SURAT
Yomg‘ir yog‘ayotgan edi… Ashqol-dashqol sotib o‘tirgan keksa kampirdan Pushkinning suratini sotib oldim. Yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Suratni sumkamga yashirdim. Yomg‘irni ivitib yuborishi mumkin-da surat. Ikki qizimni ergashtirib baxtiyor ketaverdim yo‘lak bo‘ylab. Hamma ko‘zimga Pushkin bo‘lib ko‘rinadi. Hammani yaxshi ko‘rib ketaverdim. Ammo, mening sumkamda nima borligini hech kim bilmaydi. Mening esa tezroq borib xonamga ko‘rsatgim keladi suratni. Xonamdagi bari daholarni hayron qoldirgim keladi. Hatto ba’zilarini o‘takasi yorilib o‘lishini o‘ylab miyig‘imda kulib qo‘yaman. Chunki uyimda Dantes ham bor-da… Yuragim titraydi. Yomg‘ir esa tinmaydi… Hamma o‘zi bilan. U-bu narsalarini tezroq sotishsa-yu, tezroq uyga daf bo‘lishsa.
— Oyijon, Pushkinni bilmaydiganlar ham bormi, — kichkina qizimning savolidan o‘zimni yig‘aman.
— Bor, qizim. Pushkinni nazar-pisand qilmaydiganlar ham bor.
— Shuning uchun sotishdimi uning suratini?
— Pushkin bu suratga biz uchun tushgan. Shuning uchun bu suratni bizga sotishdi. O‘rtadagi bir rastada men olmoqchi bo‘lgan ko‘ylakni boshqa bir ayol ilib ketdi. Indamayman. Chunki sumkamda Pushkin bor, uyalaman.
QARZ
Mening yoshligimni qaytarib ber, Hayot! Qarzimni so‘rab turibman eshiging oldida. Sen esa eshitmaganga olasan o‘zingni. Men esa o‘zingdan o‘rgangan aqidamni qo‘llayveraman — eshiging oldida surbetlarcha turaveraman — Sening chiqib qolishingni kutib. Sen baribir chiqasan-ku, to‘g‘rimi? Meni ketgan deya gumonsirab baribir chiqasan-ku…
O‘shanda men Sening oyoqlaringga yiqilaman. Yig‘lab yolvoraman: Yoshligimni qaytarib ber, Hayot! Faqat sen hech narsa so‘rama… “Sen ham olgan qarzlaringni qaytar”, dema. Mening olganlarim oldida seniki hech narsa emas… Ularni so‘ray ko‘rma. Ularga tegma. Axir farzandlarim oldida yoshligim nima degan gap.
…Hayot, meni kechir. Hech yo‘q titrayotgan qo‘llarim haqqi, kundan kunga nursizlanib borayotgan ko‘zlarim haqqi, meni kechir. Men sendan hech narsa so‘raganim yo‘q. Sen ham so‘rama…
YoZASAN, DEB AYT
Senga suyanib o‘zimni ko‘tarmoqchi bo‘lyapman, zinhor o‘zingni olib qochma… Taskin ber! Bugun yozmasang, ertaga albatta yozasan, deb ayt. Yozishimga meni ishontir.
Mening hayotimga sen shahdam qadamlar bilan kirib kelganing yo‘q, Sen men bilan birga tug‘ilgansan. To‘g‘ri, Sen urushda bo‘lding… Men kurashlarda omon qoldim. Yo‘llarim do‘stlarim o‘ylaganchalik ravon emas. Ba’zan yiqilib o‘lishga, ba’zan o‘lib yiqilishga to‘g‘ri keladi. Men har kuni umrimning qaysidir yo‘llari bilan xayrlashgim, qaysidir yillari tomon ketib qolgim keladi. Og‘ir sukunati bilan o‘limni eslatib turuvchi tiriltirish xonalarida Sening yosh tomchilagan kipriklaringga osilib tirilganman. Birdan tirilib qolganimni ko‘rgan shifokorlar yoqa ushlashgacha borishgan. Men butun borliqni o‘sha kundan keyin yaxshi ko‘rib qolganman. Daraxtlaridan tortib qushlarigacha yuragimga qamab qo‘yganman.
Dunyo bilan kelisholmay qolgan kunlarim men sening yuragingga ruxsatsiz kiray, izn ber. Izn ber, men Seni oldingidan ham ko‘proq muhabbat bilan sevay.
PUShKIN
Tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman, shoirim. O‘zimni tug‘ilgan kunim kabi qadrli bir kun. O‘zimning tug‘ilgan kunimdan ham aziz bu kun.
O‘sha kuni Quyosh kuyib ketgan bo‘lishi kerak. Osmon bir siltanib olgandir. Oymomo joy topa olmagani uchun qorong‘ulik ichiga yashiringandir…
Pushkin! Ilk bor rus tili muallimimdan eshitgandim Siz haqingizda. Va Sizni qidira boshladim. Yo‘q, uncha ham uzoq qidirganim yo‘q. Chunki Siz mening xayollarim yeta oladigan hamma joyda bor edingiz.
