Usta Binoqul, qani turing, shom tushmay huv dovonga yetib olaylik! O‘sha dovonga yetaylik, u yog‘i — yo razzoq!
— Uh, taqsir, oyoq bosgulik holim qolmadi. Yurolmayman, taqsir, yurolmayman!
— Andak bardosh qiling, usta Binoqul! Chekkan mashaqqatlarimiz, inshoolloh, besamar ketmas! Ajab emaski, dovon ortida biror qo‘nalg‘a bo‘lsa… Shu manzilga yetib olsak bas, jarohatingizga ham bir davo toparmiz. Qani, qo‘lingizni bering, usta Binoqul!
— Eh-h, taqsir…
Uch kundan buyon ahvol shu: usta Binoqul shishib ketgan oyoqlarini sudrab bosgancha zorlanib inqillaydi, har qadamni mnng bir azob bilan qo‘yadi. Hofiz Ko‘ykiy esa lablarini mahkam qimtigancha ko‘proq o‘z yuragidagi vahmni yengish uchun unga tinimsiz taskin-tasalli beradi, sabr-bardosh sari da’vat etadi. Binoqul ingraydi, og‘riqqa chidayolmay yig‘lagudek yolvoradi, Hofiz Ko‘ykiy go‘dakni aldagan kabi uni yupatmoqqa tirishadi, «ko‘pi ketib, ozi qolgani»ni aytib ishontirmoqchi, ishonmoqchi bo‘ladi, lekin bundan na yo‘l qisqaradi, na yo‘l azobi kamayadi.
Ular o‘n yetti kun aziyat nima, mashaqqat nima bilmay, vaqtichog‘lik bilan yo‘l bosdilar. Taglarida o‘ynoqlagan dulduldek otlar, xurjunlarning ko‘ziga to‘ldirilgan lazzatli ozuqalar belga quvvat, dilga mador bo‘lib keldi. Karvondagi dunyo kezgan savdogarlarning vazmin, maroqli gurunglari yo‘l tanobini tortar, huvillagan, fayzsiz cho‘lning o‘lik manzarasiga bir qadar jonlanish bag‘ishlagandek bo‘lar edi.
O‘n sakkizinchi kuni sahar chog‘i kimsasiz biyobonda hali mast uyquda yotgan karvonni qaroqchi bosdi.
Ular olatasir to‘polonda tog‘ unguri yoqalab qochishga muvaffaq bo‘ldilar. Binoqul qo‘liga ilingan kichkina bir tugunchagini olishga ulgurdi, xolos.
— Taqsi-ir, — dedi Binoqul yig‘lamsirab, — hech vaqomiz qolmadi-ku, taqsir?!
— Binoqul, — dedi Hofiz Ko‘ykiy, — jon qoldi, jon!
U — dunyoning qariyb yarmini kezgan jahongashta odam edi, hayot qadrini, tiriklikning nechog‘li ulug‘ ne’mat ekanini teran anglardi, kechagina safar-sayohat zavqi, sirli, noma’lum manzillar ishtiyoqi bilan sarmast Binoqulning musichadek jovdirab turganini ko‘rib kulgisi qistadi, soddadil yigitning yuragiga mador bo‘ladigan biror og‘iz so‘z aytgisi keldi. Hali oldinda jazirama issiq, ochlik, tashnalik, tushkunlik singari mislsiz uqubatlar kutayotgan, istiqbolda ajal sovuq quchog‘ini ochib turgan bir paytda bu so‘zning mahzun ko‘ngilga naqadar ulkan quvonch va quvvat bag‘ishlashini u yaxshi bilardi.
— Kuyinmang, Binoqul, — dedi u jilmayib, — padari buzrukvoringiz Hind sori ayni shu yo‘ldan o‘tgan bo‘lsa, ne ajab!
Binoqulning yuzi yorishdi. Hofiz Ko‘ykiy yigitning dilida pinhon muqaddas sirdan voqif: Binoqul hali go‘dak ekan, Bobir Mirzo Farkatda bir muddat to‘xtagan kezlar otasi cherikka kirgan, amirzoda Hindistonga otlanganda birga jo‘nagan.
Binoqul otasini enasining so‘zlaridan tanib ulg‘aydi. Dom-daraksiz ketgan otasining yo‘liga ko‘z tika-tika enasi bultur olamdan o‘tdi.
