Bu dunyodagi hech bir narsa mening bir tomchi ko‘z yoshimga arzimaydi…
Musofirning gapi.
Bola edim. Baxtli edim. Hammasi uyimizning farishtasi – S. bobomning bevaqt olamdan o‘tganidan keyin boshlandi. Hayotimda ungacha baxtli ekanman, ammo endi aqlimni tanib, tiniq tasavvurlarim va dunyoqarashlarim shaharning g‘ola-g‘ovurlarida pishib yetilganidan keyingina noayon sirlar ham ravshanlasha boshladi, negadir menga shunday tuyulmoqda. Bir paytlar hamma omadsizlik menga yopirilib kela boshlaganida, o‘zimga falsafa to‘qirdim, «endi azoblar ichra to‘lg‘onib, ingranib itdek o‘lib ketmokchimisan, undan ko‘ra kelajak haqida o‘ylasang, hayotingni shunga moslasang bo‘lmaydimi», derdim. Yo‘q. Ko‘nglim ko‘nikay demasdi. Aqlim ham yetim ko‘nglimning izidan ergashgani ergashgan. Bilmadim, birgina yolg‘iz boshimni boshqorolmay, arosat botqog‘ida koldim…
Men yurib borayotgan yo‘lni mendan oldin sanog‘siz odamlar bosib o‘tgan va o‘tmoqda ham. Bu yo‘llarda kim bilsin, necha yuzlab odamlar jangu jadallarda, ofatlardan saqlanmoq uchun hayot bilan kurashgan, o‘z qavmi bilan olishgandir, bilish qiyin. Negadir mening hozirgi, kayfiyatim tug‘ib berayotgan taxminlarim shuni anglatajak. Mana uydan chiqib ketganimga ham o‘n yildan oshibdi. O‘qish-izlanish, deb umrimning eng go‘zal lahzalarini bekorlarga ko‘kka sovirib yuborgan ekanman. O‘qimasdan turib ham hayotning ma’nisini, dunyoning kitobiy sirlarini bilish mumkin ekan-ku? Men nega shunday qilmadim? Bilmayman, bilganim doim menga teskarisi – pand bergani-bergan…
S.bobom o‘limining tezlashganini, yaqin kunlarda bu dag‘al dunyoni tark etib, chin dunyoga safar qilishini bilgan ko‘rinadi. U paytlari o‘n ikki yashar jujuq edim. U paytlari o‘lim nima, u qanday narsa, odam ham o‘ladimi degan mushohada – tasavvurlar yo‘q edi menda. Chunki bolalikning shirin lahzalarini, osuda, orzularga limmo-lim damlarini boshdan kechirayotgan baxtiyor kunlar ekanman… Men o‘lim haqida jiddiy o‘ylab ko‘rgan bo‘lishim mumkindir, ammo odam ham o‘ladimi deya o‘zimni bunday qorong‘u tunni eslatadigan savollardan ovutardim ham. Shunday qilib, bobom 9 may kuni olamdan o‘tdi. Qishloqda yashardim. Otamning, onamning aytgan yumushini qilib, keng dala-dashtda o‘rtoqlarim A. va T.bilan mol boqib, maza qilib o‘ynab yurardik. S.bobmning bexosdan infarkt bo‘lganligi va zudlik bilan tuman shifoxonasiga olib ketilgani haqidagi xabarni ikki soatdan keyin singlim Sh.dan eshitdim. Eshitdimu birdaniga ustimdan kimdir, bir paqir suvni quyib yuborgandek bo‘ldi. Boshim aylandi. Ko‘zlarim oldi qorong‘ulashdi. Bu mudhish tasodif mening yuragimni bir og‘ir timdalab o‘tdiki, haftagacha o‘zimga kelolmay, karaxt bo‘lib yurdim. Avvaligdek sevinmasdim. Jo‘ralarimga qo‘shilib o‘ynamasdim, podalarni poylab, faqat o‘z xayollarim og‘ushida sarson-sargardon kezinardim… Shunda A.do‘stim yonimga kelib, hamma aytadigan taskin beruvchi so‘zlar bilan yupatishga tushdi.
– Qo‘ygin, do‘st, sen bu ketishda o‘zingni yeb bitirasan, xali yoshsan, bobongni kasali oldindan bo‘lgan. Xudo shuni istagan tushunyapsanmi? Shuni istagan, – dedi kir-chir ko‘ylagimning yoqasidan tortqilaganicha.
