1
Bu qattol savol ko‘nglining nigoh yetmas pana-pastqamida qachon ko‘z ochganini sira eslolmadi. Qurmag‘ur, to‘satdan aniq-tiniq, lo‘nda savol bo‘lib tug‘ilmadi-da, o‘zi. Dastlabiga sharpa, ko‘laga tusida paydo bo‘ldi – e’tibor bermadi, g‘oyib bo‘lgandi ham, bir yengil tortgan joyida tag‘in qorasini ko‘rsatib, bosh ko‘tarib qolar, qo‘l-oyog‘iga kishan urguday vajohatda iskanjaga olardi.
Ancha vaqtgacha pisand qilmay yurdi, so‘ng “o‘tar-ketar” degan o‘yda kenglik qildi – arqonni uzun tashladi. Bir-ikki qur kasalxonada davolandi, o‘zini yaqin-sirdosh tutib yuradigan nomdor do‘xtirlar bilan maslahatlashdi ham, bularning natijasida kundalik xapdorilari orasida yangidan-yangilari “bolaladi”, hamishalik osh-ovqatidan, indallosini aytganda, maza-matrasa ketdi!
U uchiga chiqqan batartib-intizomsevar odam edi, otasi temirchi o‘tgan, o‘zi ham otasining panohida ulg‘aygan emasmi, irodasi temirdek qattiq edi, o‘ylaganidek yashaydigan, yashaganidek o‘ylaydiganlar toifasidan edi, shu boisdan ham ilmini suv qilib ichgan professorlar chizib bergan yo‘l-yo‘riqqa qattiq rioya qildi, “parvo qilmang, beparvo ham bo‘lmang” qabilidagi, “aslida bu hech qanday kasallik emas, turmush tarzi, xolos” qabilidagi yarmi hazil-yarmi chin, yarmi ilmiy-yarmi cho‘pchaknamo aql-naqllar borasida obdon bosh qotirdi, obdon mulohaza yuritdi.
Yashash tarzini yotish-turishdan tortib to yozuv-chizuv, yemak-ichmakka dovur tag-tugidan o‘zgartirish harakatiga tushdi. Biroq, kunlar ketidan haftalar, haftalar izidan oylar o‘tib bormoqdaki, bir-biridan nodiru dono neki kori xayr amallarni ado etmasin, muolajalar emiga tushishi u yoqda qolib, ahvoli o‘nglanmayotgani, ya’ni, ichidan o‘tayotgani yolg‘iz o‘ziga ayonlasha bordi.
Ana shu o‘y, shu kayfiyat to‘lqinida kutilmagan, favqulodda ofat yuz berdi. Bu ofat uning tasavvur olamida, yuragining nigoh yetmas puchmoqlarida to‘fonga aylandi: bordiyu, bu injiq va “arzanda” dardning tibbiyotga, shifokorlarga, xapdoriyu osh-ovqatga mutlaqo daxli bo‘lmagan o‘q ildizlari ko‘milib yotgan bo‘lsa-chi?! Ehtimoli yo‘q emas buning!
Qattiq o‘yladi, boshqalar tugul, o‘zini zarracha ayamadi, zero, u nafaqat boshqalarga, o‘ziga ham shafqat qilgan odam emas, haqiqat tantanasi uchun qahr qilichini yalong‘ochlab chiqishdan toymas edi.
Ofatga, to‘fonga o‘xshatdi-ya! Bu “kashfiyoti” haqida hech bir bandaga og‘iz ocholmasligi, faqat o‘zi, “o‘z yog‘iga o‘zi qovrilish” degandek ahvolda tug‘ilajak ko‘ndalangdan-ko‘ndalang savollarga bir boshdan o‘zi, yolg‘iz o‘zi javob topishga jazm etgani ofat yoki to‘fon bo‘lmay, nima?!
Adoqsiz savol, adoqsiz mulohaza, adoqsiz javoblar uchun esa faqat va faqat yolg‘iz qolmog‘i… hozirgi sharoitida yolg‘iz qolmog‘i dushvor, u axir kimsan falonchi-pismadonchi dongdor adib, qayerga borsa, izzat-hurmatda, aytgani-aytgan, degani-degan, ahli adabiyot o‘xshatib ta’riflaganidek, adabiyot manfaati yo‘lida qahri mo‘l, iste’dodi charaqlagan yoshlar himoyasida esa mehri daryo ustoz, maslahatgo‘y, har qanday sharoitda jasoratli so‘z aytishga qodir haqparast-haqgo‘y inson! Ammo…
Qiziq, kazo-kazo shifokorlar mashvarat chaqirib, ne niyatlarda uni olis Maskovga yo‘llashayotganidan ko‘zda tutilgan maqsad-muddao bir taraf, u esa, o‘sha yoqlarda ko‘ngli, xayoli ichiga uya qurib olgan faqat o‘zigagina tanish va ma’lum o‘sha qattol savol xurujidan xalos bo‘larmikanman, degan ilinj bir taraf bo‘lib turgandi.
Tong saharda samolyotga mindi, hatto kuzatish uchun otlangan ayoli – kampirshoga ham ruxsat bermadi, “Chiqmay qo‘yaversinlar, Maskovga jo‘nayotganimdan har kim xabar topmasin, imi-jimida ketvolay. Hamshira hamroh bo‘lib boryapti”, dedi unga.
“Har kim” deganda ichidan o‘tganini o‘zi biladi, ochig‘i, vujudiga uya qurib olgan battolni, “imi-jimida” deganida ham yaqin yor-birodarlarnigina emas, boshi tepasida cho‘qmorga aylana borayotgan o‘sha xira pashsha-savolni ko‘proq nazarda tutgandi.
Xomtama bo‘lgan ekan…
Avvalo, uning uchun maxsus “bron” ajratilgan xos kasalxonadan joy topilmagani ta’bini tirriq qildi. Hozircha u yerda bo‘sh joy yo‘q, degan vajni pesh qilib, vaqtincha manavi palatada yota turing, deya ovloq bir kasalxonaga joylashtirishdi. “Manavi palata”siga qadam bosib kirdiyu, kapalagi uchdi. Bu qanday maynabozchilik?! Kimsan, o‘zbekning mashhurdan-mashhur, dovrug‘i yetti iqlimga taralgan peshqadam adibini-ya?! U tabiatan minnatvozlikdan yiroq odam, illo, gina-kuduratni yig‘ishtirib qo‘yib, ochiqchasiga aytar bo‘lsa, ozmuncha xizmat qildimi? Hayoti mobaynida chizgan chiziqlaridan chiqmadi, axir?!
– Vera, – dedi hamshiraga, o‘kinch aralash tutaqib, lekin bosiqlik bilan, – meni zudlik bilan Toshkentga olib ketinglar. Ayting, davolamay qo‘ya qolishsin! Bugunoq qaytib ketamiz!
Atoqli adib bahonasida Kreml kasalxonasidagi shart-sharoitlarni ko‘rib qolish orzusidagi hamshiraning shundayiga ham tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan, nima qilishu qanday qarorga kelishini bilmas, Toshkentdan samolyotda yonma-yon uchib kelishgunga qadar churq etmagan adib, mana, kutilmagan kasalxona va abgor bir palataga kelib tushganida achchig‘ini yashirolmayotganidan mutaassir edi.
– Xo‘p, – dedi u dami ichiga tushib, – faqat bir qur ko‘rikdan o‘tkazmay javob berishmaydi. Bu yerda ham shifokorlar ancha tajribali…
“Peshqadam adib” alami ichida, tishini tishiga bosdi, bu yetmaganday, ko‘rsatilgan karavotga uzala tushgan zahoti xomtama bo‘lganini – olis yurtga juftakni rostlagani bilan ich-etini kemirayotgan savol iskovuch itdek lo‘killab, izma-iz yetib kelganini payqadi. Bu alam oldida yara-chaqayu surtma dorilar aralash-quralashidan hosil bo‘lgan qo‘lansa is anqiyotgan palataning ravish-raftori hech gap bo‘lmay qoldi. Kasallarning ikkitasi nursiz-mazmunsiz nigohini shiftga qadagancha shalpayib yotibdi, ikkitasi o‘rin-ko‘rpasi ustida oyog‘ini osiltirib kavshanibmi-kavsh qaytaribmi, o‘tiribdi, ikkitasi yostiqdan maydoncha yasab, qartavozlik bilan mashg‘ul.
– O, sedoy drug, raspologaysya. Mы yeщe jivы! I jit budem dolgo! – dedi qartavozlardan biri yoqimsiz, palag‘da tovushda shang‘illab.
Adib bu singari xashaki luqmalarga javob qaytaradigan kayfiyatda emasdi. U oppoq, momiq yostiqqa bosh qo‘ygan zamoni qansharidan bir qarich yuqorida uzu-un, adog‘i ko‘rinmas yolg‘izoyoq yo‘l, yo‘l uzra esa bulutgami, suvi qaynagan chovgumning tumshug‘idan ko‘tarilayotgan bug‘gami o‘xshash bir tutam g‘ubor jilvalanib ko‘rindi. “O‘sha, chalg‘itolmabman… Nahotki, jo‘nab ketayotganimni o‘zim sezdirib qo‘ygan bo‘lsam?! Kim unga chipta olib berdi?” …Topgan “sho‘rtang” pichingi o‘ziga yoqib, labining bir chekkasi bilan kulimsiradi.
Xira va battol savol uning musofir yurtda yakka-yolg‘iz qolganini payqagan shekilli, “E-endi senga ko‘rsataman!” degandek, uning boshi ichiga biqinib olgan, qistovga olib, uni javob topishga undar edi.
Savol miyasiga tirg‘aldi deguncha u beixtiyor xotira daryosiga g‘arq bo‘lar, go‘yo savolning javobini (ehtimol, javoblarini) xotira qatlaridan topadigandek dam bajonidil o‘yga tolar, dam xunobi chiqib, joni o‘rtanib-la ketar, aralash-quralash tuyg‘ular, kechinmalar girdobi uning jismi-joniga ochiqdan-ochiq zug‘um qilishga o‘tayotgandi.
“Hayot” deganlari boshdan-oxir g‘urbatlarga to‘la savoldan, jumboqdan iborat ekan: u nima-bu nima? U kim-bu kim? Nega unday-nega bunday?.. Javob topa-topa umr o‘tganini bilmay qoldi-ya! Quyuq, qora sochi paxtaday oqardi, ukparday mayin tortdi-mo‘rtlashdi, siyraklashdi. Oxirgi palla qo‘tir bo‘lgan qari serkaning juniday duvva-duvva to‘kila boshladi…
Qirq yil qalam tebratdi. Qirq yil halovat bermagan adiblik qismati endi yoshi bir joyga yetgan mahal uning hayotni to‘g‘ri yo‘lga burishi uchun yarab qolar axir?!
To‘g‘ri yashash… Bunchalar oddiy, bunchalar jo‘n tushunchaga arzirli talqin topolmayotgani… shu yoshga yetganda-ya?! Nima, u egri yashadimi? O‘zganing tuz-namagiga ko‘z olaytirdimi? Nafsi hakkalak otdimi?.. Nahotki, paymonasi to‘lgan, hisob-kitob mavridi kelgan bo‘lsa?!
Kimsa borki, paymona to‘lmasdan burun, aql-hushidan ayrilmay turib ochiqchasiga, tantilik bilan hisob-kitob uchun yetarli kuch-quvvat jamg‘arib qo‘ymog‘i zarur ekan! Aks holda…
Nima “Aks holda?!” Necha qayta o‘zini toshoynaga solib, nazardan o‘tkazdi. Sinchiklab kuzatdi. Botinidagi tetiklik so‘nmagan, siyratiga tepchib turibdi. Salobati o‘sha-o‘sha, demak, hali-veri allaqayoqdagi sarkash va shakkok savolga taslim bo‘ladigan anoyi-landovur emas! Hayotning o‘t-otash cho‘g‘idan uzilmagan tovasida qovrilgan odam u. Shunchalar qovrilganki, sirtida sezilmasa-da, ichi-vujudi qat-qat qorayib, kuyib ketgan. Yumshoqroq qilib aytganda, obdan toblangan-pishgan. Ha, u o‘zi o‘xshatib tasvirlagan Babar, Qobil bobo yoki boshsiz Faxriddin emas! Qahhor – u, Qahhor!
Bilak tomiriga suqilgan osma ukol dorisining tomchilashidan ko‘z uzmay yotib, ko‘ngliga bir shumlik oraladi – oromiga chovut solgan betiyiq savolning dam o‘ng-dam so‘l biqinidan, dam usti-dam ostidan o‘tsa, uni chalg‘itsa. “Chap berish”, “chil berish” degan gaplar bor-ku, epi topilar, dedi. Shu xalqona hikmat epkinida najot sharpasi jilva sochganday ko‘rindi. Afsus, chandon urinmasin, savolning tusi o‘zgarmadi, aksincha, tusi-turqi o‘zgarmas savol uning tusini o‘zgartirdi.
U boshini asabiy siltadi, qadrdon va sadoqatli chambarak ayvonli shlyapasi boshiga malol kelayotgandek tuyuldi, bundan chiqdi… u tabiatan nihoyatda sinchkov-ziyrak edi – aylana soyaboni kenggina g‘arbona “do‘ppi”ning vazni boshiga sezilayotgani bejiz-behikmat emas, demak, shu ham bir ishora, belgi, alomat. Demak… rangi qum o‘chgan, gezargan, yupqa lablari qimtilgan, biroq shu holida ham hovurdan tushmay, teshib yuborguday vajohatda bir nuqtaga tikilganicha… uning o‘tkir nigohiga dosh berolmayotgan daraxt yaproqlari piston miltiqda mo‘ljalga olingandek “jonlanib”, chirt-chirt uzilib yerga to‘shalayotgandi…
Uzoq qish sovug‘iga dosh bergan yaproqlar ko‘klam bo‘sag‘asida daraxt shoxlarini tark etishga mahkum, boshqa iloji yo‘q. Sovuq oldimi, bas, yaproq yashil yaproqlik holatidan oyoq ostidagi xazonlik holatiga o‘tadi. Xazonga qo‘shilgan yaproqning umri tugadi hisob, odam esa yaproq singari yo‘qlik sari yuz tutib ketaveradigan jondor yo maxluq emas, u tirishadi-tarmashadi, so‘nggi lahzalarga qadar chiqmagan jondan umid uzmaydi…
Boshidan kechyapti, ko‘ryapti. Ko‘zi ilindi deguncha boldiri muzlaydi, buni sezgan zahoti barmoqlarini ishga solib chimchilashga, kafti bilan uqalashga tushadi. Boldiri o‘rikning danagidek-danagidek tosh to‘ldirilgan xotinlarning paypog‘iga o‘xshaydi – og‘riqning zo‘ridan qo‘l tekkizib bo‘lmaydi, so‘ng, harakatlari zoye ketib, tomir tortishadi. Og‘riqqa bas kelish ko‘yida lablarini tishlaydi, tishini tishiga bosganida og‘zining ichida bir mashina qum-shag‘al ag‘darilgandek shovqin eshitiladi, ingraydi, naq ayasini ko‘rganday bo‘ladi.
Hozir esa uyg‘oq, kasalxona hovlisining chekkasida, quyuq qayinzorga termilib, g‘ujg‘on o‘ynayotgan xayollarining jilovini tutolmay o‘tiribdi. Vatandan, yor-birodarlar, ijoddoshlar, shogirdlardan yiroqda. Yolg‘iz.
Ko‘z o‘ngida qotgan bahoriy sovuq manzaradan ko‘ngli tubiga allaqanday iliqlik ko‘chib o‘tdi, biroq aldoqchi-shum iliqlik o‘sha zamoni muzga aylandi. Muz qilichning tig‘idek keskir, nayzadek uchli edi.
“Cho‘kayotgan odam xasga tarmashadi”… Shu gapni ovoz chiqarib aytgandi, tishlari qamashib, og‘zining bir chekkasidan oqib tushgan so‘lagini tutolmay qoldi. “Men cho‘kmayman! – dedi u yengining chekkasi bilan labini artib. – Qahhor cho‘kadigan, duch kelgan oqar suvda g‘arq bo‘lib ketaveradigan anoyi emas!”
Shu payt, orqadan – palata derazasi tomondan eshitilgan hamshira ayolning muloyim, lekin uch kunda me’dasiga tegib ulgurgan tanish ovozi miltiqdan uzilgan o‘qdek xayolini to‘zg‘itib yubordi:
– O‘rtoq yozuvchi! Qon topshirish vaqti bo‘ldi!..
2
Uyda ham shu ahvol. Kasalxonada hamshiralar o‘z holiga qo‘yishmaydi, uyda esa ayoli aylanib-o‘rgiladi. Go‘yo uni yeru ko‘kka ishonmay avaylashadi, o‘z holiga qoldirishmay, mehribonlik ko‘rsatishadi. O‘zining nazarida esa… jonini egovlashadi.
Kampirsho tushmagur ukkidan-da sezgir va hushyor emasmi, choli “ih” desayam-demasayam payqaydi, ko‘kdan tushgan farishtadek tegrasida paydo bo‘ladi, boshini dam o‘ng-dam so‘l kiftiga qiyshaytirib, ikkala ko‘zini lo‘q qilib sinovchan termilganicha qotadi. “Quv bo‘lmay qol! Jon taslim qilishimni kutyaptimikan?” degan o‘y lip etib o‘tadi xayolining bir chekkasidan, lekin adib bu xil mag‘zi puch shubha-gumonlarini zinhor tiliga ko‘chirmaydi – zaboni tamomila boshqa gapga aylanadi:
– Buncha termilib qoldilar, kampirak?
Umr yo‘ldoshi, yostiqdoshiga emas, qaltisroq rasmiy idoradagi xizmatdoshiga murojaat ohangida savol qotadi. O‘rtada farzand bo‘lmagach, yillar o‘tgani sayin, yoshidan qat’iy nazar, xotin – kampirga, er – cholga aylanib qolarkanmi, bu huvillagan xonadonda birini – “kampir”, “kampirak”, “kampirsho”, boshqasini esa – “chol”, “boboy” deya alqab-o‘rgilish ularning ikkovini ham ajablantirmay qo‘ygandi.
Chol kampirining nim kulgisidan nigohini uzmay, o‘zicha erkalayotgandek uni tavsiflashga beriladi: “Burungi xushro‘yligidan chorak paysa qolmadi-ya. Qaridi, afti soyaki mayizdek bujmaydi. Ajinlari ham mayli-ya, iyagida yakkam-dukkam tuk o‘sib chiqqani nimasi?! O‘g‘ri mushuk!..”
