ko‘rinmaydigan tik daraxtning motor bosgan tanasidan sovuq ufurdi — ham alam, ham g‘azabdan labi gezardi.
— Men London, so‘ng Porijga o‘ynagani borganim yo‘q, — so‘zlarini yanayam chertib-chertib gapida davom etdi Mirkomil. — O‘sha yurtlardan yigiruvchilik, to‘qimachilik uskunalarini undirgani bordim. Gaplashdim. Kelishdim ham.
— Naqadar ulug‘ ishlar boshlabsiz, taqsir! — Hayratini yashirmay dedi To‘xtaboy va bir zum sukut saqlab birdan shashtidan tushdi: — Biroq, siz bilan biz ulug‘ muddaolarni ko‘zlasan-u, o‘ris hukumati o‘z holimizga qo‘ymayotgani chatoq-da…
Mirkomil javob qilmadi. U xiyol burilib ro‘parasidagi daraxtning quchoq yetmas tanasiga qaradi, ko‘kimtir po‘panak bosgan, tik, nihoyatda baland… yiqitay desa, naqadar baquvvat, shox-butoqlarni sindiray desa naqadar qo‘l yetmas…
Boy labini tishladi, nafratda aftini bujmaytirdi, uzoqdan ko‘rgan odam uni kulyapti deb o‘ylashi mumkin edi.
— A, biz siyosatchi bo‘lmasak!.. Tujjor odamni o‘z holiga qo‘y, qiztaloq!
— Tujjorlik ham siyosat ekan-da, aslida taqsir. Savdogarchilik qilavuribmizu, zamonning toshu tarozisini hisobga olmabmiz, aka, aslida…
Mirkomil hang-mang bo‘lib qoldi. Uning hayrati To‘xtaboyning hozirgina hayratlanishidan o‘n hissa oshib tushdi. Bir necha soniyada juda-juda ko‘p voqealar xamr ichidan chakmoq yashinga uchib o‘tdi. U butun umr o‘zini yirik bir savdogargina hisoblab kelar, kezi kelganda «mening siyosat bilan ishim yo‘q» degan joylari bo‘lgan, endi… necha bor taftishu tergovga chaqirilishi, qiyin-qistovga olinishi, surgunga jo‘natilishi, izidan soyadek ayg‘oqchilar ergashib yurshni… bular siyosat bo‘lmay, nima?!. Nega shu choqqa dovur kimsan Mirkomil shularni o‘ylamadi, nega…
— To‘xtaboy!..
Boyning bu taxlit murojaatini kutmagan To‘xtaboy «yalt» etib suhbatdoshiga qaradi. U xudo yarlaqab savdogarchilik yo‘lida izzat-obro‘ topgan va shuning barobarida… aziyatlar chekkan Mirkomilga ich-ichidan achindi. To‘xtaboy xayolga tolganidan Mirkomilboy qanday qilib mavzuni o‘zgartirib yuborganini sezmay qoldi.
— Shunday ishlar boshlash harakatida yuribmizu siz qayoqdagi Zaxaruv, Kitoplarga kuningiz qolib siqilib o‘tiribsiz.
Basharti shu topda, «Iya, boy aka, shulardan ham xabaringiz bormi?» desa To‘xtaboy juda past ketgan bo‘lar edi, shu bois «bilsang-bilibsan-da»degan mazmunda atay churq etmadi. Uniyag ustomonligini payqagan Mirkomilboy ham «indamansan-a-indamaysan» degan ma’noda pchingini atay qariyb takrorladi:
— Nima qilib, o‘sha o‘ris bilan nemis juhudining qarmog‘iga otilib o‘tiribdilar, To‘xtajon?
To‘xtaboyning nazarida Mirkomil «To‘xtajon» deganda hozirgina «To‘xtaboy» deb yuborgannning alamiga «jon»ga qattiqroq urg‘u berdi. Endi eslasa, boy unga sira «To‘xtaboy»» deb murojaat qilmagan ekan. Vaholanki, To‘xtaboy qayerda bo‘lmasin Mirkomilning yoshiga, davlatiga, o‘ziga nisbatan eniga ham, bo‘yiga ham yirikligini tan oladi, hurmatini joyiga qo‘yadi. Biroq, Mirkomilning, «To‘xtaboy» deyishga tili bormaydi.
Bundan gina-qudratning o‘rni emas edi.
— Vekseldan kuydim…
— «Nasyonal»ni topshirdilar?..
— «Nasyonal» ketdi…
— Ayting… Yana?..
— «Nasyonal»ga qo‘shni ko‘chadagi ikki qavatli do‘kon… .
— Yana?..
— Yana…
— Toshkanni ham tashlab chiqibdilaru!..
To‘xtaboy yer tepinib yubordi. Azbaroyi manglayidan ter chiqib ketdi. Haqiqatan ham Mirkomilboyning tili achchiq edi. O‘ylab ko‘rsa, shunday — kimsan To‘xtaboydek dasti daroz boy mehmonxonasiz, ulkan do‘koni, rastalari ketgani yetmaganday bola-chaqasiyu, uch xotinini qo‘kon aravaga yuklab yetti pushti yashab o‘tgan ona shahrini tashlab jo‘nab yuboribdi.
Shu tobda To‘xtaboy, «Ajab, taqsir, bu haqda qaydan xabar topdingiz?» deb savol qotganida ancha soddalikka yo‘l qo‘ygan, qrning ostida chuvalchang g‘imirlasa sezadigan Mirkomildek boy oldida juda-juda qadri tushib ketgan bo‘lur edi. Yaxshiki, To‘xtaboy ham anoyi emas, «bozor ko‘rgan» boylardan… — U ajablanganini sezdirmadi, Sezdirmadiyu… to‘ng‘ich xotini Maktabxonning tosh yutib sabr qilganlarini esladi.
Adolat, «Sho‘tta qop ketamizmi, endi!» deb ochiq bosh ko‘tardi, Zulfiya noroziligini, «Toshkentdagi uyimiz yaxshi edi-da…» deya izhor qildi, xolos. «Sabr qilinglar, Xudo xohlasa qaytamiz» deb tasalli berishga berardiyu, Xudo qachon xohlashini taxminan bo‘lsada, bilmas edi, To‘xtaboyning jim qolishi hiyla cho‘zilganini Mirkomilboy uniig izza bo‘lishlikka yo‘ydimi, uning ko‘nglini ko‘tarishga urindi:
— Sabrlisiz, To‘xtajon, uka… O‘zbek sabrga tug‘ilgan… Sabr, sabrning tagi oltin… Sabrning… sa… Aytmoqchi, «Nasyonal»da tug‘ilgan o‘g‘ilchaning otini Sobirjon qo‘ygan edingiz, kattakon yigit bo‘b qolgandir?
