Xudoyberdi To‘xtaboyev. «Fermer qizga tosh otmang» (drama)

Shokalonning shohona qurilgan hovlisi. Ayvonda Shokalon bilan xotini Shahriniso atlas to‘shaklarga, par yostiqlarga yaslanishib suhbatlashyapti. Nariroqdagi baland tushgan ravonda o‘g‘li Shoumar uch-to‘rt tengqurlari bilan qarta o‘ynayapti. Xizmatkor ayol er-xotin oldiga so‘yilgan qovun olib kiradi.
Ayol – Men endi ketaveraymi?
Shahriniso – Yigitlarga ham qovun berdingmi?
Ayol – Berdim.
Shahriniso – Erta barvaqtroq kelib ko‘cha tomonning oynasini bir artgin. Hoy dadasi, gapingizni tezroq aytaqoling, hozir kinom boshlanib qoladi.
Shokalon – Qarorim qat’iy. Xurshidani kelin qilamiz.
Shahriniso – Uch yildan buyon “yo‘q”, dedim, yana “yo‘q” deyaveraman, necha marta sovchilikka borib sharmanda bo‘lib kelganim yetar.
Shokalon – Bas qil qaysarlikni.
Shahriniso – Ochig‘ini aytaymi, avvalo chet eldan qanaqa bo‘lib kelganini xudo biladi. Qolaversa, ahvolimni ko‘rib turibsiz. O‘tirsam turolmayman, tursam o‘tirolmayman. Menga yugurib-elib xizmat qiladigan chaqqongina kelin kerak. Hoy erkak, tushunsangiz-chi, sochini kalta kes-tirib, labini bo‘yab yuradiganlardan yaxshi kelin chiqmaydi.
Shokalon – (o‘shqirib, mushtlab) – Avval gapga quloq solgin deyapman.
Shahriniso – Fermer bo‘lib boyib ketgan bo‘lsa o‘ziga. (Eriga o‘xshatib uyam dasturxonga mushtlaydi). Onasiniyam yoqtirmayman. Kerilmay o‘lsin, kechagina oyog‘imni o‘pishga zor bo‘lib yurardi. O‘lmay o‘lgur eri bo‘lsa, umrbod poyma-poy kalish kiyib, urg‘ochi eshak minib o‘tgan bu dunyodan… Endi hech kimni mensimay qoptilar, bu xonim. To‘yu ma’rakalarda to‘ppa-to‘g‘ri to‘rga chiqib mana bunday qilib o‘tirib oladi-ya. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, deganlari rost ekan. Ja men ham qataloq yerdan qatalab chiqqan emasman. O‘ttiz yil bog‘chaga mudir bo‘lganman. Manaman, degan po‘rim juvonlar soyamga salom berardi.
Shokalon (g‘ijinib) – Seni bu nonko‘r Inoyat behurmat qila boshlabdi-da.
Shahriniso – Ko‘pchilikning orasida yer yorilmadiyu, yerga kirmadim.
Shokalon – Gaping tugadimi?
Shahriniso – Yaramni tirnab qo‘ydingiz. (Shokalon izzat-nafsi olingan ayol yovuz kuchga aylanadi, deb o‘ylaydi).
Shokalon – Shoshmay turgin, men o‘sha nonko‘r Inoyatni yana soyangga salom beradigan qilib qo‘yaman. Sen aqlli ayolsan, gapning mag‘zini yaxshi chaqasan.
Shahriniso (yuzi nurlanib) – Xayriyat, hech bo‘lmasa shunisini tan olarkansiz.
Shokalon – Tan olmay-chi, sening maslahating bilan shunchalik bo‘lib yuribman-da.
Shahriniso – Xayriyat-ey.
Shokalon – Senga hozir muhim bir gapni oshkor qilaman. Men aytib boraman, sen sanab borasan.
Shahriniso – Qani, qanaqa gaplar ekan?
Shokalon – Inoyat qizi bilan fermer bo‘layotganlarida men shartnomaga dashtdagi unumsiz yerlardan yuz gektar qo‘shib, keyinchalik birga ishlaymiz, deganman.