Men miq etmasdim. Mum tishlab olgandek na oq, na qora derdim. Oxiri u sal nari ketdi. O‘sha yillarga ham o‘n to‘rt yildan oshibdi. Hozir xotiram qa’r-qariga singib ketgan tarixni titkilab shu narsalarni topdim. Yana o‘sha lahzalarga bir qaytib yashadim. Endi esa men yurib ketayotgan – yo‘lning oqibati qanday tugarkin, deb siqilardim. Chunki men har bir narsani o‘z botinimdan, xato bo‘lsa ham, to‘g‘ri bo‘lsa ham o‘zimdan axtarib o‘rganib qolganman. Hozir ham shunday fikrlarim ummonida kezayotirman. Begona shaharda, begona odamlar ichra yashab, odam o‘z tabiatidan ancha kechishga, shu buguni bilan murosa qilishga majbur bo‘larkan. Men esa ana shundaylar xilidanman. Birgina ko‘nglim va yuragimning amri – orzularimning bir kuni ushalajagiga, yorug‘ umidalar bilan qadam tashlagan minglab, milionlab odamlarning bittasiman, xolos.
Yigirma uch yoshimda bir qizni qattiq sevib qoldim. Orzular qilardik. Shirin bo‘salaridan yuragim uvishib, unga osmon to‘la orzularni va’da qilganligim chindir. Chunki uning kamon qoshlariyu uzun kipriklari tarang tortilgan qaboqlariga qaraganimda – o‘ychan nigohida o‘z baxtim va baxtsizligimni his etganimda bor dunyoni, uning g‘alvalarini unitardim. Kunlardan bir kuni u menga ertak aytib berishimni iltimos qilib qoldi. «Jinnimisan», dedim unga shu paytdagi sevinch toshib chiqqan yuziga qarab.
– Ertakni eshitib, sen bola edingmi? O‘zing baxtiyor ona bo‘lish ostonasida turibsanu mendan ertak eshitmoqchimisan? – dedim.
– Ha, sizdan bir ertak eshitgim keldi.
– Men ertak aytsam sen uxlab qolasan, – dedim kulgim qistab.
– Mayli, uxlasam sizning yoningizda uxlayman-ku? Begona emassiz-ku, axir, – dedi.
Shunday qilib bobomning bir paytlari menga aytib ketgan ertagini chamalab, esimga solib oldim va uni sevgilimning ro‘parasida o‘tirib, hayajon bilan ayta boshladim:
«Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim o‘tgan zamonda Amudaryo tomonda, Jumurtog‘ etaklarida bir o‘spirin o‘tgan ekan. Bechora turmushning og‘ir savodlaridan, yo‘qchilik azobidan nihoyatda ko‘ngli zada bo‘lib qiynalgan ekan. Ota-onasi o‘g‘lining tong sahardan tog‘ etaklariga chiqib ketib, kunni kech qilib qaytishini va bir arava o‘tin terib kelishini intizorlik bilan kutar ekan… Yigit shu paytlari saharda tog‘ tomon borarkan, eski quduq oldidan o‘tarkan. Eshakni to‘xtatib, har kuni shu quduqqa nigohini tashlab ketarkan. Uning nigohi shu darajada o‘tkir ekanki, quduq tubida, oy nurlarida jimir-jimir qilayotgan suv, qandaydir chaqalib ketarkan. Yigit shu quduq tubiga boqib, o‘zining ota-onasiga duo qilarkan. «Ey, Tangrim, mushkullarimizni oson qil, meni emas, ota-onamning ko‘ngillariga sevinch olib kir. Yuzlaridan g‘am-anduhni ketkaz. Umrlarini ziyoda qil» deb yaratgandan ezguliklar so‘rarkan. Shunday qilib, yigitning kuchiga-kuch, davlatiga-davlat qo‘shila boshlabdi. Yigit yolg‘iz farzand emasmi, bir kuni oyisi q
attiq betob bo‘lib qolibdi. Har kungi ishi – o‘tin terishni bas qilib, oyisiga qarashga tushibdi. Qishloqda olib bormagan, ko‘rsatmagan tabibi qolmabdi. Yigitning ilkis, esiga o‘sha o‘zi tavof qiladigan quduq tushibdi. Ertalab turib, oyisini orqalab, o‘sha quduq oldiga olib boribdi. Quduq yoniga kelganida oyning to‘lin yog‘dusi bir boshqacha go‘zallashib ketibdi. Oyisini quduq oldiga keltiribdi-da, boshini sekin ushlab kasallikning aksi urgan so‘lg‘in nigohini o‘sha quduqqqa qadabdi. Quduq tubidagi oy aksi to‘lqinlanib, suv chayqalib ketibdi. Shu payt yigitning betob onasi «Bir piyola suv deb» ovoz chiqaribdi. Yigit esa shu zahoti belidagi ipni yechib chekkaroqdagi teshik paqirga bog‘lab quduq tubiga tashlabdi. Suvdan bir hovuchgina ilib chiqibdi. O‘sha suvni betob onasi og‘ziga qo‘llari bilan tutib ichiribdi. Oylab gapirmagan onasi «Bir piyola suv» degan ovoz chiqarganidan sevingan yigit «endi volidam tuzala boshlaydi» deya xayol qilibdi. Shu-shu, onasi uch kun ichida tuzalib ketibdi. Buni bilgan va bilmagan