– Xomush tortmasinlar…
Ayoli shunday deb, nigohini olib qochadi.
– So‘zsiz… – deya javob qiladi adib, siniq jilmayib, yasama itoatgo‘ylik bilan, kampirshoning munchoqdek-munchoqdek ko‘zlaridan tayinli ma’no uqmay. – So‘zsiz…
Yaqin-yaqindan lapanglab odim tashlaydigan bo‘lib qolgan ayoli oyoq og‘rig‘ini unutib, zinadan pildirab pastga enadi, zinapoyaning yarmiga yetgan joyida bir zum to‘xtaydi-da, yuqoriga quloq tutadi. “Sen shoxida, men bargida” degan naqlni o‘zi uchun shior qilib olgan adib buni o‘tirgan joyidan payqaydi, “O‘g‘ri mushukligi shu-da!” deya miyig‘ida jilmayadi va og‘zidan biron “lutf” chiqib ketarmikan degan ilinjda uni poylayotgan kampirini dog‘da qoldirib, ich-ichidan to‘fondek otilib, bo‘g‘ziga po‘rtanadek tiqilgan so‘zlarning bittasi tugul, yarimtasini ham tiliga ko‘chirmaydi. Buning sababi chuqur, benihoya chuqur, zero, bu xonadonda, oila barpo bo‘lgan kundan emas, daqiqalardan boshlab o‘rnatilgan temir intizomga binoan biron soniya, biron lahza tilga erk berilmaydi – aslo, zinhor, abadul abad pildir pis, guldir gup! Halalangu langu langam, Halalangu langu langam .
Yaxshiyam, javon to‘la kitob bor. Kitoblar joniga ora kiradi. Kitoblar hoshiyasidagi yozuvlar – muallif va kitob nomining o‘ziyoq xayolni ming yoqqa olib qochadi. U asta qad rostlaydi, bir-bir odim tashlab, javonga yaqinlashadi, oynavand eshiklarda o‘z aksini ko‘radi – kelishgan qaddi-basti, ko‘rkam qiyofasi, jiddiy nigohi, kelbati oldida javonga terilgan kitoblar to‘satdan mung‘ayadi, bir-birining pinjiga kirib ketgudek talvasaga tushadi, bir qarashda muloyim, lekin tag zaminiga o‘zgacha bir sinchkovlik va tahdidga burkangan shafqatsiz va behis nigohga dosh berolmay, hatto biri olib-biri qo‘yib nola chekkandek, ingrab yuborganday tuyuladi. “Yozdingmi – qo‘rqma, qo‘rqsang – yozma!” deydi pichirlab va shu zahoti ich-ichidan kuch olgan zaharxanda kulgini bosolmay, deyarli sas chiqarmay shivirlaydi: “Shundayku-ya… Illo, qo‘rqmay yozaman!” deganlardan birortasi omon qoldimi?! Girdobning tubsiz o‘pqonida tig‘i parronga uchrab ketmadimi, yaxshiyu yomoni bir go‘r bo‘lib?!”
Ayrim mualliflar nomiga nigohi tushdi deguncha ko‘z o‘ngida bamisoli kino tasmasi aylanadi. U ayniqsa yozuvchilar uyushmasini boshqargan mahallari jamiki shoirman, yozuvchiman deganlarining ijodini sinchkovlik bilan o‘rgangan, hayoti-umr yo‘linigina emas, kimlar bilan osh-qatiq bo‘lgan, qanday va qay toifadagi adiblar etagini tutgan, qay davralarda nimalar deb “va’zxonlik” qilganigacha, aljiganigacha, xullas, qayerda va qay tariqa nafas olib-nafas chiqarganigacha, bitta qo‘ymay, miridan-sirigacha o‘rgangan… taftish o‘tkazgan, muhokamaga tortgan, tegishli joylarga taqdim etilgan tegishli xulosalarga tegishli tartibda imzo chekkan. Vazifasi, lavozimi shu tariqa qalb amriga aylangan. Lekin, oradan necha qovun pishig‘i o‘tdi axir. Bundayin xos yumushlarini yig‘ishtirganiga o‘n… o‘n ikki yillardan oshdi. Chamalab ko‘rsa, qarilik, unga qo‘shilib manavi injiq-pandavaqi xastalik alomatlari o‘shanda – o‘sha xizmatlari mukofoti o‘rnida, o‘shalar evaziga “tortiq”, “hadya”, “ehson”, “iona” qilingandek…
Ana, ko‘rib turibdi, javon oynasidagi aksi kun sayin o‘zgarmoqda: nahotki, bunchalar tez?! Qayda qoldi burungi ko‘rkam salobat, mahobat, haybat? Qaddi cho‘kibdi, kifti ixcham tortgan, kumushday oppoq sochi siyraklashgan, ko‘z nuri ham haminqadar. Inon-ixtiyorini butkul ishg‘ol etgan savolning javobini topsa, bo‘ladigan xulosaga kela qolsa edi! Ha-ha, shundagina manavi dardisar kasallik bilan murosa yo‘lini topar, beorom ko‘ngli sokin tortar, poyoniga qarab jadal yaqinlashayotgan kunlarida, ulgurganicha, chimdim bo‘lsin, savob amallarga qo‘l urib qolarmidi…
Kulimsiradi. Xayolidan kechgan o‘ylari o‘ziga erish tuyuldi. Afsuslar behuda, nadomatlar behuda, zero, xotiraga aylangan hech bir voqeani endilikda o‘zgartirib bo‘lmas, o‘tgan ishga salovot, degan tasalli ham ko‘nglini ilitmay qo‘ygandi. Zotan, o‘tgan o‘tdi, ketgan ketdi, degudek bo‘lsa, mana, o‘sha o‘tgan-ketganlarning bari uning butun jismi-jasadini ho‘-o‘-o‘, “qaytar dunyo” nomli tegirmon girdobida xazon yaprog‘idek pirpirak qilib aylantirmoqda, gangitmoqda, enka-tinkasini quritmoqda…
…Zinadan lapanglab tushib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan kampirsho ko‘p hayallamay, yanayam qattiqroq shox tashlab, inqillab-zinqillab chiqib keldi. Adib hisobini olib qo‘ygan – ayoli o‘n bir pog‘onali zinaning oltinchisiga yetganida bir zum nafas rostlashga odatlangan, nafas rostlagach esa, zumda pillapoya tepasida paydo bo‘ladi. Ana, to‘xtadi, tin oldi va bir qo‘lida finjon to‘la qaynoq qahva, ikkinchisida uch-to‘rt chaqmoq oq qand solingan jajji likopcha tutgancha, qorasi ko‘rindi.
– Qancha qand soladilar, ixtiyor o‘zlarida…
Adib bir chimdim mehribonona lutfni ham o‘zicha talqin qiladi: “Qandni ko‘p qo‘shib, bir baloga giriftor bo‘lsang, ayb o‘zingda” demoqchi…
Ayb o‘zimda bo‘lmay, osmonda bo‘larmidi, turshak, yerning qa’rida bo‘larmidi! Bu xususda shubha-gumon ortiqcha, illo qayerdan, ne sababdan yopishdi menga bu dardi bedavo?! Shuning hisobini qila oladigan mardum bormi, yon-atrofida, dunyoda?! Salomatligi qachon va qay tariqa pand yedi – bu bir muammo bo‘lsa, keyingi muammo-gumoni bundan-da og‘ir – hayoti mobaynida qo‘l urgan noravo amallari evaziga tovon sifatida ravo ko‘rildimi, unga buncha azob-uqubat? Qaytar dunyo, taqdiri azal deganlari shumikan, yoxud, hoy, mardumi dono?! Hamma balo… u o‘yini o‘ylaguniga, ko‘nglini xushnud aylaguvchi biror tayinli qarorga kelguniga qadar xastalik zo‘riqmoqda, buning oqibatida bu yorug‘ dunyoning hoyu havaslaridan shunchalar behafsala bo‘la bormoqdaki!..
Behafsalalik!..
“Bu kasallik alomatlarini qachon payqadingiz, necha yil bo‘ldi?” Qaysi do‘xtirga yo‘liqmasin, bari to‘tiqushdan tarqaganmi, nima balo, shu savolni takrorlaydi. Ichida, “Hammangni og‘zingga xolvaytar!” deb bir g‘udranadi-da, so‘ng hushiga kelganini aytadi: uch yil, besh yil, undan ko‘proq, deydi. Aslida, o‘sha, aytdi-ku, anavi xos yumushlarni yig‘ishtirgan, odosh qilgan yillardan boshlanmadimikan, bari tomosha?..
…Qaysi qishloqda qo‘nim topishmasin, dadasining boshi haqoratdan chiqmadi, dov-dastgohiga qo‘shib ro‘zg‘ori – bola-chaqasini quvg‘in qilishdi. U go‘daklik chog‘laridan dadasining yurish-turishi, odamlar bilan muomalasini kuzatdi, uni tushungancha tushundi, tushunmagan joylari bo‘lsa ajabmas, lekin uning uchun dadasidan zo‘r odam yo‘q edi olamda. Ayniqsa, oila Qo‘qonda yashagan kezlarida dadasi haftalab badar ketar, momaqaldiroqday guldirab, tuyqusdan paydo bo‘lganida esa qo‘lidan qo‘ymaydigan miltig‘i Abdullaning esini og‘dirib qo‘yar darajada havaslantirardi. Tepasi uchli, peshonasida qizil yulduz tikilgan sentr shapka kiyib kelganida ayasi sho‘rlik shaytonlab qolayozdi, erini bolshovoylar safida g‘azovotchi-bosmachilarga qarshi qurol ko‘tarishdan qaytarish umidida yaqin jigarlarini boshlab keldi. Dadasi esa gap uqmadi, bilganidan qaytmadi. Aksincha, “Har kuni yog‘liq-yog‘liq ovqat olib kelganimda hayron bo‘lmading, bu ovqatlar qayoqdan kelayotibdi, deb bir og‘iz so‘ramading, endi shapkamdan jirkanasanmi?” deb xotinining ustidan kuldi. Qahr aralash masharalab kuldi.
Abdulla dadasiga havasi kelib yashadi, unga havasi kelib ulg‘aydi. Dadasi esa lenincha, bolshovoycha, stalincha e’tiqodidan bir odim bo‘lsin yuz o‘girmadi. Dadasi bolshovoylarga qancha ishonsa, u dadasiga shunchalik ishondi. Dadasining aytgani rost, haqqi rost, axir oddiy temirchining oilasini ochlik, xo‘rlik va muxtojlikdan bolshovoylar xalos etdi. Ulardan yuz o‘girishni esa nonko‘rlik deb bildi, Abdulla. Biroq, hayotning serto‘lg‘oq, to‘zonli to‘fonlari ostida omon qolish…
…Saharmardon edi. Qo‘qqisdan eshik taqilladi. Bexosiyat taqilladi. Qahhor chiqdi, eshikni ochdi. Xos xizmat zobiti Nurlini ko‘rib, kapalagi uchdi.
– Uyimiz kuydi!
He yo‘q, be yo‘q bu sovuq xabar oyoq-qo‘lidagi jonni sug‘urib olganday bo‘ldi. Qaytib so‘rashga tili aylanmadi. So‘ramay desa, quloqlariga ishonmadi. “Nima gap?” degan ma’noda ko‘zlarining ola-kulasi chiqdi.
Nurlining og‘zidan qo‘lansa aroq isi gupirdi. Aftidan, u zahri qotilni bosh ko‘tarmay, bo‘kib ichgan, illo, harchand ichmasin, mast bo‘lmagan edi.
– Yugur, qog‘oz-pog‘ozingni bitta qoldirmay yoq! Hoziroq!
Bu gapni eshitgan Qahhor turgan joyida tikkasiga qulab tushayozdi. U miq etmadi, tag‘in “Nima gap?” degan ma’noda so‘ljayib nigoh tashlashdan boshqasiga yaramadi.
– Stalin kaput!.. Men kelmadim!.. Meni ko‘rmading!.. Mendan eshitmading! Uqdingmi, pisatel-l?!
Eshik kesakisiga yelkasi bilan behol suyangan Qahhor suratga aylangandi, na vujudida joni, na boshida hushi qoldi.
Stalin kapu… o‘ldi?! Bo‘lishi mumkin emas, u o‘ladigan odam emas!.. Ichgan arog‘ingga tupuray, Nurli!.. Uyimiz kuydimi?! Shu shum xabar chin bo‘lsa, millionlab stalinchilar, ming-minglab qahhorlar nima qiladi? Senga o‘xshash ifloslar-chi?! Qanday kun ko‘radi? Qanday nafas oladi?!
– Hech kim yo‘q, azonlab ko‘chada nima qilib turibsiz?
Qahhorning qulog‘i tom bitgandi. Allaqayoqdan eshitilgan savol takrorlandi:
– Hech kim yo‘q. Azonlab… Sut sovub qolyapti, yura qoling.
Qahhor bazo‘r ortiga o‘girildi. Iziga qaytayotgan Kibriyoning ortidan qaradi-da, tiliga kelgan kalimani aytishdan o‘zini tiyolmadi:
– Ko‘zimdan yo‘qol, qarg‘a!..
Shu qadar g‘azab va nafrat bilan aytdiki, tovushi ichiga tushib ketdi, zum o‘tmay, ovozini chiqarib emas, ichida aytganini o‘ylab, picha yengil tortdi, kiftini eshik kesakisidan uzdi, oyog‘iga jon kirdi.
O‘sha damda oyog‘iga yugurgan jon bir yo‘la uning qoniga yo‘q yerdagi kasallikni qorishtirib yubormadimikan?.. Hozir “gullab”, “hosil”ga kira boshlagan dardning chigitlari o‘sha tong pallasi uning qoniga urug‘ bo‘lib qadalmadimikan?..
Qahhor shoshib qoldi. Lanjlikning payti emas. Uyining kulga aylanishidan asrab qolishning birdan-bir qalovi – qo‘liga qalam oldi. Yozdi: “Dohiyning yana bir marta nafas olishi uchun har bir sovet kishisi butun umrini berishga tayyor” degan so‘zlar bitilgan marsiyanomasi “Qizil O‘zbekiston” gazetasining qo‘shsahifasida bosildi. Unda hali tuprog‘i sovumagan marhumni “bashar quyoshi”ga mengzadi.
Do‘ppi tor kelganda qalovini topish mana shunaqa bo‘ladi!
U alkash zobitni qaytib ko‘rmadi, ko‘rmasa, satqai sar, asl ismini bilmasa-da, “Ismingga ham, klichkangga ham, turqingga ham!” deya bo‘ralatib so‘kdi, so‘kingani sayin yengil tortdi, undan batamom qo‘lini yuvdi. Faqat, o‘zgarishlar shiddatini qarang, ishni do‘ndirdim, deya quvonch ila osmonga irg‘itgan do‘ppisi qo‘liga qaytib tushib ulgurmay, taqdirning sertikan tayog‘i Qahhorni, unga qo‘shib jamiki sho‘rovachcha qahhorlarni qumparchin qildi-qo‘ydi: komfirqa shu choqqa qadar zaminu samoda misli yo‘q daho siymo deb hisoblangan Stalindek vallomatning g‘ayriinsoniy yovuzliklarini astar-avrasigacha fosh qilib, doston qilib tashladi!
Tamom! Tamom! Tamom!
Aroqxo‘r Nurlining aytgani, mana endi, rost chiqdi: ana endi uyiga o‘t ketishi, uyining, uyiga qo‘shilib o‘zining kuli ko‘kka sovrilishi muqarrar!
Qahhor hayotda bunchalik kalovlanmagandi. Eng og‘ir damlarda ham bu qadar esankiramagandi. Inson va adib sifatidagi e’tiqodu aqida va tutumlari bo‘ladimi, maqsadu maslagi bo‘ladimi, hammasi suyanchiqdan ayrildi, kunpayakun bo‘ldi. O‘ziga qo‘shilib, qalami, qalamiga qo‘shilib o‘zi sindi. Temir devorga urilgan boshidan emas, boshi urilgan devordan sado chiqdi. Bu bo‘g‘iq sado ostida omon qolish, mo‘ljalni to‘g‘ri olish uqubati unga nihoyatda og‘ir tushdi.
…Qoniga qadalgan ofat, xasrat chigitlari hech bir xatosiz bir tekisda gullab-yashnab unib chiqishi o‘sha kezlarga to‘g‘ri kelmadimikan?..
E, ana-a, janoblari, deb yubordi adib to‘satdan hushyor tortib, o‘ziga o‘zi. Topdi! Topildi! Hammasi, ipidan ignasigacha ma’lum bo‘ldi-qo‘ydi!
Gap bu yoqda ekan. Xos shifoxonada davolaymiz degan chiroyli vaj bilan vatandosh kazo-kazolar boplab o‘zlaridan soqit qilishdi, Moskovdagilar esa go‘yo yaxshi niyatda Toshkentdan chaqirib olishdi, “O‘zimizning odam, o‘zimizning bemor, order hozirlansin!” degan shoshilinch xabarlarni o‘z qulog‘i bilan eshitdi-da, shuning o‘zidayoq ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi, dalda oldi, illo… endi, mana, bundan chiqdi, shu tobda hisoblab ko‘rsa, “o‘zimizning odam” qiyofasidagi xizmatlarini yig‘ishtirganiga o‘n besh yilga yaqinlashayozibdi. “O‘zimizning bemor”lar ro‘yxati-ro‘yxatlaridagi ism-sharifining, xos “taxallus”larining ustidan qalin qora chiziq tortilganiga ham shuncha vaqt o‘tibdi. Xos kasalxonadan bo‘sh joy topilmagani boisi mana shu! Kimdir almisoqdan qolgan qog‘ozlarga ko‘zi tushganmi, hovliqib, “o‘zimizning odam, o‘zimizning bemor” deb yuborgan, samolyot Toshkentdan sho‘rolar poytaxtiga yetib kelguniga qadar esa adibimiz allaqachon dov-dastgohini yig‘ishtirgani – u qaltis dargohda tariqcha o‘zgarish nazar-e’tibordan chetda qolmaydi, shunga binoan, mana man deganlari ham yo u yoqlik-yo bu yoqlik qilinadi – u sobiqlar, nokeraklar, dahmazalar safiga o‘tkazilgani aniqlangach, buning oqibati tayin, ya’ni xos shifoxonaga qarashli “Tez yordam” mashinasi “manavi palata”li kasalxona tomon burilgan, vassalom!..