Binoqul — qaddi-qomati kelishgan, pishiq-puxta, chayir yigit, kulganda kuldirgichli yuzlarida ajib bir joziba paydo bo‘ladi — chin dildan yayrab kuladi. U har ishga tirishqoq, havasmand; uzun qish kechalari kulbasida etik, mahsi tikadi, yozda ikki tanob yerida ter to‘kadi, kitobga, ilmga cheksiz ixlos qo‘yganidan hammahallasi — Mozori Hoji masjidining imomi Hofiz Ko‘ykiyni o‘ziga ustoz deb biladi, uning kechmish voqealar, ayniqsa, jangnomayu jahongirlar tarixiga doir dilkash suhbatlarini soatlab jon qulog‘i bilan tinglaydi. Hofiz Ko‘ykiy safarga ketgan paytlarda Binoqul uni intizor kutadi.
Ustozi so‘qqabosh, vorasta ko‘ngil odam bo‘lib, umri muttasil safarlarda o‘tardi. U ba’zan ikki-uch yillab benomu nishon ketar, safardan qaytgach, masjid xonaqosiga tutash hujrasida mutolaadan bosh ko‘tarmay, allanarsalar yozgani yozgan edi. Binoqul bu bitiklarning nimaligini bilmas, so‘ragani botinolmas, ammo ustozining yosh bo‘lsa-da, ulug‘ odam ekanini sezardi: masjid eshigiga Toshkand, Samarqand va boshqa shahru kentlardan otliqlar, hashamatli soyabon aravalar tez-tez kelib turar — zarbof to‘n kiyib, simobiy salla o‘ragan turli-tuman basavlat kishilar Hofiz Ko‘ykiyni ziyorat qilib chiqar edilar…
Bir oy muqaddam u ustozining Hindiston safariga hozirlanayotganini eshitib qoldi. Eshitdiyu yuragiga g‘ulg‘ula tushdi, oromidan ayrildi.
Otasi bundan yigirma yetti yil avval — yigirma yoshida xonadonini tark etgan ekan. O‘shanda Binoqul uch yashar go‘dak bo‘lgan. U otasining tirikligiga, qirg‘inbarot janglardan omon chiqqaniga, yot ellarda sog‘-salomat yurganiga so‘nmas ishonch bilan inonar, nazarida, padari buzrukvori ona yurtda qolgan murg‘ak zuryodining diydornni intiqlik bilan kutayotgandek tuyular edi.
Binoqul chidab turolmadi, ustozining oyog‘iga bosh urib, birga olib ketishini so‘radi.
Hofiz Ko‘ykiy rozi bo‘ldi.
Ular o‘n yetti kun aziyat nima, mashaqqat nima bilmay, vaqtichog‘lik bilan yo‘l yurdilar…
Karvonni qaroqchi bosgan o‘sha mash’um juma oqshomida ular yana bir falokatga yo‘liqdilar; toshdan toshga sakrab, tog‘ yonbag‘ridan pisib borarkanlar, Binoqul oyog‘i toyib, yetti-sakkiz gaz pastdagi handaqsimon ungurga — qirrador xarsang ustiga yiqilib tushdi. Beli shilinib momataloq bo‘ldi, to‘pig‘i handalakdek shishib, qadam bosolmay qoldi. Hofiz Ko‘ykiy yigitning belini, boldirini silab, chiqqan suyakni solgan bo‘ldi, biroq ertasi og‘riq battar zo‘rayib, Binoqulning o‘rnidan qo‘zg‘alishga ham majoli kelmadi…
Hofiz Ko‘ykiy Binoqulning umurtqasi qattiq shikast yeganini payqadi, labini tishladi-yu, indamadi. U hamrohini goh opichib, goh suyab, shu kuni yarim yig‘och ham yo‘l yurolmadi. Ertasi kuni ochlik va og‘riqdan sillasi qurigan Binoqul ustozidan o‘tinib iltijo qildi:
— Taqsir, endi menga ozor bermang! Sezib turibman, kunim bitgan ko‘rinadi. O‘zingizni ham, meni ham qiynamang. Meni shunda qo‘yib, yo‘lingizdan qolmang, taqsir, uh-h…
— Unday demang, Binoqul, ayb emasmi? Qani, menga mahkamroq suyaning, ha!
Tog‘ yo‘li, soqov xarsanglar. Yalang‘och tovonlarning qoni tomgan chag‘ir toshlar. Ufq qadar cho‘zilgan kimsasiz yo‘l.
— Uh, taqsir, endi madorim qolmadi… Oh, suv, bir qultumgina suv bering!
— Binoqul…— Hofiz Ko‘ykiy atrofga nochor alangladi. — Binoqul, bir oz sabr qiling, huv ko‘kalamzorni ko‘ryapsizmi? Shoyad o‘sha yalanglikdan suv topilsa…
— Suv… Su-u-v… Taqsirjon, bir qultumgina suv, umrimni beray, taqsirjon, bu azobdan qutqaring!