Muallimim bir kuni Siz haqingizda gapirayotib “Duel” degan so‘zga qoqilib ketdi. Ko‘z kosalari ichida bir zum aylanib, mening nigohlarimga to‘qnashdi. Men esa qo‘llarim bilan quloqlarimni bekitib oldim…
Shu kuni tuni bilan uxlamay chiqdim. Tezroq tong otsa-yu maktabga borib, muallimdan Siz haqingizda so‘ragim kelaverdi…
Muallim bu kuni darsga kartina bilan kirib keldi. Bu men hatto ko‘rishga qo‘rqqan, ostiga “Duel” deb yozilgan kartina edi.
Shu kuni mening bolalik tasavvurimga ilk marotaba qora qon sachradi. O‘lim ko‘zimga yomon ko‘rindi. Men muallimdan bir kunga uyga olib ketish uchun kartinani so‘rab oldim. Devorga osib avval rosa tomosha qildim. Kartina chaplanib ketdi. O‘q uzayotgan kim — bilib bo‘lmay qoldi. “Pushkin o‘ldi, ammo yiqilmadi”, dedi meni kuzatib turgan singlim. Uning qahqahasidan o‘zimga kelib qarasam, qaro terga botib yotibman bir ahvolda. Issig‘im chiqib ketgan. Gumburlagan o‘qning ovozi men tomonga uchib kelayotganga o‘xshayveradi.
Birozdan so‘ng o‘zimga kelib, panjalarim orasidan devorga qaradim: Pushkin.
Dantes esa yo‘q. Pushkin Dantesni allaqachon uydan haydab chiqargan edi…
Men shu kunning o‘zida hayotimni Pushkin bilan bog‘ladim. O‘zimdagi barcha muammolarni Pushkin bilan yecha boshladim. Hamma narsaga “Pushkinning oldida nima bo‘pti”, deydigan, “Pushkin bor joyda Unga nima bor?” qabilida ish ko‘radigan bo‘ldim. Hayotimning Pushkindan boshqa hamma yozuvlarini chizib tashladim.
YoZUV STOLIMDA
Kecha shifokor yozib bergan dorilar ro‘yxati yozuv stolim ustiga qanday tushib qoldi — bilmayman. Xuddi ataylab qilinganday — kimdir kelib qo‘yib ketganday asabimni o‘ynamoqda bu qog‘oz.
Nima bo‘lganda ham to‘g‘ri emas. Kelib-kelib hozir-a… Yuragim buyuklik da’vo qilayotgan bir paytda-ya? Jinimdan battar yomon ko‘radigan odamlar haqida xayol surishga o‘xshamaydimi bu axir? Yana qayerda turibdi deng — Pushkinning surati bilan Svetayevaning kitobi o‘rtasida. Men qog‘ozni maydalab tashladim. Umrimni uzaytirish uchun dori ichishdan voz kechdim.
MENING HAYoTIM
Geografiya darsi tugagandan so‘ng Belgiya o‘rmonlari haqida o‘ylaydigan bo‘lib qolgandim. Ko‘zimga osmono‘par daraxtlar ularga tillaqosh kabi osilib turgan olmaxonlar, bo‘rilardan qochib yurgan — o‘takasi yorilayotgan quyonlar kelardi. Ayniqsa, menga o‘rmonni boshiga ko‘tarib, o‘kirib chiqib kelayotgan sherlar yoqardi…
Shunday paytlar darsga kirish uchun chalingan qo‘ng‘iroqlarning ovozidan uchib tushardim. Bir-birlariga hazillar qilib, suv sepib yurgan sinfdoshlarimni ko‘rib esa, o‘rmon allaqachon eslaridan chiqib ketganiga hayratlanardim.
Yo‘lning ikki chetidagi pastak daraxtlarni (menga shunday ko‘rinardi geografiya darsidan keyin) Belgiya o‘rmonzorlaridagi baland-baland daraxtlarga solishtirib uyga qaytardim. Yelkamga botib ketgan og‘ir sumkamni ko‘targancha uyga kirib kelsam, singlim televizori bor uyga chopib kirib allanarsani olib chiqadi-da, onamning orqasiga yashirinib menga ko‘z-ko‘z qilib yeya boshlaydi.
Bobomning vafotidan keyin aza ko‘ylagini hali yechmagan oyim cho‘ntagidan nimadir olib menga ham uzatadi. Bu ustiga quyonning surati tushirilgan konfet edi. Mening xursand bo‘lib ketishimni kutgan oyim indamay qo‘yaqolganimni ko‘rib, qand berganiga pushaymon bo‘lganday oshxonaga kirib ketadi.