– Qancha qand soladilar, o‘rtoq boboy, ixtiyor bashumo…
Sukunat ko‘zga ko‘rinmas ustuniga aylangan xonadonda beozorgina, hatto mahramona aytilgan qisqa ushbu kalom ham g‘alati eshitiladi: jaranglamaydi, quloqqa baralla kirmaydi, balki aytilgan zahoti javonni liq to‘ldirgan kitoblar orasiga, devordagi adibning bundan o‘n yil burungi surati tushirilgan cho‘g‘dek qizil gilamchaga singib-so‘rilib ketadi.
– Ixtiyor… Ixtiyor…
Ikki bora takrorlagan so‘zida nimani nazarda tutdi – o‘zi ham bilmadi, notayin ahvol-ruhiyada so‘zlar ham notayin chiqar ekan-da. Bundayiga, durustroq o‘ylab ko‘rsa, aytgan so‘zida ma’no yo‘q emas – “Ixtiyor savolda!” degani bu. Ha, shunday, uning butun inon-ixtiyori boshini dam o‘ng-dam so‘l, dam tepa-dam pastdan parmalayotgan savolda!
…“Uzildi” degan so‘z kimningdir hayotdan ko‘z yumganini anglatadi, lekin, alkash Nurlining banogoh tashrifi oqibatida Qahhor o‘lmay turib o‘ldi, ya’ni, uzildi, faqat o‘zini o‘nglab olguniga qadar bo‘lar ish bo‘lgan – salomatligiga tuzalmas illat urug‘i qadalib ulgurgandi.
Harchand urinmasin, xayolidan o‘sha xotiralarni siqib chiqarolmadi. Yana va yana ko‘z o‘ngidan aroqxo‘r-alkash Nurlining ruxsori nari ketmadi. To‘g‘ri, u bo‘sh kelmadi. Qalovini topdi. Gazetaga bosilgan ta’ziyanomasi o‘sha tuzalmas illatning urug‘ini quritgandek bo‘lib turgandi, to‘satdan, kutilmaganda navbatdagi zarbaga ro‘para keldi. Aytdi-ku, mo‘ylovdor mustabidning jisman o‘limi holva bo‘lib qoldi, o‘sha palladagi Qahhor va qahhorlarning holati ko‘kdagi shamol zabtiga yo‘liqqan bir tutam bulutning, piyoladan arang ko‘tarilayotgan choy hovurining umridek tussiz, omonat va abgor edi.
– Dardingizni olay…
Adib ichida kulimsiradi. Kampirsho qaysi dardni nazarda tutayotganini o‘zi yaxshi biladi, illo mana shunday mahramona hamdardlik zamirida ham ikki xil ma’no pinhonligidan g‘urbat xayollarga cho‘mdi.
Lohas bo‘ldi, ich-ichidan qizib, vujudidan ko‘tarilgan harorat betiga tepdi, zum o‘tmay badani junjikdi. Hamshira yana chaqira boshladi. Uning har safar, “O‘rtoq yozuvchi! Muhtaram adib!”lab shang‘illashi qulog‘iga kesatiqdek, pisandadek og‘ir botar, azbaroyi ko‘ksiga og‘riq turib ketar, bi-ir o‘zbekchasiga boloxonador qilib tuzlasa, chakagi o‘chadi-ya!..
Kasalxonaga joylashib, o‘z holiga qolishga ulgurmagan ham ediki, ikki kun o‘tmay tepasida ayoli paydo bo‘ldi. Mudrab yotgan ekan, tushmi yo hushmi, dabdurustdan farqiga bormadi, zum o‘tmay, chiranib bo‘lsa-da, o‘zini o‘ngladi. Kampirak! Surat emas, aniq mahramu mehriboni siyratining o‘zginasi!
“Qanday qilib, domlani yolg‘iz jo‘natdingiz?! Injiqlik qilib, boobro‘ do‘xtirlar dilini og‘ritib qo‘ysalar, butun O‘zbekiston xijolatga botadi-ya! Bugunoq yetib boring, yonlarida bo‘ling!” Shu xildagi gaplarni tayinlab, samolyotga mindirib yuborishibdi.
– Him? – degan nido chiqdi bo‘g‘zidan. – Keldilarmi?
– Qo‘ymay jo‘natishdi. O‘zim ham xavotirlandim. Samolyoti qursin, lo‘killab uchdimi, nima balo, mazam qochdi…
Ayoli kasalxona yaqinidagi xususiy ijarador qo‘nalg‘adan panoh topibdi, o‘sha yerda yotibdi, ko‘ngli ketib. Sal o‘ziga kelsin, tepasidan nari jilmaydi, aylanib-o‘rgilib, girgitton bo‘laverib, battar tinka-madorini quritadi.
Shang‘i hamshira yetmayotuvdi!..
Barmog‘ining uchidan qon topshirsa, nima, osmonning raftori o‘zgarib qolarmidi?! Javob yo undayroq-yo bundayroq chiqadi, boshqa gap yo‘q, kasallik shashtidan tushmaydi, qaytaga kun sayin uni qattiqroq, ayovsizroq holdan toydirishda davom etadi.
Bu yerdagilarni zo‘r do‘xtirlar deyishdi, qaydam, zo‘rligi qayga borardi?! “Dardingizni olay” degan kampirsho qaysi dardni nazarda tutib aytdi? Qand kasalligini nazarda tutdimi?.. Istehzo ila kuldi u. Sabr qil, kampirsho, umr bo‘yi, aniqrog‘i, men bilan mahramlikda yashab, ko‘rsatgan dildoshliging, mehribonchiliklaring mukofoti pusib-biqinib kutmoqda, hozircha oyog‘ingdan boshladi, hademay, muqarrar ichingga ko‘chib o‘tadi, bir xuruj qiladiki, ko‘z ochirmaydi, ko‘rasan, dardimni olish qanday bo‘lishini… Nima ham ko‘rdi, men bilan yashab, boyaqish!..
– O‘rtoq bemor! Kutib qoldik! Qon topshirishingiz kerak, qon, qon!..
“Tovushing o‘chsin! Kutsang kutibsan-da. Senlar uchun ozmuncha xizmat qildimmi, umrim poyoniga yetayotgan bir kunda kutsang, o‘lib qolmaysan, bachag‘ar!”
Kazo-kazo do‘xtirlar xizmatiga shay turishibdi, dori-darmonlar qator-qator, har qalay, xastalikka ko‘z-quloq bo‘layotganlar qancha?! Lekin ich-ichida gazak olayotgan, o‘qtin-o‘qtin betiga, yuz-ko‘ziga tepchib chiqayotgan ko‘rinmas dardga shifo topish o‘zining qo‘lida, irodasi-qat’iyatida, shaxsiyatida. O‘zing o‘yla, o‘zing izla, o‘zing top! Illo shuuring, ko‘ksing ichida, botinida kechgan bosh-keti ko‘rinmas o‘ylaringning tashqariga chiqishiga zinhor yo‘l qo‘ymasliging kerak. Shart! Mutlaqo! Shuuringda, dardi-dunyoingda ko‘milib yotmoqlikka mahkum ular, tushundingmi, o‘rtoq bemor, ko‘milib?!
Adib: “Ichimdagi lahadga ko‘milgan, lahadga! – deya xayolidan kechgan o‘ylarini o‘zicha shibbalab “joyladi” va toliqdimi, bir zum o‘tmay bosh chayqadi: – Faqat, faqat mana shu lahadning og‘zi ochilib ketmoqda!..”
O‘xshatishi o‘ziga yoqdi, fe’li-xo‘yiga, tiliga rosa mosini topdi-da, o‘ziyam. Muk tushib yozayotgan chog‘larida hech bir bandaning yetti uxlab tushiga kirmaganlaridan topadi, qo‘lansa so‘zlarni. Bigizdek suqiladigan o‘xshatishlarni topishni kiyvoradi!..
3
Iztirobga limmo-lim, lekin maroqli xayollari to‘zg‘idi, shang‘iovoz hamshiraning amriga bo‘ysunib o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi edi, yonida sharpa paydo bo‘ldi. Betoqat hamshira chiqib keldi, hozir qo‘yarda-qo‘ymay yetovga soladi, degan xayolda atayin uni ko‘rmaganlikka oldi. Biroq, kutganidek hamshira emas, balki yoniga o‘rnashib, joylashib olgan “sharpa” shivirlab, tilga kirdi:
– Musofir ekansan…
U tuyqus o‘girildiyu, o‘ziga tikkasiga mo‘ltayib qarab turgan begona xotinning ko‘zlariga tikilganicha, gapirolmay qoldi. “Bunchalar suluv?! Bunchalar sohibjamol?! Nigohi… Ko‘zmi, olovmi?!” Sarg‘ish-qirmizi yanoqlarining tiniqligi, silliqligi, ayniqsa qosh-ko‘zi joduladi-qo‘ydi, o‘-o‘-o‘!..
U tildan qoldimmi deb qo‘rqqandi, qaytib oyoqqa turolmayman deya sarosimaga tushgandi, yo‘q, o‘zini o‘ngladi.
– Nima? – dedi arang, hushini yig‘ib.
– Musofir, kelgindisan…
“O‘rtoq yozuvchi” begona xotinning tizzasidagi naridan-beri yo‘rgaklangan chaqaloqni keyin payqadi. Diqqatini jamlolmay qoldi. “Sohibjamol”ning esa g‘oyatda xotirjam, osuda va bosiq ovozi qulog‘iga huzurbaxsh musiqaday quyilayotgandi.
– Bir chervon qo‘y, – dedi u otasidan pul so‘rayotgan qizaloqdek biyrongina, muloyim va tantiqlangan tovushda, kaftini cho‘zib.
Adib tushunmadi.
Tuyqus kasalxona darvozasi tomonda g‘ala-g‘ovur qo‘pdi.
– Pas ketma, chervon, dedim, chervon…
Qorovul bosib-bosib hushtakni churullatdi. Cho‘chqaday baqaloq ekan, qo‘poldan-qo‘pol etigini do‘pirlatib, lapanglab yetib keldi-da, “sharpa”ga dag‘dag‘a qila ketdi. Ayol mutlaqo xotirjam, vazmin, hatto mahzun-avtoda qiyofaga kirgandi.
– Puling mo‘l… – dedi u, yanayam bosiqlik bilan, xuddi qorovulning dag‘dag‘asi unga daxli yo‘qdek.
– Qayoqdan kirib kelding?! Kim o‘tkazdi seni bu yoqqa?! Chiq, chiqib ket, qorangni o‘chir!
– Topganing o‘zingga buyursin. Hoy, mujik! Bor-yo‘g‘i chervon! Keyin…
Charos ko‘zlari joduga to‘la lo‘li xotin hamon darvozabonning po‘pisasiga pinagini buzmadi, istar-istamas o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, go‘dagini bag‘riga bosib, keng va guldor etagini hilpiratgancha, qorovulning oldiga tushdi.
– Keyin o‘zing afsuslanasan, – dedi u orqasiga o‘girilib, adibdan suq nigohini uzmay, – ammo meni topolmaysan!
4
– Analizning javobi ko‘p yaxshi, dorilar kor qilgan-da, – deb palataga kirib keldi opa. – Biror narsa totindilarmi?
Dorilar kor qilganmi-qilmaganmi, sezilganicha yo‘q, analiz-tahlilning javobi yaxshi chiqqaniga esa zaracha ishonmaydi, ayoli esa, odatdagidek, dalda bo‘larmikan degan o‘yda, bezrayib turib laqillatmoqda.
Yilning boshlari edi, ertalab, yuvinib-taranayotib to‘satdan chap oyog‘ining bosh barmog‘iga ko‘zi tushdiyu, yuragi orqasiga tortib ketdi, paypoq kiymay hovliqib chiqdi xotinining yoniga. “Tamom!” dedi o‘takasi yorilayozganini yashirmay, “Mana, ko‘rib qo‘ysinlar, tamom!” dedi. Ayoli ham cho‘chib ketdi, lekin u o‘zini bosdi, zarracha hayajonlanmay shikastlangani yaqqol ko‘rinib turgan barmoqqa atayin beparvo razm soldi.
– Chiba tamom? Nega buncha xavotir? – dedi o‘zidagi xotirjamlikni choliga yuqtirish ilinjida, yasama bosiqlik bilan.
– Matqobilovda ham shunday bo‘lgan! Dastlab barmog‘i xuddi shu xilda shilingan, avval qizargan-gezargan, oxir-oqibat oyog‘ini tizzasidan…
Kibriyo opa gapga topag‘onlikda cholidan qolishmasdi.
– Matqobilov qayerda, siz qayerda?! Kap-katta odam, sizday aqli raso adib shugina barmoqchaning qizarganidan shunchalar xavotir topdilarmi?! Abdujamil jo‘rangiz kolxozga rais – dalama-dala chang-to‘zonda poyi-piyoda yurgani-yurgan, siz uyingizda o‘tirib ishlaysiz, buncha xavotir? “Tamom!” deya vahima-shovqin ko‘tarasiz, uyat emasmi?!
Tamommi-tamom emasmi, uyatmi-uyat emasmi, mana, ayolining o‘sha kungi yolg‘on tasallilari emas, o‘zining favqulodda xavotiri tasdig‘ini topmoqda. Shunda ham kampirak bo‘sh kelmaydi, unday bo‘lsa – bundayiga, bunday bo‘lsa – undayiga aldagani-aldagan: nima bo‘lsa bo‘lsin, umr yo‘ldoshi – adibning ko‘nglini ko‘tarish, unga dalda bo‘larli so‘z topish. Maqsad esa bitta – yolg‘on bo‘lsa-da, o‘xshasa-o‘xshamasa-da, bemorga tasalli berish, uni chalg‘itish!..
Hozir ham odatini kanda qilmayapti – choli hech vaqo totinmaganini bila turib, so‘rayapti. Yolg‘on bo‘lmasin, bir tishlam yumshoq nonni to‘rt-besh qoshiq sutga ivitib ichdi. Sut qaynoq, serqaymoq ekan, moyday yoqdi. Shu, xolos…
– O‘zlaridan so‘rasak, ko‘ngil aynishi qoldimi? Uxladilarmi?
Savol qotishga qotdiyu, lekin bu kabi savollarga qaytariladigan javob uni qiziqtirmayotgandi. Javob bermasa undan nariga, deb qo‘ydi ichida. U butun o‘y-xayoli bilan ichiga uya qurib olgan, tinmay uni tergayotgan savolga javob topgisi kelayotgan, buning uchun Toshkentdan shu joyga kelib, yolg‘iz qolaman, hech kim bilan gap sotmayman, o‘z yog‘imga o‘zim qovrilib yotaman, ko‘proq yayov yuraman, deb xomcho‘t qilgandi. Ikki kun o‘tib-o‘tmay, ayoli, ayoliga qo‘shilib uydagi ahvol-sharoit ko‘chib keldi. Kampiri qanchalik astoydil aylanib-o‘rgilmasin, nazarida u chorak asrlik mahramidan qandaydir sir olmoqqa urinayotgandek tuyula boshladi. Vaholanki, nima sir bor orada, undan yashiradigan? Bo‘lishi ham mumkin emas! Zero, oila barpo bo‘lgan kunning o‘zida temir sulh bitilgan, unga ko‘ra, er-xotin orasida hech qanday sir saqlanmaydi, lekin ikkovi bilgan sirdan boshqalar tugul, pashshayu xomishak ham xabar topmaydi!
Yodida, ha, uning xotirasi nihoyatda puxta, hech narsa yodidan o‘chmaydi.
…Teatr tomoshasidan chiqayotib yuzma-yuz kelishdi. Salom-alik, tanishuv, bilishuv. Sinashta kunlar, haftalar o‘tdi. Munosabat jiddiy tus oldi.
– Men oila ko‘rganman, – dedi Kibriyo, navbatdagi uchrashuv chog‘ida.
– Mening ikki o‘g‘lim bor, – javob qildi Abdulla.
Oraga og‘ir sukunat cho‘kdi. Ana shu lahzalarda har ikki suhbatdoshning xayolidan ozmuncha ishtibohga to‘la o‘ylar kechdimi?! Biror chimdimi tilga ko‘chgani yo‘q.
– Oila ko‘rgan bo‘lsam, shumo mardak…
– Bir marta emas, o‘n marta ko‘rgan bo‘lsangiz ham, qarorim qat’iy!
Kibriyo yalt etib qaradi, yigitga. Uning tim qora ko‘zlari tungi gulxan cho‘g‘idek o‘tli edi. Ortiqcha gap-so‘zga o‘rin qolmadi. Kibriyo boshqa so‘z ochmoqchi emasdi ham, shunga qaramay, ayollik tuyg‘usi zo‘r kelibmi, g‘udrandi:
– Bachalar…
Abdulla cho‘rt kesdi:
– Bolaning o‘gayi bo‘ladi, ammo xotinning o‘gayi bo‘lmaydi!
Bu nima degani? Ikki o‘g‘limni qo‘yaver, sen men uchun o‘gay emassan, deganimi? Yoki katta yozuvchilar shu tarz tagdor fikrlaydilarmi? Qanday talqin qilsang, farosatingdan ko‘rasan, demoqchimi yoki?..
Kibriyo xayolini yig‘ib olishga urinar, biroq, Abdullaning har bir gapi uning o‘ylarini battar to‘zg‘itib yuborar, biror bir tayinli, arzirli javob qaytarolmayotganini sezayotgan edi.
– O‘tmishni titkilamaymiz, – dedi Abdulla, to‘satdan, – titkilasak… sizga shuni aytib qo‘yay, mening gunohim nihoyat darajada ko‘p.
Ana, xolos. Turmush qurish niyatida tanishayotgan, ahdlashayotgan erkak shunday deydimi? Dangallik, shartakilik ham evi bilan-da!
