Tangrinig erkasi deya nom olgan yunon hukmdori Iskandar Maqduniy qo‘shini meloddan avvalgi 331 yilda Gavgamela shahri yaqinidagi yalanglikda fors podshosi Doroning ikki yuz ellik minglik lashkarini tor-mor etdi. Natijada ikki asrdan buyon magribu mashriqni qu’rquvda tutib kelayotgan Ahmoniylar davlati barham topdi. Mag‘lub podshoh mash’um kungacha o‘ziga tobe bo‘lgan mamlakatning shimoli tomoniga qochdi, ammo yo‘lda hamrohlari bo‘lmish Boxtariston va Sug‘d noibi Bess bilan lashkarboshi Nabarzan tomonidan xiyonatkorona o‘ldirildi. Bu xabarni eshitgan Iskandar: “Podshoh qonini mendan o‘zga biron bir kimsaning to‘kishiga haqqi yoq edi”, degan dag‘dag‘a bilan xiyonatkorlarni ta’qib etishga kirishdi.
Bundan keyingi voqealar juda uzoq davom etgan qonli janglar, zafaru mag‘lubiyatlar tarixi bo‘lganidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Qolaversa, kaminada Iskandar bilan Sug‘d lashkarboshisi Spitamen o‘rtasida kechgan omonsiz jang-jadallarga bag‘ishlangan hikoyalar yozish istagi ham bor .Illo, hozirgi maqsadimiz bor-yog‘i Iskandar Maqduniyning Boxtariston va Sug‘d tomon borayotganida ro‘y bergan bir voqeani hikoya qilib berish, xolos.
Iskandar yunon qadami yetmagan noma’lum o‘lkalar tomon g‘alabadan ruhlangan qalqonbordorlarini shiddat bilan boshlab borarkan, ba’zan payonsiz sahro qo‘ynidan shamol ko‘targan to‘zon kabi to‘satdan paydo bo‘lib, xuddi shunday tez g‘oyib bo‘ladigan sahroyilarning oniy, ammo dahshatli hujumlariga to‘qnashib o‘tishga majbur edi. Bu hujumlar nechog‘li shiddatkor bo‘lmasin yosh jahongir yuragiga qo‘rquv sololmasdi. Qo‘rquv borayotgan manzilning noma’lumligida edi. Buyuk so‘qir – Homerning: “Noma’lum va yot yurtda adashmoqdan dahshati yo‘qdir!” degan hikmati hamisha uning yodida. Ammo qo‘rquv ham y’ol bosgan sayin kamayib, noma’lumlik ortga qolganidayin ortda qolib borardi.
Iskandarning boshidagi yunonlarning dong‘i ketgan ustasi Teofil yasagan obdor dubulg‘a qaynoq sahro quyoshi ostida yaraqlab ko‘zni qamashtirar, dubulg‘aga ulangan po‘lat halqachalar esa yigitning bo‘ynini kutilmagan xavf-xatardan to‘sib turardi. Sitsiliyalik qurolsozlar yasagan qirmizi sovut ostidan kanopdan to‘qilgan qo‘shqavat javshan yosh sarkarda vujudini mahkam siqib olgan . Belida Xitoy podshosi tuhfa qilib yuborgan, qushdek engil bo‘lsa-da, puhta ishlangan keskir qilich. Iskandarning jangdagi ishonchi, jonu-dili shu qilichi edi. Elkasida usta Gelikon qo‘lidan chiqqan va minnatdor rodosliklar sovg‘a qilgan alvon yoping‘ich. Iskandar ot ustida shamolday ucharkan, elkasidagi yoping‘ich o‘ziga xos bayroqqa aylanar, u qayerda paydo bo‘lsa, o‘sha erda askarlar ruhlanib, yanada shiddatliroq jang qilishar, har bir jangchi bu bayroqni hifz etib halok bo‘lishni o‘ziga sharaf deb hisoblardi. Iskandar buni yaxshi bilgani uchun ham jang payti yoping‘ichini echmasdi…
* * *
Iskandar oqshom payti keksa lashkarboshi Parmenion bilan suhbatlashib o‘tirardi. Quyosh ufq ortiga botganiga qaramay hali harorat pasaymagan, qilt etgan shabada ham sezilmasdi.