qishloq odamlari hayronlar bo‘lib yoqa ushlab qolishibdi. Yigit esa har kuni erta saharda o‘tin terishga o‘tayotib, shu quduqqa aytgan duoi-istaklarini quduqdagi suv o‘ziga singdirib qolgan va yigitning istaklari Tangri xohishi bilan mustajob bo‘libdi degan xulosaga kelibdi».
Men eratgimni aytib tugatib sevgilimning ko‘ziga qarasam, qorachiqlari yoshga to‘lib, to‘kilay-to‘kilay deb turgan ekan. Shu payt mening bo‘ynimga osilib, yuzlarimdan cho‘lp-cho‘lp o‘pib oldi. Men esa ertagimning unga qanday ta’sir qilganini va achinish yoshlarini oqizganidan xijolat bo‘larmini ham, quvonarimni ham bilmasdim.
– Meni tashlab ketmaysizmi, – degandi u. Men esa:
– Qiziqmisan, seningdek qizni tashlab ketib bo‘larkanmi?
– Sizga ishonaman, – dedi yumshoq qo‘llari bilan yuzimni silab.
…Oradan kunlar, oylar o‘tdi. N.ning yaqin qarindoshiga to‘yi bo‘layotganini eshitib qoldim. Men shu bekayfiyat xabarni eshitarkanman, go‘yoki, bu yorug‘ dunyoning ma’nisi qolmagandek tuyuldi. O‘sha kuni erta tongda tashqariga chiqib, salqin havoda shaharning yorug‘ ko‘chalarini bir o‘zim aylanishga tushdim. Ichim qizigandan, qizir, borlig‘imni qandaydir ismsiz dard egallab olgandek, bir yomon holga tushib qoldim. Go‘yo chanqog‘ini bosolmay tipirchilayotgan ehtiyojmand kabi o‘zimni chor tarafga ura boshladim. Men degan bitta jism, bilmadim, mingta bo‘lakka bo‘linib ketgandek edi. Siqilardim. Eng og‘ir damlarda yoningda, o‘z jufti haloling yoki sevgan insoning yo‘qligi ko‘ngligga qattiq botarkan. Tong ham yorishdi. Shaharning ola-shovqini yana boshlanib ketdi. Men esa ikki-uch soatlik masofni bosib o‘tib, yana yolg‘izxonamga qaytib keldim… O‘sha kuni tomog‘imdan ovqat o‘tmadi. Ishtahamning ham pushti kuyib ketgandek edi. Uzanasiga tushib yotarkanman, ko‘z olimdan hamma kilgan yaxshiliklarim, xatolarim, o‘ylamay
qilgan adog‘siz ishlarim bir-bir bahor bulutlaridek sokin va hissiz o‘ta boshladi. Bobomni, otamni, onamni jo‘ralarimni esladim. Va, sevgan insoni N.ni sog‘inardim. Shu payt bir piyola suv ichgim kelib qo‘limni uzatardim, madorim bo‘lmay, o‘rnimdan turay desam, turolmasdim. Yon daftarchamni olib, bir kunlik hayotimni bita boshladim. Qalamning ham siyohi tugaganmi, yozuvlar qo‘llarimning qaltirog‘idan, hissiyotlarimning alg‘o-dalg‘ov to‘fonlaridan aniq-tiniq ko‘rinmasdi… Birdaniga bundan yetti yil ilgari o‘z sevgilimga aytib bergan ertak esimga tushdi. Men esa betob paytimda qo‘limga bir piyola suv tutadigan insonimning yo‘qligidan dilim ozorlanardi…
Menga dard bergan, bir umr iztirob qo‘yniga yolg‘iz qoldirib ketgan insonim N.ga bo‘lgan mehrimni yuragimning tub-tublarida asrab yurardim… Yurardimki, hech kimga bu haqda churq etib og‘iz ham ochmasdim. Men endi yurib ketayotgan yo‘limni teng yarmiga kelib qolgandek edim. Yana bir qadam tashlasam – manzil ayonlashardi. Lekin shundan hadiksirardim. Bobomning «o‘qigin, katta odam bo‘lgin» degan o‘gitlarini eslaganimda borlig‘im bir paytlardagidek orzularga limmo-lim to‘lardi, go‘yo sohir tuyg‘ular vatanida kezinardim… biroq kayfiyat zum o‘tmasidanoq, o‘z umrini yashab bo‘lardi. O‘rniga yana o‘sha hol – iztirobning adog‘siz iskanjasida siqila boshlardim.