Kibriyo bir fikrga kelib ulgurmay, Abdulla uning shundayiga ham parokanda xayollariga o‘t purkadi:
– Shu qadar ko‘pki, yozsam qog‘oz qizaradi…
Har qanday qiz yo juvon bunday gapni eshitganining o‘zidayoq orani ochdi qilib qo‘ya qolar, xotinlikka ko‘ngan taqdirida ham yana va yana taxmin, xavotir, shubha-gumonlar changaliga chirmalib ketgan bo‘lur edi. Biroq Kibriyoning zuvalasi tamomila o‘zgacha pishitilgani shu onlarda yaqqol sezildi. Shartakilikda yonida turgan yigitdan qolishmasligini, bir qulfi-dili ochilsa, Dushanbedan Toshkentga behuda kelib qolmaganligiyu, Samarqandda kimsan Ayniy domladek mo‘tabar zotning yaqin qurshovida yashayotganini burro-burro qilib tushuntirib qo‘yishga ham shay, istasa, o‘zbakiy, tojiki-forsiy, arabiy aralashtirib biyronligini pisanda etib qo‘yishdan toymasdi. Aftidan bo‘lajak kuyov bilan uchrashuvga otlangan bo‘lajak kelinning yangalari, “Yigitning oldida mahmadana bo‘lma, tilingni tiy!” deb uqdirishgan chog‘i yoxud Abdullaning qat’iyati, qolaversa, tojikchada til-zaboni durustgina ekanligi uning shashtini pasaytirganday bo‘ldi. Bu yog‘i, oradagi “sinov” suhbat-uchrashuvlari kifoya qildi hisob, endi har qanday savol-javoblaru vaj-korsonlar ortiqcha, rozi-rizolikdan o‘zga yo‘l qolmagan edi. Shular bois shekilli, yigitning dahshatga solishga loyiq iqrori unga mutlaqo teskari ta’sir ko‘rsatdi. Shaddodlikda, tagdor gapirishda yigitdan qolishmasligini ko‘rsatib qo‘ymoqchidek, tiliga kelganini qaytarmadi:
– Gunohlarni birga-birga yuvamiz-da…
…U ko‘zlari yumuq, ayoli yonidagi kursida, undan nigohini uzmay, sinovchan-xavotir aralash termilib o‘tirganini sezib yotibdi. Hozirgina xotirasida jonlangan manzaralarga yakun-xulosa sifatida kampirining o‘sha tagdor qochirig‘iga monand tagdor mutoyiba qilgisi keldi, shivirladi:
– Gunohlarni birgalikda yuvib bo‘ldikmi?..
“Gunohlarimizni yuvib bo‘larmikan?” deb ilova qilmoqchi edi, afsuski, ovozi shu qadar zaif chiqdiki, Kibriyo opa adibning nigohlari nursizlangani, rangi yanayam uniqqani… ancha holsizlanganiga chalg‘idi.
5
“Obxod” degan so‘zni kasalxonada yotgan keksayu yoshga tushuntirishning hojati yo‘q. Nonushta vaqti tugar-tugamas odatdagidek yo‘lak tomondan past-baland g‘ala-g‘ovur eshitildi. Boshlandi, hozir kirishadi. Professor keksayib qolganiga qaramay, daroz bo‘yi uni ancha ko‘rkam va bardam ko‘rsatar, bemorlarga nihoyatda e’tiborli, kasalning tepasidan nari ketishga oshiqmay, hasratu shikoyatlarni bajonidil tinglashi unga bo‘lgan hurmatni yanada oshirgan edi. Unga ergashgan besh-olti erkak-ayol kishidan iborat oq xalatli “quyruq”dagilar ham professorga taqlid qilishadi.
– Prof…essor durust, ahvol nodurust…
Kibriyo opa iliq suvda namlangan doka bilan Qahhorning manglayini, betlarini shoshilmay artdi, barmoqlari bilan oppoq sochini, so‘ng sochidan-da oqroq qoshini taradi.
– Men o‘zi bilan alohida gaplashaman.
– Nimani gaplashadilar?..
– Alohida palataga olsin, keyin, yaxshilab davolasin… Kuchliroq dorilarini ayamasin!
Adib yotgan joyida bezovtalandi, qo‘lini arang ko‘tarib, ”Yo‘q” degan ma’noda sermadi.
– Hojati yo‘q, – dedi, lablarini qimtib, – aslo. G-gap palatada emas… Yaxshi davolayapti, kuchli dorisi ham kor qilmas…
Qahhor birdan o‘ng kaftini tizzasiga bosdi, og‘riqning zo‘ridan ko‘zlarini chirt yumdi, o‘ng oyog‘ini siltab tashladi. Kibriyo opa yupqa ko‘rpa ustidan uning avval o‘ng, so‘ng chap oyog‘ini avaylab-ehtiyotlab uqaladi, siladi. Shu payt professorning tanish chehrasi, unga ergashgan shifokorlar, hamshiralardan iborat “quyruq” cho‘zilib kirib keldi. “Hammasi bir bo‘lib ajabtovur maxluqqa o‘xshaydi” degan o‘y kechdi adibning ko‘nglida.
– Nu kak sostoyaniye u nashego narodnogo pisatelya? Tvorcheskiy dux silnee chem lyuboy bolezni, ne tak li?
Bemor arang kulimsiradi, “shunday” degan ma’noda bosh irg‘adi. Professor o‘ziga yarashgan jiddiylik va salobat bilan gapini davom ettirdi:
– Yesli deystvitelno tak, vы, vash tvorcheskiy dux i mы vmeste pobedim vashu bolezn! Tem bolee, milaya, zabotlivaya supruga ryadom s vami.
“Obxod”ning muqaddimasi shu bilan tugadi, professor vazifasiga kirishdi. U dastlab palata shifokorining axborotini diqqat bilan tingladi, so‘ng bemorning bilagiga barmog‘ini bosib, uning yurak zarbasiga quloq soldi. Kibriyo opa bemorning oyog‘i o‘qtin-o‘qtin qattiq og‘riyotgani, barmoq uchlaridan boshlanayotgan zirqirash tizzaga yetayotganini tushuntirdi. Professor nigohini bemorning oyoq tomoniga qadaganicha tek turib qoldi, go‘yo choyshab ustidan ham og‘riqning manbaini, sababini topa oladigandek chimirildi. Choyshabning bir chekkasini bemorning tizzasiga dovur qayirdi, sarg‘ish-ko‘kish-qizg‘ish surtmalar surilgan bosh va unga yondosh barmoqqa qadaldi.
– Hovliga chiqyapmizmi? Piyoda yuryapmizmi?
– Chiqyapdi, ozroq yuryapdi ham…
Qahhor o‘ljasini otishga shaylangan mergandek bir ko‘zini qisib professorning avzoidan nigohini uzmadi, biroq shifokorlarning kattasi (va nazarida muqarrar tajribalisi!) churq etish u yoqda tursin, na turqi, na bir tuki o‘zgardi.
“To‘da” qo‘shni bemor tomon siljidi.
Har safargi “obxod” chog‘ida Qahhor shifokor do‘stlari Nabi Majidni, Shabot Xo‘jani ko‘z oldiga keltiradi. Beixtiyor maskovlik professor bilan o‘zbek professorlarini chog‘ishtiradi. Nabi Majid yosh bo‘lsa-da, ko‘pni ko‘rgan, ilmi puxta shifokor, “Abdullajon aka, eng taniqli vrachlar Kreml kasalxonasida, boring, davolaning, otdek bo‘lib ketasiz”, deb maslahat bergandi, ruhlantirgandi. Shabotxo‘ja esa avzoidan uning Maskovga olib ketishlaridan norozidek ko‘rindi, lekin fikrini ochiq aytmadi. Nega o‘shanda uni tayinli javob berishga undamadi? Majburlamadi? Aytardi, axir!..
Kibriyo opa bemorning ko‘ziga qaramaslikka harakat qilib, Qahhorning ustidagi ko‘rpa-choyshablarni tekislashga andarmon bo‘ldi, choli eshitish-eshitmasligini farqlamay, o‘zicha g‘udrandi:
– Hozir, tashqariga chiqsin, gaplashaman.
Qahhor istar-istamas bosh chayqadi.
– O‘ris, tilini topib-topib gaplashish kerak. Talab qilsalar qilsinlar, lekin zinhor yolbormasinlar.
– Nega yolborar ekanman?! O‘rus emas. Aftash ba nigoh kuned, juhud-ku!
6
So‘rab-surishtirdi: dardisar qand kasalligiga duchor bo‘lishning sababi son mingta. Muttasil xavotir, haddan ziyod ehtiyotkorlik, diqqinafaslik, tajanglik, surunkali qanoatsizlik, betoqatlik, yana… bu kabi tuyg‘ularning birortasi begona emas unga. Necha martalab boshidan o‘tgan – joni-qonini vayron qilgan Nurli alkashning “xushxabari”ni eslasa, hali-hanuz qulog‘iga ishonmaydi, ichida g‘alayon qo‘padi – talvasaga tushadi. Mo‘ylovdor dohiyning o‘zidan, ta’limotidan, ruhidan batamom voz kechilgani haqidagi ilk ovozalar esa uni tubsiz chohga ag‘darib, ustidan tuproq tortdi. Nimalar bo‘lyapti, o‘zi? Osmon yulduzu bulutlarga qo‘shilishib yer yuziga ag‘darilib tushdi, desa, yoxud kurrai arz o‘z o‘qi tegrasidan siljib, ters aylana boshladi desalar ishonish mumkin, ammo-lekin yamoqchi kosib Jo‘gashvili Vissarionning bachchag‘aridek benazir dahoning ruhini chirqiratish! Hayhot, qay go‘rga yo‘qolding, Nurli ko‘ppak?!
Unutib bo‘ladimi?! Qo‘rqmay bo‘ladimi?! “O‘ylaganday yashash va yashaganday o‘ylash” degan gapni aytganning padariga hazor-hazorlar la’natlar yog‘sin!
Buni o‘zicha kashf qildi, kashf qildiyu, og‘irdan-og‘ir, adoqsiz o‘ylar girdobiga g‘arq bo‘ldi.
Naq oltmish yillik hayot yo‘lining u boshidan kirib, bu boshidan chiqdi, taftish qildi.
Inson hayotda yo‘l qo‘ygan nojo‘ya qadamlari, boringki, qaysidir gunohlari evaziga orttirishi ham mumkin-ku, ne-ne baloyu-ofatlarni. Shunday emasmi?..
Xuddi shunday!..
“Qaytar dunyo” deganlar-ku, mashoyihlar, to‘g‘rimi?
A-ayni to‘g‘ri!..
Bundan chiqdi, nima, u gunohkor bandami? To‘g‘ri, hech bir banda farishta emas, beayb – Parvardigor. Shunday bo‘lsa-da, toshu taroziga solib o‘lchab ko‘rishning iloji yo‘qmi?.. Kibriyo bilan ilk safargi uchrashuv-tanishuvlar chog‘ida aytgan gapini shunchaki, og‘ziga kelib qolib, aytgandi. “Gunohlarim shunchalar ko‘pki, yozsam, qog‘oz qizarib ketadi”… O‘shanda Kibriyo xuddi juda-juda oddiy yangilikdan voqif bo‘layotgandek yoki bo‘lajak kuyov bo‘lmishdan bunday iqrorni eshitishiga avvaldan hozirlik ko‘rib qo‘ygandek pinagini buzmadi yoxud… darhaqiqat, u Qahhorning qog‘ozni qizartirib yuboradigan darajadagi o‘sha gunohlaridan boxabarmidi?! Uning qulog‘iga shipshitib qo‘yishganmidi?! Nima deb, qay tariqa?! Qolaversa… Kibriyoning turmush o‘rtog‘idan pinhon tutilgan sir-sinoatlari yo‘qmidi? Bu savolga kim, qachon, qanday qilib, qay tarzda javob topadi?!
Ahyon-ahyonda, xayol qochib, Qahhorning butun vujudi shubha-gumonning iniga aylanib ketar, bu o‘ziga ham malol kelar, gumon imondan ayirishini o‘z tanasida, shuurida his etardi. Malol keladimi, his etadimi-etmaydimi, hoynahoy, sut bilan kirgan mana shu rasvo odat biron daqiqa bo‘lsin, uni tark etmadi.
…To‘y ham o‘tdi. Kelin-kuyovlikning birinchi kuni, namozshom chog‘i shekilli, yetti iqlimda bandasi ko‘rmagan-eshitmagan g‘aroyib voqea yuz berdi.
– Xonim, – dedi adib, – bundan buyon ko‘chaga birga chiqishga to‘g‘ri keladi, to‘y-ma’raka, deganlaridek. Adabiyotchilar davrasi, tadbirlar, gashtaklar degandek.
Chorak kunlik kelinchak gap ohangidan hech narsani anglolmay, bosh ko‘tarib, kuyovning ko‘ziga boqdi. Adib davom etdi:
– O‘shanday davralarda siz bilan salomlashib so‘rashadigan erkak zotining ism-sharifini ro‘yxatga bitib bersalar.
Kibriyo hamon kuyovto‘raning muddaosini anglayolmadi.
– Qanday ro‘yxat? Qanday erkak zoti?
– Diqqat qilsinlar, men takrorlay: to‘y-ma’rakalarda, yig‘inu anjumanlarda sizga salom beradigan tanish-bilish erkaklar ro‘yxatini yozsalar. Tanishib qo‘ysak. Mana qog‘oz, mana qalam.
Kibriyo nihoyat hali mahramlik to‘shagiga bosh qo‘yib ulgurmagan kuyovning maqsadini tushundi va qo‘liga qalam-qog‘ozni olib, ostin-ustun qilib yoza ketdi.
– Raqamladingizmi? Hammasimi? Nechta bo‘ldi? Birortasi yoddan ko‘tarilmadimi? – dona-dona va burro-burro so‘radi Qahhor, pixini yorgan tergovchilar singari, xonada vazmin odimlar ekan.
– Hammasi. O‘n sakkizta.
“Tergovchi” u yoq-bu yoqqa yura turib, ro‘yxatga rov ko‘z yugurtirdi.
– Hammasi, dedilarmi?
– Hammasi, – dedi kelinchak, ayb ish ustida qo‘lga tushgan o‘ynoqi xotindek gezarib.
– N. S.ni yozmabdilar?..
Kibriyo o‘rnida o‘tirolmay qoldi. Shoshganidan nimadir deb g‘o‘ldiradi. O‘rnidan tura solib, adibning qo‘lidan varaqni yulib oldi va hozir aytilgan ism-sharifni ro‘yxatga tirkadi.
Kibriyo radioda ishlab yurgan kezlari N.S. degan yozuvchisifat bir barzangi o‘zining atrofida parvona bo‘lganlarini eslab, a’zoyi badanidan sovuq ter chiqib ketdi…
…Adib qalqib o‘rnidan turib ketayozdi. Ko‘zlari olayib, atrofga alangladi. Ayoli ko‘rinmadi. O‘zini bosdi. Lekin o‘y-fikri tin olmadi, xayolida gir-gir aylanayotgan xotiralar to‘fonini to‘xtatolmadi.
To‘xtamasa to‘xtamasin, xayol girdobi uni komiga tortsa tortsin, istagan ko‘yiga solsin, u bo‘sh keladigan odam emas, hayotda hech bir lahza-vaziyatda bo‘sh kelgan emas, bandasining oldida bosh eggan ham emas, shunday ekan, nima, o‘zining oldida bosh egishi kerakmi?! O‘ziga bo‘sh kelishi kerakmi?! Bor-yo‘g‘i o‘zi hayotda yo‘l qo‘ygan xato-nuqsonlarini aniqlashtirib olishni istamoqda, xolos. Axir uni iskanjaga olgan, uning joniga azob berayotgan qattol savol, kun o‘tgani sayin, ayniqsa, kasallikka qarshi ko‘rilayotgan choralar naf bermayotgani oydinlashgani sayin ichidagi taxminu farazlar battar ahvolini tang qilayotgani tobora ravshan tortib bormoqda. Erish tuyulmayapti, balki bolalik, hatto go‘daklik choqlaridan bu yog‘iga kechirgan turish-turmushi, kechmishlaridan izlashi to‘g‘ridek tuyulyapti, savolning javobini.
Esini tanibdiki, otasi va ayasiga ergashib yashadi. Yashadimi?.. “Yashadim”, “yashadik” deb aytish mumkinmi, o‘sha sarsonu sargardonliklarni?! Yo‘qchilik, qashshoqlik, qaramlikni?!
“Jurnalda chop etilgan maqolamda yozgandim. Dadamning temirchi ekani, shu sababli oilamiz bir joyda uzoq vaqt turg‘un bo‘lib qolmay, bir qishloqdan ikkinchi qishloqqa ko‘chib yurganimiz. Lekin o‘sha ko‘chmanchiligimiz faqat dadamning kasbi bilangina bog‘liq bo‘lib qolmay, boshqa sabablari ham yo‘q emasdi. O‘z ko‘zim bilan ko‘rgan o‘sha voqealar, eslasam, ertakka o‘xshaydi…
Ko‘chmanchiligimizning asl sababini “O‘tmishdan ertaklar”da yozdim. Bitta-bittalab, ikir-chikir tafsilotlari bilan tasvirladim. Darhaqiqat, bir joyini o‘ylamabman – otam boshliq oilamiz tirikchilik ko‘yida qishloqma-qishloq ko‘chib yurgan desam, nima sababdan boshqa temirchilar boshiga tushmadi bunday sarsongarchilik? Ularning hammalari ham bizga o‘xshab ko‘chmanchilik, darbadarlik azobini tortishmadi-ku? Biz esa…”
“Musofir, kelgindisan!..”
Qahhor yotgan joyida irg‘ib tushay dedi. Kim unga bunday dedi? Qachon?!
Birorta shifokor u bilan dildan sirlashmadi, palatadoshlari bilan-ku, uzuq-yuluq luqma tashlashlardan nari o‘tmadi. U holda kim bilan yaqindan gurunglashdi?.. Hech kimsa uning musofirligini pisanda qilmadi, betiga solmadi… Qulog‘ining ostida vazmin, hatto g‘oyibdan kelayotgandek mehrli bir tovush dardli ohang yanglig‘ takrorlandi: “Musofir, kelgindisan”…
Xotirasining bir chekkasida yilt etib yongan shu’ladan vujudiga shamoldek yengillik taraldi, chehrasi ham yorishdi. “Jo‘gi, mazzang tushmagur!” deb yubordi. Hovlida, quyuq qayinzor tomonda o‘rindiqda xayolga g‘arq bo‘lib o‘tirgan chog‘i yonida paydo bo‘lgan lo‘li xotinning jodu to‘la shahlo ko‘zlarini qayta ko‘rgandek bo‘ldi, ko‘z qarashlariga qo‘shilib uning luqmasi xotira qatlarini titib yubordi:
“Musofir, kelgindisan…”
Qahhorning chehrasida o‘ziga yarashgan nim tabassum jilva berdi: “O‘tmishdan ertaklar”ni o‘qigandek aytdi-ya!”