– Esingda bo‘lsa, Herodot bu yurt odamlari xususida ularning
Ellada zaminida forslar tarafida turib jang qilganlarini batafsil yozgan… – deya gap boshladi Parmenion – Esladingmi?..
Parmenion shunday deb yonida turgan qutichani ochib, Herodotning asari bitilgan papirus o‘ramalarini oldi. Lekin Iskandar unga mutlaqo e’tibor bermay xayolga cho‘mganini ko‘rib, o‘ramalarni yana o‘rniga qo‘ydi.
Parmenionning fil suyagidan yasalgan bu qutichani olib yurishiga ham Iskandar sababchi: keksa qilichboz bu ishi bilan yigirma yashar podshoh ko‘nglini olishni istardi. Boshqa lashkarboshilar ham xuddi shunday qutichalar olib yurishining sababini esa Gavgamela jangidan so‘ng ro‘y bergan bir voqea ochib berardi.
Podshoh Doro mag‘lubiyatidan so‘ng fors hukmdori-yu ko‘p sonli saroy ahlidan qolgan boyliklarni ro‘yxat qilgan yunon amaldorlari taklifi bilan jahongirning yaqin safdoshlari o‘ljalar orasida eng qimmatbaho hisoblangan buyumni Iskandar huzuriga olib kirishdi. Bu bebaho duru gavhar bilan ziynatlangan quti – kichkina sandiqcha edi. Sandiqchaga o‘rnatilgan gavhartoshlarning ayrimlari Fors saltanatiga qarashli viloyatlarning bir yillik xirojiga teng kelardi. Iskandar qutichani maroq bilan tomosha qilarkan,ichida ustaning hunariga tahsin aytdi. So‘ng qoshida o‘tirganlardan:
– Bu qutida nimani saqlashimni maslahat berasizlar? – deb so‘radi.
– Doroning tojini, – dedi o‘ylab o‘tirmay Klit.
– Otang Filipdan meros qolgan tojni, – dedi Parmenion.
– Xitoy podshohi sovg‘a qilib yuborgan qilichni, – dedi Iskandarning bu tortiqni nihoyatda yaxshi ko‘rishini bilgan Filot.
Davradagilar o‘zlariga ma’qul maslahatlarni berib bo‘lgach, kimning taklifi ma’qul topilishini kutib sukut saqlashdi.
– Men bu qutichada, – Iskandar shunday deya o‘tirganlarga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi: – “Iliada”ni saqlashni istardim…
* * *
Hozir Parmenon bilan suhbatlashib o‘tirarkan, uning gapi bahona Herodot asarida Boxtariston va Sug‘d xususida yozilgan ma’lumotlarni esladi. Iskandarning xotirasi kuchli edi. Ustozi Arastu ham uning quvvai hofizasiga tahsin o‘qigan.
Iskandar Herodotning Fermopila yaqinida sodir bo‘lgan dahshatli jangda forslar tarafida boxtarliklaru sug‘dlar bilan birga sahroi saklar – iskit(skif)lar ham ishtirok etgani haqida yozganlarini bir-bir xayolidan o‘tkazdi. Muarrix iskitlarni uchli qalpoq, teridan qilingan egin-bosh kiyishlarini, jangu jadalda mashhur sak kamoni, xanjar va ikki damli oybolta qo‘llashlarini yozgan edi. Hozir yo‘lda Iskandarga dam badam hujum qilayotgan sahroyilarning ust-boshi, qurol-yarog‘i ham Herodot tasviriga mos kelardi.