Shahriniso (Norozi ohangda) – Nega o‘sha dashtingizni bir yo‘la o‘g‘illaringizga bera qolmagansiz?
Shokalon – Dushmanlarim o‘g‘liga shuncha yer berdi, deb g‘alayon ko‘tarib, uch gektar o‘rikzorini ham oldirib qo‘yishlari mumkin edi. Zamon nozik edi, xonim.
Shahriniso – Xo‘p, buni bir deylik.
Shokalon – Endi ikkinchisiga quloq sol. Go‘zalim, agar biz Xurshidani kelin qilmasak, unga albatta Beksulton uylanadi. Bir-birlariga ko‘zini suzib qaraganini necha marta kuzatganman. Agar ikkovlari birlashsa, o‘g‘lingning fermasi xarob bo‘ladi. Agar Xurshidani biz kelin qilsak, unda o‘g‘lingning fermasi kuchayib, Beksultonniki xarob bo‘ladi. Tadbirkorlikning bir yo‘li — olishuv, kurash. Sen raqibingni yengmasang, raqibing seni, albatta, yengadi.
Shahriniso – Xo‘p, buni ikkinchisi deylik, lekin vahimaliroq ekan.
Shokalon – Uchinchisi shuki, nazarimda, Xurshidani bir-ikki yilga qolmay tuman hokimligiga ko‘tarib yuborishsa kerak.
Shahriniso – Yo‘g‘-e!
Shokalon – Kimsan, hokimning qaynabuvisi bo‘lib yursang, buning nimasi yomon?
Shahriniso – (yoqasini ushlaydi) – Yo‘g‘-e!
Shokalon – Viloyat hokimining fikri shunaqa.
Shahriniso – Siz viloyat hokimini umringizda ko‘rmagansiz-ku.
Shokalon – Men ko‘rmagan bo‘lsam ham ular meni taniydi…
Shahriniso – Tezroq to‘rtinchisini ayting. Kinom boshlanib qoladi, deyapman.
Shokalon – To‘rtinchisi shuki, Beksulton bilan Xurshida birlashib dashtga anhordan ko‘tarma suv olishsa, tepadan surilib kelgan zax o‘g‘lingning o‘rikzorini butunlay quritadi-qo‘yadi.
Shahriniso – Voy sho‘rim, bunday qilishlariga yo‘l bermang.
Shokalon – Endi beshinchisini aytaman. O‘g‘ling sal anqovroq, buning ustiga dumbul ham.
Shahriniso – (Sakrab o‘rnidan turib ketmoqchi bo‘ladi, g‘azabi oshadi, turolmaydi) – Bolamni kamsitishni bas qiling, topib olgan gaplari shu. E, o‘zingizdan ko‘ring, o‘sha paytlarda nuqul ichib kelardingiz, mast bo‘lib kelib quturgan sherdek yopishardingiz.
Shokalon – (O‘zini oqlamoqchi bo‘lib) – O‘zing ham beshinchisini tug‘mayman, deb oylab qaynoq suvda o‘tirgansan… Ha, bo‘pti, kechir meni. Gap shundaki, sen bilan meni bu dunyoga bog‘lab berganlari yo‘q. Bir kun ketish ham bor. Bizdan keyin o‘g‘ling aka-ukalarga qaram bo‘lib qolmasligi uchun unga Xurshidaga o‘xshagan xushyorroq xotin kerak, tushunyapsanmi?
Shahriniso – Yana sovchilikka bor, deysizmi?
Shokalon – Ertagayoq.
Shahriniso – Yana yo‘q, desa-chi?
Shokalon – Yana, yana, yana boraverasan. Agar Xurshidani kelin qilib, dashtdagi yerini qo‘shib olsak, dashtning eng baland joyiga senga shiypon qurdirib beraman.
Shahriniso – Odamni ko‘ndirishga biram ustasizki, keling, qo‘limdan torting.
Shokalon – Bay, bay, biram og‘irsanki.
Shahriniso – Mudirligimda ko‘p yeb qo‘yganman-da, dadajonisi.