Endi To‘xtaboy chinakamiga hang-mang bo‘lib qoldi. Endi u hayratlanganini yashirmadi. Dunyoning tashvishini boshida ko‘tarib yurgan, Andijon yigitlarini mardikorlikdan olib qolish ilinjidagi sa’y-harakatlari va boshqa tuhmatlar evaziga mana shu qora o‘rmonga surgun qilingan Mirkomilboydek odamning To‘xtaboyni, uychang tsinganiyu, oila a’zolari bilan To‘qmoqqa ko‘chganigacha, «Nasyonal» mehmonxonasidagi uyingda uch yil muqaddam tug‘ilgan o‘g‘liga Sobirjon deya ism qo‘yganinn esda saqlab yurishdan bo‘lak tashvishi yo‘qmi?!. «Kelin onamiz farzandli bo‘lishni besh yil kutibdilar, mehmonning otini Sobirjon qo‘yaqolaylik», — degan edi go‘dakning qulog‘iga azon aytgan qori domla. To‘xtaboy rozi bo‘ldi, aytgan edi Zulfiya ham e’tiroz bildirmadi o‘shanda…
Mirkomil To‘xtaboyni yana o‘yga toldirib qo‘yganidan ichida sevindimi yoki unga achindimi, yupatishga o‘tdi:
— Savdo-sotiq ishi shu, taqsir. Bugun chikka, ertaga pukka. Bu yog‘i yolg‘iz yaratgan egamizga ayon, uka… O‘zbekning To‘xtaboyini veksel minan sindirgan juhudlarniig belini biz pul bilan, tadbir bilan bukamiz. Inshoalloh, Sobirjonning sunnat to‘yini o‘zingiz qurgan «Nasyonal» da o‘tkazamiz… To‘ybolaga atab «Nasyonal»li hovlisiga o‘z qo‘lim bilai to‘riq yetaklab kiraman, inshoalloh!..
Bu mehribonlik qiyofasidan badjahl va qattiqqo‘l ko‘rinadigan, aslida diydasi bo‘sh To‘xtaboyning ko‘nglini to‘ldirib yubordi— u so‘zsiz va nesiz Mirkomilga termildi. Mirkomil mazmundor va salobatli bosh irg‘ab ko‘zlarini yumib qo‘ydi va quyuq o‘rmon qo‘ynidagi kimsasiz yolg‘izoyoq yo‘l ustida turgan ko‘yi baralla gapirdi:
— Tadbirli odamlar qarab turmaydilar, To‘xtaboy, uka. Biz ham anoyi emasmiz!..
Ko‘qon aravada ketayotgan Maktabxon ona yo‘lovchilarning g‘o‘ngir-g‘o‘ng‘irini eshitadi-yu soyabon ichidan tashqariga mo‘raladi-da, «Mirobodning guzari» dedi. Aravaning silkinishi maqomiga garq bo‘lib xomush xayol surib ketayotgan Zulfiya boshini ko‘tarmadi.
Ko‘chada it huridi. Maktabxon opaning tizzasiga boshini qo‘yib yotgan to‘rt yoshli Solihjon «Kuchu, kuchu!» degancha «dik» etib sakrab turdi, Maktabxon ona hech bir so‘z aytishga majoli qolmaganday Solihjonning qo‘lidan tutdi. Zulfiya boyagi-boyagi— bir nuqtaga tikilgancha ko‘zini uzmadi. «Yig‘layapti» deb o‘yladi Maktabxon ona. Boyagi itning hurishiga daydi itlarning vovullashi qo‘shildi. Solihjon yana soyabon ichidan tagi-qariga chiqishga intildi. Onasining, katta onasaning avzoydan og‘ir ko‘ngilsizlik yuz berganini o‘zicha taxmin qilib turli xayolga borayotgan Sobirjon «O‘tir!.. » dedi tovushini balandlatmay, ukasining qo‘lidan tortib.
Yo‘lovchilar qo‘ng‘ir-qo‘ng‘iri ortda koldi. Aravaning tunuka qoplangan yog‘och g‘ildiragi yo‘lning o‘nqir-cho‘nqiridan taraqlab-gichirlab, turtilib-urilib, karvonning, «Ha, chuvv-e!» degan asabiy hayqirishi tez-tez eshitila boshlandi.
— Qayoqqa kelyapmiz, kotta oyi?..
Maktabxon ona tashqariga yagga bir ko‘z tashladi-da, yelka qisdi:
— Tanimadim. Bu ko‘chadarni ko‘rmaganman…
Arava siltandi, gupchagi qattiq gachirladi, bir oyog‘i zum ko‘tarilib qaytib taraqlab tushdi. Soyabonning gardishi singuday qisirladi. Zulfiya yig‘lab yubordi. Sobirjon onasini ovitmoqchi bo‘lgandek uinig yelkasini siladi. Solihjon onasi ne sababdan yig‘lab yuborganiga aqli yetmasdan jim bo‘lib qoldi.
— Solihjon, ukangni mahkam ushla, bolam. Yo‘l chatoqqa o‘xshaydi, ag‘anab tushmasin tag‘in!
To‘rt yoshli Solihjon yo‘lning notekisligidan emas, balki undan dahshatliroq bir xavf-xatarni ko‘rgandek o‘zini onasining pinjiga tashladi. Nihoyat, Zulfiya tilga kirdi. U boshini ko‘tarmay, so‘radi:
— Qayoqka borishimizni aytdilarmi?..
— Qayoqka borayotganimiz yolg‘iz Yaratganga ayon… Shom namoziga azon yeshitilib oqshom pardasi yaqinlashayotganidanmi yoxud Maktabxon opaning o‘ychan bir kayfiyatda bergan javobining mavhum ligidanmi — kichkina soyabon ichi tuyqus qorong‘ilagadi.
Zulfiya aravadan tushganda ham atrof nim korong‘iligidan hayron bo‘ldi. Ko‘cha tor, ikala tomondagi guvalak devar qo‘qon aravasiga g‘ildiraklaridan pastroq edi. Ularga hech kim peshvoz chiqmagan edi. Faqat kimningdir «Buyoqqa» degan qariyb shipshigani tovushi eshitildi-da aravadan bo‘gchasini ko‘ltiqlab birnnchi tushgan Maktabxon opa ortiq iltifot kutmay tor va ichakday uzun yo‘lka bo‘ylab yurdi. Zulfiya aravadan turganda kamdir Solihjonni ko‘tarib oldi — tor yo‘lakning korong‘iligidan tashqari uning yurakni siqib yuboradigan biqiqligidan Zulfiya nafasi qaytib, chachvonning bir chekkasinn ko‘tardi. Adog‘ida qo‘sh qavatli, pastak eshik ko‘rib turgan yo‘lak nazarida juda uzunday tuyuldi, Zulfiya boshini ko‘tarib tepaga qaradi — ko‘k daraxt shoxlari orasidan qoramtir osmon parchasi qo‘rindi. «Hartugul, osmon ko‘rinar ekan», dedi Zulfiya yengil nafas olib. Biroq bu yengil tortishi uzoqqa cho‘zilmadi — u eshik ostonasidan ichkariga bir qadam qo‘ydiyu, betiga urilgan zimistonning quyuqligidan hushini yo‘qotayozdi.