Herodotning yozishicha, qolaversa, iskitlar bilan goh birga, goh o‘zaro jang qilgan forslarning ta’riflashicha, kamonbozlikda sahroyilarga teng keladigan qavm hali jahonda yo‘q ekan. Iskitlar uchun uzuk orasidan novak uchirib o‘tkazish oddiy bir ermak ish ekan. Iskandar bu gaplarga unchalik ishonmasdi. Uning o‘zi jang-jadalsiz kunlarda ham kamondan o‘q uzish mashqini kanda qilmas, ko‘kda uchib borayotgan qushni bemalol otib tushira olardi. Uzuk orasidan novak uchirib o‘tkazish haqidagi gaplar esa uning uchun suyukli Herodotning Troya muhorabalariga bag‘ishlangan dostonida ham dam-badam uchrab turadigan lofdan bo‘lak narsa emasday tuyilardi.
Shularni o‘ylar ekan, Iskandar Parmenionga qarab:
– Herodot to‘g‘ri gaplarni yozgan ekan…- dedi.
Bu gapni eshitgan Parmenion birdan engil tortib, quvonib ketdi. Uning bu holatini payqagan Iskandar miyig‘ida kulib qo‘ydi. Gavgamela jangi arafasida va jangda ro‘y bergan voqealardan buyon uyalib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay yurgan bechora chol yosh hukmdorining e’tiborini qozona boshlaganidan xursand edi.
Gavgamela jangi oldidan Doro Iskandar huzuriga o‘z elchisini yubordi. Elchi Iskandarga: “Forslarning buyuk hukmdori senga o‘n ming talant tilla va Osiyoning yarmi ustidan hukmronlikni berishga rozi “,- deb aytdi. Shunda Iskandarning yonida turgan Parmenion beixtiyor:
– Agar men Iskandar bo‘lganimda, bu taklifga o‘ylab o‘tirmay rozi bo‘lardim, – deb yubordi.
Iskandar o‘sha zahoti, ammo Parmenionga qayrilib ham qaramay, javob berdi:
– Zevs haqi aytamankim, agar men ham Parmenion bo‘lganimda bu taklifga rozi bo‘lardim.
So‘ng elchiga qarab tahdid bilan:
– Borib Doroga ayt, osmonda quyosh ikkita bo‘lmaganidek, yerdayam podshoh bitta bo‘ladi, – dedi.
Mana shu voqeadan so‘ng Parmenion ancha vaqtgacha o‘zini Iskandardan olib qochib yurdi. Uning ustidan kulganlar ham topildi. Aksiga olib, Gavgamela jangida ham omadi yurishmadi. Qariligi asar qildimi, sustkashlikka yo‘l qo‘ydi. Oqibatda qo‘l ostidagi jangchilari bilan mushkul ahvolda qoldi. Tajribasiz yosh lashkarboshiday o‘rovga tushdi. Baxtiga Doroning jang maydonidan qochganini eshitgan fors jangchilari tahlikaga tushdilaru keksa sarkarda sharmandali mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Bari bir Iskandar qattiq g‘azablandi. Ammo keksa sarkardani ayadi. Otasi Filipp bu sodiq safdoshini yaxshi ko‘rar, unga qattiq mehr qo‘ygan edi. Hatto u bir marta: “Men afinaliklarga juda havas qilaman. Ular har yili saylovda o‘nlab lashkarboshilarga ega bo‘ladilar. Men bo‘lsam necha yillar davomida bor-yo‘g‘i bir lashkarboshini Parmenionni topdim”, deya lutf etgan edi. Padari buzrukvori bu bilan afinaliklarning o‘n lashkarboshisiga Parmenionning bir o‘zini teng qo‘yishini aytmoqchi va bu bilan afinaliklarni masxaralab, o‘z lashka
rboshisini olqishlamoqchi edi. Iskandar Parmenionning jangdagi sustkashligi boisini qarilikdan deb biladi. Uning nazarida, sustkashlik ojizlikdan, ojizlik esa qarilikdan tug‘iladi. Ha, qarilik qo‘rquvdir! Yigirmayashar jahongir ustozi Aristotelning “Qarilik – donishmandlik” degan hikmatini esladi-yu, fikrini bari bir o‘zgartirmadi…
Gavgamela jangida Parmenion boshliq askarlar mana shu sahroyilar – saklar bilan massagetlardan iborar qo‘shin o‘roviga tushib qolgan edi. Bess boshliq bu qo‘shinda boxtarlar va sug‘dlar ham bor edi. Xususan, sug‘dliklar sarkardasi Spitamenning dilovarligi yunonlarni hayratga soldi.