…Qiziq, o‘zimiz asli qo‘qonlik bo‘lsak-da, Yaypanga ko‘chib o‘tsak, musofir hisoblanamizmi? Qo‘qon mag‘ribda, Yaypan mashriqdamidiki, musofir deyishga arzisa?! Arzimay-chi! O‘zim yozibman-ku, o‘z qo‘lim bilan: “…bizning musofirligimizga rahmi kelsa kerak… ayamga taskin bergan bo‘lardi…” Toshkentdan Maskovga kelgan odamni musofir desa, lo‘li xotinning aytgani jo‘yali, yarashadi, lekin Qo‘qondan Yaypanga borganni?..
Bu ham mayli, lo‘li xotin jonni olgudek go‘zal ko‘zlarini chaqchaytirib yana nima dedi? “Kelgindisan!”
Bu so‘z ham adibga juda-juda tanish. Tanishgina emas, uni umr bo‘yi ta’qib etgan, endi o‘ylab, mulohaza yuritib ko‘rsa, jon-joniga igna bo‘lib suqiladigan haqoratli so‘zlardan biri shu edi.
Dadasi shayton aravasini minib borayotganiga bexosdan ko‘zi tushgan Olim buvaning kampir opasi qo‘rqqanidan shaytonlab, jon berdi. Buni Olim buva Xudoga soldi, da’vo qo‘zg‘amadi, lekin ko‘chada borayotgan paranjili juvon bilan bo‘lgan keyingi mojaro Olim buvadek mo‘min mo‘ysafidni ham imonidan ayirayozdi.
Voqea qanday bo‘lgan deng?
“…Dadam ertalab do‘konga ketayotganida yo‘lkada paranjili bir juvonni ko‘ribdi. Paranjining orqa etagiga bir shox yantoq ilashib borayotgan ekan, dadam ayolga yetib olib, yantoqni bosibdi. Yantoq yerda qolib, xotin dadamga qayrilib qarabdiyu, ketaveribdi. Bu juvon Olim buvaning erga tegib ketgan qizi ekan, paranjisiga ilashgan yantoqdan bexabar, “usta menga tegishmoqchi bo‘lib paranjimdan tortdi”, degan xayolga boribdi-da, bu gapni oqizmay-tomizmay otasiga yetkazibdi.
Ana, ko‘ring, hangomani!
Bu safar Olim buva istiholani yig‘ishtirdi, og‘ziga kelganini qaytarmadi. “Shayton arava” dedi, “Kelgindi it” dedi, “Qaytib yuzingga qarasam xotinim uch taloq!” deb qasam ichdi. Hoy musulmonlar, tushuntiray, deb og‘iz ochgan dadamning so‘ziga hech kim quloq solmadi. U holda… dadam aybsiz bo‘lsa, nima sababdan ayam yig‘lay-yig‘lay, “Bir mo‘minning xotiniga ko‘z olaytirgani uyaling!” deya ta’nalar yog‘dirdi? Nima-a?! O‘sha zamonda, qishloqning tuproq ko‘chasida-ya?! Nahotki, dadam?..
O‘sha to‘polon kuni kechki payt Qo‘shariq mahallasiga ko‘chdik. Ta’na-malomatlaru, badnom etishlar, haqoratlardan ko‘chib ketibgina qutildik.
Yaypanda, Olim buvaning mahallasidagi bolalarga qo‘shilib, ancha dadillanib qolgandim, shu borada orttirgan malakam ish berib, Qo‘shariq bolalarining o‘yiniga tortinmay-begonasiramay, dadil qo‘shildim. Biroq…
Bir boshdan aytay.
Namozgarga yaqin ko‘chada bolalar chug‘urlashib qolishdi. Chiqdim. Bolalar mening uchun yangi “Oq terakmi, ko‘k terak” o‘ynashayotgan ekan. Bu o‘yinda bolalar orada yigirma-o‘ttiz qadam masofa qoldirib ikki safga tizilishar, qo‘l ushlashib turishar, safning boshlig‘i qarshi safga qarab: “Oq terakmi, ko‘k terak, bizdan sizga kim kerak?” derkan; qarshi tomonning boshlig‘i “falonchi kerak” deganda nomi aytilgan bola safdan chiqar ekanu yugurib borib o‘zini jon-jahdi bilan qarshi safga urar ekan; shunda safni uzolsa g‘olib bola mag‘lub safdan bir bolani yetaklab kelar, safni uzolmasa, o‘zi shu safda qolib ketar ekan.
Qanchadan-qancha bolalar qarshi safni buzib bola olib keldi, qanchadan-qanchasi safni buzolmay qolib ketdi. Orziqib kutdim: meni ham “kerak” desa, men ham yugurib borib safni buzsam, bola yetaklab kelsam… Biroq meni hech kim “kerak” demadi…
Yomon alam qildi. Shuncha bola kerak, men esa nokerak! Alam qilganda-chi!.. Ismimni bilishmagani uchunmi? Yo‘q, unday emas. Kerak bo‘lganimda, hoy, yangi bola yoki hoy, yangi qo‘shni deb aytsalar ham bo‘lardi.
Ikkala safdagi bolalar, ularga qo‘shib mahalla-ko‘y, unga qo‘shib butun dunyo ko‘zimga manfur ko‘rinib ketdi. Alamimdan tishimni tishimga bosdim, qahrim tilimga ko‘chdi: “Bu mishiqi zumrashalarga ko‘rsatib qo‘yaman, shu-unday ko‘rsatayki!..” deya ontlar ichdim, qasamlar ichdim.
O‘zim alamdan boshim qotib, nima qilishni bilmay turibmanu, keyingi voqea battar oshib tushdi.
Bolalar charchab, o‘yin buzilganda narigi tomonning boshlig‘i – hammadan ko‘proq shovqin solib yelib-yugurgan bola meni payqab oldimga keldi, menga boshdan-oyoq razm soldi-yu, birdan:
– Kelgindi! – deb urgani qo‘l ko‘tardi.
Ortiq chidolmadim. Boyagi alamga bunisi qo‘shilib, bo‘g‘zimdagini ichimga yutmay, men ham baqirdim:
– O‘zing kelgindisan!
Bola bir irg‘ib ro‘paramda paydo bo‘ldiyu, kallamga qo‘yib yubordi. Men javob qilolmay turganimda boshqa bolalar ham urmoqchi bo‘lib menga yaqinlashishdi. Kallamga tushgan mushtdan ko‘ra “Kelgindi” degan tavqi la’natga dosh berish og‘irroq edi. O‘zimni nihoyatda yakka-yolg‘iz his etdim. Keyingi lahzada qanday holatlar yuz berishini bilmay taraddudlanib turganimda malla to‘nli novcha chol paydo bo‘ldi. O‘sha chol jonimga ora kirdi.
– Qo‘yinglar, bolalar, tegmanglar, kelgindi bo‘lsa o‘zi bo‘libdimi, Xudo qilgan, – dedi.
Chol o‘rtaga tushib, meni kaltaklanishdan asrab qolganimi bu, yoxud?.. Olim buvaning “Kelgindi it!” degani… haqorati hamon qulog‘imda… bundan chiqdi, vaqtida rad etilmagan, javobi qaytarilmagan haqorat umr bo‘yi seni ta’qib etarkan. Qulog‘ing ostida qo‘ng‘irog‘ini jaranglatib turarkan. Olim buvadan eshitganimiz haqoratgina emas, uning yanayam ayanchli, hazar qiladigan ma’nosi ham bor ekan. Buni qarang, novcha cholning aytishicha, bizni kimsan Xudoning o‘zi kelgindi qilib qo‘ygan emish… “O‘tmishdan ertaklar”da yozganim to‘g‘ri: cholning bu gapi boshimdan kirib, tovonimdan chiqib ketdi… Oyog‘imning barmoqlari igna suqilgandek achishayotgani, tovonlarim lo‘qillab azob berayotgani olislarda qolgan o‘sha alamlarning shoda-shoda mevasi-asoratimikan?..
Asorat… Musofirligim chindan-da Xudoning ishidirki, bolalik chog‘laridan boshlangan musofirlik hali-hanuz davom etmoqda. Yaypandan Nursuqqa, undan Qudash, so‘ng Buvaydi, Tolliq, Olqor, Yulg‘unzor, Oqqo‘rg‘on qishloqlariga ko‘chdik. Qaysi qishloqqa bormaylik, “Kelgindi, musofir” degan tamg‘adan qutilmadik. Taqdirni qarangki, sihat tilab, Maskov shifoxonasida yotgan joyimda Xudo lo‘li xotinga ro‘para qildi, baayni uning tilidan manglayimdagi tamg‘ani baralla o‘qitib, asli naslimni betimga soldi. Men esa… padariga qusur, o‘sha lo‘li tilanib so‘ragan chervonni nega beraqolmadim?! Basharangga!.. Yana ro‘para kelarmikan?”..
7
Kibriyo opa ildam yurib, palataga kirdi-da, to‘g‘ri borib, Abdulla akaning oyoqlariga yopilgan choyshabning etagini ko‘tardi.
– Pojaluysta, posmotrite, professor toje v kurse! Yesli…
Uning izidan yetib kelgan oq xalatli, sap-sariq shifokor ayol opani tinchlantirdi:
– Apa, vы ne toropites, uspokoytes, vozle bolnogo tak sebya vesti ne xorosho .
– Ya pogovorila s professorom, on skazal mne lichno, chto!..
– Mы v kurse, o chem vы govorili s professorom. No budem deystvovat tolko po naznacheniyu, ponimayete? Proshu vas, vы ne perejivayte, prisyadte, dogovorilis?
Kibriyo opa shifokor ayolning gaplarini xotirjam tinglaydigan holatda emasdi. Keyingi kunlarda u ichiga yig‘ib kelayotgan sabr-toqati tosha boshlagandi. Adibning yarim yumuq ko‘zlariga xavotir-la qarab, butun ta’na-malomatlariyu gina-kuduratlarini to‘ka ketdi:
– Kattasiga hammasini aytdim, tushuntirdim. Kerakli joygacha boramiz, bu inson shu ahvolda qarovsiz qoladigan odam emas, dedim! Maskovning eng zo‘r do‘xturlarini chaqirtiring, eng kuchli dorilarni keltiring! Baroye xole vazminashon ba joyi zarur xabar rasondan darkor guftam, ha guftam!
Opa xavotir aralash alam-achchig‘ini yashirmay, go‘yo o‘zbekchani yon-veridagilar tushunib qoladi degan o‘yda yoxud bor-yo‘q iztirobini to‘kisroq, batafsilroq, zardaliroq izhor qilishni ko‘zladi shekilli, tojikchaga ko‘chdi. Tabiatan mutoyibaga moyil odam uchun tarki odat amrimahol bo‘lsa kerak, Qahhor shu ahvolida ham ayolining joni bo‘g‘ziga tiqilib aytgan gaplari orasidan bir jumlasini “uzib” oldi.
– “Kerakli joyga” dedilarmi? – so‘radi shivirlab.
– Nima, kerakli joy? Qaysi kerakli joy?!
– O‘zlari aytibdilaru, kampirak. Do‘xtirlarning kattasi bilarmikan, siz aytgan kerakli joyni? Siz-chi, o‘zlari biladilarmi, qayerda ekanligini o‘sha kerakli joyning?
Kibriyo opa xo‘rligi kelganini ham unutib, Abdulla akaning tagdor savolini anglab olish maqsadida diqqatini jamladi.
– Kerakli joy… Nega bilmay?.. – dediyu, nafasi ichiga tushdi.
Qahhor jiddiylashdi:
– Kerakli joy kerakli odamlarni himoya qiladi!
–Siz kerakli emasmi?! Dunyoga taniqli adibsiz axir!
Adib ayolining gaplaridan ensasi qotdi, oyog‘idagi og‘riq azobiga dosh berish niyatidami, lablarini qimtidi, ko‘zlarini chirt yumdi, qoshlari chimirildi, peshonasi tirishdi.
– Kerakli odam bo‘lish boshqa, taniqli adiblik boshqa! Har yerda har gapni aytavermaslik esa – siz bilan bizning qismatimiz, peshonamiz…
Sap-sariq shifokor ayol, izidan ahvoli og‘ir bemorlarni tashiydigan xos aravachani g‘ildiratib ikki yigit kirib kelishdi.
– Qayoqqa?! – so‘radi Kibriyo opa, aravaning yo‘lini to‘sgudek, oyoqqa qalqib. – Avval menga aytinglar, qayoqqa olib borasizlar?
– Rentgen, – dedi arava yetaklagan ko‘k qalpoqli yigit, pinagini buzmay.
– I analiz, – dedi muloyim tovushda shifokor ayol va adib tomon o‘girildi. – Pridetsya chut-chut pobespokoit vas, uvajayemыy pisatel .
Adib o‘rnidan turish maqsadida qo‘zg‘aldi. Opa adib oyog‘iga ilishi uchun shippagini rostladi. Qahhor yalangoyoq, “kerakmas” degan ma’noda qo‘l siltadi. Kibriyo opa qalqib tushdi. Adibni uydan kuzatayotganida, Maskovga shippakda borasizmi, mana, tufli kiying, degandi. Qahhor xuddi hozirgidek qo‘l siltagan, “Endi tufliga na hojat?” deb xayrlashgan, bundan opaning irimchiligi jo‘shib, ichidan zil ketgan, chug‘ur-chug‘urlab choliga tanbeh bergandi. Mana, yana aynan o‘sha holat…
– Net-ne-et, v rentgen pridyotsya poyexat, uvajayemыy, a ne peshkom idti. Davayte, rebyata, netoropyas i ostorojno!
Qahhor ko‘zlarini katta-katta ochib, Kibriyo opaga yolborayotganday umidvor qaradi. Uning nigohida ham qo‘rquv, ham shubha, ham xotirjamlik, hammasidan ham mavhumlik mujassam, aravaga yotib, palatadan chiqib ketsa, u yog‘i qay ahvolga tushishi noma’lum, undan-da og‘iri – o‘sha ahvolda yakka o‘zi, yolg‘iz qolishini tasavvur qilolmayotgandi.
– Shunday kun ham bor ekan-da?..
Chamasi u opani, opaga aytgan so‘zi orqali bir yo‘la o‘zini ham tinchlantirmoqni ko‘zlagan, nochor ahvolda qolgan odam singari yupanch izlamoqda edi. Kibriyo opa o‘zini qayerga qo‘yishni bilolmay, nigohini olib qochdi, ko‘z yoshini yashirdi. Uning ro‘molchani g‘ijimlab changallagan qo‘li qaltirayotganini Qahhor aniq ko‘rdi.
– Bardam bo‘lsinlar, Xudo har kimni o‘z fe’liga yarasha ko‘yga soladi.
– Nima deganingiz bu? Kimni aytyapsiz? Kim aytdi sizga bu gapni?!
Adib darhol javob qaytarmadi, inqillab-sinqillab ko‘k shapkali ikki yigit ko‘magida aravaga o‘tib yotdi, shu harakatning o‘zi uni toliqtirdi chog‘i, rangi gezarib ketdi, ko‘zini yumib, bir zum tin oldi-da, muhim gapni aytmasa bo‘lmaydigandek ohangda, ovoziga zo‘r berdi:
– Murodxo‘ja aytdi, – dedi u qayoqqa va ne maqsadda otlanayotganini ham unutib, – domla Murodxo‘ja.
8
Nahotki, shu azoblarning bari fe’limga yarasha boshimga tushayotgan bo‘lsa?! Bu qanday fe’l? Qachon, qayerdan topganman, bu fe’l-atvorni? O‘zim topganmanmi yoki menga tortiq etilganmi, bu dahmaza fe’l-atvor? Nahot, sarhisob damlari yetmoqda?
Sarhisobu najot istagi aralashib ketdi, har ikkala istak uni tinimsiz olis bolalik manzaralari tomon olib qochayotgan edi. G‘alat. “Hammasi bolalikdan meros bo‘lsa-chi? – dedi u o‘ziga o‘zi. – Bolalik cho‘pchakka o‘xshaydi, lekin o‘sha cho‘pchaklar yig‘ila-yig‘ila ruhimda-ruhiyatimda o‘chmaydigan iz qoldirgan, ya’ni mening umr yo‘lim timsolida voqelikka aylangan bo‘lishi ham hech gap emas… Dadam, ayam boshdan kechirgan turmush tashvishlarini qanday unutay? “Kunlar g‘urbat bilan boshlanib, g‘urbat bilan tugar edi”… Shunday deb yozganman. O‘sha umrguzaronlikning barcha-barcha zarbalari xotiramga, tasavvurimga muhrlanib qolgan, meni qahri qattiq Qahhorga aylantirgan, mendan Abdulla Qahhor ismli yozuvchi odamning zuvalasini pishitgan ham o‘sha hayot zarbalari, kechmishlari… cho‘pchaklari… Meni odambashara qilib tarbiya qilgan… Tarbiya emish!.. Ermakka aylantirgan taqdir…”
Adib g‘arq terga botdi, suv so‘raganini biladi, lekin suv berishdimi, u ichdimi, labini namlash bilan kifoyalandimi – eslolmadi.
Uni olib kirishgan xona zimziyo qorong‘ilik qa’riga cho‘mdi. Oradan qancha vaqt o‘tganini bilmadi, hatto shuncha vaqt qorong‘i xonada qoldimi yoxud… hushidan ketmadimi?! – xos aravachaning ikki yonida girdi-kapalak bo‘layotganlar ko‘payganini payqadi. “Nima bo‘lyapti?” deb so‘rashga og‘iz juftladi, tovushi o‘ziga ham arang eshitildi. Arang eshitilgani ham mayli, juda-juda yalinchoq ohangda so‘rayotgandek tuyuldi. Nega, nega yolborishim kerak?!
Kimlar bular? Men uchun kim? Men bular uchun kim?.. Bir musofir bo‘lsam… Musofirlik ham otameros?! Qismat?! Dadamning boshiga tushgan kunlar!.. Musofirdan olib musofirga, itdan olib itga solishdi, kelgindi deb quvg‘inga olishdi. Lekin biron marta hech bir bandasining oldida yukinmadi, bo‘yin egmadi. Joni temirdan edi dadamning! Zo‘r odam edi dadam!..