Ko‘z oldi qoroyug‘ilashdi. To‘xtadi. Temirday qattiq qo‘l ko‘ksidan itarganday bo‘ldi, u ortik oyog‘ini siljitolmay qoldi.
— Buyoqqa, Zulfioy, buyoqqa!..
Zulfiya Nasvali buvinng ovoziii tanidi eshitdi, lekin buvining o‘zi ko‘zga ko‘rinmadi. «Yuldosh-ku!» deb yubordi Zulfiya ichida.
— Yuring, opa, — degan ovaozi keldi Sobirjonning. Zulfiya shundagina tor, shifti past, zim-ziyo yo‘lakda milt-milt qilib jon saqlayotgan shu’lani ko‘rdi-da, oyog‘ini birdan yerdan uzdi. Shu’la ko‘ringan tomonga ikki qadam qo‘yganda Nasvali buvi:
— I-i, Zulfioy, uyoqqa emas, buyoqqa, buyoqka, — dedi shoshib uning bilagidan tutib.
Inson zoti abadul-abad yilt etgan bo‘lsa-da yorug‘lik sari intilishshi bu choq Zulfiya xayoliga keltirtmadi albatta, biroq u odamlar odamlarni faqat yorug‘lik tomon da’vat qiladilar, boshlaydilar deb ishonar, shunday o‘ylar edi. Ammo-lekin To‘qmoqdan ne shodiyonayu, ne yorug‘ niyatlar bilan yo‘lga chiqgan bo‘lsa ne shodu hurramliklar bilan Toshkentga yetib kelganlari va u lahza sayin o‘zlarini qarshi olayotgan yovuz va dahshatli qorong‘ilik ichiga kirib ketishayotganini ich-ichidan tuyib yuragini birovga solayotgan og‘riqdan o‘zini qo‘yarga joy topolmayotgan edi.
U shu xayollarda Nasvali buvining yetovida paypaslanib-amallab narvonga oyoq qo‘ydi. Bir pog‘ona ko‘tarildi. Yana narvon qattiq g‘ichirladp. Zulfiyaning yuragi orqaga tortib ketdi — narvonga chiqishdan oldin ko‘ziga ko‘ringan shu’lani izladi. Tpnolmadi. Paranjisining etagini yig‘ib oyog‘ining ostiga qaramoqchi bo‘ldi.
— Onangni qo‘lidan tort, — dedi tepada Maktabxon ona.
— Ona, qo‘lizzi bering, — dedi Sobirjon.
Zulfiya «hozir» dedi-da, narvoidan yana ikki-uch pog‘ona ko‘tarildi. U onda-sonda tushida shunday ahvolga tushar — nihoyatda tor va qorong‘i oraliqdan qisilib o‘rilib-sirg‘alib nafasi qaytib o‘tib olgunicha joni halqumiga kelar — tushidagi azobdan kun bo‘yi o‘ziga kelolmay yurardi.
Hozir o‘ngida xuddi o‘shanday ahvolda qoldi. U o‘g‘lining madadida narvonning yuqori pog‘onasidan ikki-uch bo‘yra kattaligidagi tor sahnga oyoq qo‘ydi. Ketidan izma-iz chiqqan Nasvali buviga ham, Maktabxon onaning, yana bir notanish ayolning qimtinib ichkariga taklif qilayotganiga ham e’tibor qilmay chachvon va paranjini qo‘liga olganicha osmonga qaradi. Turgan joyida o‘girilib alangladi. Yulduz ko‘rinmaydi.
— Namuncha yulduz qidirib qoldiyz, Zulfixon? Zulfiya Maktabxon onaning irodasiga, har qanday vaziyatda erkakshodalik bilan o‘zini yo‘qotmay, hatto hazil-mutoyibaga o‘rin topiishga hayron qolar, uning bu fazilatidan o‘rnak olishaga nntilar edi. Binobarin, shu topda o‘ziga yoqmasa-da, loaqal onasidek maslahatgo‘yi bo‘lib qolgan to‘ng‘ich kundoshniig hurmati uchun mutoyibaga yarasha javob berigaga urindi:
— Yulduz ko‘rib qolaylik, deyapman, opa. Topsam sizga ham ko‘rsatmoqchi edim…
Shunday dediyu, hazili hazildan ko‘ra ko‘nglidagi qo‘rquv-xatarning darakchisi bo‘lib qolganini keyin sezdi.
— Umidsizlanmang, Zulfiyaxon, umidsizlanmang. Boy otangiz omon bo‘lsalar ko‘chimiz ko‘chada qolmaydi, inshoalloh.
— Xudo xohlasa shunday bo‘ladi, — unga ilova qildi Nasvali buvi.
Ikki kundosh, ikki o‘g‘ill, Nasvali buvi, mezbon ayol ichkariga kirib fayzsiz xonada kigiz ustiga to‘shalgan quruq dasturxon tegragiga omonatgina o‘tirib yuzga fotiha tortishdiyu, mezbon ayol oyoq uchida yurib tashqariga chiqdi. Nasvali buvi gapga tushdi:
— Boya meni shetga tashlab ketishdi. Supurdim. Hammayoq ozoda. Hay, Sobirjon bolam, ukangga ehtiyot bo‘l, hovlichaning chekkasiga bormasii, xo‘pmi?.. Yeri o‘pirilgan ekan…
Zulfiya cho‘chib yonida jimgina o‘tirgan Solihjonni bag‘riga bosdi. Oilaning haqiqiy a’zosi bo‘lib ketgan, yoshu keksa birdan hurmat qiladigan Nasivali buvining so‘zini bo‘lmay, o‘zini, Maktabxon onani tashvishlantira yotgan habar haqida biron yangi gap eshitish umidida kampirning og‘zini poyladi. Nasvali buvi davom etdi:
— O‘zlari joy topishga ketdi. So‘ng, otasharavada kelayotgan yuklarni kutib olishga borar ekan.
— «Nasyonal»ni, uyimizni nega olibdilar?! — sabri chidamay so‘radi Zulfiya.
— Zaxarup ogan, maskovlik boy… Maktabxon ona uniig gapini bo‘ldi:
— Zaxarup emas, hukumat ogan.
— Hukumat?!. Hukumat qanday oladi?— tushunmay so‘radi Zulfiya.
— Sho‘ro degan hukumat kepti. Hamma katta imoratlar, hamma katta uy-joylar endi o‘sha sho‘roning qo‘liga o‘tarmish.
— Voy, sho‘rimm!.. Bizchi?!.