Iskandar Herodotning kitobida qayt etilgan podshoh Doroning bobosi Kurush mana shu bepoyon sahro qo‘ynida massagetlar tomonidan jangda mag‘lub etilgani, hatto boshi tanidan judo qilinib qon to‘la meshga tiqilgani haqidagi hikoyani esladi.
– O‘sha massagetlar malikasining ismi To‘maris edi, – dedi Parmenion.
Iskandar yalt etib keksa lashkarboshiga qaradi. “Nima haqda o‘ylaganimni bu chol qayerdan bila qoldi?” – deb o‘yladi u hayratini yashirolmay.Yana yalt etib Aristotelning hikmati fikridan o‘tdi.
Parmenion bo‘lsa hech narsa bo‘lmagandek, sahro jaziramasida iligan, endigina paydo bo‘lgan oqshom shabadasi hali sovutishga ulgurmagan may to‘la kosani shimirardi. Iskandar ham qo‘liga qadahini oldi. Ular o‘tirgan chodir ichi haliyam dim edi. Safar davomida tashnalik hammani qiynar, ammo suv kamchil, sharob esa ko‘p edi. Iskandarni boshlab borayotgan forslar so‘ziga qaraganda ikki kundan so‘ng juda katta daryoga yetib borisharkan. Shuni o‘ylab, iliq sharobdan ko‘ngli behuzur bo‘lgan Iskandar tamshanib qo‘ydi.
Kecha qiziq voqea yuz berdi.
Kun tikkaga kelgan payt edi. Quyosh ayamay olov purkardi. Bu olovdan po‘lat cho‘g‘langan misol chaqnab borar, sovutlar ichidagi vujudlar esa suv bo‘lib erib ketayotganday go‘yo…
Bu holdan betoqatlangan Iskandar Zevsdan tezroq kun botishini tiladi. Ammo shomgacha hali uzoq edi. Tashnalikka oxiri Iskandarning o‘zi ham chidolmadi. Suv so‘radi. Unga Gavgamela jangida qo‘lga tushgan Doro suvdonini uzatishdi. Suvdonda ozgina suv qolgan ekan. “Bori shumi?” deb so‘radi. Xos soqchilari boshlig‘i unsiz bosh irg‘adi. Iskandar suvdonni labiga olib borish asnosida to‘rt tomondan tashna askarlar nigohini tuydi. Ha, butun lashkar suvdonga ko‘z tikkan edi. U nima qilishini bilmay, taraddudlanib qoldi. So‘ng shartta suvdondagi suvni qizib yotgan qum ustiga to‘kdi. Qizigan qum dam o‘tmay suv izidan nom-nishon qoldirmadi. Ich-ichida nogahoniy kuchli hayajon uyg‘onganini sezgan Iskandar “Men hamma qatoriman!” deya qichqirdi. Jangchilar ruhlanib ketishdi. “Bizni o‘ylab shunday qildi!” deb bir-birlariga faxrlanib gapira boshlashdi.
Mana endi Iskandar tashnalikni may bilan qondirardi. Askarlarga ham suv o‘rnida may tarqatishar, ammo mast bo‘lmaydigan miqdorda berilsin, degan farmonga qattiq rioya qilinardi.
Iskandar mayni behad suyar, jangu jadalsiz chog‘larda tuni bo‘yi davom etadigan bazmlarda “to‘ydim” demasdi. Mana shunday paytlarda ta’magirlarni omadi chopardi: yosh jahongir maqtov eshitishni xush ko‘rardi. Bu esa ta’magirlik, tilyog‘lamalik qilishni bilmaydigan ayrim lashkarboshilarni qiyin ahvolga solib qo‘yardi. Ular ikki o‘t orasida qolib nima qilishlarini bilmasdilar. Boshqalarga qo‘shilib tilyog‘lamalik qilay deyishsa, bundan orlanishar, qolaversa, uddalay olishmas, maqtovlarga qo‘shilmay sukut saqlash esa xavotirli edi. Ammo jang arafasida Iskandar har qanday bazmlarga barham berar, yana ziyrak va farosatli hukmdorga aylanardi. Oqibatda ta’magirlar chetlashib, so‘zdan ko‘ra qilich ushlab jang qilishni eplaydiganlarning omadi yurishardi.