O‘sha zamonda temir odam bo‘lib yashash oson emasdi. Dadam oddiy hunarmand bo‘lsa ham, fikrli odam edi. Ehtimol, o‘z fikriga ega bo‘lgani sababli ham, qayerga bormaylik, uni chiqishtirishmadi, u, unga qo‘shilib oilamiz na qishloqqa, na odamlar orasiga sig‘di. Ro‘zg‘orni tebratish ko‘yida boshini urmagan joyi qolmadi. Bu tarz yashashdan to‘ydi, shu qadar to‘ydiki, odamlar hayotini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday yangilikni jon-jon deb qabul qildi, uni qo‘lladi. Bo‘g‘zigacha eskilik botqog‘iga botgan omi xalq esa hayotda yuz berayotgan yangiliklarni qabul qilishi nihoyatda og‘ir kechdi. Dadam yangilik tarafdori edi. Qo‘liga miltiq tutgan bo‘lsa, odamlarni otmadi, u chuvrindi yashash tarzini, omilikni o‘qqa tutdi, qashshoqlikka qarshi o‘t ochdi…”
– Ruki opustite, ruki .
Qahhor tepasida turgan hamshiraga qaradi, qo‘lini uning ixtiyoriga beraturib, hamshiraning og‘iz-burni chirmalganiga e’tibor berdi. Qayerga olib kirishdi uni? Nima qilishmoqchi? Professor ko‘rinmadi. Chindan ham rentgenga solishmoqchimi?
– Anesteziolog!
Adib bu so‘zni eshitgan, biladi, lekin shu tobda uning qanday vazifadorligini eslolmadi. Alangladi, to‘rt nafar shifokorning bittasi oq xalatda, qolgani esa ko‘kish rangli xalatga chirmalgan, to‘rtovi ham aftiga niqob tortganiga hayron bo‘ldi. Ularning bo‘y-bastini qiyoslab, professorni topishga urindi. Professorning ko‘z qarashlarida nimadir bor, o‘zining xasta tanasida oqayotgan qondagi illatning bir uchi mana shu katta do‘xtirning tiyran nigohlari tubiga chatishgandek umidvor izlandi… behol alangladi. Lahaddek shu qorong‘ilikda, shu alfoz yotishida uning uchun eng yaqin va ishonchli najotkor – juhud professor edi.
“Shabotxo‘jani chaqirtirsam bo‘larkan, zudlik bilan yetib kelsa, yonimda turar, manavi yetti yot begonalar qo‘liga qarab qolmasdim! Kibriyo!..”
Adib ayolining ismini aytib chaqirish odati yo‘q edi, qolaversa, Kibriyoni bu yerga kiritishmagan. Kasalxonani boshiga ko‘tarayotgandir. Bundan chiqdi… ha, “anesteziolog” degan so‘zning ma’nosi yodiga tushdi. “Rentgenmi-operatsiyaxonami? Nima qilmoqchisizlar, o‘zi?” deb birontasidan so‘rash istagida og‘iz juftladi, lekin xona odam odamni tanimaydigan darajada qorong‘ilashdi.
– Yo‘g‘-e?! – deb yuborgan edi, ovoz g‘o‘ldirab chiqdi. – Nahoki, intiho onlari?..
9
– Uyni qulflab kelganmilar?
Qahhor uzoq va og‘ir uyqudan uyg‘onib og‘zidan chiqqan birinchi aytgan so‘zi shu bo‘ldi. Xomushlik va uyqusizlikdan ezilib, boshini ko‘ksiga osiltirib o‘tirgan Kibriyo opa sapchib tushdi.
– Labay! Uyni?! Qulf urilgan, ha-ha! Nimaydi?
– Kutubxona-chi?
Opa hushini yig‘di, u adibning ko‘z ochar-ochmas yog‘dirayotgan savollariga hayronligini yashirmadi.
– Omonlikda ko‘rishganimizdan quvonaylik, shu tobda kutubxona… kitoblarga kim ham tegardi?
Qahhor palatani, qo‘shni bemorlarni… odam zotini ko‘rgisi kelmayotgandek hamon ko‘zini ochmay, sas chiqarmay, qo‘lini tebratib, opani yoniga chorladi. Opa unga tomon engashib, qulog‘ini ding qildi.
– Shabotxo‘jani ayttirsalar, qancha tez yetib kelsa, shuncha yaxshi…
– Xo‘p, – dedi opa boshini “ma’qul” ohangida tebratib. – O‘zim ham shuni o‘ylab o‘tirgandim.
Adibning sochidek oqargan manglayida, yuzida yirik-yirik ter tomchilari o‘rmalashga tushdi.
– Yana… – dedi u chiranib. So‘zini boshladiyu, jim bo‘ldi. Aytar istagini o‘ylab oldimi yoki uni aytishga yetarli kuch jamladimi, har qalay, nafas rostlagachgina tag‘in opani imladi.
– Aytavering, – dedi opa kaftini qulog‘ining ortiga “devor” qilib. – Eshityapman.
– Elchiga ayting, yordam bersin.
– Sizgami? Davolashlarigami?
Adibning afti burishdi, ichidan norozilik otilib chiqishiga yo‘l qo‘ymay, g‘udrandi:
– Shuhratni chaqirtirsin… Yozuvchi Shuhratni…
Kibriyo opa cholining muddaosini tushunmadi, tushunmasa-da, ma’qul degan ishorada bosh irg‘adi. Qoshiqchada choy tutdi. Uning xavotiri arimagan, buning ustiga, adibning kutilmaganda yozuvchi Shuhratni tilga olgani uni yanayam dovdiratib qo‘ygandi.
– Shabotxo‘ja doktor, uni chaqirtiraman, foydasi tegadi. Shuhrat – yak navisanda, boshad, chi kor kanda medihad?
Qahhor ayolining gapiga quloq solmadi. Shundagina birdan shikasta oyog‘i yodiga tushdi. Qo‘lini cho‘zib, o‘zi choyshabni ko‘tarishga urindi.
– Nima qilishdi? Qarasinlar! Tez, ko‘rdilarmi?! Meni uxlatib qo‘yib, nima qilishdi?! Nega o‘zimga aytishmaydi?! Roziligimni olishmaydi?!
Kibriyo opa kulib yubordi. Bu iztirob, tashvish to‘la alamli kulgi edi.
– Hammasi joyida. Do‘xtirlarning vahimasi quribgina ketsin, ochishibdi, ko‘rishibdi, maslahatlasha-maslahatlasha, dori-darmon sursak kifoya, degan qarorga kelishibdi, vassalom! Xavotirlar tasdig‘ini topmabdi.
Qahhor birdan qushday yengil tortdi. Hayotida kamdan-kam sodir bo‘ladigan holat – o‘pkasi to‘lib, mijjalari qizardi, tishini tishiga bosdi.
U irodali, diydasi qattiq odam edi.
– Temirchining o‘g‘liman! – dedi, o‘zining bo‘sh kelmaganini namoyish qilib qo‘ymoqchidek. – Men uchun dadamdan zo‘r odam bo‘lmagan, men bolalikdan dadamga havas qilganman, dadamga!.. Lekin Shuhratni zudlik bilan chaqirsinlar, “Oltin zanglamas”ni yozgan Shuhratni…
Kibriyo opa eriga bildirmay, norozilanib, bosh chayqadi.
– Kitoblarni… kutubxonani o‘qishmasin…
– Xo‘p.
– Keyin ham o‘qimasinlar.
– Qachon, keyin? Kim o‘qiyman deyapti, shu palla?
– Bilmaysiz, sh-shunday o‘qiydilarki, tit-pit qilib o‘qiydilar.
Botir gapchilardan uyda hech narsa qolmagan… “Zrelыy”ni unutsinlar!..
– Hey, boboy, hey! Og‘zingizga qarang! Sizga nima bo‘ldi?! Shu holingizda allazamonlarni titkilayapsiz?!
– Bilmayapdilarmi? Sezmadilarmi?.. Titkilasin deb meni shu ahvolga soldi-ku.
– Kim soldi? Kimni aytyapsiz?
– Xudo… Xudoni…
Kibriyo opa hang-mang bo‘lib qoldi: Abdulla aka biron marta Xudoni tilga olgan emas, hech bir narsani Xudodan ko‘rgan emas. Va to‘satdan, kutilmaganda, qanday qilib?! Opa yon-atrofga alangladi, deraza tomondagi karavot bo‘sh, qolgan kasallar o‘rnida yotibdi, muhimi, ularning hech biri o‘zbekning mashhur adibi va uning ayoli o‘rtasida bo‘layotgan suhbatga, tabiiy, quloq solmas, dam o‘zbekcha, dam tojikcha lisonda davom etayotgan savol-javoblarni o‘zlaridan bo‘lak tushunadigan boshqa banda yo‘q edi xastaxonaning torgina, lekin gavjumgina bu “hasratxona”sida. Opa bunga amin bo‘lsa-da, palatadoshlarni bir sidra nazardan o‘tkazdi. Shundagina birdan tubsiz quduqqa tushib ketgandek tuyuldi, adibning bu taxlit “til”ga kirishi qanchalar xavotirli ekanini birdan anglab qoldi. Yuragi orqasiga tortib ketdi. Shart o‘rnidan turib, tashqariga otildi.
– Mening gunohim yo‘q… Nima yozgan bo‘lsam…
Opa palatadan chiqayotgan joyida taqqa to‘xtadi, iziga qaytdi, “Nima dedingiz?!” degan ma’noda adibning tepasiga kelib, uning chehrasiga tikilib turib qoldi. Uning bu tarz turishidan go‘yo, “Gunohim yo‘q, dedingmi, Zrelыy? Sen-a?!” degan ma’noni uqish mumkin edi.
– Sizda gunoh nima qiladi?! Yozuvchi bo‘lsangiz…
Opa boyagi shiddatda palatadan chiqqandan so‘ng ham Qahhor bir talay gapni doston qilib tashladi.
– Sho‘ro mening, menga o‘xshash qashshoqlarning boshimizni siladi, maktabda o‘qitdi, boqdi, kiyintirdi. Sho‘roga ishonmagan odamlarga men ishonmadim, sho‘roga qarshi bo‘lganlarga men qarshi bo‘ldim. Tish-tirnog‘im bilan!.. Pichir-pichir… shivir-shivir bilan sho‘roni ag‘darmoqni ko‘zlagan go‘l, kaltafahm babarlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q edi, shumi, gunohim? O‘sha gunohlarni yuvmoqchi edikmi, birga-birga?.. Nima yozgan bo‘lsam, o‘z qo‘lim bilan yozdim, bilganimcha yozdim…
Tashqariga oshiqayotgan opa piching va tavba aralash bu tagdor luqmani eshitmadi.
Yosh edi, axir u. G‘o‘r edi. Kim uni yo‘ldan urdi, qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, aldadi, shu choqqa qadar bilmaydi.
“Yangi Farg‘ona” gazetasi tahririyatiga yangigina ishga qabul qilingan bir paytda, qanday bo‘lmasin, tahririyat a’zolari orasida sovetlarga qarshi bo‘lgan “yot unsur”larni aniqlash vazifasini yuklashdi uning zimmasiga. Buning eng oson yo‘lini o‘rgatishdi ham: “Duch kelgan joyda sho‘roni, komfirqani baralla tanqid ostiga olaverasan, qo‘rqma, sening aytganlaringga jo‘r bo‘lib sayraydiganlar – o‘shandaylarning bari unsur, element! – o‘shalarni aniqlashtirib bersang bas!”
U laqqa tushdi. Topshiriqni ado etmoqlikka astoydil kirishdi. Jamiyatda hammaning ko‘ziga tashlanib turgan, ammo gapirish, tilga olish xavfli bo‘lgan nuqsonu illatlarni qo‘rqmay fosh eta boshladi. Gazeta ahli, ziyoli ahli tilini tiyolmaydigan toifa emasmi, mushtdek bolakayning nayranglariga uchadigan, laqqa tushadiganlar topila qoldi. Ayniqsa, “jumhuriyatimizning mustaqil, ozod vatan sifatida ajralib chiqishiga erishmog‘imiz lozim” degan gaplari kap-katta kishilarning esini og‘dirdi, gangitdi-qo‘ydi. Unga qo‘shilib “jasorat”ga jo‘r bo‘ladigan hamnafaslar ko‘paydi.
O‘zbekchilikda gap olishning sinalgan usuli ulfatchilik emasmi, neki vazifa yuklansa, barchasini baxyama-baxya mufassal amalga oshirayotgan bo‘lajak adib qo‘yarda-qo‘ymay gazetachilarni ulfatchilik – gap-gashtak tashkil etishga ko‘ndirdi. Davraga bir qator maktab muallimlari qo‘shildi. “Sho‘ro hukumati xalqni halokat yoqasiga olib bormoqda” deganlar bormi, boshqa og‘zi botir ulfatlarining degan-demaganlari bormi, u qo‘qonlik ziyolilardan tashkil topgan yangi gashtakning bamisoli mirzasiga aylandi, ya’ni, ulfatchilik chog‘ida do‘stlarining og‘zidan chiqqan oldi-qochdi gap-so‘zlarni “oqizmay-tomizmay” qog‘ozga tushirib bordi. Ulfatga “Botir gapchilar” nomi berildi.
Oqibat nima bo‘ldi, oqibat?
1930 yil 30 yanvar kuni edi, o‘n sakkiz nafar “Botir gap”chi ulfatchilik qilib o‘tirgan xonadonni GPU bosdi! Ashurali Zohiriy, Lutfulla Olimiy, Yoqub Omon, Erkin Nosir, Umarxo‘ja Hamidov… gashtak qamoqxonada davom etdi. Bir hamlada shu-uncha “unsur”ni fosh qilish mana man degan GPUchiga nasib etmagandi, hali go‘dak yoshidagi Abdulla esa, tug‘ma qobiliyati bor shekilli, alohida g‘ayrat-shijoat ko‘rsatdi – sho‘ro hokimiyatining o‘n yetti nafar dushmani naq tumshug‘idan ilindi. Dastlabki hufiyachilik xizmati evaziga Abdullajon “Zrelыy”, ya’ni “Etuk” degan laqab-klichka bilan siylandi.
Yosh edi, g‘o‘r edi, shayton komiga ilingan edi…
Kibriyo opa orqasidan ergashib kirib kelgan katta yoshdagi oq xalatli shifokorga shikoyat qila ketdi:
– Posmotrite, on stal mnogo govorit, ochen mnogo! Posmotrite!
Shifokor ayol chehrasi ochilib kuldi.
– Ochen xorosho, chto mnogo stal govorit. Znachit on
vыzdoravlivayet .
– Vыzdoravlivayet? Vы pravdu govorite?
– Apa, –dedi kulib shifokor, – kogda bolnoy prixodit v
soznaniye, on mojet mnogo govorit, smeyatsya, plakat bez prichinы, no eto vsyo yestestvennыy protsess. Ne bespokoytes!
– Boshi yo‘q babarlar!..
– Kim ular? – nima deyishini bilmay, so‘z qotdi opa.
– Botir gapchilar… Sho‘roga zimdan tish qayraganlar… Fahmiga qurt tushgan hammasining…
– Bo‘ldi, bas! Yana picha uxlang, hushingiz tiniqlashadi. Gapa bas kanda emas karda . Men shu yerda, yoningizdaman!..
10
Adib ko‘zini ochdiyu, derazaning o‘ng biqinidagi karavotga choyshabsiz quruq to‘shak tashlab qo‘yilganiga e’tibor berdi.
– Ketdimi? – shivirlab so‘radi u boshini ma’noli irg‘ab.
– U ketsa, boshqasi keladi, – dedi opa adibni chalg‘itmoqqa urinib.
Qahhor uncha-munchaga chalg‘iydigan odam emasdi, ayniqsa, shu holatida uning hushyorligi, diqqat-e’tibori har qachongidan tiniqlashgandi.
Hazin chehrasida kulgi sharpasi ko‘rindi.
– O‘zi ketdimi, olib ketishdimi?..
Choli nimaga ishora qilayotganini sezgan Kibriyo opa, to‘lib turgani tabiiy, achchig‘ini bosolmadi.
– Ketdimi, olib ketishdimi – bizga daxli yo‘q! O‘zimizni o‘ylaylik! Bardam bo‘laylik! Yaxshi narsalarni o‘ylang.
– Yaxshi narsalar… Yaxshi narsalar…
Yaxshiyam adabiyot bor ekan. Adabiyotdan panoh topdi u. Sho‘roning mafkuralari, zamonasozliklariga qo‘shib hayotning bordi-keldilari, nag‘mayu istig‘forlari, noz-karashmalari – bari uning nazarida lash-lushga, daxmazaga, maynavozchilikka aylandi. Ko‘z o‘ngidagi hayotni xayol qatlariga ko‘chirib o‘tkazishga odatlandi. Haqiqatni adabiyotda topdi. Adabiyot, asarlar, qalamkashlar dunyosida nimani qanday tushunsa, nimani o‘ylasa, o‘shani gapirdi. Yaxshini yaxshi, yomonni yomon deya oldi. Dangaliga ko‘chdi. Shuning ortidan uni qo‘rqmas, jasoratli ustoz adibga chiqarishdi.
Yozuvchilar uyushmasining raisi edi. Jumhuriyatning kazo-kazolari ishtirok etayotgan yig‘ilishda so‘zlay turib, tuyqusdan, “O‘zbek adabiyotining jallodi Milchakov!” deb yubordi. Kimsan Vladimir Milchakovdek zotni, o‘zining yozuvchilar uyushmasidagi muovini, turqi sovuq janobi oliylarini-ya?! Jamiyatning sara gullari ishtirokidagi plenumda-ya?!
Ushbu bir og‘iz “lutf” qayerda deng?! – Markazqo‘m yig‘ilishida muhokamaga tortildi. Uzun stolning to‘rida respublika sarkotibi, ikki yonida noiblar, vazirlar, hokazolar. Hippa baqaloq xavfsizlik xizmati qo‘mondoni ham doimgi joyi-oromkursiga sig‘may, hoziru nozir o‘tiribdi.
Masala keskin va ko‘ndalang qo‘yildi, asablar tarang edi.
– Noloyiq iborani ishlatganingiz uchun byuro a’zolari va yozuvchilar uyushmasi rahbarlari huzurida Vladimir Andreevichdan uzr so‘rang, – dedi sarkotib, og‘ir xastalikdan chiqqan bemordek xasta tovushda, bosiqlik bilan.
Sarkotib – birinchi kotibning gapi gap, so‘zi so‘z, hozir Qahhor o‘xshatib uzrini aytadiyu, bir luqmaning ortidan tug‘ilgan va bepoyon qizillar saltanatiga yashin tezligida yoyilgan noxushlik shamoli doka ro‘molday quritib, yig‘ib olinadi. Biroq… biroq… hayhot!..