Zulfiyaning ayanchli tovushiga zid o‘laroq Maktabxon onaning dadil, bosiq tovushi eshitildi:
— Bir kecha ming kecha emas, kimsan To‘xtaboyning bolalarimiz — xudo xohlasa ko‘chada qolmaymiz…
… «Ko‘chimiz ko‘chada qolmaydi», «xudo xohlasa ko‘chada qolmaymiz»… Zulfiya yo‘lda obdon toliqqan ekaniga qaramay allamahalgacha mijja qoqmadi. To‘qmoqda ikki yoz yashab, nihoyat, Toshkentga qaytish daragini eshitgandagina sevinishlari, ko‘ch-ko‘ronni ortishayotganda, avval aravalarga, To‘qmoqdan Pishpekka yetgach, aravalardan vagonga ortishganini— o‘shandagi entikishlari bu qadar chippakka chiqadi deb o‘ylamagan edi. Kishining xayoliga kebdi deysiz! Orada To‘xtaboy necha yil Toshkentga qaytmadi, Maskovga bordi, «Nasyonal»ni, uy-joy, do‘konlariing barini qaytib qo‘lga olgashini aytib dasta-dasta suyuichilar ulashdi. Mana endi, sho‘ro… Zulfiyaning o‘ylovi «qoqildi». U eslashga urindi: «Sho‘ro»midi?.. Sho‘ra»mi?
Sho‘-ra… Yo‘q, Yo‘-g‘a, yo‘g‘-a, Sho‘-ra… Sho‘-ro… Ha-ha, sho‘ro-sho‘ro! Oting kursin-a!.. Ho‘ra bo‘lsayam, sho‘ra bo‘lsayam biroviing joyiga ko‘z olaytirdimi, bas, bir go‘rda!.. »
Zulfiya u yon boshidan bu yon boshiga ko‘p ag‘darildi , alhol, ko‘zi ilinay deganda, kornidagi gumonasi qimirlab yana uyqusi qochdi. G‘imirlash alomati sezilgan ung biqinini avaylab siladi. To‘qmokda, zoriqqan chog‘lari yaxshi niyatlar bilan ko‘ylakchalar, qalpoqchalar tikkanini esladi. «Bunisi qiz bo‘ladi, Zulfiya» dedi Maktabxon ona. Nasvali buvi ham shu gapni tasdiqladi. Dunyodan farzand ko‘rmay o‘tayotgan Maktabxon onaning, hatto oila qurmagan Nasvali buvinnng bu qadar samimiy iiyatlarini eshitib, Zulfiya g‘alati bo‘lib ketdi. «Mayli, qiz bo‘lsa, yana yaxshi», dedi. Shu «taxmin-yangilik»ni To‘xtaboyning qulog‘iga shipshiganida, boy, «O‘g‘ilmi-qizmi — xayrli bo‘lsin», dedi-qo‘ydi. Nahotki, boy o‘shanda manavi ahvolni sezgan bo‘lsa!? Xotin, bola-chaqasi shunday kunlarga qolishini — ona shahriga kelib kimsasiz, ovloq ko‘chadagi pastqam va fayzsiz bolxonada tunash mumkinligini sezsa boy To‘qmoqdan ko‘ch-ko‘ronini ortib yo‘lga chiqarmidi!..
Zulfriya shundagina To‘qmoqda vaqtincha qolgan Adolatni esladi. «Yaxshiyamki, u kelmagan ekan. Bir etak bola bilan qayerga sig‘ardi?» Faqat…
Ko‘ch-ko‘ronni saramjoylayotib Adolat tushmagur qizil kigizga o‘ralayotgan tugunlar orasiga Zulfiyaga qarashli bo‘hchani ham irg‘itib yubordi. Yomon niyatda qilgani yo‘q. Birok, Adolat bo‘hchani nrg‘itib yuborganiga ko‘zi tushdiyu, Zulfiyamnng yuragi juvillab, achishdi. O‘zi bilai aravada olib ketish iiyatida bo‘hchani qaytib olishga jazm qildiyu negadir qaytdi. Kundoshi yomon xayolga bormasin degan o‘yda, qaytdi. Aslida olsa bo‘larkan… unda qornidagi, mana, hozir ketma-ket «to‘polon» qilib oromini buzayotgan, tug‘ilajak qizalog‘iga atalgan shirin-shirin ko‘ylakchalar, qalpoqchalar bor edi…
Zulfiya xayolini olib qochayotgan shaytonga hay berdi. O‘zini chalg‘itdi. Homilasini tinchlantirish niyatida qornini siladi-siypadi, siladi-siypadi… Bir tekisda nafas olib shirin uxlayotgan Maktabxon onasiga, yonma-yon yotgan o‘g‘illariga havasi kelib, Xudodan xayrli tonglarda xayrli yangiliklar bilai uyg‘otishini so‘rab-yolvorib og‘ir uyquga ketdi.
Zulfiyaning duolarini Xudo inobatga oldi — u tiniqib uxladi, bir payt uyg‘ondiyu, qayerda yotganini dabdurustdan eslay olmadi, ko‘zini pirillatdi, so‘ng derazadan ko‘rinayotgan qo‘shni tomni qoplagan oppoq qorni ko‘rdiyu, tongdan oqlikni ko‘rganidan sevinib ketdi. Ruhini qamragan bir shodlik qanotida parvoz qilguday qanotlarini yozib o‘rnidan turmoqchi edi, tashqaridan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovoz keldi. U o‘rnidan irg‘ib turib deraza yoniga bordi. Maktabxon ona zinada, Nasvali buvi qalin yoqqan qorga tizzasiga qadar botib hovlichada qaqqaygan ko‘yi zina tepasida sovuqdan diydirab gapirayotgan honadon sohibasining og‘ziga baqrayib qolishgan edi. Uy bekasi xuddi og‘ir ayb qilgan odamday gunohkorona bir mung bilan boshini ham qilgancha gapirdi:
— Sahar kelib aytishdi. . Pishpekdan kevotgan qizil vagondagi ko‘chni hukumat kimoshdiga sotib yuboribdi. Boy ota o‘shani surishtirgani ketibdilar…
…Eski paranji yopingan kimsa muyulishdan o‘tib kunbotardagi Allon masjidi tomon boraturib yo‘lning loyligidan qadamini sekinlatdi, bunday paytda odatda odam yo‘lovchilar bosib iz qoldirgan quruqroq joylarnn mo‘ljalga olib qadam tashlaydi, biroq kimsa odimnni sekinlashtirganiga qaramay aksincha na loy-nako‘lmak demay kechib ketaverdi. Tashqaridan kuzatgan kishi paranjili kimsani ko‘zi ojiz deb o‘ylab uni yetaklash uchun ko‘makka oshiqishi tayin edi. Ko‘cha kimsasiz, hademay masjiddan qaytadigan namozxonlar uy-uyiga kirib ketsa bu pilch-pilch loygarchilikda to bamdodga qadar loy-suv kechib ko‘chada yurish hech kimga zaril kelgani yo‘q!
Paranjili kimsa o‘ng yoqdagi ikki tavaqali, keng darvoza ro‘parasiga kelganda qariyb to‘xtadi, yaqinlashmay turib darvozaga razm soldi — orqasiga birrov o‘girilib ko‘z yugurtirdi-da, o‘zini qiya ochiq eshikka urdi.