Mast odam jangga yaramaydi. Suyukli “Iliada”da bu haqda bag‘oyat go‘zal aytilgan:
May qirqqay kuch;
ketgay quvvat bilakdanu
mardlik yurakdan…
Herodot ham o‘z bitigida sharob xususida ko‘p rivoyatlar keltiradi. Uning yozishicha, mana shu sahroyilar bilan jang qilgan Kurush maydan o‘z yovuz niyati yo‘lida ustalik bilan foydalangan. Malika To‘marisning o‘g‘li bo‘lmish massagetlar lashkarboshisini sharob yordamida qo‘lga tushirgan.
Mana endi mag‘lub Doroning bobkaloni Kurushni halok etgan sahroyilar makonidan muzaffar yunon qo‘shini o‘tib borardi. Bu qo‘shinni to‘xtata oladigan kuch jahonda yo‘qdek tuyulardi.
* * *
Yo‘l boshlovchi forslar aytgan daryogacha bir kunlik masofa qolganda manzil qurdilar. O‘sha kuni jangchilar yaqin-atrofda poda boqib yurgan sak cho‘ponini tutib, Iskandar huzuriga olib kelishdi. Cho‘pon yigit deyarli u bilan tengdosh edi. Boshida uchli qalpoq, egnida teridan qilingan ko‘ylak-ishton kiygan cho‘pon yigit ko‘zida qo‘rquvdan asar yo‘qligini sezgan Iskandar tilmochni chaqirdi. Tilmoch etib kelgach, cho‘pondan bu yerlarda nima qilib yurganini surishtirishni buyurdi.
– Uyur boqib yuribman, – deb javob berdi cho‘pon.
– Mening kelayotganimni eshitib, bekinmadingmi? – dedi Iskandar.
– Qo‘rqqan odam bekinadi! – dedi cho‘pon yigit.
Iskandar cho‘pon yigitning javobiga qoyil qoldi. Shu payt uning nigohi askarlar o‘rab olib, tomosha qilayotgan cho‘pon yigitning otiga tushdi-yu, dong qotdi. Bunaqa otni u hali umri bino bo‘lib ko‘rmagan edi. Hatto keng qashqali bo‘lganidan Butsefal deb nom olgan suyukli oti ham sahroyi argumoq bilan tenglashtirilsa, qadrini yo‘qotib qo‘yishi mumkinday tuyuldi.
Iskandar o‘n yildan buyon Butsefeldan ayrilmas,uni ko‘z qorachig‘iday asrardi. Otasi Filipp bu otni Iskandar hali go‘daklik chog‘ida fasallik mashhur otfurush va sinchikda tengi yo‘q Felonikosdan o‘n uch talantga sotib olgan ekan. Iskandar Girkonni zabt etib, Kaspiy dengizi bo‘ylab sayru tomosha qilib yurgan paytida sahro ichidan to‘satdan paydo bo‘lgan sahroyilar to‘dasi qirg‘oq yaqinidagi o‘tloqda o‘tlab yurgan otlar qatori Butsefelni ham olib ketishdi. Buni eshitib Iskandarning g‘azabi junbushga keldi. U “Agar otim tezda qaytarilmasa, butun Girkonni xonavayron qilib, aholini qatliom qilishdan qaytmayman” degandan so‘ng, otini qaytarib berishdi. Iskandar shunday quvondiki, hatto o‘g‘rilarga ot uchun to‘lov to‘lashga ham rozi bo‘ldi.
To‘gri, sahroyi yigitning otini Butsefalga tenglashtirib bo‘lmasdi. Butsefal juda noyob ot, ammo cho‘ponning oti ham kuchli, ham bag‘oyat ko‘rkam edi.Otni zavq bilan tomosha qilgan jahongir yana cho‘pon yigitga qaradi.