Qahhor bamaylixotir o‘rnidan turdi. Qozonajak g‘alabasiga oldindan xomtama bo‘lgan turqi sovuq Milchakov tirjayib, uzrni qabul qilish tantanasiga shaylandi. Qahhor esa…
– Meni kechir, – dedi u muovinining ko‘zlariga tik qarab, – rus tilini durust bilmaganim uchun ba’zan kerakli iborani topolmay, fikrimga mos kelmaydigan boshqasini ishlatib yuboraman.
Milchakov zafar quchgan g‘olibdek, “Bu boshqa gap” dedi, o‘tirgan joyidan, og‘zini yig‘ishtirolmay. Qahhor esa gap ohangini o‘zgartirmadi, balki sarkotibning bosiqligiga taqlid qilgandek yanayam vazminlik bilan, kiprik qoqmay, tikkasiga dona-dona qilib, muddaosini oxiriga yetkazdi:
– Hali gapimni tugatganim yo‘q. Men seni jallod demoqchimasdim, odamxo‘r demoqchiydim, xolos!..
O‘-o‘-o‘! Ho‘-o‘-o‘! Bo‘-o‘-o‘!..
Adabiyot haqiqatining hayot haqiqatidan ustun kelgani, adabiyotni hayoti ma’no-mazmuniga aylantira bilgan adibning tillarda doston bo‘lgan qo‘rqmasligi, mardligi, jasorati edi bu. O‘zining nazarida esa… Qahhorning maslagi, aqidasi, hayotiy so‘qmoqlari o‘zgargan… bu dunyoda uning qo‘rqadigan joyi, hayiqadigan odami qolmagandi. Bu botiniy-ruhiy o‘zgarish, evrilishlar oldida nainki birinchi rahbar – sarkotib shaxsiyati, balki unga qo‘shib xavfsizlik xizmati qo‘mondonining salobati, haybati bir pul, ikki pul, ikki chaqa edi.
Qahhorning qaysarona so‘ragan “uzr”ini eshitgan qo‘mondon to‘pponchada otib tashlangan odamdek o‘tirgan kursisidan ag‘darilib tushayozdi, ikki qo‘llab og‘zini pana qilgancha, “Vaysama, hu, onangni!..” deb so‘kinishdan tilini tiyolmadi.
Qahhor uni eshitmaslikka oldi, ichida esa, “Onadan ishladiyu, zang‘ar!” dedi alam bilan. “Men Nurliga qo‘g‘irchoq bo‘lsam, Nurli alkash bu bosqinchi iflosning qo‘g‘irchog‘i-ku!” degan gap xayolini chizib o‘tdimi, o‘tirganlarga sezdirmay zaharli kuldi-qo‘ydi.
Adib eski qadrdonlarini ko‘rayotgandek, palatadoshlariga birma-bir razm soldi. Ularning ahvoliga qiziqdimi yoki ulardan qandaydir e’tibor-madad kutdimi, javdirab alangladi.
– Nu kak, sedoy-molodoy? Vse budet v poryadke. Skoro u nas budet novыy odnopolchanin, xi-xi-xi!
Qartavoz hazilvon bemor shunday deb bo‘sh qolgan to‘shakka ishora qildi.
Qahhor betini devor tomonga burdi. Hamon rentgen xonagami yoki operatsiya xonasigami borib kelganini farqlolmay, o‘ylarini tiniqlashtirishga urindi. Diqqatini jamladi. Kibriyo xonim aytganday yaxshi narsalar haqida o‘ylagisi keldi. Xotira olib qochdi.
Tavalludining oltmish yilligi, unga bag‘ishlangan dabdaba, balandparvoz olqishlaru karnay-surnaylar qolib, adib aytgan bir og‘iz luqma jamoatchilikning oyog‘ini osmondan qildi go‘yo.
– Men partiyaning soldati emas, ongli a’zosiman!..
Shu gapni aytgani rost, shoshilmay, og‘ir-vazmin aytgani bor gap. Lekin uni o‘z qulog‘i yoki o‘zgalarning og‘zidan eshitgan kishi borki, munosabat bildirmay qolmadi.
– Bu – men partiyaning soldati emasman, degani!..
– Bu – o‘zimning aql-hushimga, e’tiqodim-aqidamga sodiqman, degani!..
– Bu – tarixiy jasorat!..
– Bu – faqat yozuvchi odam aytishi mumkin bo‘lgan iqror!..
– Bu – adabiyotning, adabiyot odamining ovozi!..
– Ana endi Maskov jim qarab turmaydi!..
– Yozuvchilarning uyi kuydi!..
– Bu aslida – men partiyaning ko‘rsatmalarini oddiy askarlardek ongsiz ravishda emas, to‘la anglagan holda, kiroyi pishiq-puxta ado etaman, degani!..
El og‘ziga elak tutib bo‘lsa-chi!..
Yaxshi xotiralarga allaqaysi g‘ussalar aralashib ketdi. Adib bamisoli ichida g‘ujg‘on o‘ynayotgan, tinchini o‘g‘irlayotgan xotiralarini o‘qishga tutindi:
– Saidiy kim?.. So‘tak, qo‘rqoq. Suygan qizi qolib, boshqalar istagan megajin-maxluqqa uylandi. O‘shaning qosh-qovog‘iga qarab yashadi. Boshida botir gapchilarni qovushtirgan ham uning o‘zi! Asarda “botir gapchi” degan so‘z yo‘q, birorta yo‘q. Pismiq! Sotqin! Osh-qatiq bo‘lib yurgan ulfatlarini ajdahoning og‘ziga ro‘para qildi-da, o‘zi qochdi. Qochib, mana, o‘limning changaliga tushdi. Sotqin odam kimning kimligi bilan ishi yo‘q – topsa, tumshug‘idan ilinadigan qilib, ho‘rakka aylantirsa, tamom! Qaynotasi Murodxo‘ja domladan tortib, pochchasi, opasi, hamkasblari – bari uning uchun ho‘rak!.. “Sarob”ni qayta yozaman. Saidiy obrazini qayerdan olgansiz, deb so‘rab-surishtirib qo‘yishmaydi. Abdulladek shoir, Saidiy – Usmon Nosir emasmi, deb so‘radi-ya! Betingda ko‘zing bormi, demay-netmay so‘radi-ya! O‘zi talant, lekin, hali bola, yosh, qiziqqon!.. “Sarob”ni titkilashdi, “Qo‘shchinor”ni titkilashdi, “Tobutdan tovush” qolmadi… Necha qaytalab yozdim ularni! Tirikligimda shunday qilishdimi, keyinchalik bu titkilashlar holva bo‘lib qoladi. Qon topshiring, qon!.. Nurli, alkash, iflos!.. Kelgindi, musofir!.. Kim, kim kelgindi, musofir? Hammang, hammang, hammang! Senlarga ko‘rsataman, kim kelgindi, musofir ekanligini! Topganlarim?! Nima dedi, lo‘li xotin? Buyurmaydi, dedimi? O‘zimgami?.. Botir gapchilargami?.. Bitta-yarimtasi hayotmi-yo‘qmi, Xudo biladi. Birortasi ro‘para kelsa, har bittasining gunohini betiga aytardi. Ha-da, o‘zing bir qishloq muallimi bo‘lsang, chumchuqning patidek gazetada muxbir bo‘lsang, sovetga, sho‘roga qarshi bosh ko‘tarishni kim qo‘yibdi senlarga?! Kim yomon – sho‘ro yomon, nima noma’qul – sho‘ro mafkurasi noma’qul! O‘shanday chalamulla sho‘rtumshuqlarni fosh qilganimmi, gunohim?! Eh, zamon nag‘masini uqmagan lodonlar!.. Ah, gumrohlar!..
Ko‘z o‘ngida gir-gir aylanayotgan chirpirak dam dadasi, dam Saidiy, dam uning qaynotasi Murodxo‘ja, dam Usmon Nosir, dam “Qo‘shchinor chiroqlari”, dam qo‘qonlik “Botir gap”chi hamshaharlar, dam… allanima va allakimlardan vujudga kelgan girdob Qahhorni goh tubsiz qorong‘ilik qa’riga tortib ketar, dam o‘tmay, ayni o‘sha girdob chirpiragi uni yorug‘likka olib chiqar, bu girdibod o‘pqonida es-hushni omon saqlash, hayhot, dushvor edi, dushvor!..
Qahhorni yo‘tal tutdi. Yo‘tal uni uyg‘otdi ham, hushyor torttirdi ham. Ko‘zini katta-katta ochgancha palatani nazardan o‘tkazdi. Qayerda, qay ahvolda yotibdi? Ayoli qani? Professorning boshini qotirayotgan bo‘lsa-ya?! Yoki o‘zi bilgan “kerakli joy”ni izlab ketdimi?! Borib “kerakli joy”ni ostin-ustun qilmasaydi!..
Dimog‘iga yoqimsiz is urildi. Qaysi bir kasalning yarasi ochilib ketdimi yoki uydan keltirilgan ovqatni suzishdimi… cho‘chqa hurillaganday bo‘ldi. Adib aftini bujmaytirdi, u boshini ko‘tarib o‘tirib olgisi, choyshab-ko‘rpani ko‘tarib tashlab, chap oyog‘ining barmoqlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni mo‘ljalladi.
Maskovning katta do‘xtirlari uni qorong‘i xonaga olib kirib, uxlatib qo‘yib, nima qilishdi? Dori-darmon surishibdi, dedi-ku, kampiri, o‘sha dori-darmonning hidimikan?.. Qimirlatib ko‘rdi – oyog‘ida jon bor, faqat, nega og‘rimayapti? Yoqimsiz hidga chidasa bo‘lar, lekin hademay ko‘z ochishi muqarrar bo‘lgan og‘riqqa dosh berish mahol, og‘riqqa.
– Olamni latta hidi tutsa… olamni latta isi tutsa, avvalo o‘zingdan boxabar bo‘l, birodar!..
– Latta hidi, latta isi… Kasallik sizning xotirangizni titib yubordi shekilli?
– Xotirani?..
Tepasida paydo bo‘lgan Kibriyo opa xushxabar topgandek, jilmaydi.
– Tilingizning zahari – sizga buvingizdan meros. Topdimmi?
Achchiq-nordon o‘xshatishlaringiz ham…
– Men buvimga mehr qo‘ymaganman, yomon ko‘rganman.
Kibriyo opa bo‘sh kelmadi.
– Hayot shunday – kimsa yo yaxshi ko‘rgan, yo yomon ko‘rgan odamiga o‘xshab qolayotganini o‘zi sezmaydi. Siz ham…
Qahhor yonboshlab, ko‘pdan buyon ayolini endi ko‘rayotgandek unga termilib qoldi.
– Men o‘zimni dadamning davomi desam… gaplarida jon bor, buvimning har bitta gapi jonni o‘yib olardi…
– Rahmatli… Ayangiz-chi, ayangiz? Mushtipar…
11
O‘sha chirpirakdek aylanayotgan girdob adibni yana necha qayta qorong‘ilik qa’riga g‘arq qildi, yana necha qayta yorug‘likka olib chiqdi. U dam o‘zidan ketdi, dam o‘ziga keldi. Xayollar girdobi azob-uqubat girdobiga sola boshladi uni.
Ayam mendan oldin va mendan keyin sakkiz bolasini qora yerga topshirdi. Taqdir uning boshiga solgan zaqqumni unda-munda dadamga aytolsa aytgan, lekin buvimning zahar chakillagan so‘zlariga bosh ko‘tarib qaramadi. Buvim vag‘illagani-vag‘illagan, qarg‘agani-qarg‘agan, ayamni odam o‘rnida ko‘rmasdi. Yo‘q yerdagi gaplar bilan dadamga chaqib, urdirardi. “Sendan bo‘lgan bola nima bo‘lardi, itdan bo‘lgan qurbonlikka yaramaydi” degan-a, ayamga! Kelgindi edim, ko‘chmanchi edim, it musofir edim, unga buvimning og‘izdan chiqqan bu tavqi la’nati qo‘shildi. Yozganman, alamimdan buvimni bukri deganman, ko‘rshapalakkka o‘xshatganman. O‘xshatganmanu… nahotki, zahar-zaqqum o‘xshatishlarim menga o‘sha ko‘rshapalak… buvimdan o‘tgan bo‘lsa?! Kibriyo topib aytdi-ya, shuni!..
Ayamdan-chi? Ayamdan alamni ichga yutish meros qolgan shekilli? Ichingga yutilgan alam vaqti kelib zahar-zaqqumga aylanib, tashqariga dud-bo‘ron bo‘lib chiqar ekan. Ana o‘sha zahar-zaqqumlar, dud-bo‘ronlardan paydo bo‘lmaganmikan Abdulla Qahhor?! Qahhorning qattol qahri?!
Nima sababdan shu choqqacha o‘ylab ko‘rmadi shularni, u?! Odam mana shunday xayollarga bormoqligi uchun ham boshi yostiqqa yetishi, bedavo xastalikni boshdan kechirishi kerak ekan-da! Chexov domla yozgandi-ya, xastalik – dunyoni, insonni bo‘lakcha anglamoq uchun beriladi. Domla o‘zi shifokor bo‘la turib, o‘z dardiga davo topolmadi, bir tutam umr ko‘rdi…
Kutilmaganda palata eshigi ostonasida Kibriyo opa paydo bo‘ldi, uning dimog‘i nimadandir chog‘ ekanligi darhol sezildi. Qahhor ayolining kayfiyatidan biror xushxabar umididami, xayoli bo‘linganiga ranjimadi va shu zahoti taxmini tasdiq topganini ko‘rdi: eshikda yelkasiga oq xalat tashlagan, sochi hurpaygan, juda-juda tanish, mehribon chehra undan ko‘z uzmay turardi!
– Assalomu alaykum, Abdulla aka!
Adib nazarida allaqancha vaqtlardan buyon bu taxlit yoqimli salomni eshitmagandi, bir og‘iz qadrdon kalom uning huzuriga O‘zbekiston bo‘lib, o‘zbek bo‘lib kirib kelgandek tuyuldi! Vujudiga qaltiroq yugurdi, ich-ichida paydo bo‘lgan o‘ksik nido bo‘g‘ziga qadaldi. Ko‘zlari to‘rt bo‘lib intiq kutayotgan tanish, qadrdon chehra!
– Shabotxo‘ja! O‘zingizmi?! Keldingizmi?..
Qahhor shunday dediyu, ko‘zlarini chirt yumdi. Professor adibning yonog‘idan dumalab tushgan ko‘z yoshini ko‘rmaslik niyatida atrofga alanglab, palataning ahvoliga, raftoriga obdon nazar tashladi-da, indamay kelib, tik turganicha bemorning bilagiga barmog‘ining uchini qo‘yib, yurak urishiga diqqat qildi. Qo‘lini adibning bilagidan uzdi, karavotning yonginasida shay qilib qo‘yilgan sun’iy nafas oldirgich anjomlarga ko‘z qirini tashladi, zum o‘tmay, bu safar bemorning boshqa bilagiga “quloq” tutdi.
– Men kelgindimanmi? Musofirmanmi?!
Qahhorning alam va darg‘azab tovushi momaqaldiroqdek qaldirab eshitildi.
– Mutlaqo, Abdulla aka, mutlaqo unday emas.
– Nega meni bu yerga jo‘natib qo‘ydinglar? Yolg‘izlatib?! Hech kim yo‘q, hech kim! – Uning tovushida o‘pkalanish ohangi zo‘rayib borayotgandi. – Bular menga qanday dori-darmon qilyapti, hech kim bilmaydi! Nafidan ko‘ra, ziyoni ko‘pga o‘xshaydi!..
– Shifokorlari malakali, Abdulla aka…
– Malakasini meni o‘ldirishga sarflayapti. Senlardan esa darak yo‘q.
– Men xabar topdimu, yetib keldim, Abdulla aka.
– Shuhrat keldimi? Birgamisizlar?
– Men Rigada edim, anjumanda. O‘sha yerdan keldim. Shuhrat aka…
– Toshkentga opketinglar…
– Xo‘p, Abdulla aka, opketamiz…
Adib hamon ko‘zini ochgisi kelmadimi yoki ocholmadimi, o‘pkasi to‘lib takrorladi:
– Nima bo‘lsa, Toshkentda bo‘lsin, Xo‘ja… Tezlataylik.
Shabotxo‘ja qo‘ynidan kattagina oq ro‘molchasini olib, betini, ko‘zlarini shoshilmay artdi. Ehtimol, o‘zidan biror lahza nigohini uzmay tik turgan Kibriyo opaga qarashdan qochayotgan edi.
– Uqdingizmi, Xo‘ja? Gaplashing…
– Gaplashdim, – baralla va dadil tovushda gapga tushdi Shabot Xo‘jayev, –eng kattasiga uchrashdim. Vishnevskiy juda mashhur, bilag‘on shifokor, akademik, Abdulla aka. Picha sabr qilaylik, adibimiz sog‘ayib ketadilar, dedi.
Qahhor yalt etib ko‘zini ochdi. U Shabot Xo‘jayevga tikkasiga qarab turardi. Uning nigohida “Gaping rostmi yoki aldayapsanmi?!” degan ma’noni uqish qiyin emasdi. Shabot Xo‘jayev bir bemorga, bir umid to‘la nigohini uzmay turgan uning ayoliga qarab oldi-da, ko‘pni ko‘rgan shifokorlarga xos ishonch va qat’iyat bilan javob berdi:
– “Bir hafta yota tursinlar, oyoqqa turadilar, keyin javob beramiz!” dedi.
Adibning afti g‘ijimlangan qog‘ozdek bujmaydi. U bir hafta kutish azobini tasavvur qildimi yoxud og‘riqning zo‘riga dosh berish ko‘yida tishini tishiga bosdi, pastki labini tishladi, ko‘zlarini chirt yumib, yotgan ko‘yi holdan ketdi.
– Doktor! Doktor! – o‘rnidan dik etib turgan Shabot Xo‘jayev eshik tomonga o‘girilib, chaqirishga tushdi.
Kibriyo opaning ovozi unikidan o‘tkirroq, xavotirli eshitildi:
– Sestra! Kislorod! Sestra!
12
Adib hech narsa yuz bermagandek o‘ziga keldi. Kasalga ham o‘xshamasdi. Ikki daf’a hushidan ketganini, ikki daf’a sun’iy nafas oldirishganini ham bilmadi. Ikki yonida jimgina o‘tirgan Kibriyo opa va uning singlisi Marhaboga “O‘tiribsizlarmi?” degandek bir-bir ko‘z yugurtirdi.