Yo‘lak keng, oyoq ostiga musulmon g‘ishti yotqizilgan— ozoda edi. Ko‘laga tezgina hovliga o‘tib, chapga — derazasidan g‘ira-shira shu’la ko‘rinayotgan ravon tomonga yurdi, yaqin qolganda atay tomoq qirib yasama yo‘taldi.
Sandal chekkasida allaqachon uyquga ketgan o‘g‘ilchasini yonboshlaganicha hamon allalab xayolga tolgan Zulfiya yo‘talni eshitib sergak tortdi.
— Adam! — dedi sandalning boshqa tomonida ko‘rgani beliga dovur tortib yotgan Solihjon yoshiga xos bo‘lmagan ehtiyotkorlik bilan shipshb.
— Ovozingni chpqarma!— Zulfiya shoshilib sandal ustidagi pilikni puflab o‘chirdi-da, o‘g‘lining ehtiyotkorligi maqomida shivirladi. Va qad rostlab kavshandozga chiqdi. Solihjon otasini paranjini boshidan olib tashlashini kutmay quchoqlab oldi. Ota-bola sog‘inchlariga zid o‘laroq sas-sado chiqarmay quchaqlashib o‘pishar, Zulfiya esa dam sayin xavotiri ortib ko‘zlari devor osha ko‘chani kuzatar edi.
— Tinchmisilar?.. Sobirjon qani?.. Osimxon uxlayaptimi?..
Zulfiya erining savoliga javob qaytarib ulgurmadi.
— Sobirjonni Xayrinisa bilan Maktabxon onadan xabar ogani ketuvdi… Qora qozonni qaynatib o‘tiribmiz… O‘zingiz tuzukmnsiz?.. Opam, bolalar yaxshimi?.. Xo‘rda boridi…
— Qornim to‘q, — dedi To‘xtaboy xotinining taklifiga ortiqcha iltifot qilmay. — Solihjon! Bozorga opchiqadigan ul-bullaring qoldimi?
Zulfiya qorong‘ida erining ko‘z yoshlarini kuzatdi, To‘xtaboy o‘g‘liga qarata so‘z boshlagan bo‘lsada, o‘zi jonsarak, dumaloq do‘ng peshonasidan, picha bukri va uchli burnidan hovur ko‘tarilayotgandek tuyuldi nazarida.
— Olma sotvommiz… Bargakdan oz qoldi.
— Durust. Onang bilan sanga ishondim, o‘g‘lim. Onangni, singillaringni ehtiyot qilinglar. Tuzikmi?.. Man… ma, Zulfi, rasamadi minan sarflab turarsan, tuzikmi?.. Man…
— Qachon keldiyz? Toshkenda besh-olti kun bo‘larsiz? — Senlardan xabar olishim xavfli bo‘lib qoldi.
Uzoq kemay qolsam Sobirjon yo sen — Solihjon, Abdulhay amakinga yo bo‘lmasa Sag‘bondagi Do‘st tog‘a borku, maxsido‘z, o‘shangga uchrang. Durustmi!.. Orttirganimmi o‘shalarga qoldirib ketaman.
— O‘zingizga qarang. Uyoqda… ko‘pchiliksizla… To‘xtaboy kenja ayolining tantiligidan, tanti bo‘lmasa-da, bu qadar zushdaligidan ko‘ngli ko‘tarildi.
— Bezovta qilishmayaptimi?— so‘radi u.
Zulfiya eriiing tovushida zardayu alam aralash adolatsizlikka nisbatan nafrat ohangini sezdi.
— Boy nalogchilarning nafsi to‘gaydiganga o‘xshamayotti-da. Hay, sabr qip turaylik, ularga boqqan baloyam bordir…
To‘xtaboy ehtiyotkarlikni unutib baralla tomoq qirdi — odatda u negadir jahlini ichiga yutgan kezlar shunday qilar edi.
Boy ortiq gapirmadi. U hamon bilagida ushlab turgan paranjini o‘ng-tersini paypaslab qarana boshladi, Kavshandozdan o‘tdi-da, emaklab cho‘zilganicha borib, uxlab yotgan Osimjonning peshonasidan o‘pdi. Qansharidagi xolini siladi. So‘ng qiblaga yuzlangan ko‘yi cho‘k tushib duoga qo‘l ochdi. «O‘zingga topshirdim»» degani eshitildi, xolos. So‘ng, tezda turdi-da, «Bor, ko‘chaga qarachi, hech kim yo‘qmi?» dedi o‘g‘liga. O‘zi Solihjonning izidan kela turib paranji yopindi.
… Taqdir ne kunlarni ravo ko‘rmadi unga! Esini tanibdiki, o‘zini tijoratga urdi, shu yo‘lda mashaqqqat chekdi, yutdi-yutqazdi, yutdi-yutqazdi — kimsan To‘xtaboy degan nom orttirdi. Biri biridan go‘zal otlarini minib gijinglatib o‘tganida yoshu qari hurmatini bajo keltirishar edi. Sag‘bondan Piyozbozorga qadar, Beshyog‘ochdan Kalasga qadar — uni tanimaydigan odam yo‘q. Eski shahar bozorida qator-qator rastalarda, Yangi shaxarda ikki qavatli do‘konlarda To‘xtaboyga qarashli mol-hollar sotilar, Yangi shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shgan «Nasyonal» uning faxri, izzat-obro‘si edi — bari-baridan ayrildi. Uch xotin, o‘n bir o‘g‘il-qiz uning ship-shiydon etilgan qo‘liga qaradi-qoldi…
Xudo shohid, To‘xtaboy qo‘ldan ketgan hech bir narsaga yurak-bag‘ri o‘rtanib achinmadi. «O‘zi bergandi — o‘zi oldi» degan gapni bot-bot takrorlar, uning bu gapini eshitgan sayin Zulfiya tugul, hatto og‘ir-vazmin Maktabxon ona ham ba’zan tutaqib ketar, «o‘zi oldimi, Sho‘ro oldimi!» deb alamidan dardini to‘kib solardi.
— Yo, boqiy!..
Bu xonadonda To‘xtaboyga tik qarash uyoqda tursin, uning so‘zini ikki qiladigan odam bo‘lmagan, xususan, boy shu jarangdor kalomni tilga ko‘chirgach kattayu kichikning uni o‘chdi.
— Sen ham, — dedi To‘xtaboy Maktabxon onaga, so‘ng Zulfiyaga gapirdi: — Sen ham, anavi, manavi — hamma-hammasi foniy — omonat. Yolg‘iz Boqiyning o‘zi boqiy! Tuzukmi?. Moldavlatimning bari yo‘qdan bor bo‘ldi — mana endi, barcha-barchasi bordan yo‘q bo‘ldi — fiysabililloh, rizoman, tuzukmi?! Sho‘roga shu kerak ekan — ikki qo‘llab topshirganim bo‘lsin!