– Otingni menga sot, – dedi Iskandar.
– Do‘stimni sotolmayman! – dedi cho‘pon yigit.
– O‘ylamay javob berishga shoshilma Men otingni tortib olishim, seni esa o‘limga buyurishim mumkin! – dedi Iskandar har bir so‘zini dona – dona qilib.
– Meni o‘ldirib otimni olsang, ol, ammo mendan uni sotishni so‘rama, – dedi cho‘pon yigit Iskandarning ko‘ziga tik qarab.
Iskandar qachonlardir xuddi chu taxlit javobni eshitganday edi. Dam o‘tmay esladi. U Doroning yenggandan so‘ng xizmatiga kirgan forslarning biri uning iltimosi bilan ahmoniylar sulolasi haqida so‘zlab berar ekan, Doroning buyuk bobosi Kurush bilan bog‘liq bir voqeani ham hikoya qilgan edi.
Kurush o‘z qo‘shinidan oddiy askarlardan birining otiga ishqivoz bo‘lib qolibdi-da, undan katta haq evaziga otini berishni so‘rabdi. Shunda askar yigit:
– Yo‘q,ulug‘ podshohim,- debdi, – talabingni ado etolmayman. Agar odamlar orasidan shunday sadoqatli do‘stni topa olishimga ishonganimda edi, senga otimni bajonidil bergan bo‘lardim.
Kurush askarning javobidan hayratlanib, unga ko‘p tortiqlar qilgan ekan. O‘sha forsning naql qilishicha, Doro ham otning ashaddiy ishqivozi va har qanday otning zotini, fe’l-atvorini biladigan sinchi bo‘lgan ekan. Uning yana bir qiziq odati – jangga otlanganida hamisha endigina qulunlagan biyani o‘zi bilan olib ketar ekan. Doro Gavgamela jangidan avval bo‘lib o‘tgan Issa yaqinidagi jangda mag‘lub bo‘lganida mana shunday biyalarning biriga minib ortiga qochgan va bolasini qo‘msagan bechora biya shunday shitob bilan chopgan ekanki, qochqin podshoh ortidan quvishga tushgan askarlar yarim yo‘lda qolib ketishgan.
Iskandar cho‘pon yigitning javobidan mamnun bo‘lib, yuzi yorishib borarkan, nogoh saklarning tengi yo‘q mergan ekanlari haqidagi gaplarni eslab qoldi. “Mana endi o‘sha bo‘lmag‘ur mish-mishlarning asossiz ekanligini isbotlaydigan payt keldi”, deb quvondi ichida. U Gavgamela jangidan so‘ng qochoq Doroni quvganda, forslar hukumdori tashlab qochgan jangaroba bilan birgalikda qo‘lga tushirilgan shoh kamonini keltirishni buyurdi. Ammo yosh jahongirning maqsadini hali anglashga ulgurmagan cho‘pon yigit shohona kamonga ko‘z qirini ham tashlamadi. Iskandar o‘rnidan turib, kamonni qo‘lga oldi-da:
– Agar sen kamondan o‘q uzib, uzuk orasidan o‘tkaza olsang, otingni minib ketishingga ruhsat beraman. Xato qilsang, o‘zing kamonchilarimga nishon bo‘lasan. Rozimisan?!-dedi.
Cho‘pon yigit bir nafas o‘yga botdi. Ammo shu bir nafas ichida uning ko‘nglida qattiq bir musohaba bo‘lgani yigit yuzida ko‘rinib turardi. Yigit yana Iskandarning ko‘ziga tik qarab:
– Yo‘q!- dedi.
Iskandar qah-qah otib kulib yubordi. So‘ng yo‘l davomi unga saklarning merganligi haqida latifa aytib kelgan forslarga g‘azab bilan o‘qraydi. Uning kozlaridan : “Mana ko‘rib qo‘yinglar, o‘sha sizlar maqtagan mergan sahroyilarning bittasi… Sizlar emasmi, ularning yetti yasharidan yetmish yasharigacha kamondan o‘q uzib uzuk orasidan o‘tkazishi haqida lof to‘qigan” – degan tahdidli ma’noni ilg‘ab olish mumkin edi.