Shokalon – Ko‘p yegan semirsa, men hozir bir tonna bo‘lardim.
Shahriniso – Dadajonisi, yegan bilan yeganingiz yuqsin ekan. (Kuladi).

* * *

Inoyat ayaning hovlisi. Aya uch qizini yoniga olib ovqatlanyapti.
Inoyat – Umida, tur. Idish-tovoqlarni yig‘ishtir. Zarifa, sen dasturxonni gilosning tagiga qoqqin. Savobi dadamga tegsin, degin. Keyin Umida ikkovlaring borib ammangni aytib kelasizlar, maslahatli gap bor ekan, deysizlar.
Zarifa – Tezroq yuring, ayajonimning yuragi tars yorilay deyapti, deymizmi?
Inoyat – Mayli, shunday desang ham bo‘ladi. Xurshida, tur narigi uyga chiqaylik, sen bilan gaplashib olmoqchiman.
Xurshida (kulib) –Ishlab chiqarish majlisi qilamizmi?
Inoyat (jiddiy)– Ha, majlis qilamiz.
Xurshida – Nima, sut sog‘ish planini bajarishmayaptimi?
Inoyat – Jon qizim, hazilga olma.
Xurshida (yana kulib) – Ayajon, novvoslaringiz ham semirmay qolayaptimi? Ayajonim, agar yana erga tegishim masalasida bo‘lsa, gap ochmang.
Inoyat – Ochaman, hozir ammang ham keladi. Sen tengi qizlar ikkitadan bolali bo‘ldi. Xumorxon uchinchisiga homilador bo‘pti. Ikkoving bir kunda tug‘ilgan eding. Qari qiz bo‘lib o‘tiraverasanmi? El-yurtning gapiga qanday chidayman?
Xurshida – Meni el-yurt bilan ishim yo‘q.
Inoyat – Hoy, ona qizim. Menga qara, yana bir yil-yarim yil o‘tsa, seni yo xotini o‘lgan, yo xotin qo‘ygan so‘rab keladi.
Xurshida – Ma’qul ko‘rsam, unisigayam, bunisigayam tegaveraman.
Inoyat – O‘zi qiz bolani o‘n yettidan oshirmay uzatish kerak ekan. Yil o‘tgan sari er tanlaydigan bo‘lib qolarkan.
Xurshida – Nega o‘n yettimda uzatmadingiz? Men ham hozir uchtasini tug‘ib olgan bo‘lardim.
Inoyat – Bilaman, senga gap topolmayman. (yig‘lamsirab) Menga qara, rahmatli dadang ellikda qazo qiluvdi. Men ham o‘sha yoshdaman. Jon bor joyda qazo bor, hech kimga falon yoshga borasan, deb oldindan aytib qo‘yilmagan. «Tap» etib o‘lib qolsam, bu yoqda sen, bu yoqda singillaring, osilib qolasanlar (yig‘lab yuboradi).
Xurshida (Sakrab turib onasining bo‘yniga osiladi, o‘ziyam to‘lib turgan ekan, qo‘shilib yig‘laydi) – Onajonim, mehribonim (sochlaridan silaydi, ko‘zlaridan o‘padi), yig‘lamang, bas qiling.
Inoyat (Battar yig‘lab) – Dadang sho‘rlik tirik bo‘lganidayam mayli edi-ya.
Xurshida (yig‘i aralash) – Ayajonim, hammasini tushunaman. Nima, mening qalbim toshdanmi, meni boshqalarga o‘xshash orzu-havaslarim yo‘qmi? Tengqurlarim bolasini erkalab bag‘riga bosib turganini ko‘rsam, havasim kelganidan ko‘kragimdan sut chiqib ketadi. Yosh kelin-kuyovlar ko‘chadan yetaklashib o‘tishsa, qaltirab oyoq-qo‘limdan darmon ketib qoladi. Kelinchakning yasatilgan uyiga kirsam, rashkim kelganidan qochib chiqib ketaman. Mening hissiyotlarim hammasinikidan toza, hammasinikidan yuksak (Yig‘lab o‘zini to‘shakka tashlaydi, to‘shakni mushtlab-mushtlab yig‘laydi).