Hayot ma’nolarga to‘la edi. O‘sha ma’nodan esa menga tegishli bitta inson hayoti juda muhim edi. Lekin o‘sha ma’nodan ham ayrildim. Men o‘zim yashayotgan olamimda o‘zimga tegishli nimaiki sodir bo‘lmasin, barchasini bitta narsaga borib taqardim. Sevgan ayolimga va uning visoliga yetishish orzulari. Endi ana shular haqida o‘ylarkanman, o‘sha paytlari, uning bilan o‘tkazgan ikki yarim yillik quvnoq damlarda naqadar baxtli ekanman. Inson o‘zi istagan narsasiga erishish uchun sanoqsiz qurbonlar beradi. Kimgadir yoqadi, kimgadir yomon ko‘rinadi. Yoki hech kimga hech bir nafi tegmaydi, alal-oqibatda o‘zining hayotini – arosat chohiga itqitib yuboradi. Men hech kimga jabr qilmgan insonlar xilidanman. Faqatgina o‘zimdan o‘tganin, o‘z ichim, borlig‘im biladi. Men o‘zimga jabr qilgan ojiz bandaman, xolos…
Baxt va baxtsizlik orasida chegara bormi deb o‘ylar edim, bir paytlar. Chegara aslida yo‘q ekan. Ular har ikkisi ham yonma-yon yurarkan…
…yonma-yon yurarkanki, kuchli-ojizni mahv etib boraverarkan. Inson uchun ikki hol mavjud ekan: kuchli va kuchsiz. Har ikki hol ham bitta «men» degan jismning ichida o‘zlaricha yashab kelaverarkan. Kun kelib, orzularga darz yetib, qayg‘ularga ko‘milganda ikki hol bir-biri bilan tinimsiz jang qila boshlarkan. Lekin bitta «men» degan jismning ichida. Umrim bino bo‘lib, men shunday o‘zimning haqiqatlarimga, o‘zim tushunib yetgan hayot sirlarining mohiyatiga bir yetgandek bo‘ldim… Yo‘lning boshiga qaytib borish, hammasini boshidan boshlash uchun menga hech bir kuch va iroda yetmasligini, hayotim bundan keyin iziga tushib avvalgidek yashay olmasligimga ko‘zim yetib qoldi. Shunday bo‘lsa ham, S.bobomning «kuchlilar safida kuchli bo‘lgil, ojizlar safida mard bo‘lgil» degan o‘gitini o‘zimga hayotim shiori qilib oldim. Sevgilim N.dan menga birgina yodgorlik – qovun tilimidek lablaridan to‘yib-to‘yib bo‘salar olganim, yumshoq qo‘llaridan ushlab, o‘zimning baxtli inson ekanligimni his etganim, va, bir ertak aytib, dilini
shod qilganim qoldi…
O‘ylanman… Siqilaman. To‘lin oy to‘lgan kechada, olis yulduzlarga qarayman, samoga cho‘kib ketgan qorong‘ulikka, ularning inson ko‘ziga umid baxishda etish maqsadida bir-birini inkor etmasidan, jimir-jimir charaqlab turgani, tunning go‘zalligidan yuragim to‘lishib, koinotning sirli olamiga nigohimni qadab, xayollarga berilaman va o‘sha-o‘sha ertagimni ovoz chiqarib hamrohim sirli tunga qarab ayta boshlayman…
21.01.2012 yil.
Samarqand, Bulvar.