Ichkarida joylashgan o‘zimning kichkina xonamga kirishim bilan ortimdan qo‘lida qalam va o‘chirg‘ich ko‘targancha singlim kirib keladi. U mening konfetni yeb qo‘yishimdan qattiq cho‘chigan bo‘lsa kerak, ulgurish uchun terlab ham ketgandi.
— Almashtir, — deydi konfetdan ko‘zini olmay.
Menga qalam bilan o‘chirg‘ich nihoyatda zarurligini singlim qayerdan bila qoldi ekan? (Bugun o‘rmonning rasmini chizmoqchi edim.) Lekin iris qandni ham yegim kelayotgandi-da. Ha, mayli, qalam bilan o‘chirg‘ich ko‘proq kerak! Singlimga qo‘limni uzatsam, u ham menga qo‘lini uzatdi. Avval irisni qo‘liga olib, keyin qo‘lidagilarni menga berdi-da irisni qog‘ozidan bo‘shatib, shunday yeya boshladiki, umrbod ko‘zimning oldida qoldi! Undan ham ko‘ra menga ta’sir qilgani boshqa narsa edi. Kiyimlarimni almashtirib hovliga chiqayotsam, qo‘lida qalam, o‘chirg‘ich va chiroyli gullar va qushlarning suratlari tushirilgan rasm daftari bilan oyim kirib kelsalar bo‘ladimi? “Yalt” etib singlimga qarasam, singlim allaqachon irisni yeb bo‘lgan ko‘yi menga tirjayib turibdi.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, onam singlim bilan shaharda yashaydigan opasinikiga borishgan va yo‘l-yo‘lakay o‘quv qurollari sotiladigan do‘konga kirib, u-bu narsalar xarid qilishgan. Hech narsadan quruq qolmaydigan singlim ham xarxasha qilib qalam bilan o‘chirg‘ich oldirgan. Irisga kelsak, onamning opasi bolalaringga berarsan, deb bir kaft irisni cho‘ntaklariga solgan, singlim esa onamning tishing og‘rib qoladi, deyishlariga qaramay yo‘l-yo‘lakay yeb kelgan ekan…
Kuni bo‘yi singlim ko‘zimga yomon ko‘rindi. Kuni bo‘yi quyonni tutmoqchi bo‘lgan bo‘riday xezlanib yurdim. Nargiz ham o‘z aybini bilib mendan qochib yurdi.
Kechga tomon televizorda namoyish etilgan tabiat mavzusidagi ko‘rsatuvgina ko‘nglimdagi g‘uborni tuman kabi tarqatib yubordi. Unda o‘rmonda bo‘layotgan voqealar namoyish etilayotgan edi.
Sherlar bir-biri bilan urishayotgan, ilonlar jamiki mayda jonzotlarni yeb bitirayotgan, men nomlarini bilmaydigan qaysidir hayvonlar qaysidir hayvonlarni tishlarida ezg‘ilagancha, og‘zilaridan qon tomib chopib ketayotgan edi…
Ertalabdan buyon xotiramdan chiqarolmayotganim — o‘rmon ko‘zimga juda vahshiy bo‘lib ko‘rindi.
— Kecha gazetadan o‘qidim, Rossiya o‘rmonzorlarida bo‘rilar ko‘payib ketgan emish, — dedilar dadam televizordan ko‘z uzmay.
Qarasam, hozirgina bidirlab turgan singlim ko‘rpacha ustida g‘ujanak bo‘lib uxlab yotibdi.
Oyim qaramay turgan paytlarida bildirmaygina yuzidan o‘pib qo‘ydim.
ESENIN
Pushkin bilan urushib ketmasmikan Yesenin. Tuni bo‘yi mijja qoqmayman. Ikki portretga qarab chiqaman.
Eseninni urushqoq bo‘lgan deb eshitganman-da axir. Ammo, mening uyimdagi Yesenin hecham urushqoq emas. Men uni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolganman. Faqat Yeseninning chilim chekayotgan ko‘rinishda tasvirlagan rassom ozgina xato qilgan. Chunki Yesenin chilimsiz ham chiroyli ko‘rinadi.
Men uni sotib olgan kunim — uning uchun Pushkinning yonidan joy ajratdim.
Ikkalasi ham bir tomonga qarab turgan portretlar yoniga o‘zimning potretimni osib qo‘yib, uzoqdan (xuddi birov qarayotgan kabi) tomosha qildim. Qiziq, mening suratim ham ular qarayotgan tomonga qarab turardi.
Pushkin va Yesenindan ko‘ra ancha yosh paytimda tushgan bu suratim ularning befarq qoldirmasligini o‘ylab g‘ururlanib qo‘yaman.
Baribir Pushkin ancha mag‘rur edi. Unga qarasam ham ko‘zim kuyib ketadi. Yesenin esa ancha sodda. U bechora bekorga o‘yinchi qizni sevib qolmagan-da… Ichimda nimadir qo‘zg‘alayotganini sezaman. Kim bilandir urushgim keladi.