Inoyat (Yig‘idan to‘xtab, qizini yupatishga tushadi) – Onaginam, shiringinam, yarangni chakki tirnadim, o‘zi shunaqa bo‘larkan. Omad bilan baxt qo‘shaloq kelmas ekan. Xudoga shukr, omading kelib turibdi. Iloyo, baxting ham charaqlab ochilsin.
Xurshida (Hali yig‘idan to‘xtagani yo‘q) – Ayajonim, o‘zimning ham o‘ylaganim nuqul shu. Bitta tengimni men ham toparman. Xo‘sh, unda ferma nima bo‘ladi, singillarim yosh, siz yarim jon bo‘lib qolgansiz… Yana kimlardan sovchi kelyapti?
Inoyat – Shokalon raisnikidan kelishganini aytuvdim. Bugun yana kelishdi.
Xurshida – Nima dedingiz?
Inoyat – Yana o‘sha javob, avval yigit qizim bilan gaplashsin, dedim.
Xurshida – Yana kimdan keldi?
Inoyat – Bugungisi Yaypandan. Yigitning otasi qushxonaning direktori ekan. (Kulib oladi). Qizingizni kelin qilsak, buqalaringizni bizning qushxonamizda so‘yib bemalol sotaverasizlar, dedi.
(Ona-bola ikkovlari kulishadi).
Xurshida – Rosa kim oshdi savdosi avjiga chiqarkan-da, ayajon.
Inoyat – Shunaqaga o‘xshaydi, qizim.
Xurshida – Ayajon, o‘zingizning ko‘nglingiz qaysi biriga chopayapti?
Inoyat – E, qizim, ko‘nglimga quloq solsam, seni asli Akmalxon Qorining o‘g‘li Sharifjonga bergim bor. Azonni juda yoqimli ovoz bilan aytadi-da. (Ona-bola kulishadi). Endi qizim, zamon senga boqmasa, sen zamonga boq, deydilar. Shuncha katta ishni boshlab qo‘ydik. Endi katta, boobro‘ qudalar ham kerak. Shokalon raisning o‘g‘li Shoumar yaxshigina yigit, bir pochchasi hokim muovini, bir pochchasi bankda bosh hisobchi, opasi maktab direktori, jon qizim, so‘nggi paytlarda ko‘proq yakkalanib qolyapmiz, kimlargadir suyanmasak bo‘lmaydiganga o‘xshab qolyapti. Shoumar yoqimtoygina, dilbargina.
Xurshida – Dilbargina bo‘lmay o‘lsin, mijg‘ovligini aytmaysizmi! Jinim suymaydi uni. Onasini emmoqchi bo‘lgan buzoqchaday orqamdan ergashgani ergashgan.
Inoyat – Unaqa dema, kichkina odamlarning farzandi emas-a, agar yo‘q desak, bu qishloqda yashashni ham bir o‘ylab ko‘rgin.
Xurshida – Mayda gap, xotinchalish u, faqat qoshiga o‘sma qo‘ymaydi, xolos.
Inoyat – Qizginam!
Xurshida – Bas qiling, bas! (Yig‘lab yuboradi, onasining ko‘ksiga boshini qo‘yib uzoq yig‘laydi). Nega meni o‘g‘il qilib tug‘madingiz, nega?
Inoyat – Bo‘lmasa, ko‘nglingdagini ayt, ammang kelguncha kelishib olaylik.
Xurshida – Ko‘ngil qo‘yganim bor, albatta. Mana bu yerimga o‘rnashib olgan u. Tushimda ham o‘sha, o‘ngimda ham o‘sha, kitob o‘qisam, kino ko‘rsam ham o‘sha. (O‘rnidan turib, yer tepinadi). Maktabni bitirayotganimda gul bergan ham o‘sha, dadajonim olamdan o‘tganda bel bog‘lab, xuddi o‘g‘lidek yig‘lab turgan ham o‘sha, molxonani suv bosganda tepasini yopishga qarashgan ham o‘sha, deputatlikka qo‘yilganimda men uchun yonib-kuyib olishgan ham o‘sha, o‘sha, o‘sha. Mana bu yerimda o‘t yoqqan u, har ko‘rganimda bu o‘t lovillab yonib, butun borlig‘imni, butun vujudimni lovillatib kuydiradi.