– Olib borib boshini tanidan judo qiling! –dedi Iskandar jahl bilan Doro kamonini chetga irg‘itarkan.
Soqchilar boshlig‘ining ishorasi bilan ikki navkar cho‘pon yigit qo‘llaridan mahkam tutishdi. Yigit ularga qarshilik ko‘rsatmadi, u hech narsa bo‘lmaganday xotirjam edi. Uchinchi askar “Qani ketdik!” – degandek, uning kuragiga nayzasini tiragan mahaldagina cho‘pon yigit yaqinida turgan tilmochga nimalardir gapirdi. Buni ko‘rgan Iskandar o‘sha zahoti: “Shoshmanglar!” – degandek qo‘lini ko‘tardi. Keyin tilmochni yoniga chaqirdi.
– Nima dedi?
– Uch to‘rt kundan beri poda ortidan yurib mashq qilolmagan ekan. Shuning uchun o‘q uzganida hato qilishi mumkin ekan,- deb javob berdi tilmoch.
Bu gapni eshitgan Iskandar nima deyishini bilmay qoldi. U o‘q uzib xato qilishdan ko‘ra o‘limni afzal ko‘rgan cho‘pon yigit oriyati oldida hangu mang edi . Iskandar oriyatli odamlatni hurmat qilardi. U hayrat ichida turarkan, o‘z-o‘zidan tiliga “Illiada” satrlari quyulib kela boshladi:
Har bir mard-la, hordiq bilmay,
Otashona jang qilsin har mard!
Iskandar cho‘pon yigitni ozod qilib, otini qaytarishni, xohlagan tomoniga ketishiga to‘sqinlik qilmaslikni, keyin cho‘pon yigit uyuri allaqachonlar qo‘shin zahirasi ixtiyoriga olinganini eshitib otlarni ham bitta qo‘ymay qaytarishni buyurdi. “Oriyatli xalq bilan jang qilish uchun oriyatli bo‘lmoq kerak”, deb o‘ylardi Iskandar…
Yo‘l boshlovchilar aytgandek, ertasi kuni vaqt peshindan o‘tgan mahal olisda yoyilib oqayotgan daryo ko‘rindi. Bu Herodod ta’riflagan Oks daryosi edi. Sahroyilar tilida bu daryo O‘kuz deb atalarkan.
Tashnalikdan qiynalgan lashkar suv tomon otildi. Iskandar ham yo‘l davomida birinchi marta Butsefalga qamchi urdi. Qirg‘oqqa yetib kelgach, ust-boshini yechmasdan daryoga kirdi. Oks suvi uni hayratga soldi. Bu suv u shu paytgacha kechib o‘tgan daryolar suviga deyarli o‘xshamasdi: suv juda mayin, xuddi zaytun moyidek muloyim edi.
O‘sha kuni kechqurun daryo qirg‘og‘ida salqindan rohatlanib o‘tirgan Iskandar chodiriga ayg‘oqboshi – fors Arsam kirib keldi.
– Shohim, – deb gap boshladi u ta’zimni ado qilib bo‘lgach, – ayg‘oqchilar qaytib krlishdi. Ular keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, xiyonatkor Bessni na boxtaristonliklar, na sug‘dlar quvvatlayotgan emish. Sug‘d sarkardasi Spitamen atrofiga esa xalq to‘planayotgan emish. Eng muhimi, Spitamen eng dilovar va oriyatli yigitlardan yetti mingini saralab xos
lashkar tuzib jangga hozirlik ko‘rayotgan emish… Arsamning gaplarini eshitib Iskandar chuqur xayolga botdi. Uning ko‘zi o‘ngida nima uchundir kechagi cho‘pon yigit namoyon bo‘ldi. Botayotgan quyosh aksi daryo ustini qizartirib borayotganini, go‘yo o‘zanni qon to‘ldira boshlayotgandek ham sirli, ham hayajonli manzarani tomosha qilar ekan: “Kurash og‘ir bo‘ladi!” – deb pichirladi yosh jahongir…
1990