— Sho‘ro uzoqqa bormaydi, deyishvotti, baraka topgur…
Hamma qolib Nasvali buvi oraga suqilganidan To‘xtaboying o‘zi ham hayron bo‘ldi — buviga, xotinlariga — Sobirjon bilan qizi Hayrinisa ham bor edi shekilli — bolalariga birma-bir qarab chiqdi-da, ham jahl, ham bosiqlik bilan dedi:
— Sho‘ro ham boqiy emas, illo shuni unutmalaring, u — yuz qovun pishig‘idan so‘ng yo‘qoladi. Tuzukmi?!.
Boyning bu iqrori xonadon a’zolarining boshiga bir necha yillardan buyon ustma-ust tushayotgan dardu sitamlaru, ayriliqlar, to‘zonday sochilib ketishlardan mag‘lublikni tan olguvchi fatvoday gumburladi.
«Yo, boqiy, antal boqiy!.. Yo, boqiy, antal boqiy!.. Yo, boqiy!.. »
Tilidan shu muborak kalima tushmay qolgan To‘xtaboy taqdir zarbalarining bittasigagina chidolmas — o‘z mahrami — sha’riy xotinidan xo‘jako‘rsinga ajrashib, o‘z pushti-kamaridan bo‘lgan bolalarini o‘g‘rincha, bu yetmaganday— paranji o‘ranib kirib ko‘rsa, birrov kirib chiqishini birov payqasa, Zulfiyaga, bolalariga zug‘um battar zo‘rayishini o‘ylab allanecha kungacha xavotirda yursa…
U Kaykovus anhori ustidan o‘tgach ko‘prikdan pastlikka enib tolzorga yetganda ro‘parasidan yugurgilab kelayotgan o‘n-o‘n bir yoshlar chamasidagi qizaloqni ko‘rdi. Qizaloq ro‘moli bilan bosh-ko‘zini to‘sib, tugunchani qo‘ltig‘iga mahkam qisganicha to‘xtab qoldi. Uzun-uzun kipriklari ostidagi, biri-biridan chiroyli ko‘zlari jovdirab qizaloq nima qilarini bilmay taraddudlanib qoldi.
Boshqa payt To‘xtaboy gap so‘zsiz o‘gib ketaverar, tolzor tevaragida doimo gavjum bo‘ladigan supada o‘tirganlar orasidagi «xolis»larga gap topilishini istamas edi.
Bu safar u odatini kanda qildi.
— Mohich, ke, qizim.
Mohinisa ko‘cha-ko‘yda otasi duch kelib qolsa u kishini tanimaganday o‘tib ketish shartiga qattiq rioya qilishi zarurligini unutmagan, shu bois, otasining bu qabil qarshi olishiga tushunmayroq turgan edi.
— Yo, boqiy!.. — To‘xtaboyning lablari asabiy pichirladi. Uchdi. — Ke, qizim. Ertalabdan qattan kevosoan? Onang durustmi? Okalaringchi?.. .
— Hm… dedi Mohinisa hamma savolga javoban.
— Buncha yupun kiyinmasang, Mohich?..
To‘xtaboy ortiq javob kutmadi, uzun chakmonining ichki cho‘ntagidan bir «aft parvarda oldi-da, qizining jajji hovuchiga soldi.
— Ujang yig‘lamayaptimi?
— Yo‘-o‘. .
— Bir, boraqol. Ehtiyot bo‘l, ona qizim… To‘xtaboyning tomog‘iga allanarsa qadaldi. Qayrilib qiziga qaramaslikka urinib yo‘lida davom etdi. U Toshkentga bu safar kelganidan buyon kunlari nihoyatda bebaraka o‘tdi. Uylagan hech bir rejasi unmadi. Eski do‘kondor tanishi ikki to‘p shoyini boshqaga pullab yuboribdi — savdo ahli orasida bunaqangi labsizlikni To‘xtaboy ko‘rmagandi — o‘shani amallab To‘qmoqqa yetkazib olsa u yerdagi bolalariga choychaqa chiqardi. Yana uch-to‘rt kun kutay desa Adolat tez-tez ko‘rpa-to‘shak qilib yotib oladigan bo‘lib qoldi— ko‘ngli shundan alag‘da. Shuncha kun Toshkentda yurib Maktabxondan xabar olmadi. To‘g‘ri, Maktabxon — ukasi Asqarxonnikida, uning issiq-sovug‘idan xavotir olmasa ham bo‘ladi, shunday bo‘lsada, yo‘l usti kirib chiqish ilinjida ikki qayta Beshyog‘ochga o‘tdi, chalg‘ib, qaysinisikiga kirish fursatini topmadi.
«Yanagi kelishimda ko‘rib chiqaman», deb diliga tugdi To‘xtaboy. Og‘zi qurishdi. Zo‘r berib yutundi — lablarini bazo‘r namladi. Zargarlikka olib boradigan ko‘cha yonida o‘tayotganida, «Tog‘a, ho‘, tog‘a!»» degan chaqiriqni eshitib to‘xtadi.
— Buncha tez yurmasangiz, tog‘a, izingizdan yetolmayapman-a.
To‘xtaboy kulimsirab kelib ko‘rishgan Abdumalik jiyanining qo‘ng‘iz mo‘ylabiga, ityoqa, oq ko‘ylagiga razm solib xayolini jamladi.
— E, jiyan, Obida opam tuzukmilar? Bolachaqalar omonmi?
— Durust, durust. Kepsiz, deb eshitdim. Qayoqlarda yuriysiz, o‘zi?!. To‘qmoqday joydan kelib biznikiga kirmasangiz?..
To‘xtaboy siniq jilmaydi. Jiyani ahvolni bilib turib gina qilayotgan edi.
— Bir birovimiznikiga yashirinmay-netmay, bexavotir kirib… — To‘xtaboyning lablari bir-biriga chippa yondashdi, gapini davom ettirish uchun chiranib og‘iz ochdi: — Kirib chiqadigan paytlar ham kelar, jiyan…
— Inshoalloh, etganingiz kelsin. Man…
To‘htaboy gapini aytib olishga oshiqayotgan odamday jiyanining so‘zini bo‘ldi:
— Tinch bo‘lsanglar, bas. Gina-kuduratlar ham o‘shanda yarashadi…
— San buyoqqa ketvossan shekili? — To‘xtaboy shunday deb o‘ng tomonda yuqorilashib ketgan tor tuproq ko‘chani ko‘rsatdi. Bexosdan qalqib ketgan odamday tomog‘ini kirib yo‘taldi. — Yo‘lingdan qolma, jiyan.
— Man… — Abdumalik tog‘asining o‘ychan, hatto ma’yus ko‘rinayotganini sezdi, to‘xtab-to‘xtab gapirayotganiga e’tibor qildi, shundan u kishini yolg‘iz qoldarib ketgisi kelmay g‘udrandi.
— Tushunaman, jiyan, tushunaman. Xijolatvozlikni xayolingga keltirma, akosi.