Inoyat – Xudoga shukr, uni sevarkansan.
Xurshida – Ayajon, u ham meni sevadi.
Inoyat – Nega sovchi qo‘ymaydi, bo‘lmasa?
Xurshida – Ikki-uch bor tortinibroq yonimga kelgan. Men ahmoq uning ko‘ksidan itarganman. Ayajon, hatto bir marta tarsaki ham urganman.
Inoyat (Hushyor tortib) – Sho‘xlik qilmoqchimidi?
Xurshida – O‘pmoqchi edi, shekilli.
Inoyat – Xudoga shukr, qalbingda katta muhabbat bor ekan. Muhabbat pokiza qalblargagina mehmon bo‘ladi. Bunaqa baxt hammaga ham nasib bo‘lavermaydi. Yig‘lama, kel, boshingni yana ko‘ksimga qo‘y… Hamma seni shafqatsiz, mehri qattiq deb yurardi. Bunaqa yig‘laydigan odatlaring ham bor ekan. Lekin, qizginam, begonalar oldida hech yig‘lamagin.
Xurshida – Ayajon, yuragim to‘lib ketgan edi-da.

* * *

Fermaning ma’naviyat xonasi. Xurshida hisob-kitob qilib, o‘zicha mamnun o‘tiribdi. Shoshilib yordamchisi Abdusamat kirib keladi.
Xurshida (kulib) – Ha, namuncha, it quvgan soqovdek.
Abdusamat – Xazina topgan xasisdek desangiz-chi? Omongovning qo‘ylarini ko‘rib kelyapman. Qo‘chqorlarini qassoblar talab ketibdi. Urg‘ochilari bilan qo‘zilari qopti.
Xurshida – Olsak bo‘ladiganmi?
Abdusamat – Olish kerak.
Xurshida – Necha bosh ekan?
Abdusamat – Oltmish bosh.
Xurshida – Qo‘ylarda yuk bormi yoki to‘rt oyog‘u bir kalladan iboratmi?
Abdusamat – Olsak yukini emas, boshini gaplashamiz.
Xurshida – Savdolashdingizmi, axir?
Abdusamat – Yelkam uzilib ketay, dedi-ku, Xurshidaxon.
Xurshida – Qanchadanga kelishdilaring?
Abdusamat – Yigirmadanga.
Xurshida – Yo‘q, mingdan qo‘shing. O‘tgan hafta bozorni ko‘rdim. Hisori qo‘ylar o‘ttizdan kamga ketayotgani yo‘q.
Abdusamat – Hisobchiga aytaymi?
Xurshida – Chekni ola kela qolsin.
Abdusamat chiqishi bilan xonaga tortinibroq Inoyat kirib keladi.
Inoyat – Xurshida, men Abduxoliq haqida…
Xurshida – Yo‘q, bu odam haqida gap ocha ko‘rmang.
Inoyat – Shaharda, Chorsu bozorida aravacha itarib, tashkachilik qilib yurganmish.
Xurshida – Bir ta’zirini yesin. Uch marta o‘g‘irlik bilan qo‘lga tushdi.
Inoyat – Jon qizim, beshta bolasi bor-a.
Xurshida – O‘nta bo‘lgandayam uni qayta ishga tiklamayman. Agar tiklasam boshqalari ham biri beda, biri yem, biri chelaklab sut o‘g‘irlashga tushadi.
Inoyat – Qizim, axir fermaning yarmi meniki bo‘ladi-ku.