– Qonib uxlabman, – dedi, dadil va o‘ktam ovozda. – Hatto og‘riq ham toliqdi shekilli?..
Kibriyo opa adibning to‘xtamay gapirishga mayli borligini payqadi, uni chalg‘itish epini topishga, ehtimol, bemorning yana picha orom olishiga undashga urindi.
– Qonib uxlash ham dorining nafini beradi, – dedi u.
– Ko‘p ezmalik qilmang, demoqchilar shekilli? Shabotxo‘ja qayerda qoldi? Ketib qolmadimi?
– Ketmadi, halizamon kep qoladi.
– Yaxshi do‘xtir, tajribasi katta. Shuhratdan darak bormi?
– Shuhrat Maskovda, samolyotdan tushgan zahoti qo‘ng‘iroq qildi.
Hademay kirib keladi, xotirjam bo‘ling.
Qahhor uzoq kutgan orzusi ushalayotgandek quvonib ketdi. Horg‘in ko‘zlari charaqlab, chehrasiga tabassum yugurdi.
– Kelsa, darhol kirsin, zudlik bilan kirsin. Uxlab qolsam, uyg‘otsinlar, durustmi? Marhabo, eshitdingiz-a?
Marhabo bosh irg‘adi, adibning ra’yiga quloq tutib, “Xo‘p” dedi, shivirlab.
Qahhorning nafas olishi tezlashdi, bir oz og‘irlashdi ham. Opa singlisi bilan adibni ikki tomondan yelpishga tushishdi.
– Yoqyapti, – dedi Qahhor ko‘zlarini yumib. – Elityapti. Lekin Shuhrat kelgani zamon…
Kibriyo opa boshini singlisi tomon engashtirib, g‘udrandi:
– Shuhrat! Shuhrat! Chi gapi zarurashon boshad, nadonam?
13
Shuhrat Qahhorga nigohi tushgan zahoti biram yengil tortdi. Ustozning rang-ro‘yi olinmagandek, o‘zi bardam ko‘rindi. Behuda xavotirlanibman-da, deb qo‘ydi u ichida. Faqat adibning ko‘rishish uchun uzatilgan qo‘lida behad holsizlik sezildi.
– Xayriyat, – dedi Qahhor mamnun tabassumini yashirmay. – Xayriyat. Endi bundoq engashing, Toshkent nafasini olib kelgandirsiz.
Shuhrat ustoz adibning betiga betini bosdi, harorat qayda, mu-uzday! Ko‘z yoshini tutolmadi. Zinhor sezdirmasligi kerak!.. Shuhrat shu o‘yda bosh ko‘tarar-ko‘tarmas, Qahhorning chakkalaridan yosh dumalayotganini ko‘rdi.
– Butun O‘zbekistonning qulog‘i Maskovda, xalq sizga shifo tilamoqda.
Shuhrat shunday deb jim bo‘lib qoldi. Qahhor “Chindan shundaymi?” degan ma’noda, ishonib-ishonqiramay unga termildi.
– Muxlislaringiz… shogird shoiru yozuvchilar… Erkin, Abdulla…
Uchqun, O‘tkir, Shukur… Hamma-hammasi… Said Ahmad, ustozni ko‘rgan zahoting bizga qo‘ng‘iroq qilgin, deb tayinladi. Ozodni aytmaysizmi!.. Ko‘rinishingiz juda yaxshi, Abdulla aka.
– Yaxshimi? – ochiqchasiga istehzo aralash luqma tashladi Qahhor, ishonmay.
Shuhrat “yaxshi” deya olmadi, “durust” deya oldi, xolos.
– Durust bo‘lsa, eshiting, – dedi Qahhor vazmin va past tovushda. –
Zudlik bilan Toshkentga olib ketishga kirishing, Toshkentga… Shabotxo‘ja bir haftadan keyin, dedi. Kasalxonaning kattasiga uchrashibdi, o‘sha aytibdi.
– Men ham uchrashdim. Akademik ekan. “Vash Gafur Gulyam velikiy poet” dedi. “Men – yahudiyman”ni nazarda tutdi shekilli…
Qahhor tinglab yotishni emas, gapirishni istayotgan edi. Ichidan to‘lib-toshib chiqayotgan gaplarni bitta qo‘ymay, tugal aytgisi kelayotgandi.
– Bo‘lar gapdan gaplashaylik. Shuhrat, inim, men oshimni oshab yoshimni yashadim, yozadiganimni yozdim. Ko‘rgansiz, G‘afur aka bilan Shayxning yonida bo‘sh joy boridi, to‘g‘rimi?.. Muso… Oybek tuzukmi, ko‘rdingizmi?
– Yaxshilar…
Hayotda ko‘p qattiq kunlarni boshdan kechirgan Shuhrat harchand urinmasin, ko‘ngli bo‘shashib ketdi. Nimadir demoqchi edi, bo‘g‘ziga yosh tiqildi. Qahhor davom etdi:
– Qo‘qonlik Abdurahmon Holiqiy degan domla bor, muallim.
– Hm.
– Janozani o‘sha inson o‘qisin, siz ayting, bajo keltirishadi.
– Hm. Nimalar deyapsiz, Abdulla aka… Abdulla aka!..
Kutilmaganda palataga kirgan shifokor ayol yugurib karavot tepasiga keldi, kislorod yostiqchasining sim-ichaklarini to‘g‘irlab, adibning og‘iz-burniga o‘rnatdi.
– Vыxodite! Posetiteli, nemedlenno vыxodite!
U shunday degancha, adibning tepasida girdikapalak bo‘la ketdi. Shuhrat palatani tark etayotib Kibriyo opa garangsib nima qilarini, o‘zini qayerga qo‘yishini bilmay jovdirab qolganini, Marhabo esa cho‘nqayib, devorga suyanganicha betini kaftlari bilan to‘sib olganini ko‘rdi.
14
Bir kun avval kutilmagan voqea bo‘ldi.
Ittifoqo palataga mashhur adib Konstantin Simonov kirib keldi. Kibriyo opa uni ilgaritdan, Toshkentdagi uchrashuvlardan yaxshi bilar, Qahhorning asarlarini tarjima qilgan, har ikki adib o‘zaro yaqin aloqalar o‘rnatgan edi. Bu safar…
Aksiga olib, Simonov kelganida Qahhorning ahvoli anchagina tang, hatto ro‘parasida turgan odamni tanish-bilishga, u bilan muomala qilishga madori qolmagandi.
Simonov kursida o‘tirganicha chamasi ikki-uch daqiqalar xasta adibga termilib, chuqur o‘yga toldi.
– O‘ttiz yildan buyon bilaman, Qahhorni, – dedi u hamon bemordan nigohini uzmay. – “Sarob”ga o‘xshash asar yo‘q bizda, mutlaqo boshqacha roman, mutlaqo… Adashganlar obrazi tasvirlangan… Roman ortidan orttirilgan malomatlar… ular boshqa mavzu, oson ko‘chmagan uni yozish…
– Konstantin Mixaylovich!
Simonov bosh ko‘tarib, tovush chiqarmay yig‘layotgan Kibriyo opa tomon o‘girildi.
– Opa, siz bardam bo‘ling… Men xabardor bo‘lib turaman…
Shunday deb, yozuvchilar uyushmasi darg‘asi o‘rnidan qo‘zg‘aldi, ikki odim tashlamay, to‘xtadi, nimadir yodiga tushgan odamdek iziga qaytdi. Hamon ko‘zlari yarim yumuq, hars-hars nafas olayotgan Qahhorga termildi.
– Hamisha aytolmaydigan gaplari borday yurardi, ranj-alammi, hasratmi… o‘sha narsa, ko‘zlari yumuq holida ham sezilmoqda…
Kibriyo opa “Yaxshi eshitmay qoldim?” deya savol berib ulgurmay, rus adibining eshik yonida turgan yordamchisi shekilli, o‘spirin yigit “Slushayu vas” degancha Simonovga tomon peshvoz qadam tashladi. Simonov opaga ham, yordamchisiga ham qaytib izoh bermadi, bir-bir odim tashlab, palatadan uzoqlashdi.
15
Yo‘lakka chiqqan Shuhrat o‘zini qayerga qo‘yishni bilmas, u yoqdan bu yoqqa yurar, yuragini yorib gaplashay desa, kimsa tanish yo‘q edi. Shundagina u yonida bir odam xuddi o‘ziga o‘xshab nari-beri borib kelayotganini payqadi. Unga qaradi, notanish odam tanishdek tuyuldi. Shuhrat xayolini yig‘ib olgunicha, notanish odamning o‘zi uning ro‘parasiga yaqin kelib to‘xtadi-da, sof o‘zbek tilida savol qotdi:
– Kislorod ulashdimi?
Notanish odam shunday deb bosh chayqadi, so‘ng savoliga javob kutmay, g‘udrandi:
– Qiyin, qiyin…
– Siz? – Shuhrat savol qotib ulgurmay u odamning O‘zbekistonda mashhur professor Shabot Xo‘jayev ekanligini tanidi. – Og‘irmi?
– Kutamiz, boshqa ilojimiz yo‘q, – dedi professor asabiy titrab.
– Shabotjon! Katta do‘xtirlarini chaqirmaylikmi?
Oraga sovuq jimlik cho‘kdi. Shuhrat savolini takrorlamadi, lekin vatandosh shifokordan nigohini uzmadi.
– Katta do‘xtirlar qiladigan ish qolmadi… Aslida Maskovga olib kelish mutlaqo shart emasdi, shular qilayotgan amalni o‘zimiz ham eplardik!..
Shuhratning eti jimirlab ketdi. Manglayida muzday ter tomchilari paydo bo‘ldi. Professor yana nimalarnidir aytadigandek edi, biroq Shuhrat qo‘ynidan kattagina, qorday oppoq ro‘molchasini chiqarib, nari ketdi. Yuz-ko‘zini artar ekan, bahor kunlari Qahhorni shifokorlar konsiliumi ko‘rgani, konsilium bemorni Maskovga jo‘natishga qaror qilganini esladi. Taniqli shifokorlarning xulosasi uni tang qoldirdi. Nima uchun Maskov? Qandli diabetni Maskovda qanday davolashsa, Toshkentda ham undan kam emas. Nima keragi bor adibni bu yoqqa jo‘natib, sarson qilib, yolg‘izlatib?.. Ertasi kuni Qahhor so‘radi undan, “Siz nima deysiz? Boring, desangiz, boraman, yo‘q desangiz, bormayman” dedi Abdulla aka. Afsuski, kazo-kazolar ishtirokidagi konsilium xulosasiga qarshi taklif bildirish, vrachlik odobiga zid ekanligi Shabot Xo‘jayevning tilini ushladi.
U Qahhorning savolini javobsiz qoldirdi…
Mana, endi…
Shu payt palatadan chiqib kelgan shifokor ayolning chehrasida boyagi tashvishdan asar ham qolmagan, dimog‘i chog‘, toshkentlik ikki mehmon yoniga yaqin keldi.
– Yaxshi bo‘lib qoldi. Uyqudan uyg‘ongandek, fikri biram tiniq.
Kulib, suv ichib o‘tiribdi. Faqat bemorni toliqtirmanglar, aslo mumkin emas. Tinglasa – ruxsat, lekin ko‘p gapirishga qo‘ymanglar.
U shunday deb nari ketdi.
Palata eshigida toliqqan, lekin xursand Kibriyo opa ko‘rindi.
– Yaxshilar, – dedi u mamnun kayfiyatda. – Bag‘oyat yaxshilar!
16
Tun bo‘yi hech kim mijja qoqmadi. Qahhor esa necha uyg‘onib, necha marta uyquga ketdi. Lekin uyqusi behalovot kechdi. Nafas olishi qiyinlashar, og‘iz-burnidan emas, xuddi ko‘kragidan nafas olayotgandek, tinmay hansirar, dam qattiq uyquga ketar, ko‘p o‘tmay ko‘zlarini katta-katta ochgancha, go‘yo uxlamaganday yon-veridagilarga birma-bir qarab chiqar, ko‘ziga ko‘ringan odamga nimadir deb gap qotgisi kelar, go‘yo hozir tush ko‘rganu o‘sha tushi ta’sirida, ehtimol chala uyqu aralash berilgan xayollari ta’sirida nimalarnidir qayta-qayta so‘rar-surishtirar, ba’zan esa bir-biriga bog‘lanmagan, daxlsiz-aloqasiz mavzularni tushuntirishga kirishib ketar, bir so‘z bilan aytganda…
– Muhokamada bormidilaring? Men bordim, qatnashdim.
“Ertaklar”ni rosa maqtashdi. Saidiy ham kepti. Saida ko‘rinmadi… Chexov domla ko‘rinmadi. Olisda jon berdi, “Piterga opketinglar” deb yolborgandi. Meni Toshkentga opketasizlar-a?..
Girdob chuqurlashdi. Qorong‘i edi. Nafas qaytdi. Ko‘z o‘ngida manzaralar shu qadar ko‘p-hisobsiz ediki!.. Girdob chirpiragi yuqoriladi. Chirpirak uni xasdek yuqoriga uloqtirdi. Uzuq-yuluq bo‘lsa-da, nafasi picha ravonlashdi.
– Qo‘qonda Kaptarxona… ko‘rdim, suv sharqirab oqyapti. Piyolada simirib ichdim, oh!.. Dadam… peshonasida yulduz qadalgan do‘ppi, qo‘lida miltiq… Ayam uvvos solib dadamni qo‘lidagi miltiqqa tarmashdi, qon yig‘ladi… Dadam… Chaqiringlar, qon olsin, istaganicha olsin! Bir tomchi qoldirmay olsin!..
Girdob. Qorong‘ilik, yorug‘lik. Gir-gir, gir-gir. Ko‘z tindi, ko‘ngil aynidi. Til aylanmayapti. Yakkash g‘o‘ldir-g‘o‘ldir. Takror. Yana…
– Muhokamaga Mirza keldi, “Farg‘ona tong otguncha”ni yozgan, menga tanbeh berdi. “Jon Abdulla aka, dadangizning gunohlari mening bo‘ynimga, ularni yozmang, o‘chirib tashlang” dedi! O‘tinib, yukunib aytdi… Bir hafta, Toshkentga boray, Mirzaga aytay, dadamning gunohlari senga og‘irlik qiladi, ular o‘zimga buyursin, deyman, keyin “Ertaklar”ni qayta yozaman… Ana, mitti qushchalar qafasdan uchib chiqib ketyapti, ana!.. Saidiy ham o‘xshamadi, o‘zim istaganday yozolmadim. Munisxon, Soraxonni masxara qildim… Qon topshirishga chaqirishyapti!.. Qancha qonim qoldi, o‘zi? Olaversin, dedim-ku!.. Qon topshirdinglarmi?.. Saidiy kim? Girdobga g‘arq bo‘lgan odam u. Romanni qayta yozaman, u “Sarob” emas, “Girdob”! Toshkentga yetib olay… Ishlar ko‘p… Ichimda bir savol bor, o‘shaning javobini topishim kerak, shart… Shuhrat, uqdingiz-a?.. Shabotxo‘ja, yonimdamisizlar?.. Uyda, kutubxonada kitob ko‘p, xat-hujjat… O‘qimanglar ularni, hech kim qo‘l urmasin. Men qo‘l urganman, yetar, bas, boshqalar urmasin. Kibriyo, ularning hammasiga o‘t qo‘yamiz, yoqamiz…
Tongga qadar hech kim mijja qoqmadi. Shabot Xo‘jayev bilan Shuhrat Maskovdagi elchi bilan ikki qayta qo‘ng‘iroqlashishdi. Toshkentga sim qoqib, nimalarnidir maslahatlashishdi. Shuhrat kalovlanib nima qilarini bilmas, Shabot Xo‘jayev esa tajribali shifokor sifatida aksincha taqdirga tan bergan odamdek ancha xotirjam tortib qolgan, hech kimga biror og‘iz so‘z aytmas, lablarini qimtiganicha, qoshlari o‘rtasida paydo bo‘lgan tuguncha tarqamas, go‘yo hademay yuz beradigan muqarrar nihoyani aniq tasavvur qilayotganday…
Nonushtadan so‘ng nafaqat “manavi” palatada, butun uchinchi qavat yo‘laklarida besaramjonlik qo‘bdi. Kimlardir shitob bilan yugurgilab kelar, palataga kirib ketar, ko‘p o‘tmay u yerdan kimlardir qaytib chiqar, ikki-uch hamshira biri olib biri qo‘yib bemorning qo‘li-oyog‘iga igna suqar, boshqasi dam-badam uning tumshug‘iga kislorod simlarini o‘rnashtirar, uni yulib tashlashar, shuncha talvasa orasida birdan adibning ko‘zlari charaqlab ochilar, u nimalarnidir aytib qolish ilinjida lablarini ilang-bilang qimirlatar, lekin u aytayotgan so‘zlarni tushunib bo‘lmas, bir chekkkada cho‘k tushgancha Kibriyo opa bilan Marhabo adibdan ko‘z uzmay javdirishar, ahyon-ahyonda Shuhratning iltijo to‘la tovushda “Abdulla aka! Abdulla aka!” degani eshitilib qolar, bemorning bosh tomonida bo‘ychan bosh shifokor bilan Shabot Xo‘jayev og‘ir tin olgancha, so‘zsiz-nesiz ojizona yerga termilib qolishgandi.
Nihoya kutilmaganda yuz berdi: og‘iz-burniga sun’iy nafas oldirgich bog‘langan, ikki qo‘li yonida cho‘zilgan, sanoqsiz igna suqishlardan bilaklari qorayib-momataloq bo‘lib ketgan Qahhor bor bo‘yi bilan qattiq siltanib tushdi. “Bas, to‘xtatinglar!” degani edimi bu, yoxud jon uzilishi siltovi edimi, hamma birdan jim bo‘lib qoldi, biron og‘iz so‘z sig‘mas edi bu sukunatga. Bemorning jonini tutib, saqlab qolish ilinjida unga tarmashgan shifokorlar, hamshiralar boshqa bir topshiriq kutgandek, iltijo bilan professor tomonga o‘girilishdi.
– Bo‘ldi!..
U boshqa so‘z aytmadi. Birinchi bo‘lib yuz bergan voqeani Kibriyo opa angladi. U ho‘ngrab, o‘zini marhumning ustiga tashladi.
Shuhrat yosh to‘la ko‘zlari bilan qo‘l soatiga qaradi, soat 10dan 23 daqiqa o‘tgandi…
2021–2022 yil
«Sharq yulduzi» jurnalining 2025 yil, 1-sonidan.