B. . b. . boraver…
Abdumalik tog‘asining xuddi tomog‘i og‘riyotgan odamday qiynalib yutunayotganini, qayta-qayta tamshansa-da, ovozi quruq chiqayotganini, shu bois gapirishga qiynalayotganini endi payqadi. «Mazangiz yo‘qmi?» deb so‘ramoqchi edi, To‘xtaboyning qat’iyat bilan «Boraver» degan amrini inkor qilolmadi. Noiloj, tog‘asining betiga qaramay xayrlashdi va tor ko‘cha tomon qadamini jadallatdi. To‘xtaboy ham o‘z yo‘lidan qolmadi. U bu yo‘llarda yolg‘iz yurgan odam emas, albatta yonveridan hamrohlar arimas edi. Endi… u picha yurgach, negadir orqaga o‘girildi, chamasi Abdumalikdan bir nimani surishtirgisi keldi, hatto tovush berib chaqirmay niyatida lab juftladiyu, ovozi chiqmadi. Abdumalikni to‘xtatsa, Chig‘atoydaga tushaverishdagi Somon bozor choyxonasida bir nafas gurunglashsa… Abdulhayni so‘rasa… Aytmoqchi, Abduvalining taqdiri nima kechdi?.. Olmoniyaga ikki-uch yillik o‘qishga jo‘nayapman deb ketganicha, mana, o‘n yildan oshdi-yov!..
Qiziq, Qayumxon pochcha badjahl, serzarda, fikri-xayoli savdogarchilikdagi odam. Lekin o‘g‘illariga ilmga tashnalikni qayerdan yuqtirgan?.. Kenjasi Abduvali o‘qishdan boshqa narsani bilmaydi. U-o‘, o‘qiganga nima yetsin! Dunyo — o‘qiganniki!.. Utlibil ilma minal mahdi, alal lahdi. Darvoqe, o‘sha — xufton uyiga oxirgi yashirincha kirib chiqayotib o‘g‘li Solihjon shoshilinchda maslahat so‘radi:
— Ada, o‘qisam degandim…
Uyog‘ini aytolmadi. Uyog‘ini To‘xtaboy ham aytolmadi. Nima desin?.. Kimsan To‘xtaboyvachchaning o‘g‘lini sho‘ro o‘qitarmidi!. Boyning farzandlariga sho‘ro ilmni ravo ko‘rmaydi. Uz kuchiga ishonmagan hukumat fuqarosi ilmli bo‘lishidan cho‘chiydi. To‘xtaboyni juda yaxshi biladi. Shunday bo‘lsada, ko‘cha eshik tagida Zulfiyani chaqirdi.
— Onasi — dedi burungi qat’iyatli ovozda tayinlab. — Bolalarni o‘qitish payida bo‘linglar. Sobirjon o‘qisa ukalarini ham izidan yetaklaydi. Qayum pochchaga olib bor. Abdulhayga, Abdumalikka maslahat sol — yordamini ayamaydi ular. Tuzukmi?..
Ammo-lekin… sho‘roga ilmli odam kerak emas. Abduvali musofir yurtlarda kimsan Vali Qayumxon bo‘lib yuribdi, erta birisi kun To‘xtaboyning o‘g‘illari o‘z yurtida musofir — begona bo‘lib qolmasmikan? Yo, boqiy, antal boqiy!.. Yo, boqiy!..
To‘xtaboy Qayumni bozori muyulishidagi choyxona yonidan o‘tayotganda so‘rida o‘tirgan besh-olti choyxo‘rga qaramadi, ko‘z qirini tashlaganida Sahiy tayibning yonida Abdumalik orqasini o‘girib turganday tuyuldi — To‘xtaboy parishonxayolligidan unga e’tibor qilmadi.
Har safar Pichaqchilik muyulishidan o‘tgach To‘xtaboy yo‘lni o‘ngdan solar, shu ko‘chada yashovchi, yaratganning o‘zidan bashqa hech bir jonzotu jondordan hayiqmaydigan Tuobil hojini o‘chratsa picha gurunglashar, Alisher Mahsumning hasratlariga quloq tutar edi, bu safar ham shunday qildi – bir oz yursa izvoshlar bekatiga yetar, u yerdan Piyonbozyurga borar, va’dalashgan tanishlarini ko‘rgach, u yerdan To‘qmoq qaytadi deya yo‘lga ravona bo‘lardi. Faqat u bir qancha odimni og‘ir o‘y ostida o‘tdi va… iziga qaytdi. Iziga qaytib, o‘ng yoqqa burilganda, hozir o‘zi kelgan so‘l tomonda ko‘ringan uch yo‘lovchidan biri o‘zini duch kelgan eshikka urdi. To‘xtaboy unday sharpaga e’tibor qiladigan ahvolda emas edi.
Shu topdagi vaziyatdan kelib chiqsa, u o‘zi qurdirgan jome’ masjidiga qadam bosmasligi kerak — qanday bo‘lmasin To‘xtaboy boyligini unutgan faqir va bechora odam qyyofasida yurmog‘i lozim, u boy emas, masjid qurdirmagan, mehmonxana bunyod etgan emas, har hayit arafasida Piyonbozorda yetim-esirga beminnat osh-non ulashgan emas, qatar-qator do‘konlari ham yo‘q… bular mayli-ya, bari-baridan qo‘lning kiri yanglig voz kechdi, mol-mulkning bahridan o‘tish-mumkin, lekin uning boyligi… bitmas-tuganmas orzuniyatlari, biri birndan arzanda uch ayoli, biri biridan shakar o‘n bir o‘g‘il-qizi qayda qoldi?.. Maktabxon ukasinikida, Adolat To‘qmoqda, Zulfiya Gulbog‘ o‘rnidagi hovlida-jo‘jabirday jon… «Xudo sizzi yetkazdi, To‘xtajon, — degan edi o‘lim to‘shagida yotgan Zulfiyaning otasi — Islom sarroj ko‘zlaridan yosh duvillab — Qizim halolingiz. Oilamga bosh bo‘ling — ko‘chada qolishmasin… »
To‘xtaboy istamagan edi ularning ko‘chada qolishini… «Yo, boqiy! O‘zint boqiy!.. Yo, boqiy!.. »
To‘xtaboy namoz payti emasada masjid darvozasidan kirib bordi. So‘l tomondagi pastak uy tevaragini supurayotgan daroz, hirsday baquvvat, echki soqol qorovul chol uni ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi. Mum tishladi.