Xurshida – Nega yarmi bo‘larkan, ayajon? Hammasi sizniki. Lekin boshqaruv meniki. Men hammaga bir xilda rahmdil bo‘lolmayman. (Qo‘lidagi uyali telefon jiringlab qoladi). Ha, ha, menman. Bo‘lmagan gap, men u muttaham bilan hoziroq gaplashaman. Ketma, yarim soatdan keyin yana telefon qil menga. (Jahl bilan qo‘lidagi telefon raqamlarini tera boshlaydi). Vahob Ro‘ziyevich, bu qanaqa maynavozchilik yana? Ha, men shunaqa salomlashishniyam unutib yuborganman. Meni kelin qilmasangiz — qilmay qo‘yaqoling, hali beri erga tegish niyatim ham yo‘q. Gapni chalg‘itmang. Nega mening ekspeditorimni qaytardingiz, nega? Kunjara bilan sho‘lxani to‘ppa-to‘g‘ri tsexdan, sovimasdan, qaynog‘icha berasiz, deb kelishgan edik-ku. Gapni qarang, oldin omborga chiqararmishlar, omborchi bazaga jo‘natarmish, bazadagi tovlamachilar shofyorlar bilan kelishisharmish…. Vahob Ro‘ziyevich, joyida o‘n olti so‘m turadigan kunjara bizga qirq ikki so‘mdan kelib tushayapti. Yo‘l-yo‘lakay bo‘ladigan qaroqchilikdan sizning xabaringiz bor, ko‘pini o‘zingiz uyushtirayotgan bo‘lishingiz ham mumkin. (Inoyat qo‘rqib turibdi, qo‘rquv battar oshib boryapti). Gap shu, men limitdagi kunjaram bilan sho‘lxamni to‘ppa-to‘g‘ri tsexdan olaman. Agar qarshilik ko‘rsatsangiz, ustingizdan deputat sifatida viloyat prokuroriga shikoyat kiritaman.
Inoyat — Qizginam, (qizining qattiq-qattiq gaplashayotganidan qo‘rqib borib qo‘lini ushlaydi) bular bilan muomalani yumshoq qil, hammasi bir tovoqdan osh yeydi-ya.
Xurshida (G‘ururlanib) – Ayajon, men ham kichkina odammasman.
(Inoyat gapini o‘tkaza olmaganidan ma’yus tortib chiqib ketadi. Xurshida yana qog‘oz varaqlashga tushadi. Telefon jiringlaydi.)
Ovoz – Xurshida opa, direktor huzuridan gapiryapman. Kechirim so‘rayaptilar. Mana, choy ham berdilar menga. Uch kun ichida limitdagi hamma narsani o‘zim olib ketar ekanman.

* * *

Xonaga qo‘lida bir dasta gul Shoumar kirib keladi.
Shoumar (xursand)– E, hayriyat-e, seniyam topadigan kun bor ekan-a, bir kun bog‘da, bir kun tog‘da bo‘lasan (gulni uzatadi).
Xurshida – Voy, buni nima qilaman?
Shoumar – Ayam sevgan qizing zo‘r mukofotlar oldi, quruq borma, gul olib borgin, dedi. Qalay, yaxshimikan? Ataylab shaharga borib olib keldim… Ayam Xurshidaga ayt, u judayam go‘zal qiz, deb tayinladi.
Xurshida – Buni o‘zim ham yaxshi bilaman, nima gaping bor, ayt, shoshib turibman.
Shoumar – Maslahatli gapim bor, shunga keluvdim.
Xurshida – Qanaqa maslahat?
Shoumar (butunlay dovdirab) – Mana men fermer, sen fermer, sen Gollandiyada o‘qib aqlli bo‘lib kelgansan. Meni dadam, qarindoshlarim qo‘llab turibdi, bilasan, pochcham hokim muovini, bitta opam ZAGS mudiri, yana bittasi direktor.
Xurshida (beozor kulib) – Pesning pochchasi, moxovning tog‘asi ko‘p bo‘larkan.
Shoumar (pichingni tushunmay) – To‘g‘ri aytasan, ikkita pochcham ham bor. Bittasi militsiyadan ketgan bo‘lsayam, vositachilik qilib rosa pul topadi-da… Endi mening o‘rikzorimda ham fermangning bo‘linmasini ochsak, devdim… Rosa xashak olsa bo‘ladi-da.
Xurshida – Mening xashagim yetarli.
Shoumar – Yo‘q, ferma ochaylik, deyapman.
Xurshida – Fermam ham yetarli. (Chiqib keta boshlaydi).
Shoumar – Xurshida, qiynalib ketyapman, nima uchun kelganimni bilib turibsan, bilib turib meni molxonaga boshlaysan, nima men hayvonmi, yetti marta muhabbat izhor qildim, javob yo‘q. Bilib qo‘y, seni baribir birovga bermayman. Buning ustiga dadam bilan ayam ham faqat seni kelin qilamiz, deyishyapti. Seni bizdan keyin yetaklab yuradigan hushyorroq qiz kerak, deyishyapti… Mayli, o‘ladigan dunyoda, xohlasang, Gollandiyaga ham ko‘chib ketaveramiz.
Xurshida – Gollandiyaga?!
Shoumar – Ha, Gollandiyaga. Yo‘q, rozi bo‘lmasang, bormaymiz. Dadam dashtdagi yerlarning qo‘ldan chiqib ketishidan juda qo‘rqyapti-da.
Xurshida — (hushyor tortib) Nega qo‘ldan chiqarkan?
Shoumar – Boshqaga tegsang, qo‘limizdan chiqib ketadi-da.
Xurshida – (Shoumarning dumbulligidan kulib)–Shoumarjon, sen esli, hushli, ham juda kelishgan yigitsan. Sinfimizdagi barcha qizlar seni yaxshi ko‘rishardi. Har qanday qiz senga turmushga chiqishni o‘ziga baxt deb biladi. Lekin sinfdoshim, men seni hech qachon umidvor qilgan emasman.
Shoumar – Ochig‘ini ayt, men yomonmanmi?
Xurshida – Yo‘q, seni hech kim yomon deyotgani yo‘q.
Shoumar – Nega bo‘lmasa tegmayman, deyapsan?
Xurshida – (Bunga gap uqdira olmasligini tushunib, oxirini oshkor aytishga qaror qiladi) – Meni sevgan yigitim bor.
Shoumar – (o‘rnidan turib) Nima?!
Xurshida – Ha, yigitim bor.
Shoumar – Tag‘in anavi Beksulton shalpangquloq bo‘lmasin?
Xurshida – Ehtimol o‘shadir.
Shoumar – Bilib qo‘y, o‘shanga tegadigan bo‘lsang, ikkovingni ham chavaqlab tashlayman.
(Ikkovlari o‘rtasida sanu man janjalga o‘xshash holat kuchayadi. Inoyat hovliqib kiradi).
Inoyat – Voy, nima janjal, hamma qarab turibdi-ya, uyat-e!
Shoumar (hayajonda) – Mana bu qizingizni qarang, yetti yil oldin senga tegaman, devdi. Endi yo‘q deyapti. Bu yoqda men uchta boladan qolib o‘tiribman.
Xurshida (baqirib) – E, yo‘qol-e, senga qachon va’da beribman?
Shoumar – Oltinchi sinfdaligingda o‘chirg‘ich berib o‘pgandim-ku, esingdan chiqdimi?
Inoyat – Voy, tavba, voy tavbangdan ketay.
Shoumar – Xolajon, men bo‘lajak kuyovingizman, menga unaqa xo‘mrayib qaramang, baribir qizingizni olaman. Yaxshisi uni ko‘ndiring. Ko‘ndirsangiz, to‘ydan keyin sizni Hajga olib boraman.
Xurshida — (Guldastani betiga otib) Yo‘qol, yo‘qol deyapman.

* * *

Inoyat (o‘ychan) – Qizginam, bu balolardan qutulish oson bo‘lmas-ov, Shokalon rais oldingi raisni o‘ldirtirib vazifasini tortib olgan edi.
Ona-bola bir-birlariga qo‘rquv-vahima ichida boqib tek turib qolishadi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 20-sonidan olindi.