— Assalomu alaykum rahmatu va barokatuh!.. To‘xtaboy qorovul cholga emas, masjidga, bu muborak maskanning zaminu-eru qaddi-bastiga salom bergan edi. U to‘g‘ri xonaqohga yo‘l oldi, mehrobga ikki-uch odim qolguncha bir maromda vazmin yurib bordi — tashqaridan uni kuzatib turgan qorovul chol go‘yo To‘xtaboy hozir masjidni orqalab ketadigandek talvasaga tushdi, dod-voy solib boshiga haloyiqni yig‘moqchidek lapanglab ko‘chaga yugurdi — To‘xtaboy esa mehrab poyida peshonasini sajdaga qo‘ydi…
— Yolg‘iz o‘zing boqiysan, Egam!.. Foniylar uzra boqiylik yolg‘iz senga yarashadi!.. Qodirsan!.. Zakiysan!.. Odilsan, odil!.. Odillikda bokiysan!.. boqiy!.. Antal boqiy — o‘zing boqiy!.. Yo, boqiy!..
… Qorovul chol hovliqib chorig‘ini surgab to‘rt-besh bekorchini boshlab kelganda To‘xtaboy Kallaxonadan o‘tib Mahsido‘zlikka, undan osha Xadraga yetayozgan — yo‘l-yo‘lakay nimaiki ko‘rgan bo‘lsa, kim bilan uchrashib, kim bilan gaplashgan bo‘lsa — bari-barini unutgan, qay o‘y-qay xayolda ketib borayotganini sezmas, mehrobga yuzma-yuz cho‘k tushib iltijo qilayotganda ovozi ravonlashganini, sira qiynalmay tupuk yutganini, mana endi, bahorning namochil kunida og‘zi yanayam qurishib borayotganini o‘ylamas, fikri-o‘yida yursa-yuraversa, yo‘li adog‘ bo‘lmasa, jon-joniga tutash bo‘lib ketgan Toshkent ko‘chalaridan aylanib-o‘rgilsa… shu ketgancha To‘qmoqning biqinidagi sermavj Chu daryosiga sho‘ng‘isada, hovurdan chiqsa, haroratlari bosilsa, muzday va tezoqar suvni sipqorsa, tashnaligi qonib hushi joyiga kelsa va hamma-hammasi qayta boshdan boshlansa… bolaligi, o‘smirligi, tijorat yo‘liga kirishi, uylanish, bola-chaqa orttirish, dovrug‘ taratish manchman degan o‘ris, nemis, juhud boylariga izzat-ikrom ko‘rsatish
… bor-budidan ayrilish, asl boyliklari bo‘lmish ayollariyu farzandlaridan mosuvo bo‘lish… Chuning suvi tezoqar-da!.. Muzdakligi yaxshi, o-oh!.. Tez oqishi undan yaxshi. Shiddat bilan oqadi. Odamning umriga o‘xshaydi — to‘xtash neligini bilmaydi, oldinga, oldinga, oldinga…
— Hoy, amaki!..
— Qoching-g!..
— Tog‘a-a-a!!!
To‘xtaboy ustiga bostirib kelayotgan tramvayni ko‘rdiyu, uning vahimasini fahmlab ulgurmadi — beixtiyor boshini siltab tortadi, vagonning tumshug‘i chirillab betini yalab o‘tdi. To‘xtaboy to‘xtamadi — yana bir qadam oldinga tashladi, tashladiyu, tramvay vagonining «dumi» zarb bilan urib uni shu yo‘lga ag‘dardi.
To‘xtaboy shahar o‘rtasida yerga uzala tushib yotadigan inson emas edi, zero, u lahzalar ichida hushini yig‘diyu, irg‘ib turmoqchi bo‘ldi, oyog‘i o‘ziga bo‘ysunmadi, qo‘li bilan tiralib qaddini rostlamoqchi edi — kafti arang ko‘tarilib ko‘ksiga yetdi , xolos. Yo‘lovchilar yugurib kelib uni o‘rab olishdi. Qiy-chuv qo‘pdi. Ayollardan biri ho‘ngrab yubordi. Odamlar orasidan yorib o‘tgan ityoqali oq ko‘ylak kiygan, qo‘ng‘iz mo‘ylabli yigit engashib, entikib To‘xtaboyning boshini bilagiga oldi. Qaltiroq qo‘llari bilan yoqa tugmalarini yechishga tutindi.
— Yo, boqiy…
Rangi dokaday oqarib ketgan To‘xtaboy go‘yo foniylar orasidan boqiylik istaganday so‘nib borayotgan ko‘zlarini arang ochib tepasida gavjumlashayotgan basharalarga alangladi, qiynalib tamshandi, notanish chehralar orasidan ityoqa ko‘ylak kiygan qo‘ng‘iz mo‘ylabli yigitni topdi, bor quvvatini ko‘zlariga jamlab unga tikildi, lekin u yigit mubham bir xavotirda o‘zini izma-iz kuzatib kelayotgan jiyani — Abdumalik ekanini tanimadi…
* * *
O‘rta yoshlardagi daroz bo‘yli go‘rkov uzun qo‘llarini lahaddan cho‘zib oppoq kafanga o‘ralgan mayitning oyoq tomonidan oddi, so‘ng belbog‘ichini kafti aralash o‘radi, avaylab pastga tushirdi.
… U kecha shom chog‘i, «To‘xtaboy bandalikni bajo keltiribdi!» degan xabarni eshitganda ajablanib yoqa tutdi. «Essiz, shunday odam ha ham o‘tibdi-da!» dedi bosh chayqab. Bosh chayqay-chayqay, marhumning haqqiga duolar o‘qiy-o‘qiy qabrni hozirladi, lahad tuprog‘ini ixlos bilan chuqurroq, kengroq oldi. Tuproq tortayotib manglayiga nimadir ilashdi — lahad shiftida bir qarich chiqmaydigan qilday ingichka ildiz osilib turgan ekan. Uni yulib tashlash niyatida tortdi — ildiz uzilmadi, «zarari yo‘q» degan o‘yda ishini bitirdi, tashqariga chiqayotib ildizning muzdek uchi yana peshonasiga tegdi, bu safar u ketmonni ishga soldi — kalta sonli ketmonni ikki daf’a sirmadi hamki, ildiz uzilmay tebranib turaverdi. Shunda… tebranishdan to‘xtamagan ildizning u uchida bir tomchi suv simobday yiltirab ko‘rindi. «Ajabo!» Go‘rkov tushunolmay bir zum hayalladi. Chinchilog‘ining uchida tomchini «ilib»» oldi-da, labining chekkasiga tekkizdi, tekkizdiyu, hayrati chandon ortdi: «Tovba! Bu qadar suyuq, bu qadar tiniq, bu qadar totli
!.. »
… «O-omin! Savol-javobingizni Allohning o‘zi oson qilsin!». Go‘rkov shivirlab yuziga fotiha tortgach, lahaddan sirg‘alib chiqdi, yuqoridan qo‘lma-qo‘l uzatishayotgan guvalani lahad og‘ziga tera boshladi. So‘nggi ikki-uch guvalani qo‘yishga ulgurmay qorong‘ilashib borayotgan lahadga beixtiyor qaradi. Qaradiyu… mayitning qoq labi ustiga tomgan ildiz shirasi paxtaday oq kafanlikdan shimilib o‘tayotganini ko‘rdi…